4.2. O’zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksi, mazmuni va ahamiyati
Ma’lumki, byudjet qonunchiligini yanada rivojlantirish va takomillashtirish asosida byudjet faoliyatini rivojlantirish davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilishning asosiy yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. 2000 yil 14 dekabrda “Byudjet tizimi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinganidan beri o’tgan davr mobaynida byudjet tizimi amaliyotida bir qator o’zgarishlar sodir bo’ldi, ular:
davlat byudjeti ijrosi g’aznachilik tizimining joriy etilishi;
bir qator davlat maqsadli jamg’armalari va boshqa nobyudjet fondlarining tuzilishi va amal qilishi;
byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari qo’shimcha mablag’larni jalb qilish manbalarining kengayishi va ular ustidan nazoratni yaxshilash zarurligi;
byudjet tasnifi, byudjet hisobi va hisoboti tizimining takomillashuvi;
yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining qabul qilinishi va amalga kiritilishi va boshqa holatlar bilan bog’liq bo’lib, byudjet qonunchiligini yanada takomillashtirish zarurligini taqozo etdi.
Natijada amaldagi “Byudjet tizimi to’g’risida”gi hamda “Davlat byudjetining g’azna ijrosi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunlarida belgilangan normalar mukammal tarzda qayta ishlangan holda Byudjet Kodeksida o’z aksini topdi.
Byudjet tizimidagi islohotlar doirasida 2014 yildan boshlab amalga kiritilgan yangi Byudjet Kodeksi davlat moliyasini boshqarishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, byudjet siyosatining ustuvorliklarini belgilab olish, byudjet mablag’laridan foydalanish samaradorligini oshirish va davlat xizmatlarini taqdim etish sifatini oshirishga qaratilgan.
4.1-rasm. O’zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksining tasnifi
Ushbu Kodeks O’zbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlarini shakllantirish, tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash, ijro etish, davlat tomonidan mablag’ jalb qilish va byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
O’zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksi 2013 yil 26 dekabrda qabul qilingan bo’lib, 9 ta bo’lim, 28 ta bob, 192 moddadan iborat. Ushbu Kodeks:
O’zbekiston Respublikasining byudjet tizimi tuzilishi va uni boshqarish asoslarini;
O’zbekiston Respublikasining davlat byudjetini tuzish printsiplari va uning tuzilmasini;
davlat byudjetini tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish va ijro etish tartibini;
davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari daromadlarini shakllantirish va ularning xarajatlarini amalga oshirish printsiplarini;
davlat byudjeti tuzilmasiga kiruvchi byudjetlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni;
davlat byudjeti mablag’lari bilan operatsiyalarni amalga oshirish jarayonida hisobga olish, hisobot va nazorat qilish tartiblarini belgilab beradi.
Kodeksda byudjet tizimi va byudjet tuzilmasiga kiruvchi byudjetlar tarkibi, davlat byudjetining daromad va xarajatlari tarkibi, respublika va mahalliy byudjetlarning daromadlari va xarajatlari tarkibi va ularning byudjet bo’g’inlari o’rtasida taqsimlash tartiblari, byudjet jarayonini tashkil qilish tartiblari; byudjet taqchilligini moliyalashtirish manbalari, davlat maqsadli jamg’armalari, ularni tashkil qilish va ular mablag’laridan foydalanish tartibi kabilar belgilab berilgan.
Yangi Byudjet Kodeksi byudjet jarayonini xalqaro amaliyot tajribalaridan kelib chiqqan holda tartibga solish, byudjet amaliyotida mavjud bo’lgan ziddiyatlarni bartaraf etish, eskirgan tartib-qoidalarni bekor qilish, byudjet jarayonini tashkil etishdagi me’yorlar, nizomlar va byudjet jarayoni ishtirokchilarining vakolatlarini tizimlashtirish maqsadida ishlab chiqildi.
Byudjet Kodeksining alohida boblarida byudjet tizimi, uning tamoyillari, byudjet tizimini boshqarish organlarining byudjet sohasidagi vakolatlari, byudjet tizimi tarkibiga kiruvchi byudjetlarning daromadlari va xarajatlari kabilar belgilab berilgan.
Umuman olganda Byudjet kodeksi 50 ga yaqin qonun hujjatlari va qonun osti hujjatlarini o’z ichiga oladi. Moliya-byudjet tizimida mazkur huquqiy hujjatning qabul qilinishi bilan O’zbekiston Respublikasi Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi davlatlari orasida o’z Byudjet kodeksiga ega bo’lgan davlatlar safiga qo’shildi (4.1-jadval).
Xalqaro tajribada Byudjet kodeksi – ma’lum bir mamlakat byudjet tizimining asoslarini, uning tuzilishi, umumiy printsiplarini, turli darajadagi byudjetlar va ularning vakolatlarini, byudjet jarayoni asoslari va byudjetlararo munosabatlarni, byudjet qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik choralarini belgilovchi qonun hujjati hisoblanadi. O’zbekistonda mazkur Kodeks mamlakatimizning mustaqillik davridagi qonunchilik faoliyatida qabul qilingan o’n oltinchi kodeks bo’lib, u ko’pqirrali moliyaviy munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiluvchi Bojxona va Soliq kodekslaridan keyin qabul qilingan byudjet-moliya sohasiga taalluqli bo’lgan uchinchi kodeksdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |