Demokratlashtirish jarayonida ta’lim tizimidagi islohatlar
15Yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarning tobora chuqurlashib borayotgani tom ma'noda xalqimizning farovonligini ta'minlashga hamda O‘zbekistonimizning dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda.
2012 yil 17 fevral kuni Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash-mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda ko‘plab yirik xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, jumladan, BMT, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki vakillari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Xitoy, AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya kabi dunyoning 48 davlatidan ta'lim tizimi rahbarlari, olimlar hamda mutaxassislar ishtirok etishdi.
Konferensiya uzluksiz ta'lim va yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashning milliy modelini yaratishda O‘zbekiston tajribasini o‘rganishga bag‘ishlandi. Xalqaro forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentimiz Islom Karimov nutq so‘zladi.
Darhaqiqat bugungi kunda muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ishlab chiqilgan hamda yangi davlat va jamiyat qurishda asos qilib olingan “o‘zbek modeli” amalda o‘zini to‘liq oqlayotganligini guvohi bo‘lmoqdamiz.
Buni konferensiya ishida so‘zga chiqqan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va dunyoning rivojlangan davlatlari universitetlarining rektorlari, Xalqaro banklarning rahbarlari tomonidan e'tirof etilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, ta'lim tizimidagi islohotlarning tan olinayotganligini yig‘ilish ishtirokchisi sifatida yaqqol isbotlab berdi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Anjuman ishtirokchilari seksiya majlislarida “Maktab ta'limi – intellektual avlodni tarbiyalash asosi”, “Kasbiy ta'lim va zamonaviy mehnat bozorini shakllantirish”, “Ta'lim va madaniyat taraqqiyoti” va boshqa mavzularda ilmiy muhokamalarni davom ettirdilar. Anjumanda yakuniy hujjat – xalqaro konferensiya tavsiyalari qabul qilindi.
Konferensiyada “Keyingi o‘n yilda kasb-hunar kollejlari, litsey va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari ish haqining o‘sish sura'tlari iqtisodiyotning real sohasidagi ish haqi miqdoridan tahminan 1,5 barobar ko‘p o‘sganligi, O‘zbekistonda ta'lim sohasini rivojlantirish va isloh qilishga yo‘naltirilayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etayotgani, va bu tizimning Davlat byudjeti xarajatlardagi ulushi 35 foizni tashkil etishi o‘z-o‘zidan mazkur sohaga qaratilayotgan ulkan e'tiborning yaqqol tasdig‘i hisoblanishi” alohida ta'kidlab o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2012 yilda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2013 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasida, davlat jami xarajatlarining qariyb 59,2 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishga, 34 foizdan ortig‘i esa ta'lim tizimini moliyalashtirishga yo‘naltirilganligi alohida ta'kidlandi.
2011-2012 yillarda ta'lim sohasini rivojlantirish va islox qilish borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi.
Ta'lim-tarbiya sohasining yaxlit, uzluksiz tizimini shakllantirish va mustahkamlash, jumladan, umumiy o‘rta ta'limdan boshlab o‘rta-maxsus, kasb-hunar hamda oliy ta'limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda yuksak bilimli va malakali kasb tayyorgarligiga ega bo‘lgan avlodni tarbiyalash jarayonini takomillashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada o‘rta umumta'lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini, ayniqsa, qishloq joylarda, olis aholi punktlarida yashaydigan qizlarni kasb-hunar kollejlarida o‘qishga to‘liq jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi.
2012-2013 o‘quv yilida mamlakatimizda 12 yillik majburiy ta'limga o‘tish to‘liq ta'minlandi.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ushbu kollejlarning ish beruvchi korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarining turli shakllaridan foydalanishi, bu masalaga tuman va shahar jamoatchiligini jalb etish mazkur vazifani ado etishning eng muhim, hal qiluvchi yo‘nalishi bo‘lmoqda.
2013 yilning 1 yanvaridan boshlab biz uchun yangi bo‘lgan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim, doktorlik ilmiy ishlarini tayyorlash va himoya qilish, ilmiy daraja hamda ilmiy unvonlar berish tizimi joriy etilmoqda. Shuningdek, 2013 yilning 1 yanvaridan boshlab mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlari faoliyatini baholashning reyting tizimi joriy etildi. Ushbu reyting tizimi mamlakatimizda oliy ta'limning qanday rivojlanayotgani tahliliy ma'lumotlar asosida aniqlashga yordam beradi.
Ta'lim sohasidagi ishlarimizni sarhisob qilar ekanmiz, Fransiyadagi dunyoning eng yaxshi beshta biznes maktabi qatoriga kiradigan “Inssad” xalqaro biznes maktabining 2012 yilgi Jahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda tayyorlangan “Innovatsiyalarning global indeksi” ma'ruzasiga to‘xtalib o‘tish joiz deb hisoblayman. Unda dunyoning 141 mamlakatidagi innovatsion rivojlanish jarayoni kompleks tarzda tahlil qilingan bo‘lib, tahlilning asosiy tarkibiy qismlaridan biri inson kapitalini rivojlantirish darajasidir. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz 35 o‘rinni, ta'lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha esa, 141 mamlakat orasida 2 o‘rinni egallagan.
Bularning hammasi xalqimiz farovonligini ta'minlash yo‘lida olib borilayotgan adolatli iqtisodiy, ijtimoiy islohatlarni izchil amalga oshirilayotgani va oqilona siyosatga asoslangan rivojlanishning “o‘zbek modeli” naqadar to‘g‘ri tanlanganidan dalolatdir.
Mamlakatni modernizatsiya qilishning Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiyasiga binoan jamiyatimiz hayotini barqarorlashtirishning ustuvor strategik yo‘nalishlari asosida, davlatimiz islohotlarini izchil amalga oshirishga ko‘maklashish, har tomonlama kamol topgan, ma'naviy va ahloqan yetuk, yuksak bilimli, jismonan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalashni ko‘zda tutuvchi dasturlarni amalga oshirish, mehnatkashlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularning ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq vazifalarni bekamu-ko‘st bajarishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |