Shayboniylar davri epigrafikasi
Shayboniylar davrida fan va madaniyat sezilarli darajada rivojlangan. Bunga - ushbu sulola hukmdorlari orasidan o’z davrining yetuk ilm-fan arboblari yetishib chiqqanligi ham ta'sir ko’rsatgan. Chunonchi, Muhammad Shayboniyxon, Ko’chkunchixon va Ubaydullaxonlar o’z davrining nihoyatda o’qimishli kishilari bo’lganlar. Shuningdek, Muhammad Shayboniyxon, Abdulazizxon va Abdullaxonlar kutubxonalarida o’z zamonasining ajoyib kitob xazinalari bo’lgan. Bundan tashqari, Movarounnahrda Mirzo Ulug’bek akademiyasi an'analarini davom ettiruvchi fidokor olimlar yetishib chiqdi. Masalan, Samarqand va Buxoro madrasalarida mudarrislik qilgan mavlono Kamoliddin Ibrohim, AbduUaxonning muallimi Xoja Muhammad, yulduzshunos Qiyomiddin Shaydo, iftixor ul-atibbo (tabiblar iftixori) unvonini olishga sazovor bo’lgan Muhammad Mazid, Hakim Shahrisabziy, jarroh mavlono Baqo, mavlono Rafe, 1541- yilda ilmi tibb va dori-darmonlar haqida asar yozgan Muhammad Husayn ibn Shiroq Samarqandiy, ko’z kasalliklarini davolashda nom chiqargan Shohali ibn Sulaymon, Xoja Hakim (vafoti 1585), natijat-ul-atibbo unvonini olgan Abdulhakim ibn Sulton Mahmud kabilar shular jumlasidandir. Xoja Hasan Nisoriy „ Muzakkiri ahbob" asarida matematika va astronomiya ilmida shuhrat topgan mavlono Kavkabiyni alohida qayd etadi. Matematika va astronomiya sohasida yozilgan kitoblardan Muhammad Amin ibn Ubaydulla Mo'minobodiyning „Hisobi amali shabaka", (Shabaka jadvali amali hisobi; 1550), Bobokalon muftiy Samarqandiyning „Risola dar ilmi hisob", „Vaziyat bar sahor qism", Tursun Zominiyning „Tuxfayi amir", Muhammad Husayn munajjim Buxoriyning „Ma'rifat samti qibla" (Qibla tomonni topish ma'rifati), Mahmud ibn Ahmad Foriziyning „Risola dar muaddili qamar" (Oy fazolarining tengligi haqida risola; 1517), Tojis-Saidiyning „Hoshiy li shahri ashkoli ta'sis" (Asoslash shakllari sharhiga izohlar; 1568), Said Muhammad Tohir ibn Abulqosimning „Ajoyib ut-tabaqot" (1545-1550) asarlari va boshqalarni ko’rsatish mumkin. Tibbiyot sohasida Sultonali Samarqandiy 1526- yili „Dastur al-iloj", „Muqaddimoti dastur al-iloj" (Davolash bo’yicha dastur) asarlarini yozgan. Ubaydulloh Qahhol ibn Muhammad Yusuf ham o’z davrining yetuk tabibi, tib olimi,Baroqxonning o’rtancha o’g’li Toshkand hokimi Darvishxonning buyrug’iga binoan 1598- yilda „Shifo ul-ilal" (Kasalliklar shifosi) asarini yozadi. Asar 500 varaqdan ko’p bo’lib, uzoq vaqtgacha tib ilmidan asosiy qo’llanma tarzida undan foydalanilgan. Bir necha bitik nusxasi bizgacha yetib kelgan. Uning yana „Umdat ul-kuhliya fil-amrodul-basariya" (Ko’z kasalligiga doir asosiy kitob) asari ham bo’lgan. Shayboniylar davrida tarix fani ham rivojlandi, ko’plab tarixiy asarlar yozilgan. Kamoliddin Binoiy, Mulla Shodiy, Muhammad Solih, Fazlulloh ibn Ro’zbexon Isfaxoniylar Shayboniyxon topshirig’i bilan har qaysisi Shayboniyxonga atab alohida tarixiy asarlar yozganlar. Bundan tashqari, Abdulloh ibn Muhammad ibn Ali Nasrullohiyning „Zubdat ul-ozor", Hofiz Tanish Buxoriyning „Abdullanoma" („Sharafnomayi shoxiy"), nomalum muallifning „Tavorixi guzidayi nusratnoma" asarlari shayboniylar davri ijtimoiy, siyosiy tarixiga doirdir. Zayniddin Vosifiyning „Badoye ul-vaqoye", Zahiriddin Muhammad Boburning „Boburnoma" asarlari ham shu davr ijtimoiy va madaniy hayotidan bahs yuritadi. Ko’chkinchixon topshirig’i bilan Sharofiddin Ali Yazdiyning „Zafarnoma"si o’zbek tiliga o’girildi. Yetuk tarixchi olim Mirza Muhammad Haydar (1500-1556) 1541-1546- yillarda Yunisxonning nabirasi, tog’avachchasi Abdurashidxonga bag’ishlab „Tarixi Rashidiy" asarini yozadi. Mirza Haydar Toshkentda dunyoga kelgan; uning onasi Toshkent hokimi Yunusxonning qizi Xo’bnigorxonim bo’lib, Zahiriddin Muhammad Boburning xolavachchasi bo’lgan. Hofiz Ko’hakiy (Sulton Muhammad Hofiz Toshkandiy) Ulug’bek Mirzoning shogirdi Ali Qushchining nabirasi bo’lib, shayboniylar davrining yetuk tarixchisi, mantiq, fiqh, kalom ilmlari olimi bo’lgan. Davr taqozosi bilan o’z vatani Toshkentda turg’un yashay olmaydi. 1528-yili Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga, Hindistonga boradi. Hajga borib, Usmonlilar Turkiyasi sultoni bilan uchrashadi. Vazirlikka qilingan taklifni rad etib, 1563-yili Toshkentga qaytadi va shu yerda 1584-yili vafot etadi. U „Tarixi Toshkand", „Tarixi oliy Chingiz" (Chingiz sulolasi tarixi), „Risola fi fannit-tavsir val-usul val-firu val-mantiq val-kalom" (Tafsir, fiqh asoslari va tarmoqlari, mantiq va kalom ilmi haqida risola) kabi asarlar muallifidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |