4-bob. Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlardagi daraxtlar va butalarni kesish yoki sanitariya maqsadida kesish
29. Daraxtlar va butalarni sanitariya maqsadida kesish ular tabiiy omillar yoki o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklari ta’sirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan, shoxlari betartib o‘sishi natijasida qo‘shilib ketgan yoki singan, shuningdek, avariya holatida bo‘lgan hollarda amalga oshiriladi.
30. Sanitariya maqsadida daraxtlar va butalarning shoxlari:
quriyotgan yoki qurib qolgan;
betartib o‘sishi natijasida hovli, ko‘cha va boshqa jamoat joylarining ko‘rinishini buzib turgan;
kasallangan;
turli infratuzilmalar faoliyatiga xalaqit berayotgan;
shuningdek shamol, qor yoki boshqa tabiiy jarayonlar ta’sirida sinishi natijasida odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan holatlarda kesiladi.
31. Sanitariya maqsadida daraxtlar va butalar tanasining bir qismi:
quriyotgan yoki qurib qolgan;
shakli xunuk o‘sishi natijasida hovli, ko‘cha va boshqa jamoat joylarining ko‘rinishini buzib turgan;
kasallikka chalingan;
turli infratuzilmalar faoliyatiga xalaqit berayotgan;
shoxlari kasallik tarqatuvchi hayvonlar va hasharotlarning manbaiga aylangan;
shuningdek shamol, qor yoki boshqa tabiiy jarayonlar ta’sirida sinishi yoki sinish ehtimoli natijasida odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan holatlarda kesiladi.
32. Sanitariya maqsadida daraxtlar va butalarni tag qismidan kesish:
quriyotgan yoki qurib qolgan;
dekorativ xususiyatini yo‘qotish natijasida hovli, ko‘cha va boshqa jamoat joylarining ko‘rinishini buzib turgan;
kasallikka chalingan;
turli infratuzilmalarga xalaqit berayotgan;
kasallik tarqatuvchi hayvonlar va hasharotlarning manbaiga aylangan;
aholi yashash joylari, jamoat binolari va bolalar o‘yin maydonchalari uchun insolatsiya (quyosh nuri tushishi) bo‘yicha ko‘rsatilgan sanitariya talablariga mos kelmaydigan;
o‘zidan turli allergiya chaqiruvchilarni tarqatadigan;
qurilish normalari va qoidalari talablariga to‘g‘ri kelmaydigan;
shuningdek odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf solayotgan holatlarda amalga oshiriladi.
33. Sanitariya maqsadida daraxtlar va butalarning shoxlari, tanasining bir qismini va tag qismidan kesish:
shaharlar va tumanlar markazidagi ko‘chalarda — mahalliy davlat hokimiyati organlari;
mahallalar hududlari hamda ko‘p qavatli uylar oralig‘i va atrofi, shu jumladan, ko‘chalar va boshqa aholi punktlarida — fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, shuningdek, fuqarolarning murojaatiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari;
tashkilotlarning hududlarida — yer egalari;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida — Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining tashkilotlari;
temir yo‘llar bo‘ylarida — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tashkilotlari;
daryo, soy, irmoq, kanal, zovur va ariqlar bo‘ylarida — tegishliligi bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati va suv xo‘jaligi organlari;
fermer xo‘jaliklari yerlarida va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan boshqa yerlarda — yer egalari;
zaxira yerlarda — mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
34. Daraxtlar va butalarni sanitariya maqsadida tanasining bir qismini va (yoki) tag qismidan (qurigan va kasallangan daraxtlarni) kesish Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosasi asosida to‘lovlarsiz amalga oshiriladi.
Daraxtlar va butalarning shoxlarini sanitariya maqsadida kesish yoki butashga xulosa talab etilmaydi.
35. Daraxtlar va butalarni kesishga binolar, inshootlar, kommunakatsiyalar va boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga, shuningdek, muhandislik tadqiqot ishlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan holatlarda yo‘l qo‘yiladi.
Bunda kesilishi ko‘rsatilgan daraxtlar va butalarni Davlat ekologiya qo‘mitasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari boshqa joyga ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqadi. Agar ko‘chirishning imkoni bo‘lmasa Davlat ekologiya qo‘mitasi organlari xulosasi asosida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ruxsatnomalar rasmiylashtiriladi.
36. Daraxtlar va butalarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish uchun xulosa va ruxsatnomalar olish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2018-yil 31-martdagi 255-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
37. Yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan va ular tomonidan yog‘och-taxta va hosil olish uchun ekilgan daraxtlar va butalarni, shu jumladan, ipak qurtini boqish maqsadida tut daraxti shoxlarini kesishga Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosasi talab etilmaydi.
38. Daraxtlar va butalarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish ishlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining Obodonlashtirish boshqarmalari yoki ushbu turdagi xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan to‘lov evaziga amalga oshirilishi mumkin.
39. Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim hamda kasb-hunar ta’limi muassasalarida daraxtlar va butalarni kesish yoki sanitariya maqsadida kesish ishlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bepul amalga oshiriladi.
40. Daraxtlar va butalarni kesish yoki sanitariya maqsadida tagidan kesish ishlari ularning yerdan unib chiqqan tanalarini yer bilan bir tekis qilib kesish yo‘li bilan amalga oshirilishi shart.
41. Daraxtlar va butalarni yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari tomonidan kesish ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan to‘lovlar asosida amalga oshiriladi.
42. Kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesishdan hosil bo‘lgan shox-shabba va boshqa hosilalarni tashish va olib chiqib ketish ushbu ishlarni amalga oshirgan mas’ullar tomonidan bajariladi.
43. Davlat budjeti, xorijiy va xalqaro tashkilotlar kreditlari va grantlari yoki xalqaro moliya institutlarining investitsiyalari hisobiga moliyalashtirilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qarorlari, farmoyishlarida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun kesiladigan daraxtlar va butalar istisno tariqasida, belgilangan to‘lovlardan ozod etilgan holda Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida kesiladi.
44. Daraxtlarni kesishdan manfaatdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari daraxtlarni kuzgi yoki bahorgi ekish davrida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tavsiya etilgan hududlarda har bir kesilgan daraxt o‘rniga o‘n tup daraxt ekib berish majburiyatini oladi.
Daraxtlarning amalda ekilganligi Davlat ekologiya qo‘mitasi, daraxtlarni kesishdan manfaatdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari, shuningdek biriktirilgan hududlar bo‘yicha ushbu Nizomning 11-bandida keltirilgan subyektlar tomonidan imzolangan dalolatnoma bilan tasdiqlanadi.
Ekilgan daraxtlarning hisobini yuritish Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
45. Daraxtlar va butalarni Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari ruxsatnomalarisiz kesish noqonuniy kesish hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
46. Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomalar berish va noqonuniy kesishdan tushadigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrofmuhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Ekologiya, atrofmuhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasining hisobvarag‘iga tushadi va uning 26 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga hamda viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlariga o‘tkaziladi.
Tut daraxtlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik, shikastlantirganlik yoki yo‘q qilganlik uchun undirilgan jarimalar Ekologiya, atrofmuhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Bunda, undirilgan jarimalarning 50 foizi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining hisobvarag‘iga, 26 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga hamda viloyatlar va Toshkent shahrining tegishli mahalliy budjetlariga o‘tkaziladi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar, qonunbuzarlik sodir etilgan hududda maqsadli ravishda yangi tut ko‘chatlarini ekishga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘larni boshqa maqsadlarga, shu jumladan, qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirish taqiqlanadi.
(46-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-dekabrdagi 1044-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2019-y., 09/19/1044/4240-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |