Davlat tili va ismlar
Qonunning 15-moddasiga ko’ra, O’zbekistonda yashovchi shaxslar o’z ism va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar. Sobiq Ittifoq davrida hozirgi O’zbekiston va Markaziy Osiyo hududida yashagan aholi familiyasiga majburan “-ov”, “-ev” kabi qo’shimchalar qo’shilgan edi. Qonunning yuqorida tilga olingan 15-moddasi bu kabi qoidalar endi majburiy emasligini belgilaydi. Ismini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozishni istagan shaxs endi ismini, masalan, “Aydjamal Sadikova”dan “Oyjamol Sodiq” yoki “Oyjamol Sodiq qizi”ga o’zgartirishi mumkin. Shuningdek, rus millatiga mansub kishining ismini “Ivan Adamov”dan “Ivan Odam”ga majburlab “o’zbeklashtirish” qonunga zid.
Qonunning ushbu bandidan O’zbekiston aholising ko’pchilik qismi bexabar va shuning uchun mamlakatda familiya yozishda hanuz Sovet davridan qolgan qoidalar amal qilib kelmoqda. Bu muammoni Baxtiyor Shohnazarov 2001-yilda O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Yoshlar” telekanalining “Huquq va burch” ko’rsatuvida muhokama qilgan edi.
Qonunning 15-moddasida ko’zda tutilgan haq-huquqlar haqida ma’lumotni keng jamoatchilikka yetkazishda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (bundan keyin FHDYO) organlarining o’rni katta. FHDYO organi pasport yoki tug’ilganlik haqidagi guvohnomani olishga kelgan shaxslarga ism-shariflarini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq qayd etishlari mumkinligi va buni qay tartibda amalga oshirish haqida ma’lumot berishlari kerak. Shunda tug’ilganlik haqidagi guvohnomasida ismi “Taxtaeva Dil`yaram Yakovlevna” deb yozilgan shaxs pasport olish chog’ida ismini “To’xtaeva Dilorom Yoqubovna” yoki “To’xtaeva Dilorom Yoqub qizi” deb yozishga haqli ekanini biladi. Bunday tushuntirish ishlarini samarali amalga oshirish uchun FHDYO organlari qisqa ma’lumotnoma-varaqalar tayyorlab, ularni fuqarolik holati dalolatnomasi uchun murojaat qilgan shaxslarga taqdim etishlari maqsadga muvofiq bo’ladi. Ismlarni milliy-tarixiy an’analarga ko’ra yozish Qonunda belgilangan bo’lsa ham, buni amalga oshirish yo’l-yoriqlari yoki bu boradagi me’yor hamda cheklovlar huquqiy jihatdan tartibga solinmagan. Masalan, “Xadjibekov Sadikdjon Djumanazarovich” o’z ismini milliy-tarixiy an’analarga ko’ra qayd ettirmoqchi bo’lsa, quyidagi ismlardan qay birini tanlashi kerak: “Sodiqjon Hojibek Jumanazar”mi yoki “Hojibekov Sodiqjon Jumanazar o’g’li”mi yoki “Sodiqjon Hojibek Jumanazariy”mi? Yoki ismini milliy-tarixiy an’analar doirasida soddaroq qilib yozish kerakmi, masalan, “Sodiqjon Jumanazar” yoki “Sodiqjon Hojibek” kabi? Bu shaxs yuqoridagi variantlarning istalgan birini tanlashi mumkinmi yoki bu borada cheklov yoki me’yorlar bo’lishi kerakmi? “O’zbekiston Respublikasi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlarida ish yuritish tartibi to’g’risida”gi Yo’riqnomada bu haqda hech narsa deyilmagan. Bu esa amaliyotda jiddiy anglashilmovchiliklar va qiyinchiliklarga sabab bo’lishi mumkin. Masalan, meros, bank xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash kabi masalalarda shaxslarning ismi bir necha hujjatga qarab solishtiriladi. Ism-shariflarning Qonunning 15-moddasiga ko’ra qanday yozilishi samarali huquqiy tartibga solinmasa, yaqin kelajakda yuqorida aytib o’tilgan sohalardagi ijtimoiy munosabatlarda ham shaxs uchun, ham davlat uchun jiddiy muammolar tug’ilishi tabiiy.
Foydalanish uchun adabiyotlar:
o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari. – T.: o‘qituvchi, 1995.
“Til va adabiyot“ jurnali. 1996 yil, 2-son, 4-21-betlar; 1997 yil, 4-son, 58-64-betlar; 2002 yil, 5-son, 4-7-betlar.
O’zbek tilining imlo lug’ati. – T.: O’qituvchi, 1995.
F. Umarova. Lotin yozuvini o‘rganuvchilar uchun usuliy qo‘llanma. – T., 2001.
www.Ziyonet.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |