birinchidan, iqtisod fani xalq deputatlari Kengashlari xalq xo`jaligiga rahbarligi samaradorligining me'yorlarini ishlab chiqadi, ikkinchidan, xalq deputatlari Kengashlarining iqtisodiyot sohasidagi funksiya va kompetensiyalarini belgilab berishga yordam beradi. Ijtimoiy ruhiyat boshqaruv mehnatini to`g`ri tashkil etish, aholining vakillik organlari faoliyatida bevosita ishtirok etishini, deputatlarning, hokimlik apparati xodimlari, xalq deputatlari Kengashlari faoliyatining psihologik tomonlarini ishlab chiqadi, sessiyalarda, doimiy komissiyalar faoliyatida, deputatlar bilan ijroiya apparat xodimlari o`rtasida, deputatlar bilan aholi o`rtasida ijtimoiy - ruhiy muhitni vujudga keltirish muammolarini ishlab chiqadi.
Bu fanda ijtimoiy munosabatlarni o`rganishning qator maxsus uslublari mavjud. O`zbekiston Respublikasining mustaqillik sharoitida respublikadagi iqtisodiyot, sotsial-siyosiy va mafkuraviy sharoitlarni hisobga olgan holda xalq deputatlari Kengashlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari xususiyatlarini tahlil qilish ana shu uslublarning muhim talablaridan biridir. Bu uslublar quyidagilardan iborat:
1. “Davlat hokimiyati vakillik organlari” fanida tadrijiy yondashish uslubi keng qo`llaniladi. Bu uslubda, birinchidan, vakillik organlarini o`zaro aloqada bo`luvchi maxsus ijtimoiy tizim sifatida o`rganadi. Xalq deputatlari Kengashlarining funksiyalari barcha vakillik organlari faoliyati uchun yagona bo`lgan tashkiliy shakllari sistemali yondashish yordamida o`rganilishi lozim. Ikkinchidan, har bir alohida olingan xalq deputatlari Kengashining ichki tuzilishi sistemali yondashish yordamida o`rganiladi.
2. O`zbekistonning mustaqillikka erishishi sharoitida respublikada tashkil topgan xalq deputatlari Kengashlariga tarixiy yondashish uslubi muhim ahamiyatga ega. Chunki bu respublikada xalq deputatlari Kengashlarining vujudga kelishi va rivojlanishi jarayonini ko`rsatib beradi.
3. Xalq deputatlari Kengashlari to`g`risidagi bilim uchun asosiy manbalardan biri huquqiy-me'yoriy hujjatlar bo`lganligi sababli bu fanda me'yoriy-mantiqiy, uslubiy yondashish katta ahamiyat kasb etadi. Bu huquqiy me'yorlarni xalq deputatlari Kengashlari faoliyatiga ta'sir natijalarini belgilash hamda xalq deputatlari Kengashlari to`g`risidagi qonunchilikni takomillashtirish uchun zarur uslub.
4. Muayyan sotsiologik tadqiqotlar uslubi yordamida xalq deputatlari Kengashlari faoliyati to`g`risidagi haqiqiy, to`g`ri ma'lumotlar to`plash imkoniyati yaratiladi. Bu ma'lumotlarni olish uchun savolnoma, so`rovnoma (anketa) tarzida javob olinadi, har xil statistik ma'lumotlarni elektron hisoblash mashinalari yordamida yig`iladi va qayta ishlaniladi.
5. “Davlat hokimiyati vakillik organlari” fanida taqqoslash uslubidan keng foydalaniladi. Birinchidan, O`zbekistonda faoliyat ko`rsatib turgan xalq deputatlari Kengashlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari boshqa vakillik va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan taqqoslansa, ikkinchidan, O`zbekiston Respublikasidagi oliy va mahalliy Kengashlar faoliyatini tashkil etishdagi farqlar va bir-biriga o`xshashliklar taqqoslanadi.
6. O`zbekiston Respublikasidagi mavjud vakillik organlari va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatining samaradorligini oshirishda, ish faoliyatining yangi shakllarini vujudga keltirish va rivojlantirishda modellashtirish uslubi muhim o`rin tutadi. Yangi organ yoki yangi organ qismi uchun, Kengashlar va hokimliklar faoliyatiga taalluqli huquqiy hujjatlar modellari yaratiladi.
7. O`zbekiston Respublikasidagi mavjud xalq deputatlari Kengashlari tizimida ularning huquqiy holatida birma-bir o`zgartirishlar qilish kerakmi yoki yo`qligini, ular faoliyatiga boshqaruvni va boshqaruv mehnati unsurlarini tatbiq qilish kerakmi yoki yo`qligini aniqlash maqsadida eksperiment o`tkaziladi. Masalan, O`zbekistonda xalq deputatlari Kengashlari rayosatini tuzish, ularning raislarini saylash, Toshkent shahar hokimining Toshkent shahar aholisi tomonidan saylanishi eksperiment tariqasida o`tkazilgan edi.
“Davlat hokimiyati vakillik organlari” fanining tizimi shunday tuzilgan: kursning vazifalari, boshqa yuridik fanlar qatorida tutgan o`rni, shu fan o`rganadigan institutlarning mazmuni haqidagi asosiy savollar tashkil etadi va ular quyidagilardir:
1. Ilmiy fan sifatida «davlat hokimiyatining vakillik va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining faoliyatini tashkil etish» fanining nazariy masalalari.
2. O`zbekiston Respublikasi Oliy vakillik davlat hokimiyati organining tashkiliy faoliyati.
3.Hokimlar boshchilik qiladigan mahalliy xalq deputatlari Kengashlarining ichki tashkiliy va ommaviy-tashkiliy faoliyati.
4. Xalq deputatlari Kengashlari va jamoat uyushmalarining birgalikdagi faoliyati shakllari.
5. Xalq deputatlari Kengashlariga o`tkaziladigan saylovlarga tayyorgarlik ko`rish jarayonidagi ichki tashkiliy va ommaviy - tashkiliy faoliyati.
Davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratilishi ular faoliyatining kafolati bo`lib xizmat qiladi.Shu bois O`zbekiston mustaqillikka erishgach davlat hokimiyati vakillik organlari tizimidagi organlar va ular faoliyatini huquqiy asoslarini yaratildi.
Davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati bir qator huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishning asosiy prinsiplari to`g`risida” gi O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to`g`risida” O`zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy Qonuni, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida” gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Konunchilik palatasi to`g`risida” gi O`zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy Qonuni, "Xalk deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Konuniga o`zgartishlar va ko`shimchalar kiritish haqida O`zbekiston Respublikasi Qonuni, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni, yangi tahrirdagi “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida" gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa hujjatlar.
Bu borada O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi muhim ahamiyatga ega.O`zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati vakillik organlarining tizimi O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan, ularning ichki tarkibiy qismlari esa ular haqidagi alohida normativ-huquqiy hujjatlarda belgilanadi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat hokimiyati vakillik organlarining, ularning funksiya va vakolatlarini amalga oshirishdagi deputatlarning, fuqarolarning tutgan o`rni va roli tartibga solinsa, boshqa huquqiy hujjatlar bilan xalq deputatlari faoliyatining asosiy tashkiliy shakl va uslublari ham tartibga solinadi. Yuqoridagilardan ko`rinib turibdiki, xalq deputatlari faoliyatini huquqiy tartibga solish murakkab jarayonni tashkil etadi. Hozirgi davrda huquqiy normalar bilan bir qatorda boshqa ijtimoiy normalardan ham foydalanish ko`rsatilmoqda.
O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini huquqiy tartibga solishda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari juda katta vakolatlarga ega. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasi 5-bandidagi qoidaga muvofiq Oliy Majlis palatalari O`zbekiston Respublikasining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari tizimini va vakolatlarini belgilaydi.
O`zbekiston mustaqillik yillari davomida umuminsoniy qadriyatlar va boy milliy an'analar bilan yo`g`rilgan o`ziga xos rivojlanish yo`lini aniqlab oldi. Shu asosda davlat-huquqiy amaliyotda jahon parlamentarizmining boy tajribasidan unumli foydalanilib, respublika konstitutsiyaviy tuzumida xalq hokimiyatchiligi, hokimiyatlarning bo`linishi prinsiplariga mos davlat organlari tizimini shakllantirildi.
1 I.A.Karimov. O`zbekistonning siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillari. T., «O`zbekiston», 1995 yil, 5-bet.