2-Ma’ruza: Elektron hukumat tashkil etish konsepsiyasi
Reja:
Davlatni elektron usulda boshqarish
Bugungi kundagi ABTlari
«Elektron Belarus» davlat dasturi
Elektron hukumat tizimida elektron hujjatlar almashinuvini takomillashtirish omillari
Ishlab chiqilgan “O‘zbekistonning elektron hukumati” konsepsiyasida O‘zbekiston e-davlatining asosiy maqsadi AKTni qo‘llash asosida davlat hukumat organlari ish faoliyatini samarali tashkil etish va boshqarish, davlat organlari jamiyat bo‘g‘inlari bilan o‘zaro xujjat aylanishini axborot jamiyati talablari doirasida tashkil etishdan iborat. Konsepsiyada keltirilgan tavsiyalar asosida davlat hokimiyat organlari boshqaruvni elektron hokimiyat rejimida tashkil etishning bir qator nizom va texnologiyalari asosida amalga oshirishni belgilaydi va ta’minlaydi.
AKTni davlat hokimiyati organlari elektron xujjat aylanishi va boshqaruvida qo‘llanilishi oshkora fuqarolar jamiyatini tashkil etishga, davlat boshqaruvi apparati samaradorligini oshirishga, davlat sektori xarajatlarini kamaytirishga, davlat organlari fuqarolik va xo‘jalik sub’ektlari bilan o‘zaro ta’sirini yaxshilashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda AKTni rivojlantirish va tadbiq etish uchun respublikada mos qonunchilik bazasi ishlab chiqilgan: jumladan, Axborotlashtirish to‘g‘risida; Elektron raqamli imzo to‘g‘risida; Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida; Elektron tijorat to‘g‘risida; Elektron to‘lovlar to‘g‘risida; O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 8 iyulida belgilangan 117-PQ qarori; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 22 noyabrida belgilangan №256-son qarori; O‘zbekiston Respublikasi Davlat boshqaruvi organlari va hokimiyatining elektron hujjat aylanishi qoidasi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 22 iyuldagi “Respublikada qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 155-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.03.2012y. № PP-1730 “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
SHu qatorda hozirgi vaqtda davlat hokimiyat organlari va boshqaruvda elektron hujjat aylanuvi qulay strategiyalarni ishlab chiqish uchun keng sharoitlar yaratilgan. Bu tavsiyalar davlat xokimiyat organlarida AKTdan foydalanish asosiy omillari va standartlarini ifodalaydi, bu kabi muammolar echimida xalqaro amaliyot natijalari aks ettiriladi, bunday tizimlar dastlab ishlab chiqilgan talablarga mosligi bir qancha elektron hujjat aylanuv tizimlarini(EHT) baholash orqali amalga oshiriladi. EHT asosiy yo‘nalishlari – elektron hujjatlarni yaratish va saqlash hamda ularni hayotiy siklini boshqarish hisoblanadi.
Hozirda har qanday korxona va tashkilot ichida qog‘ozli hujjat aylanuvini keskin qisqartirish hamda korxonalararo qog‘ozsiz elektron hujjat aylanuvini yo‘lga qo‘yish asosiy maqsad qilib belgilangan. SHuning uchun davlat boshqaruvi tashkilotlari tizimlarida ichki elektron hujjat aylanuvi axborot modelini yaratish va uni amalda tadbiq etish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Davlat boshqaruvi tizimi uchun hujjat aylanuvida foydalaniladigan elektron hujjatlarni tizimlashtirish, tuzilmaviy bo‘linmalar asosiy faoliyati sohasidagi axborot modellari qonuniyatlarini aniqlash, lokal va global elektron hujjat aylanuvi axborot modellarini ishlab chiqish lozim. SHu bois, davlat boshqaruv organlarida elektron hujjat aylanuvi tamoyillari, axborot modellari, axborot ta’minotini yaratish, uni boshqaruv modellari va dasturiy vositalarini ishlab chiqish bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi.
Dunyo miqyosida elektron hujjat aylanuv tizimini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha bir qator kompaniyalar tomonidan dasturiy mahsulotlar ishlab chiqilgan: Docs Fusion, Docs Open, CyberDocs, Documentum, LanDocs, Microsoft SharePoint Portal Server Optima, Workflow, "BOSS-Referent", "Delo", "Evfrat", "Optima", DocFlow (NCI Project), NauDoc (Deter Technologies), Documentum 5.0 (Documentum), Lotus Domino.doc, Globus Professional, Livelink ECM, Naumen DMS, PayDox va x.k.
O‘rganilgan nazariy manbalar va qayd etilgan tadqiqot ishlari, yaratilgan dasturiy mahsulotlar tahlilidan ma’lum bo‘ldiki, ular elektron hujjat aylanuv tizimining ma’lum bir qismi uchun bag‘ishlangan yoxud dasturiy vosita yaratish bilan cheklangan, ya’ni tizimlilik nuqtai nazaridan tadqiq etilmagan, hamda aniq bir murakkab boshqaruvli ob’ekt uchun o‘zining amaliy tadbig‘ini topmagan.
Axborot texnologiyalarining jahon moliyaviy va iqtisodiy krizisi vaqtida izchil rivojlanishi tejamkorlikka olib keladi va davlat boshqaruv ishlarida o‘zining aholisi va xalqi bilan ishlashda katta imkoniyatlar yaratadi. Axborotlashtirish sohasining rivojlanishi jamiyat qurilishining ochiqligi, jamoat fikri va jamoaning etuklilik darajasi bilan xarakterlanadi. Bunday holatda axborot texnologiyalari asosida ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni avvaldan bashorat qilish va modellashtirishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish ehtiyoji tug‘iladi. Elektron hukumatning rivojlanishi har bir mamlakatda turlicha kechmoqda. Hususan birlashgan millatlar tashkilotining(BMT) har yilgi xalqaro darajada elektron davlatni rivojlanish indesi bo‘yicha o‘tkaziladigan monitoringida e-Government Readiness Index (e-GRI) 2010 yil O‘zbekiston etakchi o‘rinni egalladi va 109 o‘rindan 87 o‘ringa ko‘tarildi.
Mamlakatda davlatni boshqarish infrastrukturasini yaratish borasida jadal ishlar olib borilmoqda. Bu asosan davlat boshqaruv organlarining bevosita aholi bilan muloqot qilishi, fuqarolar jamoasi instituti hamkorlikni tashkil etish orqali davlat boshqaruvini samaradorligini oshirishga erishishga qaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |