Stansiyadagi tarkiblarni saralash va tuzish. Ularni bir parkdan boshqasiga olib oʻtish va yuk obyektlariga xizmat koʻrsatish ishlarini manyovr lokomotivlari bajaradi. Shuning uchun manyovr lokomotivi ishini rejalashtirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Stansiyaning ish reja grafigini tuzishdagi asosiy harakatlar:
sutka davomida 2 marta, ya’ni 8-00 va 20-00 da manyovr lokomotivi brigadalari, poyezd tuzuvchilari, operator va stansiya navbatchilarini almashtirish amalga oshiriladi. Sutkalik ish reja grafigida manyovr lokomotivi ishi grafasida 15 daqiqadan shu soatlarda manyovr lokomotivi bandligi koʻrsatib qoʻyiladi;
poyezdlar harakat grafigiga mos ravishda terma poyezdlarning joʻnatilish vaqtlari ma’lum, shuning uchun har bir terma poyezdni tuzish ishlarini vaqtliroq boshlash lozim, ya’ni terma poyezdni joʻnatish vaqtiga poyezd tuzilishining tugallanishi, olib oʻtish va tarkibga ishlov berish ishlari yakunlangan boʻlishi lozim;
buning uchun terma poyezdni joʻnatish vaqtidan boshlab, poyezdga ishlov berish amali, soʻngra saralash parkidan qabul qilish-joʻnatish parkiga olib qoʻyish hamda terma poyezdlarning tuzilishini tugallash amali belgilab qoʻyiladi. Saralash yoʻli qatoridan birida terma poyezdning yigʻilishi ham koʻrsatilishi mumkin.
saralash parki yoʻllarida 00-00 soatga qolgan vagonlar soni belgilab qoʻyiladi;
qayta ishlovga kelayotgan poyezdlar Е parkining qabul qilish-joʻnatish yoʻllariga qabul qilinadi, ularga ishlov beriladi, agar manyovr lokomotivi boʻsh boʻlsa, tarkibni saralash ishlari boshlanadi; agar manyovr lokomotivi band boʻlsa, u holda bu jarayonlar uchun kutish amali koʻrsatiladi. Tarkibni tarqatishni kutish amali qabul qilish-joʻnatish yoʻllarida koʻrsatilishi lozim.
Tarkibni saralash vaqtida, vagonlar saralash parki yoʻllariga qoʻyiladi va sutka oxiridagi 0 soatga qolgan vagonlar yigʻindisi chiqariladi (vagonlarni yigʻish amali saralash parki yoʻllarida koʻrsatib qoʻyiladi);
yigʻilish amalidan soʻng saralash yoʻllaridagi vagonlar soni poyezd tarkibidagi vagonlar sonidan katta yoki baravarligida, manyovr lokomotivi boʻsh boʻlsa, poyezdning tuzilishini tugatish va uni qabul qilish-joʻnatish parkiga olib qoʻyish amali koʻrsatiladi, agar manyovr lokomotivi band boʻlsa, u holda yuqoridagi jarayonlarga kutish belgisi koʻrsatiladi. “Tortuv yoʻli” qatorida tarkibni olib qoʻyish koʻrsatilsa, poyezd tuzilishini tugallash amali saralash yoʻllarida belgilab chiqiladi;
stansiyada tuzilgan poyezdlarga raqam berilishi lozim; yuk poyezdlarining raqamlari 4 belgili boʻlib, bunda oʻtib ketuvchi poyezdlar uchun 2001 raqami, uchastka poyezdlari uchun 3001, terma poyezdlar uchun 3401, juft yoʻnalishlardagi poyezdlar uchun juft raqamlar, toq yoʻnalishlar
uchun toq raqamlar berib chiqiladi. “N” stansiyasida yoʻnalishini oʻzgartiruvchi poyezdlarga raqamlari ham oʻzgartirib beriladi;
- Tarkib Е qabul qilish-joʻnatish parkiga olib oʻtilgandan soʻng, uni joʻnatish boʻyicha ishlov berish va poyezd lokomotivini ulash jarayonlari bajariladi.
Bulardan tashqari, tormozlarni sinab koʻrish va uni joʻnatish ishlari bajariladi. (qabul qilish-joʻnatish yoʻl qatorida tarkibni olib qoʻyish jarayoni, uni joʻnatish boʻyicha ishlov berish jarayoni hamda poyezd lokomotivini ulash jarayonlari koʻrsatilishi lozim. “Peregon” qatorida esa poyezdning joʻnash vaqti belgilanadi va uning peregondagi harakati koʻrsatiladi);
- N-D va N-I peregonlari ikki yoʻlli boʻlib, ulardagi harakatlanayotgan poyezdlarning harakat chiziqlari bir-biri bilan kesishib ketishi mumkin. N-E peregoni bir yoʻlli boʻlganligi sababli bu peregonda bir vaqtda faqatgina bitta poyezd boʻlishi mumkin, ikkinchi poyezd peregon band boʻlmaganda, harakatlanishi mumkin;
- saralash yoʻllarida terma poyezdlar uchun vagonlarni yigʻish jarayoni poyezdni joʻnatish uchun olib qoʻyilishidan keyin boshlanadi, vagonlar sutkaning oxirigacha yigʻiladi, shundan soʻng vagonlar soni sutkaning boshlanishiga oldingi kundan qolgan qoldiq sifatida oʻtkaziladi;
- yuk frontlariga xizmat koʻrsatish manyovr lokomotivi bilan amalga oshiriladi, buning uchun bir berishda uzatiladigan vagonlar soni yigʻilgan boʻlishi lozim. (vagonlarni yuk obyektlari uchun yigʻish qatorida undan olingan vagonlar soni koʻrsatiladi, manyovr lokomotivi ishi, tortuv yoʻli hamda yuk obyekti qatorlarida esa vagonlarni berish-olish vaqti koʻrsatiladi, bundan tashqari, “Yuk obyekti” qatorida olib kelingan vagonlar soni va yuk jarayonlari belgilab qoʻyiladi);
- vagonlarni yuk hovlisi hamda shaxobcha yoʻllariga berish amallari toq tortuv yoʻlida amalga oshiriladi, tarkiblarni tarqatish, tuzish hamda olib qoʻyish amallari esa juft tortuv yoʻlida amalga oshiriladi. Manyovr lokomotivining bir tortuv yoʻlidan ikkinchisiga borish vaqtini hisobga olish lozim;
- yuklangan hamda tushirilgan vagonlarni olib ketish yuk amallari tugatilgandan soʻng manyovr lokomotivining boʻshligidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |