Bog'liq Debitorlik va kreditorlik qarzlarining vuzjudga kelishi
Korxonalarda debitorlik qarzlarini boshqarish. Debitorlik qarzlari tarkibiga xaridor va buyurtmachilarning qarzlari, ajratilgan boʻlinmalarning qarzlari, shoʻ’ba va qaram xoʻjalik jamiyatlarning qarzlari, xodimlarga berilgan boʻnaklar, mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga berilgan boʻnaklar, byudjetga soliq va yigʻimlar boʻyicha boʻnak toʻlovlari, maqsadli davlat jamgʻarmalari va sugʻurtalar boʻyicha boʻnak toʻlovlari, ta’sischilarning ustav kapitaliga ulushlari boʻyicha qarzlari, xodimlarning boshqa operatsiyalar boʻyicha qarzlari va boshqa olinishi lozim boʻlgan mablagʻlar kiradi.
Debitorlik qarzlarini boshqarish korxona aktivlarini boshqarishning tarkibiy qismi hisoblanadi. Shu bilan birga debitorlik qarzlarini boshqarish korxona marketing siyosati bilan ham oʻzaro bogʻliq holda tashkil etilishi lozim.
Debitorlik qarzlarini boshqarishda quyidagilarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq:
Debitorlik qarzlari boʻyicha aniq chegara va me’yorni belgilash. Mazkur amaliyot bevosita pul mablagʻlari harakatini samarali tashkil etish orqali faoliyat uzluksizligiga imkoni beradi. Debitorlik qarzlari boʻyicha aniq chegara va me’yorni belgilash faoliyat uzluksizligi uchun talab qilinadigan pul mablagʻlari miqdori va vaqtidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Iste’mol kreditlari, tijorat kreditlari boʻyicha aniq sxemalar ishlab chiqish (toʻlov jadvallarini ishlab chiqish). Iste’mol krediti jismoniy shaxsga (iste’molchiga) uning iste’mol ehtiyojlarini qondirish maqsadida tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olish uchun beriladigan kreditdir. Tijorat krediti esa iste’mol kreditining tarkibiy qismi hisoblanadi va tovarlarni kreditga berishni nazarda tutadi. Mazkur amaliyotdaberilayotgan kreditlar boʻyicha asosiy summaning va foizlarning qoplanish tartibi aniq grafik asosida belgilab qoʻyiladi va bu grafik kredit oluvchiga taqdim etiladi.
Xaridorlar bilan optimal hisob-kitob shaklini belgilash. Bunda misol sifatida oldindan toʻlov tizimidan keng foydalanish, akkreditivlardan maksimal foydalanish kabilarni keltirish mumkin. Akkreditivlar toʻlovni kafolatlash maqsadida tijorat bankida maxsus hisobraqam ochishni nazarda tutadi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013 yil 26 apreldagi 9/1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan amalga oshiriladi.
Akkreditiv boʻyicha hisob-kitob qilinganida mijozning (mablagʻlarni toʻlovchining) topshirigʻi bilan va uning koʻrsatmalariga muvofiq akkreditiv ochgan bank (bank-emitent) mablagʻlarni oluvchi yoki u koʻrsatgan shaxs hujjatlarni taqdim etgan va akkreditivda nazarda tutilgan boshqa shartlarni bajargan taqdirda toʻlovni amalga oshirish majburiyatini oladi.
Akkreditivning amal qilish muddati va u boʻyicha hisob-kitob qilish tartibi mablagʻlarni toʻlovchi bilan mablagʻlarni oluvchi oʻrtasidagi shartnomada belgilab qoʻyiladi.
Shartnomada yana quyidagilar boʻlishi kerak:
- mablagʻlarni toʻlovchiga xizmat koʻrsatuvchi bankning nomi;
- akkreditivning turi va uni bajarish usuli;
- akkreditiv ochilganligi haqida mablagʻlarni oluvchini xabardor qilish usuli;
- akkreditiv boʻyicha mablagʻlar olish uchun mablagʻlarni oluvchi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarning toʻliq roʻyxati va aniq tavsifi;
- tovarlar joʻnatilganidan (xizmatlar koʻrsatilgan, ishlar bajarilganidan) keyin hujjatlarni taqdim etish muddatlari, ularni rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablar.
Akkreditiv quyidagi turlarga boʻlinadi:
- qoplangan (deponentlangan) akkreditiv;
- qoplanmagan akkreditiv.
Qoplangan (deponentlangan) akkreditiv ochilgan taqdirda, mablagʻlarni toʻlovchiga xizmat koʻrsatuvchi bank uni ochish vaqtida mijozning oʻz mablagʻlarini yoki unga berilgan kreditni mablagʻlarni toʻlovchiga xizmat koʻrsatuvchi bankning majburiyatlari amal qilib turadigan butun muddatga mablagʻlarni oluvchiga xizmat koʻrsatuvchi bank ixtiyoriga oʻtkazishi shart.
Qoplanmagan akkreditiv ochilgan taqdirda, mablagʻlarni toʻlovchiga xizmat koʻrsatuvchi bank mablagʻlarni oluvchiga xizmat koʻrsatuvchi bankka akkreditivning butun summasini mablagʻlarni toʻlovchiga xizmat koʻrsatuvchi bankning mablagʻlarni oluvchiga xizmat koʻrsatuvchi bankda yuritilayotgan hisobvaragʻidan oʻchirish huquqini beradi.
Qoplangan va qoplanmagan akkreditivlar chaqirib olinadigan va chaqirib olinmaydigan shaklda boʻlishi mumkin. Akkreditivda uning chaqirib olinmasligi nazarda tutilmagan boʻlsa, bunday akkreditiv chaqirib olinadigan akkreditiv hisoblanadi.
Akkreditivlar banklar tomonidan koʻzda tutilmagan holatlar boʻyicha alohida balans hisobvaraqlarida va «Mijozlarning akkreditivlar boʻyicha depozitlari» 22602 balans hisobvaragʻida hisobga olinadi. Mablagʻlarni oluvchi uchun unga xizmat koʻrsatuvchi bankda akkreditivlar boʻyicha alohida depozit hisobvaraqlar ochiladi
Debitorlik qarzlarini muddatlar boʻyicha tasniflash. Mazkur amaliyot debitorlik qarzlarini boshqarishda alohida dolzarblik kasb etadi. Chunki debitorlik qarzlarini muddatlar boʻyicha tasniflash orqali ularni nazorat qilish samaradorligi oshadi. Bunda muddatlarga e’tibor qaratish bilan bir vaqtda miqdorga ham e’tibor qaratish talab etiladi.
Debitorlik qarzlarini diversifikatsiyalash. Bunda faqatgina sanoqli mijozlar boʻyicha debitorlik qarzlari shakllanishiga yoʻl qoʻymasdan keng doirada koʻplab sub’ektlar bilan hamkorlikka kirishishni nazarda tutadi. Mazkur amaliyot bevosita debitorlik qarzlari boʻyicha yoʻqotishlarni kamaytirish imkonini beradi.
Debitorlik qarzlarining korxona moliyaviy barqarorligiga ta’sirini doimiy monitoring qilish, debitorlik va kreditorlik qarzlari nisbatini nazorat qilish. Mazkur jarayonda asosiy e’tibor debitorlik va kreditorlik qarzlari yuzaga kelishining korxona moliyaviy barqarorlik darajasiga ta’sirini baholashga qaratiladi.
Debitorlik qarzlari boʻyicha ta’sir choralarini belgilash. Bunda yetkazib berilgan tovarlar boʻyicha shartnomada koʻrsatilgan muddatdan oldin toʻlovlar amalga oshirilganda chegirmalar belgilash yoki aksincha, muddati oʻtgan debitorlik qarzlari boʻyicha jarimalar belgilashga e’tibor qaratiladi. Mazkur amaliyot mijoz va xaridorlar uchun motivatsiya vazifasini bajaradi.
Debitorlik qarzlari yuzaga kelishi ehtimoli past boʻlgan mahsulot ishlab chiqarishini oshirish va aksincha. Mazkur holatda asosiy yuk marketing xizmatiga tushadi. Chunki aynan marketing bozorda yuqori talabga ega boʻlgan mahsulot va xizmatlarni jiddiy oʻrganish orqali korxonada faoliyatni tashkil etish bevosita debitorlik qarzlari holatiga ham oʻz ta’sirini koʻrsatadi.