Mazhabsizlik va uning oqibatlari. Bugungi kunda turli guruhlar tarafidan mazhablarni inkor qilish holatlari uchrab turibdi. Ular mazhabsizlik g‘oyasini ilgari surib, asosiy maqsadlari asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan fiqhiy mazhablarni inkor qilishdan iborat. Mazhabsizlik g‘oyasi deyarli 12 asrdan ortiq vaqt mobaynida yashagan minglab ulamolarning butun umrlarin davomida olgan ilmlari va qoldirgan meroslarini, yozgan asarlarini bekorga chiqaradi. SHu bilan birga asrlar davomida amal qilinib kelinayotgan an’analar noto‘g‘ri, ularga amal qilgan musulmonlar esa adashgan ekan degan xulosaga olib keladi. Bundan tashqari musulmonlar birligini xavf ostida qoldiradi. Zero, Muhammad payg‘ambar (alayhis-salom) hadislarida: «Alloh ummatimni zalolatda jamlamaydi», «Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzurida ham yaxshidir» (hadislarni Hokim Naysaburiy rivoyat qilgan), deyilgan. Mazhablar ham musulmonlarning birligi. Olimlar butun umrini shariat ilmiga bag‘ishlab, undagi o‘ta nozik masalalarni o‘rganish uchun umrining ko‘p yillarini bag‘ishlaganlar, Qur’on va hadislarda uchraydigan va barcha insonlar tushunishi qiyin bo‘lgan holatlarni fahmlash va tushunishga oson shaklga keltirib so‘ngi xulosalarni berganlar.
Mazhabsizlik g‘oyasini soxta salafiylar ilgari surmoqda. Ularning fikricha, fiqhiy mazhablar tomonidan ishlab chiqilgan qoidalarni to‘g‘ri tushunish usuli sifatida tan olinmaydi, balki shariat ahkomlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga tadbiq etish lozim deb hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, mazhabsizlarning da’vosi bo‘yicha har bir kishi, o‘zi Qur’ondan yoki hadisdan hukm olishi mumkin. Chunki mujtahidlarning xulosasi boshqalar uchun asos bo‘la olmaydi, har bir odam o‘zi fatvo berishi mumkin. Ularning bu g‘oyasiga amal qilinsa, barcha Qur’on va hadisdan hukm olishga o‘tsa, jamiyat hayoti o‘z-o‘zidan izdan chiqadi. Chunonchi tibbiyot, arxitektura va hokazo soha vakillari ham o‘zlari mustaqil tarzda Qur’on yoki hadislarni o‘rganib o‘z masalalarini hal etishlari lozim bo‘lib qolar edi.
Mazhabsizlikni targ‘ib qilayotgan soxta salafiylik mafkurasiga ko‘ra fiqhiy mazhablar tomonidan ishlab chiqilgan kategoriyalar shariatni to‘g‘ri tushunish uslubi sifatida tan olinmaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shariat ahkomlarini amalga tadbiq etiq eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.
Bu yo‘l bilan minglab olimlarning mashqqat bilan amalga oshirgan ishlarini bekorga chiqaradi. Shu bilan birga asrlar davomida musulmonlar tomonidan amal qilinib kelinayotgan an’analarni noto‘g‘riga chiqarib, musulmonlarni adashgan degan xulosani beradi. Buning natijasida musulmonlar orasi parokandalikka yuz tutadi. Hozirgi kundagi ahli sunna val jamoa musulmonlarining barchasi to‘rt mazhabdan biriga ergashadi. Shu bilan birga ular bir-birini inkor qilmaydi va aqidada bir hisoblanadi. Zero, Payg‘ambar (alayhis-salom): «Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas», «Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzurida ham yaxshidir» (imom Hokim Naysaburiy rivoyati) deganlar.
Mazhabsizlarning da’volaridan yana biri faqat sahih hadisga amal qilish lozim, chunki mujtahidlar har xil fatvo chiqarganlar, shuning uchun bu bo‘linish hisoblanadi, deydilar. Aslida mazhablardagi bir masalaga turlicha qarash mujtahidning o‘sha masalani qanday tushunishi bilan bog‘liq. Arab tili boy til bo‘lgani sababli, bir olim Qur’ondagi so‘zning bir ma’nosini qabul qilgan bo‘lsa, ikkinchi mujtahid boshqa ma’nosini olgan. Hukm ham, hadislardan hukm olish ham shunga yarasha bo‘lgan. Bir mujtahid bir hadisni olgan va unga qarshi bo‘lgan hadisni esa, hukmi o‘chgan deb, boshqa mujtahid esa, o‘sha hadisni hukmi o‘chmagan deb qabul qilgan.
Bulardan tashqari Payg‘ambar (alayhis-salom) tomonidan sahobiylarga ham o‘z o‘rniga qarab turlicha masalahatlar berilgan. Sahobiylar esa, turli joylarga tarqalib, borgan joylarida o‘zlari bilgan ilm bilan boshqalarni tanishtirganlar. Shunga o‘xshash va boshqa sabablar bilan mazhablar orasida bir masalaga turlicha fatvolar berish holatlari paydo bo‘lgan. SHunday bo‘lsada mazhablar bir-birlarining hukmlarini xato deb hisoblamaydilar va boshqa hukmni hurmat qiladilar.
Shu o‘rinda fatvo va muftiy haqida to‘xtalib o‘tish o‘rinli. «Fatvo» deb lug‘atda «mushkul ishga javob qidirish», «savolga javob berish», «shariat masalalari yuzasidan fatvo chiqarmoq», «maslahat bermoq», «muftiyning xulosasi» degan ma’nolarni bildiradi. Istilohda esa, «dalilga asoslanib, shar’iy hukmni so‘rovchiga bayon qilib berish» ga fatvo deyiladi. Hanfiy mazhabi olimlaridan Taqiy Usmoniy fatvoni «diniy masalalarga javob berishdir», degan. «Muftiy» deb shariat hukmlari borasida fatvo beradigan odamga aytiladi. Faqih Qarofiy shunday degan: «Muftiylar Alloh taoloning tarjimonlaridir. Chunki ular nass (Qur’on va hadis)ga tayangan holda hukm chiqaradilar». Imom SHotibiy: «Muftiylar ummat uchun Rasululloh (alayhis-salom) maqomlarida bo‘ladilar. Bunga dalil qilib: «Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham emas, balki ilmni meros qilib qoldirganlar» (imom Termiziy rivoyati), hadisini keltiradilar» deb sharhlagan.
Bugungi kundagi hanafiy olimlaridani biri shunday deydi: «Mohir ustozlarning huzurida fiqhni o‘rganmagan kimsaning fatvo berishi mumkin emas. Ustozlar huzurida fiqhni o‘rgangan kishining fatvo berishi mumkin bo‘lmaganidek, o‘zi (mutaqil ravishda) fiqhiy kitoblarni mutolaa qilgan kimsaning ham fatvo berishi mumkin emas. Hatto u ahkom usullari, qoidalari va illatlari bilan tanishib chiqib, malaka hosil qilgan bo‘lsa ham, mo‘‘tabar kitoblarni boshqalardan ajratib olgan bo‘lsa ham mumkin emas».
Hatto Payg‘ambar (alayhis-salom) zamonlarida Qur’on oyatlari nozil bo‘layotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan va din ilmlarini U zotdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olgan sahobalar ham fatvo berishdan ehtiyot bo‘lib va xato qilishdan qo‘rqib javob berishni bir-birlariga havola qilib «falonchidan so‘ra» deganlar.
Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkinki, barcha odamlarga, hatto u diniy kitoblarni o‘qib tushunsa ham diniy masalalarda fatvo berishi mumkin emas. Balki fatvo berish chuqur bilimli, shu sohada o‘zini ko‘rsatgan mutaxassis kishilarga mumkin bo‘ladi. Bu fikrni qo‘llash quyidagi rivoyat qo‘llaydi. Kishilar muhaddis olim, hanbaliy mazhabi asoschisi Ahmad ibn Hanbaldan yuz ming hadisni yod bilgan odam fatvo bersa bo‘ladimi, deb so‘raganlarida, u kishi, yo‘q, deb javob berganlar. So‘rovchilar yodlanishi lozim hadislarning sonini yuz mingdan oshirib borganlar, imom Ahmad yo‘q, deb javob beraverganlar, besh yuz mingga yetganlarida, umid qilaman, deganlar.
Odamlar shariat bilimlarini bilish darajasiga ko‘ra xos va ommaga bo‘linadi. Xos kishilar muayyan soha bilan shug‘ullanib, uni mukammal o‘rgangan mutaxassislar hisoblanadi. Omma esa, o‘zlarining kasblari bilan mashg‘ul bo‘lib, kerakli vaqtda mutaxassisga murojaat qilib, o‘z masalasini xal qiladilar. Shariy hukmlar masalasida ham xos kishilar – mujtahid-faqihlar shug‘ullanib, ommaga uning masalalarini yetkazib, tushuntirganlar. Omma esa unga amal qilgan. SHariy nuqtai nazardan odamlar mujtahid va muqallidga bo‘linadi. Manbalarda mujtahid deb ijtihod qilish (muayyan ilmiy salohiyatga ega faqih olim shariatning mufassal dalillaridan shar’iy hukmlarni chiqarib olishi, ya’ni istinbot qilish jarayoni) faoliyati bilan shug‘ullanadigan kishiga aytilgan. Mujtahid olimlar shariatning mustaqil manbasi emas. Balki mujtahid shariat qonunlarini sharhlovchisi va uning manbalarni tushuntiruvchisi deb tan olinadi.
Omma ijtihod qila olmaydigan, boshqacha qilib aytganda, mustaqil tarzda shariat manbalarini tushunmaydi va ulardan qanday hukm olinishini bilmaydigan kishilardir. Ular mujtahidga taqlid qiladi va u muqallid-taqlid qiluvchi deyiladi. Taqlid qiluvchi mujtahidning hukmiga amal qiladi. Musulmonlarning asosiy qismi shu guruh – taqlid qiluvchilar guruhidan iborat. Shu kungacha yashagan musulmon olimlarining faoliyati natijasida mazhablar jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Mazhabsizlik va shunga o‘xshash fikrlarni islom dushmanlari musulmonlar orasida tarqatishga harakat qilmoqda. Olimlardan Shoh Valiulloh Dehlaviy to‘rt mazhabdan biriga taqlid qilish haqida: «Bilginki, ushbu to‘rt mazhabning birini ushlashda (taqlid qilishda) ummat uchun katta foyda va afzallik bor. Ulardan yuz o‘girishda katta fasod bor», degan.
Aslini olganda, musulmonlar Payg‘ambar (alayhis-salom)ga ergashadi, mujtahidlarga taqlid qiladi xolos. Ulamolarning tutgan yo‘llari haqida mashhur muhaddis Zahabiy: «Biz, to‘rt imom (Abu Hanifa, Molik, Shofeiy, Ahmad), ikki Sufyon (Sufyon Savriy va Sufyon ibn Uyayna), Avzoiy, Dovud Zohiriy, Ishoq ibn Rohuvayh va boshqa imomlar haq yo‘lda bo‘lganlar, deb ishonishimiz lozim. Ular o‘zlari haqda aytilayotgan ayb (gap)lardan pok bo‘lib, ularga e’tibor qaratilmaydi. Boshqa mujtahid muayyan bir mazhabga ergashishi shart... Ikki haram imomi (Juvayniy) ta’kidlaganidek, sahobiy va tobeinlarga ergashib bo‘lmaydi, chunki ularning mazhabi yozilmagan va shakllantirilmagan. Qozilik masalalari va fatvo berishda to‘rt mazhabdan boshqasiga taqlid qilinmaydi», degan. Boshqa bir olim Tojuddin Subkiy shunday yozadi: «Ushbu to‘rt mazhab (hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy), Alloh rahmati ila, e’tiqodda bir bo‘lgan. Ularning ayrim izdoshlari mo‘‘taziliylar va mujassimaga qo‘shilib ketganlariga qaramasdan, mutlaq ko‘pchiligi haqiqatga rioya qilganlar...». «Ahli sunna val-jamoa» olimlari to‘rt mazhabdan biriga taqlid qilish shart ekani borasida ixtilofga bormaganlar.
Xulosa qilib aytish mumkinki, islomdagi fiqhiy mazhablar musulmonlarning birligini saqlashga va xalqning diniy hukmlarga rioya etishlaridagi qiyinchiliklari oldini olishga xizmat qilgan. Biroq mazhablarni inkor qilish musulmonlar qalbiga turli shubhalarni solish barobarida sof islom aqidasini buzish va jamiyatda ixtilofli holatlarni keltirib chiqarishga qaratilgan.
Mavzu bo‘yicha savollar
Islomda ilk bo‘linish qaysi yili bo‘lib o‘tgan?
Fiqhiy mazhablarning paydo bo‘lishiga qanday omillar bo‘ldi?
Imom Abu Hanifa kim va u qanday mazhabga asos soldi?
Mazhabsizlik da’vo qilayotgan buzuq qarashlarning qanday salbiy oqibatlari bor?
Mustaqil ish topshiriqlari
Islom tarixida ixtiloflar va ularning xal etilishi.
Fiqhiy mazhablar tarixi.
Hanafiy mazhabi manbalari.
Salafiylik va uning tarixi.
Adabiyotlar
Tulepov A. Islom va aqidaparast oqimlar. To‘ldirilgan nashr. Mas’ul muharrir Shayx Abdulaziz Mansur. – Toshkent: SHarq, 2014. – 536 b.
Aminov H., Primov S. Hanafiy fiqhi tarixi, manbalari va istilohlari. – Toshkent: TIU nashriyot-matbaa birlashmasi, 2011. – 160 b.
Muhammad Anvar Badaxshoniy. Aqidatut-tahoviya sharhining talxiysi. – Toshkent: 2015. – 448 b.
Ochildiyev O., Rahimjonov D., Muhamedov N. Va boshq. Dinshunoslik asoslari (o‘quv qo‘llanma). – Toshkent: TIU nashriyot-matbaa birlashmasi, 2013. – 320 b.
Mo‘minov A., Yo‘ldoshxo‘jayev H., Rahimjonov D., va boshq. Dinshunoslik. – Toshkent: Mehnat, 2004. – 296 b.
Abdullayev A., Hakimova N., Jo‘rayev SH., Karimov J. Ilmdan boshqa najot yo‘q. – Toshkent: TIU nashriyot-matbaa birlashmasi, 2015. – 156 b.
6-mavzu. MUSULMONLARNING AN’ANA, MAROSIM,
URF-ODAT VA BAYRAMLARI
Reja
An’ana, marosim, urf-odat va bayram tushunchalarining ta’rifi.
Musulmon xalqlari diniy marosimlari.
Diniy bayramlarning kelib chiqishi tarixi.
Milliy va diniy an’analarning umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unligi.
Tayanch tushunchalar: An’ana, urf-odat, diniy marosim, bayram, milliy qadriyatlar, diniy qadriyatlar, umuminsoniy qadriyatlar, iftor, ehson, aqiqa, amru-ma’ruf, mavlid, ramazon hayiti, qurbon hayiti.
Mavzu o‘quv maqsadi: Musulmon xalqlari diniy bayram va marosimlarning kelib chiqishi tarixi, mazmun-mohiyati hamda umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashgan urf-odat va an’analarni qadrlash madaniyati haqida talabalarda keng tasavvur hosil qilish.
1.An’ana, marosim, urf-odat va bayram tushunchalarining ta’rifi Milliy va diniy an’analarda qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Chunki u insonlarga axloqiy poklik, ezgulik, go‘zallik, poklik, haqiqat, erkinlik, adolat, do‘stlik, muhabbat, halollik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi yuksak fazilatlarni targ‘ib etadi.
Har bir xalqning o‘ziga yarasha urf-odatlari, marosimlari bo‘ladi. Agar biz dunyo xalqlarining hayotiga nazar tashlasak, bir-biriga o‘xshamagan, turli-tuman marosimlarni ko‘ramiz. Marosimlar jamiyat, xalq va shaxs hayoti faoliyatidagi muhim o‘zgarishlar, ijtimoiy ahamiyatga molik voqea-hodisalar bilan bog‘liq bo‘lib, ular ibrat orqali tarbiyalash, ruhiy-estetik ta’sir ko‘rsatish vazifasini bajaradi.
Marosimlarda milliy, diniy urf-odatlar va rasm-rusumlar ham o‘z ifodasini topgan. U yoki bu halqning paydo bo‘lish tarixi qanchalik uzoqqa borib taqalsa, uning milliy an’analari, urf-odatlari, marosimlari ham shunchalik teran tarixiy ildizga ega. Ular xalqning ma’naviy ehtiyojlari zaminida paydo bo‘lib, shakllanib, sayqallanib o‘z mazmunida shu xalqning orzu-o‘ylari, istaklari, turmush tarzi, axloq normalarini mujassam etadi. Shuning uchun ham har bir xalq, millat, elat ularni ko‘z qorachig‘iday avaylab-asrashni, taraqqiy ettirishi, kelgusi avlodlarga ma’naviy qadriyat sifatida yetkazmog‘i lozim.
Darhaqiqat, an’analar, urf-odatlar marosim va bayramlar xalqning, millatning ma’naviyati, qadriyatlarining ajralmas qismidir.
Shu o‘rinda an’ana, urf-odat, marosim va bayram tushunchalarining bir-biridan farqli va o‘xshash jihatlariga berilgan ta’riflarni keltirib o‘tamiz:
An’ana – tarixiy taraqqiyot jarayonida va ijtimoiy ehtiyojlar asosida vujudga keladigan, ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib o‘tadigan, kishilar madaniy hayotiga ta’sir o‘tkazadigan madaniy hodisadir. An’ana o‘ziga xos ijtimoiy qoida sifatida kishilar ongiga singgan (umum yoki ma’lum guruh tomonidan), qabul qilingan tartib va qoidalar majmuasi hisoblanadi.
An’ana – jamiyat hayoti turli sohalarining, moddiy va ma’naviy faoliyat shakllarining, kishilar o‘rtasidagi aloqalar va munosabatlarning avloddan-avlodga o‘tishi, ajdodlar hayoti, belgilari va xususiyatlarining takrorlanish tarzidir. Dunyoda an’analar va urf-odatlarga ega bo‘lmagan millat yoki elat yo‘q. Shu ma’noda, an’analar butun insoniyatga xos tushunchadir.
Diniy va milliy an’analar xalqlarning tarixiy rivojlanishi jarayonida shakllanadi va sayqallanadi. Davr talabiga javob bergan an’analar unutilmaydi, avlodlarga meros qoladi, xalq hayotining tarkibiy qismiga aylanadi. Har bir el, millat yoki xalq o‘z an’analarini rivojlantiradi, asrab-avaylaydi. An’analarda xalq dahosi, turmush tarzi, madaniy kamolot darajasi aks etadi. Unda milliy ong va milliy qiyofa gavdalanadi. An’analarni mensimaslik, ular mansub xalq yoki millatni hurmat qilmaslikdir. An’analar yoshlarni tarbiyalash, ularga keksa avlodning tajribalarini o‘zlashtirish vositasi hamdir.
Marosim – bu so‘zning ko‘pligi sifatida “rasm-rusum” so‘zi ishlatiladi. Arab tilidan tarjima qilinganda bu “tadbir” degan ma’noni anglatadi. Bu so‘zga quyidagicha ta’rif keltirilgan, ya’ni, 1) diniy yoki an’anaviy urf-odatlar munosabati bilan o‘tkaziladigan ma’raka, yig‘in: to‘y marosimlari, dafn marosimlari; 2) tantanalar bilan o‘tkaziladigan rasmiy yig‘in: yubileylar, mukofot berish marosimi va boshqalar.
Marosim atamasi nisbatan tor tushuncha bo‘lib, u shu xalq hayotining ma’lum sohalarida omma tomonidan qabul qilingan ko‘pincha ramziy harakatga ega bo‘lgan va ma’lum kishilar majmui tomonidan maxsus uyushtiriladigan namoyishlardan iborat. Shuningdek, marosim – inson hayotining moddiy va ma’naviy turmushining talab va ehtiyoji tufayli yuzaga kelgan va keladigan hodisadir. Har qanday marosim u yoki bu xalqning ma’lum bir tarixiy taraqqiyoti bosqichidagi ijtimoiy – iqtisodiy, siyosiy hamda madaniy rivojlanish darajasini ko‘rsatuvchi asosiy belgilarni o‘zida mujassamlashtirgan holda vujudga keladi va yashaydi.
Urf-odat – tushunchasi esa, keng bo‘lib, u o‘z ichiga xalq hayotining barcha tomonini – oddiy kundalik udum, rasm-rusmlar, o‘zaro muomala tarzi hamda barcha marosimlarni butunicha qamrab oladi.
Urf-odat deganda kishilarning tushunchasiga singib ketgan, ma’lum muddat takrorlanib turuvchi xatti-harakat, ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari ko‘nikmasi tushuniladi.
Demak, marosim va urf-odatlar belgilangan qisqacha qaydlardan ham ko‘rinib turibdiki, urf-odat tushunchasi xalq hayotining barcha sohasini o‘z ichiga qamrab olsa, marosim tushunchasi hayotning muayyan sohalarigagina aloqador xolos. Urf-odat bir vaqtning o‘zida bir shaxs yoki ko‘pchilik tomonidan bajarishi majburiy qoida bo‘lsa, marosim belgilangan shaxslar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan hatti-harakatdir. Xususan, kichikning kattaga birinchi salom berishi yoki ko‘pchilikka kamchilikning salom berishi yohud mehmonlarga alohida hurmat ko‘rsatish, bayram arafasida yaqinlari, keksa qariyalar, qo‘ni-qo‘shnilar holidan xabar olish kabi ko‘rinishlar o‘zbeklarga xos milliy urf-odatlardir.
Urf-odat va rasm-rusumlar bir-birlariga juda yaqindan bog‘liqdir, biri ikkinchisining tarkibiy qismi hisoblanadi. Urf-odat va rasm-rusumlar har bir millat va elatning tarixi, turmush tarzi va boshqa omillar ta’sirida o‘ziga xos ravishda shakllanadi. O‘z navbatida, u millat va elatning o‘ziga xos qiyofasini belgilovchi xususiyatlardan biridir.
Bayram – turkiycha katta yig‘in, to‘y ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa keng nishonlanadigan tantanali kundir. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot davomida kelib chiqishi, mazmuni, ijtimoiy hayotda qaror topishiga ko‘ra an’anaviy, diniy, milliy bayramlar vujudga keladi.
Avloddan-avlodga meros tariqasida o‘tib keladigan bayram an’anaviy bayram deyiladi (masalan, Navro‘z bayrami). Bu turdagi bayramlar biror xalq yoki millatning ayni vaqtdagi ijtimoiy hayoti, turmush tarzi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmaydi.
Diniy bayramda esa har bir dinning aqidalarida belgilab qo‘yilgan marosimlar nishonlanadi. Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda diniy marosim va bayramlar to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar berilgan. (Masalan, Ro‘za hayiti va Qurbon hayiti).
Milliy bayramlarda u yoki bu millatning tarixidagi muhim voqea-hodisalar nishonlanadi. (Masalan, Mustaqillik kuni va boshqa kunlar). SHuningdek, bayram kunlari rasman dam olish kunlari deb e’lon qilinadi1.
Bayram tushunchasiga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da uch xil ta’rif keltirilgan:
Bayram – muhim tarixiy voqea, hodisa sharafiga shodlik, rasmiy tantana o‘tkazish uchun belgilangan muborak kun (Masalan, Mustaqillik kuni).
Bayram – biror munosabat bilan quvonch, shodlik, tantana va o‘yin-kulgi bilan kutib olish, nishonlash odat bo‘lib qolgan kun (Masalan, Yangi yil, Hosil bayrami).
Bayram – muhim, quvonchli hodisa yuz bergan, katta muvaffaqiyat qo‘lga kiritilgan va shu sababli shodlik o‘tkaziladigan kun (Masalan, Oilaviy bayram).
2.Musulmonlarning diniy marosimlari. Diniy marosim deganda fuqarolarning diniy ta’limotlaridan, ularning qonun-qoidalari va aqidalaridan kelib chiqadigan diniy faoliyat va xatti-harakatlari tushuniladi. Diniy marosim har qaysi din vakillarining o‘z diniy ta’limotlari asosidan kelib chiqqan.
Aqiqa marosimi. Chaqaloq uyiga kelgandan keyin ma’lum muddat o‘tgach har bir oilada aqiqa marosimi o‘tkaziladi. Bu marosim Payg‘ambarimiz davrlaridan beri o‘tkazilib kelinadi. Bu sunnat marosimlardan biri hisoblanadi.
“Aqiqa – har bir chaqaloqning ona qornidalik vaqtida chiqqan sochi bo‘lib, u chaqaloq tug‘ilganiga bir hafta bo‘lgan kuni olib tashlanadi. Shu munosabat bilan qurbonlik qilinadigan jonliq ham “aqiqa” deb ataladi”.
Aqiqa – arab tilidan tarjima qilinganda, “chaqaloq sochini olish, qurbonlik so‘yish” ma’nolarini bildiradi. Musulmon oilalarida yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ism qo‘yish va “qorin sochi” (bolaning tug‘ilgan sochi)ga qaychi urish bilan bog‘liq odat. Johiliyat davridagi turli ma’bud va ma’budalarga atab qilinadigan qurbonliklar o‘rniga musulmon oilasida farzand tug‘ilganligining shukronasi sifatida bir qo‘y so‘yib aqiqa marosimini o‘tkazish joriy qilingan. Islom an’anasida aqiqani chaqaloq tug‘ilgan kunining 7 yoki 14, yoki 21 kunlari o‘tkazish tavsiya etiladi. Bu kunlarda aqiqa o‘tkazilmay qolinsa, so‘ng qaysi kunda, qachon amalga oshirilsa ham vazifa bajarilgan hisoblanadi.
Bu marosim xonadonda yangi chaqaloq dunyoga kelishi munosabati bilan ona va bolaning sog‘-salomat qolganiga shukrona uchun, chaqaloqning turli ofat-balolardan omonda bo‘lishi uchun va o‘g‘il bolani xatna qildirib qo‘yish uchun qilinadigan ehsondir.
Bu marosimda qorin sochiga qaychi tekkiziladi, bolaning qulog‘iga azon aytiladi, tanglayi yaxshi niyat qilib, biror-bir shirinlik bilan ko‘tarish udumi bajariladi, ism qo‘yiladi va xatna qilinadi. Ammo bolaga ism qo‘yish, azon aytish va tanglay ko‘tarish amallari ilgariroq bajariladi. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, bu marosimni ixtiyoriy muddatda o‘tkazilishi urfga aylangan va bunga diniy jihatdan ham hech qanday mone’lik yo‘qdir.
Sunnat to‘yi yoki Xatna to‘yi. Bu marosim islom dini paydo bo‘lmasidan oldin zardushtiylik davrida Eron va Turonda, keyinchalik esa yahudiylikda ham mavjud edi. Qadimgi yahudiylar o‘z xudolarining ko‘rsatmasiga binoan, o‘g‘il bola tug‘ilgan kundan boshlab 12 kunigacha “qo‘li halollangan”. Markaziy Osiyo mintaqasida bu udum islomdan avval ham mavjud bo‘lsa-da, islom dini kirib kelishi bilan bu yanada mustahkamlanib, musulmonchilikning bosh omillariga aylandi.
Nikoh to‘yi. Payg‘ambarimizning ham bu haqdagi hadisi shariflarida shunday deyiladi: “Nikoh bilan turmush qurib ko‘payinglar. Zero, men qiyomat kuni boshqa ummatlarim oldida sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman”. Ko‘rinib turibdiki, nikoh qurish ham farz, ham sunnat amallardan hisoblanadi.
Lekin nikohdan avval bir qancha marosimlar ham mavjuddir: sovchilik, qiz va kuyov tanlash, sinov udumlari, unashish, fotiha berish, qiz bazmi, nikohdan o‘tish, to‘y marosimi, kelin salom, yuz ochdi, kelin ko‘rdi, kelin charlar, kuyov chaqiriq va yana bir qancha marosimlardan iborat.
Ta’ziya. Ma’lumki, har bir musulmonning ikkinchi musulmon birodariga nisbatan ma’lum haq-huquqlari borligi haqida hadisi sharifda shunday deyiladi: “Har bir musulmonning zimmasida ikkinchi musulmon birodariga nisbatan oltita burchi bordir: uchrashganda salom berish, mehmonga chaqirsa borish, maslahat so‘rasa yaxshi maslahat berish, aksirib hamd aytsa unga duo bilan javob qaytarish, betob bo‘lib qolsa ko‘rgani borish va vafot etsa janoza va dafnida qatnashish”.
Demak, shu huquqlardan biri tanishlaridan biri vafot etsa, uning janozasida qatnashishidir. So‘ngra mayitning qarindoshlariga ta’ziya bildirib, Allohning hukmiga rozi bo‘lish, musibatga sabr qilishlari haqida nasihatlar aytish va marhumning haqqiga rahmat va mag‘firat so‘rab duo qilishdir.
Dafn kunidan boshlab uzog‘i uch kunga qadar aza (motam) tutishga shariatimiz ruxsat beradi. Shu kunlari janozaga kela olmaganlar musibat yetgan oilaga yoki mahallaga marosimlari uchun ajratilgan joylarga kelib mayitning yaqin qarindoshlariga ta’ziya bildirib ketishlari mumkin.
Yaxshi odatlarimizdan biri, musibat yetgan xonadonning qo‘shnilari isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda darhol ovqat qilib chiqarishadi. Bu islom sunnatlariga muvofiq odatdir. Ovqatlar musibat yetgan xonadon ahli va uzoqdan kelgan mehmonlar uchun chiqariladi, zarur bo‘lganda xonadon ahli o‘zlari uchun ovqat tayyorlashlari ham mumkin.
Shuningdek, musibat egalaridan hol-ahvol so‘ralganda, kulish emas balki musibat bu Alloh taoloning irodasi ekani va unga sabr qilish haqida nasihatlar qilinadi. Ta’ziya bildirish har qanday tasalli berguvchi lafz bilan aytsa bo‘ladi. Lekin, ba’zi ulamolarning aytishicha, eng yaxshi ta’ziya lafzi “Alloh vafot qilganlarni mag‘firat qilib o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin va sizga sabr-bardosh bersin” – deyishdir.
Ta’ziya bilan bog‘liq marosimlar ba’zan ma’raka ham deyiladi. Ma’raka arabcha so‘z bo‘lib, jangdan so‘ng, jang maydoni ma’nosini bildiradi. Bu so‘z hozirgi paytda xalq marosimlarini anglatuvchi so‘z hisoblanib, asosan ta’ziya marosimlarga nisbatan ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |