22-modda. Bojxona organlarining xodimlariga ta’tillar berish Bojxona organlarining xodimlariga ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur bo‘lgan, biroq uch kalendar kundan oshmaydigan vaqt qo‘shilgan, lavozimi va pul ta’minoti saqlangan holda har yili davomiyligi o‘ttiz kalendar kun bo‘lgan asosiy ta’til beriladi.
Davlat bayramlari kunlari yillik navbatdagi ta’tilning davomiyligini aniqlashda hisobga olinmaydi.
Bojxona organlari xodimining yillik asosiy ta’tiliga kalendar hisobdagi xizmat yillari uchun:
o‘n yillik xizmatidan so‘ng — davomiyligi besh kun;
o‘n besh yillik xizmatidan so‘ng — davomiyligi o‘n kun;
yigirma yillik xizmatidan so‘ng — davomiyligi o‘n besh kun bo‘lgan, haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
Bojxona organlarining xodimlariga xizmatining birinchi yilida har yilgi navbatdagi ta’til kamida olti oy ishlaganidan keyin beriladi.
Har yilgi navbatdagi ta’til davrida bojxona organi xodimi ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirgan holda davolanishdan o‘tgan hollarda ta’til davolanish muddatiga uzaytiriladi.
Ta’tildan chaqirib olishga faqat xizmat yuzasidan o‘ta zarur hollardagina bojxona organi xodimining roziligi va ushbu xodim boshlig‘ining yozma qarori bilan yo‘l qo‘yiladi. Ta’tildan chaqirib olingan taqdirda uning foydalanilmagan qismi, qoida tariqasida, joriy yilda beriladi.
Agar bojxona organi xodimiga har yilgi navbatdagi ta’til kalendar yil davomida berilmagan bo‘lsa, ta’til uchun moddiy yordam joriy moliya yilining oxirida to‘lanadi.
Bojxona organi xodimiga yiliga bir marotaba O‘zbekiston Respublikasi hududida har yilgi navbatdagi ta’tilni o‘tkazadigan joyiga, shuningdek sanatoriy-kurortda davolanish joyiga borishi va qaytishi bilan bog‘liq yo‘l xarajatlarining o‘rni qoplanadi.
Bojxona organlari xodimlariga kasalligi bo‘yicha ta’tillar ichki ishlar organlari harbiy-tibbiy komissiyasining xulosasi asosida beriladi. Ushbu ta’tilning davomiyligi kasallikning xususiyatiga ko‘ra belgilanadi.
Kasallik bo‘yicha ta’tilda uzluksiz bo‘lishning umumiy hisoblanadigan muddati to‘rt oydan oshmasligi lozim. Bunda ayrim kasalliklar bo‘yicha davolanishda bo‘lish uchun ancha uzoqroq muddat talab qilingan hollarda, bu muddat ichki ishlar organlari tibbiyot muassasasining xulosasi asosida uzaytirilishi mumkin.
Bojxona organlarining xodimlari kasallik bo‘yicha ta’tilda uzluksiz bo‘lishning belgilangan muddati o‘tgach, bundan buyongi xizmatga yaroqliligi to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun ichki ishlar organlarining harbiy-tibbiy komissiyasida tekshiruvdan o‘tishi lozim.
Bojxona organlari xodimlarining xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida olingan jarohatlarini (kontuziyalar, mayibliklarni) davolashda bo‘lgan davri muayyan muddat bilan cheklanmaydi. Mazkur toifadagi shaxslar davolanish tugaganidan so‘ng ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalarida harbiy-tibbiy tekshiruvdan o‘tadi.
Ichki ishlar organlari harbiy-tibbiy komissiyasining xulosasi asosida beriladigan kasallik bo‘yicha ta’til davrida bojxona organi xodimining pul ta’minoti saqlanadi.
Kasallik bo‘yicha ta’til har yilgi navbatdagi ta’til hisobiga kiritilmaydi.
Bojxona organlarining xodimlari xizmatdan bo‘shatilayotganda kasallik bo‘yicha ta’til berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang. Bojxona institutining akademik qarzdorligi bo‘lmagan kursantlariga yetti kun davom etadigan qishki va o‘ttiz kun davom etadigan yozgi ta’tillar, shuningdek institutni tamomlashi munosabati bilan o‘ttiz kalendar kun davom etadigan ta’til beriladi.
Bojxona organlari xodimlariga qarindoshlik burchini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan, shuningdek boshqa uzrli sabablarga ko‘ra oilasidagi kechiktirib bo‘lmaydigan ijtimoiy-maishiy masalalarni hal etish uchun pul ta’minoti saqlanmagan hamda ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur bo‘ladigan vaqt hisobga olinmagan holda o‘n kungacha davom etadigan qisqa muddatli ta’til berilishi mumkin.
Xizmatdan bo‘shatilayotgan bojxona organlari xodimlariga foydalanilmagan har yilgi navbatdagi ta’til uchun bo‘shayotgan yilda xizmat qilgan davriga mutanosib ravishda pullik kompensatsiya to‘lanadi. Bunda pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lmagan bojxona organi xodimidan ta’til uchun avval to‘langan pullik kompensatsiya summasi bo‘shayotgan yildagi xizmat davriga mos ravishda ushlab qolinadi.