“Davlat hokimiyati vakillik organlari” fanining tushunchasi, predmeti, O`zbekiston Respublikasidagi yuridik oliy o`quv yurtlarining o`quv dasturlari asosida “Davlat hokimiyati vakillik organlari” fanini o`qitish mo`ljallangan. O`zbekiston mustaqillikka erishmasdan oldin mazkur fan «Sovet qurilishi» deb atalar edi. Sovetlar ishlovchi korporatsiyalar sifatida qonun qabul qilish, boshqarish va nazorat birligini ta'minlashi lozim edi. Bundan savol kelib chiqishi tabiiy: saylab qo`yiladigan vakillik organi qanday qilib ham qonun qabul qilishi, ham uni ijro etishi mumkin? Bu ikki yo`nalishdagi vakolatlarni amalga oshirish uchun mutaxassislar, professional apparat kerak. Qisqasi, qonun qabul qilish faoliyatini ijro hokimiyati bilan qo`shib olib borish mumkin emasligini bizga yaqin tariximiz isbotladi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat rasman Oliy Sovetlarda mujassamlashgan bo`lsa ham, ijro hokimiyati qonun chiqaruvchi organlarga o`z erkini o`tkazar va sovetlar tomonidan nazorat qilinishi haqida gap ham bo`lishi mumkin emas edi. Sovetlar nazoratidan chiqqan ijro hokimiyati keyinchalik ma'muriy - buyruqbozlik va markazlashgan byurokratik tizim deb atala boshlandi. Xullas, Sovetlar ishlovchi korporatsiyalar degan nazariyaning zamini bo`sh va u tajribada ham o`zini oqlamagan ekan, vakillik organlarining taqdiri nima bo`ladi, degan savol tug`iladi. Bu masala, ayniqsa, O`zbekiston mustaqillikka erishgandan so`ng dolzarb muammoga aylandi.
Demokratiya rivojlangan fuqarolik jamiyatlarida hokimiyatning bo`linish tamoyiliga asoslangan huquqiy davlat qurishga o`tilgan. Hokimiyat nisbatan mustaqillik asosida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo`linadi.
Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimov asarlarida O`zbekiston Respublikasida huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish maqsad qilib qo`yiladi. Mustaqil O`zbekistonning birinchi Konstitutsiyasida O`zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyat-ning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo`linish prinsipiga asoslanadi, deb belgilandi. Respublikadagi vakillik organlarining tizimi ana shu uchta hokimiyatdan biriga qo`shildi. O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq vakillik organlarining eng yuqori bosqichi - Oliy Majlis qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
Respublikada hokimiyatning bo`linish prinsipini izchil amalga oshira borib, davlat hokimiyati tizimida chuqur islohotlar qilindi. O`zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishishi va demokratik huquqiy davlat barpo etish jarayonidagi eng muhim vazifalardan biri bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni barpo etish bo`lsa, ikkinchi muhim vazifa respublikada davlat hokimiyatining vakillik va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining yangi mustaqillik sharoitlariga mos keladigan tizimini yaratish edi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning, yangi uyni qurmay turib, eskisini buzmang, degan ko`rsatmalariga amal qilib, vakillik organlarining viloyat, tuman va shahar bo`g`inlari saqlanib qolindi. O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga muvofiq viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo`ysunadigan shaharlardan, shuningdek, shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlaridir. Respublikada milliy davlatchilik an'analarini tiklashni ko`zda tutib, hokimlik instituti kiritildi. Hokimlar qonunga muvofiq ham mahalliy vakillik organlariga, ham ijroiya hokimiyatiga rahbarlik qiladilar. Hokim tegishli hududda oliy mansabdor shaxs hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasidagi davlat hokimiyati vakillik organlarining quyi bosqichlari ovul, qishloq, shaharcha, tumanga bo`ysunuvchi shahar va shaharlardagi tumanlarda xalq deputatlari sovetlari tugatilib, ular-ning o`rniga o`zini o`zi boshqarish organlari joriy etildi. Fuqarolik jamiyati qurishning ma'nosi davlatchilik rivojlana borgan sari boshqaruvning turli xil vazifalarini bevosita xalqqa topshirish, ya'ni o`zini o`zi boshqarish organlarini yanada rivojlantirishdir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov o`zining «O`zbekistonning siyosiy - ijtimoiy va iqtiso-diy istiqbolining asosiy tamoyillari» asarida yozadi: «Boshqaruv vazifalarining asosiy qismini markazdan viloyatlarga, viloyatlardan shahar va tumanlardagi davlat hokimiyati va boshqaruv idoralariga o`tishini ta'minlash darkor. Shu tariqa bu bosqich asta-sekin o`zini o`zi boshqarish jamoatchilik tashkilotlariga ham yetib boradi»1.
O`zbekiston Respublikasidagi davlat hokimiyati-ning vakillik organlari tizimida o`tkazilgan islohotning asosiy maqsadi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning «O`zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo`lida» asarida bir og`iz so`z bilan shunday belgilanadi: «Insonga xizmat qilma-gan birorta davlat tizimi mavjud bo`lishga haqli emas».
Barqaror bozor iqtisodiyoti, ochiq tashqi siyosatga asoslangan kuchli demokratik, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish pirovard maqsad bo`lib qolishi kerak. Ana shu maqsadni amalga oshirishda davlat hokimiyatining vakillik va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari alohida o`rin egallaydilar.
Davlat hokimiyatining vakillik va o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini tashkil etish fanining mazmuni nimadan iborat? Bu fan O`zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati vakillik organlari - xalq deputatlari Kengashlari vujudga kelishi va rivojlanishini, shu organlar faoliyatini tashkil etishni o`rganadi.
Davlat hokimiyatining vakillik va o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini tashkil etish fanining mazmuni quyidagilarni o`zida ifodalaydi:
1. Xalq deputatlari Kengashlarining tizimi - ularni tashkil etish prinsiplari, Kengashlarining turlari, ularning o`zaro va boshqa davlat organlari bilan hamda jamoat birlashmalari bilan munosabati.
2. Kengashlarning funksiyalari, ya'ni ular faoliyatining asosiy yo`nalishlari, ularning davlat, xo`ja-lik va ijtimoiy - madaniy qurilishga rahbarligi.
3. Xalq deputatlari Kengashlarining ichki tashkiliy tuzilishi, ijroiya organlarining tuzilishi va ichki tashkiliy qismlarining o`zaro munosabati.
4. Xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatini uyushtirish, ya'ni ular faoliyatining tashkiliy uslub va shakllari.
“Davlat hokimiyati vakillik organlari” fanining manbalari masalasiga kelganda, shuni ta'kidlash lozimki, mazkur fanning asosiy manbai O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov-ning asarlaridir. Chunki respublikaning mustaqilligi sharoitida davlatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy taraqqiyotiga asos bo`ladigan muammolar ilk marotaba ana shu asarlarda nazariy jihatdan ishlab chiqilgan va hayotga tatbiq qilinib kelinmoqda.
Fanning manbalariga O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga va siyosiy suverenitetiga erishgandan keyin qabul qilingan qonunlar va huquqiy hujjatlar kiradi. Bularga O`zbekiston Respublikasi Oliy davlat hokimiyati organlarining shu davr ichida qabul qilgan qonunlari va boshqa huquqiy hujjatlari, mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining qarorlari va boshqa hujjat-lari, O`zbekiston Respublikasidagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining ish tajribasidan olingan hujjatlar ham kiradi.
O`zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati vakillik organlari fanining manbalari tasnifi quyidagilardan iborat:
1. “Davlat hokimiyati vakillik organlari” fanining bosh manbai bo`lib uning Konstitutsiyasi hisoblanadi.
2. Qoraqalpog`iston Respublikasining Konstitutsiyasi.
3. O`zbekiston Respublikasining davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini o`zida aks ettirgan qonunlari (O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi to`g`risidagi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati to`g`risidagi konstitutsiyaviy qonunlar).
4.Mahalliy davlat hokimiyati organlarining o`z vakolatlari doirasida umumiy qoidalarni o`z ichiga olgan, o`sha hududda kuchga ega bo`lgan hujjatlari.
Nihoyat, O`zbekiston huquqshunos olimlarining ilmiy asarlari ham davlat hokimiyati vakillik organlari fanining manbalaridan hisoblanadi. Fan muammolariga bag`ishlangan darsliklar, o`quv qo`llanmalari va boshqa ilmiy asarlar ham shular jumlasiga kiradi.
Vakillik va o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini tashkil etishdagi O`zbekiston demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va ikki palatali Parlament tashkil etish borasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining II chaqiriq Oliy Majlis VIII sessiyasida bildirgan fikrlari va 2002 yil 4 aprelda qabul qilingan «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to`g`risida»gi konstitutsiyaviy qonunda ko`rsatilgan yangi qoidalar ham fanning manbalari sifatida o`z ifodasini topgan. Fan manbalarining asosiylari mazkur darslikka ilova tariqasida berilgan.
“Davlat hokimiyati vakillik organlari” fani davlat va huquq nazariyasi, davlat huquqi (konstitutsiyaviy huquq), ma'muriy huquq kabi huquqiy fanlar, iqtisodiy va ijtimoiy fanlar, ruhshunoslik fanlari bilan bog`langan.
Davlat va huquq nazariyasining davlat to`g`risi-dagi, xususan, davlat hokimiyati vakillik organlari to`g`risidagi chiqargan xulosalariga tayanadi.
Boshqaruv to`g`risidagi fan davlat va jamiyat ishlarini boshqarishning umumiy g`oyalarini o`rganadi. Davlat hokimiyatining vakillik va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini tashkil etish fani uchun boshqarish hujjatlarini qabul qilish, ijro va nazoratni tashkil etish, boshqarishdagi rejalashtirish va prognozlashtirishning umumiy masalalari to`g`risi-dagi xulosalari muhimdir.
Davlat huquqi va ma'muriy huquq fanlari xalq deputatlari Kengashlari to`g`risidagi, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risidagi huquqiy hujjatlarni tahlil qilar ekan, shu organlar faoliyatini to`g`ri tashkil etishga yordam beradi.
“Davlat hokimiyati vakillik organlari” fanining iqtisodiy fanlar bilan aloqasi ikki yo`nalishda ko`rinadi: