Do’stlik hurmatdan boshlanadi «Molodoy kommunist»



Download 26,28 Kb.
Sana29.06.2022
Hajmi26,28 Kb.
#717879
Bog'liq
DO\'\'STLIIK


DO’STLIK HURMATDAN BOSHLANADI



«Molodoy kommunist» oynomasining 1989 yil 2-sonida «Turmushdagi islom» maqolasi bosildi. Maqolada jo‘yali fikrlar bor bo‘lsa-da, undagi talay bir yoqlamaliklar, salbiy holatlarni umumlashtirishlar, O’rta Osiyodagi real ahvolni bilmasdan qo‘yilgan «aybnomalar» jamoatchilik, ziyolilar va talabalar o‘rtasida norozilik tug‘dirdi...

«Sharq yulduzi» tahririyatiga kelgan yigit o‘zini tanishtirdi:
— Omonjon Nurmatovman, Toshkent Davlat dorilfununida o‘qiyman.

U shunday! deb, «Molodoy kommunist» oynomasinining 1989 yil 2-soni, unda e’lon qilingan maqolaga yozgan javobini topshirdi.

— Tushunolmay qoldim, —dedi hayajonlanib. — Bunaqa pala-partish gaplar xalqlar do‘stligiga qay darajada xizmat qilarkin? Axir, bu kamsitish-ku!

Talabaning kuyunganicha bor edi. Bu yil KPSS Markaziy Qo‘mitasi maxsus Plenumida millatlararo munosabatlar masalasini muhokama qilish mo‘ljallangan. Buning chuqur sabablari bor. Yetmish yil mobaynida, biz xalqlar do‘stligi haqida ko‘p yozdik. Yanayam ko‘proq gapirdik. Chindan ham, xalqlar, millat va elatlar o‘rtasidagi qardoshlik sovet jamiyatining eng nodir, eng aziz ne’mati, eng kuchli qurollaridan biri. Bu qurol ko‘p og‘ir sinovlardan o‘tdi. Aqalli Ulug‘ Vatan urushini eslash kifoya. Lekin bu nozik masaladaz shu paytgacha aytishga «istihola» qilib kelingan nuqtalar — bir xalqni ikkinchi xalqdai ustunroq qo‘yishlar, qardosh xalq tiliga, tarixiga, madaniyati va udumlariga bepisand munosabatda bo‘lish hollari ham yo‘q emas edi.

1979 yili Moskzadagi SSJI DOSAAF nashriyoti tomonidan chop etilgan «Klub slujebnogo sobakovodstva» degan to‘plamni varaqlaymiz. Kitobda 10 nafar malakali itshunosning turli maqolalari bosilgan. (To‘plovchi RSFSRda xizmat ko‘rsatgan veterinariya vrachi Valentin Nikitovich Zubko).

Hozir bu kitobni do‘konlardan topish qiyin. (Umuman, bu turkumda to‘plamlar muntazam chiqib turadi). Lekin mazkur asarni kutubxonalardan, jumladan, Navoiy nomidagi jumhuriyat Davlat kutubxonasidan istagan dam, xohlagan paytda olib o‘qishi mumkin.

Nima uchun o‘n yil ilgari chiqqan kitob haqida endi gapirish kerak bo‘lib qoldi, degan savolni sezib turibmiz. Gap shundaki, o‘n yil avval bu haqda gapirsangiz, nari borsa, indamay qo‘l siltab qo‘yaqolishar yoki millatchilik qilish yaxshimas, deb dashnom berishardi. Shu bois, hechdan ko‘ra kech yaxshi, deganlaridek to‘plam haqidagi haqiqatni aytishni lozim topdik.

Kitobda kuchuk zotini aniq belgilashdan tortib, qanday ovqatlantirishgacha, itning ko‘rinishidan tortib, qaysi sohada «mutaxassis» qilib yetishtirish usuligacha mukammal tasvirlangan. Hatto malakali itshunos I. Duxnovskiyning «Itlarga qanday laqab qo‘yish kerak», degan maqolasigacha bor. Duxnovskiy itga nom ko‘yishning turli usullarini taklif etadi. Aytaylik, qulay usullardan biri zotdor kuchukning ota-onasini bilsangiz, ikkalasining nomidan bir bo‘g‘indan oling,— yangi laqab paydo bo‘ladi. Deylik, itning otasi Baron, onasi Silva bo‘lsin. Itingizga Barsi deb laqab qo‘ying, juda o‘rinli bo‘ladi. Yoki tabiat hodisalari, jug‘rofiy nomlar tanlash ham mumkin. Bo‘ron, To‘fon, Momaqaldiroq, Kazbek, Don, Amur... Yoki bo‘lmasa, hayvonlar nomini tanlasangiz ham ziyoni yo‘q. Bo‘ri, Olmaxon... Lekin itga inson ismini qo‘yish yaxshi emas. Maqola muallifining fikri jo‘yali. Shu gaplardan keyin, u itlarga qo‘yiladigan laqablar ro‘yxatini keltiradi. (Erkak-urg‘ochiligiga qarab). Marhamat, tanlab olavering: Akbar, Alisher, Anvar, Arab, Asqar, Botir, Bek, Jo‘ra, Komila, Lola, Muxtor, Naim, Nodir, Nargiz, Nodira, Umar (Omar), Padar, Rafiq, Sadir, Sulton, Tohir, Toyir, Haydar, Hasan, Shayx, Sharif, Amir, Mayna...

Afsus, kitobda I. Duxnovskiyning ismi-sharifi to‘liq aytilmagan. Bilmadik, balki, Igordir, balki Ivan, balki Ilya... Nima bo‘lganda ham, itga bu kadar beqiyos mehr qo‘ygan muallif o‘z tavsiyasida birorta, hatto eng zotdor itga ham; Igor, Ivan, Ilya, deb laqab qo‘yishni lozim topmaydi: To‘g‘ri-da, aytaylik itshunosning yon qo‘shnisi to‘rt oyoqli birodariga Igor (Ivan yoki Ilya) deb ism qo‘ysa, uning ko‘z o‘ngida «Igor, ma ol» deb suyak tashlasa, itsevar «olim» bu manzaradan unchalik ham quvonmasa kerak! Shunday ekan, nega u o‘ziga ravo ko‘rmagan narsani o‘zgalarga ravo ko‘radi?!

Tabiiyki, O’rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlari ham qadimdan it boqadi. Ayniqsa, chorvador uchun it eng yaxshi ko‘makchi bo‘lib kelgan. Bizda it vafo ramzi sanaladi. Lekin xalqimiz hech qachon itga odam ismini qo‘ymagan, buni haqorat, deb bilgan.

Ehtimol, hozir Sharq yoki kinizm falsafasidan gapirib o‘tirish shart emasdir. Lekin savol tug‘iladi: Boringki, Duxnovskiyning itdan bo‘lak tashvishi bo‘lmasin. Boringki, o‘zi tavsiya qilgan laqablar O’rta Osiyo va Qozog‘iston xalqlari farzandiga qo‘yadigan nomlar ekanini bilmasin. (Holbuki, biz bir mamlakatda — Sho‘ro diyorida yashaymiz). Lekin, jilla qursa, Alisher, Muxtor, Nodira, Omar (Umar) degan jahonshumul nomlar nahotki qulog‘iga chalinmagan bo‘lsa? Alisher Navoiy, Umar Hayyom butun dunyoning, Nodira butun Sharqning, Muxtor Avezov butun sovet adabiyotining faxri-ku! Itsevar o‘z maqolasida itlarga odamning ismini qo‘yish nomaqbul deganida, mazkur ismlar odamning oti ekanligini o‘ylashga aqli yetmadimikin? Duxnovskiy tomonidan yo‘l qo‘yilgan «kaltabinlik» va SSJI DOSAAF nashriyoti tomonidan yuz ming nusxada chop etilgan kitob xalqlar do‘stligiga qanchalik «xizmat» qilarkin? Mayli, buni turg‘unlik davrining «mevasi», deb qo‘ya qolish ham mumkin edi. Lekin, afsuski, hozir ham bunday hollar bo‘lib turibdi.

«Molodoy kommunist» jurnalida bosilgan «Turmushdagi islom» maqolasini ko‘raylik. Albatta, Boris Kalachev va Sergey Polyakov maqolasini I. Duxnovskiy «maslahatlari» bilan solishtirish kulgili bo‘lur edi. «Turmushdagi islom» maqolasida juda jiddiy va dolzarb masalalar ko‘tarilgan. Mualliflar O’rta Osiyoda mavjud bir qator muammolarni jonkuyarlik bilan ko‘ndalang qo‘yganlar. Mazkur maqolada ta’kidlanishicha, eskilik sarqitlariga qarshi kurashyapmiz, deb harchand maqtanmaylik, ular hamon yashab kelmoqda. «Milliy udumlar» deb atalmish to‘y va marosimlar, oddiy mehnatkashning iligini so‘rib olyapti. Kelinga sep yig‘ishdan tortib, qalin berishgacha — barchasi halol mehnat bilan kun ko‘ruvchi oilaning boshiga bitgan balo. Bunday to‘y va ma’rakalarga minglab so‘m mablag‘ sarflanadi. Kattalar bolalarning nasibasini qiyib, pul to‘plashga majbur bo‘ladilar.

Din peshvolari esa halol ishlab, halol pul topadigan mehnatkashdan naf ko‘rishi mushkul. Binobarin, ulur tekinxo‘rlardan keladigan daromadga umid bog‘laydi.

Aynan shariat aqidalari, eskicha urf-odatlar bir tomondan oddiy mehnatkashni qiyin ahvolga solib qo‘yayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan tekinxo‘rlarning ko‘payishiga olib kelyapti...

Maqola nafasidan, gap asosan mana shu muammolar haqida ketayotganligi tushuniladi. Adolat yuzasidan aytganda, bu fikrlarning ko‘piga qo‘shilish kerak. Ayni chog‘da, ko‘p fikrlar bilan bahslashishga ham to‘g‘ri keladi.

Maqolada O’rta Osiyo xalqlari hayot tarzini, urf-odatlarini va eng muhimi, bugungi O’rta Osiyo qishlog‘idagi ahvolni chuqur o‘rganmasdan, ba’zan esa bir yoqlama, kamsituvchi ohangda aytilgan bahsli gaplar ham borki, oshkoralik va plyuralizm zamonida biz ham o‘z e’tirozlarimizni bildirsak, maqola mualliflari ranjimas, deb o‘ylayman.

Maqola tahririyatga kelgan xatdan boshlanadi. O’sh oblastining Frunze nohiyasida istiqomat qiluvchi P. Ergeshov degan odam o‘z adresini yashirib xat yozgan (Demak, bu — anonim xat). Hozirgi oshkoralik kunlarida anonim xatni bosish kerakmi-yo‘qmi, buni tahririyat hal qilgani ma’qul. Xat muallifi talay muammolar haqida tashvishlanib yozgan.

P. Ergeshovning xatini lo‘nda ifodalash kerak bo‘lsa, gap mohiyat quydagicha:
Biz to‘yib ovqat yemaymiz. Durustroq boshpanamiz yo‘q. Bolalarimiz yirtiq-yamoq kiyimda yuradi. Bularning hammasiga urf-odatlarimiz aybdor. Oilangda bola tug‘ildimi, beshik to‘yi qilib, hammani to‘plashga majbursan. Bola besh-olti yoshga to‘lsa, sunnat to‘yi qilasan. Bolaning harbiyga ketadigan bo‘lsa, tag‘in hammani to‘plab, to‘y qilasan. Mehmonlarni to‘ydirish kerak. Harbiydan qaytsa, yana bitta to‘y. Yuzlab mehmonlar qorni yorilguncha ovqat yeydi. Yigit diplom olsa, kimdir nafaqaga chiqsa, tag‘in to‘y. Kimingdir o‘lsa, boshqa nohiyalardan ham odamlar yopirilib keladi. Kamida, bir sigir, ikki-uch qo‘y so‘yib xudoyi qilasan, mullalarga, tanish-notanish chollarga to‘n kiygizasan, ustiga-ustak, pul berasan. Har payshanba tag‘in «to‘y» qilasan. Xo‘sh, bularning hammasiga pul qani? Albatta, o‘g‘rilik qilamiz-da. Boshqa iloj yo‘q!

To‘y kunlari odamlar ishga bormaydi. Jamiyatga zarar yetkazadi. Yulg‘ichlar, o‘g‘rilar ko‘payadi. Bu esa o‘z navbatida yosh avlodni ham qo‘li egrilikka o‘rgatadi...

P. Ergeshov aytgan ba’zi fikrlarga qo‘shilish kerak. Ma’rakalarda bir nima undirib qolishga urinadigan ta’magirlar yo‘q emas. Ayrim joylarda to‘ylar haddan tashqari qiyin muammoga aylanib ketayotgani ham bor gap. Lekin savol tug‘iladi: Bu gaplardan kelib chiqib, umuman to‘ylaru ma’rakalarni yoppasiga qoralash va bu narsa odamlarni o‘g‘rilikka o‘rgatyapti, degan xulosaga kelish to‘g‘ri bo‘larmikin? To‘y odamlarni birlashtiradigan ahillik ruhida tarbiyalaydigan omillardan biri. Binobarin, boshqa hamma ellar qatori. O’rta Osiyo xalqlari ham, ming yillardan buyon qilib kelayotgan to‘ylarni birvarakay qoralasak, qanday bo‘larkin? Uyda yangi inson dunyoga kelsa, buni oila va qarindoshlar davrasida nishonlash shunchalik yomon narsami? Hayotdan ko‘z yumgan insonni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun ko‘plab odamlar yig‘ilsa, buning nimasidan xafa bo‘lish kerak? Albatta, dabdabali to‘ylar, undan ham dabdabaliroq ma’rakalarni aslo oqlab bo‘lmaydi. Aslida, gap udumlarning o‘zida emas, uni suiiste’mol qilayotganlarda, shekilli. Ustiga ustak, harbiyga kuzatish, kutib olish, diplomni nishonlash, nafaqaga chiqishni tabriklash odatlari «esklik sarqiti» emas, chog‘i! Ular «yangicha» udumlar-ku.

Xatda yozilgan tuylaru ma’rakalar tufayli odamlar bir necha kunlab ishdan qolib ketadi va bu bilan jamiyatga ziyon yetkaziladi, degan fikr ham bahsli. O’sh oblastining Frunze nohiyasida to‘y necha kun davom etishi-yu necha odam necha kun ishdan qolib, davlatga necha so‘m ziyon keltirishi bizga qorong‘u. Lekin O’zbekiston qishloqlarida to‘y asosan qishda, kolxozchilar og‘ir mehnatdan so‘ng bir lahza dam olayotgan pallada bo‘ladi... O’zbekiston shaharlarida esa to‘ylar faqat shanba va yakshanba kunlari o‘tkaziladi. Qolaversa, komsomol to‘ylari odat tusiga kirib boryapti. Mahalla, qishloq oqsoqollari kengashi kamxarj va yangicha to‘y hamda ma’rakalar qilishning amaliy tadbirlarini allaqachon belgilab chiqqanligi, ko‘p joylarda bu tadbirlar hayotga tadbiq etilganligi bor gap.

Mayli, P. Ergeshovning gaplariga qo‘shila qolaylik. O’sh oblastining Frunze tumanida eskicha udumlar odamni o‘g‘rilik qilishga majbur etayotgan bo‘lsin. Faqat xatdagi oxirgi so‘zlar hushyor torttiradi kishini.

«Kechirasizlar, aniq adresimni aytolmayman. Bizda johil fanatiklar ko‘p. To‘ylarsiz, ya’ni qo‘y go‘shtisiz, palovsiz yoki qimmatbaho sovg‘alarsiz yashay olmaydigan oqsoqollarning, chollarning g‘azabiga uchrashdan qo‘rqaman. Ular meni toshbo‘ron qilishi, uyimdan haydab yuborishi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘ldirishi mumkin».

Obbo! P. Ergeshov tushmagur (mabodo, shunday odam rostdan ham bor bo‘lsa), hayajonlanib ketib, jinday oshirib yubormadimikin? Qachondan boshlab, savodsiz, fanatik chollar nuqul birovning, to‘y va azasida qorin to‘ydirish g‘amida bo‘lib yuribdi? Ocharchilik zamoni emas-ku, hozir! Nihoyat, qachon, qaerda va kimni katta to‘y qilmagani haqida bunday niyati yo‘qligini aytgani uchun, ochko‘z va ta’magir chollar toshbo‘ron qilib o‘ldiribdi?

Ana shunday «dardli» xatdan so‘ng, maqola boshlanadi va dahshatli dalil keltiriladi.
«1987 yili O’zbekistonda shariatning turmushdagi mavjud qonunlariga isyon tarzida 270 ayol o‘ziga o‘zi o‘t qo‘ydi»!

Ha, chindan ham dahshatli gap! Shu qadar dahshatliki, O’zbekistonda ro‘y bergai bunday xunuk hodisa haqida yozmagan odam, bosmagan matbuot qolmadi, hisob. Birovlar uni diniy aqidalarga, birovlar feodal munosabatlarga bog‘ladi, yana birovlar o‘zbek xotinlari azbaroi bolasi ko‘payib ketganidan o‘zini-o‘zi o‘ldiryapti, dedi. Albatta, o‘sha 270 hodisaning har birini alohida diqqat bilan o‘rganish kerak. Eskilik sarqitlari, qizlarni majburan, xohlamagan odamiga uzatishlar, erkakning ayolga past nazar bilan qarashi, qaynona-kelin mojarolari — ayollarning o‘z joniga qasd qilishiga olib keladigan sabablar orasida bular ham, shubhasiz, bor! Ammo ular juda murakkab sabablarning bir qismi, xolos!

Mavjud ijtimoiy sabablar haqida quyiroqda to‘xtalamiz. Hozir masalaning faqat bir jihati ustida fikr bildirmoqchimiz.

Maqolada, kelinglar, haqiqatning yuziga tik qarab gaplashaylik, deb bir necha marta ta’kidlangan. Kelinglar, biz ham haqiqatning yuziga tik qarab gaplashaydik. Xudi o‘sha 1987 yili Sovet Ittifoqida 54 ming 105 kishi o‘zini o‘ldirgan. Shundan 13 ming 924 nafari ayolar bo‘lgan. (O’zbekistondagi 270 ayol ham shu hisobga kiradi, bu — mamlakat miqyosida o‘zini o‘ldirgan ayollar sonining, taxminan, 2 foizini tashkil etadi). Shuningdek, Moskva shahrining o‘zida xuddi o‘sha yili 1275 kishi joniga qasd qilgan (shulardan kamida 270 nafar, ehtimol undan ham ko‘prog‘i ayollar bo‘lsa, ajab emas).

Albatta, ular o‘ziga o‘t qo‘ymagan. Biri o‘zini osgan, biri mast bo‘lib yuqori qavatdan yerga sakragan, biri sirka yoki uyqudori ichgan, o‘zini poezd tagiga tashlagan, tomirini kesgan, gazni ochib qo‘yib, zaharlangan... Nima bo‘lganda ham, oqibati bir — go‘r emasmi?

«Ogonyok» jurnaliga rahmat. Odamlarning o‘z joniga qasd qilish sabablari murakkab ekanligini, bu faktlarni faqat bir narsaga bog‘lash to‘g‘ri emasligini yozdi. (Ogonyok», 1989 yil, 3-son). 

«Turmushdagi islom» maqolasi mualliflari esa O’zbekiston ayollari azbaroyi shariat qonunlariga chidolmay, o‘ziga-o‘zi o‘t qo‘yyapti, deydilar. Shubhasiz, biz kommunistlar dinning (islommi, xristian yoki buddami) jamiyat taraqqiyotiga monelik qiladigan har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashmog‘imiz kerak. Lekin, aytaylik, Moskvada o‘zini o‘ldirgan 1271 kishi (shular jumlasida ayollar ham) azbaroyi xristian dini aqidalariga isyon tarzida shunday qilgan, deb keskin xulosa chiqarilsa, qanday bo‘larkin?

Maqolada iqtisod va din o‘rtasidagi aloqa tahlil qilinadi. «O’rta Osiyo hududida iqtisod aniq-ravshan ikki qismga bo‘linadi. Birinchisi — biz shartli ravishda «davlatniki» deb aytaydigan qism; sotsialistik sanoat, qishloq xo‘jaligida esa davlat yoki kooperativ (kolxoz) ekonomikasi. Ikkinchi qism — uni shartli ravishda «oilaviy» deb ataymiz; asosan, qishloqlarda mavjud bo‘lgan va ko‘p hollarda qishloq ahlining shaxsiy xo‘jaligi, deb ataluvchi ekonomika. Agar biz ekonomikaning birinchi qismi haqida deyarli hamma narsani bilsak va bu soha turli mutaxassislarning ko‘psonli armiyasi tomonidan analiz qilib borilsa, ikkinchi qism haqida — «oilaviy» ekonomika to‘g‘risida o‘quvchilar keng ommasi amalda hech nimani bilmaydilar.

Bu masalada ko‘plab «nima uchun» degan savollar tug‘iladi. Masalan, nima uchun sanoat korxonalarida mahalliy millat vakillaridan malakali ishchilar fojiali darajada kam va bu korxonalar chetdan ishchilarni olib kelish hisobiga yashaydi! Nima uchun yer va suvdan jinoyatkorona foydalaniladi? Nima uchun davlat sektorida hosildorlik past, oilaviy ekonomikada esa yuqori? Ob’ektiv va sub’ektiv sabablarni tahlil qilib, «nima uchun» degan bunday savollarning ko‘piga javob topish mumkin. Lekin biz ularga yanada aniqlik kiritamiz. Machitga daromad qaerdan kelayotganining ahamiyati yo‘q: Og‘ir mehnat qilib, qo‘li qadoq bo‘lgan dehqon yoki ishchi beryaptimi yoki poraxo‘rlar va o‘zga. jinoyatchilar olib kelib topshirishyantimi... Bu o‘rinda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini asosan boshqa jumhuriyatlarga olib borib, yuqori baholarda pullash katta ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, xususiy savdogarchilik islomning yashovchanligi uchun xizmat qiladigan qudratli mexanizmlardan biriga aylanadi. Negaki, davlat-savdosidan machit manfaat ko‘rmaydi».

Shundan so‘ng, O’rta Osiyoda ko‘plab odamlar shaxsiy tomorqasi hisobiga boylik orttirayotgani, kolxoz dalalarida esa asosan ayollar va o‘quvchilar mehnat qilayotgani haqida mulohazalar aytiladi.

Maqola mualliflari «nima uchun» deb bergan savollarda jon bor. Biz ularga qo‘ldan kelgancha javob berishga urinib ko‘ramiz va o‘z navbatida, biz ham «nima uchun» deb so‘rashga majburmiz.

Birinchi savol. Nima uchun sanoat korxonalarida mahalliy millat vakillari fojiali darajada kam ishlaydi? O’rinli so‘roq. Unga shunday javob berish mumkin. O’zbekiston misolida, sanoat korxonalarida mahalliy millat vakillarining kamligiga bosh sabab, azbaroyi o‘zbeklarning zavodda ishlashga uquvsizligi, uni xohlamasligi, turli diniy odatlaru xalq udumlari shu narsaga to‘sqinlik qilishida emas. Bu ayanchli hodisaning ildizi olisga borib taqaladi. 30-yillar boshida mahalliy millat vakillari sanoat korxonalariga ko‘plab jalb qilingan. Ular zavod va fabrikalarda boshqalardan yomon ishlamagan. Lekin o‘sha pallada boshlangan mamlakat paxta mustaqilligi uchun kurash kampaniyasi yer ilmini yaxshi biladigan mahalliy millat vakillarini yoppasiga dalaga jalb qilishga olib keldi. Stalinizm zug‘umi esa bu narsani yanada chuqurlashtirgan. Mahalliy aholi asosan paxta ekish, yer ochish, kanal qazish bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Baribir, maqola mualliflarining gapida jon bor. Nima uchun, hatto hozir ham, sanoat korxonalariga mutaxassislar asosan chetdan olib kelinishi kerak Hurmatli mualliflar bu muammoni ochiqchasiga qo‘ygani uchun minnatdorchilik bildirish lozim. Negaki, yaqin-yaqinlargacha bu haqda biz gapirsak: «Nima, qardoshlarimiz bizning yurtimizga kelib ishlasa yomonmi, millatchilik qilish yaramaydi», degan ta’na eshitishimiz mumkin edi. Holbuki, bu muammo allaqachon pishib yetilgan. O’rta Osiyoda va ayniqsa O’zbekistonda turarjoy, ish va oziq-ovqat tanqisligi sezilib turibdi. Aholi zich yashaydigan Farg‘ona vodiysida ortiqcha ishchi kuchini qayoqqa qo‘yishni bilmay halak bo‘lishyapti. Shunday ekan, ulardan malakali ishchilar tayyorlash masalasiga jiddiy kirishish kerak. Bu muammo maqolada nihoyatda to‘g‘ri ko‘tarilgan.

Yer va suvdan jinoyatkorona foydalanish masalasida esa mualliflar bilan bahslashishga to‘g‘ri keladi. Maqolada, ko‘pincha odamlar bo‘sh yotgan yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri egallab olaveradi, shariat aqidasiga binoan esa kim ariq qazib suv chiqarsa, yer o‘shaning shaxsiy mulkiga aylanib qolaveradi, degan fikr aytilgan. Chamasi, bu o‘rinda kimdir mualliflarni chalg‘itgan yoki ular mahalliy sharoitni yaxshi bilmaydi. O’zbekistonda (ayniqsa, Farg‘ona vodiysida) har qarich yer, har tomchi suv hisobli. Kolxoz raisi yoki sovxoz direktori shariat-pariatni ikki pulga olmaydi. Unga paxta kerak!..

Yer va suvdan jinoyatkorona foydalanish O’rta Osiyo va jumladan, O’zbekiston dehqonlarining ochko‘zligiga bog‘liq, deb hisoblash aslo mumkin emas. Buning juda teran sabablari bor. O’zbekiston SSJ Fanlar akademiyasining akademigi M. Muhammadjonov ma’lumoti: Keyingi ikki besh yillik mobaynida O’zbekistonda sug‘oriladigan maydonlar 900 ming gektarga, ko‘paydi. Hozirgi paytda jumhuriyatda dehqonchilik qilinadigan 3,4 million gektar maydonning 1 million gektarga yaqini kamhosil yerlardir. 600—700 ming gektari esa toshloqlar, tik adirlar, qalin gips qatlami bilan qoplangan joylar, botqoqliklar, sho‘rxok va qumloq maydonlar. Turg‘unlik yillarida paxtaning yalpi hosilini ko‘tarish va tezroq shon-shuhrat qozonish uchun bunday yerlarga ham paxta ekildi.

Ko‘rinib turibdiki, yer va suvdan jinoyatkorona foydalanish azbaroyi eskilik sarqitlari va milliy urf-odatlarga emas, turg‘unlik yillarida avj olgan volyuntaristik siyosatta bog‘liq.

Maqolada shunday deyiladi:
«Tomorqa degani oddiy tushuncha emas. U — yerdan foydalanishning bir necha kategoriyalaridan iborat. Birinchisi — shaxsiy tomorqa. O’rta Osiyoning ko‘p tumanlarida tomorqaning maksimal miqdori 0,15 gektar deb belgilangan. Bu maydon turli yo‘llar bilan kengaytirib borilaveradi. Birinchisi — farzandlarni juda yoshlikdan va o‘z qarindoshlariga uylantirib qo‘yish, uylanib otasining qaramog‘ida yashab qolgan o‘g‘il xususiy uchastka olish huquqiga ega bo‘ladi va tomorqasiga chetga olib chiqib sotsa katta foyda keltirilgan xaridorgir ekinlarni ekaveradi.

«Sotib olish», ya’ni biron amaldorga pora berish usuli bilap ham xususiy tomorqani kengaytirish mumkin. 0,15 gektar tomorqa bahosi talay hollarda 30 ming so‘mgacha boradi. Odatda, bu xarajat nari borsa, ikki yil ichida o‘zini to‘la qoplaydi.

Ikkinchi kategoriya kolxoz va sovxozdan yer uchastkasini arendaga olish. Bizning kunlarda bu narsa «oilaviy pudrat», deb ataladi. Arendaga olingan yerni oilaviy usulda ishlash bilan bir qatorda, chetdan odam yollab, asosan, daydilar mehnatidan foydalanish imkoniyatlari ham kengaymoqda. Hatto qishloq xo‘jaligidan uzoq bo‘lgan kishi ham, oilasida besh nafar mehnatga layoqatli odam bor xonadon besh gektar yerga sepilgan piyozni eplashi mumkin emasligini tushunadi. Bunday paytda «oilaviy uchastkada» ba’zan «chidasa bo‘ladigan» narxda yollanma ishchilar ter to‘kadi. Bu esa o‘zgalar mehnatini ekspluatatsiya qilish demak». Avval o‘zgalar mehnatini ekspluatatsiya qilish masalasiga to‘xtalaylik. Masalan, O’zbekistonning tub aholisi besh gektar yerga piyoz ekib, «daydilar»ni ishlatgani va birovlar mehnatini ekspluatatsiya qilayotgani haqida ma’lumot bizda yo‘q. Birovlar mehnatini ekspluatatsiya qilishni bu qadar umumlashtirib, bir guruhni «kapitalistga», boshqa guruhni «jafokashga» ajratish «quloq qilish» zamonlarini eslatmasmikin? Mayli, birovlarni «ekspluatatsiya qilayotgayalarni» «zamonaviy quloqlar», deb atay qolaylik. Ammo O’zbekiston dehqonlari birovlarni ishlatish u yoqda tursin, o‘zi mehnat qilishi uchun ham maydon topishi mushkul.

Tomorqalarda «beqiyos» boylik orttirish muammosiga to‘xtalaylik. Mualliflar, O’rta Osiyoda tomorqaning maksimal miqdori 0,15 gektar (15 sotix) belgilangan, deyishganida haqli. Rostini aytganda, tog‘ va chul zonalarida hamon 20 sotix va hatto undan ham ko‘yroq tomorqalar bor. Ammo bular juda kamchilikni tashkil qiladi. Ustiga ustak, maqola mualliflari paxtakor nohiyalarida (ko‘proq O’zbekiston va Tojikistonda) tomorqa maydoni 6 sotixga, hatto 4 sotixga tushib qolgan joylar ham borligini bilishmasa kerak. Rasmiy ma’lumotlarga, qaraganda, bugungi kunga kelib, Farg‘ona vodiysidagi jamoat sektorlari, ya’ni paxta maydonlari ham oilaviy pudrat tarafdorlari o‘rtasida talash bo‘lib ketyapti. Andijon viloyatida jamoat sektorida mehnat qilishga layoqatli har bir qishloq xo‘jalik xodimiga 0,54 gektar,; Namangan viloyatida 0,55 gektar, Farg‘ona viloyatida 0,56 gektar paxta maydoni to‘g‘ri keladi. Tabiyki, oilaviy pudrat ishtirokchilari bu maydonda bola-chaqasi bilan qo‘shilib mehnat qiladi. Savol tug‘iladi. Oilaviy pudrat usulida ishlash uchun o‘ziga maydon topolmayotgan dehqon qanday qilib o‘zgalarni «ekspluatatsiya» qilsin? Shaxsiy tomorqalarda xaridorgir mahsulotlar yetishtirish, ularni boshqa jumhuriyatlarga olib borib, qimmat bahoda sotish va nihoyat bola ko‘paytirib, yangidan-yangi tomorqa maydonlariga ega chiqish masalasiga o‘taylik.

To‘g‘ri, jamoat sektoriga nisbatan tomorqada hosil ko‘proq bo‘ladi. Buning sababi shundaki, birinchidan, kolxoz va sovxozlarda asosan paxta ekiladi. Paxtadan yiliga faqat bir marta hosil olinadi. Ikkinchidan, dehqon paxtazorda amalda suv tekinga ishlaydi. Shu boisdan xohlasa-hoxlamasa, tomorqaga umid bog‘laydi. (Yashashi kerak-ku, axir). Lekin har sotix tomorqadan 1000 so‘m keladi, degani havoyi gap!

Iqtisod fanlari kandidati R. Abdumajidov ma’lumoti: Biz Farg‘ona vodiysi qishloqlarida sotsiologik tadqiqot o‘tkazdik. Har bir viloyatdan o‘rtacha 200 xonadon yashaydigan ikkitadan qishloq — biri eng «badavlat», biri eng «kambag‘al» qishloqlarni tanlab oldik. Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bu uch viloyatda 20 yil ilgari oilaning o‘rtacha tomorqa maydoni, 0,18 gektarga (ya’ni, 18 sotix) teng bo‘lgan, 1988 yili ushbu maydon o‘rtacha 0,08 gektarga (ya’ni, 8 sotixga) tushib qolgan. Aholisi zich joylarda dehqon 4 sotix tomorqa bilan cheklanadigan oilalar ham ko‘p. Tomorqadan olinadigan hosil va undan ko‘riladigan foyda masalasiga kelsak. Deylik, kolxozchining yoki sovxoz ishchisining o‘rtacha sakkiz sotix maydoni bor. Bundan ikki sotixi uy-joy, molxona, oshxona kabi binolarga chiqib ketadi. O’rtacha 6 sotixdan qoladi. Mabodo, shuncha maydonga shaftoli ekilsa, bir yilda 500—550 kilogramm hosil olish mumkin. Shaftolining davlat xarid narxi 50 tiyin. Demak, o‘z tomorqasidan paxtakor shaftoli sotish bilan 250—275 so‘m daromad olishi mumkin... Deylik, kolxozchi tomorqasga pomidor ekishi mumkin. Olti sotix maydonga 2500 tup pomidor ekdi. Ertangi pomidorning davlat xarid bahosi 55 tiyin, o‘rtangisi 35 tiyin, kechki pomidor 25 tiyin turadi. Hosilning 25 foizi yo‘qoladi. Sabzavot bazasiga olib borganda, pomidorni topshirolmay o‘tkazgan vaqtning o‘zida allaqanchasi chirib ketadi. Binobarin, kolxozchi tomorqasiga pomidor ekib ham boyib ketolmaydi. Shunday ekan, maqola mualliflarining O’rta Osiyolik dehqon har sotix tomorqadan yiliga o‘rtacha ming so‘mdan foyda ko‘radi, degan fikri haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bolasini yoshlikdan uylantirib yerni egallab olish masalasidagi gap ham o‘zini oqlamaydi.

Shu o‘rinda mualliflar haqli e’tiroz bildirishi mumkin: Biz O’rta Osiyoda tekinxo‘r chayqovchilar ko‘payib ketayotganini va buning ustiga islom aqidalari, dabdabali to‘ylar va ma’rakalar sababchi bo‘layotganini aytmoqchimiz. Bunga javoban, biz ham o‘z navbatida, so‘rashga majburmiz: Gap O’rta Osiyo dehqonlarining yerni egallab olayotgani va chayqovchilik qilib, boyib ketayotgani haqida boryapti. Agar dehqon har sotix tomorqadan yiliga ming so‘mdan foyda olayotgan bo‘lsa, talay kolxozchilar, ayniqsa, paxtakorlar nima uchun bunchalik kambag‘al turmush kechiradi? O’zga regionlardan kelib paxtazorda mehnat qilish va tomorqa olib har sotixidan ming so‘mdan to‘plashni xohlaydiganlar nega bunchalik oz!? Dehqon bilan chayqovchini, machit bilan xalq udumlarini aralashtirib yuborsak, to‘g‘ri bo‘larmikan?

«Turmushdagi islom» maqolasida O’rta Osiyo qishloq ahli yaylovlardan «amalda tekin foydalanib» boylik orttirayotgani; tug‘ilish ko‘pligi sababli, «bekorchi tekinxo‘r, chayqovchilar armiyasi» ortib borayotgani, lekin ular o‘zga regionlarga borishni xohlamasligi, Qur’onda ichkilik qoralangan bo‘lsa-da, narkotiklar haqida lom-mim deyilmagani, mamlakatda nashavandlikning avj olishiga islom peshvolari va «issiq respublikalar» ko‘p jihatdan aybdor ekani, ushbu yurtdagi to‘ylarda yarim kilodan bir kilogacha qoradori tortilmasa (mullalar fatvosi bilan), mehmonlar arazlab ketishi, buncha qoradori esa 50 mingdan 100 ming so‘mgacha baholanishi, odamlar shuncha pul topolmagani uchun chayqovchilik qilishga majbur bo‘lishi, ommaviy tartibsizliklarda nasha chekib, es-hushini yo‘qotgan yoshlar ko‘chaga chiqib, «g‘azovot!» deb chinqirayotgani XXI asr bo‘sag‘asida «din yo‘lida odam bolasini (ayollarni) qurbon qilishning varvarlik udumlari» butun O’rta Osiyo uchun umumlashtirilib bayon qilinadiki, bu da’volar tub zamirida yana musulmon ruhiga kishan solish muddaosi yotganligi o‘zbek o‘quvchisiga ayondir!..
Download 26,28 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish