K I R I Sh.
1-MAVZU
Dirijyorlik qilish malakalarini shakllantirish.
Dirijyorlik tarixi. Xor va xalq cholg’u asboblari tarixi
O‘zbekiston musiqiy san’atida dirijyorga, dirijyorlik san’atiga nisbatan qiziqish doim o‘sib bormoqda. Professional orkestrlar bilan bir qatorda maktab va havaskorlar orkestrlari soni ham oshib bormoqda. Professional va havaskorlar orkestrlari dirijyorlarining faoliyat yuritish shart-sharoitlari va vazifalari g‘oyat xilma-xil, lekin ularning barchasiga xos bitta umumiy narsa bor: ular dirijyorlik qila bilishi, o‘zlarining ishini puxta bilishi kerak, ya’ni nafaqat yaxshi, madaniyatli musiqachi bo‘lishi, shu bilan birga maxsus dirijyorlik ma’lumotlarining zarur hajmini egallagan bo‘lishi va ulardan foydalana bilishi lozim. Dirijyorlik qilish uchun yaxshi skripkachi yoki trubachi bo‘lish yetarli bo‘lmaydi, buning ustiga yana dirijyorlik mahoratini ham egallash talab qilinadi. Har qanday musiqachi singari dirijyor uchun ham o‘qituvchi nazorati ostida o‘rganiladigan muayyan uslubga asoslangan shaxsiy ish zarur.
Dirijyor har tomonlama ma’lumotli musiqachi bo‘lishi kerak. Shuning uchun, odatda, u yoki boshqa ixtisoslik bo‘yicha musiqiy ma’lumotni olgandan keyin dirijyorlik mahoratini o‘rganishga kirishiladi. Dirijyor ana shunisi bilan ham boshqa ijrochilardan farq qiladi.
Maxsus dirijyorlik ma’lumotining yo‘qligi ko‘pincha nafaqat oddiy dirijyorlarning ijrochilik amaliyotida, shu bilan birga g‘oyat katta iqtidorli dirijyorlarning konsert faoliyatida ham jiddiy va achinarli hollarga sabab bo‘lgan.
Dirijyorlik qilish musiqa ijrosining eng murakkab turi hisoblanadi.
Hozirgi dirijyorlik san’atida, odatda, uning ikki jihati: taktlash, ya’ni musiqachilar jamoasini boshqarishning barcha texnik usullari (tezlik, dinamikani ifodalash, boshlang‘ich qismlarni ko‘rsatish va hokazo) majmuasi va ijroning ifodali jihatiga dirijyorning ta’sir etishiga tegishli bo‘lgan hamma narsani o‘z ichiga oladigan dirijyorlik jihatlari farqlanib turadi.
Umuman dirijyorlikning badiiy-ifodalash va texnik jihatlarini san’at deb atasa hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
Agar dirijyorlarning imo-ishoralari va harakatlarini diqqat bilan kuzatadigan bo‘lsak, unda ularning ijrochilarga va, binobarin, ijroning o‘ziga turlicha ta’sir ko‘rsatishlarini ko‘rish mumkin. Masalan, bir dirijyorning imo-ishora va harakatlari ta’sirchan bo‘lmasdan, ijrochilarni hayajonga solmasa ham, lekin orkestr uning rahbarligida bemalol va yengil ishlashi mumkin. Boshqa bir dirijyorning imo-ishora va harakatlari juda ifodali va ta’sirli bo‘lsa-da, lekin u bilan ishlash unchalik qulay bo‘lmasligi ham mumkin. Bu shunday bir fikrni uyg‘otadi: demak, dirijyorlik san’atida qandaydir ikki xil jihat bo‘lib, ularning biri asarning birgalikda ijro etilishi, sur’atning aniqligi va hokazo, ikkinchisi esa – ijroning badiiyligi va ifodaliligiga ta’sir qiladi. Ko‘pincha ana shu ikki jihatni taktlash va dirijyorlik kategoriyalari deb ham atashadi. Yana shuningdek, taktlashning haqiqatdan ham zamonaviy dirijyorlik texnikasining negizini tashkil etishi va ko‘p jihatdan uning bazasi hisoblanishi ham bunday bo‘linishni izohlashi mumkin. Takt o‘lchovini imo-ishora orqali ifodalab, dirijyorlik texnikasining hamma usullari bilan bog‘liq bo‘ladi va uning ta’sir ko‘rsatish tusi va usullari shakliga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Masalan, taktlashdagi har bir harakat ko‘proq yoki kamroq ko‘lamga ega bo‘lib, u bevosita ijroning jo‘shqinligini aks etttiradi. Boshlang‘ich qismning ko‘rsatilishi u yoki boshqa shaklda imo-ishoraning bir qismi sifatida taktlash tarkibiga kiradi. Buni barcha texnik vositalarga tegishli deyish mumkin. Shu bilan birga, taktlash – bu faqat dirijyorlik texnikasining boshlang‘ich va oddiy bir jabhasidir. Taktlashni o‘rganib olish nisbatan unchalik qiyin emas. Har bir musiqachi qisqa muddatda uni o‘rganib olishi mumkin. Afsuski, oddiy taktlash texnikasini o‘zlashtirib olgan ko‘pgina musiqachilar «bo‘ldi, endi bemalol dirijyorlik pulti yoniga turib olsam bo‘laveradi», deb xato o‘ylashadi.
Dirijyorning imo-ishoralari va harakatlarini tahlil qilganda ularda hijjalash, stakkato va legato xususiyatlari, urg‘u, jo‘shqinlik, sur’atning o‘zgarishini ko‘rsatish, tovushning sifatini belgilash kabi texnik harakatlarni qayd qilish mumkin.
Bunday usullar taktlash doirasidan chetga chiqib ketadi, chunki ular boshqacha va pirovard oqibatda ifodalash ma’nosidagi vazifalarni bajaradi.
Shunga asoslanib, dirijyorlik texnikasini quyidagi qismlarga bo‘lish mumkin. Dirijyorlik texnikasining birinchi qismi – bu quyi tartibdagi texnika bo‘lib, u taktlash (o‘lcham, vazn, sur’atning ifodalanishi) va boshlang‘ich qismni, tovushning olinishini ko‘rsatishni, fermatalar, tanaffuslar, bo‘sh taktlarning ko‘rsatilishini o‘z ichiga oladi. Ushbu usullar majmuini qo‘shimcha texnika deb atash maqsadga muvofiqdir, chunki u faqat dirijyorlik san’atining oddiy negizi bo‘lib xizmat qiladiyu, lekin uning ifodaliligini belgilay olmaydi. Biroq u juda muhim, chunki qo‘shimcha texnika qanchalik mukammal bo‘lsa, dirijyorlik san’atining boshqa tomonlari shunchalik erkin namoyon qilinishi mumkin.
Dirijyorlik texnikasining ikkinchi qismi – bu yuqori tartibdagi texnik vositalar bo‘lib, ular sur’at, jo‘shqinlik, urg‘u berish, artikulyatsiya, hijjalash, legato va stakkato xususiyatlarining o‘zgarishini belgilashga yordam beradigan usullar – tovushning tezligi va tusi haqida tasavvur beradigan usullardan, ya’ni ifodali ijroning hamma elementlaridan iborat bo‘ladi.
Ushbu usullar yordamida bajariladigan funksiyalarga muvofiq tarzda ularni ifodalash vositalari sifatida tasniflash va butun dirijyorlik texnikasi sohasini esa – ifodalash texnikasi deb ham atash mumkin.
Dirijyor oldida taktlash va ifodalash texnikasining jami vositalaridan foydalanib, o‘zining imo-ishoralari va harakatlariga obrazli aniqlilikni berish vazifasi turadi.
Imo-ishoralar va harakatlar kam ta’sirli va ta’sirchan bo‘ladi. O‘z tabiatiga ko‘ra ta’sirchan bo‘lgan, lekin bunday ta’sirchanlik ularning dirijyorlik san’atida aks etmaydigan dirijyorlar ham uchraydi. Ko‘pincha ular tortinchoq kishilar bo‘lishi mumkin. Tajriba orttirilishi va dirijyorlik malakalarini egallash bilan tortinchoqlik yo‘qolib, his-tuyg‘ular ancha bemalol namoyon bo‘ladi. Shuningdek, ta’sirchanlikning yo‘qligi ijrochilik fantaziyasi, xayol qilish, musiqiy tasavvurlarning qashshoqligi bilan ham bog‘liq bo‘ladi.
His-tuyg‘ulari «haddan oshib ketgan» dirijyorlar toifasi ham bor. Bunday dirijyorlar asabiy hayajonlanish holatida turganida faqat ijroning boshqarilishini o‘zgartirishi va ayrim hollarda ko‘proq ifodalilikka ham erishishi mumkin. Umuman olganda, ularning dirijyorlik qilishi chala-chulpalik va uyushmaganlik xususiyatlari bilan farqlanadi. Dirijyorlik san’atining badiiy va texnik jihatlari dialektik birlikda bo‘lib, zohiran bir-biriga qarama-qarshi kelishi, ba’zan hatto bir-birini bosib ketishi ham mumkin.
Masalan, hissiy, ifodali dirijyorlik qilishda unchalik aniq bo‘lmagan imo-ishoralar va harakatlar bajarilishi mumkin. Ichki kechinmalariga berilib ketgan dirijyor texnikani unutib qo‘yadi va natijada ijroning ansamblliligi, aniqligi, birgalikda bajarilishiga putur yetadi.
Yana boshqacha vaziyatlar ham uchraydiki, unda dirijyor ijroning aniqligi, puxtaligiga erishaman deb, imo-ishoralarining ifodaliligini yo‘qotishi va dirijyorlik qilmasdan, atigi «taktga solib turishi» ham mumkin. Shuning uchun pedagogning eng muhim vazifasi – bu o‘z o‘quvchisida dirijyorlik san’atining har ikkala jihati – texnik va badiiy jihatlarining uyg‘un tarzda mutanosib rivojlantirilishiga erishishdir. Shubhasiz, ularni o‘zlashtirib olish uchun ijodiy fantaziyaga, musiqiy obrazli fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lish, ayniqsa, o‘zining badiiy tasavvurlari va ifodali imo-ishoralarini tatbiq qila olish malakalarini namoyon qilish kabi fazilatlar talab qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |