DUNYODAGI ENG BIRINCHI VA ENG SIRLI PROFESSIONALl TERROR TASHKILOTI…. HASAN SABBOH VA HASHSHOSHIYLAR.
Kim ekanliklarini aslo bilolmaysiz, ularni taniyolmaysiz, kelganlarini sezganingizda ortiq o’liksiz demakdir. Nomlari og’izga olinganda, qo’rquvning ta’mi his qilinadi… Ular ilk professional suiqasdchilar. Yetakchilari Hasan Sabboh- yosh, harakatchan, zukko va intellektual shaxs. 1090-yilda baland cho’qqilarda joylashgan, egallanishi imkonsizdek ko’ringan Alamut qal’asini qo’lga kiritdi va bu yerni o’z markaziga aylantirdi. Maqsadi Buyuk Saljuqiylar saltanatini qulatish edi. Chunki Hasan Sabboh Ismoiliy mazhabidagi bir dindor, Saljuqiylar esa sunniy davlati edi. Bu ikki mazhabning Qur’onni bir-biridan farqli tarzda izohlashi Sabbohning Saljuqiylar davlatini qulatishni xohlashining asosini tashkil etdi. Ammo buni qanday amalga oshiradi? Faqatgina bir hovuch izdoshi bor. Qo’shinlari yoki katta boyliklari yo’q. O’zgacha bir yechim qidirgan Hasan Sabboh bir reja o’ylab topdi: professional fidoiylar yetishtirish- yashirin, tezkor va ko’zi chaqnagan odamlarni. Atrofiga to’planib, o’zi bilan birga Alamut qal’asiga kelgan muridlariga dastlab Ismoiliy mazhabining tafsilotlarini va Sunniylarga qarshi kurashish sabablarini o’rgatardi. Insonga ta’sir qila oluvchi xarakterga sohib bo’lganidan, insonlarni o’z tomoniga og’dirishga usta edi. Ayni vaqtda bir jodu ustasi edi, faqat bu joduni qanday o’rgangani va nima maqsadda qo’llagani ma’lum emas. G’oyaviy ta’lim tugagandan so’ng yakkakurash, josuslik, ayg’oqchilik kabi jihatlar ustida ishlanardi. Sonlari oz bo’lgani uchun strategik suiqasdlar qilishlari kerakligini tushungan Sabboh keyinchalik ramzlariga aylanib qolishi kerak bo’lgan bir qurolni tanladi: XANJAR!!!
Barcha suiqasdlarda qo’llanilgan Hashshoshiy xanjari bir marta qo’zg’aldimi, orqaga qaytishi yo’q edi. Qurbonning ko’rgan so’nggi narsasi bu xanjarning chaqnashi edi. Ilk nishonlari Buyuk Saljuqiylarning bosh vaziri Nizomulmulk bo’ldi. Hashshoshiylar faqat bir hamla imkoniyatlari bo’lgani uchun hech qachon shoshqaloqlik bilan harakat qilmas edi. Avvalo dushman tomonga sizib, ishonch qozonardilar. Buning natijasida nishonga yanada yaqinlashib, butun harakatlarini kuzatgan holda Alamut qal’asidagi Hasan Sabbohga buni aniq tafsilotlari bilan yuborardilar. Nishondagi shaxsning o’ziga xos tomonlari, qo’riqchilarining soni, kunning qaysi vaqtida nimalar bilan mashg’ulligi va xatto zirhining zaif nuqtasigacha ma’lumot yetkazilar, Sabboh va yaqin odamlari esa bu ma’lumotlarga ko’ra reja tuzar va hal qiluvchi zarbani berish haqida buyruqni berardi. Nizomulmulkning oxiri ham aynan shunday bo’ldi. Kechqurun harami tomon ketar ekan, ikki mo’ysafid darvesh ko’rinishidagi insonga salom berish uchun to’xtadi va ayovsiz xanjarlandi.
Fidoiylar suiqasdni yakunlagandan so’ng ham aslo qochmas, joylarida qolar va odatda yoki qiynab yo to’g’ridan-to’g’ri qatl qilinar edilar. Bu ular uchun jasorat va qo’rquvsizlik namunasini ko’rsatish uchun qilinadigan ish edi. Dushmanlariga “Biz o’limdan qo’rqmaymiz, shu sababdan qochmaymiz” signalini berib, ta’sirlarini yanada orttirar edilar. Hashshoshiylar Saljuqiylar saroyiga shu darajada sizib kirgan ediki, saroy aholisi bo’lgan barcha bir-biridan shubhalanar edi. Ular hamma edi… va hech kim. Bir otboqar, oshpaz, qo’riqchi, tilanchi, voiz, qo’mondon… Har qiyofaga kirar edilar. Va buning soyasida amalga oshirgan yirik suiqasdlari bilan Saljuqiylar davlati qulashining asosiy sababchilaridan biriga aylandilar.
Ko’p yillardan so’ng 74 yoshni qarshilagan Hasan Sabboh keksayib vafot etdi. Lekin bu Hashshoshiylarning so’ngini olib kelmadi. Aksincha, vaqt o’tishi bilan yanada kuchaydilar. Salibchi qo’shinlarni, hatto Salohiddin Ayubiyni ham tiz cho’ktiradigan kuchga ega bo’ldilar. Hasandan ancha yillar keyin tashkilot boshqaruviga kelgan Rashididdin al-Sinon bir qancha muhim qal’alarni egallab Hashshoshiylarning harakat maydonini yanada kengaytirdi. Sinon ismi Sabboh ismi qadar ko’p aytilmagan bo’lishi mumkin, lekin eng kamida Sabboh qadar harakatchan, zukko va ta’sirlantira oluvchi bir odam edi. Saljuqiylardan keyin Hashshoshiylar uchun yana bir tahdid paydo bo’lgan edi. Quddusni zabt etgan, musulmonlarning suyukli yetakchisiga aylangan, muvaffaqiyatli qo’mondon Salohiddin Ayubiy. Salohiddin Ayobiy Hashshoshiylar uchun muammo tug’dirayotgan edi. Chunki bir qancha manbalarda ta’kidlanishicha, Ayubiy Ismoiliy mazhabini ta’qiqlagan va bu mazhabga ergashganlarni jazolagan edi. Bu ahvoldan norozi bo’lgan Sinon bunday qilmasligini bir necha marta ta’kidlasada, Ayubiy bu e’tirozlarga parvo qilmaydi va hatto qo’shin to’plab Suriyadagi Hashshoshiylar qal’asiga hujum qiladi. Shundan so’ng bir ogohlantirish berish vaqti kelganini tushungan Sinon afsonaviy bir reja tuzadi. Salohiddin Ayubiy bir kuni erta tongda uyg’onadi va yonidagi bir xizmatchining yuragiga sanchilgan xanjarni ko’radi. Xanjar yonida bir maktub bor bo’lib, unda quyidagi jumlalar bor edi:
“Bu xanjarni yuragingga sanchishimiz mumkin edi, ammo sening o’lishingni xohlamaymiz. Shuni bilki ajal bizning qo’llarimizdadir”. Salohiddin Ayubiy bu voqeadan so’ng Hashshoshiylarning qanchalik xavfli va o’ziga o’ylaganidan yaqinroq ekanligini tushunadi va hujumni to’xtatadi. Lekin biroz vaqtdan keyin o’tgan dars yetarli emas deb hisoblagan Sinon yana bir fidoiyni Ayubiy huzuriga yuboradi. Fidoiy olib kelgan bir xabar bor edi va bu xabar faqat Salohiddinga aytilishi kerak edi. Boshqa hech kim eshitmasligi kerak edi.Sultonning huzuriga kiradi va xonadagi barchaning xonani tark etishini istaydi. Salohiddin o’zining ikki yaqin qo’riqchisidan tashqari hammani xonadan chiqishini buyuradi. Fidoiyga bu ikki qo’riqchi uning o’g’illari kabi ekanini, ulardan hech bir narsa saqlashni lozim topmasligini aytadi. Mayli, - deydi Fidoiy, demak ularga juda ishonasan. Albatta,- deydi Salohiddin, ularga hammadan ko’proq ishonaman. Va… fidoiy hal qiluvchi zarbani beradi: “U holda, qo’riqchilaringga meni o’ldirishlarini buyur!” Salohiddin buni buyursa-da, qo’riqchilar joyidan ham jilmaydi. Fidoiy davom etadi:” Endi ularga seni o’ldirishlarini buyursam nima bo’lishini bilasanmi?”. Fidoiy gapini yakunlashi bilan yillar davomida ishonib kelgan ikki qo’riqchisi xanjarlarini olib, Salohiddinning bo’yniga to’g’irlashadi. Salohiddin Ayubiy Hashshoshiylarning o’ziga barchadan ham yaqinroq ekanini yana bir marta tushunadi va o’limigacha Ismoiliy mazhabiga qarshilik qilishga doir biron harakatni amalga oshirmaydi.
Hashshoshiylar nishonga olingan insonning ishonchiga kirar, 5,10 ba’zan 20 yillab uning yonida eng yaqin odamlaridan biri sifatida faoliyat yuritar edi. Toki, buyruq kelib, suiqasd amalga oshirilgungacha. Amalga oshirgan suiqasdlari soyasida insonlarni uzoq yillar davomida qo’rqinchli va daxshat tush singari hayot kechirishga majbur qila oldilar. Bir qancha davlat, hukmdor, qo’mondonlar qanchalik harakat qilmasin, Hashshoshiy qal’alari 200 yilcha qo’lga kiritila olinmadi. Faqat mo’g’ullar bosqini davriga kelibgina Hashshoshiylar hattoki asosiy markazi Alamut qal’asini ham boy berdilar. Mo’g’ul qo’shinlari Alamut qal’asini vayron qildi. Shu tariqa, uzoq yillar davomida butun O’rta Sharqni qo’rquvga solib turgan tashkilot zavolga yuz tutdi. Lekin oradan asrlar o’tsa-da, qo’rqinch nomlari va faoliyati unutilmagan, nomi hanuz insonlarni seskantiradigan bir tashkilot sifatida tarixda qoldi.
Turkchadan Rahmatjon Bog’bekov tarjimasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |