Xo‘ja kelsa chiqar murid naziri,
Xotin bo‘lmasmikan erning vaziri?!
Er deganning aqlin olmas bo‘lurmi,
Aldab-aldab yo‘lga solmas bo‘lurmi,
Biy otamman biy boboma na bo‘ldi, -
deb hijratga qarshi chiqadi. Shunday qilib, Barchin o‘zining Alpomish tarafida ekanini ko‘rsatadi. Bu vaziyat dostonning boshlanishida qayd etilgani bilan shoirning esidan chiqib ketmaydi. Barchin o‘zga yurtdan Hakimbekdan o‘zini qalmoqlardan qutqarishni so‘rab xat yozganida Boybo‘ri endi otalar avlodidan ekanini tan oladi. U xatni sandiqqa yashiradi va xat olib kelgan karvonga bu haqda hech kimga og‘iz ochmaslikni tayinlaydi. Ammo taqdir o‘z hukmini bu yerda ham o‘tkazadi: xatni sandiqdan Qaldirg‘och topib oladi va akasini safarga otlantiradi. Dostonni o‘qir ekanmiz, yana o‘ziga xos badiiy kashfiyot guvohiga aylanamiz. Endi Hakimbekning o‘zi ham Barchinoy oldiga butun vujudi bilan oshiqmayotgandek ko‘rinadi bizga. Badiiy kashfiyotning mohiyati ham shundaki, bu bahona bilan dostondagi harakat sur'atini Qaldirg‘och tezlatadi. U akasiga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib Barchinoyni olib kelishga undaydi. Hatto Hakimbekning or-nomusini, yigitlik g‘ururini ham o‘rtaga qo‘yadi. Natijada biz «zakot» tushunchasi bilan birlashgan uch yoshni yangilik tarafdorlari sifatida baholash uchun asosga ega bo‘lamiz: Hakimbek zakotni o‘ylab topdi; Barchinoy otasining zakot uchun o‘zga yurtga ko‘chishini ma'qul ko‘rmadi; Qaldirg‘och esa, akasini Barchinoy huzuriga borishga da'vat etdi. Ya'ni akasi Barchinoyga uylansa, ko‘chgan elni ham yurtiga qaytaradi va u eldan zakot olishni ham asoslaydi.
«Alpomish» dostonida olimlarni ham o‘ylantiradigan, asosli ilmiy izohlarni talab qiladigan yana bir muammo Qalmoq elidagi yurtni boshqarish sistemasi hisoblanadi. Avvalo, qo‘ng‘irotliklar qalmoqlar ekkan bug‘doyni o‘t hisoblab chorvani don unayotgan dalaga o‘tlagani qo‘yib yuboradilar. Yer egalari kelgindi ko‘chmanchilar dastidan shikoyat qilib Toychixon oldiga boradilar. Voqeani to‘la o‘rganib chiqqan Toychi yer egalarini payhon bo‘lgan yerlari hisobiga yillik soliqdan ozod qiladi. Demak, Qalmoq yurtida zakot bor ekan-da. Undan tashqari, bu yerda qalmoqshohni tashqi dushmandan himoya qiladigan to‘qson alp ham xizmatda edi. Bu alplar yoyandoz, mergan, temirdan sovut kiygan edilar. Boysin-Qo‘ng‘irotda esa bunday vazifani bajaruvchilar haqida dostonda ma'lumot berilmaydi.
Yana bir qiziq ma'lumot. Qalmoqshohning qizi Tovka Yangibozor deb atalgan bozorda raislik vazifasini bajaradi: qirqta kanizi bilan bozor rastalarini nazorat qiladi. Bazzozlikni tergaydi, qalami, ya'ni gazmol sotiladigan rastaga kelib qalamini o‘lchab ko‘radi, o‘lchovdan qochganga tashvish beradi(jazolaydi), qassoblikdagi toshlarni tekshiradi, «toshi yengil chiqsa, ta'zir beradi» va hokazolar.
Vaholanki, bu g‘aroyib tartiblar Alpomish yurtida ko‘zga tashlanmaydi. Ana endi haqiqiy ma'noda chigal vaziyatga duch kelamiz. Chunki qalmoqlar yashaydigan yurtda ijtimoiy hayot Boysin-Qo‘ng‘irotdagidan dostonda yuqori holatda ifodalanadi. «Alpomish» dostoni yuzasidan ilmiy kuzatish ishlarini olib borgan tadqiqotchilar bu haqda aniq bir xulosaga kelmaganlar.
Xullas, «Alpomish» dostoni xalq qahramonlik eposining yorqin namunasi bo‘lib, o‘zida o‘zbek xalqining avvallari turkiy qavmlar qatorida shakllanganini, keyinchalik alohida xalq sifatida rivoj topganini ifodalashi bilan qimmatlidir. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, dostonda o‘zbekning tarixi haqiqiy ma'noda o‘zining badiiy aksini topgan. Adabiyot o‘qituvchisi doston yuzasidan o‘quvchilarga ma'lumot berishda dostonning bu xislatini nazarda tutib dars o‘tishi o‘quvchilar e'tiborini dostonga jalb etishda muhim ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |