2.4 Moddalarning eruvchanligi va eruvchanlikni aniqlash
Modda eruvchanligi deb, 100 g eritmani to'yintirish uchun kerak bo'lgan moddaning gramm miqdoriga aytiladi. Dori moddalar eruvchanligi to'g'risidagi ma'lumot davlat farmakopeyasida va shu dori moddasini ifodalovchi ma'lum texnik ma'lumotlarda keltirilgan. XI Davlat farmakopeyasida (1 tom, 176-bet) eruvchanlikni belgilash uchun atamalar qabul qilingan.
Eruvchanlikni aniqlash usuli. Aniq tortib olingan moddani o'lchab olingan suyuqlikka solinadi va 10 minut ichida 20±2ºC da to'xtovsiz chayqatiladi. Moddani hovonchada oldindan maydalab olish mumkin. Sekin eriydigan moddalar suv hammomida 30ºC gacha isitiladi. Faqat kuzatish uchun ularni ham 20ºC gacha sovutiladi va 1-2 minut chayqatiladi. Sekin eriydigan moddalar uchun erish sharoiti DF maqolalarida ko'rsatiladi. Moddaning eruvchanligi haroratga uzviy bog'liq. Dorivor moddalarning asosiy qismi harorat ko'tarilishi bilan eruvchanligi oshadi. Lekin ayrim holda, aksincha, harorat ko'tarilishi eruvchanlikni pasaytiradi (masalan, aktinomitsinlar, kalsiy tuzlari).
Tozalangan suv (Aqua purificata) rangsiz, hidsiz va mazasiz suyuqlik bo’lib, uning pH qiymati 5.0 - 6.8 ga teng. Farmakopeya talabi bo’yicha tozalangan suvning tarkibida qaytaruvchi xossali moddalar, nitrit va nitrat tuzlari, karbonat angidridi bo’lmasligi kerak. Suv farmakologik indifferent, hammabop va ko’pgina dori moddalarini yaxshi eritadi. Ammo suvda ba'zi bir dori moddalari tez gidrolizlanadi va mikroorganizmlarni ko’paytiradi. Tozalangan suv distillyatsiya, ion almashinish, elektroliz va qaytar osmos yo’llari bilan olinishi mumkin.
Etil spirti (Spiritus aethylicus) shaffof, rangsiz, spirtlarga xos hidli suyuqlik. 78°C da qaynaydi. Tibbiyotda ishlatiladigan spirt - etil spirti bo'lib, amalda vino spirti deb ham yuritiladi, 95%, 90%, 70%, 40% konsentratsiyalari ishlatiladi. Spirtli eritrna yozilganda konsentratsiyasi shifokor tomonidan ko'rsatilmasa, unda 90% spirt ishlatiladi. Etil spirti kraxmal saqlovchi donlardan bijg'itish yo'li bilan olinadi. Uni tozalab (rektifikatsiya) ma'lum bir darajaga yetkazilgandan so'ng iste'molga chiqariladi.
Etil spirti ko'pchilik dori moddalar uchun yaxshi erituvchi hisoblanadi. Ya'ni organik kislotalar, efir moylari, smolalar, yod va boshqalar spirtda yaxshi eriydi. Spirt boshqa erituvchilar bilan, chunonchi suv, glitserin, xloroform, efir bilan yaxshi aralashadi. Suvni spirt bilan aralashtirilganda aralashma isib, umumiy hajm kamayadi, buni amaliyotda kontraksiya hodisasi deb yuritiladi. Shu sababli ham suv-spirt aralashmasining ma'lum darajasini olish uchun uni albatta oldindan hisoblab, hajmlari belgilanib, so’ng aralashtirish kerak. Hisoblashda spirt-suv aralashma nisbatlarini ko'rsatuvchi alkogolometrik jadvallardan foydalanish mumkin.
Erituvchi sifatida etil spirti ichish va surtish uchun mo'ljallangan dori preparatlarini tayyorlashda ishlatiladi. Ba'zi hollarda esa inyeksiyaga mo'ljallangan dori preparatlari tarkibiga ham spirt kiritilishi mumkin.
Spirtni og’zi mahkamlangan shisha idishlarda, salqin yerda "B" ro'yxat saqlash zarur.
Moylar(oleum). Normal sharoitda tiniq, qovushqoq suyuqliklar kimyoviy jihatdan palmitin, stearin, olein kislotalarini glitserin bilan bergan uch atomli efirlari. Tibbiy amaliyotda ishlatiladigan moylar sovuq usulda presslab olingan bo'lishi kerak. Ko'p ishlatiladigan moylarga bodom moyi Oleum Amygdalarum - achchiq va chuchuk bodom danagidan olinadi. Shaftoli moyi - Oleum Persicorum - oddiy shaftoli, o'rik, olxo'ri va olcha danaklaridan olinadi. Bu moylar tibbiy amaliyotda dorivor moylar hisoblanib, dorilarning moyli eritmalarini va inyeksion eritmalar tayyorlashda ishlatiladi. Moyli eritmalarni tayyorlashda kungaboqar moyi (Oleum Helianthi) araxis moyi - yeryong'oqdan olinadi, kunjut moyi (Oleum Ricini) va boshqa moylar ham qo'llaniladi.
Xloroform (Chloroformium) rangsiz,tiniq,õziga xos hidga va shirin ma'zaga ega uchuvchan suyuqlik. Etil spirti va efir bilan cheksiz aralashadi. Xloroformda suvda erimaydigan yoki kam eriydigan dori moddalar: borat kislota, butadion, kamfora, levomitsetin, xlorbutanolgidrat ,mentol va boshqalar yaxshi eriydi.
Tibbiyot efiri (Aether medicinalis) rangsiz, shaffof, oquvchan va oson alangalanuvchi o’ziga xos hidli uchuvchan suyuqlik. U ko’pgina dori moddalarini eritadi, 12 qism suvda eriydi. Eritish xususiyatiga ko’ra xloroformga o’xshash.
Glitserin (Glycerinum) quyuq, shaffof, rangsiz gigroskopik suyuqlik. Glitserin o’z tarkibida yot modda sifatida akrolein, moy, qaytaruvchi modda va boshqalarni saqlamasligi kerak. Glitserinda borat kislota, natriy tetraborat, xloralgidrat, natriy gidrokarbonat, tanin, protargol va boshqalar oson eriydi. Farmatsevtika amaliyotida absolut glitserin ishlatilmaydi (spirt kabi). Aksincha tarkibida 86-90% glitserin saqlovchi, zichligi 1.225-1.235 ga teng suv bilan suyultirilgan glitserin ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |