Epidemiologiyasi. Visseral leyshmaniozning infeksiya manbai va rezervuari itlar va itsimon yovvoyi hayvonlar (shoqollar, tulkilar)dir. Odam ham bundan mustasno emas. Teri leyshmaniozida infeksiya manbai bemor odam hamda itlar bo‘lishi mumkin. Qishloq tipidagi leyshmaniozda har xil kemiruvchilar (katta qumsichqonlar, qizil dumli qumsichqonlar, yumronqoziq, plastinkasimon tishli kemi- ruvchilar va hokazolar) infeksiya manbai hisoblanadi. Leyshmanioz tarqatuvchilar phlebotomus turidagi har xil mayda chivinlar hisoblanadi. Mayda chivinlar bemor odam va kasal hayvonlarni chaqishi natijasida zararlanadi. Yutilgan parazitning xivchinsiz shakllari birinchi sutkadayoq harakatchan xivchinli shakllarga aylanib, ko‘paya boshlaydi va 6—8 kundan keyin chivin halqumida to‘plana boshlaydi. Sog‘lom odamni chivin chaqqan vaqtda unga infeksiya yuqadi. Leyshmanioz mavsumiyligi tarqatuvchining biologiyasiga bog‘liq. Kasallik may oyidan boshlab noyabr oyigacha bo‘lgan vaqtda ko‘p uchraydi (eng ko‘pi avgust-sentabr oylariga to‘g‘ri keladi). Endemik o‘choqqa yangi kelgan kishilar orasida kasallanish ayniqsa juda yuqori bo‘ladi. Patogenezi va patologik anatomiyasi.Infeksiyaning kirish darvozasi teri hisoblanadi. Zararlangan chivin chaqqan joyda bir necha kundan so‘ng (yoki haftadan) uncha katta bo‘lmagan papula yoki yara hosil bo‘ladi va bu yerda leyshmaniyalar rivojlanadi. Visseral leyshmaniozda leyshmaniyalar gematogen yo‘l bilan butun organizmga tarqaladi va retikulo-endotelial sistema a’zolari ilik, limfatik tugunlar, jigar va taloqda ushlanib qoladi. Bu a’zolarda nekrotik va degenerativ jarayonlar rivojlanadi. Leyshmaniyalar yig‘ilishi, qo‘shuvchi to‘qima o‘sishi va boshqa patologik jarayonlar ta’sirida qon yaratuvchi to‘qimalar zararlanadi, bu esa anemiya va leykopeniyaga sabab bo‘ladi. Visseral leyshmaniozda patologo- anatomik jihatdan taloq, ba’zan esa jigar kattalashadi va qat- tiqlashadi. Teri leyshmaniozida asosiy o‘zgarishlar infeksiya kirgan joyda kuzatiladi. U yerda spetsifik granulema — leyshmanioma paydo bo‘ladi. 3—6 oydan keyin granulemada nekrotik jarayonlar rivojlanishi tufayli yara hosil bo‘ladi va keyinchalik u chandiqlanadi. Ayrim paytlarda leyshmaniyalar qon oqimi bilan regionar limfatik tugunlargacha yetib boradi va ularning o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Qo‘zg‘atuvchi kirgan joyda hosil bo‘lgan infiltrat tuzilishi bo‘yicha sil granulemasini eslatadi. Klinikasi. Odamda leyshmaniozning quyidagi klinik shakllari farqlanadi: 1) visseral leyshmanioz (kala-azar); 2) teri leysh- maniozi (Borovskiy kasalligi) pendin yarasi, sharq yarasi; 3) Amerika teri va shilliq pardalar leyshmaniozi (espundiya). Visseral leyshmanioz uzoq davom etadigan isitma, jigar va taloq kattalashishi, kuchli leykopeniya, kuchayib boruvchi anemiya bilan xarakterlanadi. Teri va teri-shilliq pardalar leyshmaniozida terida uzoq vaqtlargacha tuzalmaydigan yaralar hosil bo‘ladi.