“Drevnetyurkskiy slovar” lug‘atining turkiyshunoslikdagi ahamiyati
Annotatsiya : Ushbu maqolada lug‘at va uning turlari haqida qisqacha ma’lumot beriladi, xususan, “Drevnetyurkskiy slovar” lug‘atining tuzilishi va uning mazmuni yoritiladi. Shuningdek, “Drevnetyurkskiy slovar” lug‘atining turkiy xalqlar tarixida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritiladi.
Kalit so‘zlar: Lug‘at va uning turlari, “Drevnetyurkskiy slovar”, asarning yaratilishi, lug‘atdagi o‘rxun-enasoy, arab, brahma, moniy va uyg‘ur yozuvi yodgorliklari.
Ma’lumki, lug‘at muayyan bir tamoyilga muvofiq tartibga solingan so’zlar, so‘z birikmalari yoki iboralarning ma’nosi, qo’llanilishi, kelib chiqishi, boshqa tilga tarjimasi va hokazolar haqida ma’lumot beruvchi asosiy manba hisoblanadi. Lug‘atlar ma’lumot olish va uni ommaga yetkazishda muhim ahamiyatga ega. Ular odatda ikkita asosiy guruhga bo‘lib o‘rganiladi. Bular ensiklopedik va lingvistik lug‘atlar. Ensiklopedik lug‘atlarda so‘z haqida grammatik ma’lumotlar emas, balki, so‘z bilan ifodalangan mavzular haqida ma’lumot beriladi. Bu lug‘atlarda ilmiy tushunchalar, atamalar, tarixiy voqealar, shaxslar, joy nomlari kabi ma’lumotlar mavjud. Lingvistik lug‘atlar esa tilning har xil lisoniy ma’nolarini ochib beradi. Lingvistik lug‘atlarda so‘zlar ma’nosi, mazmuni, imlosi, so‘z yasalishi hamda to‘g‘ri qo‘llanishi jihatidan tavsiflanishi mumkin. O‘z navbatida, bunday lug‘atlar ishlatilishiga ko‘ra ikkiga ajratiladi: diaxronik lingvistik lug‘atlar va sinxron lingvistik lug‘atlar. Diaxron lingvistik lug‘atlarda so‘zlarning kelib chiqishi, tilning vaqtlar o‘tishi bilan rivojlanishi ko‘rsatiladi. Sinxronda esa ma’lum bir davr tilining bir bo‘lagi aks ettiriladi.
“Drevnetyurkskiy slovar” lug‘atida VII-XIII asrlarga oid bo‘lgan qadimgi turkiy yozma yodgorliklarda qo‘llanilgan so‘z va iboralar izohlangan bo‘lib, u 20 000 ga yaqin so‘z va iboralarni o‘z ichiga oladi. Shu jumladan, o‘rin joyga xos nomlar, geografik va etnik atamalar ham uchraydi. Unda qayd etilgan qadimgi turkiy tillardagi so‘zlarning ma’nolari rus tilida izohlangan. Qadimgi turkiy atamalar va birikmalarning rus tilidagi tarjimasi bilan bir qatorda, ular talqin qilinib, qadimgi turkiy yozma yodgorliklardan iqtiboslar misollar o‘rnida keltirilgan va ularning manbasi ko‘rsatib o‘tilgan. Ayrim so‘zlarning grammatik tavsifi ham berib o‘tilgan. Kitobdagi har bir atamaning mukammal darajada izohlanganligi buning yaqqol dalilidir.
Ushbu lug‘atning yaratilishi bo‘yicha ishlarning boshlanishi 1958-yilga to‘g‘ri keladi. Lug‘at tuzish ishlarining tashabbuskori turkiyshunos olim Aleksandr Konstantinovich Borovkov (1902-1962) edi. U 1958-1962-yillarda lug‘at yaratish ishlariga boshchilik qilgan. A.K.Borovkov bevaqt vafot etib qolganligidan keyin tahririyat tuzilgan va uning tarkibiga turkolog olimlar Vladimir Mixaylovich Nadelyaev, Dmitriy Mixaylovich Nasilov , Edham Raximovich Tenishev, Aleksandr Mixaylovich Scherbak kirganlar. Olimlar 1965-yilda kompilyatsiya ishlarini tugatib, so‘ng tahrir ishlarini amalga oshirdilar. Lug‘at 1969-yilda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg)da “Nauka” nashriyotida chop etilgan. Lug‘at yaratish ishlari ko‘rinadiki, ancha mashaqqatli ish bo‘lib, tuzuvchilardan har bir so‘z uchun uning zamonaviy tarjimasi bilan bir qatorda izoh va misollar talab qiladi, ya’ni ularning hammasiga tushuntirishlar berishni taqozo etadi. Shuning uchun ham bu ishlar sifatli bo‘lishi uchun yillab vaqt talab qiladi. Amaliy lug‘atchilik lug‘atlar tuzish barobarida bir qator ijtimoiy muhim vazifalarni bajarishni anglatadi. Ushbu ish jarayonida muayyan til leksikasini ilmiy o‘rganish, shuningdek, turkiy xalqlarda yozuv taraqqiyotining ilk bosqichlarida u yoki bu tushunarsiz bo‘lgan so‘zlarni aniqlashni ham ko‘zda tutadi. Lug‘at bevosita qadimgi turkiy tillar izohi bo‘lgani bois bu jarayon ancha murakkab kechgan. Lug‘atdagi so‘zlarning izohlanishi faqatgina mualliflar nomi bilan emas, ulardan oldingi turkiyshunos olimlarning qadimgi turkiy tillar matnlarini chuqur o‘rganishi lug‘atdagi so‘zlarga asos bo‘lgan desak, yanglishmaymiz. Xususan, bunda V.V.Radlov, S.E.Malov, L.Z.Budakov va boshqa turkolog olimlarning xizmatlari katta.
Qadimgi turkiy lug‘atga VII-XIII asrlarga oid yodgorliklar ya’ni yozuv turiga ko‘ra har xil yodgorliklar manba bo‘lib xizmat qilgan. Bular: O‘rxun-Enasoy, arab, brahma, moniy va uyg‘ur yozuvi yodgorliklari. O‘rxun-Enasoy yodgorliklarining 6 ta katta bitiktoshlardagi manbalari: “Kul-tigin”, “Bilga xoqon”, “To‘nyuquq”, “Ongin”, “Moyun chur”, “Irq bitigi” lug‘at ichiga olingan. Arab yozuvi asosidagi turkiy yodgorliklardan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Yusuf xos Hojib qalamiga mansub “Qutadg‘u bilig” va Ahmad Yugnakiyning “Hibbat ul-haqoyiq” asarlari olingan. Uyg‘ur yozuvi asosida yozilgan “Oltin yorug‘” yozma yodgorligi kiritilgan. Qadimgi turkiylardagi moniylik oqimining diniy manbasi bo‘lgan “Xuastuanift” (“Moniylik tavbanomasi”) asarida ishlatilgan so‘zlar lug‘atda tadqiq etilgan. Brahma yozuvlarining esa diniy mazmundagi parchalarida uchraydigan so‘zlar izohlangan. Bunday tarzda bitta lug‘atda turli xil yozuv va manbalarda ifodalangan so‘zlarning o‘rganilishi bu qadimgi turkiylarning xronologiyasi va ular yashagan mintaqaga ham bevosita bog ‘liqligidan dalolat beradi. Manbalarning har biri alohida alohida tarzda lug‘at qilinib izohlangan deb tushunish noto‘g‘ri. “Drevnetyurkskiy slovar” lug‘atini tezaurus lug‘at desak bo‘ladi. Chunki, unda qadimgi turkiy tildagi ko‘p so‘zlar qamrab olingan va ularning matnda qo‘llanilish holati to‘la-to‘kis aks ettirilgan.
“Drevnetyurkskiy slovar” lug‘ati qadimgi turkiylarning VII asr Turk xoqonligi davridan to XIII asrgacha ya’ni mo‘g‘ullar istilosigacha bo‘lgan qariyb 7 asr davomidagi yozma yodgorliklarda qo‘llanilgan so‘zlarni izohlaydi. Ushbu davr mobaynida turkiy xalqlar tarixida ko‘plab ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bo‘lgan. Biz buni o‘sha davr manbalariga asoslangan holda bilishimiz mumkin. Qadimgi turkiy matnlarni o‘qish va uni tushunishda “Drevnetyurkskiy slovar” kitobi bizga katta yordam beradi. Lug‘atdan barcha turkiy xalqlar birdek foydalana oladi. Lug‘at asosan, turkolog olimlar va qadimgi turkiy matnlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotganlar uchun muhim ahamiyatga ega qo‘llanma hisoblanadi. Lug‘atda aks etgan jumlalardagi o‘ziga xoslik qadimgi turkiy til qurilishini ham ifodalaydi. O.Suleymanov: ”Qadimgi ko‘chmanchilarning hozirgi turkiy xalqlarga yetib kelgan tili va uning grammatik tuzilishi turkiy tillarda mujassamlangan leksik boylik”¹, - deb aytib o‘tgan edi. Rus olimlari tomonidan mukammal tarzda ishlab chiqilgan kitobning yaratilishi uchun uzoq vaqt ya’ni 11 yil ketgan. Ushbu davr oralig‘ida lug‘at tuzish ishlarining tashabbuskori hisoblanmish A.K.Borovkovning vafot etib qolishi ham lug‘at yaratish jarayonini to‘xtatmagan.
Qadimgi turkiy lug‘at 2016-yilda Qozog‘istonning Ostona shahrida “G‘ilim” nashriyoti tomonidan qayta nashr etildi. Lug‘atning qayta nashr yuzini ko‘rishi unga bo‘lgan talabning hali-hanuz bor ekanligidan darak beradi. Lug‘atdagi qadimgi yodgorliklardan keltirilgan so‘z va nomlarning izohlanishining o‘ziyoq bu kitobning qay darajadagi katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |