Gipoidli asosiy uzatma. Bunday uzatmalar, dvigateli oldida va yetakchi ko‘prigi orqada joylashgan barcha yengil avtomobillarda, shuningdek, ayrim yuk avtomobillarida («NQR 71 PL», «MAN» va «ISUZU» avtobuslarida) qo‘llaniladi. Misol tariqasida «Damas» avtomobilining asosiy uzatmasini ko‘ramiz (1.160-rasm, b). Uzatish soni 5,125 bo‘lgan bunday uzatmada val bilan birga yasalgan yetakchi tishli g‘ildirakning o‘qi yetaklanuvchi g‘ildirakning o‘qiga nisbatan 31,75 mm pastroq siljitilgan. Yetakchi tishli g‘ildirakning vali uzatma karterida ikkita konussimon rolikli podshipniklarda o‘rnatilgan. Podshipniklarning oralig‘iga keruvchi vtulka o‘rnatilgan. Keruvchi vtulkaning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, uzatmani yig‘ish vaqtida podshipniklarni gayka bilan tortilganda, ma’lum elastiklik xususiyatiga ega bo‘lgan keruvchi vtulka, o‘rta qismida tashqi diametri tomon deformatsiyalanadi. Buning natijasida podshipniklarning doimo ma’lum darajada tig‘iz holda qisilib turishi ta’minlanadi va valning o‘q bo‘ylab siljishiga imkon bermaydi. Yetaklanuvchi tishli g‘ildirak differensial qutisiga boltlar bilan biriktirilgan. Differensial qutisi esa ikkita konussimon rolikli podshipniklarda uzatma karteriga qopqoqlar yordamida boltlar bilan mahkamlangan. Bu rolikli podshipniklarning dastlabki tig‘izligini gaykalar bilan rostlanadi. Yetakchi tishli g‘ildirakning yetakla- nuvchiga nisbatan to‘g‘ri turish holati rostlovchi halqa bilan baja- riladi. Yig‘ilgan asosiy uzatma karteri bilan birgalikda yetakchi ko‘prikning karteriga o‘rnatiladi va boltlar bilan qotiriladi. Silindrik asosiy uzatma. Bunday uzatmalar dvigateli ko‘ndalang joylashgan old yuritmali yengil avtomobillarda qo‘llaniladi. 1.160-rasm, e da «Nexia» avtomobili asosiy uzatmasining chizmasi ko‘rsatilgan. Uzatmalar soni 3,94 bo‘lgan bir juft qiya tishli g‘ildiraklardan tashkil topgan asosiy uzatma, uzatmalar qutisi va ilashish muftasi bilan birgalikda umumiy karterda joylashtirilgan. Uzatmaning tishli kichik g‘ildiragi uzatmalar qutisi yetaklanuvchi vali bilan birgalikda yaxlit ishlanib, karterda bir tomonda silindrik rolikli va ikkinchi tomonda zoldirli podshipniklarda o‘rnatilgan. Uzatmaning tishli katta g‘ildiragi differensial qutisiga boltlar bilan qotirilgan. Differensial qutisi, konussimon rolikli podshipniklarda bir tomoni bilan ilashish muftasi karteriga, ikkinchi tomoni bilan esa uzatmalar qutisi karteriga o‘rnatilgan. Bu podshipniklar qiya tishli g‘ildiraklar ilashishidan vujudga keladigan o‘q bo‘ylab yo‘nalgan kuchni o‘ziga qabul qiladi. Qo‘shaloq asosiy uzatmalar yuk ko‘taruvchanligi katta bo‘lgan avtomobillarda uzatiladigan burovchi momentni oshirish uchun qo‘llaniladi. Differensial asosiy uzatmadan avtomobilning yarimo‘qlariga burovchi moment uzatish uchun xizmat qiladi. Burilishlarda, notekis yo‘llarda, g‘ildiraklarning yo‘l qoplamasi bilan ilashishi turlicha bo‘lganda g‘ildiraklarning turlicha aylanishlar soni bilan aylanishini ta’minlaydi. Masalan, bir g‘ildirak qattiq joyga, ikkinchi g‘ildirak yumshoq joyga to‘g‘ri kelib qolib, shataksiraganda shunday bo‘ladi. Avtomobillarda shesternali konussimon differensiallar (1.162-rasm) qo‘llaniladi. Ular quyidagilardan iborat:
Avtomobil tekis yo‘lda harakatlanganda va yetakchi g‘ildiraklari bir xil yo‘lni bosib o‘tganda satellitlar krestovina bilan birga hara- katlanib, o‘z o‘qlari atrofida aylanmaydi. Ularning tishlari shes- ternaning har ikki yarimo‘qini tutib turadi va ularni bir xil tezlikda aylantiradi. Yetakchi g‘ildiraklardan biri noqulay yo‘ldan yurib, katta qarshilikka uchrasa, satellitlar krestovina bilan birga aylanib, o‘z harakatini sekinlashtirgan yarimo‘qli shesternada dumalay boshlaydi. Yo‘lsiz joylarda avtomobilning o‘tuvchanligini oshirish uchun majburiy blokirovkalanuvchi differensial yoki o‘z-o‘zidan blokirov- kalanuvchi differensial qo‘llaniladi. Blokirovkani ulash paytida differensialning yetakchi elementi (korpusi) tishli mufta orqali yarimo‘qli shesterna bilan qattiq birikadi, shunda yo‘l qanday- ligidan qat’i nazar, g‘ildiraklarning bir xil burchak tezligida aylanishi ta’minlanadi. Yarimo‘qlar differensialdan burovchi momentni avtomobilning yetakchi g‘ildiraklariga uzatish uchun xizmat qiladi. Yarimo‘qlarga to‘g‘ri keladigan eguvchi yuklamaga qarab, yarimo‘qlar to‘liq yuksizlantirilgan va qisman yuksizlantirilgan xillarga ajratiladi (1.163-rasm).
To‘liq yuksizlantirilgan yarimo‘qlar ko‘prik ichiga erkin o‘rnatiladi, g‘ildirak gupchagi esa yarimo‘q flanesiga qattiq biriktiriladi. Bunday yarimo‘qlar yuk ko‘taruvchanligi o‘rtacha va katta bo‘lgan avtomobillar hamda avtobuslarda qo‘llaniladi. Qisman yuksizlantirilgan yarimo‘qlar ko‘prik to‘sini ichida joylashgan podshipnikka tiraladi, g‘ildirak gupchagi esa yarimo‘qflanesiga qattiq mahkamlanadi. Bunday yarimo‘qlar yuk ko‘taruv- chanligi kichik bo‘lgan yuk avtomobillari va yengil avtomobillarning orqa yetakchi ko‘priklarida ishlatiladi. G‘ildirakli uzatmalar yuk ko‘taruvchanligi katta bo‘lgan avtomobillarning ba’zi rusumlarida yetakchi ko‘prik mexanizmlariga to‘g‘ri keladigan yuklarni kamaytirish uchun qo‘llaniladi. Bunday uzatmalar sifatida planetar mexanizmlardan foydalaniladi, ularda burovchi moment satellitlar orqali yarimo‘qning markaziy (quyosh) shesternasidan gupchakning toj shesternasiga uzatiladi. Bunday uzatmalarda burovchi moment satellitlar orqali uch oqimga taqsimlanadi va g‘ildirak gupchagida jamlanadi, shuning uchun ularning yuklanishga va yeyilishga chidamliligi yuqori bo‘ladi.