Ahmad Yassaviy Yassi yaqinidagi Sayram shahrida tug`ilgan. Uning otasi Ibrohim Turkistonning taniqli shayxlaridan bo`lgan. Onasi Qorasoch momo nomi bilan mashhur. Ahmadning yoshligi ancha qiyinchilik bilan kechadi: juda erta yoshligida otasi vafot etadi. Ahmad Yassaviy yirik mutasavvif olim Arslonbobo qo`lida tarbiyalanadi., so`ng Buxoroga borib Yusuf Hamadoniy qo`lida tahsil oladi.
Ahmad Yassaviyning tarjimai holi haqida ma’lumotlar juda kam, borlari ham afsonalardan iborat. Ixtiyorimizda mavjud bo’lgan ilmiy manbalarda uning vafoti yili 1166 yil deb ko’rsatiladi va u 63 yil yoki 130 yil umr ko’rganligi aytiladi. Basharti 130 yil yashagani hisobga olinsa, shoir XI asr boshlari va XII asrning 1-yarmida yashab o’tgan bo’lib chiqadi. Agar 63 yoshga kirib vafot etgani inobatga olinsa, u holda adibning yashab ijod etgan zamoni XII asrning 1-yarmiga to’g’ri keladi. Har holda Ahmad Yassaviy yashagan davr XI asr oxirlari XII asrning 1-yarmi, yoki 60-yillari bilan bog’liqlik kasb etadi.