3.Diniy bayramlarning kelib chiqishi tarixi. Dunyodagi barcha dinlar o‘ziga xos marosim va bayramlarga ega. Har bir dinning keng tarmoq otib, rivojlanib borishida marosim va bayramlarning ahamiyati beqiyos. Shu o‘rinda diniy marosim va bayramlar ham insoniyat hayotida alohida o‘rin egallaydi. “Avesto”, “Bibliya” kabi diniy manbalarda hamda Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda diniy marosim va bayramlar to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar berilgan.
Ma’lumki, islomda asosan ikkita rasmiy diniy bayram Ramazon yoki Ro‘za hayiti (arabcha nomi “iyd Ramazon”, “iyd al-fitr”, “iyd as-sag‘ir”) hijriy SHavvol oyining 1—3-kunlarida va Qurbon hayiti (arabcha nomi — “iyd al-adho”, “iyd al-kabir”) uch kun — Zulhijja oyining 10—13-kunlarida musulmon dunyosida keng nishonlanib kelinmoqda. “Hayit” — arabcha “iyd, ya’ni bayram demakdir.
Ramazon—hijriy yil hisobining to‘qqizinchi oyi bo‘lib, islom aqidalari bo‘yicha bu oyda Alloh Muhammad(s.a.v.)ga Qur’onni vahiy qila boshlagan. Shuning uchun ham islom dunyosida Ramazon muqaddas hisoblanib, bu oyda musulmonlar ro‘za tutishadi.
Ramazon kishilar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oy ekani islom manbalarida zikr etilgan.
Ramazon oyida iftorlik qilish odat tusiga kirib qolgan marosimlardan hisoblanadi. Iftorlik marosimini o‘tkazmoqchi bo‘lgan xonadon sohibi ramazon oyida biror kunni belgilaydi va ro‘zadorlarni ziyofatga taklif etadi. Iftorlik marosimi o‘tkazishning tub mohiyati kambag‘allar, beva-bechoralar, yetim-esirlar qornini to‘ydirishdan iborat.
Ramazon yakunida esa qamariy o‘ninchi Shavvol oyining birinchi kuni islomning katta bayramlaridan biri — Ro‘za hayiti yoki iyd-Ramazon boshlanadi. Ro‘za hayiti arafasida kishilar bir-birlariga muloyimlik bilan munosabatda bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Erta tongdanoq hamma sidqidildan shunday kunlarga yetkazgani uchun Allohga shukronalar aytadilar. O‘z yaqinlari, qarindosh-urug‘lari, bemorlar va qariyalarni ziyorat qiladilar.
Ushbu kuni hayit namozi o‘qiladi. Namozlarni ado etib bo‘lgandan so‘ng, kishilar o‘zaro ko‘rishib, bir-birlarini hayit bayrami bilan muborakbod etadilar.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining 10-kunida boshlanadi. Bu bayramning ro‘za hayitidan 70 kun o‘tgandan keyin nishonlanishi Muhammad payg‘ambar tomonidan belgilangan. Mazkur hayitda ham Ro‘za hayitidagidek, musulmonlar jome’ masjidlarida quyosh chiqqandan taxminan 15 daqiqa o‘tgach, 2 rakat namoz o‘qishadi.
Islomda “Qurbon” so‘zi biror jonliq so‘yib, uni Allohning yo‘liga bag‘ishlash ma’nosini bildiradi. Ibrohim (a.s.) Allohning sinovi bilan o‘z o‘g‘illari Ismoilni xudo yo‘liga qurbonlik qilishga kirishgan paytida tangri taolo bir qo‘chqor yuborib, uni o‘g‘li o‘rniga qurbonlik qilishga buyurgan.
Shu bois hajga borganlar va boy-badavlat musulmonlar zimmasiga Qurbon hayiti kunlari jonliq so‘yib, qurbonlik qilishlari lozimligi belgilangan. Qurbonlik go‘shtidan taom tayyorlagan kishi o‘zi, oila a’zolari va qarindosh-urug‘lari bilan yeyishi, so‘ng uni qo‘shnilariga ham berishi kerak.
Mavlud (mavlud an-nabiy). Islomda keyinroq Muhammad payg‘ambarning tug‘ilgan kuni (Rabiul-avval oyining 12-kuni) Mavlud (mavlud an-nabiy) – nishonlana boshlangan. Mavlud kuni duolar o‘qilib, payg‘ambar sha’niga madhiyalar aytiladi, diniy she’rlar o‘qiladi, dindorlar yig‘inlari uyushtiriladi, sadaqalar beriladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, islom dini bayramlariga mahalliy xalqlarning odatlari ham qo‘shilib, ularni boyitgan. Masalan, arafa kuni qo‘shnilarga osh ulashish, “hayitlik” berish, yangi, toza liboslar kiyish, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlar, qariyalar, kasal, nochorlardan xabar olish, o‘sha kunlarda dam olish, sayil qilish kabi odatlar islom bayramlarining tarkibiy qismlariga aylanib ketgan.
Ushbu bayramlarning asosiy mazmuni ertalab masjidlarda namoz o‘qish, marhumlarni yod etib, duoi fotiha qilishdan iboratdir. Qurbon hayitida haj amallarini ado etish va qurbonlik qilish, ro‘za hayitida esa ramazon oyi nihoyasida fitr-sadaqa berish kabi amallar bajarilgan.
Islom hayitlari turli diniy marosimlarga asoslangan bo‘lib, musulmonchilikni qabul qilgan xalqlarning urf-odati, an’analari, hayotiy tajribalari bilan bog‘lanib ketgan. Shuning uchun ham ko‘pgina musulmon xalqlari bu hayitlarni ham diniy, ham o‘zlarining milliy bayramlari deb qabul qilishgan.
O‘rta asrlarda arablar bayramlarning diniy mazmuniga alohida e’tibor berib, bayramlar o‘tkaziladigan joylarga maxsus masjidlar qurishgan. Keyinchalik bu masjidlar Markaziy Osiyo shaharlarining muxim tarkibiy qismi bo‘lib qolgan. Ular Qurbon hayiti, Ramazon (iyd al-fitr) bayramlari va musulmon udumlari o‘tkaziladigan markaz vazifasini bajargan. Bu masjidlarning moxiyati bir xil bo‘lsa-da, ular turli joyda turlicha nomlangan: “Namozgoh” (namoz o‘kish joyi), “Musalla al-iyd” (bayram kuni namoz o‘qish joyi), “Iydgoh” (bayram o‘tkazish joyi) va hokazo.
Bayramlardan asosiy maqsad – musulmonlarni islom dini asosida birlashtirish bo‘lgan. Bayram o‘tkaziladigan joylarda “Amri ma’ruf” kabi diniy marosimlar uyushtirilgan. Ba’zan podshoh va hukmdorlar o‘z olijanobligini ko‘rsatish maqsadida bu joylarda xalq uchun katta ziyofatlar ham berishgan.
Xulosa kilib aytganda, islom dinidagi bayramlar xursandchilik, tinch-totuvlik, mehr-oqibat ko‘rsatish, shukrona qilish kunlaridir. Bu ulug‘ kunlarda qarindoshlar, yor-birodarlar bir-birlarini ziyorat qilishib, tabriklashib, hol-ahvol so‘rashi xayrli ishlardan sanaladi.
4.Milliy va diniy an’analarning umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unligi. Diniy va milliy an’analar xalqlarning tarixiy rivojlanishi jarayonida shakllanadi va sayqallanadi. Davr talabiga javob bergan an’analar unutilmaydi, avlodlarga meros bo‘lib qoladi, xalq hayotining tarkibiy qismiga aylanadi. Har bir el, millat yoki xalq o‘z an’analarini rivojlantiradi, asrab-avaylaydi. An’analarda xalq dahosi, turmush tarzi, madaniy kamolot darajasi aks etadi. Unda milliy ong va milliy qiyofa gavdalanadi. An’analarni mensimaslik, ular mansub xalq yoki millatni hurmat qilmaslikdir. An’analar yoshlarni tarbiyalash, ularga keksa avlodning tajribalarini o‘zlashtirish vositasi hamdir.
Diniy va milliy an’analarni ijtimoiy hayotning quyidagi ma’naviy omillaridan biri sifatida tavsiflash mumkin:
a) diniy va milliy an’analarning avloddan-avlodga meros bo‘lib o‘tishi; b) milliy an’analar – umuminsoniy an’analarning tarkibiy qismi; v) diniy va milliy an’analar millatni birlashtirish, hamjihatligini ta’minlash vositasi; g) urf-odat va an’analarga ehtirom ko‘rsatish.
Qachonki milliy va diniy an’analar umuminsoniy demokratik qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirilsa, shundagina jamiyat taraqqiyotining rivojlanishida uning o‘rni alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.
Jamiyat odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay turib, o‘z istiqbolini tasavvur eta olmaydi. Madaniy qadriyatlarimiz, ma’naviy merosimiz ming yillar mobaynida Sharq xalqlari uchun qudratli ma’naviyat manbai bo‘lib xizmat qilgan. Uzoq davom etgan qattiq mafkuraviy tazyiqqa qaramay, o‘zbek xalqi avloddan-avlodga o‘tib kelgan o‘z tarixiy, madaniy va ma’naviy qadriyatlarini hamda o‘ziga xos an’analarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Muhimi, dinlar ham xalq hayoti, e’tiqodi va dunyoqarashiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bir dinning biror mintaqada yoyilishi, u yerdagi urf-odatlar ta’sirida milliylik kasb etishini o‘rganish o‘ziga xos aniq va to‘liq ma’lumot olishga yordam beradi. Dunyodagi turli xalqlar bilan muloqot qilishda, avvalambor, ularning dunyoqarashi, urf-odatlari, qadriyatlarini bilish katta ahamiyatga ega. Yurtimizda turli xil millatlar va turli din vakillari istiqomat qiladilar. Har bir din vakillarining o‘z urf-odat, bayram va marosimlari mavjuddir. Ularga biz hurmat bilan yondoshishimiz zarur.
Diniy va milliy qadriyatlar turli millatlar va xalqlar, ijtimoiy guruhlar manfaatlariga bevosita taalluqli hamda ularning taraqqiyoti va istiqboli uchun xizmat qiladigan ma’naviy, ijtimoiy, axloqiy, huquqiy, falsafiy boyliklarning umumlashgan holatdagi ifodasidir.
Diniy qadriyatlarning vujudga kelishida ma’lum bir dinning paydo bo‘lishi, uning hududi, tarixi, madaniyati, muqaddas manbalari, ta’limotlari, urf-odat va an’analarining o‘rni benihoya muhimdir. Diniy qadriyatlar ushbu din vakillarining tabiiy ehtiyoj va talablarini qondiradi va jamiyatda o‘ziga xos o‘rinni egallaydi.
Diniy qadriyatlar:
muayyan dinning muqaddas sanalmish makon-manzil, ashyolariga e’tibor berish;
ushbu din ta’limoti mazmunini chuqur anglash;
din belgilagan qonun-qoidalarga rioya qilish;
o‘z hatti-harakatlarini din belgilagan me’yorlar asosida olib borish;
poklik va halollik bilan hayot kechirish;
eng yuksak orzu, niyat, g‘oya, maqsad va qiziqishlarini din qonun-qoidalaridan chetga og‘ishmay amalga oshirish kabilarda namoyon bo‘ladi.
Diniy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Chunki u insonlarga axloqiy poklik, ezgulik, go‘zallik, poklik, haqiqat, erkinlik, adolat, do‘stlik, muhabbat, halollik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi yuksak fazilatlarni targ‘ib etadi.
Diniy qadriyatlar haqida fikr yuritar ekanmiz, uni milliy qadriyatlardan ajratib o‘rganish yoki tahlil qilish qiyin. Chunki jamiyat hayotida asrlar davomida milliy va diniy qadriyatlar bir-biri bilan qo‘shilib, uyg‘unlikda umuminsoniy qadriyatga aylangan.
Mustaqillik yillarida ajdodlarimiz hayot yo‘llari va ilmiy merosini o‘rganish borasida qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Muhimi, ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar jamiyatning barcha qatlamlarini o‘ziga jalb etib, xalqaro miqyosda nishonlanib kelmoqda.
Mavzu bo‘yicha savollar
Diniy marosim deganda nimani tushunasiz?
Diniy bayramlarga qaysilar kiradi?
Diniy qadriyatlarni qanday tushunasiz?
Islom marosimlari haqida so‘zlab bering
Islom bayramlari haqida nimalarni bilib oldingiz?
Umuminsoniy qadriyatlar deganda nimani tushunasiz?
Mustaqil ish topshiriqlari
O‘zingiz tug‘ilib-o‘sgan joydagi diniy va milliy urf-odat, an’ana, marosim va bayramlarning mazmun-mohiyati haqida gapirib bering.
Turli marosimlar haqida fotoalbom, referat, taqdimot tayyorlang.
Milliy va diniy an’analar haqida sxematik jadvallar tuzing.
Adabiyotlar
Karimov I. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: Ma’naviyat, 2008. – 176 b.
Beruniy, Abu Rayhon. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar // Beruniy A.R. Tanlangan asarlar, I tom, – T., 1968.
Religioznie traditsii mira. V 2 tomax. M., 1996.
Mahmud Sattor. O‘zbek udumlari.- T.: Fan, 1993. - 240 b.
Qoraboyev Usmon. O‘zbek xalqi bayramlari. –T.: Shark, 2002. -240 b.
Jabborov I. O‘zbek xalqi etnografiyasi. - T.: O‘qituvchi, 1994. -312 b.
7-mavzu. MISSIONERLIK VA PROZELITIZM: TARIX VA BUGUN, TARG‘IBOT USULLARI
Reja:
Missionerlik va prozelitizmning mazmun-mohiyati.
Missionerlik faoliyatida ijtimoiy tabaqalar bilan ishlash strategiyasi.
Diniy sektalar va ular faoliyatining oqibatlari.
Missionerlikka qarshi kurashning huquqiy-amaliy asoslari.
Tayanch tushunchalar: Missionerlik, prozelitizm, sekta, diniy sektalar, diniy tashkilotlar, iyegovo shohidlari, yettinchi kun adventistlari, missiya, Bibliya jamiyati.
Mavzu o‘quv maqsadi: missionerlik va prozelitizmning asl maqsadlarini tushuntirish, missionerlik tashkilotlarining vazifalarini ko‘rsatish, ularning salbiy oqibatlarini bayon qilish.
1. Missionerlik va prozelitizmning mazmun-mohiyati. Missionerlik so‘zi asli lotincha bo‘lib, «yuborish», «vazifa topshirish» degan ma’nolarni anglatadi.
Missionerlik bilan yonma-yon ishlatiladigan prozelitizm esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri biron bir dinga ishongan fuqaroni o‘z dinidan voz kechishga va o‘zga dinni qabul qilishga qaratilgan harakatlarni anglatadi. U o‘z mohiyatiga ko‘ra missionerlikning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi umumiy missionerlarning 2/3 qismini xristian missionerlari tashkil etadi. Dastlabki xalqaro xristian missiyalari, 1910 yilda Shotlandiyaning Edinburg shahrida paydo bo‘lgan edi. Bugungi kunda yuzlab shunday maqomga ega missiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularni yanada rivojlantirish, yetarli moddiy, ma’naviy va inson resurslari bilan ta’minlash juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Odatda, xalqaro missiyani tashkillashtirishda ma’lum bir konfessiyaning barcha shaxobchalari qatnashadi. Masalan, tashkilotning nashriyoti uni tegishli adabiyotlar bilan ta’minlasa, tadqiqot markazi muayyan mamlakat aholisi, uning hayot tarzi, urf-odatlari, zaif tomonlari haqidagi ma’lumotlarni yig‘ish va diniy adabiyotlarni mahalliy tillarga tarjima qilish bilan shug‘ullanadi. Missiyani moddiy-moliyaviy ta’minlashda ishlab chiqarish tuzulmalarining, missioner kadrlar tayyorlash va ko‘ngilli homiylarni topishda missionerlik bazalarining ahamiyati beqiyosdir. Mana shunday kuch va tayyorgarlik bilan xalqaro missiya istalgan mamlakatda tegishli targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali tashkil etishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.
Ayni damda, missionerlik faoliyati bilan faol shug‘ullanishga harakat qilayotganlar orasida bahoiylar, krishnachilar bilan bir qatorda yangi paydo bo‘lgan sektalar borligini ham ta’kidlash zarur. Sekta bu – faqat o‘zini haq din, insonlarni najotga yetkazuvchi deb da’vo qiladigan, aslida esa muayyan siyosiy va iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlaydigan guruh hisoblanadi. Psixologlar mazkur sektalarni «ommaviy ijtimoiy-psixologik qirg‘in quroli» deb ta’riflaydilar.
Diniy sekta deganda ma’lum bir dindagi rasmiy aqidalarga zid ravishda ajralib chiqqan yoki mavjud dinlar va konfessiyalarga umuman aloqasi bo‘lmagan holda din bayrog‘i ostida faoliyat ko‘rsatadigan guruhlar tushuniladi. Bugungi kunda missionerlik faoliyati bilan asosan turli sektalar shug‘ullanadi. Hozirgi kunda taxminan 5000 ta sektaning faoliyati aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimiz bilan chegaradosh bo‘lgan davlatlarda «Bogorodichiy tsentr», «Serkov obedineniya», «Serkov Iisusa», «Serkov Novogo Zaveta», «Beloye bratstvo», «Bojestvenniy orden Pervogo Angela», «Farxat ata», «Dianetika» kabi yuzlab diniy sektalar faoliyat olib bormoqda. Iblisga ibodat qilishga asoslangan «Satanizm» sektasi ham ayrim qo‘shni respublikalarda keng tarqalmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, o‘ta xavfli bo‘lgan mazkur sektaning Rossiyada 100 ming, yer yuzida 5 milliondan ortiq tarafdori bor.
Mazkur sektalar aholining diniy bilimlari pastligidan foydalanib, oxiratning yaqinligi bilan qo‘rqitish hamda asosan yoshlar va moddiy ahvoli nochor bo‘lganlar ichida tashviqot olib borish yo‘li bilan o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga harakat qilmoqda.
2. Missionerlik faoliyatida ijtimoiy tabaqalar bilan ishlash strategiyasi. Missionerlar makon va zamonga moslashgan holda o‘z uslub va vositalarini doimiy takomillashtirib kelganlar. So‘nggi vaqtlarda ular ma’lum bir ijtimoiy qatlamni ajratib olib, maqsadli ish olib borishga intilmoqdalar. Jumladan, missionerlar asosiy e’tiborni aralash millat vakillaridan iborat oilalarning a’zolari, ilgari hech bir dinga e’tiqod qilmagan, og‘ir xastalikka, judolikka, moddiy qiyinchilikka duch kelgan, axloq tuzatish muassasalaridan chiqib kelgan, ya’ni moddiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj kishilarga qaratmoqdalar.
Ziyolilarning turli qatlamlari ichida san’at sohasi xodimlari, kutubxonachilar, o‘rta maktab o‘qituvchilari, turli idoralar xizmatchilari faol missionerlik targ‘iboti obekti sifatida tanlanayotganini ham qayd etish lozim. Bunday yondashuvda o‘ziga xos mantiq bor. Masalan, prozelit san’atkor san’atning hissiy-emotsional ta’sir quvvatidan foydalanib, e’tiqodiy bosim o‘tkazishda yuqori samaradorlikka erishishi mumkin bo‘lsa, e’tiqodini o‘zgartirgan kutubxonachida esa «o‘lja» sifatida tanlanganlar bilan yakka tartibda ishlash imkoniyati mavjud bo‘ladi.
Missionerlarga tabiatan ishonuvchan, tashqi ta’sirga moyil bo‘lgan va ayni paytda, hayotda sabr-bardoshli va fidoiy bo‘lish bilan bir qatorda hamisha ma’naviy-ruhiy ko‘makka, qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj sezadigan ayollarga ham alohida e’tibor bilan qaramoqdalar. Ularning maqsadi jamiyatda beqarorlikni keltirib chiqarish, ijtimoiy va milliy totuvlik asoslariga rahna solishdir.
Qayd etilgan misollar ham missionerlik obekti sifatida tanlanayotgan qatlamlar doirasi muntazam ravishda kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Missionerlar o‘zlarining targ‘ibotchilik faoliyatini kuchaytirish maqsadida xilma-xil va turli davrlarga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqqanlar. Xristian nazariyotchisi Luis Bush xristian missionerlari alohida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan hudud - shimoliy kenglikning 10 va 40-parallellari orasida joylashgan, deb hisoblab, uni «10/40 oyna», deb atagan edi. Ushbu parallellar orasi esa buddaviylik konfutsiyliq xinduiylik, islom, sintoiylik va daosizm dinlari keng tarqalgan hududlar hisoblanadi. Bu hududda Osiyoning 40 ga yaqin, Afrika qit’asining 20 dan ortiq davlati joylashgan.
Missionerlikda eng avvalo hududlarga xos xususiyatlar inobatga olinadi. Masalan, «10/40 oyna» hududiga kiruvchi mamlakatlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholisining diniy qarashlari, turmush tarzi, missionerlik faoliyatini olib borishda e’tibor berilishi zarur bo‘lgan jihatlar xaqida batafsil ma’lumotlar shakllantirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda dunyodagi 3000 ga yaqin etnik guruhlar to‘laqonli faoliyat yuritadigan cherkovlarga ega emas.
«Uiklif» xalqaro xristian missiyasi «Xushxabar»ni 600 dan ortiq tilga tarjima qilgan. Ularning harakatlari natijasida 45 million kishi «Muqaddas kitob» tarjimasi bilan tanishgan.
Hozirgi kunda ushbu missiya dunyo bo‘yicha mavjud 6913 ta til guruhidan 1376 tasida ish olib bormokda. Bunda avvalo tilning lingvistik tadqiqoti amalga oshiriladi va bu ish oxir-okibatda «Injil»ni o‘sha tilga tarjima qilish bilan yakunlanadi. Missiyaning dunyoning 60 davlatida faoliyat yuritayotgan 5277 ta va maxsus tayyorgarlikdan o‘tayotgan 442 ta missioneri oldiga ana shunday vazifa qo‘yilgan.
Dunyo xalqlarini injillashtirish bo‘yicha mavjud rejalar haqida ham ta’kidlash lozim. 2002 yilda nashr etilgan AQSHda «Butunjahon xristianligi tendensiyasi» kitobida 2000 yilgi ko‘rsatkichlar va 2025 yilgacha erishishi lozim bo‘lgan holat qiyosiy tahlil qilingan. Xususan, unda yozilishicha:
Yer yuzi aholisining «Injil» bilan tanishtirilishi 73,1 foizdan 100 foizga yetkazilishi;
dunyo aholisi tarkibidagi xristianlarning ulushi 33 foizdan 40 foizga o‘sishi;
xristianlarning 10 foizini tashkil qilgan missionerlarning ulushi 20 foizga ko‘tarilishi;
xristianlar o‘z daromadlarining 1,8 foizini cherkov hisobiga o‘tkazib kelishgan bo‘lishsa, bu ko‘rsatkich 3 foizga yetkazilishi;
har 3000 kishiga 1 ta missioner to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich har 1000 kishiga 1 ta missionerni tashkil etishi;
- cherkov mavjud bo‘lmagan, aholisi 50000 dan ortiq 116 ta shaharning barchasida cherkovlar yuzaga kelishi;
- cherkovlar tuzilmagan 1000 dan ortiq etnik guruhning har birida cherkovlar tashkil etilishi;
- Umuman tarjima qilinmagan, yoki qisman tarjima qilingan barcha tillarga «Injil» tarjima qilinishi lozim.
Real vokelik va missionerlar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarni o‘rganish, afsuski, bu rejalarda belgilangan maqsadlarga asta-sekin bo‘lsa-da, erishilayotganini ko‘rsatadi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, missionerlikda yoshlarga alohida e’tibor berilayotganini ta’kidlash lozim. Yoshlarning faol ijtimoiy kuchga aylanib borayotgani bugungi kunda ularning turli mafkuraviy ta’sir va tazyiqlarning asosiy obektiga aylanishiga olib keldi. Bunda ularning jamiyatning hali yetarli tajribaga ega bo‘lmagan, tashqi ta’sirlarga tez beriluvchan va ayni paytda, eng harakatchan qatlami ekani inobatga olinmoqda.
Missionerlikning taniqli nazariyotchisi Patrik Djonstoun talaba yoshlarni missionerlik faoliyatining asosiy obekti deb qarab, o‘zining «Dunyo operatsiyasi» kitobida shunday yozadi: «Butun dunyoda universitet va kollejlarda 37 million talaba tahsil oladi. Ularning ko‘plari 20 yildan so‘ng yirik mansablarni egallashadi». Ushbu fikrlar missionerlarning jamiyatning ertangi kunini belgilab beradigan avlod ongini egallash, nazorat qilishni ko‘zlab ish yuritayotganini anglash imkoniyatini beradi.
Xayriya yordamlari ko‘rsatish ham missionerlikdagi eng qadimiy va samarali usullardan biri hisoblanadi. Bunda turli tadbirlar uyushtirilib, ularga asosan yoshlar jalb etiladi. Beg‘araz deya taqdim etilayotgan, aslida jamiyatning yordamga muhtoj qatlamlarini aniqlash va so‘ngra ular bilan maqsadli ish olib borishni ko‘zlaydigan bunday harakatlar hatto «Yangi yil», «Navro‘z», «Xotira va qadrlash kuni» kabi xalqimizda keng nishonlanadigan bayramlar davomida ham g‘arazli maqsadlarda amalga oshirilishi kuzatilgan. Missionerlar o‘zlari ko‘rsatayotgan «yordamni» shu bayramlar ruhiga moslashtirishga ham harakat qilmoqda.
Uyma-uy yurib «Xushxabar» yetkazish usulining o‘ziga xos xususiyatlari. Bu usul missionerlarga odamlar bilan kunning dolzarb masalalari haqida suhbatlashish, ularning dardlariga qiziqish bildirish va ushbu muammolardan chiqish yo‘llarini ko‘rsatib berishni taklif qilib, o‘z tashkilotlariga jalb qilishga asoslanadi. Bu missionerlikni amalga oshirishda eng yaxshi samara beradigan va katta mablag‘ talab qilmaydigan usullardan biri hisoblanadi. Masalan, ushbu usuldan faol foydalayotgan «Iyegovo shohidlari» oqimi a’zolari, o‘zlarini go‘yoki, Iso Masih o‘z havoriylariga buyurgan yo‘ldan foydalanayotganlarini da’vo qilib, muayyan hududda «tayanch nuqta»ni shakllantirish va unga suyangan holda yaqin qo‘shnilar orasida uyma-uy yurib adabiyotlarni tarqatish, maktab o‘quvchilari va yoshlar orasida targ‘ibot ishlarini olib borishga alohida e’tibor bermoqda. Bunday maqsadli faoliyat natijasida iyegovochilar soni yildan yilga ortib bormoqda va bugungi kunda dunyo bo‘yicha qariyb 7 millionni tashkil etmoqda.
Ta’lim-tarbiya sohasidagi missionerlikdan ko‘zlangan maqsadlar. Ta’lim tizimi bosqichlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tufayli g‘oya va qarashlarni singdirishdagi tadrijiylik ta’minlanadi. Shu bilan birga, talim jarayonida amalga oshirilgan targ‘ibot natijalarini bevosita tekshirib ko‘rish va uni takomillashtirib borish imkoniyati ham mavjud. Bu kabi xususiyatlar missionerlarning ta’lim tizimiga alohida e’tibor bilan qarashini keltirib chiqarmoqda. Adventistlarning dunyo bo‘yicha 5000 dan ortiq o‘quv markazlariga, pyatidesyatniklikning eng yirik oqimlaridan biri – «Xudo assambleyalari» cherkovlari bir necha kollej va Bibliya maktablariga egalik qilayotgani ham aynan shu bilan izohlanadi.
Jumladan, O‘zbekiston istiqlolining dastlabki yillarida missionerlar turli volantyor tashkilotlar niqobi ostida mamlakatimiz ta’lim tizimiga kirib olishga uringanlari kuzatilgan. Ular yurtimizdagi mavjud ta’lim muassasalarida turli til, kompyuter, sport to‘garaklari tashkil etish niqobi ostida talaba va o‘quvchilar orasida o‘z dinlarini targ‘ib qilishga harakat qilgan.
Missionerlikda mahalliy tillarda xristianlikni targ‘ib qiluvchi adabiyotlarni chop qilish va tarqatish ham eng ko‘p qo‘llaniladigan usullardan biridir. Kichik hajmdagi qo‘llanmalar juda ham ta’sirchan qilib yoziladi. Odamlarning e’tiborini jalb qilish uchun uni chiroyli suratlarga boy etib chop etiladi. Ularda dinni qabul qilishga ochiq-oydin taklif qilinmaydi. Ammo adabiyot oxirida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun tashkilot manzili yoki telefoni keltiriladi. Risolani o‘qigan va diniy bilimi sayoz bo‘lgan inson uning ta’siriga tushishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, «To‘liq injil xristianlari» oqimi yangi vakillarining yarmidan ko‘pi dinni qabul qilishlarini xristian adabiyotlari ta’siri bilan bog‘lashadi. Adabiyotlarni olib kirish va tarqatish ko‘pincha mavjud qonunlarga zid ravishda amalga oshiriladi.
Shuningdek, Missionerlik tashkilotlari xristianlikni targ‘ib qilishda audio, video va elektron mahsulotlar, ro‘znoma va oynomalar, teledasturlar, internetda onlayn o‘quv kurslari tashkil etish yo‘llaridan foydalanmoqdalar. Missionerlik mazmunidagi CD disklar ishlab chiqarish va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi qator xalqaro agentliklar ham faoliyat yuritmoqda. Bunday yirik tashkilotlardan biri – Global Recordings kompaniyasi bo‘lib, u 21 milliy agentlikni birlashtiradi hamda 4562 til lahjalarida mahsulot ishlab chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |