Moliyaviy faoliyat va uni boshqarishning mohiyati, vazifalari va ahamiyati
Moliya resurslari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun pul manbai bo’lib xizmat qiladi. Amortizatsiya fondi va foydadan ajratilgan pul mablag’lari investitsiya uchun xizmat qiladi, ularni orttirish ishlab chiqarish quvvatlarini ko’paytirish demakdir. Masalan, investitsiyaning 1% orttirishi iqtisodiy o’sish sur’atlarini 0,4% oshiradi deb faraz kilsak, investitsiya resursini 5% ortishi, 2% o’sish beradi, 7% ortishi 2,8% o’sish beradi va h.k., agar investitsiya 3% kamaysa, shunga ko’ra ishlab chiqarish xajmi 1,2% qisqaradi. Moliya mablag’larini yetishmasligi o’sishni pasaytiradi, chunki texnika-texnologiyani kiritishga pul yetmaydi.
Moliyaviy resurslar orasida foyda asosiy o’rin tutadi, chunki foyda sof daromad sifatida iqtisodiy o’sish manbai hisoblanadi. Uning hisobidan nafaqat sof investitsiya fondi, balki har xil rezerv va sug’urta fondlari, shuningdek ijtimoiy fondlar uyushtiriladi. Moliya resurslarini hosil etishda to’plangan milliy boylik ham qatnashadi. Sof oltin, oltin buyumlar javoxirot, umuman, noyob buyumlarni chetga sotish yoki ularni garovga qo’yib, pul olish, yer, o’rmonlarni, portlarni, yo’llarni ijaraga berish orqali to’plangan pullar moliya resursi bo’lib xizmat qiladi. Muayyan mamlakat o’zining milliy boyligi bo’lgan oltin yombilari, oltin buyumlari tarixiy qimmatga ega antikvar buyumlarni banklarga qo’yadi, uning evaziga qarzga pul olib ishlatadi. Qimmatbaho buyumlarni odatda, SHveytsariya banki qabul qiladi, chunki ular o’z qadrini saqlovchi boylik hisoblanadi.
Moliya resurslari iqtisodiyotni kutilmagan xodisalardan, masalan, tabiiy ofatlar, falokatlardan yoki dunyo bozori narxining pasayib ketishidan ximoya qiladi. Moliyaviy resurslar pul shaklida bo’lib, bu pullar iqtisodiyotda amaliy ta’sir etishi uchun, albatta, moddiy jihatdan ta’minlanishi kerak, ya’ni to’plangan pul ortida kerakli moddiy mahsulotlar bo’lishi shart. Aks xolda ular pulligicha (qog’ozligicha) qolib, ishlab chiqishga naf keltira olmaydilar.
SHu o’rinda, jahon moliyaviy inqirozining yuzaga kelishida asosiy sabab – moliyaviy resurslar bilan real ishlab chiqarish hajmi o’rtasidagi mutanosiblikning keskin buzilishi hisoblanishini ta’kidlash lozim. Pul muomalasi qonunlaridan ma’lumki, iqtisodiyot sog’lom va barqaror amal qilishi uchun muomalaga chiqarilayotgan pul massasi bilan tovar va xizmatlar ishlab chiqarish real hajmi o’rtasida muayyan nisbatga amal qilinishi lozim. Biroq, milliy iqtisodiyotlarning baynalminallashuvi va globallashuv jarayonlari pul muomalasining amal qilishiga ham o’z ta’sirini o’tkazib, dastlab ayrim mamlakatlar, masalan AQSHda, keyinchalik ko’plab mamlakatlarda mazkur qonunga rioya qilishning zaiflashuviga, keyin esa uni umuman e’tiborga olmaslikka qadar olib keldi. Jumladan, o’tgan asrning 70-yillariga qadar amal qilib kelgan jahon valyuta tizimlari pullarning oltin yoki tovar mazmunini ta’minlash orqali iqtisodiy munosabatlarning barqarorligiga zamin yaratdi. Biroq, jahon amaliyotida 1976 yildan boshqariladigan, suzib yuruvchi valyuta tizimiga o’tgach, pulning oltin mazmuni yo’qolib, asosan AQSH dollari yetakchi valyutaga aylangach, uning muomalaga chiqarilishini nazorat qilib bo’lmay qoldi. Keyingi yillarda globallashuv jarayonining jadallashuvi ta’sirida xalqaro iqtisodiy aloqalarda qat’iy valyutaga bo’lgan talabning yanada kuchayishi AQSH tomonidan hech qanday tovar bilan ta’minlanmagan pullarning muomalaga chiqarilish jarayonini yanada tezlatib yubordi. Ma’lumotlarga ko’ra, muomaladagi pul massasi (naqd, kredit pullar va turli to’lov vositalari)ning tovar va xizmatlar ishlab chiqarish real hajmidan deyarli 10 baravar, agar pulning aylanish tezligini ham hisobga olinsa, muomala uchun zarur bo’lgan pul miqdoridan, ya’ni pulga bo’lgan talabdan bir necha o’n baravar ko’payib ketganligini anglatadi.
Moliyaviy resurslar 2 turda bo’ladi: birinchisi - mikroresurslar yoki markazlashgan resurslar. Ular korxona, firma, kompaniya, kontsern, tashkilot, jamoat uyushmalari doirasida bo’lib, xo’jalik sub’ektlarining o’ziga tegishli yoki ular qarzga olgan pul mablag’laridan iborat. Ikkinchisi - makroresurslar - ular umumdavlat miqyosida tashkil topadi. Ular byudjet hisobidan yoki byudjetdan tashqari fondlar hisobidan paydo bo’ladi, davlat ixtiyorida turadi.
Moliya o’z funktsiyalarini aniq moliyaviy vositalar orqali bajaradi, harajatlar, amortizatsiya, foyda, aktsiya kursi, divident, soliqlar, to’lovlar, boj xaqi, sug’urta xaqi, subsidiya, dotatsiya, kompensatsiya kabilar shular jumlasiga kiradi. Bular ayni vaqtda moliya resurslarini tashkil etadilar, ular orqali xo’jalik moliya faoliyatiga ta’sir etishi mumkin. Masalan, divident miqdorini oshib borishi aktsiya chiqargan kompaniya moliyaviy ahvolining yaxshiligidan darak beradi, natijada aktsiya kursi oshadi, kompaniyaga tashqaridan pul oqib kelishi va uning zurayib ketishi ta’minlanadi. Mikroresurlar korxona, tashkilot faoliyatiga xizmat kilsa, makroresurslar umumiqtisodiy, umumdavlat ehtiyojiga qaratiladi. Bozor iqtisodiyotida mikroresurslar, birlamchi, ular ustivorlikga ega bo’ladi, chunki iqtisodiy erkinlik sharoitida xo’jalikning dastlabki bo’g’ini korxona, firma, kompaniya va xo’jaliklar moliyasi iqtisodiy o’sish tayanchi hisoblanadi. Ammo, makroresurslar iqtisodiyotni tartiblashda asosiy rol o’ynaydi, ular davlatning iqtisodiy vazifasini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy faoliyatni moliyalashtirish, moliyaviy resurslarning turli darajada tashkil topishi va ishlatilishi uch usul bilan amalga oshadi. Birinchidan, iqtisodiy sub’ektlar o’zini-o’zi moliyalashtiradi. Ular o’z sarf xarajatlarini o’zlarining puli bilan qoplaydi. Ikkinchidan, iqtisodiy sub’ektlar o’z mablag’i yetishmasa, qilingan sarflarni bank krediti hisobidan qoplaydi. Uchinchidan, sub’ektlar faoliyati uchun pul mablag’lari zarur bo’lgan chog’larda davlat hisobidan ham ajratiladi. Davlat byudjetidagi yoki byudjetdan tashqari hosil etilgan pul fondlarini qaytarib olmaslik sharti bilan korxona, tashkilot va muassasalarga ajratib berib, ularni moliyalashtiradi. Ammo, bu bozor iqtisodiyotida ikkilamchi usul hisoblanadi.
Moliyaviy resurslar totalitar tizimda davlat monopoliyasida bo’lib, uning qattiq nazorati ostida ishlatiladi. Ular davlat korxonalari va tashkilotlari qo’lida va asosan davlat byudjetida to’planadi va taqsimlanadi. Bunday xolat moliyaviy aloqalarni cheklab, uni davlat qolipiga solib qo’yadi. Barqaror iqtisodiy taraqqiyot uchun moliya mablag’larining erkin harakati talab qilinadi. Bunga moliya bozori orqali erishiladi. Moliya bozori milliy va xalqaro xo’jalik doirasida pul mablag’lari erkin harakatining maxsus shaklidir. U tarkiban qimmatbaho qog’ozlar bozori va qarzga beriladigan pul bozoridan iborat bo’ladi. qarz puli tabiatdan bir xil emas. U birinchidan, pulni ishlatib, daromad topishni ko’zlaydi. Bunda pul kapital shaklini oladi. Ikkinchidan esa, pul shaxsiy ehtiyojni qondirish uchun ishlatiladi va oddiy to’lov yoki harid vositasi vazifasini o’taydi.
Moliya bozorida ikki guruxdan iborat sub’ektlar pul bilan munosabat qiladilar. Birinchisi - pul egalari yoki uni saqlab turuvchilar. Bunga axoli, firma, kompaniya va davlat muassasalari kiradi. Ikkinchisi - pulga muxtoj bo’lgan sub’ektlardir. Bular ham tarkiban pul egalari kabi bo’ladi. har ikkala sub’ektlar orasida erkin pul muomalasi, ya’ni uning oldi-berdi etilishi moliyaviy bozorni bildiradi. Bu bozordagi sub’ektlar o’rtasidagi munosabatlar har ikki tomon uchun manfaatli bo’lgandagina yuzaga keladi. Mana shu munosabatlarning ob’ekti pul mablag’laridir. Ular o’z egalari qo’lida vaktincha bo’sh turgani xolda, ular boshqalar uchun zarur bo’ladi.
Moliya bozori ishtirokchilari mulk egasi sifatida o’z boyligini bilganicha tasarruf eta oladilar, shu sababli ular pul yuzasidan erkin bitimga keladilar. Moliya bozorida unga qimmatbaho qog’ozlar - obligatsiya va aktsiyalar sotib olinadi. Moliya bozorida vekselь va sertifikat kabi xujjatlar ham singari muomalada bo’ladi. Ular ham oldi-sotdi qilinadi. Moliya bozori amaliyotda tijorat banklari, sug’urta, investitsiya, moliya kompaniyalari, fond birjalari auktsionlar orqali faoliyat ko’rsatadi. Moliya bozoridagi operatsiyalar maxsus vositachilar, dillerlar va brokerlik firmalari orqali amalga oshirilib, xujjatlashtiriladi. Moliya bozori muassasalari orqasidan fond birjalari asosiy o’rinda turadi. Qimmatbaho qog’ozlar asosan fond birjalari orqali sotiladi. Masalan, Yaponiyada 8 ta fond birjasi bo’lib, bu yerda 1985 yilda sotilgan aktsiyalar miqdori 146,3 mlrd. ienni tashkil etsa, 1989 yilga kelib 256,3 mlrd. ienga teng buldi. 1988 yili Yaponiya fond birjalarida jami obligatsiyalarning 95,6% sotilgan bulsa, birjalardan tashqarida faqat 4,4% sotildi xolos.
Moliya munosabatlari unsurlarining bir-birini taqozo etishi, o’zaro bog’lanishi va yaxlitligi moliya tizimini yuzaga keltiradi. Bu tizim bozor iqtisodiyotning tarkibiy qismi hisoblanadi. Jamiyatdagi moliya munosabatlariniing majmuasi moliya tizimi deb ataladi. Moliya tizimiga har xil yondashish mumkin. Nazariy jihatdan qaraganda u tarkiban ob’ektiv, lekin har xil darajadagi moliyaviy munosabatlar, ularni ifodalovchi moliya mexanizmlari, moliya vositalaridan va moliya siyosatidan tashkil topadi. Agar moliya tizimiga takror ishlab chiqarish jihatidan qarasak, u mikromoliya va makromoliyadan iboratligini ko’ramiz. Ma’lumki, mikromoliya ayrim xo’jalik sub’ektlari - korxona, firma, kompaniya, shuningdek oila doirasidagi moliya aloqalaridir. Bunday tuzilish, bozor munosabatlari ishtirokchilarining iqtisodiy mavqeidan kelib chiqadi.
Davlat moliyasi milliy daromad va milliy harajatlarning yaxlitligidan iborat. Davlat daromadlari bu milliy daromadni va boylikni taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonida uning davlatga tekkan qismidir. U bevosita davlat ixtiyoridagi va davlat korxonalari qo’lidagi daromaddan iborat bo’ladi. davlat daromadlari ichki va tashqi manbaalardan tushadi, ammo asosiysi ichki manbaadir. Ichki manbaaning 3 shakli mavjud: soliqlar, zayomlar va emissiya.
Davlat o’z vazifalarini bajarishi uchun harajatlar qilishi zarur. Bular tarkibida davlatning investitsiya uchun ajratgan, ijtimoiy vazifalarini bajarishga qaratilgan, davlatni boshqarib turish, mudofaa uchun ketadigan harajatlar asosiy o’rinda turadi. Umumdavlat harajatlari aniq maqsadlarga qaratiladi va rejalashtiriladi, so’ngra ular sarflanib ketadi.
Umumdavlat harajatlari byudjet orqali moliyalashtiriladi. Davlat byudjeti, bu umumjamiyat miqyosida markazlashgan va davlat ishtirokida hosil bo’luvchi va sarflanuvchi moliyaviy resurslarni aniqlatadi. U daromad va harajat qismlaridan iborat bo’ladi. byudjetning daromad qismini shakllantirishda, mulk shaklidan qat’iy nazar, hamma iqtisodiy sub’ektlar ishtirok etadilar, ularning ishtiroki soliqlar to’lash shaklida yuz beradi. Byudjetning harajatlari umumdavlat moliya fondlarini tashkil etgan tushumlarni taqsimlanishi, ma’lum maqsad yulida ishlatilishidir.
Byudjet harajatlari ishlatilishiga karab to’rt xil bo’ladi:
a) ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ketadigan sarflar, xususan, investitsiya sarflari; b) ijtimoiy madaniy sarflar, ya’ni davlatga qarashli ijtimoiy madaniy xizmat sohalarini, chunonchi sog’liqni saqlash, ijtimoiy ta’minlash, maorif va madaniyatni pul mablag’lari bilan ta’minlab turish sarflari; v) davlat boshqarish harajatlari; g) mamlakatni mudofaa kilish yoki harbiy harajatlar. Byudjet daromadlari uning harajatlarini koplashi shart. Agar byudjet daromadlari harajatlarni koplay olmay, kamomad hosil bo’lsa, byudjet taqchilligi yuzaga keladi. Ammo, har qanday taqchillikni xatarli deb bo’lmaydi. Agar taqchillik xajmi yaratilgan milliy mahsulot qiymatining 2-5 foiziga teng bo’lib, undan oshib ketmasa, bu iqtisodiyot uchun normal xol hisoblanadi.
Daromad va muvofiqlashtirish orqali taqchillikni bartaraf etiladi, ammo asosiy yo’l - bu iqtisodiyotni o’stirish orqali byudjet daromadlarini oshirgan xolda kamomadni normal xolga keltirishdan iborat.
Mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat natijasida mamlakatimizning byudjeti hajmi ortib bormoqda. SHu bilan birgalikda byudjetning to’ldirilishi amalga oshib bormoqda. Mamlakatimizning byudjeti 2005 yilgacha defitsit ko’rinishida bo’lgan bo’lsa, undan keyingi yillarida defitsit asta-sekinlik bilan kamayib profitsitga aylandi.
Bu ko’rsatkichlar mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy siyosatning juda to’g’ri ekanligini ko’rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |