Patogenezi va patologik anatomiyasi. Halqum, hiqildoq va burun shilliq qavatlari infeksiyaning kirish darvozasi hisoblanadi. Ba’zan qo‘zg‘atuvchi organizmga boshqa yo‘llar bilan tushadi va bu kasallikning klinik ko‘rinishini belgilaydi (teri, quloq, ko‘z, jinsiy a’zolar difteriyasi). Barcha holatlarda qo‘zg‘atuvchi kirish joyida rivojlanadi, ular tomonidan ajratib chiqarilgan ekzotoksin mahalliy ta’sir ko‘rsatishdan tashqari umumiy ta’sirga ham ega. Kirish joyida ekzotoksin ta’sirida epiteliy nekrozga uchraydi, tomirlar zararlanadi (kengayadi, o‘tkazuvchanligi oshadi, staz kuzatiladi). Natijada tomirlardan qonning oqsillarga boy suyuq qismi sizib chiqadi. Undagi fibrinogen nekrozlangan to‘qimalar sababli fibringa aylanadi va fibrinoz parda hosil bo‘ladi. Kasallikning birinchi kunlari fibrinoz parda nozik (mayin) va tampon bilan yengil olinadigan bo‘lib, keyinchalik difteritik yallig‘lanish shakllanadi va parda qalin, dag‘al bo‘lib, bodomsimon bezlar yuzasiga zich o‘tiradi; tampon yoki shpatel bilan olinmaydi. Pardani qoplagan karash qo‘ng‘ir, iflos-qo‘ng‘ir yoki sarg‘ish-qo‘ng‘ir tusda bo‘ladi. Bunday yal- lig‘lanish turi ko‘p qavatli epiteliy bilan qoplangan joylar (halqum, tomoq) da uchraydi. Hiqildoq difteriyasida faqat krupoz yallig‘lanish (tampon bilan oson olinadi) kuzatiladi. Chunki hiqildoq shilliq qavati bir qavatli epiteliy bilan qoplangan. Krupoz yallig‘lanish traxeya va bronxlar shilliq qavatida ham uchraydi. Toksin ta’sirida to‘qimalar va regionar limfatik tugunlar shishadi. Shish qanchalik rivojlanishiga qarab intoksikatsiya darajasi aniqlanadi.
Difteriya patogenezi faqat kirish joyidagi o‘zgarishlar bilan chegaralanmaydi. Kasallikning qator muhim klinik ko‘rinishlari infeksiyaning kirish darvozasidagi difteriya bakteriyalari endo- toksinining so‘rilishi va intoksikatsiyaning turli xil darajada rivoj- lanishiga bog‘liq. Umumiy intoksikatsiya uchun nerv (asosan periferik), yurak-qon tomir, nafas sistemalari (nafas mushak- larining falajlanishi), buyrak usti bezlari hamda buyrakning tanlab zararlanishi xarakterlidir.
O‘lim hollarida patologoanatomik jihatdan regionar limfatik tugunlarda fibrinoz yallig‘lanish, shish va qon quyilishi, nerv sistemasi tomonidan — miya shishi kuzatiladi. Buyrak usti bezlarida kuchli qizarish, qon quyilishdan tortib nekrozgacha bo‘lgan des- truktiv o‘zgarishlar namoyon bo‘ladi. Ichki a’zolarda qon to‘p- lanishi, shishlar va qon quyilish o‘choqlari uchraydi. Yurak kattalashadi. Buyrakda toksik nekroz aniqlanadi.
Kasallikning toksik shakllari uchun teri osti kletchatkasida infeksiyaning kirish darvozasida shish hosil bo‘lishi xosdir. Masalan, halqum difteriyasining toksik shaklida — bo‘yin kletchatkasida katta shish, hiqildoq difteriyasida — ovoz boylamlarida shish qayd etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |