Karbonat angidrid va kislorod kabi baʼzi molekulalar toʻgʻridan toʻgʻri osonlik bilan plazmatik membrana boʻylab tarqalishi mumkin, ammo boshqa molekulalar plazmatik membrananing gifrofob qismini kesib oʻtishda yordamga muhtoj. Yengillashgan diffuziyada molekulalar plazmatik membranani kesib oʻtishda membrana oqsillari: kanal hosil qiluvchi va tashuvchi oqsillar yordamidan foydalanadi.
Ushbu molekulalar oʻz konsentratsiya gradiyentiga ega, shuning uchun ham ular hujayra ichkarisiga va hujayradan tashqariga tarqalish potensialiga ega. Ammo ular zaryadlangan yoki qutblangani sababli ushbu oqsillar yordamisiz membrananing fosfolipid qismini kesib oʻta olmaydi. Yengillashgan transport oqsillari ushbu molekulalar membrananing gidrofob yadrosidan oʻtishlari mumkin boʻlgan yoʻlni taʼminlaydi. Yengillashgan transport oqsillarining ikkita asosiy guruhi kanal hosil qiluvchi va tashuvchi oqsillardir.
Kanallar
Kanal hosil qiluvchi oqsillar membranani qamrab oladi va membranada nishon molekulalarning diffuziya orqali oʻtishiga imkon beruvchi gidrofil tunnellarni hosil qiladi. Kanallar oʻta tanlovchan boʻlib, faqat bitta molekulani (yoki bir-biriga yaqin boʻlgan bir nechta molekulalarni) qabul qiladi. Kanal hosil qiluvchi oqsillar yordamida membranani kesib oʻtish qutbli va zaryadlangan moddalar plazmatik membrananing gidrofob qismi tomonidan sekinlashtirilishi yoki toʻxtatib qoʻyilishining oldini oladi.
Muayyan bir molekulaning membranadan (konsentratsiya gradiyenti boʻyicha pastga) oʻtishiga tunnel hosil qilib yordam beradigan oqsil kanalchasi tasviri.
_Manba: Maria Ruiz Villarealning (ommaviy domen) “Scheme facilitated diffusion in cell membrane” (Hujayra membranasidagi yengillashgan diffuziya sxemasi) nomli grafik materiali oʻzgartirib olindi._
Akvaporinlar kanal hosil qiluvchi oqsillarning bir turi boʻlib, suvning plazmatik membranadan tezda oʻtishini taʼminlaydi. Ayniqsa, bu oqsillar oʻsimlik hujayralarida, qizil qon tanachalarida va buyrakning ayrim qismlarida (peshob sifatida tanadan chiqib ketadigan suv miqdorini kamaytiruvchi qismlarida) juda muhim rol oʻynaydi.
Oqsillar hosil qilgan baʼzi kanalchalar doimo ochiq turadi, lekin qolganlari “qulf” turadi, yaʼni ularni ochish yoki yopish uchun muayyan signallar (elektr signallari yoki molekulaning bogʻlanishi kabi) taʼsir koʻrsatishi kerak. Elektr signallarini uzatishda qatnashuvchi hujayralar, shu jumladan, nerv va muskul hujayralari membranalaridagi natriy, kaliy va kalsiy ionlarining oʻtkazuvchi kanallarini yopib qoʻygan boʻladi. Ushbu kanallarning ochilishi va yopilishi hujayradagi ion miqdorining doimo oʻzgarib turishiga olib keladi va bu elektr signallarning nerv hujayrasidagi membranalar boʻylab oʻtkazilishini va muskul hujayralarining qisqarishini taʼminlaydi.