412-modda. Soliq bazasi Quyidagilar soliq bazasidir:
1) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha — o‘rtacha yillik qoldiq qiymati.
Ko‘chmas mulkning qoldiq qiymati ushbu mol-mulkning boshlang‘ich (tiklanish) qiymati bilan soliq to‘lovchining hisob siyosatida belgilangan usullardan foydalanilgan holda hisoblab chiqilgan amortizatsiya miqdori o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang. Soliqni hisoblab chiqarish maqsadida ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan obyektlarga nisbatan soliq bazasi quyidagi miqdorlarda 1 kv. metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas:
Toshkent shahrida — ikki million besh yuz ming so‘m;
Nukus shahrida va viloyat markazlarida — bir million besh yuz ming so‘m;
boshqa shaharlarda va qishloq joylarda — bir million so‘m;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari ushbu bandda belgilangan eng kam qiymatga tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab 0,5 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritishi mumkin;
Agar obyektning 1 kv. metri qiymati ushbu bandda belgilangan eng kam qiymatdan past bo‘lsa, soliq to‘lovchi ko‘chmas mulk obyektlari qiymatini mustaqil baholashni amalga oshirishga haqli. Bunda mustaqil baholash natijalari soliq bazasi sifatida e’tirof etiladi;
2) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha — tugallanmagan qurilishning o‘rtacha yillik qiymati;
3) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida belgilangan obyektlar bo‘yicha — mazkur obyektlarning o‘rtacha yillik qiymati (realizatsiya qilinmagan qismi bo‘yicha).
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan soliq bazasi ushbu mol-mulkning o‘rtacha yillik qiymatidir.
413-modda. Soliq bazasini aniqlash tartibi Soliq solish obyektlarining o‘rtacha yillik qoldiq qiymati (o‘rtacha yillik qiymat) soliq davridagi har bir oyning oxirgi kunidagi holatga ko‘ra soliq solish obyektlarining qoldiq qiymatlarini (o‘rtacha yillik qiymatlarini) qo‘shishdan olingan summaning o‘n ikkidan bir qismi sifatida ortib boruvchi yakun bilan aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha soliq bazasi mazkur obyektlarga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan qiymat asosida aniqlanadi.
Soliq bazasi har bir soliq solish obyekti bo‘yicha alohida aniqlanadi.
Soliq to‘lovchi tomonidan soliqni to‘lash nazarda tutilmagan faoliyat turlari amalga oshirilgan taqdirda, soliq bazasi soliq solinadigan va soliq solinmaydigan mol-mulk hisobini alohida-alohida yuritish asosida aniqlanadi. Alohida-alohida hisob yuritishning imkoni bo‘lmasa, soliq bazasi soliq to‘lanishi nazarda tutilgan faoliyatdan olinadigan sof tushumning jami sof tushum hajmidagi ulushiga qarab aniqlanadi.
[OKOZ: 1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.11.00.00 Mahalliy soliqlar va yig‘imlar / 07.11.01.00 Mol-mulk solig‘i / 07.11.01.03 Mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlar]