2.5. Suyuq dori turlarini sifatini baholash va jihozlashga qo’yiladigan talablar.
Dorixona sharoitida tayyorlangan suyuq dori turlari sifatini baholashda quyidagi nazorat usullari qo’llaniladi:
Og’zaki nazorat: retsept va pasportining mutanosibligi.
Organoleptik nazorat: bir turliligi (emulsiyalar uchun), sedimentatsion barqarorlik vaqti (suspenziyalar uchun), mexanik aralashmalar mavjudligi (eritmalr uchun) baholanadi.
Fizik nazorat: hajmdagi (eritmalar uchun),massadagi (suspenziya va emulsiya) chetlanishlar.
Kimyoviy nazorat: tanlab tekshiriladi.
Dorixona muassasalarida tayyorlanadigan dori turlarining sifat darajasi amaldagi me'yoriy Farmakopeya maqolalari, O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining buyruqlari va yo'riqnomalari talabi asosida sifatni belgilovchi kompleks (uyg'un) ko'rsatkichlar bilan baholanadi.
Tayyorlangan dori turlarining sifatini baholashda “Qoniqarli” (yaroqli mahsulot) yoki “Qoniqarsiz” (yaroqsiz mahsulot) - degan terminlardan (so'zlardan) foydalaniladi. Tayyorlangan dori turlarining sifati quyidagi hollarda «Qoniqarsiz» (yaroqsiz mahsulot) deb baholanadi:
Tavsifi bo'yicha (tashqi ko'rinishi, rangi, hidi) talabga mos kelmaganda;
Tiniqligi va eruvchanligi bo'yicha talabga mos kelmaganda;
Suvda parchalanishi bo'yicha talabga mos kelmaganda;
Tarkibida mexanik qo'shilmalar va yot moddalar bo'lganda;
Chinligi bo'yicha talabga javob bermaganda:
- bir dori vositasi ikkinchisiga yanglishib, almashtirib qo'yilganda;
- retseptda yozilmagan dori vositasi qo'shib tayyorlanganda;
- retseptda yozilgan dori vositasi qo'shilmaganda;
- farmakologik ta'siri bo'yicha o'xshash dori vositasi o'rniga boshqasi qo'shilsa, lekin bu o'zgartirish haqida retseptda, yorliqda yoki talabnomada tegishli yozuv bo'lmaganda.
Tayyorlangan dori turi retseptda ko'rsatilgan miqdordan hajmi yoki og'irligi bo'yicha farq qilganda;
- dorining umumiy hajmi yoki og'irligi farq qilganda;
- alohida olingan dori vositalarining dozasi yoki soni farq qilganda;
- dori vositalarining alohida olingan miqdori og'irlik bo'yicha farq qilganda.
-pH ko'rsatkichi bo'yicha talabga mos kelmaganda;
-zichligi bo'yicha talabga mos kelmaganda;
Dorixonada tayyorlangan eritma solingan idishlar quyidagi yorliqlar bilan jihozlanadi:
a) sirtqi - to'q sariq rangli;
b) ichish uchun - yashil rangli;
d) ko'z tomchisi - pushti rangli;
e) ko'z surtmasi - pushti rangli;
f) inyeksiya uchun – ko’k rangli.
Yorliqda dori vositasining nomi lotin alifbosida, bemorning ismi sharifi, buyurtma raqami, qo'llash usuli, tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati, seriyasi, tahlili, bahosi, tayyorlagan, tekshirgan va ruxsat bergan mutaxassislarning familiyasi davlat tilida qo'l bilan yoziladi.
Dorixona muassasalari tomonidan tayyorlanadigan va idishga joylanadigan dori vositalarini tashqi bezashda ishlatiladigan yorliqlarning barchasida quyidagi shartli belgi va yozuvlar bo'lishi kerak: a) emblema (ilon o'ralgan vaza); b) dorixonaning nomi; d) dorining nomi; e) qo'llash usuli; f) bolalardan ehtiyot qiling; g) salqin va yorug'lik tushmaydigan joyda saqlansin - deb yozilgan ogohlantiruvchi yozuvlar; y) sirtqi - ishlatiladigan surtma dorilar yorlig'ida “surtma” degan, “ichish uchun” ishlatiladigan kukunlar yorlig'ida “kukun” degan yozuv, “ko'z tomchisi” dorisi yorlig'ida tomchi va ko'zning rasmi, “ko'z surtmasi” dorisi yorlig'ida ko'zning rasmi; inyeksiya uchun ishlatiladigan dorilar yorlig'ida ”sterlilangan” degan yozuv hamda ignali shpris rasmi bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |