Damovilar xiyobonidagi 4 uy sohiblari mister va missis Dursllar: Xudoga shukurlar bo'lsinki, xonadonimizdagi hayot mutlaqo me'yoriy tarzda kechmoqda, deb maqtana olishlari bilan juda g'ururlanishadi



Download 1,12 Mb.
Sana01.01.2022
Hajmi1,12 Mb.
#299331
Bog'liq
Garri Potter va hikmatlar toshi










Odamovilar xiyobonidagi 4 – uy sohiblari mister va missis Dursllar: - Xudoga shukurlar bo'lsinki, xonadonimizdagi hayot mutlaqo me'yoriy tarzda kechmoqda, - deb maqtana olishlari bilan juda g'ururlanishadi. Shunday kishilar biror-bir g'ayrioddiy, ayniqsa, sirli hodisaga aralashib qolishlarini tasavvur qilib ham bo'lmaydi. Zero ular har qanday bema'nigarchilikni toqat qila olmaydilar. Jussasi yirik, ortiq darajada semizligidan bo'yni deyarli ko'rinmaydigan, burni ostidan uzun mo'ylov o'sib chiqqan Mister Dursl parma ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Grunnings» firmasining direktori bo'lib ishlaydi. Qotmadan kelgan sarg'ish sochli missis Durslning bo'yni esa aksincha, haddan tashqari qiziquvchan tabiati uchun ayni muddao bo'lib, oddiy ayolning bo'yniga nisbatan ikki chandon uzun. Negaki, xonim birovning devoridan mo'ralab qarash, qo'shnilarni kuzatib, ularning sir-asrorlaridan boxabar bo'lib yurishni o'larcha yoqtiradi. Bundan tashqari, er-xotinning kichkintoy, Dadli ismli o'g'li bo'lib, ota-onaning fikricha, ushbu yorug' olamga hali bunday ajoyib bola kelmagan emish. Dursllar bisotida hamma narsa bor. Biroq yana shunday bir mudhish sir borki, u ham bo'lsa, Potterlarning Dursllarga qarindoshligidir. Bu gapning biror-bir kishiga oshkor bo'lishi Dursllar uchun bardosh berib bo'lmas andisha bo'lib, undan biror-bir kimsa voqif bo'lib qolishi haqidagi o'y er-xotinni qattiq g'azabga keltiradi. Gap shundaki, missis Potter missis Durslning tug'ishgan singlisi bo'ladi. Biroq opa-singil ko'p yillardan buyon yuz ko'rishmagan. Ochig'ini aytganda, missis Dursl o'zini go'yo singlisi yo'q kishiday tutadi. Buning boisi singil ham, uning to'pori eri ham, Dursllarga imkon qadar o'xshamaslikka harakat qilishidir. Mabodo Potterlar Dursllar ko'chasiga kirib qolishsa-yu, qo'shnilarning bu haqdagi fisq-fasodlarini o'ylashsa, er-xotinning a'zoyi badanini titroq bosadi. Dursllar o'z ko'zlari bilan ko'rishmagan bo'lsa-da, Potterlarning jajji o'g'ilchasi borligidan xabardor. Umuman aytganda, ayni shu bolaning borligi Dursllarni Potterlardan yanada uzoqroq bo'lishga majbur qildi. Dadlining har xil bezorilarga ilashib yurishi etmay turgan edi! Derazadan ko'rinib turgan bulutli osmonda, ya'ni hikoyamiz boshlanadigan, havosi buzuq zerikarli seshanbaning mister va missis Dursllar uyg'ongan erta tongida, ko'p o'tmay juda sirli, jumboqli voqealar bo'lib o'tishidan dalolat beradigan biror-bir alomat hali ko'rinmaydi. Mister Dursl allanarsa g'o'ng'illagancha, ishga taqib yuradigan ko'rimsiz bo'yinbog'laridan birini qidirar, missis Dursl esa baqaloq Dadlini balandgina bolalar kursisiga suqib kiritishga harakat qilib, kechagi mish-mish gaplarning chalasini eriga shosha-pisha oxirigacha so'zlab berishga oshiqar edi. O'zi bilan o'zi ovora er-xotin ayni paytda deraza yonidan uchib o'tgan malla-jigar rang boyqushni payqamadi. Soat sakkiz yarimda mister Dursl portfelini qo'liga oldi-da, xotinining yuzidan cho'qib oldi. Ayni fursatda janjal ko'tarib, kursida tipirchilagancha, atrofga jon-jahdi bilan suli bo'tqa uloqtirayotgan Dadlini ham o'pmoqchi bo'ldi-yu, harakati xato ketdi.

- Quyoncham meni, - qurqurab qo'ydi Dursl, uydan chiqib ketar ekan.

Bir iloj qilib mashinasiga kirib olgan mister Dursl 4 – uydan nari ketdi. Chorrahaga chiqqach, ilk bor g'alati bir holat guvohi bo'lib qoldi. Nogahon uning nigohi sinchkovlik bilan xarita o'rganib turgan mushukka tushdi. Mister Dursl, ushbu holatga dastlab e'tibor qaratishga ham ulgurmadi, nimani ko'rganini idrok etgach esa boshini keskin burib, ortga qaradi. Odamovilar xiyoboni burchagida yungi yo'l-yo'l mushuk turibdi-yu, yonida hech qanday xarita ko'rinmaydi.

- Qanday bema'nilik?! Tong yorug'ligining o'yini bo'lsa kerak bu. Mister Dursl ko'zini pirpiratib oldida, mushukka baqraytirdi. Mushuk ham unga tik qarab turibdi. Harakatini davom ettirar ekan, toki burilib, katta yo'lga chiqqunga qadar do'ng peshonasining ro'parasidagi orqa tomonni kuzatish ko'zgusidan mushuk harakatini kuzatib bordi. Bu safar mushuk ko'cha nomi yozilgan taxtadagi «Odamovilar xiyoboni» yozuvini o'qimoqda. Yo'q, aniqrog'i u taxtaga qarab turibdi. Axir mushuk xaritani ham, taxtadagi yozuvni ham o'qiy olmasligi muqarrar-ku! Mister Dursl bir silkinib oldi-da, xayolini mushukdan chalg'itdi. Shaharga eltadigan yo'l davomida esa shu bugun ishda bir dunyo parmalarga yirik buyurtma olishi haqidagi o'yga cho'mib ketdi. Shunga qaramay, shaharga yaqinlashgan mister Durslning parmalar bilan bog'liq orzu-havasini yana bir holat quvib yubordi. Har kuni ertalab ro'y bergani kabi bugungi yo'l tirbandligida o'tirar ekan, hamma yoqda g'alati kiyinib olgan odamlar yurganini sezib qoldi. Mister Dursl kishining jig'iga tegadigan odamlarni toqat qila olmaydi. Bu odamlar esa hammasi birday mantiya kiyib olgan.

- Ba'zan yoshlarning beo'xshov kiyinib olishganini o'ylasang, vahimang keladi! Mantiya – biror-bir so'nggi chiqqan ahmoqona moda bo'lsa kerak-da, - xayoldan o'tkazdi u. Mashinasining rulini barmoqlari bilan chertib o'tirar ekan, yonginasida yig'ilib olgan, nimalardir haqida kayfi chog'lik bilan shivirlashib turgan aqli norasolar tomon qarab, ular orasida ikki-uch kishi unchalik yosh emasligi, anavi kishi esa keksa bo'lib, zumrad-zangori mantiya kiyib olganligini g'azab bilan payqab qoldi!

- Qanday andishasiz kishi ekan! Birdan mister Durslning xayoliga: - Bularning bari navbatdagi reklama yoki biror-bir o'xshash tadbir bo'lib, mana bu odamlar xayr-ehson yig'ib yurgan bo'lsa kerak, - degan o'y keldi, - Ha, endi tushunarli. Nihoyat mashinalar qo'zg'alib, ikki daqiqadan so'ng, mister Dursl yana o'z parmalari haqida o'ylagancha, «Grunnings» idorasining binosi yonidagi mashinalar turadigan maydonchaga kirib bordi. To'qqizinchi qavatda joylashgan xizmat xonasida mister Dursl doimo derazaga orqa o'girib o'tiradi. Agar bunday o'tirmaganida bugun ertalab u o'z xayollarini parmalarga jalb etishga ancha qiynalgan bo'lar edi. Negaki u, kuppa-kunduz kuni derazasi yonidan boyqushlar tinmay uchib o'tishayotganini payqamadi. Ammo ko'chadagi odamlar og'zilarini ochib, lol qolishganlaricha, yirik o'rmon qushlarining ketma-ket uchib yurishganini tomosha qilishdi. To'planib olgan merovlarning aksariyati boyqushlarni, hatto tunda bo'lsin, muqaddam ko'rishmagan. Mister Dursl kunning birinchi yarmini shu asnoda, o'z maromida, bo'lar-bo'lmas bema'ni boyqushlarsiz o'tkazdi. U besh nafar bo'ysunuvchining ta'zirini berib, muhim joylarga qo'ng'iroq qilib bo'lgach, yana ikki kishini koyib berishga ulgurdi. Tushlikdan so'ng, a'lo kayfiyat ila ko'chaga chiqib, qo'l-oyoqlarining chigilini yozib kelish va bir yo'la non do'koniga kirib, yog'da ko'pchitib pishirilgan bir juft kulcha xarid qilishga ahd qildi. Do'konga olib boradigan yo'lakda turgan odamlar to'dasiga duch kelmaganida, mister Dursl ertalab uchratgan anavi mantiya kiygan kishilarni esiga ham olmagan bo'lar edi. To'da yonidan o'tar ekan, darg'azab nigoh-la, ushbu odamlarga boshdan-oyoq razm solib, qarab chiqdi. Sababini anglash qiyin bo'lsa-da, bu kishilar negadir mister Durslni asabiylashishga majbur qilishdi. Bular ham, to'lqinlanib shivirlashmoqda. Biroq qo'llarida xayr-ehson yig'ib yurish uchun biron-bir idish ko'rinmaydi. Mister Dursl kulchaga to'la qog'oz xaltani katta qorniga bosib olgancha, do'kondan qaytar ekan yana shularning yonidan o'tib, qulog'iga chala-yarim gaplari eshitilib qoldi:

- Potterlar, aniq, menga aynan shunday deyishdi...

- ... ha-ha, ularning o'g'li, Garri...

Mister Dursl yashin urganday to'xtab, sarosimaga tushib qoldi. Shivirlashib turgan odamlar tomon o'girilib, nimanidir so'rab bilmoqchi bo'ldi-yu, fikridan qaytdi.

Dahshatdan rangi bo'zday oqarib, idora tomon g'izillagancha, xonasiga yugurib etib oldi-da, kotibaga bo'kirib, uni hech kim bezovta qilmasligini buyurdi. Uy telefonining raqamini endi terib bo'lgan edi ham-ki, birdan o'zini to'xtatdi. Go'shakni joyiga qo'yib, mo'ylovini silagancha o'yga cho'mdi...

- Yo'q. Bu qandaydir bema'nilik. Axir Potter familiyasi u qadar g'ayrioddiy familiya emas. Familiyasi Potter, o'g'lining ismi Garri bo'lgan odamlar esa bir talay bo'lishi mumkin-ku, - xayoldan o'tkazdi mister Dursl, jiyanining ismi chindan ham Garri ekanligiga shubha qilib, - Ehtimol uning ismi Garvi yoki Garolddir. Missis Durslni bezovta qilishga hech qanday sabab yo'q. Boyaqish, singlisi to'g'risida gap ochilishi bilan ta'bi xira bo'ladi. Uni biror narsada ayblab ham bo'lmaydi. Agar mening shunday singlim bo'lganida-chi... Biroq... mantiya kiyib olganlar...

Tushlikdan so'ng o'tgan vaqt davomida mister Durslning xayolni jamlab, parmalar haqida o'ylashi ancha qiyin kechdi. Idorani kechki soat beshga yaqin tark etar ekan, haligacha o'zini idora qila olmaganidan bir o'tkinchi kishini turtib, qulatib yuborishiga sal qoldi.

- Kechirasiz, - to'ng'illab qo'ydi u, turtkidan tebranib erga yuz tuban yiqilib tushishdan o'zini arang to'xtatib qolgan mushtday kishiga qarab.

Bu kishi ham binafsha rang mantiya kiyib olganini mister Dursl birdan fahmlab olmadi. Hozirgina loy bilan bitta bo'lib ketishiga bir baxya etmagan, bo'yi o'smay qolgan kishi esa mutlaqo esankiramadi. Aksincha, chehrasi tabassumdan ochilib, shunday g'ayrioddiy xirildoq ovoz bilan gapirdiki, bir necha o'tkinchi odam taajjub-la o'girilib qo'yishdi.

- Uzr so'ramang ser, uzr bildirmang, qadrdonim. Hayotimning eng baxtli, eng charog'on kunini hech narsa qorong'ilashtira olmaydi. Quvoning, chunki O'zingiz-Bilasiz-Kim nihoyat g'oyib bo'ldi! Bugun hatto sizga o'xshagan magllar uchun ham katta, eshityapsiz-mi, nihoyatda katta bayram bo'lishi darkor.

Mo'ysafid mister Durslning belidan mahkam quchib oldida, chopgancha nari ketdi. Serrayib qolgan mister Durslning oyog'i asfaltga yopishib qoldi. Hozirgina uni mutlaqo notanish kishi quchib olib, ustiga ustak magl deb atadi. Bu ahmoqona so'zning qanday ma'no anglatishi haqida esa o'ylashni ham xohlamaydi. Esini biroz yig'ib olgach, mashinasi tomon oshiqib, tez uyga jo'nadi. Bo'lib o'tgan hodisani o'ziga o'zi muqaddam ep ko'rmagan, haddan ortiq qizishib ketgan tasavvur, deb tushuntirishga urinib ko'rdi. Zero u yo'q narsani tasavvur etishni hech qachon oqlamagan.

Uyga yaqinlashgan Durslning nigohi hovli bog'ining tosh to'sig'i ustidagi, kayfiyatini mutlaqo ko'tarmagan yungi yo'l-yo'l mushukka tushdi. Ko'zi atrofidagi belgilarini ko'rib, bu ayni ertalab uchratgan mushuk ekanligiga shubha qilmadi.

- Pisht! - qichqirdi mister Dursl, - Bu nima, mushuklarning odatiy xulqimi? - o'ziga o'zi savol berdi u, mushuk joyidan qo'zg'almay, jiddiy qarab qo'yganini ko'rib.

Imkon qadar o'zini qo'lga olib, bo'lib o'tgan ishlarga xotinini aralashtirmaslik ahdidan qaytmagan mister Dursl uyga kirdi.

Missis Dursl esa kunni osoyishta o'tkazdi. Kechki dasturxon ustida qo'shni ayolning ters qizi haqida eriga batafsil so'zlab berdi. Bundan tashqari, Dadli yangi «Xohlamayman» degan so'z gapirishni o'rganib olganini e'lon qildi. Mister Dursl o'zini imkon qadar odatdagidek tutishga urinmoqda. Dadli o'rniga yotqizilgach, kechki yangiliklarni eshitish uchun mehmonxonaga kirib ketdi.

- Endi bugungi yangiliklarga yakun yasaydigan xabar. Yurtimiz ornitologlarining bergan ma'lumotlariga qaraganda, bugun hamma joyda boyqushlarning taajjubli harakati kuzatildi. Ular ovga, odatda, tunda chiqib, kun yorug'ida ko'rinmaydi. Biroq bugun kunduzi, ushbu qushlar uchib yurgan minglab holatlar qayd etildi. Ular erta tongdan har tomon uchib yurishdi. Ekspertlar bunday favqulodda holatning mantiqiy sababini hanuzgacha tushuntira olmayaptilar, - muxbir istehzoli kulib qo'ydi, - Bu, qandaydir jumboqli hodisa alomati. Endi, hurmatli teletomoshabinlar ob-havo yangiliklari bilan Jim Mak Gaffin. Xo'sh, Jim, boyqushlar yog'ini bo'ladimi?

- Bu haqda, Ted, - javob qaytardi meteorolog, - Men biror bir yangilik ayta olmayman-u, biroq bugun boyqushlargina o'zini g'alati tutmaganligini aniq bilaman. Kent, Yorkshir va Dandilik telemuxlislar, kecha men va'da qilgan jala o'rniga meteorit yomg'iri yog'ayotganligi haqida kuni bilan qo'ng'iroq qilib, meni xabardor qilib turdilar! Xalqimiz allaqachon Poroxli Fitna bayramini nishonlashga kirishib ketganga o'xshaydi. Janoblar hali erta. Bu bayram kelasi hafta nishonlanadi! Ha, mavridi kelganda aytib qo'yay, bugun tunda yomg'ir yog'ishi aniq.

Mister Dursl kresloda o'tirgan joyida qotib qoldi. Butun Britaniyada meteorit yomg'iri? Kuppa-kunduz kuni uchib yurgan boyqushlar? Hamma joyda mantiya kiyib yurgan odamlar? Buning ustiga anavi Potterlar haqidagi mish-mish gaplar...

Mehmonxonaga ikkita chashka choy ko'targan missis Dursl kirib keldi. Yo'q, aytmasa bo'lmaydi, qaror qildi u va tomog'ini qirib olgach:

- M-m-m... Petunya, azizam... singling haqida biror-bir xabar eshitmading-mi?

Kutganday bo'ldi. Savolni eshitgan missis Dursl serrayib, g'azabi qaynadi. Umuman aytganda, ikkalasi, shu kunga qadar singil haqida gap ochmay, uning yo'qligini anglatadigan ko'rinish berib yashab kelishmoqda.

- Yo'q, - keskin javob qaytardi xotini, - Ha, nima qildi?

- Har xil bema'ni yangiliklar to'g'risida gapirishdi, - mujmal gapirdi mister Dursl, - Allaqanday boyqushlar... meteorit yomg'irimi-ey... Shaharda esa g'alati odamlar yurishibdi...

- Xo'sh? - gapni shartta kesdi missis Dursl.

- Men... aytmoqchiman-ki... hayolimga... ehtimol... ehtimol, bularning bari... singling atrofidagi anavi g'alati odamlar bilan bog'liqmi... o'zing tushunasan-ku.

Petunya mahkam qisib olgan lablari orasidan chashkadagi choyni arang o'tkazdi. Ko'chada, Potterlar haqida eshitib qolganligini gapirishga esa mister Durslning yuragi dov bermadi. Qanchalik urinmasin, og'iz ochishga jur'at eta olmadi. Buning o'rniga, beparvo ohang-la gapirishga urinib:

- Ularning o'g'li-chi, yoshi Dadli bilan teng shekilli, a?

- Ehtimol, - g'ijinib javob qaytardi xotini.

- Ismi nima uni? Govard-mi?

- Garri. Avomga xos, jirkanch ism, agar mening fikrim kimgadir qiziq bo'lsa.

Bolaning ismini eshitgan mister Durslning yuragi qorin bo'shlig'i tomon yumalab tushdi.

- Ha, ha... albatta, - dedi u, - Fikringga yuz foiz qo'shilaman...

Shundan so'ng u, boshqa biror bir so'z aytmadi. Xotini vanna qabul qilar ekan, mister Dursl oyoq uchida deraza yoniga borib, tashqariga, bog' tomon qaradi. Mushuk haligacha to'siq ustida, go'yo nimanidir kutayotgan kabi Odamovilar xiyoboniga diqqat bilan termilib o'tiribdi.

Yo'q, nima qilganda ham tasavvuriga zo'r berib yuborganga chog'i. Bularning bari Potterlarga nima daxli bor? Bordi-yu daxli bo'lsa-chi... Agar… ular bilan qarindosh ekanligi ma'lum bo'lib qolsa-chi... Yo'q, bunga bardosh berish nihoyatda qiyin.

Er-xotin o'rinlariga yotishi hamono missis Dursl uyquga ketib, tarashaday qotib qoldi. Mister Dursl esa ko'zini katta ochib zimistonga qaragancha, o'ylab o'yiga etmayapti. Uyquga ketar ekan, atrofda yuz berayotgan hodisalarga Potterlarning aloqasi bo'lgan taqdirda ham, uni va Petunyani bu ishlarga aralashtirishlari mutlaqo shart emasligi Durslni tinchlantirgan so'nggi fikr bo'ldi. Potterlar Dursllarning o'zlari va ularga o'xshagan odamlarga bo'lgan munosabatlarini juda yaxshi biladi. Atrofda bo'layotgan hodisalarga Petunya yoki Durslning o'zi, agar biror narsa bo'layotgan bo'lsa, albatta, daxldor bo'lishlarini tasavvur qila olmaydi. Mister Dursl chuqur esnab, yonboshlab oldi.

- Bularning bizga daxli yo'q...

Qanday yanglishganini bilsa edi u.

Mister Dursl notinch uyquga ketgan mahalda tosh devor ustidagi haykalday qotgan mushuk Odamovilar xiyobonining muyulishiga uzoq tikilib o'tirgancha, hatto uyqusiragan ham emas. Qo'shni ko'chadagi mashinaning eshigi gumburlab yopilganida ham, ustidan bir juft davangirday boyqush uchib o'tganida ham qimir etmadi. Mushuk ilk bor qimirlaganida esa tun deyarli yarimlab qoldi.

Mushuk kuzatib turgan ko'cha muyulishida xuddi er ostidan chiqib kelganday, daf'atan bir kishi paydo bo'ldi. Uni ko'rgan mushuk dumini likillatib, ko'zini qisib oldi.

Moviy ko'zlari uzun burni ustidagi yarim oy shakliga ega shisha ko'zoynak ortidan yorqin nurday yarqirayotgan, ilmoqsimon qayrilma burni go'yo kam deganda ikki joyidan singanday ko'rinayotgan, oyog'iga poshnasi baland, to'qali boshmoq kiyib olgan, kumush tusli soch-soqoli belboqqa qisib olguday darajada uzun, novcha bo'yli, ozg'in, egnidagi uzun jubba ustidan kiygan to'q qizil mantiyasi ergacha tushgan ushbu kishiga o'xshash biror-bir kimsa Odamovilar xiyoboniga hali kirmagan bo'lsa kerak.. Uning ismi Albus Dambldor.

Odamovilar xiyobonida istiqomat qiladigan joylik odamlar uni olqishlar bilan qarshi olishlariga ishonish qiyin, biroq Albus Dambldorning o'zi bu haqda o'ylab ko'rmagan chamasi. Garangsib, mantiyasining taxlarida nimadir qidirar ekan, ayni paytda uni kimdir kuzatib turganini his etdi. Ko'chaning narigi boshida qarab turgan mushuk tomon o'girilgan Dambldorning sababini anglash qiyin-u, kulgisi qistadi.

- Fahmlashim kerak edi, - dedi u istehzoli kulib.

Nihoyat u, ichki cho'ntaklaridan birining ichidan boyadan beri qidirgan kumush zajigalkaga o'xshash narsani topdi. Uni chaqdi-da, bir ozdan so'ng shiq etib o'chirdi. Yaqin oradagi ko'cha fonusi darz ketganday o'chib qoldi. U zajigalkasini yana bir bor chaqdi. Keyingi fonus ham, bir oz miltillab, o'chdi. Mo'ysafid ko'cha boshida anavi mushukning bir juft mitti chiroqqa o'xshash ko'zi qolgunga qadar chiroq o'chirgichini o'n ikki bor shiqqilatdi. Ana endi o'tkir ko'zli missis Dursl derazadan ko'chaga qaraganda ham, hech narsani ko'ra olmaydi. Dambldor chiroq o'chirgichini mantiyasining cho'ntagiga qaytarib soldi-da, ko'cha bo'ylab 4- uy tomon yo'l oldi. Uy yoniga etib kelgach, tosh to'siq ustiga, mushuk yoniga o'tirib, biron marotaba bo'lsin qiyo boqmay, gap boshladi.

- Sizni bu erda uchratganimdan taajjubdaman, professor Makgonagall.

Dambldor yo'l-yo'l mushukka iljayib qo'ymoqchi bo'lib boshini burgan edi ham-ki, darg'azab ayolga jilmayishga to'g'ri keldi. Egniga zumrad rang mantiya kiygan, xuddi mushukning ko'zi atrofidagi belgi shakliga o'xshash kvadrat ko'zoynak taqib olgan, qora sochlarini bir tutam qilib yig'ib olgan ayol nimadandir bezovta bo'layotganligi ko'rinib turibdi.

- Meni qanday tanidingiz?

- Azizam, bir joyda bunday qotib turgan mushukka hali biror marotaba bo'lsin, duch kelganim yo'q.

- Kuni bo'yi sovuq tosh ustida o'tirgandan keyin qotmay bo'ladimi, - vaysadi professor Makgonagall.

- Kuni bo'yi? Bayram qilmadingiz-mi? Yo'l-yo'lakay bazm uyushtirilgan o'nlab joylarni ko'rdim.

Professor Minerva Makgonagall jahl-la kulib qo'ydi.

- Ha, albatta, hamma bayram qilyapti. Ehtiyotkorona ish tutish o'rniga, aksincha... Hatto magllar ham nimalardir bo'layotganligini sezib qolishdi. Bu haqda ularning yangiliklarida ham ta'kidlab o'tildi, - gap boshladi u, norozi ohangda, Dursllar xonadoni mehmonxonasining qorong'i derazasi tomon bosh silkib, - Eshitdim. Boyqushlar galasi, meteorit yomg'ir... Axir magllar batamom ovsar emas-ku, har qalay. Ular sezmay qolishmaydi. Kentda meteorit yomg'iri! Ont ichib aytaman-ki, bu ish esi yo'q Dedal Digglning hunari bo'lgan. Ko'ngliga kelgan bema'nigarchilikni qilaveradigan tentak!

- Darg'azab bo'lmang, - muloyimlik bilan tana qildi Dambldor, - So'nggi o'n bir yil ichida biz kamdan-kam quvonganmiz.

- Bilaman, - zarda qildi professor Makgonagall, - Biroq bu aqldan ozish mumkinligini anglatmaydi-ku. Hamma ogohligini osonlikcha yo'qotdi-qo'ydi! Kuppa-kunduz kuni, loaqal magllarga o'xshab kiyinib olmasdan, sayr qilib yurishganini qarang-a! Axir qancha mish-mish gaplar tarqab ketadi!

Professor Makgonagall e'tiroz kutib, Dambldorga eb yuborguday bo'lib qaradi. Undan esa biror so'z eshitmagach, davom etdi:

- Bundan aqlliroq narsa o'ylab topish qiyin. Ayni O'zingiz-Bilasiz-Kim nihoyat g'oyib bo'lgan kuni, magllar, bizday odamlar borligi haqida bilib olishsa. Umid qilaman-ki, u chindan ham g'oyib bo'ldi, nima deb o'ylaysiz, Dambldor?

- Shunga o'xshaydi, - javob qaytardi Dambldor, - Minnatdor bo'lsak arziydi. Limonli obakidandon beray-mi?

- Nima?


- Limonli obakidandon. Bu magllarning mevali konfetlaridan biri. Juda hush ko'raman.

- Yo'q, rahmat, osh bo'lsin, - dedi professor Makgonagall, hozir limonli obakidandon so'rib o'tirishning mavridi emasligini ta'kidlagan mag'rur ohangda, - Hozir aytib o'tganimday, O'zingiz-Bilasiz-Kim g'oyib bo'lganligiga qaramay...

- Azizam Minerva, ishonchim komilki, aql-idrok bilan mulohaza yuritadigan sizday bonu uni o'z ismi bilan atashni o'ziga ep ko'radi. Bunday bo'lmag'ur «O'zingiz-Bilasiz-Kim»ga o'xshash gaplar safsatadan boshqa narsa emas... O'n bir yildan buyon uni o'z ismi: Voldemort, deb atashga odamlarni majbur qilish bilan ovoraman.

Obakidandonning yopishib qolgan jildini ajratish bilan ovora Dambldor Voldemort ismini eshitgan professor Makgonagallning seskanib ketganini payqamadi.

- Biz uni «O'zingiz-Bilasiz-Kim» deb ataganimiz sari hamma narsa battar chigallashib boraveradi. Voldemort ismini talaffuz etishga to'sqinlik qiladigan biror-bir sabab ko'rmayman.

- Tushunaman, - dedi Dambldorning jasurligidan bir vaqtning o'zida ham vahimaga qilgan, ham qoyil qolgan professor Makgonagall, - Biroq Siz boshqalardan farq qilasiz, O'zingiz-Bila... Xo'p yaxshi, Voldemort faqat Sizdangina qo'rqishi hammaga ma'lum.

- Siz menga xushomad qilyapsiz, - dedi Dambldor vazminlik bilan, - Voldemortning menda hech qachon bo'lmaydigan imkoniyatlari bor.

- Chunki siz… m-m-m… bunday imkoniyatlarni qo'llashga haddan ortiq olijanoblik qilasiz.

- Yaxshi ham-ki atrof qorong'i. Pomfri xonim mening boshmoqchalarimni juda yoqtirishini aytgan kundan beri hali qizarmagan edim.

Professor Minerva Makgonagall Dambldor tomon o'tkir nigoh tashladi.

- Boyqushlar hamma joyda tarqagan mish-mish gaplar oldida hech gap emas. Atrofdagilar nimalar deb yurishganidan xabaringiz bormi? Nima uchun u g'oyib bo'lganligi, uni pirovardida nima to'xtatib qolganligi haqida qanday fikr bildirishmoqda?

Professor Makgonagall nihoyat uni hayajonga solayotgan, kuni bilan tosh to'siq ustida o'tirib chiqishga majbur qilgan mavzuni ochganligi ayon sezilar, mushuk qiyofasida ham, ayol sifatida ham, u hali Dambldorga bu qadar sinchkovlik bilan razm solib qaramagan edi. «Atrofdagilar» nimalar deb yurishganidan qat'i nazar, toki Dambldor tasdig'ini eshitmas ekan, bu mish-mish gaplarning birortasiga ishonishni hayoliga ham keltirmaganligi yaqqol ko'rinib turibdi. Dambldor esa navbatdagi obakidandon jildini ochish bilan mashg'ul.

- Odamlarning aytishlariga qaraganda, - qat'iyat-la davom etdi professor Makgonagall, - O'tgan kecha, Voldemort, Godrik jarligida, Potterlarni o'ldirish maqsadida paydo bo'lgan emish. Mish-mish gaplarga ko'ra, Lili va Jeyms Potter... ular... ular halok bo'lgan emish.

Dambldor ma'qullab, bosh irg'idi. Professor Makgonagall oh urib yubordi.

- Lili, Jeyms... ishongim... men bunga ishongim kelmagan edi... Oh, Albus...

Dambldor qo'lini uzatib, ayolning elkasiga asta urib-urib qo'ydi.

- Tushunaman... tushunaman... - dedi bo'g'iq ovoz bilan.

Professor Makgonagall titragan ovoz bilan gapini davom etdi:

- Bu hali hammasi emas. Aytishlariga qaraganida, u, Potterlarning o'g'li Garrini ham o'ldirishga uringan emish. Biroq qo'lidan kelmabdi. Qarang-a, kichkinagina bolakayni o'ldira olmabdi. Qanday qilib va nima sababdan ekanligini hech kim bilmaydi-yu, lekin mish-mish gaplarga ko'ra Voldemort Garrini o'ldira olmagan, biroq uning sehri qandaydir yo'sinda yo'q bo'lib, barham topgan va shu sababdan ham u g'oyib bo'lgan.

Dambldor g'amgin bosh irg'idi.

- Shu gap... rostmi? - qaltiroq ohangda so'radi professor Makgonagall, - Shuncha qilmishlarni qilgan... shuncha odamlarning yostig'ini quritgan... kichkinagina bolakayni o'ldira olmabdimi? Uning sehr-jodusi ayni shu yo'sinda barham topishi... bo'lishi mumkin emas. Qanday qilib, Muqaddas falak haqi, Garri omon qolgan?

- Taxmin qilishdan boshqa chora yo'q, - javob qaytardi Dambldor, - Buni biz hech qachon bila olmaymiz.

Professor Makgonagall to'qima ro'molchasini olib, ko'zoynak ortidan ko'z yoshini artib oldi. Dambldor qattiq xo'rsinib, cho'ntagidan chiqargan tilla soatiga qarab qo'ydi. O'n ikkita milli, birorta ham raqam ko'rinmaydigan g'alati soat. Raqamlar o'rniga aylana bo'ylab o'n ikkita sayyora tasviri aylanadi. Shunday bo'lsa-da, Dambldor o'z soatini yaxshi tushunadi shekilli, uni cho'ntagiga qaytarib solib qo'ydi.

- Xagrid kechikyapti, - dedi u, - Meni bu erga kelishimni o'sha aytgan bo'lsa kerak Sizga?

- Ha, - javob qaytardi professor Makgonagall, - Ishonchim komilki, nima uchun ayni shu erga kelishingiz sababini aytmaysiz.

- Men Garrini, uning yagona qarindoshlari bo'lmish amakisi va xolasiga topshirgani keldim.

- Har qalay... Har qalay mana bu uyda yashayotgan odamlar bo'lmasa kerak? - qichqirgancha sakrab turib, 4- uy tomon ishora qildi professor Makgonagall, - Dambldor... haqingiz yo'q. Men kuni bilan ularni kuzatib o'tirdim. Bunday oilaga o'xshagan boshqa oilani topish qiyin. Konfet talab qilib, onasini ko'chani boshidan oxirigacha tepib kelgan o'g'li-chi! Garri Potter shular bilan yashaydi-mi?!

- Garriga har qaerdan ko'ra shu er yaxshi, - gapni cho'rt kesdi Dambldor, -Bir oz ulg'aygach, amakisi bilan xolasi hamma narsani tushuntirib berishadi unga. Men ularning nomiga xat tayyorlab qo'ydim.

- Xat? - to'siq ustiga qaytib o'tirgancha, past ovozda so'radi professor Makgonagall, - Nimalar deyapsiz Dambldor, bo'lib o'tgan narsalarni xat orqali tushuntirib bo'ladi deb o'ylaysiz-mi? Bu odamlar xat mazmunini hayotda tushunishmaydi! Garri mashhur bo'lib, afsonaga aylanadi, kelajakda bugungi kunni Garri Potter nomi bilan atashsa, aslo hayron bo'lmayman. U haqda kitoblar yozishadi. Har qanday bola borki, Garrining ismini yaxshi biladigan bo'ladi!

- Mutlaqo haqsiz, - dedi Dambldor, ko'zoynak tepasidan jiddiy nigoh tashlab, - Shu gapning o'zi har qanday kishining boshini aylantirib qo'yish uchun etarli bo'ladi. Hali yurish va gapirishni bilmay turib, nom chiqarish! O'zing hech narsani eslay olmaysan-u dongdor bo'lsang! Undan ko'ra o'xshash shov-shuvlardan narida ulg'aygani, hamma narsani o'z aqli bilan idrok etadigan yoshga etgach, haqiqatni kelgusida o'zi mustaqil anglab etgani va ayni shu bois ham Dursllar oilasida ulg'aygani Garri uchun ma'qul ekanligini o'zingiz tushunmayapsiz-mi?

Professor Makgonagall e'tiroz bildirmoqchi bo'ldi-yu, fikridan qaytdi.

- Ha, albatta, Dambldor, aytaylik Siz haqsiz, - dedi u, bir oz sukut saqlagach, - Ammo aytingchi, bola qanday qilib kelib qoladi bu erga?

Ayol bola qiyofasini ko'rish niyatida Dambldorning mantiyasiga shubha bilan ko'z yugurtirib chiqdi.

- Uni Xagrid olib keladi.

- Bunday muhim topshiriqni Xagridga ishonib, oqilona ish tutdim, deb o'ylaysiz-mi?

- Kerak bo'lsa, Xagridga men o'z hayotimni ishonib topshiraman, - dedi Dambldor.

- Uni toshbag'ir demoqchi emasman, - istar-istamas tushuntira ketdi professor Makgonagall, - Ammo juda ehtiyotsiz ekanligiga ko'zingizni yuma olmaysiz-ku, har qalay. U doimo... Bu qanday shovqin bo'ldi?

Daf'atan past gumburlab eshitilayotgan tovush ko'cha sukunatini buzdi. Dambldor bilan professor Makgonagall fara nurini ko'rish ilinjida atrofga nazar solishar ekan, tovush borgan sari baland eshitildi. Tez orada u haqiqiy gurillagan tovushga aylandi. Shundagina ularning aqli yuqoriga qarashga etdi. Bu orada osmon-u falakdan erga ulkan motosikl kelib qo'ndi.

Motosikl chindan ham nihoyatda ulkan bo'lishiga qaramay, uni egarlab kelgan, bo'yi oddiy odam bo'yidan ikki barobar baland, eni besh chandon enliroq bo'lib, odam uchun yo'l qo'ysa bo'ladigan o'lchamlardan anchagina yirik, ustiga-ustak, to'zg'igan tim qora quyuq soch tilimlari va paxmaygan soqoli yuzini to'la-to'kis yashirib qo'yganligi bois yovvoyiga o'xshab ko'rinayotgan bahaybat odam oldida o'yinchoqday ko'rinmoqda. Uning qo'l kaftlari sal narida turgan chiqindi tashlash bakining qopqog'iday kelib, charm etik kiyib olgan oyoqlarining kattaligi voyaga etishiga oz qolgan delfin bolalarini eslatmoqda. Mushaklari chiqib ketgan o'ta katta baquvvat qo'llarida adyolga o'ralgan allanima ushlab olgan.

- Xagrid, - engil tortdi Dambldor, - Nihoyat. Motosiklni qaerdan olding?

- Vaqtincha olib turibman, professor Dambldor, ser, - javob qaytardi gigant, - Yosh Sirius Blek berib turdi, ser.

- Muammo bo'lmadi-mi?

- Yo'q, ser. Uy deyarli batamom vayron bo'lgan, biroq magllar u yoq bu yoq zir yugurishni boshlaganlariga qadar yigitchani olib chiqishga ulgurdim. Ishlar joyida! Bristol grafligi ustida uxlab qoldi.

Dambldor bilan professor Makgonagall ichida bazo'r ko'rinib turgan chaqaloq dong qotib uxlayotgan tuguncha ustiga engashishdi. Bolaning ko'mirday qop-qora sochi ostidan yashin zigzagiga o'xshash g'ayrioddiy tirtiq ko'rinib turibdi.

- Mana shu eriga... - pichirladi professor Makgonagall.

- Ha, - javob qaytardi Dambldor, - Bu chandiq umrining oxirigacha saqlanib qoladi.

- Biror chora ko'rib bo'lmaydi-mi, professor?

- Ko'rib bo'lgan taqdirda ham, qo'llamagan bo'lar edim. Ba'zi chandiqlar foydali bo'lishi mumkin. Misol uchun, chap tizzamda Londonning er osti yo'llari chizmasiga o'xshash chandiq bor. Xo'sh, Xagrid, uni menga ber, ishni oxiriga etkazishimiz darkor.

Dambldor Garrini qo'liga olib, Dursllar uyi tomon o'girildi.

- Mumkinmi... U bilan xayrlashib olishga ruxsat bering, ser? - ijozat so'radi Xagrid.

U yirik, paxmoq boshini engashtirib, tikandek botadigan va aftidan viski hidi urib ketgan labi bilan chaqaloqning peshonasidan o'pib qo'ydi-da, kutilmaganda yaralangan itga o'xshab, ingrab yubordi.

- Jim! - do'ng'illab berdi professor Makgonagall, - Magllarni uyg'otib yuborasan!

- K-k-kechirasiz, - ho'ngrab yubordi Xagrid, kissasidan o'ta kir bo'lib ketgan katta dastro'molini chiqarib, basharasini yashirar ekan, - Bar-bar-bardosh bera olmayman! Lili bilan Jeyms halok bo'lishdi... Kichkintoy Garrini esa magllarga tashlab ketyapmiz...

- Bu juda g'am-anduhga to'la holat, albatta. Ammo o'zingni qo'lga ol, yo'qsa bizni sezib qolishadi, - shivirladi professor Makgonagall, Xagridni yupatganicha, qo'liga urib-urib.

Bu vaqtda Dambldor bog'ning past bo'yli tosh to'sig'i ustidan hatlab o'tib, uyning kirish eshigi tomon yo'l oldi. Garrini ostona ustiga asta yotqizib, mantiyasining cho'ntagidan xat chiqardi-da, uni adyol orasiga joylab qo'yib, sheriklarining yoniga qaytdi.

Ular butun bir daqiqa sukut saqlab, tugunchaga qarab qolishdi. Ovoz chiqarmay yig'layotgan Xagridning elkalari titrar, professor Makgonagall yurak yutib, ko'zlarini pirpiratar, Dambldorning ko'zidagi, odatda, yorqin yog'ilib turadigan nur esa go'yo so'nib qolganday edi.

- Nima ham qilar edik, bajarilishi kerak bo'lgan ishni bajardik, - nihoyat ovoz chiqardi Dambldor, - Bu erda ortiq qolishga hojat yo'q. Yaxshisi yuringlar, biz ham bayram tantanalariga borib qo'shilaylik.

- Ha, - Xagridning ovozi yig'iga to'la chiqdi, - Men anavi aravani Siriusga qaytarishim kerak. Xayr professor Makgonagall, professor Dambldor, ser.

Xagrid, ko'z yoshlarining jilg'alarini charm engi bilan artgancha, motosiklni egarladi va bir tepib dvigatelni ishga tushirdi. Motosikl gurillagancha osmonga ko'tarilib, zimiston qa'riga kirib ketdi.

- Umid qilaman-ki, tez orada ko'rishamiz, professor Makgonagall, - ta'zim qildi Dambldor.

Professor Makgonagall esa bunga javoban qo'lidagi dastro'moliga burun qoqib qo'ydi.

Dambldor o'girilib, ko'cha bo'ylab nari ketdi. Muyulishga etib borgach, to'xtadi. Cho'ntagidan kumush o'chirgichini olib, bir marotabagina shiqillatib qo'ygan edi ham-ki, ichidan o'n ikkita sharsimon yog'du chiqib, bir onda ko'cha fonuslarining kolbalari ichiga kirib ketdi. Odamovilar xiyoboni to'q sariq nurga to'lgach, yungi yo'l-yo'l mushuk ko'chaning narigi boshidagi muyulish ortiga kirib ketgani, 4- uy ostonasida esa kichkinagina tuguncha turgani ko'rindi.

- Omad senga, Garri, - po'ng'illadi Dambldor va poshnasiga turib gir aylandi. Mantiya havoda bir shuvilladi-da, g'oyib bo'ldi.

Engil esgan shabada osmonning siyoh rang gumbazi ostidagi saranjom-sarishta Odamovilar xiyobonida o'sayotgan batartib butalarni qo'zg'atib yubordi. Har qanday joyda bo'lsa, bo'lishi mumkin-u, ammo bu erda g'aroyib va jumboqli voqealarni hech kim kutmaydi. Garri Potter adyol ichida bir ag'anab oldi-yu, uyg'onmadi. U jajjigina kafti bilan yonida yotgan xatni mahkam siqib olgancha, dong qotib uxlar, o'zini boshqacha bola ekanligini, nihoyatda mashhur bo'lib ketganligini, bir necha soatdan so'ng, qo'lida sut idishi bilan pillapoyaga chiqqan missis Durslning qichqirig'idan uyg'onib ketishini, kelasi bir necha hafta davomida uni xolavachchasi Dadli tinimsiz turtishi, chimchilashini bilmas edi. Ayni damda butun mamlakat hududidagi yashirin bayram dasturxonlari atrofidagi odamlar uning sharafiga past ovoz bilan:

- Omon qolgan bola – Garri Potter uchun, - deb qadah ko'tarishayotganini ham bilmas edi.



Er-xotin Dursllar ertalab uyg'onib, xonadonlarining ostonasida jiyan topib olishgan kundan sal kam o'n yil o'tgan bo'lsa ham-ki, Odamovilar xiyoboni mutlaqo o'zgargani yo'q. Tongda chiqqan quyosh o'sha batartib bog'ni ham, Dursllar uyiga kiraverishdagi devorga qoqilgan bronza rangli «4» raqami yozilgan taxtachani ham yoritib, nurlari bir vaqtlar mister Dursl boyqushlar haqidagi xabarni eshitgan mehmonxonaga qadar kirib boradi.

Mehmonxonadagi kamin tokchasiga batartib terilgan fotosuratlargina oradan ancha vaqt o'tib ketganligidan dalolat beradi. O'n yil oldin bu tokchada rang-barang bosh kiyim kiydirib qo'yilgan pushti koptoklarga o'xshash kichkintoyning rasmlari turar edi. Endi esa suratlarda go'dak emas, balki ilk bor velosipedga o'tirayotgan, dadasi bilan kompьyuter o'ynab o'tirgan, onasi quchib o'payotgan oq-sariq sochli semiz o'spirin Dadli Dursl aks ettirilgan. Ammo ushbu oilada yana bir nafar bola yashashidan dalolat beradigan biror-bir alomat ko'rinmaydi.

Shunday bo'lsa-da, hikoyamiz qahramoni Garri Potter ayni shu uyda, Dursllar oilasida istiqomat qiladi. Hozir u uxlayapti, biroq oromi buzilishiga atigi bir necha daqiqa qoldi xolos. Petunya xola uyg'onib bo'lgan, uning yoqimsiz ovozi yangi kun kirib kelganligini anglatadigan birinchi alomatdir.

- Tur o'rningdan! Tezroq! Bo'l tez! - chiyilladi xolasi, eshikni gursillatib, - Tur!

Garri yotgan o'rnida bir sapchib tushdi. Xolasi oshxonaga o'tib, tovani gaz plitasiga taqillatgancha urib joylaganini eshitdi. Bola beliga ag'anab, hozirgina ko'rgan tushini eslashga urindi. Go'yo u motosiklda, osmon-u falakda uchib yurgan ekan. Yaxshi tush edi-ya. Nazarida bu tushni bir vaqtlar ko'rgan-u, bugun takror ko'rganday bo'ldi.

- Hoy, turding-mi? - po'pisa ohangida qichqirdi yana eshik oldiga kelib olgan xolasi.

- Deyarli turdim, - javob qaytardi Garri.

- Qimirla, cho'chqa bolasining nimtasini tovaga joylab qo'ydim, qarab tur, kuydirib qo'yma yana, o'g'ilcham Dadlining tug'ilgan kunida-ya. Bugun hamma narsa risoladagidan ham a'lo bo'lishi shart.

Garri anglab bo'lmas allanarsa dedi.

- Nima deding? - keskin so'radi eshik ortidagi Petunya xola.

- Hech narsa deganim yo'q.

Dadlining tug'ilgan kuni. Yodidan chiqarib qo'yibdi-ku! Garri uyqusiragancha, o'rnidan turib, paypog'ini qidira ketdi. Paypoqni karavoti ostidan topib, ustidagi o'rgimchakni haydab yubordi-da, oyog'iga kiyib oldi. Pillapoya ostidagi bufet ichiga jihozlangan yotoqxonada uxlaydigan Garri o'rgimchaklardan qo'rqmaydi. Ularga allaqachon ko'nikib bo'lgan. Bu erda o'rgimchaklarning kattagina oilasi yashaydi.

Bola kiyinib olgach, dahliz orqali oshxona tomon yo'l oldi. Xonadagi stol ustiga quti va tugunchalar uyib tashlangan. Aftidan, Dadli o'zi talab qilib olgan yangi kompьyuterga ega bo'libdi. Ikkinchi televizor bilan poyga velosipedi haqida gapirmasa ham bo'laveradi. O'ta semiz Dadliga poyga velosipedi nimaga kerakligini Garri aqliga sig'dira olmaydi. Buning ustiga u, agar kimnidir ta'zirini berish uchun mushtlashishini hisobga olmaganda, sportni o'larcha yomon ko'radi. Dadli yoqtiradigan yagona narsa, unga boks grushasi sanaladigan Garridir. Biroq grusha sifatida foydalanishi uchun dastavval u Garrini quvib tutishi kerak bo'ladi. Tashqi ko'rinishiga ko'ra Garrini tez yuguradi, deb aytish qiyin bo'lsa-da, unga etib olish Dadli va uning to'dasiga oson kechmaydi.

Boisi nima ekanligi noma'lum-u, ehtimol bufet ichida yashagani uchun bo'lsa kerak, Garri doimo ozg'in, jussasi yoshiga nisbatan kichik bo'lib o'sdi. Dadlining eski kiyimlarini kiyib katta bo'layotgani uchun u boridan battar kichik va ozg'in ko'rinadi. Negaki, Dadlining tanasi barcha ko'rsatkichlar bo'yicha Garrinikiga nisbatan to'rt barobar katta. Garrining yuzi ozg'in, tizzalari bo'rtib chiqqan, sochlari qop-qora, firuzako'zi esa yarqiroq bo'lib, o'rtasiga qalin izolyasiya tasmasi o'ralgan yumaloq ko'zoynak taqib yuradi. Dadli har doim Garrining burniga qarata zarb berishga uringani uchun ham ko'zoynakning gardishi tez-tez sinib turadi. Garri o'zining tashqi qiyofasida yoqtiradigan yagona narsa – g'ayrioddiy shakldagi yashin zigzagiga o'xshash chandiqdir. Esini tanibdiki, peshonasidagi ushbu tirtiq hech bitib ketmaydi. Petunya xolasiga bergan birinchi savoli ham ayni shu chandiq haqida bo'lgan.

- Bu, ota-onangni halok qilgan avariyadan qolgan chandiq, tushunding-mi? Bas, ortiqcha savol berma.

«Ortiqcha savol berma» qoidasi – bir maromda kechayotgan Dursllar hayotining eng asosiy qoidasi sanaladi.

Garri tovadagi yosh cho'chqa nimtasini aylantirib turgan fursatda oshxonaga Vernon amaki kirib keldi.

- Sochingni tarab ol! - ertalabki salom o'rnida o'kirdi u.

Vernon amaki haftada kam deganda bir marotaba gazeta ustidan Garriga qaragancha, bolaning sochini olish vaqti bo'lganligi haqida baqiradi. Garrining sochi sinfdoshlariga nisbatan tez-tez olib turiladi. Ammo sochi nihoyatda tez o'sgani uchun ham bu ish foyda bermaydi.

Garri tovaga tuxum chaqib turganida oshxonaga ona-bola kirib keldi. Dadli quyib qo'yganday Vernon amakiga o'xshaydi. Zero, uning ham yirik basharasi qizg'ish bo'lib, bo'yni ko'rinmaydi, kichik moviy ko'zi sersuv, och-sariq qalin sochlari katta semiz boshida tekis yotadi. Petunya xola uni farishtaginam deb chaqirsa, Garri «parik kiygan yirik» deb chaqiradi.

Garri qovurilgan tuxum solingan likoplarni stol ustiga qo'yib chiqishga urindi. Stol usti sovg'alarga to'lib toshgani uchun ham bu ishni bajarish oson bo'lmadi. Ayni vaqtda sovg'a sanayotgan Dadlining avzoi buzilganligi turqidan ma'lum bo'lib qoldi.

- O'ttiz oltita, - ota-onasiga tik qaraganicha, ayblov ohangida e'lon qildi u, - O'tgan yildagiga nisbatan ikkitaga kam.

- Yoqimtoyginam, Marjori ammang yuborgan sovg'ani sanamading. Ana u, sovg'amiz solingan katta quti ostida.

- Xo'p yaxshi, o'ttiz ettita deylik, - Dadlining yuzi g'azabdan qizara boshladi.

Yaqinlashib kelayotgan jazava xurujining alomatlarini sezgan Garri, dasturxon er bilan bitta bo'lmasidan oldin ko'proq eb ulgurishga harakat qilgancha tuxumni bo'riday yamlab, yuta boshladi.

Shubha yo'q-ki, Petunya xola ham yaqinlashayotgan xavfli vaziyatni sezib, bidirlay ketdi:

- Sayrga chiqsak, biz senga yana ikkita sovg'a olib beramiz, xo'pmi kulchaginam? Qalay taklifim yoqdi-mi? Yana ikkita sovg'a! Yaxshimi?

Dadli o'ylanib qoldi. Uzoq o'y surdi va nihoyat koyish ohangida:

- Shunda mening sovg'alarim soni o'ttiz... o'ttiz...

- O'ttiz to'qqizta bo'ladi, qandginam, - sanashga yordam berib yubordi Petunya xola.

- Ha, - dedi nihoyat kursiga o'tirgan Dadli, yaqin oradagi tugunchani changallab, - Unday bo'lsa, mayli.

Vernon amaki hiringlab yubordi.

- Mitti enotimiz o'z qadrini biladi. Xuddi o'zim-a. Yasha ota-o'g'il, - dedi u, Dadlining sochlarini qo'li bilan hurpaytirib qo'yib.

Telefon jiringladi. Petunya xola qo'ng'iroqqa javob berar ekan, Garri bilan Vernon amaki Dadlining poyga velosipedi, videomagnitofon, videokamera, masofadan boshqariladigan planer qadoqlarini ochayotganini, qutidan yangi kompьyuter o'yinlarining o'n oltita diskini chiqarayotganini kuzatib o'tirishdi. Tilla soat qutisi endigina ochilayotgan fursatda xonaga yuzi tashvishli qiyofa kasb etgan Petunya xola darg'azab kirib keldi.

- Yomon xabar, Vernon. Missis Figg oyog'ini sindirib olibdi. Endi u anavi bilan o'tira olmas ekan, - dedi u, Garri tomon bosh irg'ib.

Dahshatga tushgan Dadlining og'zi ochilib qoldi. Ammo Garrining yuragi quvonchdan bir sapchidi. Har yili Dadlining ota-onasi o'g'lining tug'ilgan kunini bayram qilishar, o'rtoqlaridan bittasini olib shahar bog'iga borishar, gamburger bilan siylashib, kinoga olib kirishar edi. Garri esa har yilning shu kuni, Dursllardan ikki ko'cha narida yashaydigan, qarib aqlini egan missis Figg bilan qoladi. Kampirning uyiga karamning qo'lansa hidi o'tirib qolgan bo'lib, ustiga ustak uzundan-uzoq hayotining har xil davrlarida yashab, bitta ham qolmay qirilib ketgan ko'p sonli mushuklarining fotosuratlari bilan to'lgan fotoalbomni tomosha qilishga majbur qiladi.

- Xo'sh, endi nima qilamiz? - dedi Petunya xola, go'yo missis Figgning oyog'ini Garri borib sindirib kelganday bolaga nafrat-la yuzlanib.

Garri missis Figgning joni og'riyotganligini tushunadi, albatta. Biroq Oppoqoyim, Pufik, Panja amaki, Tufti kabi mushuklarining rasmlarini yana bir yil ko'rmasligini o'ylab quvondi.

- Marjoriga qo'ng'iroq qilaylik, - taklif kiritdi Vernon amaki.

- Bema'ni gapni qo'ysang-chi, Vernon. Opang bu etimni ko'rgani ko'zi yo'qligini juda yaxshi bilasan.

Xolasi bilan amakisi Garri haqida xuddi shu tarzda, aniqroq aytilsa, xuddi jirkanch bir narsa haqida gapirishganday, go'yo u yonlarida yo'q yoki gap mavzusini idrok etishga aqli etmaydigan landavurday bilib, qadr-qimmatini mensimay gapirishlari odatiy hol.

- Anavi dugonang-chi, ismi nima edi, Ivonna-mi?

- Ta'til o'tkazgani O'rta dengizga, Mayorka oroliga ketgan, - shartta chaqib oldi Petunya xola.

- Meni uyda qoldirib ketishlaring mumkin, - umid-la gapga aralashdi Garri.

U televizorda o'zi yoqtirgan ko'rsatuvni tomosha qilishi, hatto kompьyuter o'ynashi ham mumkinligini o'yladi. Bunday taklifni eshitgan Petunya xolaning basharasi esa xuddi limon chaynab olgan odam turqiday burishib ketdi.

- Keyin-chi, keyin nima bo'ladi? Men sayrdan qaytib kelsam-u, uyim portlab ketgan bo'lsa, a? - o'shqirib berdi u.

- Hech narsani portlatmayman, - va'da berdi Garri.

Ammo uning gapini hech kim pisand qilmadi.

- O'ylashimcha uni hayvonot bog'igacha olib boramiz-da, - asta gapini davom ettirdi Petunya xola, - Mashinada qoldiramiz...

- Mashina, e'tiboringiz uchun, hali yangi. Men uni mashinada yolg'iz qoldirmayman...

Mug'ombir va muttaham basharasini sal qiyshaytirsa bas, onasi har narsaga tayyor bo'lishini juda yaxshi biladigan Dadli ovozi boricha o'kira boshladi. Yig'lamaganiga ko'p yil bo'lganligi, aniqroq aytganda, bu xonadonda yig'lashiga yo'l qo'yilmasligi bois faryodi yolg'ondakamligi yaqqol bilinib turibdi. Petunya xola arzandasining bo'yin bo'lishi kerak bo'lgan joyidan quchib oldi.

- Yig'lama, Dinki-dudi-dum, onang seni xafa qildirib qo'ymaydi! - yupata boshladi u.

- Uni... biz... biz... biz bilan birga yurishini... xohlamayman! - baqira ketdi Dadli soxta o'kirish uchun kuchanishlar orasida, - U doimo... doimo ishkal qilib yuradi!

Dadli onasining qo'llari orasidan Garriga qarab, ichiqoralik bilan irshayib qo'ydi. Ayni shu fursatda eshik qo'ng'irog'i jiringladi.

- E Xudoyim, ular kelishdi! - xitob qildi Petunya xola, xijolat chekib.

Ostonada Dadlining yaqin do'sti Piers Polukis va uning onasi ko'rindi. Piers turqi kalamushga o'xshash, bichimi beso'naqay cho'p-ustuxon bola. Dadli qaysi bolani urib, adabini berishni istab qolsa, o'sha bechoraning qo'lini ayni shu Piers qayirib, ushlab turadi.

Dadli shu zahoti unini o'chirdi.

Yarim soat o'tgach, Garri mashinaning orqa o'rindig'ida, Dadli va Piers bilan birga o'tirib, hayotida birinchi bor hayvonot bog'i tomon, o'z baxtiga haligacha ishonmay yo'l oldi. Qancha urinishmasin, xolasi bilan amakisi Garridan qutulish yo'lini topa olishmadi. Yo'lga chiqishdan oldin Vernon amaki Garrini chetga tortib, qizg'ish basharasini Garrining yuziga yaqin keltirgancha vishilladi:

- Ogohlantirib qo'yay bolakay, ogohlantirib qo'yay, biror-bir nayrang ko'rsatadigan bo'lsang, anavi hunarlaringdan birortasini sezib qolguday bo'lsam, Rojdestvoga qadar bufetdan chiqmay o'tirasan, tushunding-mi?

- Men hech qanday hunar ko'rsatmoqchi emasman, - ishontirdi Garri, - Chin so'zim...

Biroq Vernon amaki uning va'dasiga ishonmadi. Bu uyda unga hech kim, hech qachon ishonmagan.

Gap shundaki, Garri doim qandaydir taajjub holatlarga tushib qoladi. Bunga uning daxli yo'q ekanligini tushuntirishdan esa foyda yo'q edi.

Chunonchi, kunlardan bir kuni, Petunya xola, hozirgina sartaroshxonada soch oldirgan Garri go'yo umuman sartaroshxona ko'rmagan bola singari uyga qaytganidan g'azabi qaynab, oshxona qaychisi bilan Garrining sochini, peshonasidagi jirkanch tirtig'ini to'sib turgan bir tutamidan tashqari, sal kam ildizigacha qiyib chiqdi. Garrining ahvolini ko'rgan Dadli kulib kuchanganidan ishtoniga siyib qo'yishiga bir baxya qoldi. Garri esa ertasiga maktabga qay ahvolda borishini o'ylab, tuni bilan uxlamay chiqdi. Maktabda uni shundoq ham egnidagi beo'xshov kiyimi va ulama ko'zoynagi uchun mazax qilishadi. Biroq ertalab, Garrining sochlari Petunya xolaning sartaroshlik tajribasiga qadar qandoq bo'lgan bo'lsa, shundoq ekanligi ayon bo'ldi. Sochi bu qadar tez o'sib ketishining sababini tushuntira olmasligini isbot qilishga harchand urinmasin, Garrini bufetga qamab qo'yishib, bir hafta chiqarishmadi.

Yana bir safar, Petunya xola, Dadlining to'q sariq tusli yomg'ir qo'ziqorinlarining rasmi solingan, eskirib ketgan jirkanch jigar rang sviteri bilan Garrini «yasantirib» qo'yishga ahd qildi. U sviter yoqasini Garrining boshidan o'tkazishga qanchalik urinsa, sviter shunchalik kichrayib, hatto o'yinchoqqa ham sig'maydigan bo'lib qoldi. Hech narsaning fahmiga etmagan Petunya xola:

- Sviter ko'p yuvilgandan kichrayib ketibdi, - degan xulosa chiqargani uchun ham Garri jazosiz qoldi.

Maktab oshxonasining tomiga qanday chiqib olganini tushuntira olmagan Garri yanada mushkul ahvolga tushdi. Hamma balo shundaki, Dadli o'ziga o'xshagan bezorilar to'dasi bilan birga, deyarli har kuni Garrini quvish bilan kun o'tkazadi. Bu safar esa ulardan qochib, mo'ri ustiga chiqib olgani Garrining o'zi uchun ham kutilmagan jumboq bo'ldi. Shu kuni Dursllar oilasi sinf rahbaridan Garrining maktab tomiga bildirayotgan nosog'lom qiziqishlaridan norozi ohangda bitilib, e'tirozga to'lib toshgan yozma xabar oldi. Bufetga qamab qo'yilgan bola Vernon amakisiga aybsiz ekanligi, faqat Dadli va uning o'rtoqlaridan qochib, maktab oshxonasining oldidagi chiqindi tashlash baki ustiga sakrab chiqmoqchi bo'lganini tushuntirishga urindi, sakragan fursatda kuchli esgan shamol uni tomga qadar ko'tarib yuborganini taxmin qildi.

Bugun esa u biror-bir o'xshash hodisa ro'y berishini kutmaydi. Bir kun maktabga bormay, bufetga qamalmay, karam hididan sasib ketgan missis Figgning mehmonxonasida o'tirmay huzur-halovatda bo'lish uchun ham, yonida Dadli bilan Piers borligiga bardosh bersa arziydi.

Fursat kelgan zahoti hayotdan nolishni xush ko'radigan Vernon amaki mashinani boshqarib ketar ekan, hozir ham Petunya xolaga arz qilib ketyapti.

Dangasa bo'ysunuvchilar, Garri, mahalliy kengash, Garri, bank muassasasi, Garri – bularning hammasi Vernon amaki shikoyatlarining eng dolzarb mavzulari sanaladi.

- ... savdoyiday yurishadi-ya bu shayton urgan bezorilar, - norozi ohangda irilladi u, yonidan bir bayker o'qday uchib o'tganini ko'rib.

- Men esa bugun tushimda havoda uchib yurgan motosiklni ko'rdim, - birdan eslab qoldi Garri.

Bolaning gapini eshitgan Vernon amaki ro'paradan kelayotgan mashinaga urilib ketishiga bir baxya qoldi. U bir parcha jun yopishib qolgan bahaybat lavlagiga o'xshash yuzi bilan keskin ortga burildi-da:

- MOTOSIKLLAR UCHMAYDI! - deb, bo'kirib yubordi.

Dadli bilan Piers cho'chqa bolalariday xurxurlab qo'yishdi.

- Uchmasligini bilaman, - rozi bo'ldi Garri, - Men axir bor-yo'q tushimga kirgan narsani aytdim xolos.

Garri tushi haqida og'iz ochganidan afsuslandi. Qarindoshlar uchun Garrining savollaridan ham jirkanch narsa – bolaning g'ayrioddiy narsalarga doir bildirgan fikr-mulohazalari. Tush bo'lsin yoki multfilm qahramonining xatti-harakati bo'lsin, farqi yo'q, bari-bir jirkanch eshitilib, xavfli niyatday ko'rinadi.

Shanba quyoshli bo'ldi. Hayvonot bog'i odamga to'la. Dadli bilan Piersga bittadan shokoladli muzqaymoq xarid qilindi. Sotuvchi do'kondan nari tortib olinmay qolgan Garridan nima istashini so'rab ulgurgani uchun er-xotin Dursllar bolaga arzonroq limonli obakidandon olib berishga majbur bo'ldi. Obakidandonga qanoat qilgan Garri boshini qashib turgan gorillani kuzatar ekan, maymunning Dadliga juda o'xshab ketishini, Dadlining sochi oq-sariq tusda bo'lganligi ikkalasining o'rtasidagi yagona tafovut ekanligini payqadi.

Bu tong Garrining hayotidagi unutilmas tong bo'ldi. Tushlikka yaqin Dadli bilan Piersning ko'ngliga hayvonot bog'ida sanqish yoqmay qolib, o'zlari yoqtiradigan ish – Garrini quvib urish nayrangini boshlamasliklari uchun ham, u, qolganlardan sal narida yurdi. Tushlik hayvonot bog'idagi restoranda o'tdi. «Ola paypoq» deb nomlanadigan desert ustidagi muzqaymoq juda ozligidan norozi bo'lib, to'polon boshlagan Dadliga Vernon amaki boshqa porsiya olib berdi. Garriga esa Dadlining birinchi porsiyasini eb tugatishga ruxsat berildi (Desert – ovqatdan keyin eyiladigan meva yoki shirinlik). Negadir Garrining hayoliga hamma ishlar yaxshi maromda kechayotganligi, bu holat uzoq cho'zilmasligi muqarrar, degan o'y keldi.

Tushlikdan so'ng, terrarium tomon yo'l olindi. Bu er qorong'i, havosi salqin, devorlar bo'ylab ichi yoritilgan vitrinalar joylashgan. Oyna devor ortidagi tosh va xodalar orasida o'ralib olgan yoki o'rmalab yurgan turli-tuman ilon va kaltakesaklar ko'rinadi. Dadli bilan Piers insonni yamlab yutishga qodir yirik bo'g'ma ilonlar va zaharli kobralarni tomosha qilishga oshiqishdi. Tez orada Dadli eng katta ilonni izlab topishga muvaffaq bo'ldi. Bu ilon Vernon amakining mashinasiga ikki marotaba o'ralib olsa bormi, uni kulcha shakliga keltirib qo'yishi aniq. Faqat hozir ilonning kayfiyati yo'q, umuman aytganda, u uxlab yotibdi.

Dadli tumshug'ini oyna devorga bosgancha, ilonning yaltiroq jigar rang halqalarini tomosha qilib turdi-da, Vernon amakiga:

- O'rmalasin, - deb buyruq berdi.

Vernon amaki oynani taqillatdi, lekin ilon qilt etmadi.

- Yana taqillat, - buyurdi Dadli.

Otasi barmog'ining bo'g'in suyagi bilan oyna devorni yanada qattiqroq taqillatdi. Ilon uyg'onmadi.

- Qanday ze-ri-kar-li, - nolidi ikkalasi va oyoqlarini sudrab vitrinadan nari ketishdi.

Garri vitrina oldiga kelib, ilonni sinchkovlik bilan tomosha qildi. Sudraluvchi hayvon zerikkanidan o'lib qolganligini bilsa, aslo hayron bo'lmaydi. Uyqudan uyg'otishga harakat qilib kuni bo'yi oyna taqillatishgan ahmoq odamlardan boshqa hech qanday sherik yo'q. Garrining bufetdagi hayotidan ham zerikarli. Garri har qalay uy ichida yurishga haqli bo'lib, uni faqat Petunya xolagina uyg'otadi xolos.

Kutilmaganda ilon yumaloq ko'zini katta ochib, boshini Garrining ko'ziga teng kelib qolgunga qadar, asta ko'tardi-da, bir ko'zini qisib qo'ydi.

Dastavval Garri ko'zini ilonning ko'zidan uza olmadi. So'ng, hech kim qarab turmaganligiga ishonch hosil qilish uchun atrofga tez qarab oldi-da, u ham ko'z qisib qo'ydi.

Ilon boshini Vernon amaki bilan Dadli tomon siltab qo'ydi-da, nigohini shiftga qaratdi. So'ng Garriga «Xudoning bergan kuni shu ahvol!» degan ma'noni aniq uqib olsa bo'ladigan nigoh-la qarab qo'ydi.

- Ahvolingni tushunib turibman, - g'uldiradi Garri va garchi ilon uning so'zlarini eshitayotganligiga shubha qilsa-da, qo'shib qo'ydi: - O'larcha joningga tekkan bo'lsa kerak.

Ilon rozilik bildirganday, boshini bir-ikki bor irg'ib qo'ydi.

- Sen umuman qaerliksan? - qiziqib so'radi Garri.

Ilon dumini qafas yoniga qoqib qo'yilgan taxtacha tomon uzatib, taqillatdi. Garri «Boa-konstriktor, Braziliya» so'zlarini o'qidi.

- Braziliyadagi hayoting yaxshi kechganmi-di?

Boa-konstriktor dumi bilan takror taxtachani taqillatib ko'rsatdi. Garri yozuvning davomini o'qidi «Ushbu namuna hayvonot bog'ida etishtirilgan».

- Ie, hali shundaymi? Demak sen Braziliyada umuman bo'lmagansan?

Ilon rad javobini qaytarganday bosh silkidi. Shu damda orqa tomondan Piersning ilonni ham, Garrini ham cho'chitib, bir silkitib tushirgan, kar qilib yuborguday qichqirig'i eshitildi:

- DADLI! MISTER DURSL! BU YOQQA KELINGLAR! MANA BU ILONGA QARANG! UNING HARAKATLARINI KO'RIB ISHONMAYSIZ.

- Yo'ldan qoch, - baqirdi lapanglaganicha yugurib kelgan Dadli, Garrining qovurg'asi ostiga zarb berib.

Garri kutilmaganda berilgan zarbadan beton polga qulab tushdi. Keyingi hodisa shu qadar tez bo'lib o'tdiki, atrofdagi odamlar nima bo'lganini idrok qilishga ulgurmay qolishdi. Hozirgina burunlari bilan devor oynaga suyanib olgan Piers bilan Dadli dahshatdan dod-voy solib nari qochishdi.

Gap shundaki, Garri polda, og'zi bilan havo yutib nafas rostlagancha, hansirab o'tirgan paytda, boa-konstriktor qamalgan vitrinaning oyna devori o'zidan o'zi g'oyib bo'ldi. Kattakon ilon tanasining yirik halqalarini shiddat bilan yozib o'rmalagancha, polga tushdi. Odamlar butun terrariumni boshga ko'tarib, dod-voy qilishgancha, eshik izlab qolishdi.

Yonidan tez va shovqinsiz o'rmalab o'tayotgan ilon Garriga eshitilar-eshitilmas vishvishlab:

- Rahmat, amigo. Endi Braz-z-ziliyaga, - degani eshitildi.

Garri ont ichishga tayyorki, ilon aynan shunday dedi.

- Oyna, oyna, qani oyna? - takror va takror qaytardi turgan joyida qotib, shokka tushgancha, serrayib qolgan terrarium nazoratchisi.

Qo'rqib ketganidan omonatini topshirib qo'yishiga sal qolgan Petunya xolaga hayvonot bog'ining direktori shaxsan o'zi quyuq kofe damlab, uzr so'rashini qo'ymadi. Tillari qotib, a'zoyi-badanlari dag'-dag' titrayotgan Dadli bilan Piers bazo'r gapirishmoqda. Boa-konstriktor dumi bilan ularning tovonlariga o'ynoqilik bilan sal turtib ketganini Garri o'z ko'zi bilan ko'rgan bo'lsa-da, vaqt o'tib, mashinada o'ziga kelib qolgan Dadli, bahaybat ilon oyog'ining bir bo'lagini eb qo'yishiga bir baxya qolganligini nafasi og'ziga tiqilib qolguday bo'lib gapirib berdi. Piers esa ilon uni bo'g'ishga uringanligi haqida ont ichib ketdi. Ammo Garri uchun eng yomoni o'pkasini bosib olgan Piersning chaqimchiligi bo'ldi.

- Garri esa ilon bilan ilon tilida suhbatlashdi. Iqror bo'lasanmi, Garri?

Bazo'r sabr qilib kelgan Vernon amaki Piersni olib ketishlari bilan Garriga baqira ketdi. U shu qadar darg'azab-ki, so'zlarini deyarli tushunib bo'lmaydi. U faqat:

- Ko'zimdan yo'qol. Bufetga. O'sha erda ovqatsiz o'tirasan, - so'zlarini aniq talaffuz eta oldi xolos.

Nihoyat kelgan Vernon kresloga quladi, Petunya xola esa katta stakanni to'ldirib brendi olib kelishga majbur bo'ldi.

Bufetda yotib, yarim tungacha uxlay olmagan Garri soatli bo'lishni orzu qildi. Hozir soat necha bo'lgani, Dursllar oilasi uyquga yotgan-yotmaganligini bilmaydi u. Dursllar uyquga yotmay turib, bufetdan chiqish, oshxonaga kirib tamaddi qilib olishga yuragi dov bermadi.

Garri Dursllar oilasida o'zini oz bo'lsa ham tanigan, ota-onasi avtomobil halokatida halok bo'lgan kundan e'tiboran sal kam o'n yildan buyon, aniqrog'i baxtsiz, ro'shnoliksiz o'tgan o'n yildan buyon yashab kelmoqda. O'sha la'nati mashinada u ham bo'lgan-bo'lmaganligini hech eslay olmaydi. Ba'zan, uzoq vaqt bufetga qamab qo'yilgan kunlari, xotirasiga zo'r berib, g'alati hissiyotni: ko'zni qamashtirib yuborgan yashil chaqmoq va peshonasida qizigan og'riq sezganligini eslaydi. Garchi, ushbu yashinning qaerdan paydo bo'lganligini tasavvur qila olmasa-da, buni o'sha mudhish avariyadan qolgan xotira, deb taxmin qiladi. Ota-onasini esa umuman eslay olmaydi. Xolasi bilan amakisi uning ota-onasi haqida hech qachon gapirishmaydi. Tabiiyki, Garriga ular haqida savol berish man etilgan. Hatto fotosuratlari ham yo'q.

Bir necha yil muqaddam Garri qandaydir noma'lum qarindoshlar kelib, uni olib ketishini orzu qilar edi. Bunday bo'lishi mumkin emas, albatta. Xolasi bilan amakisidan boshqa hech kimi yo'q. Shunday bo'lsa-da, ba'zan, ehtimol shuni orzu qilgani sababli bo'lsa kerak, ko'chadagi notanish, juda g'alati odamlar uni tanishini sezar edi. Kunlardan bir kuni Petunya xola va Dadli bilan do'konga kirganida binafsha rang silindr kiyib olgan mittigina kishi Garriga ta'zim qilib o'tdi. Buni ko'rib qattiq g'azablangan xolasi o'sha odamni qaerdan tanishi haqida rosa so'roqqa tutdi va hech narsa xarid qilmay bolalarni sudrab, ko'chaga olib chiqdi. Yana bir kuni, avtobusda o'tirgan yovvoyiga o'xshash, boshdan oyoq yashil kiyingan bir kampir Garrini ko'rganidan quvonib, qo'l siltadi. O'tgan kuni esa to'q qizil plash kiygan tepakal kishi biron og'iz ham so'z aytmay, Garri bilan qo'l berib so'rashdi-da, nari ketdi. Taajjublisi shundaki, Garri ushbu odamlarga tuzukroq razm solib qaramoqchi bo'lishi hamono, ular shu zahoti ko'zdan g'oyib bo'ladi.

Maktabda esa Garriga do'st tutingan bola yo'q. Dadli va uning to'dasi keng, halpillagan kiyim kiyib, ulama ko'zoynak taqib yuradigan tentak Potterni toqat qila olmasligini hamma biladi. Ularga qarshi chiqishni esa hech kim xohlamaydi.

Bob-3."HECh QAERDAN KELGAN XATLAR"

Braziliya boa-konstriktorining qochib qolishi Garriga juda qimmatga tushdi. Uni bufet qamog'idan ozod qilishganida yozgi ta'til boshlanib bo'lgan, Dadli esa yangi videokamerasini buzish, boshqariladigan planerning abjag'ini chiqarish, poyga velosipediga mingan birinchi kuniyoq Odamovilar xiyobonida hassaga tayanib yurgan keksa missis Figgni urib yuborishga ulgurib bo'lgan edi.

Garri maktabdagi tahsil mavsumi tugaganidan quvonsa-da, Dadli va uning Piers, Dennis, Malkolm va Gordon ismli barzangi va xuddi atayin saralab olinganday befahm, deyarli har kuni mehmonga keladigan og'aynilaridan qutulmadi. Biroq Dadli yiriklik, ayniqsa befarosatlikda o'rtoqlaridan o'tib tushadi va shu bois ham to'da boshi sanaladi. Ular ham Dadli xush ko'rgan «Garrini quvib urish» sport turini yoqtirib, to'da boshiga bajonidil sherik bo'lishadi.

Garri bo'sh vaqtini imkon qadar uydan narida o'tkazishga harakat qildi. Tevarak-atrofda aylanib, yosh qalbida umid uchqunini yoqqan yangi o'quv yili haqida o'ylab yurdi. Gap shundaki, sentyabrь oyida Garri boshlang'ich maktabga emas, o'rta maktabga va endi, hayotida birinchi bor, Dadlisiz boradi. Dadlini qachonlardir Vernon amaki tamomlagan «Smelting» xususiy maktabiga qabul qilishdi. Piers Polukis ham shu maktabga yo'llandi. Garrini esa «Beton devorlar» tuman umumta'lim maktabiga yozdirib qo'yishdi. Dadlining fikricha bu juda kulgili emish.

- «Beton devorlar»da o'qish boshlanadigan birinchi kuni har bir o'quvchining boshini unitazga botirib chiqishar ekan, - dedi u Garriga, - Istasang yur tepaga chiqib, mashq qilamiz?

- Yo'q, rahmat. Bechora unitazimizga sening boshingdan ham battar jirkanch narsa tushgani yo'q hali. Tiqilib qoladi-ku, - javob qaytardi Garri va befahm Dadli gap mag'zini idrok etgunga qadar qochib qoldi.

Iyul kunlarining birida Petunya xola bilan Dadli Londonga, «Smelting» o'quvchilari kiyib yuradigan kiyim xarid qilishga ketishdi. Garri esa missis Figg bilan qoldi. Kampirning uyi oldingiday dahshatli emas. Aniqlanishicha, missis Figg oyog'ini uy hayvonlaridan biriga qoqilib yiqilganidan sindirib olgan ekan. Ayni shu kundan e'tiboran kampirning hayvonlarga bo'lgan otashin muhabbati bir oz so'ngan emish. U Garriga televizor ko'rishga ruxsat berib, bir bo'lak shokolad sindirib berdi. Shokoladni tatib ko'rgan Garri, ushbu plitka missis Figgning uyiga keltirilganiga bir necha yil bo'lganligiga shubha qilmadi.
***

Kechqurun mehmonxonada Dadli o'zining yangi libosini kiyib, hammaga namoyish qildi. «Smelting»da tahsil ko'radigan o'g'il bolalar to'q qizil kurtka, to'q sariq kalta shim va «Kanotьe» deb ataladigan yassi poxol shlyapa kiyib yurishadi. Bundan tashqari, har bir o'quvchida, o'qituvchi o'girilib turgan fursatda sheriklarini turtib turishi uchun g'adir-budur tayoqcha bo'lishi kerak ekan. E'tirof etilishicha, bunday turtkilar kelgusi hayot uchun foydali sanaladigan ko'nikmalar shakllanishiga omil bo'lar emish.

Vernon amaki o'g'lining kalta shimiga qarab, ushbu fursat oila hayotidagi eng tantanali, jiddiy ahamiyatga ega fursat ekanligini yig'lamsiragan ohang-la ta'kidlab qo'ydi. Petunya xola esa ho'ngrab, yig'i orasida, yoqimtoy Sichqoncha-Dadli ulg'ayib qolganiga hech ishongisi kelmayotganini bazo'r ayta oldi. Garri biror-bir o'rinsiz so'z aytib qo'yishdan o'zini tiydi. U shundoq ham Dadlining kepatasiga qarab qahqahlab yuborishdan o'zini tiyish uchun kuchanganidan qovurg'asini og'ritib olgan.
***

Ertasiga ertalab, nonushtaga chiqqan Garri oshxonani qo'lansa hid bosib ketgani, oshxona chanog'iga o'rnatilgan rux tog'ora ushbu hid manbasi ekanligini payqadi. Yaqin kelib, tog'oradagi loyqa suv ichida iflos poyandozlarga o'xshash lattalarni ko'rdi.

- Nima bu? - so'radi u Petunya xolasidan.

- Sening yangi maktab kiyiming, - javob qaytardi xolasi Garri savol berganida har safargiday jahli chiqib, labini qimtib olgancha.

- Ie, kiyim bunaqangi nam bo'lishi kerak ekanligini bilmas ekanman, - deb qo'ydi Garri yana bir bor tog'ora ichiga qarab qo'yib.

- Tentaklanma, - jahl qildi Petunya xola, - Sen uchun harakat qilyapman. Kiyiming odam kiyimiga o'xshab, el qatori yurishing uchun Dadliginamning narsalarini kul rangga bo'yayapman.

Garri odam kiyadigan kiyim ayni shunday bo'lishiga shubha qilsa-da, baslashishni ortiqcha bildi. U nonushta qilishga o'tirib, birinchi sentyabrь kuni «Beton devorlar»ga qaysi qiyofada borishini o'ylamaslikka harakat qildi. Ehtimol, filning eskirib ketgan terisidan tayyorlangan kiyim kiyib olganday ko'rinsa kerak.

Oshxonaga Garrining yangi maktab kiyimidan chiqayotgan hiddan hazar qilib, burun burishtirgan Dadli bilan Vernon amaki kirib keldi. Vernon amaki har safargiday qo'liga gazeta oldi, Dadli esa ko'tarib yurishni odat qilib olgan smelting tayoqchasini stolga urib o'tirdi.

Shu payt kirish eshigida, pochtachi pochta tashlab ketishi uchun ochilgan tuynuk qopqog'ining shilq etgan tovushi, sal o'tib, gilamcha ustiga xat tushgani eshitildi.

- Dadli, xatni olib kel, - buyurdi Vernon amaki.

- Garri olib kelsin.

- Garri, pochtani olib kel.

- Dadli olib kelsin.

- Dadli, qo'lingdagi tayog'ing bilan bir tushir.

Garri tayoqqa chap berib, eshik tomon ketdi. Gilamchada Vernon amakining La-Mansh bo'g'ozidagi Uayt orolida dam olayotgan Marjori opasi yo'llagan otkritka, jigar rang konvert, haq to'lash hisoblari bo'lsa kerak va Garri nomiga yozilgan xat yotibdi.

Garri xatni qo'liga olib, undan ko'zini uza olmadi. Bolaning yuragi ko'krak qafasining ichida rezinaning bir uchiga bog'lab qo'yilgan koptokdek sakray boshladi. Hayoti davomida unga hech kim, hech qachon xat yo'llamagan. Axir kim unga xat yuborishi mumkin? Na do'stlari, na qarindoshlari bo'lsa. Kutubxonaga ham a'zo bo'lmagan. Shu bois, kitobni qaytarishga doir qo'pol talabnoma kelishini kutmaydi. Nima qilganda ham mana xat, qo'lida ushlab turibdi. Xato bo'lishi ham mumkin emas, chunki manzil juda aniq yozilgan:


Syurrey grafligi,

Littl Uinging shaharchasi,

Odamovilar ko'chasi, 4- uy,

Pillapoya ostidagi bufet,

Mister G. Potterga
Sarg'ish pergamentdan tayyorlangan konvert qalin, vazmingina. Sirtidagi manzil esa zumrad tusli yashil siyoh bilan bitilgan. Marka yo'q (Pergament – suv, yog'ni o'ziga shimmaydigan qilib ishlangan qog'oz). Hayajondan titrayotgan qo'li bilan konvertning orqa tomonini o'girib qaragan Garri: katta «X» harfini o'rab olgan sher, burgut, bo'rsiq va ilon tasviri tushirilgan qirmizi surg'uch muhrni ko'rdi.

- Qaerda qolding? - eshitildi Vernon amakining ovozi, - Xat ichida bomba bor-yo'qligini tekshiryapsan-mi? - so'radi u, o'zining hazilidan o'zi kulib.

Garri, xatdan ko'zini uzmay oshxonaga qaytib kirdi. U Vernon amakiga otkritka bilan haq to'lash hisoblarini uzatdi-da, o'tirib sariq konvertni asta ochishga kirishdi.

Vernon amaki haq to'lash hisoblarini shartta ochib, pishqirib qo'ydi-da, otkritka o'qishga kirishdi.

- Marjori kasal bo'lib qolibdi, - dedi u, xotiniga, - Nimanidir eb...

- Dada! - birdan baqirib yubordi Dadli, - Dada, qara, Garrining qo'liga qara, nima u?

Garri, konvert pergamentiga o'xshash qattiq pergamentga bitilgan xatni endigina ochishga ulgurgan edi ham-ki, Vernon amaki uni qo'pollik bilan qo'lidan tortib oldi.

- Bu menga kelgan xat! - qaytarib olishga intilgancha baqirib yubordi Garri.

- Kim ham senga yozardi? - dedi Vernon amaki qo'lidagi xatni ochilib ketishi uchun siltagancha, haqoratomuz ohangda.

Biroq xat matniga qarashi bilan basharasining qizil rangi yashil tusga, svetoforning rangi almashganidan ham tez almashib ketdi. Yashil tus bilan ham ish bitmadi. Soniya o'tar-o'tmas uning turqi qurib qolgan suli bo'tqaning kul rangini kasb etdi.

- P-p-Petunya! - nafasi qaytib, shivirladi u.

Dadli xatni changallab olishga urinib ko'rdi. Ammo Vernon amaki xatni shu qadar baland ko'tarib olgan ediki, Dadlining bo'yi etmadi. Pergamentni qiziqsinib qo'liga olgan Petunya xola xatning birinchi satrini o'qidi-yu, xuddi hushini yo'qotib qo'yadiganday bir daqiqaga yaqin tebranib turdi.

- Vernon! E marhamatli Xudo! Vernon! - xirillay ketdi u, bo'g'zini ushlab olib.

Dadli bilan Garri hanuzgacha oshxonada ekanligini unutib qo'ygan er-xotin bir-biriga tikilib qoldi. Shaxsini bu qadar pisand qilmasliklariga ko'nikmagan Dadli qo'lidagi tayoq bilan kuchi boricha otasining boshiga qarab qo'yib yubordi.

- Xatni o'qimoqchiman! - baland ovozda bayonot qildi u.

- Yo'q, uni men o'qimoqchiman, - nafrat ila Dadlining gapini bo'ldi Garri, - U mening nomimga kelgan!

- Yo'qollaring bu erdan. Ikkalang! - joni og'rib xirilladi Vernon amaki, xatni konvert ichiga solar ekan.

- XATIMNI QAYTARIB BERING! - qichqirdi Garri qilt etmay turgancha.

- Xatni menga bering! - talab qildi Dadli.

- YO'QOLLARING!

Vernon amaki ikkala bolani yoqasidan ushlagancha oshxonadan qo'shni xonaga uloqtirib yuborib, eshikni ichkaridan bekitib qo'ydi. Shu zahoti Garri bilan Dadli kalit teshigi uchun kurasha ketishdi. Tabiiyki, barzangi Dadli g'olib chiqdi. Shu bois ko'zoynagi bitta qulog'iga osilib qolgan Garri erga yotib, ichkarida bo'layotgan gapni eshik ostidan eshitishga majbur bo'ldi.

- Vernon, - eshitildi Petunya xolaning titroq ovozi, - Manzilga e'tibor qaratding-mi? Ular bola uxlaydigan joyni qaerdan bilishi mumkin? Bizni zimdan kuzatib yurishmagan bo'lsa kerak, a?

- Kuzatishadi ham, josuslik ham qilishadi, hatto ba'zan ichkariga qarab ham turishadi, - vaysadi Vernon amaki.

- Endi nima qilamiz, Vernon? Javob yo'llaylik-mi? Biz umuman xohlamaymiz...

Garri, Vernon amakining yarqiroq qora tuflisi bilan oshxonaning u burchagidan bu burchagiga borib kelayotganini ko'rib yotibdi.

- Yo'q, - nihoyat qaror qildi Vernon amaki, - Biz bunga e'tibor qaratmaymiz. Agar ular bizdan javob olishmasa... Ha, shu yo'l eng maqbul yo'l... Biz hech narsa qilmaymiz...

- Biroq...

- Mening uyimda o'xshash narsalar bo'lishini istamayman, Petunya! Uni oilamizda qoldirayotganimizda bunday xavfli bid'atni tag-tugi bilan yo'q qilib, quritishga ont ichmagan edik-mi?

Kechqurun, ishdan qaytgach, Vernon amaki hayotida hech qilmagan ishni qildi. U Garrining bufet ichida jihozlangan yotoqxonasiga tashrif buyurdi.

- Qani mening xatim? - to'rsillab so'radi Garri eshikchadan bazo'r suqilib kirgan amakidan, - Menga kim, qaerdan xat yo'llabdi?

- Hech kim va hech qaerdan. Bu xat senga yanglish kelgan ekan, - qisqa qildi Vernon amaki, - Men uni yoqib yubordim.

- Hech qanday anglashilmovchilik bo'lmagan, - achchiqlanib to'ng'illadi Garri, - Unda bufetim aniq ko'rsatilgan.

- JIM! - hayqirib berdi Vernon amaki.

Shiftdan bir juft o'rgimchak tushdi. Amaki bir necha bor chuqur nafas olgach, o'zini irshayishga majbur qildi-yu, o'xshata olmadi.

- Ha, aytganday, Garri... bufet xususida. Xolang bilan... Qisqasi sen ancha ulg'ayib qolding... o'ylaymiz-ki... senga bu er endi noqulay... fikrimizcha, Dadlining ikkinchi yotoqxonasiga ko'chib o'tsang ma'qul bo'ladi.

- Nega? - so'radi Garri.

- Ortiqcha savol berma! Bo'ldi, bisot-narsalaringni yig'ishtir, tez bo'l!

Dursllar uyida to'rtta yotoqxona bor: biri Vernon amaki bilan Petunya xolaga tegishli, ikkinchisi mehmonlar uchun xona vazifasini o'taydi (unda asosan Vernon amakining opasi Marjori tez-tez tunab turadi), uchinchisida Dadli yotadi, to'rtinchi kichik yotoqxonaga esa Dadlining xonasiga sig'magan lash-lush va o'yinchoqlar kiritib qo'yilgan.

Garri narsalarini olib, ko'chib o'tishi uchun o'rnidan turib, ikkinchi qavatga ko'tarilishi kifoya bo'ldi. U krovatga o'tirib, xonaga razm soldi. Xonadagi narsalarning deyarli barchasi buzuq, singan yoki batamom pachoq bo'lgan. Kunlardan bir kun Dadli qo'shnining itini bosib o'tgan o'yinchoq tank ustida atigi bir oy oldin xarid qilingan videokamera buzilib yotibdi. Burchakda, Dadli yoqtirgan teleko'rsatuv bekor qilingan kuni tepib sindirilgan, chang bosgan televizor, yonida esa qachonlardir to'ti qush yashagan katta qafas turibdi. Dadli o'sha qushni haqiqiy pompa miltig'iga alishtirgan edi. Hech qancha vaqt o'tmay, qo'pol tanasining bor yuki bilan ustiga o'tirib, stvolini egib yubordi. Mana endi o'sha miltiq yuqori tokchada qiyshayib yotibdi. Qolgan tokchalar xonadagi yagona sog' buyumlar – kitoblar bilan to'lgan. Ularni hali hech kim qo'liga ham olmagan, yap-yangiday turibdi.

Pastdan Dadlining:

- Garrining u erda yashashini istamayman... xona o'zimga kerak... quvib chiqaringlar uni... - degan baqiriqlari eshitilmoqda.

Garri xo'rsinib karavotga cho'zildi. Kechagina u, ushbu xonada yashashni orzu qilgan. Bugun esa... xatni qaytarib berishsa, yana o'sha bufetga ko'chib o'tishga tayyor.

Ertasi kuni nonushta vaqtida Vernon amaki bilan Petunya xola jim, bir-biriga g'amgin qarab, Garri esa xatni kecha dahlizda o'qib olmaganligi uchun o'zini o'zi ichida koyib o'tirishdi. Faqat Dadligina baqirar, o'kirar, dam otasini kaltaklar, dam onasini tepar, o'zini ko'ngli ayniyotgan ko'yga solar, biroq qancha urinmasin, hatto toshbaqa bilan parnik oynasini urib sindirsa ham xonasini qaytarib olishga muvaffaq bo'lmadi.

Tonggi pochta kelganida Vernon amaki Garrining ko'nglini topishga ochiqdan-ochiq uringancha, dahlizga Dadlini yo'lladi. Smelting tayoqchasi bilan ko'ziga ko'ringan narsani urib borgan Dadlining xatti-harakatlariga hamma quloq tutib o'tirdi. Birdan Dadlining:

- Mana. Yana bitta xat! Odamovilar xiyoboni, 4- uy, kichik yotoqxona, mister G. Potterga... - degan xitobi eshitildi.

Vernon amaki xuddi bo'g'ilib qolganday xirillagancha, o'rnidan irg'ib turib, Garrining ta'qibi ostida o'zini dahlizga urdi. Dadlining qo'lidagi xatni kuch bilan tortib olish uchun uni erga yiqitib, bosib olishga majbur bo'ldi. Garri esa Dadlining ustidagi amakisini bor kuchi bilan tortishga urindi. Bir necha daqiqa davom etgan, ishtirokchilarning har biri bir necha bor zarba egan tartibsiz yoqalashishdan so'ng, zafar qozongan Vernon amaki og'zi bilan havo yutgancha, qo'lidagi xatni mahkam g'ijimlab tik turdi.

- Bor, bufetingga, yo'g'e xonangga kirib ket, - buyurdi u Garriga bo'g'ilganidan chiyillab chiqqan ovozi bilan, - Dadli, qoch dedim senga, qoch.

Garri xonasida gir aylandi. Kimdir nafaqat uning yangi xonaga ko'chib o'tgani, balki birinchi maktub unga tegmaganidan ham boxabar. Obbaholam, ular yana bir bor xat yuborishga urinib ko'rishsa kerak? Ana shunda u har qanday qilib bo'lsa ham, xatni qo'lga kiritishga harakat qiladi. Bu borada u reja ham tuzib qo'ydi.

Yaqindagina ta'mirdan chiqarilgan soat tong sahar oltida jiringladi. Garri soatni o'chirib, shovqin solmay kiyindi. Eng asosiysi hech kimni uyg'otib yubormaslik. Bola chiroqni yoqmay, pastga tushdi.

Yuragi shiddat bilan urayotgan Garri qorong'i dahliz orqali tashqariga chiqish va 4- uy pochtasini shaxsan o'zi olishi uchun Odamovilar ko'chasining muyulishiga borib, pochtachini kutib o'tirishga ahd qilgan...

- AAAAAAAAA!

Qo'rqib ketgan Garri sapchib ketib, eshik yonidagi gilamcha ustida yotgan qandaydir yirik, silliq, jonli bir narsa ustiga tushdi.

Yuqorida chiroq yongach, Garri, yirik, silliq, jonli narsa amakisining basharasi ekanligini anglab, rosa xijolat chekdi. Vernon amaki bolaning bunday yo'l tutishini oldindan fahmlagan shekilli, tunni eshik yonida, qopko'rpa ichiga kirib o'tkazibdi. Taxminan yarim soat baqir-chaqir qilgan amaki choy keltirishni buyurdi. Qayg'u-hasrat ila oshxona tomon yo'l olgan Garri xonaga qaytgach, amakisining tizzasi ustida, yuzasidagi manzil zumrad siyoh bilan yozilgan uchta konvertni ko'rib, ertalabki pochta etib kelganini tushundi.

- Bu menga...

Garri og'iz juftlagan hamono, Vernon amaki xatlarni namoyishkorona ravishda yirtib, mayda-mayda bo'laklarga bo'lib tashladi.

Shu bugun Vernon amaki ishga bormadi. Uyda qolib, kirish eshigidagi xat tashlash tuynugining qopqog'ini mixlab qo'ydi.

- Mana ko'rasan, - dedi amaki og'zidagi mixni tishlab olgancha, qilgan ishining ma'nosini xotiniga tushuntirib, - Ular xat etkaza olmas ekanlar, demak yozishni ham bas qiladilar.

- Bunga ishonchim komil emas, Vernon!

- E, sen bilmaysan ularning xulqini, Petunya. O'sha odamlarning tafakkuri bizning tafakkurimizdan tamomila farq qiladi.

Qizishib ketgan Vernon amaki bolg'a qolib, hozirgina xotini qo'liga ushlatib qo'ygan tort bo'lagi bilan kuchining boricha mixga qarata zarb berdi.

Juma kuni oz emas-ko'p emas o'n ikkita xat keldi. Xat tashlash tuynugi yopiq bo'lganligi uchun pochtachi xatlarni eshik ostiga, yon tirqishlariga suqib, bir nechtasini quyi qavatdagi vanna xonaning ochiq derazasidan tashlab ketibdi.

Vernon amaki yana ishga bormay, uyda qoldi. Xatlarni kaminda yoqib bo'lgach, qo'liga bolg'ani olib, kirish eshigi va orqa eshikning barcha tirqishlarini, hech kim tashqariga chiqa olmaydigan darajada qoqib chiqdi. Sal eshitilgan shovqindan seskangancha, ish davomida «dushman qochar, yov qochar»ni xirgoyi qildi.

Shanba kuni vaziyat nazorat ostidan chiqa boshladi. Petunya xola ahvolni ko'rib angrayib qolgan sut sotuvchining qo'lidan mehmonxona derazasi orqali olgan yigirma to'rtta tuxumning ichidan chiqqan yigirma to'rtta xat uyga kirdi. Jahli chiqqan Vernon amaki aybdorlarni qidirib, pochta idorasi va sut do'koniga qo'ng'iroq qilib, shovqin soldi. Petunya xola esa xatlarni, birorta ham qoldirmay, go'shtqiymalagichdan o'tkazdi.

- Kimning sen bilan muloqot qilish istagi bu qadar qistab qolibdi? - so'radi lol qolgan Dadli.

Yakshanba kuni ertalab Vernon amaki charchagan, yuzi kasal kishining qiyofasini kasb etgan bo'lsa ham baxtiyor kayfiyat-la nonushtaga tushdi.

- Yakshanba kuni pochta ishlamaydi, - dedi quvnoq ohangda, marmeladni non qolib gazetaga surtganicha, - Shunday ekan ofat-balo xatlar...

Ayni shu fursatda allaqanday jism kamin quvuridan shuvillab chiqib, fikrini oxirigacha aytib ulgurmagan amakining boshiga tegdi. Yana o'ttizta, ehtimol qirqta xat kamin ichidan o'qday uchib chiqdi. Hamma enkayib oldi. Faqat Garrigina xatlardan birortasini ushlab olishga urindi.

- YO'QOL! YO'QOL!

Vernon amaki Garrini tutib olib, dahlizga uloqtirib yubordi. Petunya xola bilan Dadli yuzlarini bekitib olgancha oshxonadan otilib chiqishdi. Vernon amaki esa eshikni ichkaridan bekitib oldi. Quvurdan uchib chiqayotgan xatlar devor va polga urilayotgani hamon eshitilmoqda.

- Gap bunday, - dedi Vernon amaki mo'ylov qilini yulganicha, o'zini idora qilishga urinib, - Besh daqiqadan so'ng hamma safarga otlangan bo'lishi shart. Yo'lga chiqamiz. Faqat zarur narsalargina olinsin. E'tirozga o'rin yo'q!

Chala yulingan mo'ylovi bilan u shunday dahshatli qiyofa kasb etgan ediki, hech kim e'tiroz bildirishga jur'at eta olmadi. O'n daqiqadan so'ng oila a'zolari qoqib tashlangan eshikning urib teshilgan tuynugi orqali uyni tark etib, mashinada katta yo'lga chiqib olgancha, eldek uchib ketdi.

Ular to'xtamay uzoq yo'l bosishdi. Hatto Petunya xola ham eridan qayoqqa ketishayotganini so'rashga jur'at eta olmadi. Ba'zan Vernon amaki mashinani daf'atan orqaga burardi-da, aks yo'nalishda harakatlanib:

- Shunday qilsak, ta'qibdan xalos bo'lamiz, - deb valdirar, so'ng yana o'z yo'liga qaytar edi.

Kuni bo'yi, hatto tamaddi qilib olish uchun ham to'xtamay yo'l yurildi. Kechga yaqin qorni och, yaxshi ko'rgan teleko'rsatuvlarining beshtasini o'tkazib yuborgan, umuman aytganda, hali hech qachon kompьyuter kelgindilarining uchish apparatlarini portlatmay, birorta bo'lsin kelgindi o'ldirmay bunchalik ko'p vaqt o'tkazmagan Dadli rostakamiga o'kira boshladi. Bu kun uning hayotida eng rasvo kun bo'ldi.

Nihoyat, Vernon amaki mashinani allaqanday shahardan chekka joydagi huvillagan mehmonxona yonida to'xtatdi. Dadli bilan Garriga yonma-yon o'rnatilgan, ustiga nam choyshab tashlangan karavotlar bilan jihozlangan bitta xona ajratildi.

Dadli tarashadek qotib xurrak otdi, Garri esa deraza tokchasi ustida o'yga tolgancha, ko'chadagi o'tkinchi mashinalarning faralarini tomosha qilib, o'tirdi...

Turib qolgan bodroq va marinadlangan pomidordan tayyorlangan buterbrod ertalabki nonushta bo'ldi. Ovqatni eb tugatishga ulgurmay, xonaga mehmonxona sohibasi kirib kelib, qo'lidagi maktubni, zumrad rangli siyoh bilan yozilgan manzilni o'qib olish mumkin bo'lgan holatda tutib ko'rsatdi.

- Ma'zur sanang, qaysi biringiz mister G. Potter bo'lasiz? Bizga yuzga yaqin mana bunday xat keldi


Koksvort

«O'lik jimjitlik» mehmonxonasi

17- xona

Mister G. Potterga


- Men qabul qilib olaman ularni, - dedi Vernon amaki, xatga endigina uzatilgan Garrining qo'liga zarb berilganligini befarq kuzatib turgan ayolga qarab.
***

- Ehtimol uyga qaytganimiz ma'quldir? - asta so'radi Petunya xola bir necha soatdan so'ng.

Biroq Vernon amakining qulog'iga gap kirmas bo'lib qolgan chamasi. Nimaga erishmoqchi bo'layotganini tushunib bo'lmadi. Dam o'rmon ichiga kirib ketadi, dam tashqariga chiqib, atrofga qaraydi-da, boshini sarak-sarak chayqaganicha, mashinaga qaytib kirib, yo'lni davom ettiradi. Yo'l davomida uchragan shudgor o'rtasida ham, osma ko'prik ostida ham, mashinalar saqlanadigan ko'p qavatli binoning tomi ustida ham shu holat takrorlandi.

- Dadam aqldan ozdi-mi? - zerikib so'radi Dadli shu kuni kechga yaqin.

Vernon amaki dengiz sohiliga kelib, oilani mashinaga qamab qo'ydi-da, o'zi noma'lum tomon gum bo'ldi. Bir tomondan yirik tomchilari mashina tomiga urilgan kuchli yomg'ir, ikkinchi tomondan Dadlining burni pishillab yig'lagan injiqligi boshlandi.

- Bugun dushanba, - ogohlantirdi u, - «Buyuk Umberto» bo'ladi. Boradigan joyimizda televizor bo'lishini istayman.

Dushanba. Dadlining ushbu talabi Garrining yodiga muhim sanani soldi. Ko'p narsalarga aqli etmasa ham, hafta kunlarini Dadli yaxshi biladi. Aks holda xush ko'rgan teleko'rsatuvlarini tomosha qila olarmidi? Modomiki, bugun dushanba ekan, demak ertaga seshanba. Seshanba kuni esa Garri o'n bir yoshga to'ladi. Tug'ilgan kun Garri uchun qolgan kunlardan ko'p farq qilmaydi. Chunonchi, o'tgan yili Garriga palto uchun ilgak bilan Vernon amaki kiyib eskirtgan bir juft paypoq hadya etildi. Nima qilganda ham har kuni o'n birga kirmaysanku, har qalay.

Qo'lida uzun yassi qog'oz xalta ushlab, tishining oqini ko'rsatgan Vernon amaki topilib keldi. Nima xarid qilganini so'ragan Petunya xolaning savoli javobsiz qoldi.

- Men ajoyib joy topdim! - e'lon qildi u, - Tushinglar! Ketdik!

Ko'cha juda sovuq. Vernon amaki dengiz havzasining uzoq nuqtasida qoyaga o'xshab qad ko'targan, cho'qqisida g'aribona kulbacha ko'rinib turgan allanimani ko'rsatdi. Ishonch bilan aytish mumkinki, u erda televizor yo'q.

- Bugun kechasi kuchli po'rtana bo'lishi e'lon qilindi! - xitob qildi yuzi, aqldan ozgan kishi kulgisining kulgisiga o'xshab qotib qolgan Vernon amaki qars urib. - Mana bu jentlmen esa qayig'ini ijaraga berib turishga lutfan rozi bo'ldi!

Ularning oldiga, og'zida birorta ham tishi qolmagan bir chol yakkakift yurgancha yaqinlashib, bexosiyat irshaydi-da, dengizning kul-po'lat tusli to'lqini ustida chayqalib turgan, eskirib omonat holatga kelib qolgan qayiqchani ko'rsatdi.

- Men quruq egulik oldim, - xotinining boya bergan savoliga javob qaytardi Vernon amaki, - Xo'sh, qani endi – hamma bortga! - komanda berdi u.

Havo o'larcha sovuq. Dengiz suvining muzday qatralari bilan uyg'unlashib ketgan yomg'ir yoqa orasidan singib kirmoqda. Badanni teshib o'tadigan darajada esayotgan shamol esa qayiqda o'tirganlarning yuzlarini qamchiday savalamoqda. Qoyaga etib borgunga qadar bir necha soat o'tib ketganday bo'ldi. Etib kelgach, Vernon amaki oldinda, qoqilib-sirpangancha, deyarli vayronaga aylanib qolgan boshpana tomon yo'l boshlab bordi.

Uy ichida borki narsa kishi ko'nglini buzadi. Hamma yoqqa suv o'tlarining irigan hidi urib ketgan. Atigi ikkita xonachadan iborat kulbaning taxta devorlaridagi yirik tirqishlar orqali elvizak shamol chiyillab esar, nam tortgan kamin esa bo'm-bo'sh.

Vernon amaki olib kelgan quruq egulik jon boshiga bittadan banan va bir paketdan chipsi bo'ldi. Vernon amaki bo'shagan qog'oz xaltalarni kaminga joylab yoqishga urinib ko'rdi. Xaltalar yonmasdan faqat buruqsab, bujmayib qoldi.

- Hozir o'sha xatlar juda asqatgan bo'lar edi-ya! - quvnoq kayfiyat-la hazil qildi u.

Amakining ruhi nihoyatda ko'tarinki. Aftidan, bu erga hech qanday pochta, ayniqsa kuchli po'rtana vaqtida etib kelmasligiga ishonchi komil. Garchi, bu holat Garrini quvontirmasa-da, amakisining fikriga qo'shilishdan boshqa iloji yo'q.

Qorong'i tushdi. Va'da qilingan po'rtana boshlandi. Baland ko'tarilgan to'lqinning atrofga sachragan qatralari kulba devoriga kelib urilib, shiddatli shamol derazalarning liqillab qolgan romlarini titratdi. Petunya xola qo'shni xonadan bir nechta mog'orlab ketgan adyol topib chiqib, kuya eb emirilgan kichik divanga Dadli uchun yotar joy tayyorladi. O'zi esa Vernon amaki bilan qo'shni xonadagi egilib ketgan karavotga joylashdi. Garri esa polning eng yumshoq joyini topib, dabdalasi chiqqan, jiqqa ho'l adyolga o'ranib yotishdan boshqa iloj topmadi.

Po'rtana borgan sari kuchayar, Garrining uyqusi kelmas, qulayroq joylashish uchun bir yonboshidan boshqasiga qaltiragancha ag'anar, qorni ochligidan qiynalar edi. Yarim tunga yaqin Dadlining xurragi uzoqdan yangragan momaqaldiroqning past eshitilayotgan ovozini bosib yubordi. Uning divandan osilib tushgan yo'g'on qo'lidagi yorishuvchi soati yana o'n daqiqadan so'ng Garri o'n bir yoshga to'lishini ko'rsatib turibdi. Tug'ilgan kunini borgan sari yaqinlashtirayotgan soat millarining yurishini tomosha qilib yotgan bola, bu kun xolasi bilan amakisining esiga kelish-kelmasligi, noma'lum xat muallifi ayni damda qaerda ekanligini o'ylab yotdi.

Yana besh daqiqa. Nimadir qarsillagani eshitildi. Garri kulbaning tomi o'pirilib ketmasligiga umid qildi. Ehtimol, tom o'pirilsa, uy isir. To'rt daqiqa qoldi. Ertaga Odamovilar xiyobonidagi uylariga qaytsa-yu, uy xatga to'lib-toshgan bo'lsa, loaqal birortasini olib o'qishga ulgurib qolar, a?

Uch daqiqa. Qiziq nima qarsillayapti, dengiz to'lqini qoya toshlariga shu qadar qattiq urilyapti-mi? Ikki daqiqa qoldi. Nimaning tovushi ekan? Nimadir to'kilib tushyapti shekilli. Nahotki qoya yorilib, g'arq bo'layotgan bo'lsa?

Yana bir daqiqa va u o'n bir yoshga to'ladi. O'ttiz soniya... yigirma... o'n... to'qqiz...

- Dadlini uyg'otay-mi, bir jahli chiqsin, uch... ikki... bir...

GUM!

Eshikka berilgan zarbadan kulba titrab ketdi. Garri yotgan o'rnidan turib, to'g'ri o'tirib oldi. Kimdir ichkariga kirishga urinib, eshik taqillatmoqda.


Bob-4."MAKTAB QOROVULI"

GUM! Eshik yana bir bor qarsilladi.

- Kim o'q uzdi? - ahmoqona savol berdi o'takasi yorilib ketgan Dadli o'rnidan irg'ib turib.

Orqa tomondan qo'liga miltiq ushlab, beso'naqay sakrab chiqqan Vernon amakining shovqini eshitildi. Ha, ana endi uzun yassi qog'oz xaltada nima bo'lganligi ayon bo'ldi.

- Kim u? - baqirdi amaki, - Ogohlantirib qo'yay, qurollanganman!

Oraga bir oz sukunat cho'kdi. So'ng birdan QA-A-ARS-S!

Qattiq zarba berilgan eshik oshiq-moshig'idan uzilib, gumburlagancha erga tushdi.

Ostonada chigallashib ketgan qalin yoli va uzun isqirt soqoli ostidagi yirik basharasi deyarli ko'rinmayotgan, biroq bunday tartibsizlik orasida katta-kata ko'zlari bir juft qora qo'ng'izday yarqirayotgan devqomat kishi paydo bo'ldi.

Bahaybat kishi ichkariga ancha bukilib kirgan bo'lsa ham, sochi bilan shiftdagi o'rgimchak uyalarini supurib yubordi. Devqomat erda yotgan eshikni hech ham zo'riqmay ko'tarib, joyiga o'rnatib qo'yganidan so'ng, dengiz bo'ronining g'uvullagan tovushi ancha pasaydi.

- Itday charchaganman, choy bering, - iltimos qildi u, dahshatdan esi chiqib ketgan Dadliga yaqinlashib, - Nari jil, bo'rdoqi.

Dadli chiyillagancha qochib qolib, Vernon amakining beliga yopishib olgan onasining orqasiga bekindi.

- Ha-a, mana Garri! - xitob qildi chaqirilmagan mehmon.

Garri ro'parasidagi kishining badjahl, yovvoyi, qorayib ketgan yuziga tikilib, tabassum yog'ilib turgan qo'ng'iz ko'zlari atrofini ajin qamrab olganini payqadi.

- Men seni mana bu-u-u-u-unday bo'lganingda ko'rganman, - dedi davangir barmog'ini ko'rsatib, - Qarang-a, otasining xuddi o'zi-ya, ko'zlari-chi, onasining ko'zlariga o'xshabdi-qopdi.

- Bu uyni zudlik bilan tark etishingizni talab qilaman, ser! - ovoz berdi Vernon amaki g'ijirlab nafas yutgancha, - Siz bostirib... zo'rlik bilan buzib...

- Tinch qo'y meni, landavur, - qo'l siltadi davangir.

Kutilmagan mehmon divan suyanchig'i orqali enkayib, Vernon amakining qo'lidagi miltiqni shartta tortib oldi-da, undan osonlikcha tugun tugib, kulba burchagiga uloqtirdi. Amaki esa dumi bosib olingan sichqonday chiyillab qo'ydi.

- Qisqasi, Garri, - dedi davangir Dursllarga orqa o'girib, - Tug'ilgan kuning bilan tabriklayman! Mana, senga sovg'a olib keldim. Faqat, chamasi, yo'l-yo'lakay andak ezib qo'yganga o'xshayman. Hech qisi yo'q, bari-bir juda mazali.

U qora plashining ichki cho'ntagidan bir oz ezilgan qutini chiqarib, Garriga uzatdi. Bola sovuqdan qaltirayotgan barmoqlari bilan qutini ochib, ustiga yashil shakar-qiyom bilan «Tug'ilgan kuning bilan, Garri!» so'zlari yozilgan katta shokolad tortni ko'rdi.

Bolakay boshini orqaga tashlab, ro'parasidagi bahaybat kishining mehr tovlanib turgan yuziga qaradi. Samimiy minnatdorlik bildirmoqchi bo'ldi-yu, yuragidan chiqqan so'zlar bo'g'ziga kelganda tiqilib qolib, «Rahmat» o'rniga beixtiyor:

- Siz kimsiz? - deb pichirladi.

Davangir qahqahlab yubordi.

- Haqiqatan ham o'zimni tanishtirganim yo'q, a, hali? Rubeus Xagrid, «Xogvars» qorovuli va xizmatkori, - e'lon qildi davangir.

U bolaning qo'lini misli ko'rilmagan yirik kafti bilan butunligicha o'rab olib, kuchsiz siltab qo'ygan bo'ldi.

- Choy masalasi nima bo'ldi? - eslatdi Xagrid, qo'lini ishqalab, - Ha aytganday, o'tkirroq ichimlik bo'lsa, rad etmagan bo'lar edim.

Uning nigohi chipsdan bo'shab, bujmayib qolgan qog'oz xaltalar yotgan bo'm-bo'sh kaminga tushgach, miyig'ida kulib qo'yib, engashdi. Nima ish qilganini hech kim ko'rmadi-yu, qaddini rostlaganida, kamin panjarasi ortida lovullab yonayotgan gulxan ko'rindi. Nam tortgan sovuq kulba ichiga jon baxshida iliqlik taraldi. Garri o'zini go'yo issiqqina, xushbo'y vannada yotganday his etdi.

Devqomat yalpaygancha o'tirib olgan bechora divan g'archillab egilib. U katta plashining cho'ntaklaridan mis choynak, silliq qadoqqa o'ralgan sosiskalar, temir kosov, choy damlash choynagi, bir nechta siri ko'chgan krujka, kahrabo rang suyuqlik quyilgan shisha kabi har xil narsalar chiqardi. Kechki ovqat tayyorlashga kirishar ekan, shishadagi suyuqlikni tez-tez so'rib bordi. Tez orada kulbani cho'g'da tars-tars yorila boshlagan sosiskalarning mazali hidi qamrab oldi. Xagrid kamin qarshisida ivirsib o'tirganida hech kim ovoz chiqarmadi. Temir kosov ustidan bir oz kuyib, ishtahani qo'zg'atadigan xushbo'y sosiskalarning dastlabki olti donasini olishi bilan Dadli sal qimirlab qo'ydi.

Buni sezgan Vernon amaki darhol o'g'lini to'xtatdi:

- To'xta Dadli, uni qo'lidan hech narsa olma!

- Dursl, seni ko'pchib pishgan baqaloq kulchaginangga battar yog' bosishning hech ham hojati yo'q, - dedi mehmon nafrat-la kulimsirab, - Shunday ekan, ortiq chiranma.

Xagrid sosiskalardan birini Garriga uzatdi. Bola nihoyatda och bo'lib, hayotida bunday mazali ovqat emagan go'yo. Ko'zini devqomatdan uzmay tanovul qildi. Hech kim hech qanday tushuntirish bermagach, o'zi so'rab bilishga ahd qildi:

- Ma'zur sanang-u, kimligingizni bari-bir tushunmadim.

Devqomat krujkaga quyilgan suyuqlikdan xo'plab oldi-da, kaftining orqa tomoni bilan og'zini artib:

- Meni el qatori Xagrid deb chaqiraver. Aytdim-ku senga «Xogvars» qorovuliman deb. «Xogvars» haqida eshitgansan-ku, axir.

- M-m-m... yo'q, - iqror bo'ldi bola va Xagridning ruhiy larzaga kelayotganini payqab, - Uzr, - deb qo'shib qo'ydi.

- Uzr? - bo'kirib yubordi Xagrid, shu topda er tezroq yutib yuborishini istab qolgan er-xotin Dursllar tomon o'girilib, - Anavi nusxalar uzr so'rashlari kerak! Xo'p mayli, xatlar senga berilmadi, lekin «Xogvars»dan bexabar bo'lib o'sishing! Bunisi endi haddan ortiq! O'zing-chi, ota-onang o'z mahoratlarini qaerda o'qib o'rganishganini hech so'ramading-mi?

- Qanday mahorat haqida gapiryapsiz? - so'radi Garri.

- QANDAY MAHORAT? - momaqaldiroq gumburlagan singari o'kirdi Xagrid, - Qani sen nari tur-chi!

Badjahl holatda irg'ib turgan davangir tanasi bilan kulbani to'ldirdi-qo'ydi. Er-xotin Dursllar devorga yopishib olishdi.

- Buni qanday tushunish kerak?! - baqirdi Xagrid, - Mana bu bolakay HECh NARSADAN XABARI YO'QMI?!

Garri bir oz oshirib-bo'ktirib yuborganday his etdi o'zini. Har qalay u maktabda tahsil ko'rgan, baholari ham yomon emas.

- Nega endi, - gapga aralashdi u, - Men sanash, yozishni bilaman.

- Men o'z dunyomiz to'g'risida gapiryapman, - qo'l siltadi Xagrid, - Sening dunyong. Mening dunyom. Ota-onang dunyosi haqida so'rayapman.

- Qanaqangi dunyo?

Xagrid portlab ketguday bo'lgani ayon ko'rinib turar edi.

- Seni-mi, Dursl! - gumburlab davom etdi u.

Rang-quti o'chib, murdadek oqarib qolgan Vernon amaki ming'ir-ming'ir qilib allanima pichirlagan bo'ldi. Xagrid iztirob ila Garriga qarab qoldi.

- Bu qanaqasi! Ota-onang haqida hech narsa bilmaysan-mi?! Axir ular nom chiqargan! O'zing ham juda mashhursan!

- Nima? Rostdan ham men... mening... ota-onam mashhur-mi?

- Bilmaydi... hech narsani bilmaydi...

Xagrid qo'llarini sochlariga suqib, boshini mahkam siqib olgancha, Garriga chinakamiga achinib tikildi va uzoq tanaffusdan so'ng:

- Sen kim ekanligingni senga aytishmadi-mi?

- Jim bo'ling! - talab qildi kutilmaganda mardligi tutib qolgan Vernon amaki, - Ovozingizni o'chiring, ser! Bolaga gapirishni man etaman!

Xagrid Vernon amakiga shunday qarab qo'ydi-ki, o'zini Vernon Dursldan ham mard deb bilgan har qanday kishining yuragi, bunday nigohga ro'baru bo'lgach, tovoniga tushib ketgan bo'lar edi.

- Sen unga biror-bir narsani so'zlab bermabsan, - har bir harfi g'azabga to'lib-toshgan so'zlar ila javob qaytardi davangir, - Dambldorning xatini bolaga o'qib bermabsan! Bor gapni undan sir tutib yuribsan! So'zlarimning ma'nosini uqyapsan-mi, Dursl?

- Nima sir tutilgan? - hayajonlanib so'radi Garri.

- JIM! MAN ETAMAN! - vahimaga ichra chinqirib yubordi Vernon amaki.

Petunya xola dahshatga tushganidan nafasi bo'g'ilib qoldi.

- Ha, hoziroq ovozimni o'chiraman, ahmoqlar! Garri, sen – sehrgarsan!

Kulbaga sukunat cho'kdi. Faqat dengizning o'kirayotgani va shamolning chiyillayotgani eshitilmoqda.

- Men, kimman? - so'radi Garri, og'zi lang ochilib.

- Sehrgarsan, tushunding-mi? Sehrgar! - dedi davangir divanga, uni yanada battar ezib joylashib, - Eng muhimi nihoyatda zo'r sehrgarsan, mashq qilsang, albatta. Ota-onasi zo'r sehrgar bo'lgan bola yomon bo'larmidi? Xo'p, kerakli gap gapirildi... Ana endi mana buni o'qiydigan fursat etdi, - dedi Xagrid bolaga sarg'ish konvert uzatib.
Dengiz, Qoyadagi kulba, pol taxta.

Mister G. Potterga


Garri zoriqib yurgan xatni qo'liga olib o'qidi:
«XOGVARS»

SEHRGARLIK VA AFSUNGARLIK SAN'ATI MAKTABI

Direktor: Birinchi darajali Merlin ordeni sohibi, Buyuk Afsungar, Bosh Sehrgar, Nufuzli Zot, Butun jahon Sehr-jodu Konfederasiyasi a'zosi ALBUS DAMBLDOR
Hurmatli mister Potter!

Siz «Xogvars» Sehrgarlik va afsungarlik san'ati maktabiga qabul qilingansiz. Sizni bu haqda xabardor qilish bizga nihoyatda katta quvonch baxsh etadi. O'zingiz bilan olib keladigan zaruriy adabiyot va buyumlar ro'yxati xatga ilova qilingan.

Mashg'ulotlar 1 sentyabrь kuni boshlanadi. Javob tariqasida yo'llaydigan boyqushingizni 31 iyuldan kechiktirmaslikni so'raymiz.

Samimiy ehtirom ila,

direktor o'rinbosari

Minerva Makgonagall


Garrining hayolida lop-lop etib yorilgan mushaklar kabi har xil savollar tug'ila boshladi, biroq ularni qay izchillikda berishga boshi qotdi. Bir oz o'ylangach, nihoyat:

- «Javob tariqasida yo'llaydigan boyqushingiz» deganini qanday tushunish kerak? - g'o'ldiradi u.

- E, ha, esim qursin, sal bo'lsa unutib qo'yibman-ku! - xitob qildi Xagrid yuk ortilgan ot aravani ursa ag'darib yuborguday kuch bilan peshonasiga bir urib.

U cho'ntagini titkilab, haqiqiy, tirik, hurpayib ketgan boyqush, uzun pat-qalam va pergament o'ramini chiqardi. Tirishganidan tilini chiqarib olgancha, Garri teskarisiga o'qib turgan aji-buji xat yozdi:


Hurmatli professor Dambldor!

Xatni Garriga topshirdim.

Ertaga bozorga chiqamiz.

Ob-havo dahshat.

Umid qilaman-ki, Siz sog'-salomatsiz.

Xagrid.
Xagrid nomani o'rab, boyqushga uzatdi va o'rnidan turib, eshik oldiga yaqinlashdi-da, tumshug'iga xat siqib olgan qushni po'rtanaga qarata uloqtirib yubordi. Shundan so'ng, xuddi dahlizda turgan telefon orqali kim bilandir gaplashib olgan kishi kabi ortga, divanga qaytib o'tirdi.

Garri esa Xagridning harakatlariga qarab og'zi katta ochilib qolganini payqagach, yopib oldi.

- Xo'sh, biz nima haqida gaplashib turgan edik?

Xagrid endi gap boshlagan edi ham-ki, bo'zargan yuziga haligacha qon kelmagan Vernon amaki jahl ila kamin yoritib turgan joyga chiqib ovoz ko'targanday bo'ldi:

- U bormaydi.

Xagrid changitib so'kinib oldi-da, pisand qilmay:

- Kim to'sqinlik qilsa ham, har qalay senday magl to'sqinlik qila olmaydi.

- Kim? - qiziqib so'radi Garri.

- Magl. Sehrgar bo'lmagan har qanday kishini biz shunday deb ataymiz, - tushuntirgan bo'ldi Xagrid, - Ha, do'stim, omading chopmadi, magllar qo'lida o'sding. Mana bunga o'xshaganlarini esa kunduz kuni chiroq yoqib qidirsang ham topa olmaysan.

- Uni oilamizga qabul qilib olganimizda, bunday bema'nigarchilikka chek qo'yamiz, deb ont ichganmiz. Qarang-a, sehrgar emish!

- Bilardingiz-mi? - hayron bo'lib so'radi bola, - Sehrgarligimni bilardingiz-mi?

- Bilardingiz-mi?! - kutilmaganda chiyillab qoldi Petunya xola, - Bilmay bo'ladimi! Albatta, bilardik! Uch karra la'nati singilcham tuqqan senday bola kim ham bo'lar edi! U ham, bir vaqtlar shunday xat olib, o'sha maktabga yo'l olgan. Uyga faqat ta'tilga kelib yurgan! Doimo cho'ntagida baqaning uvuldirig'ini olib yurar, chashkalarimiz hamisha kalamushga aylanib qolar edi! Uni qandaydir... telba ekanligini faqat mengina bilar edim! Ota-onamiz-chi, maftun! Lilimiz unday, Lilimiz bunday. Oilada, qarang-ki, jodugar tug'ilibdi!

Xola bir oz nafasini rostlab olib, davom etdi. Ko'p yillardan buyon gapirib, ichini bo'shatib olish istagida yurgani ayon sezilib turibdi.

- Vaqt o'tib, anavi mudhish Potter bilan tanishib oldi-da, gum bo'ldi. Turmush qurishdi. Hech qancha o'tmay sen tug'ilding. Biror-bir shubha yo'q-ki, sen ham xuddi... o'shalarga o'xshab... g'alati... telba bo'lib o'sasan. Keyin-chi, marhamat, singilcham o'zini o'ldirishlariga yo'l qo'yib o'tiribdi. Bizga esa oling-marhamat – sehrgarcha!

- O'ldirishlariga yo'l qo'ydi? - o'zini bazo'r qo'lga oldi rangi oqargan Garri, - Siz ularni avtomobil halokatiga duchor bo'lishgan, degan edingiz-ku?!

- AVTOMOBIL HALOKATI?!

G'azabining cheki ko'rinmayotgan Xagridning nafrati shundoq ham o'takasi yorilar darajaga kelib qolgan Dursllarni kulba burchagiga biqinib olishga majbur qildi.

- Lili bilan Jeymsni qanaqangi avtomobil halokati o'ldira olishini bilishni istar edim! Qanday ablahlik! Bemazagarchilik! Garri Potter o'zi haqida o'zi bilmasa-ya! Axir bizda endigina tuxumdan chiqqan har qanday bolakay uning tarixini yoddan aytib bera oladi-ku!

- Nima?... Qaerdan?... Nega? - so'ray boshladi Garri.

Og'zidan chiqib ketgan gapidan xijolat chekkan Xagridning yuzidagi g'azabdan asar ham qolmay, bezovtalana boshladi.

- Bunaqa bo'lishini kutmagan edim, - dedi u past ovoz bilan, nima qilishini bilmay boshi qotib, - Dambldor ogohlantirgan edi-ya meni... sen bilan muloqot... bir oz qiyin kechishini. Haqiqatan ham hech narsa bilmas ekansan-ku. Eh Garri, Garri... Nima qilishni ham bilmay qoldim. Senga bor gapni aytib berib, yaxshi ish qilgan bo'lamanmi, yomonlik qilib qo'yaman-mi, boshim qotdi. Kimdir aytib berishi kerak-ku senga. Axir «Xogvars»ga dunyo bexabar so'takka o'xshab bormaysan-ku, har qalay.

U Dursllar tomon nihoyatda xunuk qarab qo'ydi.

- Sizlar ham eshitib qo'ysalaring foydadan xoli bo'lmaydi... To'g'risini aytganda o'zim ham bor gapning hammasini bilmayman. Juda qorong'i hikoya...

U o'tirib oldi-da, gulxanga tikilib qoldi, so'ngra:

- Chamasi gapni ismi... ha, yo'q... sizlar bunday ismni hayotda eshitmagansizlar-ku, dahshat, bizda esa hamma biladi...

- Kimni?

- E... ismini tilga olishni istamayman. Hech kim istamaydi.

- Nega?

- Baloga, nega bo'lardi! Turqi xunuk maxluqqa o'xshash edi. Qo'rqishadi undan, o'shanga! Hozirgacha qo'rqishadi. Jin ursin uni, qiyin... Eshit Garri, qachonlardir bir sehrgar bo'lgan. Xullas u yomon... yovuz bo'lgan. Shunday yovuz bo'lganki, undan o'tadigani bo'lmagan. Uning ismi... - Xagrid yutinib qo'ydi, ismni aytishga tili aylanmadi.

- Balki yozib berarsiz? - taklif kiritdi Garri.

- Yo'g'e, yozsang yanada yomon bo'ladi. Xo'p, mayli, Voldemort, - Xagrid seskanib ketdi, - Bo'ldi bu ismni takrorlashga majbur qilma meni... Xullas, ana o'sha... sehrgar, taxminan yigirma yil muqaddam o'z atrofiga tarafdor o'quvchilarni to'play boshlagan. Topib to'plagan ham. Ba'zi o'quvchilar qo'rqishganidan tarafdor bo'lsa, ayrimlari uning hukmi zo'rligidan suykalishgan. Hukmi esa etarlicha qudratli bo'lgan. Ola-g'ovur davr edi, Garri. Kim kimga ishonishi kerakligini hech kim bilmaydi. Musofirlar bilan do'st tutinishga hech kimning yuragi betlamaydi... Har xil qo'rqinchli voqealar bo'lib turar edi. Asta-sekin uning qo'li baland kelib, g'alaba ketidan g'alaba qozona boshladi. Shunisi ayonki, kim unga qarshilik ko'rsatsa yoki bosh ko'tarishga urinsa, o'ldirar edi. O'ldirganda ham, juda mudhish o'ldirar edi. Hukmi o'tmaydigan bittagina xavfsiz joy qolgan, u ham bo'lsa, «Xogvars». Chamasi, O'zingiz-Bilasiz-Kim faqat Dambldordan qo'rqar edi. Maktabni zabt etishga, jilla bo'lmasa o'sha davrda, jur'ati etmadi.

- Xo'sh... endi ota-onang haqida... Ota-onang men bilgan eng zo'r sehrgar va afsungarlar sirasiga kiradi. Ular «Xogvars»ning sara o'quvchilari bo'lishgan. Nima uchun O'zingiz-Bilasiz-Kim ularni biror marotaba bo'lsin, o'z tomoniga og'dirishga urinib ko'rmagan?... Chamasi u, ota-onang yovuz kuchlar tomonga o'tishmasligini fahmlagan. Ota-onang Dambldor tarafdorlari bo'lishgan, tushunyapsan-mi? Ehtimol o'sha safar ularni ko'ndirmoqchi... balki... yo'lidagi g'ov sifatida bartaraf etmoqchi bo'lgandir, kim biladi... O'n yil oldin, Xellouin kuni, o'sha ablah sizlar yashagan qishloqqa qadam ranjida qilgan. Sen endigina bir yoshga to'lgan uvoqqina go'dak eding. U uylaringga kirdi-da...

Birdan Xagridning dami ichiga tushib ketdi. Cho'ntagidan kir dastro'mol chiqarib, quvurdan chiqqan tovush kabi tovush chiqarib, burun qoqdi.

- Ma'zur sanang, - dedi manqalanib, - Haligacha g'am-anduh chekaman. Ota-onangni juda yaxshi ko'rar edim. Ularni juda xushxulq kishilar bo'lishgan. O'sha maraz, O'zing-Bilasan-Kim ota-onangni nobud qildi. Keyin esa ehtimol guvoh qolmasligi uchundir, balki odam o'ldirish unga yoqib qolgani uchunmi, seni ham o'ldirmoqchi bo'ldi, ablah. Masalaning jumboqligi ham shundaki, seni o'ldirish qo'lidan kelmadi! Peshonangdagi chandiq nima sababdan paydo bo'lganini bilasanmi? Bu qandaydir arzimas yara emas. Bunday chandiq kuchli yovuz afsun tekkanlarda qoladi. Afsun kuchi shu qadar qudratli ediki, na ota-onang, na uylaring omon qoldi. Senga esa bunday kuchli afsun kor qilmadi. Ayni shuning uchun ham juda mashhursan, Garri. U kimga qasd qilgan bo'lsa, omon qolmagan. Axir, o'sha davrdagi qudrati Makkinlar, Bounslar, Prevetlar kabi eng sara sehrgar va afsungarlarni o'ldirib yuborishga etdi. Sen esa istisno, ulardan farqli o'laroq, omon qolding.

Garrining hayolida og'riq bilan kechgan qandaydir xotira tiklanib o'tdi. Xagrid hikoyasini tamomlar ekan, bolaning ko'z o'ngida yashil rangli, ko'zni qamashtiradigan chaqmoq oldingidan ham aniq ko'rindi va hayotida ilk bor kuchli, etni junjitgan tarzda yangragan shafqatsiz kulgi eshitganini esladi.

- Seni vayrona uydan shaxsan o'zim olib chiqib, mana bularnikiga olib kelganman, - dedi Xagrid, ma'yus termilib.

- Bari behuda gap! - xitob qildi Vernon amaki.

Uning ovozini eshitgan Garri seskanib ketdi. Dursllarning shu erda ekanligini u umuman unutib qo'ygan ekan. Vernon amakining odatiy manmanligi qaytgan shekilli, Xagridga tahdid solganday qo'lini musht qilib oldi.

- Endi gaplarimga quloq sol, yigitcha, - g'azab-la gap boshladi Vernon amaki, - Tabiatingda qandaydir g'ayrioddiylik borligini yaxshi bilaman. Yana shuni bilaman-ki, yaxshigina tayoq esang, bularning barini juda tez unutasan. Ota-onang masalasiga kelsak, ular savdoyi bo'lganliklari aniq. Fikrimcha, ularsiz bu hayot engil o'tadi. Ota-onang o'z qilmishlariga yarasha jazo olishdi. Ular apoq-chapoq bo'lib olishgan jamiki jodugarlardan nimani ham kutish mumkin. Ogohlantirgan edim, ularni. Ertami-kechmi, shu ko'yga tushishlarini aytgan edim. Ajab ish bo'libdi...

Vernon amakining so'nggi so'zlarini eshitgan Xagrid bardosh bera olmay, o'rnidan irg'ib turdi. Plashi ostidan eskirib ketgan pushti soyabonini qo'liga oldi-da, Vernon amakiga o'qtagancha dona-dona qilib:

- Ogohlantirib qo'yay, Dursl, ogohlantirib qo'yay, yana bir og'iz ortiqcha so'z aytadigan bo'lsang...

Soyabon tig'iga kiydirib qo'yilish xavfi bilan yuzma-yuz kelgan Vernon amakining mardligi shu zahoti barham topdi. U asta sekin devorga qapishib olib, unini o'chirdi.

- Shundoq bo'lsin, - degancha, og'ir nafas olgan Xagrid divanga qaytib o'tirdi. Bu safar bechora divan ergacha egilib ketdi.

Garri esa yangi va yangi savollarni tayyorlab qo'ygan.

- Volde... ya'ni O'zingiz-Bilasiz-Kimga nima qildi?

- Yaxshi savol bo'ldi-yu, Garri, biroq javobi qiyin. Unga nima bo'lganligini bilmayman. Gum bo'ldi. Seni o'ldirishga uringan o'sha kechaning o'zida er yutganday yo'q bo'lib ketdi. Ayni shu sababli ham sen yanada mashhur bo'lib ketding. Uqding-mi, jumboqlar ichra jumboq ayni shunda... Axir u o'sha kezlarda borgan sari qudratli bo'lib, hukmi zo'rayib borayotgan edi. Nega endi shunday paytda yo'qolib qolishi kerak?

Xagrid bir oz o'ylanib qoldi.

- Ba'zilar uni o'lganga chiqarishgan, - davom etdi u, - Bo'lmag'ur gap! Kishi o'lishi uchun kam deganda odam bo'lishi kerak. U esa odam-podam emas edi. Ayrimlar uni shu atrofda kezib, qandaydir payt poylab yuribdi, deyishadi. Bunday mish-mish gaplarga ham bovar qilmayman. Uning sobiq tarafdorlari oramizga qaytishdi. Emishki, aql-xushlari xiralashib qolibdi. Agar uning hayotga qaytishini aniq bilishganlarida, bunday kishilar oramizga qaytmagan bo'lar edilar.

- Fikrimcha, u tirik, qaergadir bekinib olgan. Sehri barham topgan bo'lib, kurasha olmaydigan juda zaif holatga tushib qolgan... Senda nimadir borki, Garri, uni yakson qilib yuborgansan. O'sha tunda, kim biladi deysan, umuman kutilmagan hodisa sodir bo'lgan-u, tabiatingdagi allaqanday tilsim uni yanchib tashlagan.

Xagrid Garriga o'zgacha iliqlik va ehtirom ila qarab qo'ydi. Garri esa o'zini mamnun his etish o'rniga, mana bu holat, eshitayotgan so'zlari qandaydir dahshatli anglashilmovchilik ekanligiga ishonch hosil qila boshladi. U sehrgar?! Bo'lishi mumkin emas! Dadli uni bir umr qiynab kelgan, xolasi bilan amakisi esa zulm o'tkazishini qo'ymagan bo'lsa, qanaqa sehrgar bo'lsin? Agar sehrgar bo'lsa, nega har safar bufetga qamab qo'yishgan Dursllarni qurbaqaga aylantirib qo'ymadi? Agar u qachonlardir jahondagi eng qudratli sehrgarni engishga muvaffaq bo'la olgan bo'lsa, nega unda Dadli uni futbol koptogi singari hanuzgacha tepib yuradi?

- Xagrid, - nihoyat gap boshladi u, - Menimcha Siz yanglishyapsiz. Men sehrgar emasman.

- Sehrgar emasman degin? - hiringlab qo'ydi Xagrid, Garrini hayron qoldirib, - Seni istaking bilan, aytaylik jahling chiqqan yoki qattiq cho'chiganingda, hech narsa ro'y bermagan demoqchimisan?

Garri kaminda yonayotgan olovga qaradi. Qiziq savol... Haqiqatan ham barcha g'alati hodisalar aynan nimadandir xafa bo'lgan yoki jahli chiqqan hollarda ro'y bergan edi-ku... Dadlining og'aynilari quvib, ta'qib qilishganda kishi etmas joyda paydo bo'lib qolishi-chi... Dahshatli qiyofaga kelib qolgan darajada olib tashlangan sochi shu zahoti o'sib, o'z holatiga kelib qolgan emas-mi. So'nggi voqeani olaylik. Hayvonot bog'ida jonini og'ritib urgan Dadlidan shu onning o'zida qasos olmadi-mi? Oyna devor ortidagi boa-konstriktorni Garrining o'zi, nima qilayotganini idrok etmagan holda chiqarib yuborgan emas-mi?

Garri Xagridga qarab, quvonchdan yashnab ketayotganini ko'rdi.

- Xo'sh? Endi his etding-mi? - dedi ko'zini qisib qo'ygan Xagrid, - Garri Potter sehrgar emas emish! Ha! Shoshmay tur, sen hali «Xogvars»ning faxriga aylanasan.

Biroq Vernon amaki osonlikcha taslim bo'ladiganlardan emas.

- «Xogvars»ga bormaydi dedim shekilli? - vishilladi u, - Bola «Beton devorlar»ga boradi va buning uchun vaqti kelib mendan minnatdor ham bo'ladi. O'qiganman xatlaringni. Buni qarang-a, unga allaqanday afsunlar kitobimi, sehrli tayoqcha kerak ekanmi-ey, yana...

- Agar unga biror narsa kerak bo'lsa, senga o'xshash magl nusxa xalal bera olmasligi muqarrar, - hayqirdi Xagrid, - Lili bilan Jeyms Potterlarning o'g'lini «Xogvars»ga yubormas emish! Aqlingni eb qo'yibsan Dursl. Axir bu bola tug'ilishi bilan maktab o'quvchilarining ro'yxatiga kiritib qo'yilgan-ku, tentak. U dunyodagi sehrgarlik va afsungarlik san'ati maktablari orasidagi eng sara maktabga boradi. Etti yildan so'ng o'zini o'zi tanimay qoladi. O'ziga o'xshagan bolalar bilan tahsil ko'radi. Eng mashhur sehrgarning qo'lida, kimsan – Albus Dambl...

- ALLAQANDAY MIYaSINI EGAN QARI AHMOQ HAR QANDAY BEMA'NI JODUGARLIK QILIQLARIGA O'QITIShI UChUN MEN BIR TIYIN BO'LSIN, TO'LAMAYMAN! - hangrab yubordi Vernon amaki.

Biroq u haddan oshirib yubordi. Xagrid soyabonini qo'liga olib, uning boshi uzra aylantira ketdi.

- MENI OLDIMDA ALBUS DAMBLDORNI HAQORAT QILIShGA QANDAY JUR'AT ETDING?

Xagrid qulochkashlagancha soyabonini quyi solib, uchini Dadliga qaratgan edi ham-ki, lop etib binafsha yog'du ko'rindi. Shundan so'ng, portlagan mushak bilan metallning g'ijirlashi aralash tovush eshitilib, bir soniya o'tgach, Dadli, joni og'riganidan, qo'lini yog' bosgan yo'g'on dumbasiga siqib olganicha, turgan joyida sakray ketdi. Orqa o'girganida ishtonining yirtig'idan bo'rtib chiqqan cho'chqa dumining gajagi ko'rindi.

Vernon amaki dodlab yubordi. U Petunya xola bilan Dadlini boshqa xonaga sudrab, Xagridga o'qraygancha, eshikni ichkaridan yopib qo'ydi.

Xagrid soyabonga qarab, soqolini siladi.

- O'zimni qo'lga olishim kerak, - to'ng'illab qo'ydi u, makrli qiyofa yasab, - E, bari-bir ish bermadi. Cho'chqaga aylantirib qo'ymoqchi edim uni, biroq shundoq ham cho'chqa ekan, ortiqcha urinishga hojat bo'lmadi. Bu haqda «Xogvars»da gapirib yurmagin, xo'pmi, - shunchaki aytib qo'yganday bo'ldi u, paxmoq qoshlari ostidan Garriga qarab, - Men... menga... nima desam bo'lar ekan... Sehr-jodu bilan shug'ullanish mumkin emas, tushunyapsan-mi. To'g'ri, seni qidirib topish, xabar etkazish kabi ba'zi ishlar uchun ayrim narsalarga ruxsat berilgan, biroq... Bir oz qizishib ketdim shekilli...

- Nima uchun sizga sehr-jodu bilan shug'ullanish mumkin emas?

- Sen so'rama, men aytmay. Men ham bir vaqtlar «Xogvars»da o'qiganman, ammo rostini aytsam meni... Meni uchinchi sinfda o'qiyotganimda maktab o'quvchilarining ro'yxatidan chetlatishgan. Sehrli tayoqchamni esa ikki bo'lib yuborishgan. Xullas, ishlar joyida.

Bob-5."DIAGON XIYoBONI"

Ertasiga ertalab barvaqt uyg'ongan Garri kun yorishganini idrok etgan bo'lsa ham, ko'z ochishni istamadi.

- Ko'ringan narsalarning bari tush, - inontirar edi u, o'zini o'zi, - Tushimga sehrgar bolalar maktabiga qabul qilinganim haqidagi xabarni etkazish uchun kelgan Xagrid ismli qandaydir davangir kiribdi. Hozir ko'zimni ochaman-da, yana o'z bufetimda uyg'onaman.

Shu paytda qaerdandir qattiq taqir-tuqur eshitildi.

- Ana, Petunya xola ham ertalabki to'polonini boshladi, - xayoldan o'tkazdi ko'zini ochmay, tush davomini ko'rishni istab yotgan Garri, ko'ngli cho'kib.

Taq-taq-taq.

- Hozir turaman xola,- g'inshidi u, - Mana turdim.

U shartta turib, yotgan o'rniga o'tirgan edi ham-ki, ustidan gup etib Xagridning plashi tushdi. Kulba nurga to'lgan, po'rtana o'tib, dengiz tinchib qolgan. Xagrid «qiynoqlardan» nihoyat sinib qutulgan divan ustida xurrak otib yotibdi. Derazani esa kechagi boyqush, tumshug'iga allaqanday gazetani tutib olgancha, o'tkir tirnoqlarini urib taqillatayotgan ekan.

Qalbi cheksiz quvonchga to'lgan bola o'tirgan o'rnidan irg'ib turib, o'zini nihoyatda baxtiyor, ichida go'yo kattakon havo shari borday engil his etdi. Deraza yoniga yugurib borib, kuch bilan ochib yubordi. Ichkariga otilib kirgan boyqush Xagridning ustiga gazetani tashlasa-da, davangir uyg'onishni hayoliga ham keltirmadi. Qush qanotlarini hilpiratgan-cha, pastga tushib, Xagridning plashiga hujum qila boshladi.

- Bas qil! Bas qil dedim senga!

Garri boyqushni plashdan nari haydashga urindi, qush esa unga tahdid qilganday tumshug'ini shaqillatib, plash titkilashni davom etdi.

- Xagrid! - baland ovoz chiqardi Garri, - Mana bu qush...

- Haqini to'la, - po'ng'illab qo'ydi Xagrid divandan bosh ko'tarmay.

- Nima?


- Pochta olib kelgani uchun unga haq to'lash kerak. Cho'ntaklarimni titkilab ko'r, topasan.

Xagridning plashi odamning jonidan boshqa har xil mayda-chuyda narsalarga to'lib-toshgan cho'ntaklardan iborat bo'lib, dasta-dasta kalit, allaqanday o'qlar, yo'g'on-ingichka ip kalavalari, yalpizta'm obakidandonlar, choy xaltachalari... va nihoyat qandaydir g'alati tangalar chiqdi.

- Besh nut bersang bo'ladi, - uyqusirab po'ng'illadi Xagrid.

- Nut?


- Ha, mayda bronza tangalar, topding-mi?

Garri besh dona tanga sanadi ham-ki, boyqush charm hamyoncha bog'langan oyog'ini uzatib, tangalarni soldirdi-da, uchib ketdi.

- Ketdik Garri, - baland ovoz chiqarib esnadi Xagrid, o'rnidan turib, kerishib olgach, - Bugun qiladigan ishlarimiz nihoyatda ko'p. Londonga borib, maktabing uchun har xil lash-lush xarid qilishimiz kerak.

Garri sehrgarlar tangasini qo'lida aylantirib o'ynar ekan, hayoliga kelgan fikr ichidagi havo sharini teshib qo'yganday bo'ldi.

- M-m-m... Xagrid?

- Hmm? - javob qaytardi ulkan botinkasini kiyayotgan Xagrid.

- Maktab lash-lushlarini olish uchun pulim yo'q... Kecha Vernon amakining gapini eshitdingiz-ku... U sehrgarlikka o'qishim uchun pul to'lamaydi.

- Bu haqda umuman qayg'urmasang ham bo'laveradi, - dedi qaddini rostlagan Xagrid sochini tarab, - Ota-onang senga hech narsa qoldirib ketmagan deb o'ylaysan, chamasi?

- Ularning uyi vayron bo'lib ketgan, dedingiz-ku...

- Fikringcha, ota-onang o'z oltinlarini paypoqqa bekitib saqlashgan-mi? Yo'q. Biz dastlab sehrli bank «Gringotts»ga boramiz. Sosiskadan eb ol. Sovuq bo'lsa ham juda mazali... Bir bo'lak tortdan ham bosh tortmayman.

- Sehrli banklar ham bo'ladimi?

- Faqat bitta – «Gringotts». Uni goblinlar boshqaradi.

- Goblinlar?

- Ha goblinlar. Yana shuni aytishim mumkinki, bu bankni o'marishni hayoliga keltirgan savdoyi hozircha yo'q. Goblinlar bilan hazil harom, Garri. Bordi-yu biror narsani yashirmoqchi bo'lsang, Er kurrasida eng ishonchli joy «Gringotts» sanaladi... Ehtimol «Xogvars»ni ham ishonchli deb aytish mumkindir. Men shundoq ham «Gringotts»ga kirib, Dambldorning amrini bajarishim kerak. Maktab ishlari, - viqor-la ko'krak kerdi Xagrid, - Direktor muhim ishlarni, odatda, faqat menga ishonib topshiradi. Mana misol uchun seni qidirib topish yoki «Gringotts»dan biror-bir muhim narsani olib kelishdek topshiriqlarni mening zimmamga yuklaydi, tushunding? Xo'sh, tayyormisan? Ketdik.

Garri Xagridning ortidan tashqariga, qoya cho'qqisiga chiqdi. Osmon yorishib ketgan, dengiz esa quyosh nurlarida jilvalanmoqda. Vernon amaki ijaraga olgan qayiq pastda, joyida turibdi-yu, faqat po'rtana uni suvga to'ldirib qo'yibdi.

- Siz bu erga qanday kelib qoldingiz? - so'radi Garri, ko'zi bilan ikkinchi qayiqni qidirib.

- Uchib keldim, - javob qaytardi Xagrid.

- Uchib keldingiz?

- Ha, uchib keldim, faqat endi suzib ketamiz. Sen yonimda bo'lganingda sehr-joduning ayrim turlari bilan shug'ullanish mumkin emas menga.

Ikkovlon qayiqqa joylashar ekan, Garri Xagridga qarab, uchishini tasavvur qilishga urindi.

- Dengizda shaloplab yurib, bir dunyo vaqtni behuda sarf etishni ham xohlamayman, - dedi ikkilanib Xagrid, bolaga zimdan qarab, - Agar, jarayonni sal jadallashtirsam, bu haqda «Xogvars»da vaysab yurmaysan-ku, shundaymi?

- Albatta vaysamayman, - samimiy ishontirdi Garri, yana biror-bir sehr ko'rishga oshiqib.

Xagrid qo'liga pushti soyabonini olib, bortga ikki bor urdi ham-ki, qayiq qirg'oq tomon jadal suza ketdi.

- Nega endi «Gringotts»ni faqat savdoyi o'marishi mumkin? - so'radi Garri.

- Bankda qo'llanilgan sehr-jodu sababli, - qisqa qildi Xagrid, qo'lidagi gazetani ochar ekan, - Aytishlariga qaraganda, uning o'ta maxfiy seyflarini ajdarlar qo'riqlar emish. Buning ustiga ichkarida yo'l topib yurish juda qiyin ekan. «Gringotts» London ostidagi er qa'rida, yuzlab milya chuqurlikda joylashgan, uqding? Juda chuqurda. Agar kishi biror narsani o'marishga muvaqqat bo'lgan taqdirda ham, bari-bir yuqoriga chiqa olmay, ochlikdan o'lib ketadi.

Xagrid «Bashorat-u, karomat gazetasi»ni o'qiyotganida Garri jim o'tirib, xayol surib ketdi. Gazeta mutolaa qilayotgan odamni tinch qo'yish kerakligini Vernon amaki yaxshigina uqtirib qo'ygan unga. Biroq o'zini tiyib o'tirishi nihoyatda qiyin kechdi. Bolaning miyasida bir olam savollar o'zidan o'zi tug'ilib bordi.

- Sehrgarlik vazirligida odatdagiday yana ahmoqlik, - vaysadi Xagrid, gazeta sahifasini almashtirar ekan.

- Shunaqa vazirlik bormi? - so'rab yubordi Garri, jim o'tirishga harchand urinmasin hayratdan og'zi ochilib.

- Bor, albatta, - javob qaytardi Xagrid, - Bir vaqtlar Dambldorni vazir etib saylashmoqchi ham bo'lishdi. U esa «Xogvars»ni hayotda tark etmaydi. Shundan so'ng, qariya Kornelius Fuj saylandi. Vazir emas kosib, agar fikrimni bilmoqchi bo'lsang. Xudo bergan kuni Dambldorga boyqush ketidan boyqush yo'llaydi, maslahat so'raydi.

- Sehrgarlik vazirligidagilar nima bilan shug'ullanadi?

- Ularning asosiy vazifasi – mamlakatimizda sehrgar va afsungarlar qadimdan juda ko'p ekanligini magllardan sir tutish sanaladi.

- Nega endi sir tutish kerak?

- Nega?! Bu qanaqa savol bo'ldi, Garri?! Agar magllar boxabar bo'lib qolishsa, o'zlarining barcha muammolarini hech qiynalmay sehr-jodu vositasida hal etishni xohlab qolishadi-ku. Kechirasiz, ular o'z yog'larida o'zlari qovurilishsin-u, bizni tinch qo'yishsin.

Shu fursatda qayiq asta qirg'oqqa urildi. Xagrid gazetani taxlagach, tosh zinadan ko'tarilib, ko'chaga chiqishdi.

Kichik shaharcha ko'chalari orqali temir yo'l stansiyasi tomon borishar ekan, o'tkinchilarning barchasi taajjublanib, Xagridga qarab o'tishdi. Garri esa ularning bunday xulqini aybga buyura olmaydi. Negaki, Xagrid har qanday oddiy odamga nisbatan ikki barobar yirik bo'lishidan tashqari, yurgan yo'lida gaz suv avtomatiga o'xshash narsalarga barmoq o'qtagancha, baland ovoz bilan:

- Qara, Garri! Maglning orzusi! Ko'rding-mi? - deb hayratomuz masxara qilib borar edi.

- Xagrid, «Gringotts»da ajdarlar bor dedingiz-mi? - so'radi Xagrid bilan teng yurish uchun deyarli yugurib borayotgan Garri, halloslab.

- Aytishlariga qaraganda bor. Jin ursin, qani endi o'zimning ajdarim bo'lsa!

- Ajdarli bo'lishni xohlar edingizmi?

- Bolalik yillarimdan buyon bir umr orzu qilib kelaman. Bu tomon yuramiz.

Ular stansiyaga etib kelishganida Londonga boradigan poezdning jo'nashiga besh daqiqa qolgan ekan. Magllarning puliga tushunmaydigan Xagrid kupyuralarni Garriga berib, chipta olib kelishni tayinladi.

Xagrid bir o'zi ikkita o'rinni egallab olib, sirk chodiriga o'xshash allaqanday sariq buyum to'qish bilan mashg'ul bo'lib ketgani uchun poezddagi odamlar ularga yanada ko'proq qiziqsinib qarashmoqda.

- Xat yoningdami, Garri? - so'radi Xagrid, to'qima halqalarni sanashdan to'xtamay.

Garri kissasidan pergament konvertni chiqardi.

- Juda yaxshi, - dedi Xagrid, - Xatga kerakli narsalarning ro'yxati ilova qilingan.

Garri xatning kecha tunda payqamagan ikkinchi qismini ochib, o'qidi:


«XOGVARS». SEHRGARLIK VA AFSUNGARLIK SAN'ATI MAKTABI
MAKTAB KIYIMI
Birinchi yil tahsil ko'radigan o'quvchilar quyidagi kiyimga ega bo'lishlari zarur:

1. Oddiy korjoma (qora rangli) – 3 dona.

2. Kundalik cho'qqidor shlyapa (qora rangli) – 1 dona.

3. Himoya qo'lqopi (ajdar yoki o'xshash hayvon terisidan) – 1 juft.

4. Qishki mantiya (qora rangli, kumush ilgakli) – 1 dona.

Maktab kiyimiga o'quvchining familiyasi yozilgan yamoq tikib qo'yilishi o'tinib so'raladi.


ZARURIY DARSLIKLAR RO'YXATI:
Har bir o'quvchi quyidagi kitoblarga ega bo'lishi darkor:

Miranda Goshok «Afsunlar to'plami (birinchi qism)»;

Batilda Jukpuk «Sehrgarlik tarixi»;

Adalbert Vafling «Sehrgarlik nazariyasi»;

Emerik Svitch «Boshqa narsaga aylanish va aylantirish usullari. O'rganuvchilar uchun qo'llanma»;

Fillida Spora «Mingta sehrli alaf va qo'ziqorinlar»;

Arsenius Jigger «Sehrli qaynatma va damlamalar»;

Nьyut Skamander «Afsonaviy maxluqlar va ularning makonlari»;

Kventin Tryasl «Yovuz kuchlar: o'zini o'zi himoya qilish bo'yicha qo'llanma».
BOShQA BUYuMLAR:
sehrli tayoqcha – 1 dona;

qozon (qalay quymasidan tayyorlangan, 2- o'lchamli) – 1 dona;

shisha idishlar to'plami (shisha yoki billur) – 1 to'plam;

teleskop – 1 dona;

mis tarozi – 1 dona.

O'quvchilar o'zi bilan boyqush yoki mushuk yoxud qurbaqa olib kelishlari mumkin.


OTA-ONALAR DIQQATIGA: BIRINChI YIL TAHSIL KO'RADIGAN O'QUVChILAR O'ZLARI BILAN SUPURGI OLIB KELIShLARIGA IJOZAT BERILMAYDI
- Bularning bari Londonda xarid qilinadimi? - so'radi Garri hayratomuz.

- Joyini bilish kerak.

Garri hech qachon Londonda bo'lmagan. Xagrid o'zi tashrif buyuradigan joylarni yaxshi bilsa-da, u erlarga odatiy tarzda, ya'ni magllar boradigan yo'sinda borib o'rganmagan ko'rinadi. Dastavval u metro turniketida tutilib qoldi, so'ngra o'rindiqlar tor, poezdlar esa nihoyatda sekin yurishi haqida baland ovozda arz qildi.

- Magllar o'z yumushlarini sehr-jodusiz qanday bajarar ekan, hayronman, - vaysadi u, ikkala tomoni do'konlardan iborat gavjum torko'chaga olib chiqadigan eskalatorga tirmashgancha.

Xagrid shunday bahaybat-ki, Garri davangir ortida borib, orqada qolib ketmasa bas, odamlar bilan to'lib-toshgan tirband ko'chada turtinmay bemalol yura oladi. Ikovlon kitob rastalari, cholg'u asbobi do'konlari, gazaklar bilan tamaddi qilish muassasalari, kinoteatr yonidan o'tib, birorta ham sehrli tayoqchalar do'koni ko'rinmaydigan, oddiy odamlar yuradigan odatiy ko'chada borishmoqda. Nahotki oyoq ostidagi er qa'rida sehrgarlarga qarashli oltinlar saqlansa? Ho'sh, qani o'sha afsunlar to'plami-yu, supurgilar sotiladigan do'konlar? Ehtimol bularning hammasi xolasi bilan amakisi uyushtirgan ahmoqona hazildir? Agar Garri Dursllar oilasida hazil-mutoyiba tuyg'usi umuman yo'q ekanligini bilmaganda, bularning bari nayrang ekanligiga shubha qilmagan bo'lar edi. Biroq Xagridning so'zlari haqiqatdan qanchalik uzoq bo'lmasin, unga ishonmaslikka asos yo'q.

- Etib keldik, - e'lon qildi Xagrid, kichkinagina, ko'rimsizgina binoga imo qilib, - Mana, Garri, mashhur «Teshik qozon».

Agar Xagrid ko'rsatmaganida Garri ushbu binoni payqamay, yonidan o'tib ketishi mumkin ekan. Ko'chada shoshib ketayotgan o'tkinchi odamlar mana bu katalakka mutlaqo e'tibor qaratmay o'tishmoqda. Ularning nigohi ko'chaning bir tomonidagi katta kitob do'konidan, narigi tomonidagi plastinkalar do'koniga tushmoqda. «Teshik qozon»ga esa qarashgani ham yo'q. Garrining hayoliga bu binoni faqat Xagrid ikkalasi ko'rishi mumkin degan g'alati o'y keldi. Xagrid biron so'z aytishga ulgurmagan bolani ichkariga turtib kiritdi.

Qorong'i, g'aribona makon Garrining nazarida mashhurlikdan ancha yiroq ko'rindi. Burchakda uch-to'rt nafar keksa ayol mitti qadahlarga quyilgan olcha vinosini qultumlab o'tiribdi. Ulardan biri sarxonali uzun trubka chekmoqda. Silindr shlyapa kiyib olgan past bo'yli yana bir kishi esa keksa, boshi yong'oqqa o'xshab ketadigan tepa kal may sotuvchi bilan suhbat qurib turibdi. Yangi mijozlar kirib kelishganida, xonada qaror topgan past g'ala-g'ovur bir necha soniyaga tindi. Xagrid bu erga birinchi bor kelgan odamga o'xshamadi. Uni ko'rganlar qo'l siltab, tabassum-la qarshi oldi. May sotuvchi esa darhol stakanga qo'l uzatdi.

- Odatdagiday-mi, Xagrid?.

- Hozir emas, Tom, bandman. «Xogvars», - tushuntirgan bo'ldi Xagrid, qo'lini Garrining elkasiga tashlab.

Qo'l vaznidan bolaning tizzasi bukilib ketdi.

- E Xudoyim, - xitob qilib yubordi may sotuvchi, Garrining yuziga tikilib, - Axir bu bola... Aql bovar qilmaydi...

«Teshik qozon»ga yana sukunat cho'kdi.

- E Xudo asraganing rost bo'lsin, - pichirladi rastani shoshilganicha aylanib o'tayotgan qariya, - Garri Potter... Qanday sharaf!

U bolaning oldiga tez keldi-da, ko'ziga yosh olgancha, qo'lini mahkam ushlab oldi.

- Oramizga qaytganingiz bilan, mister Potter, qaytganingiz bilan.

Garri nima deb javob qaytarishni bilmay, boshi qotdi. Odamlar unga baqrayib qolgan. Sarxonali trubka chekayotgan ayol esa tamakisi kuyib bitganligini idrok eta olmay, mahkam tishlab olgancha, zo'r berib so'rmoqda. Xagrid esa tishining oqini ko'rsatib, go'yo shu'la sochayotgan kabi atrofga qaradi.

Xayol o'tmay atrofdan surilayotgan kursilar tovushi eshitildi. Yana bir ozdan so'ng, «Teshik qozon»dagi jamiki mijozlar Garri bilan qo'l berib salomlashishga kirishib ketdi.

- Doris Krokford, mister Potter, ko'zlarimga ishonmayman. Sizni ko'rganimdan benihoya baxtiyorman.

- Izzat-ikromimni qabul aylagaysiz, mister Potter, qabul aylagaysiz.

- Sizga qo'l berishni bir umr orziqib kutgan edim, favqulodda mamnunman.

- Tasanno, mister Potter, baxtiyorligimni ifodalashga so'z ojiz. Ismim Diggl, Dedal Diggl.

- Men sizni ko'rganman! - dedi Garri, tahsin aytayotgan Digglning shlyapasi tushib ketgach, - Qaysidir kuni do'konda ta'zim qilib o'tdingiz.

- Esida ekan! - xitob qildi Diggl, atrofdagilarga qarab, - Eshitdingiz-mi? U meni esladi!

Garri odamlar bilan qo'l siqib ko'rishishni davom etdi. Doris Krokford esa takror va takror navbatga turib salomlashmoqda.

Oldinga rangpar, juda asabiy holatdagi bir yigit bazo'r o'tib oldi. Uning bir ko'zi tik kasaliga duchor bo'lgan chamasi, muttasil pirpiramoqda.

- Professor Belka! - tanishtirdi uni Xagrid,- Garri, professor Belka «Xogvars»da senga murabbiylik qiladi.

- P-p-p-potter, - duduqlandi professor Belka, Garrining qo'lini tutar ekan, - S-s-sizni ko'-o'-o'rganimdan qa-a-a-anchalik ba-a-a-xtiyor ek-k-k-kanligimni tas-s-s-svirlab bera o-o-o-olmayman.

- Qaysi fandan dars berasiz, muhtaram professor?

- Yovuz-zlik k-kuchidan him-moya, - bazo'r ayta oldi professor, go'yo buni esga olishni ham istamagan bo'lib, - Bir-roq, bu f-fanni o'q-qish siz-zga sh-shart bo'l-lmasa k-kerak, sh-shundaymi P-potter? - u asabiy kulib qo'ydi, - Fik-krimcha s-siz mak-ktab buyum-mlari boz-zoriga yo'l ol-ldingiz? M-men esa q-qonxo'rlar h-haqida yan-ngi kit-tob qid-dirib k-ko'rishim k-k-k-kerak, - shu ishni qilish kerak ekanligi haqidagi xayolning o'zi uni ezayotganday ko'rindi.

Qolganlar professor Belkaga Garrining e'tiborini batamom o'ziga jalb etib olishga imkon bermadi. Bola bilan muloqot qilishni istagan odamlardan xalos bo'lishga o'n daqiqadan ortiq vaqt kerak bo'ldi. Nihoyat Xagrid baqirib, ola-g'ovurni tinchlatishga erishdi:

- Vaqt bo'ldi. Ishimiz ko'p. Ketdik, Garri.

Doris Krokford bolaning qo'lini so'nggi bor siqib olishga ulgurdi. Garri bilan Xagrid rasta orqali o'tib, chiqindi baki turgan, onda-sonda yovvoyi o't o'sgan, atrofi baland devor bilan to'silgan kichik hovliga chiqishdi.

Baland bo'yli Xagrid tabassum-la pastga, bolaga qaradi.

- Aytdim-ku senga Garri, juda mashhursan deb. Professor Belka garchi, doim qaltirab yursa ham seni ko'rib, battar titrab ketdi.

- U doim shunday asabiylashib yuradimi?

- Ha. Bechora yigit. Nazariy o'qib yurgan kezlarda tuppa-tuzuk edi. Keyin bir yilga amaliyotga ketdi... Aytishlariga qaraganda u Qora o'rmonlarda qonxo'r arvohlarga duch kelgan emish. Sehrgar ayol bilan bog'liq allaqanday tushunib bo'lmas gaplar bo'lgan deyishadi. O'shandan buyon shu ahvolga tushib qolgan. O'quvchilar va hatto o'z darsidan o'lguday qo'rqadi. Xo'sh, soyabonim qani edi?

Qonxo'r arvohlar? Sehrgar ayol? Garrining boshi garang bo'lib qoldi. Xagrid esa chiqindi baki yonidagi devor g'ishtlarini sanay ketdi.

- Uchta tepaga... Ikkita diagonal bo'yicha... - g'uldiradi u, - Ha, mana. Xo'sh, nari tur-chi, Garri.

Xagrid soyabonining tig'i bilan devorga uch marotaba taqillatdi.

Birdan devor titrab, to'lg'ana boshladi. Uning o'rtasida kichik tuynuk paydo bo'lib, asta-sekin kengaya boshladi. Bir necha soniya o'tgach, hatto Xagrid ham bemalol sig'adigan darajada kengayib ketib, uzun ilon izi tosh ko'chaga olib chiqadigan yo'l ko'rindi.

- Diagon xiyoboniga xush kelibsan, - dedi Xagrid, hayrat-la baqrayib turgan Garriga muloyim kulib qarab.

Ikkovlon arkadan tosh ko'chaga o'tdi. Garri elkasi uzra orqaga qarab, hozirgina ochilgan yo'lak asta-sekin devorga aylanayotganini ko'rib qoldi.

Eng birinchi do'kon yoniga terib qo'yilgan qozonlardan quyosh aks etib turibdi. Peshtoqqa osib qo'yilgan e'londa esa «Har xil o'lchamli jez, mis, qalay quymasi va kumushdan tayyorlangan, o'zi aralashtiradigan, yig'iladigan qozonlar!» yozuvi bitilgan.

- Ha, bizga aynan shu narsa kerak, - dedi Xagrid, - Biroq oldin bankka borib pul olaylik.

Garri yana kam deganda sakkiz juft ko'zi yo'qligiga achindi. Ular ko'cha bo'ylab yurishar ekan boshini gir aylantirgancha, hamma narsani: do'konlar, ularning qarshisiga terib qo'yilgan mollar, mol xarid qilayotgan odamlarni ko'rib, tomosha qilishga harakat qilib bordi. Dorixona yonidan o'tar ekan to'ladan kelgan ayol boshini chayqab aytgan e'tirozi eshitildi:

- Ajdar jigarining bir unsiyasiga o'n etti sklat beramanmi! Aqldan ozish mumkin-ku!...

Peshtog'iga «Ukkiko'zning Boyqushlar Imperiyasi – malla rang, jigar rang, gursillagan ovoz chiqaradigan ombor va qutb boyqushlari!» yozuvi bitilgan qorong'i do'kon ichidan boyqushlarning bo'g'iq tovushlari eshitilmoqda.

Yoshi Garri bilan teng to'rt-besh nafar bolalar supurgilar terib qo'yilgan do'konning oyna devoriga yopishib olib, chug'ullashmoqda:

- Qaranglar! «Nimbus-2000». Eng so'nggi, tezuchar model...

Xagrid ikkalasi korjoma, mantiya, teleskop va Garri muqaddam ko'rmagan g'alati kumush asboblar sotiladigan do'konlar, ko'rshapalak jigari va ilonbaliq ko'zi bilan to'latilgan bochkalar terib qo'yilgan maydon, dasta-dasta qilib bog'langan afsun kitoblari, g'oz patlari, pergament o'ramlari, sirli dorilar uchun shisha idishlar, Oy globuslari va yana bir olam g'alati mollar bilan to'lib-toshgan rastalar yonidan o'tib borishdi.

- «Gringotts», - e'lon qildi Xagrid.

Ular qo'shni do'konlar yonida yuksalib turgan, ko'zni qamashtirib yuborguday oppoq bino yoniga kelib qolishdi. Sayqallangan bronza eshik yonida qirmizi-tilla rang uqali kiyim kiygan...

- Ha, bu goblin, - dedi past ovoz bilan Xagrid.

Ikkovlon darbon yonidan o'tib, oppoq marmar zinapoyadan yuqoriga ko'tarildi.

Goblinning bo'yi Garriga nisbatan bir bosh past. Uning aql-idrok ifoda etadigan yuzida o'tkir uchli soqol bo'lib, magllarning yuziga o'xshab ketadi. Faqat, bo'yi pastligidan tashqari, tovoni balandligi, barmoqlarining haddan ortiq uzunligi bilan magldan farq qiladi. Xagrid ikkalasi ichkariga kirayotganida goblin ehtirom-la ta'zim qilib qo'ydi. Shundan so'ng, bank mijozlari ikkinchi, ichki kumush eshikka ro'baru bo'lishdi. Unga quyidagi so'zlar o'yib bitilgan ekan:


Xush kelibsan ey mijoz, shuni yodda tut va bil:

Ushalmas xayoldan sen imkon qadar tez tiyil,

Boy bo'lmoq ilinjida yomon niyat bandani

Jahannam kutib olar, qolar butkul yongani.

Er qa'rida xazina, mashaqqat-la to'plangan

O'g'rilar qismatiga oliy jazo yozilgan.


- Aytdim-ku, bu erga faqat jonidan kechgan savdoyi o'g'ri kiradi deb, - sharhlab o'tdi Xagrid.

Ikki nafar goblin ta'zim qilgancha, yangi mijozlarni kumush eshikdan ichkariga, g'oyat katta marmar zalga kuzatib qo'yishdi. Uzun peshtaxta ortidagi baland kursilarda yuzlab goblinlar o'tirib, yonlaridagi grossbuxlarga allaqanday yozuvlar kiritishar, mis tarozilarida tanga tortishar, maxsus ko'zoynak orqali har bir tangani o'rganib chiqishar edi. Dahlizda esa son-sanoqsiz eshiklar bo'lib, har bir eshik yonida mijozlarni jiddiy qiyofada qarshi olib, kuzatib qo'yayotgan bir-ikki nafar goblin turibdi. Xagrid bilan Garri peshtaxtaga yaqin kelishdi.

- Salom, - dedi Xagrid goblinlardan biriga, - Biz mister Garri Potterning pulini olgani keldik.

- Kalitingiz bormi, ser?

- Bor edi shekilli.

Xagrid cho'ntaklaridagi bor narsani chiqarib, goblinning qarshisiga tera boshladi. Yonidagi grossbux ustiga itga beriladigan kulcha ushoqlari to'kilganini ko'rgan goblin burnini burishtirib qo'ydi. Garri esa o'ng tomonda o'tirgan goblin kattaligi ko'mirdek keladigan yoqutlarni tarozida tortayotganini tomosha qilib turdi.

- Mana u! - dedi nihoyat Xagrid.

U mittigina tilla kalitni topib, tantana bilan baland ko'tarib oldi.

- Hammasi joyida, - xulosa chiqardi kalitni diqqat bilan o'rganib chiqqan goblin.

- Bundan tashqari, - dedi Xagrid ko'kragini kerib, - Professor Dambldor etti yuz o'n uchinchi bo'lmadagi O'zingiz-Bilasiz-Nima yuzasidan xat berib yubordi.

Goblin uzatilgan xatni ham diqqat bilan o'rganib, o'qib chiqdi.

- Juda yaxshi, - dedi goblin bosh irg'igancha xatni Xagridga qaytarib, - Sizni pastga, g'aznaga kuzatib borishadi. Sapkryuk!

Mijozlar oldiga boshqa bir goblin keldi. Xagrid peshtaxta ustiga qalab tashlagan narsalarini cho'ntaklariga joylab chiqqach, Garri ikkalasi Sapkryuk ortidan dahlizdagi eshiklardan biri tomon yo'l olishdi.

- Etti yuz o'n uchinchi bo'lmadagi O'zingiz-Bilasiz-Nima deganingiz qanaqa narsa ekan? - so'radi Garri.

- Aytolmayman senga, - javob qaytardi Xagrid, yuzi sirli qiyofa kasb etib, - G'oyat muhim sir bu. «Xogvars» ishlari. Dambldor faqat menga ishonadi. Umuman aytganda, mening faoliyatim nuqul maxfiy ishlardan iborat.

Sapkryuk ikkala mijoz ro'baru kelgan eshikni ochdi. Navbatdagi marmar zalga kirish ilinjidagi mijozlar ichkariga qarab hayron qolishdi. Negaki, bu safar ularning qarshisida mash'alalar bilan yoritilgan tor tosh yo'lak ochildi. Bu erda tikka pastga qarab ketgan rels yotqizilgan. Sapkryuk hushtak chalishi bilan qandaydir kichik arava gumburlagancha relsda sirpanib etib keldi. Ular bir oz qiynalib, aravaga joylashgach, yo'lga tushishdi.

Dastlab er osti yo'lining chigal labirinti bo'ylab yo'l bosishdi. Garri yo'lni eslab qolishga urinib ko'rdi: chapga, o'ngga, yana o'ngga, yo'lning ayrilish joyida to'g'riga, o'ngga, chapga... biroq vaqt o'tib, bularning barini yodda saqlash qiyin bo'lib qoldi. Zirillab sirpanayotgan arava chamasi qayoqqa borishni o'zi biladi. Negaki, goblin uni boshqarayotgani yo'q.

Garri qarshi esayotgan muzday havoning qattiq zarbidan og'riyotgan ko'zini yummay o'tirdi. Yo'l davomida pastdan yuqoriga ko'tarilgan olov dastasini ko'rib qolib, ajdar yoki ajdar emasligiga ishonch hosil qilish uchun ortga qaradi-yu, kech bo'ldi. Endi ular er qa'riga kirib borgancha, atrofini pastdan tepaga va tepadan pastga qarab o'sayotgan stalaktitlar bilan stalagmitlar o'rab olgan ko'l yonidan o'tishdi.

- Hech farqiga bora olmayman, - qichqirdi Garri, ovozi bilan aravaning taqir-tuqurini bosishga uringancha Xagridga qarab, - Stalaktit bilan stalagmit o'rtasida nima farq bor?

- Stalagmit so'zining «m» harfi bor, - javob qaytardi Xagrid, - Bo'ldi, ortiq savol berma, aks holda ko'nglim aynib ketadi.

Uning ranggi-ro'yi haqiqatan ham batamom yashil bo'lib qolgan. Nihoyat arava mitti eshik yonida to'xtagach, Xagrid tizzalarining qaltirashi to'xtaguniga qadar bir oz devorga suyanib turdi.

Sapkryuk eshikchani ochib, ichkaridan chiqqan pag'a-pag'a yashil tutun tarqagach, ko'z o'ngida paydo bo'lgan bo'lmalardagi oltin tangalar uyumi, kumush tanga ustunlari, mayda-mayda bronza nut to'plarini ko'rgan Garri beixtiyor xitob qilib yubordi.

- Bularning bari seniki, - kulib qo'ydi Xagrid.

Hammasi o'ziniki! Zo'r-ku! Dursllar bu haqda bexabar bo'lishgan chamasi. Yo'qsa bitta ham qoldirmay olib qo'yishar edi. Garrini boqish juda qimmatga tushayotgani haqida Dursllar oilasi bir umr nolib kelgan. Mana endi ma'lum bo'lishicha, Garri, shuncha vaqtdan buyon, o'zi bilmagan holda, er qa'riga yashirib qo'yilgan butun boshli boylik sohibi ekan.

Xagrid Garriga pullarning muayyan miqdorini hamyonga joylashga yordamlashib yubordi.

- Tilla tangalar galleonlar deb ataladi, - tushuntira ketdi u, - Bir galleon o'n etti kumush sklatga teng, bitta sklatda yigirma to'qqizta nut bo'ladi. Sanash juda oson. Olgan mana bu puling ikkita semestrga etib ortadi. Qolgani tursin. Shunday qilsang, puling but saqlanadi, - u Sapkryuk tomon o'girilib, - Endi etti yuz o'n uchinchi bo'lmaga boramiz. Ehtimol bunchalik tez yurmassan?

- Tezlik bir xil, - cho'rt kesdi Sapkryuk.

Ular tezlik olgancha, er qa'riga yo'l olishdi. Havo borgan sari sovib, keskin burilishlarda arava yanada kuchli siltana bordi. Gumbur-gumburlab er osti jarligi chetidan o'tishdi. Garri jarlik tubini ko'rishga oshiqib, arava bortidan egilib pastga qaragan edi ham-ki, Xagrid uning yoqasidan tortib, aravaga kiritib qo'ydi.

Etti yuz o'n uchinchi bo'lma eshigida kalit suqiladigan teshik yo'q ekan.

- Chetga turing, - buyurdi Sapkryuk takabburlanib.

Goblin uzun tirnog'i bilan eshik yuzasiga sal tegib qo'ygan edi ham-ki, eshik o'zidan o'zi yo'q bo'lib qoldi.

- Agar bu ishni boshqa birov qilsa, ichkariga tortilib ketib, qamalib qoladi, - tushuntirgan bo'ldi Sapkryuk.

- Ichkarida birov bor-yo'qligini tez-tez tekshirib turasizmi? - so'radi Garri.

- Taxminan har o'n yilda bir marotaba, - javob qaytardi Sapkryuk zaharxandalik bilan.

Bunday maxfiy bo'lmada nihoyatda muhim narsa saqlanishiga shubha qilmagan Garri ich-etini eb qo'yayotgan qiziquvchanlik bilan, kam deganda olmos tog'larini ko'rishga oshiqqancha ichkariga talpindi. Biroq bo'lma, jigar rang qog'ozdan tugilgan bo'g'cha inobatga olinmasa, bo'm-bo'sh. Xagrid bo'g'chani qo'liga olib, plashining ichki cho'ntaklaridan biriga soldi. Garri bo'g'cha ichida nima borligini bilishni juda xohladi-yu, qiziquvchanligini idora qilib, savol bermay qo'ya qoldi.

- Xo'sh, yur endi, yana o'sha do'zax aravasiga chiqaylik. Yo'lda men bilan gaplashma, og'zimni mahkam yopib ketishim kerak, - uqtirdi Xagrid.

Qaytish yo'lining azoblariga bazo'r bardosh berishgach, ikkovlon «Gringotts» eshigidan chiqib, ostonada, yorqin quyosh nuridan qamashib ketgan ko'zlarini qisib bir oz turdi. Hamyoni pulga to'lgan Garri qay tomonga borishga boshi qotdi. Dursllar oilasida kechgan hayoti davomida yonida bo'lgan puli bugungiga nisbatan oz yoki ko'p bo'lganligini taqqoslab bilish uchun galleonning funtga nisbatan almashtirish kursini bilish talab etilmadi. Negaki, uning yonida hech qachon biror chaqa bo'lmagan.

Xagrid «Xonim Malkin – hayotning har xil holatlari uchun kiyimlar!» yozuvi bitilgan tomon imo qildi.

- Maktab kiyimidan boshlashing kerak. Menga qara, Garri, men «Teshik qozon»ga g'iz etib o'tib kelay, qarshi emasmisan? Bunday aravadan so'ng, bir stakan urib kelmasam bo'lmaydi. Jin ursin uni, ko'rgani ko'zim yo'q.

Xagridning oppoq yuziga haligacha qon kelmagan. Garri yolg'iz o'zi, xonim Malkin do'koni tomon kuchli hayajon-la yo'l oldi.

Xonim Malkin gardig'umgina, jilmayib turadigan, nafarmon ko'ylak kiygan afsungar ayol ekan.

- «Xogvars»ga borasanmi yoqimtoyginam? - so'radi u, Garrining anglab bo'lmas gapini bo'lib, - Mana bu erda senga kerakli hamma narsa bor. Ha aytganday, bizda yana bir bolakay o'ziga kiyim o'lchayapti.

Do'kon ichkarisida rangpar yuzi bir oz cho'ziq bola kursi ustida turgan, boshqa bir afsungar ayol esa nina to'g'nag'ichlar vositasida bola egnidagi uzun korjoma etagini bukib qadayotgan ekan. Malkin xonim Garrini bola yonidagi kursi ustiga chiqarib, boshi uzra uzun ko'ylak kiydirdi-da, zaruriy uzunlikni aniqlashga kirishib ketdi.

- Salom, - dedi bolakay, - Sen ham «Xogvars»gami?

- Ha, - bosh irg'idi Garri.

- Dadam qo'shni do'konda, darslik xarid qilyapti, oyim esa ko'chaning narigi boshida, menga sehrli tayoqcha tanlayapti, - ma'lum qildi bola, - Keyin esa ularni uchar supurgilar do'koniga etaklayman. Nima uchun birinchi sinf o'quvchilari o'zlari bilan supurgi olib borishlari mumkin emasligini hech tushunmayman. Nima qilganda ham, dadamni supurgi xarid qilishga majbur qilaman. Maktabga olib kirish chorasini ham amallayman.

Garri beixtiyor Dadlini yodga oldi.

- Supurging bormi? - so'radi bolakay, xiraligini qo'ymay.

- Yo'q.

- Umuman kvidish o'ynaysan-mi?

- Yo'q, - takrorladi Garri, kvidish degani nima ekanligini taxmin qilib, o'y surgancha.

- Men esa o'ynayman. Dadamning aytishicha, kollej birinchiligi uchun o'ynaladigan o'yinga meni olishmasa, jinoyat bo'lar emish. Uning fikriga to'la-to'kis qo'shilaman. Qaysi kollejga borishingni bilasanmi?

- Yo'q, - dedi Garri, har daqiqa o'tgan sari o'zini nodon ekanligini his etib.

- Umuman aytganda, qaysi kollejda o'qishini hech kim aniq ayta olmaydi. Biroq ishonchim komilki, men «Slizerin»da o'qiyman. Oilamizning hammasi shu kollejni tamomlashgan. «Xufflpuff»da o'qishni tasavvur qilib ko'r. E, undan ko'ra o'qimagan yaxshi emas-mi, nima deysan?

- M-m-m, - dedi Garri, biror-bir ma'nili javob qaytara olmasligiga achinib.

- Anavi amakiga qara, - xitob qildi bolakay, oyna devorga imo qilib.

Oyna ortida qo'lida ikkita katta muzqaymoq ushlab olgan va shu sababli ham ichkariga kira olmasligini ko'rsatayotgan Xagrid turibdi.

- Bu Xagrid, - dedi Garri, loaqal shuni bilganligidan mamnun bo'lib, - U «Xogvars»da ishlaydi.

- Ha-a-a, - cho'zdi bolakay, - U haqda eshitganman. U qandaydir malay, shunday emasmi?

- Maktab qorovuli, - to'g'rilab qo'ydi Garri, bolakayning Xagrid haqida bildirgan mulohazasini.

Bola Garriga xush kelmay qoldi.

- Ha, o'sha. Eshitishimga qaraganda u qandaydir yovvoyi. Maktab hovlisidagi kulbada yashaydi. Ba'zan bo'kib ichib oladi-da, sehrgarligi tutib qoladi. Natijada har safar kulbasiga o't tushadi.

- Nazarimda esa u juda yaxshi odam, - sovuqqina e'tiroz bildirdi Garri.

- Nahotki? - dedi bola dimog'dorlik bilan, - Nega endi sen u bilan? Ota-onang qani?

- O'lib ketishgan, - qisqa qildi Garri.

Mavzuni, ayniqsa, mana bunday maqtanchoq bilan muhokama qilishni umuman istamadi.

- Qanday dahshat, - ehtirossiz javob qaytardi bola, - Ular o'zimiznikilardan bo'lgan bo'lsa kerak, a?

- Ular sehrgar va afsungar edilar, agar sen shuni nazarda tutayotgan bo'lsang.

- Fikrimcha, toifamizga mansub bo'lmagan begonalarni umuman maktabga qabul qilmaslik kerak, to'g'rimi? Axir ular bizga o'xshamaydilar. Tarbiyasi ham o'zgacha ularning. Tasavvur qilib ko'r, ayrimlari, xabarnoma kelgunga qadar «Xogvars»dan umuman bexabar bo'lishar ekan. Maktabga faqat urug'-ajdodi qadimdan sehrgar bo'lgan oilalarning farzandlarini olish kerak. Ha, aytganday, seni familiyang nima?

- Mana, korjomang tayyor bo'ldi, yoqimtoyginam! - dedi Malkin xonim, Garri og'iz juftlashga ulgurmasidan.

Garri suhbat yakun topishiga bahona topilganidan suyunib, kursidan sakrab tushdi.

- Xo'p, mayli. «Xogvars»da ko'rishguncha, - deb qoldi sulukatli bola.

Garri Xagrid olib kelgan yong'oq aralash malina-shokoladli muzqaymoqni eb tugatgunga qadar jim yurdi.

- Senga nima qildi? - so'radi qandaydir noxushlikni sezgan Xagrid.

- Hech narsa, - aldadi Garri.

Ular pergament va pat-qalam xarid qilishga to'xtashdi. Yozuv jarayonida rangi o'zgartirib boradigan siyohni ko'rgach, Garrining ko'ngli bir oz ochildi.

- Xagrid, kvidish degani nima? - deb so'rab qoldi Garri do'kondan chiqqach.

- E Xudo, Garri. Jaholatda o'sganingni unutib qo'yibman-ku! Hatto kvidish nimaligini bilmaysan-a!

- Keragi yo'q, shundoq ham o'zimni yomon his etyapman! - hafa bo'ldi Garri.

U Xagridga Malkin xonim do'konida uchratgan rangpar bola haqida gapirib berdi.

- ... u yana shuni aytdiki, magllar oilasiga mansub bolalarni maktabga qabul qilish mumkin emas ekan...

- Sen magllardan emassan. O'sha tentakcha sening kimligingni bilganda edi. Agar u chindan ham sehrgarlar oilasida o'sgan bo'lsa, sen haqingda chaqaloqligidan eshitib kelgan. «Teshik qozon»ga kirib kelganingda nima bo'lganini o'z ko'zing bilan ko'rding-ku. Umuman, o'sha go'dak bunday ishlar borasida nimani ham bilar edi! Men uchratgan sehrgarlar orasida eng saralari azaldan magllar oilalariga mansub bo'lishgan. Sehrgarlik ularning qalbida bo'ladi. Mana misol uchun onangni olaylik! Opasi bilan solishtirib ko'r-chi uni, a?!

- Xo'p, kvidish degani nima?

- Sport o'yinlaridan biri. Sehrli o'yin. Magllar o'ynaydigan chim ustidagi xokkeyga o'xshab ketadi. Faqat bu o'yin havoda, supurgilarda uchib o'ynaladi. To'p ham bir emas to'rtta bo'ladi. Xullas, o'yin qoidasini birdaniga tushuntirib berish qiyin.

- «Slizerin» bilan «Xufflpuff» degani nimani anglatadi?

- Kollej nomlari. Maktabimizda jami to'rtta kollej bor. Aytishlaricha, «Xufflpuff»da faqat nodonlar o'qir emish, biroq...

- Garov bog'lashim mumkinki, o'qiydigan bo'lsam ham «Xufflpuff»da tahsil ko'rsam kerak, - dedi Garri og'ir xo'rsinib.

- «Slizerin»da o'qigandan ko'ra o'sha «Xufflpuff»da o'qigan afzal. - qiynalib aytdi Xagrid, - Yomon yo'lga yurgan sehrgar va afsungarlarning hammasi «Slizerin»da o'qishgan. O'sha O'zing-Bilasan-Kim ham «Slizerin»ni tamomlagan.

- Vold... ya'ni O'zingiz-Bilasiz-Kim ham «Xogvars»da o'qiganmi?

- Juda ko'p yillar oldin, - javob qaytardi Xagrid.

Ular «Jimjimador va siyoh dog'i» do'konidan darsliklar xarid qilishdi. Do'kon tokchalari turli o'lchamli kitoblar jumladan, ko'prik plitasiday keladigan yirik va pochta markasiday keladigan mittigina shoyi muqova, tushunib bo'lmaydigan belgilar bitilgan va sahifalari bo'm-bo'sh kitoblar bilan qariyb shiftga qadar to'lib-toshgan. Hayotida birorta kitob o'qimagan Dadli ham, ushbu kitoblarning ayrimlarini tomosha qilish uchun bor narsasini berishga tayyor bo'lishi muqarrar.

Xagrid Garrini professor Mstittus Virusianning «Sehrlash va sehr ta'sirini bekor qilish. Raqiblarning boshini gangitib, do'stlarni maftun qilish yo'llari. Suqi kiritishning zamonaviy usullari, jumladan: kishi sochini to'kish, oyoqlarini bo'shashtirish, tilini tanglayiga yopishtirish va h.», deb nomlangan ma'lumotnoma mazmunidagi qo'llanmasidan kuch bilan uzib oldi.

- Dadlini qanday qilib qarg'ash kerakligini bilib olmoqchi edim.

- Fikring chakki emas, biroq ayrim favqulodda holatlardan tashqari, magllar olamida sehr-jodu bilan shug'ullanish mumkin emas, - dedi Xagrid. - Umuman aytganda, odam sehrlashga hali yoshlik qilasan. Buning uchun ko'p o'qishing kerak bo'ladi.

Xagrid «Xogvars» xatida qalay quymasidan tayyorlangan, 2- o'lchamli qozon tayinlanganligini ro'kach qilib, sof tilla qozon xarid qilishga ijozat bermadi, ammo turli damlamalarning tarkibiy qismlarini tortish uchun chiroyligina tilla tarozi va yig'iladigan mis teleskop xarid qilishdi. Shundan so'ng, palag'da tuxum bilan chirigan karam hidi urib ketgan bo'lsa ham, juda qiziq dorixonaga tashrif buyurishdi.

Dorixonaning burchagiga shilimshiq modda to'latilgan bochkalar o'rnatilgan, tokchalari turli-tuman alaf, quritilgan ildiz va charaqlab turgan kukun solingan bankalarga to'lib-toshgan, shiftiga qandaydir pat bog'lari, allaqanday tish va tirnoq shodalari ilib qo'yilgan edi. Xagrid peshtaxta ortida turgan dori sotuvchisidan qandaydir damlamaning asosiy tarkibiy qismlari haqida so'rab bilayotgan paytda Garri, har bir donasining narxi yigirma bir galleon turadigan yakkashoh narvallarning kumush shoxlari va har bir stakani besh nut turadigan yaltiroq, qora rangli mittigina qo'ng'iz ko'zlarini tomosha qildi.

- Xo'sh, sehrli tayoqcha... - dedi dorixonadan chiqishgach, maktubga ilova qilingan ro'yxatga yana bir bor ko'z yugurtirib chiqqan Xagrid, - Ha, aytganday, tug'ilgan kuningga sovg'a olmadik-ku hali.

- Yo'q, shart emas... - dedi Garri qizarib.

- Bilaman shart emasligini. Men senga biron-bir jonzod olib beraman. Faqat qurbaqa emas. Qurbaqalar allaqachon modadan qolib ketgan. Ustingdan kulib yurishmasin, tag'in. Mushuklarni esa o'zim yoqtirmayman. Mushuk yaqiniga borsam aksa uraveraman. Hamma bolalar boyqushli bo'lishni orzu qilishadi. Buning ustiga u foydali qush. Pochta tashiydi.

Yigirma daqiqadan so'ng, ikkovlon, qorong'i, qanotlar shovqini eshitilib, olmosday yarqirab turgan bir olam ko'z juftlari navbatma-navbat dam ko'rinib, dam ko'rinmay qoladigan «Ukkiko'zning Boyqushlar Imperiyasi»ni tark etdi. Garri boshini qanoti ostiga suqib uxlayotgan boyqush qamalgan katta qafasni qo'lida ko'tarib borar ekan, professor Belkaga o'xshab duduqlangancha, Xagridga minnatdorlik bildirishni hech qo'ymadi.

- Bas qil, - ovoz ko'tardi Xagrid. - Dursllar senga biror narsa sovg'a qilishi amri mahol. Endi «Ollivanderlar» do'koniga boramiz. Faqat o'sha erdagina yaxshi sehrli tayoqchalar bo'ladi. Senga esa eng zo'r tayoqcha kerak.

Sehrli tayoqcha... ayni shu narsa shu bugun Garrining orzusiga aylanib qolgan edi.

Tor va qandaydir faqirona ko'rinishga ega eski do'konning kiraverishida «Ollivanderlar: qiblalmiloddan avvalgi 382 yildan buyon sehrli tayoqchalar tayyorlab kelgan oila!» so'zlari bitilgan peshtoqdagi yozuvning tillasi ko'chib ketgan. Peshtaxta ustidagi rangi o'chgan qirmizi yostiqchada esa bittagina tayoqcha yotibdi.

Ular ostona xatlab kirishganida ichkaridan qo'ng'iroq tovushi eshitildi. Do'kon kichkina bo'lib, ingichka oyoqli kursini hisobga olmaganda, deyarli bo'm-bo'sh. Ular sotuvchi ko'rinish berishini kutib turishdi. Xagrid do'konga kirishi bilan kursiga o'tirib oldi. Garri esa qat'iy qoidalar joriy etilgan kutubxonaga kirib qolganday his etdi o'zini. Hayoliga kelgan minglab savollarni ichiga yutib, devor yoniga taxlab qo'yilgan ensiz qutilar g'aramiga jimgina qarab turdi. Xonadagi chang va g'ayrioddiy sukunatning o'zi qandaydir sehrli tuyulgani bois, eti jimirlasha boshladi.

- Xayrli kun, - kimning yoqimli ovozi eshitildi daf'atan.

Garri qo'rqib ketganidan bir sapchib tushdi. Kursining taraqlagani va undan nari ketganiga qaraganda, Xagrid ham, ushbu ovozdan cho'chib ketgan chamasi.

Ularning qarshisida ko'zlari bir juft to'lin Oyga o'xshab ketadigan qariya paydo bo'ldi.

- Salom, - o'ng'aysizlanib ko'rishdi Garri.

- Ha, shubhasiz, - ovoz berdi keksa sotuvchi, - Shubhasiz. Sizni shu yaqin kunlarda ko'raman deb o'ylagan edim, muhtaram Garri Potter.

Mo'ysafidning so'zlari savolga ham, salomga qaytarilgan alikka ham o'xshamadi.

- Ko'zlaringiz onangizning ko'zlariga o'xshabdi. Vaqt o'tishini qarang-a. Onangiz o'zining eng birinchi, toldan tayyorlangan, mahliyo qilishga juda qo'l keladigan o'n butun-u yuzdan chorak dyuymli egiluvchan sehrli tayoqchasini xuddi kechagi kuni olib ketganday-ya (Eslatma: 1 dyuym 2,54 santimetrga teng).

Mister Ollivander kishi tanasini teshib yuborguday kumush ko'zlarini biror marotaba bo'lsin yumib ham qo'ymay bolaga yaqin keldi.

- Otangiz esa - davom etdi qariya, - O'z navbatida, qizil daraxtdan tayyorlangan o'n bir dyuymli, ravon, aylantirish va aylanishga juda qo'l keladigan nisbatan baquvvat tayoqchani afzal ko'rdi. Afzal ko'rdi dedim-u, aslida sehrli tayoqcha o'z sohibini o'zi tanlaydi.

Mister Ollivander shu qadar yaqin turib oldiki, Garri qariyaning ko'kish ko'zlarida o'z aksini ko'rdi.

- Ha, - chol oppoq, uzun barmog'ini Garrining peshonasidagi yashin shakliga o'xshash chandiqqa tekkizdi, - Mana bu erga tegibdi-da... Bunday mudhish chandiq qoldirgan sehrli tayoqchani o'zim sotganimga dilsiyohlik-la iqror bo'lishga majburman, - past ovozda po'ng'illadi u, - O'n uch dyuymli tayoqcha. Ha... Qudratli, ayniqsa yovuz niyatli kishi qo'lida... Juda qudratli tayoqcha edi. Agar qabih ishlar yo'lida qo'llanilishini bilganimda...

Bosh chayqagan cholning nigohi Xagridga tushgach, bola o'zini bir oz engil tortganday bo'ldi.

- Ana xolos, Rubeus! Xagrid Rubeus! Seni yana ko'rganimdan juda xursandman... Emandan yasalgan o'n olti dyuymli egri tayoqcha, shundaymi?

- Xuddi shunday, ser, - tasdiqladi Xagrid.

- Yaxshi tayoqcha edi. Biroq seni maktabdan haydashganlaridan so'ng, ikki bo'lib tashlashgan, deb o'ylayman, a? - so'rab qoldi mister Ollivander, daf'atan jiddiy tus olib.

- M-m-m... ha, ser. Sindirildi, - dedi Xagrid gavdasining og'irligini dam u oyog'i, dam bu oyog'iga solib, - Lekin, rostini aytishim kerakki, tayoqcha nimtalari o'zimda saqlanib qolgan, - quvonch-la qo'shib qo'ydi u.

- Umid qilaman-ki, sen ularni qo'llayotganing yo'q, a? - qoshlarini chimirib so'radi qariya.

- Nimalar deyapsiz, ser, - tez javob qaytardi Xagrid, qo'lidagi soyabonini mahkam ushlab olib.

- Hm, - deb qo'ydi chol yana Garriga yuzlanib, - Xo'sh, endi mister Potterga kelsak. Qani bir o'lchab ko'ray-chi. Qaysi qo'l bilan sehr-jodu bilan shug'ullanmoqchilar?

Qariya cho'ntagidan tikuvchilarning kumush uchli o'lchov tasmasini chiqardi.

- M-m-men... ko'proq o'ng qo'limni ishlataman, - javob qaytardi Garri.

- Qani, qo'lingizni uzating-chi. Mana shunday.

Sotuvchi bolaning qo'lini dastlab elkadan barmoq uchiga qadar, so'ngra bilagidan tirsagiga qadar, elkasidan erga qadar, tizzasidan qo'ltig'iga qadar va boshining aylanasini o'lchab chiqdi. Ushbu amallarni bajarar ekan:

- Har bir ollivander tayoqchasining zamirida juda qudratli mohiyat bor, mister Potter. Buning uchun biz yakkashoh narval tuki, qaqnus dumining patlari va ajdar qalbining torlarini qo'llaymiz. Ollivander tayoqchalarining hammasi bir-biridan farq qiladi. Zero, sizning qobiliyatingiz boshqa sehrgarlarning qobiliyatlaridan farq qiladigan kabi ikkita mutlaqo bir xil yakkashoh narval yoki qaqnus bo'lmaydi.

Garri, ayni fursatda o'lchov tasmasi burun kataklari orasidagi masofani qariya ishtirokisiz, o'zi o'lchayotgani, mister Ollivander esa bu paytda tokchalar yonida, qutilarni tikilab yurganini payqab qoldi.

- Bo'ldi, - dedi qariya.

O'lchov tasmasi shu zahoti erga tushib, koptokday o'ralib qoldi.

- Xo'sh, mister Potter, mana buni sinab ko'ring-chi. Qayin bilan ajdar qalbining tori. To'qqiz dyuym. Juda puxta ishlangan, qattiq ham emas. Qo'lingizga olib, siltang.

Garri uzatilgan tayoqchani qo'liga olib, o'zini tentaknamo his etgancha, bir-ikki bor siltab ko'rdi. Biroq mister Ollivander darhol tayoqchani tortib oldi.

- Zarang bilan qaqnus patlari. Etti dyuym. Jarangli. Sinab ko'ring.

Garri siltashga urindi. U tayoqchani tuzuk-quruq sinab ko'rishga ulgurmagan edi ham-ki, sotuvchi buni ham bolaning qo'lidan tortib oldi.

- Yo'q-yo'q... bo'lmaydi. Mana, obnus bilan yakkashoh narval tuki. Sakkiz yarim dyuym. Cho'ziluvchan. Qani, qani, sinab ko'ring-chi.

Garri tayoqcha ketidan tayoqcha siltar, mister Ollivander undan nima istayotganini hech fahmlay olmas edi. Ingichka oyoqli kursi ustiga taxlanayotgan tayoqchalar soni esa ortib boraverdi. Biroq tokchalardan qancha ko'p mol olinsa, mister Ollivander o'zini shu qadar baxtiyor his etayotgani ayon sezilib turardi.

- Talabchan xamantiyar ekansiz-da, a? Xijolat chekmang, tayoqchangiz qaerdadir shu erda, sizni kutib yotibdi. Hozir uni topamiz... Qani, qani, xo'sh, nega endi bo'lmas ekan... G'ayrioddiy uyg'unlik! Nayzabarg bilan qaqnus patlari, o'n bir dyuym, juda yoqimli, muomala qilish ham qiyin kechmaydi.

Garri uzatilgan tayoqchani qo'liga olishi bilan barmoqlari qandaydir iliqlik sezdi. U tayoqchani boshi uzra ko'tarib, chang ko'tarilgan xona havosini qamchi bilan ikki bo'lib yuborganday siltadi. Tayoqcha izidan mushakbozlikda ko'rinadigan alvon va tilla rang uchqunlar oqimi otilib chiqdi. Buni ko'rgan Xagrid sevinchini yashira olmay xitob qilib, qarsak chaldi, mister Ollivander esa:

- Ofarin! Juda yaxshi! A'lo! Barakalla! - deb qichqirib yubordi, - Qiziq... juda qiziq...

Mo'ysafid tayoqcha joylangan qutini, jigar rang qog'ozga asta o'rar ekan:

- Qiziq... qiziq .. - deyishini qo'ymadi.

- Meni ma'zur sanang, - hayron bo'ldi Garri, - Sir bo'lmasa ayting-chi, ser, buni nimasi qiziq tuyuldi sizga?

- Do'konda sotilgan har bir sehrli tayoqchani juda yaxshi eslayman, mister Potter, - dedi mister Ollivander o'zining ravshan nigohini Garriga qaratib, - Eshitdingiz-mi, har birini! Hozir shunday bir holat yuz berdiki, tayoqchangiz tarkibiga kiritilgan qaqnus qushi bor-yo'q ikki dona pat bergan. Ushbu patlarning biri hozirgina ta'kidlab o'tganimday, sehrli tayoqchangiz, ikkinchisi esa peshonangizga chandiq qoldirgan boshqa bir sehrli tayoqcha tarkibiga kiritilgan. Endi tushundingiz-mi? Bu haqiqatan ham qiziq emasmi?

Garri yutinib qo'ydi.

- Ha, ha, - davom etdi qariya, - O'n uch yarim dyuym. O'ylab ko'ring! Darhaqiqat, bunday holatning yuzaga kelishi juda qiziq-ku. Yodingizda bo'lsin, tayoqcha o'z sohibini o'zi tanlaydi... O'ylayman-ki, biz sizdan buyuk ishlar kutishimiz kerak, mister Potter. Axir, Ismi-Yodga-Olinmasligi-Kerak-Kishi juda buyuk va taassufki, nihoyatda dahshatli ishlar qilgan.

Garri seskanib ketdi. Mister Ollivander uning hayolida juda g'alati taassurot qoldirdi. Boladan tayoqcha uchun etti tilla galleon olgan keksa sotuvchi ta'zim aylagancha, xamantiyarlarni tashqariga kuzatib qo'ydi.

Garri bilan Xagrid Diagon xiyoboni bo'ylab yurib, ortga qaytishganida kechki quyosh ufqqa yaqinlashdi. Ular yana o'sha devor tuynugi orqali o'tib, huvillab qolgan «Teshik qozon»dan chiqishdi. Metroda ikkala hamrohning tizzasidagi qutb boyqushi qamalgan qafas, elkalari va qo'llaridagi turli-tuman g'aroyib xaltalarni ko'rgan odamlarning og'zi ochilib qolganiga e'tibor qaratmagan Garri deyarli sukut saqlab bordi. Eskalator vositasida Paddingtonga chiqib, elkasida Xagridning vazmin qo'lini his etganidan so'nggina, Garri qaerga kelib qolganligini idrok etdi.

- Yo'lga chiqishingdan oldin tamaddi qilib olishimizga vaqt bor, - dedi Xagrid.

U Garriga gamburger olib berdi. Plastik kursiga joylashib olib, atrofga nazar solgan Garri, begona muhitga tushib qolganday his etdi o'zini.

- Sog'liging yaxshimi, Garri? Nega jim bo'lib qolding? - so'radi Xagrid.

Garri ichki hissiyotlarini, ushbu kun hayoti davomida o'tgan tug'ilgan kunlari ichida eng zo'ri ekanligini qanday ta'riflab berishni bilmay, buning uchun kerakli so'z topa olmay gamburger kavshashni davom ettirdi.

- Hamma meni qandaydir boshqacha deb o'ylaydi, - nihoyat tilga kirdi u, - «Teshik qozon»dagilar ham, professor Belka ham, mister Ollivander ham shunday fikrda... Men esa sehrgarlikdan umuman bevoqifman. Shu ahvolda qanday qilib ularning ishonchini oqlay olaman. Ular kutgan buyuk ishlarni qanday amalga oshirishim mumkin. Mashhurlikka mashhurman-u, o'zim eslay olmayman nima sababdan nom chiqarganimni. Vold... kechirasiz, ota-onam halok bo'lgan o'sha tunda qanday hodisa ro'y berganini umuman eslay olmayman.

Xagrid stol uzra egildi. Uning to'zigan soch-soqoli, o'siq quyuq qoshlari orasida ko'rinib turgan ko'zlari mehr-muhabbatga to'lib-toshgan.

- Eng asosiysi, Garri, qo'rqma. Sehr-jodu havosini olishga hali ulgurasan. «Xogvars»dagilar ham o'z hunarlarini onasining qornida bo'lib, boshlashmagan. Vaqti kelib sen ulardan o'zib ketishing mumkin-u, aslo qolishmaydigan bo'lasan. Garchi oson kechmasa-da, o'zligingni anglab, o'zligingcha qolsang bo'lgani. Sen taqdir kulib boqqan iste'dodli odamsan. Bunday qismat esa oson sanalmaydi. Mana ko'rasan, «Xogvars»da o'zingni juda yaxshi his etasan. E'tiboring uchun men senday bo'lganimda ham, hozir ham, «Xogvars»da o'zimni baxtiyor his etaman.

Xagrid Garrini Dursllarnikiga eltadigan poezdga chiqarib, konvert uzatdi.

- Bu senga, Garri, «Xogvars»ga etib borishing uchun chipta, - dedi u, -Birinchi sentyabrь, Kings-Kross vokzali. Unda bor gap batafsil bayon etilgan. Dursllar bilan bog'liq muammo yuzaga chiqsa, boyqushni uchir. U meni qaerdan topishni biladi... Ko'rishguncha Garri, omon bo'l.

Poezd harakatlana boshladi. Garri so'nggi fursatgacha Xagridni ko'zdan yo'qotib qo'ymay, kuzatib borish uchun o'rnidan turib, oynaga yopishdi. Biroq ko'zini bir bor yumib, ochishi hamono Xagrid g'oyib bo'ldi-qoldi.


Bob-6."TO'QQIZ BUTUN TO'RTDAN UChINChI PLATFORMADAN JO'NAYDIGAN POEZD"

Dursllar xonadonida o'tgan so'nggi oy ham ko'ngildagiday kechmadi. Biroq adolat yuzasidan ta'kidlab o'tish joizki, Dadli Garridan qo'rqib, bir xonada bo'lishdan hayiqmoqda. Petunya xola bilan Vernon amaki esa nafaqat Garriga baqirishni bas qilib, bufetga qamamay qo'yishdi, hatto ish buyurish odatlarini ham yig'ishtirib qo'yishdi. Muxtasar aytganda, Dursllar Garri bilan umuman muloqot qilishmaydi. Ehtimol qo'rqishganidan, balki nafratdan bo'lsa kerak, o'zlarini go'yo Garri uyda yo'qday tutishmoqda. Garchi, qaror topgan bunday vaziyat Garri uchun ushbu oilada muqaddam o'tgan hayot tarziga nisbatan ancha yaxshi tuyilsa-da, qandaydir mazlum kechdi.

Garri aksariyat vaqtini o'z xonasida, boyqushi bilan o'tkazdi. Qushga Batilda Jukpukning «Sehrgarlik tarixi» kitobidan topib, Xedvig degan laqab qo'ydi. Darsliklar juda qiziq ekan. Garri ularni karavotiga yonboshlab olib, allamahalgacha mutolaa qilib yotdi, Xedvig esa ochiq deraza orqali xohlagan paytda uchib chiqib, istagan vaqtda qaytib yurdi. Yaxshi ham-ki Petunya xola Garrining xonasini o'z changyutkichi bilan tozalamay qo'ydi. Aks holda Xedvig atrofdan yig'ib keltirgan o'lik sichqonlarni ko'rib, rangi-quti o'chib, jahli chiqqan bo'lar edi. Har kuni kechqurun, uyquga yotishdan oldin, Garri, birinchi sentyabrgacha qolgan kunlarni devorga yopishtirib qo'ygan qo'lbola kalendardan o'chirib bordi.

Nihoyat, avgustning so'nggi kuni Garri, Kings-Kross vokzaliga etib borish borasida xolasi bilan amakisining maslahatini olishga ahd qilib, pastga, Dursllar televizor ko'rib o'tirgan mehmonxonaga tushdi. U tomoq qirib qo'yishi bilan Dadli dod solganicha xonadan o'qday uchib chiqdi.

- E-e-e... Vernon amaki...

Amaki go'yo eshitaman deganday to'ng'illab qo'ydi.

- M-m-m... ertaga Kings-Kross vokzaliga etib borishim kerak, men «Xogvars»ga ketyapman.

Vernon amaki yana to'ng'illab qo'ydi.

- Meni eltib qo'ya olmaysizmi?

Yana to'ng'illagan ovoz eshitildi. Garri buni rozilik alomati sifatida qabul qildi-da:

- Rahmat, - deya, xonasiga qaytib ketish uchun endigina zinapoyadan yuqoriga ko'tarila boshladi ham-ki, Vernon amaki tilga kirib qoldi.

- Bu qanaqasi, sehrgarlar maktabiga ham poezdda borilar ekanmi?! Uchar gilam qani? Kimyoviy usulda tozalash xizmatiga topshirib yuborishibdi-mi?

Garri, Vernon amakining pichingini javobsiz qoldirdi.

- Maktab qaerda o'zi?

- Bilmayman, - iqror bo'ldi Garri, haqiqatni ilk bor idrok etgancha, kissasidan Xagrid bergan chiptani chiqarib, - Bu erda yozilishicha, men, to'qqiz butun to'rtdan uchinchi platformadan ertalabki soat o'n birda jo'naydigan poezdga chiqishim kerak.

Bu gapni eshitgan amaki bilan xola o'tirgan o'rinlaridan turishgancha, lom-mim demay Garriga baqrayib qolishdi.

- Nechanchi platformadan deding?

- To'qqiz butun to'rtdan uchinchi.

- Tuturiqsiz gaplaringni yig'ishtir, - jahl qildi Vernon amaki, - To'qqiz butun to'rtdan uchinchi platforma bo'lmaydi.

- Axir chiptada shunday yozilgan.

- Bema'nilik, - dedi Vernon amaki g'azabi qaynab, - Valdirvasa gap. Hammangiz savdoyisizlar. Hech qisi yo'q, vaqt o'tib o'zing iqror bo'lasan bunga. Yaxshi, xijolat chekma, eltib qo'yganimiz bo'lsin o'sha Kings-Krossga. Shundoq ham ertaga Londonga bormoqchi edik, - kesatib yakunladi Vernon amaki.

- Londonga nima yumush bilan bormoqchisiz? - so'radi Garri, go'yo suhbat daf'atan uzilib qolishini istamay, davom ettirmoqchi bo'lganday.

- Dadlini kasalxonaga olib boramiz, - istar-istamas javob qaytardi Vernon amaki, - «Smelting»ga borguniga qadar anavi mudhish dumini kesib tashlash kerak-ku, axir.

Ertasiga ertalab soat beshda uyg'onib olgan Garri qattiq hayajonlanganidan qayta uxlay olmadi. O'rnidan turib, vokzalga sehrgarlar kiyimida borgisi kelmay, jinsi shimini kiyib oldi. Kiyimni poezdda almashtirishni ma'qul topdi. Yana bir bor ro'yxatga qarab, zaruriy narsalarni hozirlab qo'yganligiga ishonch hosil qildi, Xedvigning qafasi mahkam yopilganini tekshirgach, xonaning u burchagidan bu burchagiga yurib, Dursllarning uyg'onishini kutdi. Ikki soatdan so'ng, Garrining kattakon sandig'i mashinaning yuk bo'lmasiga joylandi. Petunya xola Dadlini Garrining yonida o'tirib ketishga bazo'r ko'ndira oldi.

Kings-Kross vokzaliga soat o'n yarimda etib kelishgach, Vernon amaki Garrining sandig'ini aravachaga ortib, olg'a ilgariladi. Garri amakining ushbu harakatini muqaddam ko'rsatilmagan haddan ortiq iltifot sifatida qabul qildi, biroq yuzi qandaydir razil qiyofa kasb etgan Vernon amaki platformalarga chiqish joyida murdor irshaygancha daf'atan to'xtab:

- Xo'sh og'ayni, qara. Mana bu to'qqizinchi platforma bo'ladi, mana bunisi esa o'ninchi, - yo'g'on barmoqlari bilan raqamlarni ko'rsatdi u, - To'qqiz butun to'rtdan uchinchi platforma esa shu ikkala platformaning o'rtasida bo'lishi kerak. Shundaymi? Biroq hali uni qurib bitkazishmagan chamasi, a?

Amaki haq, albatta. Platformalardan birining ustinida to'qqiz raqami yozilgan plastik taxtacha, ikkinchisining ustunida esa o'n raqamli taxtacha mahkamlanganligi ko'rinib turibdi. Mantiqqa ko'ra, ushbu ikkala platforma o'rtasida bo'lishi lozim bo'lgan to'qqiz butun to'rtdan uch raqami esa yo'q.

- A'lo baholarga o'qigin, - tilak bildirdi Vernon amaki.

U ablahona irshaygancha, boshqa biror so'z aytmay, shartta teskari o'girildi-da, nari ketdi.

Garri vokzalni tark etib ketayotgan Dursllarni kuzatib turdi. Uchalasi ham ichaklari uzilib ketguday qahqahlashmoqda. Garrining tomog'i qurib qoldi. Nima qilishini bilmay boshi qotdi. Atrofdagi odamlar bir Garriga, bir uning Xedvigiga tahayyur qarab o'tishmoqda.

- Kimdandir so'rab bilishga to'g'ri keladi shekilli, - xayoldan o'tkazdi Garri.

U yonidan o'tayotgan vokzal xodimiga murojaat qildi-yu, undan to'qqiz butun to'rtdan uchinchi platforma haqida so'rashga botina olmay, «Xogvars»ga boradigan poezd haqida so'radi. Vokzal xodimi bunday joyni bilmasligini aytib, «Xogvars»ning qaerdaligini so'radi. «Xogvars» dunyoning qaysi tomonida joylashgani haqidagi savoliga javob olmagan xodim, bola atayin o'zini ahmoqlikka solayotgan deb bilib, asabiylasha boshladi. Nihoyat, umidsizlikka tushgan Garri soat o'n bir-u nol-nolda jo'naydigan poezd haqida so'radi. Ammo vokzal xodimi bu vaqtda jo'naydigan poezd ham yo'qligini ma'lum qildi va uning qimmatli vaqtini olib, ishlashiga xalal beradigan bema'ni yo'lovchilar ko'payb ketgani haqida vaysagancha, nari ketdi. Garri imkon qadar sarosimaga tushmaslikka urindi. Tablo ustiga mahkamlangan katta soat «Xogvars»ga jo'naydigan poezdni qidirib topish uchun hali o'n daqiqa borligini ko'rsatib turibdi. Biroq u, platformani qanday qilib, qaerdan qidirishni bilmaydi. U bazo'r ko'tara oladigan sandiq, hamyoni to'la sehrgarlar puli va qafasga qamalgan boyqush bilan platforma o'rtasida telbanamo turib qoldi.

- Diagon xiyoboniga kirish uchun uchinchi g'ishtni taqillatish kerak edi, - xayoldan o'tkazdi Garri, - Chamasi Xagrid shunga o'xshash biror-bir muhim gapni aytib qo'yishni unutgan.

U sehrli tayoqchani qo'lga olib, to'qqizinchi va o'ninchi platforma o'rtasidagi, chipta tekshiruvchi xodimning budkasi yonida turgan ustunga urib ko'rish haqida o'yladi. Ayni shu fursatda orqa tomonda o'tayotgan qandaydir ayolning uzuq-yuluq gaplari qulog'iga chalinib qoldi.

- Albatta hamma yoq magllar bilan to'lib-toshgan...

- Magllar?... - dedi Garri, keskin o'girilib.

Bu ovoz, ko'zni qamashtirib yuboradigan darajada malla soch to'rt nafar bola orasida halloslab kelayotgan to'ladan kelgan ayol ovozi ekan. Bolalarning har biri bittadan, xuddi Garrining sandig'iga o'xshash sandiq joylangan arava surib kelishmoqda. Yoshi kattaroq bolaning aravasida esa qafasga qamalgan boyqush ham bor.

Yuragi talvasalanib ura boshlagan Garri, ushbu oila izidan ergashdi. Birdan ona-bolalar taqqa to'xtashdi. Garri ham, ularning suhbatlari eshitiladigan masofaga yaqin borib, to'xtadi.

- Xo'sh, nechanchi platforma ekan? - so'radi ona bolalaridan.

- To'qqiz butun to'rtdan uchinchi! - chiyilladi onasining qo'lini ushlab turgan malla sochli qizaloq, - Oyi men boshlay...

- Sen hali yoshsan Jinna, iltimos bir pas tek tur. Xo'sh, Persi, sen boshla.

Ko'rinishidan qolgan bolalarga nisbatan yoshi kattaroq bola to'qqizinchi va o'ninchi platformalar tomon ildam qadam bosdi. Garri, biror-bir muhim narsani o'tkazib yubormaslikka uringancha, imkon qadar ko'zini yummasdan bola harakatini kuzatib turdi. Biroq bola ikkita platformani bo'lib turgan to'siq oldiga yaqin kelgan edi ham-ki, daf'atan paydo bo'lgan sayyohlar to'dasi Garri kuzatib turgan maydonni to'sib qo'ydi. Yuk xalta osib olgan so'nggi sayyoh nari ketgan fursatda esa bola ko'zdan g'oyib bo'libdi.

- Fred, sening galing, - dedi to'ladan kelgan ayol.

- Men Fred emas, Jorjman, - dedi bola o'pka qilib. - Ahvolingiz shu ekan-u, xonim, onangman deyishga qanday jur'at etasiz, a?! Jorjligimni ko'rmayapsiz-mi?

- Uzr, Jorji, bolaginam.

- Hazillashdim oyijon, men Fredman.

Uning egizi harakatni jadallashtirish kerakligini eslatib, baqirib berdi. Fred shunday qildi ham chamasi, xayol o'tmay ko'zdan g'oyib bo'ldi. Biroq u qayoqqa va qanday qilib gum bo'lganini Garri sezmay qoldi. To'siqqa yaqin kelgan uchinchi bola ham, fursat o'tmay, ko'z ilg'amagan tarzda g'oyib bo'ldi.

Bo'ldi, tomosha tugadi.

- Ma'zur sanang, - murojaat qildi Garri to'ladan kelgan ayolga.

- Salom, yoqimtoy, - samimiy alik qaytardi ayol, - «Xogvars»ga birinchi bor ketishing-mi, deyman? Ron ham endi ketyapti, - dedi u, so'nggi o'g'il bolaga imo qilib.

Garri qarshisida turgan novcha bo'yli, ozg'in, yuziga sepkil bosgan, oyoq-qo'li uzun, burni katta beso'naqay bolaga bosh irg'ib qo'ydi.

- Ha, - javob qaytardi u, - Bilasizmi, men... Qanday qilib...

- Platformaga qay tarzda chiqish kerak? - xayrixohlik bilan savolni ifodalashga yordam berib yubordi ayol.

Garri bosh irg'idi.

- Hayajonlanma, - tinchlantirdi u, - To'qqizinchi va o'ninchi platformalar orasida ko'rinib turgan to'siq tomon to'g'ri yurib borsang, bas. Platformaga chiqib qolasan. Eng muhimi to'xtamasang va to'siqqa urilib ketishdan qo'rqmasang bo'lgani. Agar asabiylashayotgan bo'lsang yugurib, tezlik olganing ma'qul. Qani bo'laqol, Ronning oldiga tush.

- A... Ha... yaxshi, - tez rozi bo'la qoldi Garri, aravasini temir to'siq tomon surib.

Bola to'siq qarshisiga turib oldi. To'qqizinchi va o'ninchi platforma tomon oshiqayotgan odamlar uni turtib o'tishmoqda. Garri qadamini tezlatdi. Hozir u to'siqqa borib urilsa bormi, ana bo'ladi tomosha. U egilib oldi-da, aravasini yugurgancha sura ketdi. To'siqqa qadar qolgan masofa borgan sari qisqarib bormoqda. Boshqarib bo'lmas darajada tezlik olgan aravasini mahkam ushlab olgan Garri endi o'zini to'xtata olmadi. U ko'zini chirt yumib, zarbaga hozirlandi...

Biroq... avariyaga duch kelmay, yugurishini davom etayotganini sezgan Garri ko'zini ochib, odam bosib ketgan platforma yonida turgan to'q qizil parovozni ko'rdi. Parovoz ustiga osib qo'yilgan e'longa esa «Xogvars-Ekspress, o'n bir-u nol-nol» so'zlari bitilgan. Garri orqaga o'girilib, temir to'siq o'rnida ustiga «9¾» raqami qoqilgan arkani ko'rdi. Mana, nihoyat ro'y berdi!

Platformada jonli suhbat qurayotgan odamlar boshi uzra tutun yoyilib ketgan. Oyoq ostida esa rang-barang mushuklar o'ralashmoqda. Odamlar to'dasining shovqini va sandiqlar g'ichirlaganidan norozi boyqushlar gursillab o'zaro suhbat qurishmoqda.

Dastlabki bir nechta vagon o'quvchilarga to'lib bo'lgan. Ulardan ayrimlari oila a'zolari bilan xayrlashish uchun vagon derazasidan bosh chiqarib olishgan bo'lsa, ba'zilari yaxshi o'rin talashishmoqda. Garri bo'sh kupe qidirib, aravasini platforma bo'ylab sudrab bordi.

Allaqanday kulchayuz bola allanarsa qidirmoqda.

- Buvi, yana yo'qotib qo'ydim.

- E Xudoyim, Nevill! - xo'rsindi keksa bir ayol.

Qo'liga kichkina sandiq ushlab olgan bolakayni bir to'p bolalar o'rab olgan.

- Bir ko'raylik, Li, yo'q demagin, iltimos!

Bolakay qopqoqni ochgan edi ham-ki, sandiq ichidan tuk bosgan uzun panja chiqdi. Buni ko'rgan xaloyiq chinqirib yubordi.

Garri odamlar to'dasi orasida bazo'r yurib, nihoyat poezdning eng oxirgi vagonidan bo'sh kupe topdi. Dastlab Xedvigni olib kirdi, shundan so'ng, sandig'i bilan ovora bo'ldi. U vagon zinapoyasidan olib kirishga uringan sandiqni ikki marotaba oyog'iga yiqitib, jonini og'ritib oldi.

- Yordam kerakmi?

Bu to'qqizinchi va o'ninchi platformalar orasidagi to'siq aro o'tayotganida izlaridan borgan malla soch egizaklardan biri ekan.

- Ha, iltimos, agar malol kelmasa, albatta, - hallosladi Garri.

- Ey, Fred! Bu yoqqa kel, yordamlashib yubor!

Garrining sandig'i egizaklarning yordami ila kupe burchagiga kiritildi.

- Katta rahmat, - minnatdorlik bildirdi Garri, terlaganidan nam bo'lib, ko'zini to'sib qo'ygan sochini yig'ishtirar ekan.

- Mana bu nima? - kutilmaganda so'rab qoldi egizaklardan biri, Garrining peshonasidagi yashin shakliga o'xshash chandiqni ko'rsatib

- Jin ursin! - xitob qilib yubordi ikkinchisi, - Demak sen...

- Bu o'sha, - dedi birinchisi, - Shundaymi? - so'radi u Garridan.

- Kim? - tushunmadi Garri.

- Garri Potter, - baralla javob qaytarishdi egizaklar.

- A umi, ha, o'sha, - dedi Garri, - Ya'ni men.

Bolalar Garriga baqrayib qolishdi, Garri esa xijolatdan qizara boshladi. Uning baxtiga kupening ochiq eshigidan ovoz eshitildi:

- Fred? Jorj? Shu erdamisizlar?

- Oyi, biz shu erdamiz!

Yana bir bor qarab qo'ygan egizaklar vagondan platformaga sakrab tushishdi.

Garri kupe derazasi yoniga o'tirib olgancha, platformadagi malla soch oilani kuzatib, suhbatini eshitib o'tirdi.

- Ron, burning kir bo'libdi, - dedi ularning oyisi dastro'molni qo'liga olib.

Kenja o'g'il onasining qo'lidan chiqib ketishga urindi-yu, uddalay olmadi. Onasi uni mahkam tutib olib, burnining uchidagi dog'ni tozalashga kirishib ketdi.

- Qo'yib yuboring, oyi!

Ron onasining changalidan bir iloj qilib chiqib oldi.

- Ha-a-a, sichqoncha Lonnining burni ustida bir narsa bor! - xirgoyi-mazax qildi egizaklardan biri.

- Ovozingni o'chir! - dedi Ron.

- Persi qani? - so'radi onasi.

- Ana, kelyapti.

Ularning yoniga bashang qadam tashlab kelayotgan katta yoshli bola yaqinlashdi. U egniga «Xogvars» o'quvchisining hashamatli qora kiyimini kiyib olishga ulgurgan bo'lib, ko'kragida «S» harfi bitilgan kumush nishon yaltiramoqda.

- Men bu erda uzoq qola olmayman oyi, - dedi yaqin kelgan bola, - Poezd boshida menga o'xshagan sinfboshilar uchun ikkita alohida kupe ajratilgan...

- Ha-ya, sen sinfboshi eding, a, Persi? - xitob qildi egizaklardan biri, rosa mahliyo bo'lib qolgan soxta qiyofa yasab, - Ilgariroq aytib qo'yishing kerak edi-da, bizning aqlimiz etmasa.

- To'xta, esimga tushdi, - dedi egizaklardan boshqa biri, - Chamasi, Persi bu haqda bir marotaba eslatib o'tganday bo'ldi shekilli...

- Yoki ikki marotaba ..

- Bir daqiqa davomidamiey...

- Butun yoz bo'yi...

- E Xudo, ovozlaringni o'chirsalaring-chi, - qo'lini siltadi sinfboshi Persi.

- Nima uchun Persining maktab kiyimi yangi? - tiyilib tura olmadi egizaklardan biri.

- Chunki u sinfboshi, - g'urur-la javob qaytardi ona, - Xo'p, mayli, yoqimtoyim Persi, yaxshi o'qigin. Etib borishlaring bilan boyqush yo'llashni unutma.

Onasining o'pichini olgan Persi nari ketdi. Shundan so'ng, ona egizaklarga yuzlandi.

- Xo'sh, siz, ikkovlon. Bu yilgi xulqingiz namunali bo'lishi shart, tushundingiz-mi? Agar men bu yil ham hojatxona-mi yoki shunga o'xshash biror boshqa joynimi portlatib yuborganlaring haqida xabar olguday bo'lsam...

- Hojatxona? Biz hozircha hojatxona portlatganimiz yo'q!

- Biroq oyi, ajoyib g'oya berdingiz, menga yoqdi!

- Hech ham kulgili emas-da. Ronga qarab yuringlar.

- Xijolat bo'lmang oyi, biz bor ekanmiz, sichqoncha Ronnikinga hech narsa bo'lmaydi.

- O'chirlaring, - boz to'ng'illadi Ron.

Uning bo'yi egizaklarning bo'yi bilan deyarli teng bo'lib, burnidagi dog' haligacha yaltirab turibdi.

- Ha, aytganday, oyi, bilasizmi poezdda kimni uchratdik?

Garri, ularni kuzatib turganini sezib qolishmasligi uchun tez o'zini derazadan nari tortdi.

- Vokzalda, yonimizda turgan qora soch bola kimligini bilasizmi? Qani toping-chi?!

- Xo'sh, kim ekan?

- Garri Potter!

Shu zahoti qizaloqning ovozi eshitildi.

- Oyi, poezdga chiqib, Garrini ko'rib kelsam maylimi? Iltimos!...

- Vokzalda ko'rding-ku, Jinna. Buning ustiga bechora bola hayvonot bog'idagi fil emas, tomosha qilgani. Bu aniq Garri Potter-mi, Fred? Qanday taniding?

- Ismini so'radim. Buning ustiga peshonasida chandiq bor. Haqiqatan ham yashin zigzagiga o'xshab ketar ekan.

- Bechora bola. Yolg'izligini ko'rib hayron bo'lgan edim-a. Platformaga qanday kirib borish kerakligini so'rab, namoyon etgan xushmuomalaligini aytmaysiz-mi.

- Nima deb o'ylaysiz, O'zingiz-Bilasiz-Kimning qiyofasini eslay olarmikan?

- Bu haqda so'rashni man etaman! Uqding-mi, Fred? - dedi kutilmaganda onasi jiddiy tus olgan onasi, - Hayolingga ham keltirma. Maktabdagi hayotining birinchi kunida bunday mudhish narsalarni esiga solishning aslo hojati yo'q!

- Uqdim, so'ramayman.

Hushtak chalindi.

- Qani, tez bo'linglar!

Shu zahoti uchala bola vagon zinasiga tarmashib qolishdi. Ular onalari o'pib olishi uchun vagon derazasidan bosh chiqarishdi. Kenja singilcha esa yig'lab qoldi.

- Yig'lama, Jinna, biz senga boyqushlarning bir galasini yuboramiz!

- Unitaz qopqog'ini ham.

- Jorj!


- Hazillashdim oyi.

Poezd qo'zg'aldi. Garri malla soch bolalarning onasi qo'l siltab qolganligi, singilchalari esa bir vaqtning o'zida ham yig'lab, ham kulganicha, poezd bilan teppa-teng yugurishga harakat qilgani, poezd etarlicha tezlik olgach, qizaloq yiqilib tushgani, biroq shunda ham erda yotib qo'l siltaganini kuzatib turdi.

Poezd muyulish ortiga o'tgach, kuzatuvchilar ko'rinmay qoldi. Vagon derazasining ro'parasidan lip-lip etib o'tayotgan uylar ko'rindi. Garrining vujudini hayojon qamrab oldi. Oldinda uni nimalar kutayotganini tasavvur ham qila olmadi. Biroq nima bo'lganda ham, tark etib ketayotgan hayot tarziga nisbatan ancha yaxshi hayot kutayotganiga ishonchi komil edi.

Kupe eshigi ochilib, kenja malla kirib keldi.

- Mana bu joy bo'shmi? - so'radi u, Garrining qarshisidagi joyga imo qilib, - Qolgan joylar band ekan.

Garri bosh irg'igach, bola ichkariga kirib o'tirdi. U Garriga tez qarab qo'ydi-da, shu zahoti, go'yo umuman e'tibor qaratmagan bo'lib, burnidagi qora dog' haligacha yaltirab turgan yuzini deraza tomon burdi.

- Salom, Ron, - eshitildi egizaklardan birining ovozi, - Biz poezdning o'rtasida bo'lamiz. U erda Li Jordan o'zi bilan olib ketayotgan bahaybat o'rgimchak biyini ko'rsatyapti.

- Yaxshi, - po'ng'illadi Ron.

- Garri, - dedi egizaklardan biri, - O'zimizni tanishtirmabmiz-ku. Fred va Jorj Uesli. Bu esa Ron, ukamiz bo'ladi. Ko'rishguncha.

- Ko'rishguncha! - xayrlashdi Ron bilan Garri.

Kupe eshigi sirpanib, egizaklarni to'sgancha, o'z joyiga o'rnashib, yopildi.

- Sen rostdan ham Garri Pottermisan? - og'zidan chiqib ketdi Ronning.

Garri bosh irg'idi.

- A... Yaxshi. Men esa bu gap akalarimning navbatdagi hazili bo'lsa kerak deb o'ylabman, - so'ng barmog'ini Garrining peshonasiga o'qtadi-da, - Haqiqatan ham peshonangda...

Garri peshonasidagi soch tutamini chetga tortib, chandig'ini ko'rsatdi. Ron Garrining yashin shaklidagi chandig'iga tikilib qoldi.

- Bu O'zing-Bilasan-Kimning qilgan ishimi?...

- Ha, - bosh irg'idi Garri, - Ammo men o'sha kunni eslay olmayman.

- Umuman esingda yo'qmi?

- Qandaydir yorqin yashil rang yorug'lik esimda, albatta. Biroq boshqa narsani eslay olmayman.

- O'hu! - u muayyan vaqt Garriga termilib o'tirdi va hushini yig'ib olib, tez deraza tomon o'girilib oldi.

- Oilalaring sehrgarlar oilasimi? - so'radi Garri.

- M-m-m... bilishimcha shunday. Onamning sehrgar bo'lmagan, hisobchi bo'lib ishlaydigan qandaydir amakivachchasi bor, albatta. Lekin biz u haqda deyarli gapirmaymiz.

Ueslilar oilasi Diagon xiyobonidagi rangpar bola tilga olgan oilalardan biri ekanligi ayon bo'ldi.

- Ancha vaqtdan buyon sehrgarlik qilib kelsang kerak, a?

- Aytishlariga qaraganda seni magllar tarbiyalashgan emish, ular qanaqa bo'lishadi? - so'rab qoldi Ron.

- Juda yomon bo'lishadi. Hammasi ham emas, albatta. Biroq xolam, amakim va xolavachcham juda yomon magllardan. Undan ko'ra uchta sehrgar akam bo'lgani afzal edi.

- Beshta, - kutilmaganda ma'yus tortdi Ron, Garrining shamali gapini to'g'rilab, - Men oilada «Xogvars»da o'qiydigan oltinchi bola bo'laman. Ehtimol kimdir, ayni shu sababli men intilishim kerak bo'lgan marralar bor deb o'ylashi mumkin. Bill bilan Charli maktabni ilgari tamomlashgan. Bill maktabning eng ibratli o'quvchisi, Charli esa kvidish jamoasining sardori bo'lgan, Persini kollejning sinfboshisi etib tayinlashdi. Fred bilan Jorj bezorilik qilishgani bilan baholari yaxshi. Ko'pchilikning fikriga ko'ra, ular juda qiziq bolalar emish. Men esa akalarimdan qolishmasligim shart. Xo'p, agar men ulardan qolishmay zo'r o'qiganimda ham buning hayron bo'ladigan joyi bo'lmaydi. Negaki, akalarim erishish kerak bo'lgan barcha marralarni zabt etib bo'lishgan. Yana shunday bir salbiy jihati ham borki, agar shuncha akang bo'lsa, hech qachon biror-bir yangi narsaga ega bo'la olmaysan. Mana masalan, men kiyadigan maktab kiyimini bir vaqtlar Bill kiyib eskirtgan, sehrli tayoqcham Charliniki, kalamush esa Persiniki.

Ron qo'lini cho'ntagiga solib, dong qotib uxlayotgan semiz kalamush chiqardi.

- Uning laqabi Qasmoq. Biror-bir naf keltirmaydi ham, deyarli uyg'onmaydi ham. Uxlagani-uxlagan. Sinfboshi etib tayinlangani uchun dadam Persiga boyqush hadya etdi. Shundan so'ng, qarang-ki, kalamush sohibi bo'lish u kishiga yarashmay qoldi... Xullas Qasmoq endi menga o'tdi.

Ronning qulog'i qizarib ketdi. Ortiqcha gapirib yuborganini sezdi shekilli, yana deraza tomon o'girilib oldi.

Garri, ota-onaning boyqush xarid qilib olishga imkoni bo'lmaganligini aslo uyat deb topmasligini, o'tgan so'nggi oyni hisobga olmaganda, unda ham hech qachon va hech qancha pul bo'lmaganligini, bir umr Dadlining eski kiyimini kiyib katta bo'lganligini, tug'ilgan kuniga esa hech kim, hech qachon va hech narsa sovg'a qilmaganligini Ronga aytib berdi.

- ... Xagrid paydo bo'lgunga qadar men dunyo bexabar bo'lib, umuman hech narsa bilmay keldim. Sehrgar ekanligimni ham, ota-onam haqida ham, Voldemo...

Birdan Ron hayratlanib ketdi.

- Ha, nima bo'ldi? - tushunmay so'radi Garri.

- O'zing-Bilasan-Kimning ismini aytding! - xitob qilib yubordi Ron, bir vaqtning o'zida ham dahshatga tushib, ham hayratlanib, - Men doimo o'ylardim-ki, kim qo'rqmasa ham sen qo'rqishing...

- Yo'q, men mard ekanligimni ko'rsatmoqchi emasman, aslo, - o'zini oqladi Garri, - Uning ismini aytish mumkin emasligini bilmayman xolos. Nima demoqchi bo'lganimni tushunyapsan-mi? Men bilib qo'yishim kerak bo'lgan narsalar hali juda ko'pga o'xshaydi... Garov o'ynashim mumkinki... - shuncha vaqtdan buyon qalbini qiynab yurgan masalani birinchi bor tilga olib, jur'atsizlik-la iqror bo'ldi Garri, - Garov o'ynashim mumkinki, men sinfda eng qoloq o'quvchi bo'lib o'qisam kerak.

- Hech ham-da. Maktabda magllar oilasidan chiqqan, o'zlashtirish masalasida boshqalardan hech qolishmaydigan juda ko'p bolalar o'qishadi.

Ular tanishib, suhbat qurib ketishayotgan poezd Londondan ancha uzoqlashib ketdi. Endi derazadan bepoyon yaylovlar, ularda o'tlab yurgan son-sanoqsiz mol-qo'y podalari ko'rinmoqda. Bolalar tashqaridagi manzarani tomosha qilishgancha, bir oz sukut saqlab borishdi.

O'n ikki yarimga yaqin eshik ortida taqir-tuqur tovush eshitildi va fursat o'tgach, kupega lunji chuqurchali kulimsiragan chiroyli ayol bosh suqib:

- Biron-bir egulik xarid qilasizlarmi, bolakaylar? - deb so'radi.

Bugun nonushta qilmagan Garri shu zahoti o'rnidan irg'ib turdi. Ronning esa qulog'i yana qizarib, o'zi bilan buterbrod olib kelganligi haqida allanarsa deb po'ng'illadi. Garri yo'lakka chiqdi.

Dursllarnikida yashar ekan, yonida biror-bir shirinlik yoki muzqaymoq xarid qilib olish uchun hech qachon puli bo'lmagan. Endi esa cho'ntagi tilla va kumushga to'la bo'lib, aravachada nechta «Mars» shokoladi bo'lsa, hammasini sotib olishga tayyor. Biroq sotuvchi ayolda «Mars» yo'q, lekin aravachasida barcha ta'mlarni o'ziga mujassam etgan Berti Bott yong'oqlari, Drublisning portlovchi saqichi, shokobaqalar (shokolad baqalar), qovoq pechenьelari, tortelikalar, sehrli qizilmiya tayoqchalar va shu kabi Garri hayotida umuman ko'rmagan g'aroyib narsalar bor ekan. Biror-bir qiziq narsadan bexabar qolmaslik uchun u hamma narsadan oz-ozdan xarid qilib, sotuvchi ayolga o'n bir kumush sklat va etti bronza nut to'ladi.

Bularning barini kupega olib kirib, bo'sh o'rindiqqa to'kdi. Ron hayron.

- Shunchalik och qolding-mi?

- O'larcha, - iqror bo'ldi Garri, qovoq pechenьening yirik bo'lagini tishlab olib.

Ron sandig'idan to'rtta buterbrod o'ralgan lo'ppi tugunchani oldi.

- Tuzlangan go'shtni xush ko'rmasligimni oyim yodidan chiqargani chiqargan ekanda, - norozi ohangda po'ng'illadi u, bir buterbrodni ikkinchisidan ajratar ekan

- Kel alishtiramiz, - taklif kiritdi Garri, qovoq pechenьega imo qilib, - Rozimisan...

- Senga yoqmaydi, tuzlangan go'sht juda quruq bo'ladi, - dedi Ron, - Oyimning hech vaqti yo'q, - qo'shib qo'ydi u shosha-pisha, - Har qalay besh nafar bolasi bor...

- Tortinma, ola qol, - dalda berdi Garri.

U hayotida hali hech kim bilan biror narsani bo'lishib emagan. Ochig'ini aytganda bo'lishib eydigan odamning o'zi bo'lmagan. Shuning uchun bo'lsa kerak, buterbrodlar bir chetda qolib, Ron bilan qovoq pechenьe, tortelika va konfetlarni birgalikda baham ko'rish unga qandaydir huzur baxsh etdi.

- Mana bu nima? Umid qilaman-ki, haqiqiy baqa bo'lmasa kerak? - so'radi haqiqiy bo'lganda ham ajablanmasligini bilgan Garri, shokobaqa dastasini qo'liga olib.

- Yo'q, - javob qaytardi Ron, - Faqat qarab qo'ychi, kimning surati bor ekan. Menga Agrippaning surati etishmaydi.

- Nima?


- Ha-ya, sen bunaqa narsalardan bexabarliging yodimda yo'q. Shokobaqa dastasining ichida doimo kimningdir surati bo'ladi. Tushunyapsan-mi? Har bir dasta ichidan mashhur sehrgar va afsungarlardan birining surati chiqadi. Odatda, ularni bolalar yig'ib yurishadi. Men besh yuzga yaqin surat yig'ganman. Faqat Agrippa bilan Ptolemeyning suratlari etishmayapti.

Garri shokobaqa dastasini ochib, kumush sochi, soqol va mo'ylovi shabadada hilpirab turgan, yarim oy shaklidagi ko'zoynak taqib olgan, ostida «Albus Dambldor» yozuvi bitilgan kishining suratini chiqardi.

- Dambldor deganlari shu ekanda!

- Faqat Dambldor haqida hech narsa eshitganim yo'q dema! - dedi Ron, - Bitta shokobaqa olsam maylimi? Agrippaning rasmi chiqib qolar... Rahmat...

Garri suratni o'girib, orqasidagi yozuvni o'qidi:
Albus Dambldor

Bugungi kunda «Xogvars» maktabining direktori.

Aksariyat dongdor afsungarlar tomonidan zamonamizning buyuk sehrgari deb e'tirof etilgan afsungar. Dambldor 1945 yili yovuz sehrgar Grindelvald ustidan g'alaba qozongani, ajdar qonidan foydalanishning o'n ikkita usulini ixtiro qilgani, shuningdek, Nikolas Flamel bilan birgalikda alkimyo sohasida olib borgan ishlari ila alohida shuhrat qozongan. Professor Dambldor kamerniy musiqa muxlisi bo'lib, kegli o'yini ishqivozidir. (Kamerniy musiqa - musiqachilarning kam sonli jamoasi tomonidan ijro etiladigan musiqa)
Garri suratning old tomonini o'girdi. Dambldorning rasmi yo'qolib qolganligidan hayratlanib:

- Ketib qolibdi! - deb yubordi.

- Kuni bilan senga qarab o'tirmaydi-ku! Tashvish tortma, qaytadi. Qara, yana Morgana chiqdi. Menda uning olti dona surati yig'ilib qolgan. Senga kerakmi? Shu bugundan e'tiboran kolleksiya yig'ishni boshlashing mumkin. - dedi Ron, hali ochilmagan shokobaqa dastalariga qarab.

- Ol, ola qol, - bosh irg'idi Garri, - Magllarning suratlaridagi odamlar hech qaerga ketib qolmasligini bilasanmi?

- Chindanmi? Hech qachon ketib qolmaydi-mi? - hayratlandi Ron, - Juda g'alati-ku!

Dambldor suratga qaytib kelib, kulib quyganini ko'rgan Garri hayratdan qotib qoldi. Ronga har xil mashhur sehrgar va afsungarlarning suratini tomosha qilgandan ko'ra, shokobaqalarni eb o'tirish qiziqroq tuyuldi. Garri esa rasmlardan ko'zini uza olmadi. Ko'p o'tmay u nafaqat Dambldor bilan Morgan suratlari, balki Chengist Vudkroft, Alberik Grunnion, Sirsey, Parasels va Merlin rasmlarining sohibi bo'ldi. Nihoyat u burnini qashib turgan duoxon-tabib Kliodna suratidan ko'zini uzib, barcha ta'mlarni o'ziga mujassam etgan Berti Bott yong'oqlarining qog'oz xaltasini ochdi.

- Ehtiyot bo'l, - ogohlantirdi Ron, - Bunisi endi hazil emas, ular haqiqatan ham har xil ta'mli bo'ladi. Oddiy shirinlik, misol uchun shokolad yoki yalpiz yoxud marmelad ta'mli bo'lishi, biroq ismaloq, jigar va ichak-chavoq ta'mli yong'oqlar ham duch kelib qolishi mumkin. Jorj qasam ichib aytishicha, kunlardan bir kun unga manqa ta'mli yong'oq duch kelibdi emish.

Ron yashil rangli yong'oqni qo'liga olib, shubha bilan qarab chiqdi-da, bir bo'lagini tishlab ko'rib:

- Eq... Mana ko'rding-mi? Sarsabil ta'mi, - dedi.

Barcha ta'mli yong'oqlarni iste'mol qilish juda quvnoq o'yinga o'xshab ketdi. Garri pishloqli buterbrod, kokos, qovurilgan loviya, qulupnay, yovvoyi o't, kofe, sardina baliq ta'miga duch keldi. Oxiri uning mardligi tutib, Ron voz kechgan g'alati kul rang yong'oqni tishlab ko'rishga ahd qildi va achchiq qalampirga ro'baru bo'ldi.

Yaylovlar ortda qolib, derazadan, kishi qadami etmagan qalin o'rmonlar, ilon izi daryolar va to'q yashil do'ngliklar manzarasi ko'rina boshlandi.

Eshik taqillab, kupega yig'lab yuborguday ahvolda to'qqiz butun to'rtdan uchinchi platformada ko'ringan kulchayuz bola kirib keldi.

- Kechirasiz, qurbaqamni ko'rmadingiz-mi, mabodo?

Ron bilan Garri barobar bosh siltashdi.

- Men uni yo'qotib qo'ydim! U doimo qochib ketyapti! - hiqilladi bola.

- Topiladi, - yupatgan bo'ldi Garri.

- Umid qilaman. Agar ko'rib qolsangiz... - bazo'r ovoz chiqardi nari ketgan bola.

- Muncha xijolat chekmasa, - qoshini chimir Ron, - Agar menda qurbaqa bo'lganida bormi, uni imkon qadar tezroq yo'qotib qo'yishga harakat qilgan bo'lar edim. Unday desam o'zimda ham Qasmoq bor.

Kalamush Ronning tizzasida tarashaday qotib yotibdi.

- Uning o'lik-tirikligini farqlab bo'lmaydi, - jirkandi Ron, - Kecha, sal bo'lsa ham qiziqroq ko'rinsin deb, yung qoplamasiga sariq tus berishga urindim, lekin afsun kor bermadi. Mana qara, hozir ko'rsataman...

U sandig'ini titkilab rosa eskirib, timdalanib ketgan, uchida nimadir oqarib ko'rinayotgan sehrli tayoqchasini chiqardi.

- Yakkashoh narvalning tuki chiqib qolibdi. Mayli, hozir buning ahamiyati yo'q.

U tayoqchasini endigina ko'targan edi ham-ki, kupening eshigi ochilib, yana o'sha, baqasini yo'qotib qo'ygan bola, faqat bu safar «Xogvars» kiyimini kiyib olgan qizaloq bilan birga kirib keldi.

- Qurbaqa ko'rmadilaringmi? Nevill yo'qotib qo'yibdi, - dedi sochi qizg'ish-qo'ng'ir, old tishlari yirik qizaloq, to'ralarga xos ohangda.

- Aytdik-ku, ko'rmadik deb, - bir oz achchiqlandi Ron.

Biroq qizaloq Ronning qo'lidagi tayoqchani ko'rib qolib, gapiga e'tibor qaratmadi.

- Ha, afsun bilan bandmiz deng? Qani ko'raylik-chi, - dedi u, astoydil o'tirib olib.

Ron bir oz gangib qoldi.

- Xo'p... mayli, - dedi u va tomog'ini qirib oldi-da:
Dastorgul-u, guruchdan siqim bir,

Ahmoq kalamush, sariq tusga kir!


degancha tayoqchasini siltadi. Biroq hech narsa ro'y bermadi. Kul rang Qasmoq pinagini buzmay, rangi o'zgarmay uxlab yotibdi.

- O'qiganing chindan ham afsun ekanligiga ishonching komilmi? - so'rab qoldi qiz, - Nima qilganda ham yaxshi afsun emas ekan. Men bir nechta sodda afsunlarni o'qib ko'rganman. Hammasi ko'ngildagiday o'tdi. Oilamizda hech kim afsun bilan shug'ullanmaydi. Menga xat kelgani hamma uchun juda g'alati kutilmagan sovg'a bo'ldi. Men shunday baxtiyor, shunday baxtiyor his etdimki o'zimni, o'zingiz tushunasiz. Axir bu, aytishlariga qaraganda, afsungarlik san'ati bo'yicha eng zo'r maktab-ku! Men xarid qilib olingan darsliklarning hammasini yod oldim. Umid qilaman-ki, shuning o'zi kifoya bo'ladi. Ha, aytganday, mening ismim Germiona Grenjer, sizlarning ismlaringiz-chi?

Qizaloq ushbu so'zlarning barchasini bir nafasda ayta oldi.

Garri Ronning hang-mang bo'lib qolgan basharasiga qarab, u ham darsliklarni to'la-to'kis yod olmaganligiga ishonch hosil qilgach, o'zini engil tortdi.

- Men Ron Uesliman, - po'ng'illadi Ron.

- Garri Potter, - o'zini tanishtirdi Garri.

- Shundaymi?! - zavqlanib ketdi Germiona, - Sen haqingda bor gapdan xabardorman. O'qish uchun qo'shimcha adabiyot sifatida bir qator kitoblarim, jumladan «Zamonaviy sehrgarlik tarixi», «Yovuz kuchlar ravnaqi va barham topishi» hamda «Yigirmanchi asrning buyuk sehrgarliklari» deb nomlangan, sen haqingda ham ma'lumotlar keltirilgan kitoblarim bor.

- Nahotki? – hayrat-la so'radi Garri, bunday so'zlardan boshi aylanib.

- E Xudoyim, chindan ham endi eshityapsan-mi? Agar bu gaplar menga taalluqli bo'lganida bormi, ikir-chikirigacha surishtirib olgan bo'lar edim. Qaysi kollejda o'qishlaringni bilasizlar-mi? Shaxsan men o'zim haqimda so'rab bildim. Umid qilaman-ki, «Griffindor»ga qabul qilishadi meni. Aytishlariga qaraganda, eng zo'r fakultet «Griffindor» ekan. Dambldor ham shu kollejni tamomlagan emish. Fikrimcha, «Ravenklo» ham yomon emas... Nima qilganda ham hozir Nevillning baqasini topish kerak. Siz ikkovingiz esa kiyining. Mening hisob-kitoblarimga ko'ra, yaqin orada manzilga etib boramiz.

U qurbaqasini yo'qotib qo'ygan bolani oldiga solganicha, kupedan chiqib ketdi.

- Qaysi kollejda o'qishimni bilmayman-u, ish qilib, shu qiz o'qiydigan fakultetga tushib qolmasam bo'lgani, - vaysadi Ron, tayoqchasini sandiqqa uloqtirib, - Ahmoqona afsun. Uni menga Jorj o'rgatgan edi. Boshimni kundaga qo'yib aytishim mumkinki, bu afsun emas, qandaydir bema'nilik!

- Akalaring qaysi kollejda o'qishadi? - so'radi Garri.

- «Griffindor»da, - javob qaytardi Ron va yana tumshayib oldi, - Ota-onam ham o'sha fakultetni tamomlashgan. Agar meni boshqa kollejga qabul qilishsa, qanday xayolga borishlarini bilmayman. Umid qilamanki, «Ravenklo»ga tushib qolmasam kerak. Agar «Slizerin»ga qabul qilishsa, nima bo'lishini tasavvur qilib ko'r.

- Bu o'sha Vol... ya'ni O'zing-Bilasan-Kim tamomlagan kollejmi?

- Ha, - o'zini kursiga tashladi Ron, tushkunlikka tushgan qiyofa ila tasdiqlab.

- Nazarimda, Qasmoqning mo'ylovi sal oqargan ko'rinadi, - o'rtog'iga dalda bergan bo'ldi Garri, - Katta akalaring nima bilan shug'ullanishadi?

Maktabni tamomlagan sehrgarlar nima ish qilishi Garriga qiziq bo'ldi.

- Charli Ruminiyada, ajdar zotlarini o'rganib yuribdi. Bill esa Afrikada, «Gringotts» ishlari bilan band. «Gringotts» haqidagi yangilikni eshitding-mi? «Bashorat-u, karomat gazetasi»da yozishgan edi. Magllar bunday gazetaga obuna bo'lishmasa kerak... Kimdir maxsus bo'lmani tunashga uringan emish.

Garrining ko'zi kattalashib ketdi.

- Chindanmi? Xo'sh? O'g'rilarga nima qilibdi?

- Hamma gap shunda-da. Ularga hech narsa bo'lmabdi. O'g'rilarni hech kim tuta olmabdi. Shu bois ham to's-to'polon ko'tarilgan. Dadamning so'zlariga qaraganda, «Gringotts» bankining qo'riqlash xizmatini aldab o'tish faqat qudratli yovuz sehrgarning qo'lidan kelar ekan. Mish-mish gaplarga qaraganda bankdan hech narsa o'g'irlanmagan. Bu juda g'alati holat. Bilasanmi, o'xshash hodisalar sodir bo'lishi hamono, ittifoqo bu ishlar O'zing-Bilasan-Kimning hunari emasmikan, deb hamma vahimaga tushib qoladi.

Garri ushbu yangilikni hazm qilib yuborishga urindi. Endi O'zingiz-Bilasiz-Kimning nomi yodga olinsa, dahshatdan eti jimirlashib ketadiganga o'xshaydi. Sehrgarlar olamiga kirib kelganda shunday bo'lishini taxmin qilgan, biroq oldin hamma narsa oson kechar, u bamaylixotir «Voldemort» der va o'zini hech ham yomon his etmas edi.

- Sen qaysi kvidish jamoasining tarafdorisan? - kutilmaganda so'rab qoldi Ron.

- E-e-e... Men birorta ham jamoani bilmayman, - iqror bo'ldi Garri.

- Nima! - hayratdan batamom qotib qoldi Ron, - Hali shoshmay tur, bilib olasan, bu axir dunyoda eng zo'r o'yin-ku.

U zavq bilan to'rtta to'p, etti nafar o'yinchi va ettovlon o'yinchining ushbu o'yinda egallaydigan o'rni haqida tushuntirishga, akalari bilan birga borgan mashhur o'yinlarni tavsiflab berishga, etarlicha puli bo'lganida sotib olishni orzu qilgan supurgi rusumlarining nomlarini birma-bir sanab o'tishga kirishib ketdi. U bo'lib o'tgan o'yinlardan birini tavsiflab berayotgan fursatda kupening eshigi yana ochildi. Bu safar kirib kelganlar baqasini yo'qotgan Nevill ham emas va hatto Germiona Grenjer ham emas.

Kupega uch nafar bola kirib keldi. O'rtada turgan bolani Garri darhol tanidi. Bu, Malkin xonim do'konida uchratgan o'sha rangpar bola.

- Shu gap rostmi? - mensimagan ohang bilan savol berdi u, Garriga Diagon xiyobonida qaragandan ham ko'ra ko'proq qiziqsinib qarab, - Poezdda borki odamlar sizlarning kupengizda Garri Potter kelayotganligini gapirib kelishyapti. Potter senmisan?

- Ha, men.

Garri qolgan ikki nafar bolaga razm soldi. Ikkalasi ham to'ladan kelgan, qiyofasi badjahl bo'lib, rangpar bolaning ikki tomonida xuddi tan qo'riqchilarga o'xshab turishibdi.

- Tanishinglar, mana bu Krabbe, bunisi esa Goyl, - sovuqqon ohangda tanishtirdi rangpar bola, - Mening ismim Malfoy, Drako Malfoy, - qo'shib qo'ydi u, Garrining nigohini sezgach.

Ron, kulgisini bildirib qo'ymaslikka urindi chamasi, asta yo'talib qo'ydi.

- Fikringcha, ismim kulgili eshitilyapti-mi? Aytganday, kimligingni bilaman. Dadam, Ueslilarning hammasi malla bo'lib, sepkillari bilan bolalarining soni, o'zlariga ep ko'rish darajasidan ortiq bo'lib ketganligini aytib bergan edi. Ayrim sehrgar oilalar boshqalarga ko'ra yaxshiroq ekanligini yaqin orada bilib olasan, Potter, - dedi Malfoy yana Garriga yuzlanib, - Nomunosib kishilar bilan do'stlashish kerak emas. Bu masalada senga yaqindan yordam berishim mumkin.

U Garriga qo'l uzatdi. Biroq Garri Malfoyning iltifotini qabul qilmadi.

- O'ylayman-ki, nomunosib kishilarning farqiga o'zim eta olaman, rahmat, - javob qaytardi u, sovuq ohangda.

Drako Malfoyning rangi qizarmadi, ammo lunjida pushti alomat ko'rindi.

- Sening o'rningda ehtiyotkorona ish tutgan bo'lar edim, Potter, - dedi Malfoy dona-dona qilib, - Xushmuomala bo'lmas ekansan, tez orada ota-onang ketidan etib olasan. Ular ham foydali narsani befoyda narsadan farqlay olishmagan edi. Uesliga o'xshash chiqindilar yoki anavi mudhish Xagridga o'xshaganlar bilan muloqot qiladigan bo'lsang, o'zing ham iflos bo'lib qolasan.

Garri bilan Ron o'rinlaridan elkama-elka oyoqqa turishdi.

- Nima deding? - o'dag'ayladi yuzining rangi sochining rangidan farq qilmay qolgan Ron tishlarini qisganicha, oldinga qadam bosib.

- E, hali sen bizni kaltaklamoqchimisan? - masxaraomuz so'radi Malfoy.

- Agar hoziroq tuyoqlaringni shiqillatmasalaring, - javob qaytardi Garri, nisbatan yirikroq Krabbe bilan Goyl tomon yanada botirlik bilan yuzlanib.

- Biz hali ketmoqchi emasmiz, shundaymi yigitlar? Eguligimizni eb tugatdik, sizlarda esa hali ko'p ekan...

Goyl qo'lini shokobaqaga uzatdi. Ron oldinga intildi-yu, kutilmaganda yurakni ezib yuboradigan faryod eshitildi. Goylning barmog'ini kalamush Qasmoq mahkam tishlab, kichkinagina o'tkir tishlari bilan bo'g'inga osilib olibdi. Qo'rqib ketgan Krabbe bilan Malfoy ortga chekindi. Uvvos solayotgan Goyl esa gir aylanib, kalamushni aylantirgancha, qo'lini kemiruvchi hayvondan xalos etishga urindi. Nihoyat Qasmoq Goylning barmog'idan bo'shab ketib, vagon derazasiga borib urildi. Ehtimol konfetlar orasida yana kalamush bor degan xayolga borishgandir, balkim yo'lakdan qadam tovushi eshitilgani uchun cho'chichishgandir, har qalay uchalasi ham tez gum bo'ldi. Fursat o'tgach, ostonada Germiona Grenjer paydo bo'ldi.

- Nima bo'lyapti bu erda? - so'radi u, atrofda sochilib yotgan konfetlar va erda yotgan kalamushning dumidan ushlab ko'tarayotgan Ronga qarab.

- Xushidan ketganga o'xshaydi, - dedi Ron, Garriga yuzlanib, - Yo'q, aytsam ishonmaysan, bu uyquchi yana uxlab qolibdi.

Qasmoq haqiqatan ham dong qotib uxlayotgan ekan.

- Sen Malfoyni muqaddam uchratganmiding?

Garri Malfoy bilan Diagon xiyobonidagi uchrashuvi haqida aytib berdi.

- Men bu oila to'g'risida ko'p eshitganman, - tumshayib gapirdi Ron, - Ular O'zing-Bilasan-Kim g'oyib bo'lgan kezlarda birinchilardan bo'lib oramizga qaytishgan. Qarang-ki, o'shanda ularni kimdir sehrlab qo'ygan emish. Dadam o'sha oilaning birorta ham so'ziga ishonmaydi. Aytishiga qaraganda, Malfoyning otasi yovuz kuchlar qaytadigan fursatni orziqib kutar ekan. Senga biron narsa kerakmi-di? - so'rab qoldi u, Germionaga keskin yuzlanib.

- Yaxshisi maktab kiyimini tez kiyib oling. Men hozirgina birinchi vagonga, konduktor huzuriga borib keldim. Biz deyarli etib kelibmiz. Mushtlashmadinglarmi ishqilib, aks holda maktabga etib bormay turib, noxush holatga tushib qolasizlar.

- Biz emas, Qasmoq mushtlashdi, - dedi Ron Germionaga darg'azab qarab, - Balki kiyimimizni almashtirib olganimizga qadar chiqib turarsan?

- Hozir chiqib ketaman. Yo'lakdagi bolalar o'zlarini yosh boladay tutishyapti. U yoq, bu yoq yugurishgani-yugurishgan. Shuning uchun ham kupengizga kirib oldim, - tushuntirish bergan bo'ldi Germiona, xafa bo'lib, - Burning kir bo'libdi, xabaring bormi?

Ron Germionani darg'azab nigoh-la kuzatib qo'ydi. Garri derazadan tashqariga qaradi. Poezdning harakati asta sekinlashib bormoqda. Qosh qoraygan. To'q qirmizi tus olgan osmon ostida tog'lar va o'rmon daraxtlarining sharpalari g'ira-shira ko'rinmoqda.

Garri bilan Ron nimchalarini echib, uzun qora korjomalarini kiyib olishdi. Akasining eskirib ketgan korjomasi Ronga bir oz kaltalik qilib, krossovkasi ko'rinib turibdi.

Vagonlararo aks sado singari e'lon eshitildi:

- Poezd besh daqiqadan so'ng, «Xogvars» platformasida to'xtaydi. Iltimos, yukingizni kupeda qoldiring. Ular maktabga alohida etkaziladi.

Garrining qorni asabiylashganidan uyushib qolganday bo'ldi. Ronning yuzi ham hayajondan oqarib, sepkillari alohida ajralib ko'rinmoqda. Ikkovlon shirinliklarning ortib qolgan qismini cho'ntakka solib, vagon yo'lagida to'plangan bolalarga qo'shildi.

Asta o'rmalab borayotgan poezd nihoyat to'xtadi. Bolalar eshikka talpinib, kichkinagina, qop-qorong'i platformaga g'uj bo'lib olishdi. Tunning havosi sovuq bo'lib, Garrining eti titray boshladi. Kutilmaganda bolalar ustida fonus paydo bo'lib, Garri uchun qadrdon bo'lib qolgan tanish ovoz yangradi.

- Birinchi sinf o'quvchilari! Birinchi sinf o'quvchilari! Quloq soling! Diqqat! Bu yoqqa yuramiz! Garri, ishlar joyidami?

Xagridning yungi hurpayib ketgan katta yuzi bola boshiga to'lgan maydon uzra Garriga kulib qarab turibdi.

- Qani bolalar, ortimdan. Yana bormi birinchi sinfga kelganlar? Oyoq ostiga qarab yuring! Birinchi sinf o'quvchilari, ortimdan, olg'a!

Tog'ning tik yonbag'ridagi so'qmoq bo'ylab chug'urlashgancha odimlay boshlagan bolalar sirpanib, qoqilib, Xagridning ortidan ergashishdi. Yo'lakning ikkala tomoni qop-qorong'i. O'tib bo'lmas qalin o'rmon shu erdan boshlansa kerak, taxmin qildi Garri. Bir oz yurgan bolalar deyarli sukut saqlab qolishdi. Faqat qurbaqasini yo'qotib yuradigan Nevillning onda-sonda hiqillab qo'ygani eshitilmoqda xolos.

- Diqqat kichkintoylar! Hozir hayotingizda ilk bor «Xogvars»ni o'z ko'zingiz bilan ko'rasiz, - elka uzra e'lon qildi Xagrid.

Tor yo'lak kutilmaganda katta qora ko'l sohiliga olib chiqdi va shu zahoti bolalarning baralla, baland xitobi eshitildi:

- Ooooo!

Yulduzlar sochilib ketgan osmon gumbazi ostidagi ko'lning narigi sohilida, ko'p sonli katta-kichik minoralarga ega, derazalari yarqirab turgan ulkan qasr baland qoya cho'qqisida yuksalib ko'rindi.

- Har bir qayiqqa to'rt kishidan ko'payib ketmay o'tirilsin, - komanda berdi Xagrid, sohil yonidagi mitti qayiqlar flotiliyasi tomon ishora qilib.

Nevill bilan Germiona Ron va Garri o'tirgan qayiqqa joylashdi.

- Hamma tayyormi? - qichqirdi Xagrid, o'zidan boshqa hech kim o'tirmagan qayiqqa joylashib, - Juda yaxshi, OLG'A!

Qayiqchalar flotiliyasi ko'lning ko'zguday silliq yuzasi bo'ylab bir vaqtda harakat boshlagancha, sohildan nari ketdi. Bolalar yuksalib turgan qasrdan ko'z uzmay, tik qoyaga yaqinlashgan sari, boshlarini orqaga tashlab tomosha qilgancha, jim suzib borishdi.

- Boshlar egilsin! - komanda berdi Xagrid, birinchi qayiq qoyaga etib borishi bilan.

Hamma boshini egib oldi. Mitti qayiqchalar bolalarni katta g'or og'zini to'sib turgan pechak parda orqali olib o'tdi. Ular, chamasi qasr ostiga olib boradigan qop-qorong'i tunneldan suzib o'tib, nihoyat mayda shag'al qoplangan er osti prichaliga etib, tushishdi.

- Hoy, bola! Mana bu sening baqangmi? - qichqirdi qayiqlarni tekshirib yurgan Xagrid.

- Trevor! - xitob qildi mutlaqo baxtiyor Nevill, mitti kaftini Xagrid tomon uzatib.

Shundan so'ng, hamma dolon ichra Xagridning chirog'iga ergashgancha yurib, nihoyat qasr ro'parasidagi shudring qoplagan tekis chim ustiga etib keldi.

Tosh zinapoyadan yuqoriga chiqqan jajji sayyohlar emandan yasalgan ulkan darvoza qarshisiga g'uj bo'lib to'planib olishdi.

- Hamma shu erdami? Qurbaqa-chi, u ham joyidami?

Xagrid bahaybat mushtini ko'tarib, darvozani uch karra urib taqillatdi.

Bob-7." SARALOVChI ShLYaPA"

Shu zahoti darvoza ochilib, ostonada zumrad-zangori mantiya kiygan, baland bo'yli qora sochli afsungar ayol ko'rindi. Uning nihoyatda jiddiy qiyofasini ko'rgan Garrining hayoliga negadir, ushbu ayolga gap qaytarmagan ma'qul degan o'y keldi.

- Professor Makgonagall, birinchi sinf o'quvchilari etkazib keltirildi, - bildiruv berdi Xagrid.

- Minnatdorman, Xagrid. Rahmat. Ularni o'zim boshlab kiraman.

Ayol darvozani katta ochdi. Bolalar kirgan vestibyul shu qadar katta ediki, unga Dursllarning uyi but-butunligicha sig'ib ketishiga shubha yo'q. Vestibyulning tosh devorlari «Gringotts» devorlari kabi mash'alalar vositasida yoritilgan, shifti, bemalol tomosha qiladigan darajada baland, yuqoriga olib chiqadigan hashamatli marmar zinapoya esa muhtasham yaltirab turibdi.

Bolalar, toshdan terilgan polga tantanavor qadam qo'ygancha, vestibyul orqali yurib professor Makgonagall ortidan ergashib borishdi. O'ng tomondagi eshik ortida yuzlab bo'g'iq ovozlar eshitildi. Yuqori sinf o'quvchilari yig'ilib bo'lishgan chamasi, xayoldan o'tkazdi Garri. Biroq professor Makgonagall bolalarni markaziy zaldan naridagi bo'sh xonaga etakladi. Bolalar bir-biriga, oddiy vaziyatdan ko'ra yanada jipslashib olgancha, g'uj to'planib olib, tevarak-atrofga esankirab nazar solib, alanglashdi.

- «Xogvars»ga xush kelibsiz, - qutladi professor Makgonagall, - Hozir, yangi o'quv yili boshlanishi munosabati bilan rasmiy ziyofat boshlanadi. Biroq Katta Zalda yozilgan bayram dasturxoni atrofiga o'tirishingizdan oldin sizlarni kollejlarga taqsimlab chiqmoq darkor. O'tkaziladigan saralash taomili – maktabimizdagi eng muhim marosimlardan biri sanaladi. Negaki, maktab dargohida ekansiz, sizning kollejingiz – sizning oilangiz demakdir. Siz o'z kollejingiz binosida tahsil ko'rasiz, o'z kollejingiz yotoqxonasida uxlaysiz, bo'sh vaqtingizni ham o'z kollejingizning umumiy mehmonxonasida o'tkazasiz.

Professor Makgonagall bolalarga diqqat bilan nazar solib chiqdi.

- Maktabimizda, - davom etdi u, - to'rtta kollej bo'lib, ular «Griffindor», «Xufflpuff», «Ravenklo» va «Slizerin» deb nomlanadi. Har bir kollej o'zining juda qiziqarli va ulug'vor tarixiga ega. Ularning har birini mashhur sehrgarlar, atoqli afsungarlar, o'z davrida tahsil ko'rib, tamomlashgan. «Xogvars»da ekansiz erishgan har qanday yutug'ingiz uchun sizning kollejingizga ballarning muayyan miqdori qo'shib boriladi, joriy etilgan qoidalarni har qanday tarzda buzganligingiz uchun esa ballar tegishlicha ayirib boriladi. O'quv yili nihoyasida eng ko'p ball to'plashga erishgan kollej alohida kubok bilan mukofotlanadi. Yodingizda bo'lsin bu nihoyatda nufuzli mukofot sanaladi. Ishonchim komilki, hozir saralab olinadigan har bir o'quvchi o'z kollejining faxriga aylanajak.

Aytilgan gap ma'nosi bolalarning ongiga etib borishi uchun bo'lsa kerak, u yana bir oz tanaffus qildi.

- Saralash taomili, - davom etdi professor Makgonagall, - Bir necha daqiqadan so'ng, barcha o'quvchi va o'qituvchilar guvohligida boshlanadi. Vaqtni zoe o'tkazmay, marosim boshlangunga qadar tashqi ko'rinishingizni tartibga keltirib olishingizni taklif qilaman.

Ayolning nigohi Nevillning ilgagi chap qulog'i ostiga qadar tortilib qolgan mantiyasi va Ronning kir burnida bir daqiqa ushlanib qoldi. Garri shosha-pisha soch to'g'rilashga kirishib ketdi.

- Hamma narsa tayyor bo'lgach, qaytaman, - dedi professor Makgonagall, - Faqat iltimos, shovqin solmang.

Afsungar ayol chiqib ketgach, Garri yutinib qo'ydi.

- Fakultetlarga qay tarzda taqsimlashadi? - so'radi u, yonida turgan Rondan.

- Qandaydir sinovdan o'tkazishsa kerak. Fredning aytishicha, ushbu sinov juda qattiq og'riq bilan o'tar emish. Men uning so'zlariga ishonmayman, u doimo mazax qilib, hazillashgani-hazillashgan.

Garrining yuragi tovoniga tushib ketdi. Sinov?! Butun maktabning ko'z o'ngida-ya? Axir u hali biron-bir sehr usulini bilmaydi-ku, endi nima bo'ladi? Maktabga etib kelishlari bilan sinovdan o'tkazishlarini umuman kutmagan. Boshi qotib, atrofga qaradi. Qolganlarni ham shunday vahima bosgan. Yod olgan afsunlari haqida allanarsa pichirlab, qaysi birini so'rab qolishlari mumkinligini taxmin qilib turgan Germiona Grenjerdan boshqa, hamma jim. Hali hech qachon bu qadar asabiylashmagan Garri unga quloq tutmaslikka urindi. Hatto o'qituvchisining yasama sochini noma'lum usul ila ko'k rangga bo'yab qo'yganligi haqida maktab direktori nomidan yozilgan shikoyatni Dursllarga olib kelayotganida ham, bu qadar asabiylashmagan. Garri polga tikilib qoldi. Hozir professor Makgonagall chiqib keladi-da, uni sharmanda qilgani olib kiradi.

Ayni shu fursatda shunday bir hodisa ro'y berdiki, Garri, qo'rqib ketganidan erdan sal kam bir metr tepaga sakrab tushdi. Uning orqasida turgan bolalardan bir nechtasi esa yurakni ezib yuboradigan darajada dod solishdi.

- Nima bu?!

Xonaning orqa devori ichidan kam deganda yigirmata arvoh ketma-ket chiqib qolsa bo'ladimi. Garri, qolgan bolalar kabi, dahshatga tushganidan bo'g'ilib, ovozi chiqmay qoldi. Sadafdek oppoq, yarim shaffof arvohlar bir-biri bilan suhbat qurib borishgancha, bolalarga e'tibor ham qaratmay o'tishdi. Aftidan, arvohlar qandaydir masala yuzasidan bahs qilishmoqda.

- Unutish va uzr aylash darkor, - ta'kidladi to'ladan kelgan, past bo'yli rohib arvohi, - Biz unga yana bir karra imkon berishimiz kerak...

- Qadrli rohib, axir biz Dryuzgga bor imkonlarni to'la-to'kis havola etmadik-mi? U barchamizga isnod keltirmoqda. Buning ustiga, xabaringiz bor, u tamomila arvoh ham emas...

- Ie, sizlar nima qilyapsizlar bu erda? - so'rab qoldi pantalon kiyib, yoqasining chetiga jabo taqib olgan arvoh bolalarga daf'atan e'tibor qaratib (Jabo – to'rdan qilingan burma hoshiya).

Hech kim unga javob qaytarmadi.

- Yangilar! - xitob qildi Semiz Rohib, hammaga baravar kulib qarar ekan, - Saralash taomili boshlanishini kutib turibsizlar-mi?

Bir necha bolalar bosh irg'ishdi.

- Umid qilaman-ki, sizlar «Xufflpuff»ga tushasizlar! - tilak bildirdi Rohib, yaqinida turgan bolalarga qarab, - Men o'sha fakultetni tamomlaganman, tushundingiz-mi?

- Saflan! - yangradi xonaga qaytib kelgan professor Makgonagallning qat'iy ovozi, - Saralash taomili boshlandi!

Arvohlar ham old devor orqali g'oyib bo'lib, xonani tark etishdi.

- Saflaning, saf torting, - ildamlatdi professor Makgonagall, - Ortimdan, olg'a.

Qo'rqib ketganidan oyoqlari qo'rg'oshin quyganday og'irlashib ketgan Garri, sochi sarg'ish-qum tusli bola ortiga turdi, Ron esa Garrining orqasidan ergashdi. Saf tortgan bolalar qo'shaloq eshik orqali Katta Zalga bo'shashib kirib borishdi.

Dunyoda bunday g'aroyib va go'zal joy bo'lishini Garri tasavvur ham qila olmagan. Katta Zal, atrofida yuqori sinf o'quvchilari o'tirishgan to'rtta uzun stol ustida muallaq osilib turgan minglab shamlar vositasida yoritilgan. Stollarga yozilgan dasturxonlar esa oltin idish va qadahlar bilan bezatilgan. Katta Zalning narigi tomonida yana bitta, o'qituvchilar uchun alohida stol o'rnatilgan. Professor Makgonagall birinchi sinf o'quvchilarini ayni o'sha stol tomon ergashtirib borib, o'qituvchilar stoliga orqa o'girib, o'quvchilarga yuzlantirib qo'ydi. Yangi kelganlarga Katta Zaldagi yuzlab o'quvchilarning yuzlari qorong'ilikda arang ko'rinayotgan fonuslarga o'xshab qarab turibdi. Har joy-har joyda bolalarni o'lguday qo'rqitib yuborgan arvohlarning xira kumushga o'xshash sharpalari ko'rinmoqda. Garri o'ziga qaratilgan nigohlardan ko'zini olib qochish uchun yuqoriga yuzlanib, yulduzlar sochib yuborilgan qora baxmalga o'xshash shiftni ko'rdi. Uning qulog'iga Germionaning pichirlab aytgan so'zlari eshitildi:

- Shift shunday sehrlanganki, go'yo yulduzlarga to'la haqiqiy samoga o'xshab ketadi. Men bu haqda «Xogvars» tarixi»da o'qigan edim.

Bu chindan ham shift yoki osmon ekanligi, «Xogvars» to'g'ridan-to'g'ri kosmosga qarab yo'l olgan-olmaganligini tekshirib ko'rishning iloji yo'q.

Professor Makgonagall indamay kelib, birinchi sinf o'quvchilarining qarshisiga to'rt oyoqli kursi, kursi ustiga esa haddan tashqari kir, a'zoyi-badani yamoq bo'lib, rosa eskirib ketgan cho'qqidor shlyapani qo'ydi. Petunya xola bunday shlyapani uyda saqlashga hech ham rozilik bermagan bo'lar edi, xayoldan o'tkazdi Garri.

Ko'zboyloqchilik hunarini namoyon qilib, shlyapa ostidan quyonga o'xshash biron-bir narsa chiqarib berish kerakmikan, dahshatli fikr keldi Garrining hayoliga. Katta Zaldagilar diqqat bilan shlyapaga qarab turganini ko'rib, u ham shlyapaga yuzlandi. Bir necha soniya davomida Katta Zalga mutlaq sukunat cho'kdi. Kutilmaganda shlyapa joyidan qo'zg'alib, chetida og'izga o'xshash teshik hosil bo'lgach, qo'shiq aytishga kirishib ketdi:


Xunukdirman, ehtimol,

Qiyofamni aybsitmang,

Menday dono shlyapa yo'q,

Qidirib, sarson bo'lmang.

Qozon shlyapa yumaloq,

Silindrlar uzunchoq,

Saralashdek mahorat

Ularda yo'q, gapim haq.

Men bilmagan sirlar yo'q,

Bo'lsin yosh ko'nglingiz to'q,

Kiying meni ko'ramiz,

Fakultetni bilamiz.

«Griffindor»ning yo'lida

Faqat mardlar borarlar,

Asrlar bo'yi ular

Shon-shuhrat qozonarlar.

Nodon, ahmoq bo'lsangiz

«Xufflpuff»ga bormaysiz,

Unda tahsil ko'rganlar

Nopokligin bilmaysiz.

Keksa, dono «Ravenklo»

Aqli tezni oladi,

Kim o'qishni yoqtirsa,

O'z yo'lini topadi.

«Slizerin»ni xohlarsiz

Unda ko'p do'st topasiz,

Ayyorlik-la barchangiz

Maqsadga erishasiz.

Keling, kiying, hech qo'rqmang!

Hayajonlanmang, qo'ying,

Qo'llarim bo'lmasa-da,

Ishonchliman men, biling,

Siz kursiga o'tiring,

O'ylashni menga qo'ying!


Shlyapa qo'shig'ini tamomlashi hamono Katta Zal qarsaklardan portlab ketguday bo'ldi. Shlyapa to'rtta stolning har biriga alohidadan ta'zim aylab, qimir etmay turib qoldi.

- Demak, biz bor-yo'g'i shlyapani kiyib ko'rishimiz kerak xolos ekanda! - shivirlagancha xitob qildi Ron, - Fredni o'ldiraman. Sinov davomida allaqanday mudhish troll bilan yakkama-yakka kurash tushasan, deb yolg'on gapirgan ekan menga! (Troll – Skandinaviya afsonalarida tilga olingan, ko'p ertaklarda uchraydigan maxluq. Trollar, ushbu afsona va ertaklarda, odatda, inson dushmani sifatida, toshga o'xshash tog' ruhlari ko'rinishida tasvirlanadi)

Garri asta kulib qo'ydi. Shlyapa kiyib ko'rish, allaqanday, o'zing bilib-bilmaydigan, tushunib-tushunmaydigan afsun o'qib berishga nisbatan oson kechadi, albatta, xayoldan o'tkazdi u, biroq har qalay, bu ish butun maktabning ko'z o'ngida bo'lmagani afzalroq edi. Qo'shiq mazmuniga ko'ra, Shlyapa etarlicha qat'iy talab qo'yadigan ko'rinadi. Garri o'zini mard deb ham, aqli tez deb ham bilmaydi, yana nima edi, ishqilib qolgan talablarga ham to'la-to'kis javob berishiga ishonmaydi. Agar Shlyapa, qo'rqqanidan ko'ngli aynib ketadigan o'quvchilar o'qiydigan kollej haqida kuylaganda, ayni muddao bo'lishi mumkin.

- Diqqat! - e'lon qildi, qo'liga uzun pergament o'ramini olib qaytgan professor Makgonagall oldinga chiqib, - Men nomlaringni birma-bir o'qib boraman, sizlar esa saralanishlaring uchun boshlaringga shlyapani kiyib, kursiga o'tirishlaring darkor, - tushuntirdi u, - Abbot, Xanna!

Oq sariq sochlarini mayda qilib o'rib olgan qizil yuzli qizaloq qoqilgancha, safdan chiqdi-da, boshiga shlyapani kiyib, kursiga o'tirib oldi. Bir daqiqali tanaffusdan so'ng shlyapaning:

- «Xufflpuff!» - degan e'loni eshitildi.

O'ng tomondagi stol atrofida o'tirganlar qarsak chalib, qichqirib yuborishdi. Xanna o'sha stol tomon borib, ko'rsatilgan joyga o'tirdi. Garri Semiz Rohibning arvohi qizaloqqa qo'l siltaganini ko'rib qoldi.

- Bouns, Sьyuzen!

- «Xufflpuff!» - yana baqirdi shlyapa.

Qizaloq Sьyuzen chopqilagancha borib, Xannaning yoniga o'tirdi.

- But, Terri!

- «Ravenklo!»

Bu safar chap tomondagi stol atrofidagilar qarsak chalib yuborishdi. Terri ularga yaqin borganida bir necha ravenkloliklar o'rinlaridan turib, bolaning qo'lini siqishdi.

Mendi Broklxyorst ham «Ravenklo»ga ravona bo'ldi. Biroq Lavanda Braun ismli qizcha chap tomondagi devor yonida turgan, qarsaklardan ko'tarilib ketishiga sal qolgan «Griffindor» stoliga birinchi bo'lib qo'shilgan yangi o'quvchi qiz bo'ldi. Garri Ronning egizak akalari mushuklarga o'xshab ayyuhannos solishganini eshitdi.

Millisent Bichesheyder ismli qizcha esa «Slizerin»ga qabul qilindi. Ehtimol Garri o'z tasavvurlariga haddan ortiq erk berib yuborgandir, biroq «Slizerin» haqida eshitishga ulgurgan shuncha gap-so'zlardan keyin o'sha kollejda tahsil ko'radiganlar yoqimsiz kishilar, degan xulosaga bordi.

Uning ko'ngli kuchli aynib, maktabda o'qib yurgan kezlarini, xususan, jismoniy tarbiya darsida har xil o'yin jamoalari qay tarzda tuzilganligini esladi. Uni ma'lum bir jamoaga, odatda, eng oxirida qabul qilishar edi. Bunga Garrining yomon o'ynashi emas bezori Dadli Garrining o'yinini hamma yoqtirar ekan, degan xayolga bormasligi asosiy sabab bo'lgan edi.

- Finch-Fletchi, Jastin!

- «Xufflpuff!»

Shlyapa kollej nomini, ba'zan kursiga navbatdagi o'quvchi o'tirishi hamono e'lon qilayotgani, ba'zan esa ma'lum vaqt o'ylab ko'rgach, qaror qabul qilayotgani kuzatildi. Safda, Garrining oldida turgan Simus Finnigan ismli sochi sarg'ish-qum rang bola kursida qariyb bir daqiqa o'tirgandan so'nggina, shlyapa uni «Griffindor»ga tayinladi.

- Grenjer, Germiona!

Germiona kursi tomon deyarli yugurgancha oshiqib, shlyapani ishtiyoq bilan chakkasiga qadar tushirib, kiyib oldi.

- «Griffindor!» - qichqirdi shlyapa.

E'lonni eshitgan Ron ingrab yubordi.

Kutilmaganda Garrining xayoliga kelgan o'y, asabiylashgan kishining xayoli kabi sarosimaga solib qo'ydi. Agar mana bu Saralovchi shlyapa uni «Xogvars»ga nomunosib deb topsa nima bo'ladi? Agar professor Makgonagall kelib, uning boshidagi shlyapani shartta echib, qandaydir anglashilmovchilik ro'y beribdi, stansiyaga qaytib ketganing ma'qul degunga qadar boshidagi shlyapa bilan kursida o'tiraversa, nima bo'ladi?

Qurbaqasini doimo yo'qotib yurgan Nevill Longbottom kursi tomon yurib, erga qulab tushdi. Shlyapa Nevillni qayoqqa tayinlashni uzoq o'ylab qoldi. Nihoyat u, «Griffindor!» kollejini e'lon qildi. Nevill o'rnidan turib, boshidagi shlyapa bilan kursidan nari ketib qoldi va zalda o'tirganlarning baland qahqahalari ostida yonbosh yurib, shlyapani Morag Mak Dugalga uzatishiga to'g'ri keldi.

O'z ismini eshitgan Malfoy g'urur-la oldinga chiqdi. Uning istagi shu zahoti vojib bo'ldi. Boshiga hali etib bormagan bechora shlyapa «Slizerin!» degancha qichqirib yubordi.

O'zidan o'zi cheksiz minnatdor Malfoy, «tana qo'riqchilari» Krabbe bilan Goyl yoniga qaytdi.

Safdagi bolalar soni tobora kamayib bormoqda.

«Mun»... «Nott»... «Parkinson»... egizak qizaloqlar «Patil» va «Petil»... ulardan keyin «Salli-Enn Perks» va nihoyat:

- Potter, Garri!

Uning nomi talaffuz etilib, safdan chiqishi hamono:

- Ismini nima dedi? - baralla so'radi Katta Zalda o'tirgan o'quvchilarning deyarli barchasi, - Potter dedi-mi? Bu o'sha Garri Potter-mi?

Boshiga kiydirilgan shlyapa ko'zini bekitib qo'yishidan oldin Garri, Katta Zalda o'tirgan jamiki odamlar o'rnidan qalqib tik turib olishgani, arvohlar esa atrofini o'rab olishganini ko'rib qoldi. Navbatdagi fursatda shlyapaning qora astari ko'zini to'sgach, taqdirini hal etadigan e'lonni kutdi. Katta Zalga suv quygan kabi sukunat cho'kdi.

- Hmm, - eshitildi Garrining qulog'iga past ovoz, - Qiyin holat. Nihoyatda murakkab vazifa. Juda mard ekanligi yaqqol bilinib turibdi. Zehni ham o'tkir, iste'dodning o'zginasi-ya. E Xudoyim, o'zini namoyon etishga bo'lgan ishtiyog'ini aytmaysiz-mi, aynan shunisi qiziqda. Qayoqqa yo'llasam ekan seni?

- Faqat «Slizerin»ga emas, «Slizerin»ga emas, - ichida iltijo qila boshladi Garri, kursi chetini mahkam ushlab olgancha.

- «Slizerin»ga emas degin? - so'radi past eshitilayotgan ovoz, - Ishonching komilmi? Sen u erda buyuk sehrgar bo'lib etishishing mumkin. Buning uchun tabiatingda etarlicha qobiliyat bor. «Slizerin» esa seni shuhrat cho'qqisiga olib chiqadi. Bunga hech qanday shubha yo'q. Istamaysan? Yo'q? Nima ham derdim, ishonching komil ekan – «Griffindor»ga borasan!

Shlyapa so'nggi so'zlarni butun Katta Zalni boshiga ko'tarib qichqirdi. Garri shlyapani echib, oyoqlari qaltiragancha, o'zini go'yo elkasidan tog' ag'anaganday his etib, «Griffindor» stoli tomon yo'l oldi. Har qalay maktabga qabul qilishdi, buning ustiga «Slizerin»ga yuborishmadi. O'zini nihoyatda baxtiyor his etganidan, uni butun Katta Zal bor kuchi bilan olqishlayotganini payqamay qolibdi. Sinfboshi Persi o'rnidan turib, Garrini qarshi olgancha, qo'lini siqdi. Egizak Ueslilar esa chiranib:

- Potter biz bilan! Potter biz bilan! - degancha, jon-jahd bilan ayyuhannos solishdi.

Garri jabo taqib olgan arvohning qarshisiga kelib o'tirdi. Arvoh Garrining qo'liga engil urib qo'ydi. Bola qo'lini bir chelak muzday suvga botirib olganday bo'ldi.

Ana endi Mo''tabar Stolga razm solib qarash mumkin. Stolning Garriga yaqin chetida Xagrid o'tiribdi. Xagrid Garrining nigohini tutib olgach, ikka qo'lining bosh barmoqlarini ko'tarib ko'rsatdi. Garri tabassum-la javob qaytardi. Mo''tabar Stol markazidagi oltindan tayyorlangan katta taxtda esa Albus Dambldor o'tiribdi. Poezddagi shokobaqa dastasi ichidan chiqqan suratni eslagan Garri Dambldorni darhol tanidi. Dambldorning butun Zalda yagona kumush boshi arvohlarning tanalari kabi yaltirab ko'rinmoqda. Garri «Teshik qozon»da uchratgan asabiy professor Belkani ham tanidi. To'q qizil sallasi uni g'alati, jo'yasiz ko'rsatmoqda.

Bu vaqtga kelib, safda bor-yo'q to'rt nafar saralanmagan bola qoldi. Bo'yi Rondan ham novcha Tomas Din «Griffindor»ga qabul qilinib, Garrining yoniga kelib o'tirdi. Tyurpin Liza ismli qizaloq «Ravenklo»ga yo'llandi va shundan so'ng, navbat Ronga etdi. Bechoraning yuzi allaqachon och yashil bo'lib qolgan. Garri stol ostidagi barmoqlarini nasroniy irimga amal qilgancha, chalishtirib oldi. Soniya o'tgach, shlyapa: «Griffindor!» deb, baqirib yubordi.

Garri o'rtog'i yonidagi kursiga kelib, o'zini kursiga tashlanganiga qadar uning sharafiga qarsak chalib turdi.

- Juda yaxshi, Ron, barakalla, - dedi hashamatlilik bilan Persi Uesli, Sabini Bleyz «Slizerin»ga tayinlangani e'lon qilinganida.

Nihoyat professor Makgonagall pergamentni o'rab, Saralovchi shlyapani qo'liga olgancha, nari ketdi.

Garri stol ustida turgan bo'sh tilla likopga qarab, qorni ochganligini his etdi. Poezdda egan qovoq pechenьelar, uning hayotida yuz yil burun bo'lgan edi go'yo.

Sevinchdan porlab turgani sezilayotgan Albus Dambldor o'rnidan turib, o'quvchilarga yuzlangancha qo'llarini keng ochdi. Ushbu Katta Zalda bola to'plangani, uning hayotidagi eng baxtiyor kunday edi, chamasi.

- Xush kelibsiz! - xitob qildi u, - «Xogvars»ning yangi o'quv yiliga kelganingiz bilan barchangizni qutlayman! Ziyofat boshlashdan oldin bir og'iz so'z aytmoqchiman sizga. U ham bo'lsa: Tyutya! Reva! Rvaklya! Sap! Rahmat!

Dambldor joyiga o'tirdi. Katta Zalda o'tirganlar shodiyona qichqirib, qarsak chaldi. Biroq Dambldordan ko'zini uzmagan Garri nimadan xursand bo'lish kerakligini tushunmadi.

- Tomi joyidami? - gumonsirab murojaat qildi Persiga qarab.

- Tomi joyidami, deysanmi? - hayron bo'lib so'radi Persi, - U avliyo! Jahonning eng zo'r sehrgari! Biroq sen qaysidir ma'noda haqsan, tomi haqiqatan ham batamom joyida emas. Kartoshka solib beray-mi?!

Nigohini stolga qaratgan Garrining og'zi hayratdan lang ochilib qoldi. Hozirgina bo'm-bo'sh turgan tilla idishlar Dambldorning tushunarsiz so'zlari ila turli-tuman taomlar bilan to'lib-toshganidan stol sinib ketguday bo'lib qolibdi. Bola hayoti davomida bu qadar mazali taomlarning bir stolda, bir vaqtda bo'lishini muqaddam ko'rmagan: rostbif, qovurilgan jo'ja, cho'chqa bilan buzoqning to'qmoqlab yumshatilgan go'shti, sosiskalar, bekon, steyk, qovurilgan kartoshka, qaynatib pishirilgan kartoshka, fri usulida qovurilgan kartoshka, Yorkshir pudinggi, no'xat, sabzi, qayla, ketchup va nima uchun dasturxonga qo'yilganligini idrok etish qiyin bo'lgan yalpizta'm obakidandon. Bularning bari uning ixtiyoriga havola etilgan (Rostbif – molning biqin go'shtidan tayyorlangan qovurma. Bekon – yosh cho'chqaning tuzlangan (dudlangan) nimtasi. Steyk – ko'ndalang kesilib, qovurilgan yirik go'sht bo'lagi. Yorkshir pudinggi – guruch va boshqa yormalardan tvorog va mevalar qo'shib tovada pishirilgan ovqat).

Umuman aytganda, Dursllar Garrini och qoldirib, sillasini quritishmagan, albatta. Biroq bola, o'sha xonadonda biror marotaba bo'lsin, qorni to'yib ovqatlanmagan. Bundan tashqari, dasturxonda Garrini qiziqtirgan har qanday narsani Dadli, garchi egisi kelmay, bo'kib qolganidan ko'ngli aynib turgan bo'lsa ham, changallab oladi. Garri, obakidandondan tashqari, stoldagi taomlarning hammasidan oz-ozdan solib, likopini simiga qadar to'ldirib oldi. Taomlar juda mazali ekan.

- Ko'rinishi yomon emas, - dedi steykni g'ajishga kirishgan Garriga qarab turgan jaboli arvoh ma'yus ohangda.

- Siz-chi, emaysizmi yoki man etilganmi?...

- Men so'nggi bor to'rt yuz yil muqaddam ovqatlanganman, - javob qaytardi arvoh, - Ovqatlanishimga hojat yo'q, biroq ochig'ini aytganda, busiz zerikarli bo'lar ekan. Chamasi, o'zimni tanishtirmadim, a? Ser Nikolas de Mimsi-Porpinьon, xizmatingizga muntazirman. Qarorgohim «Griffindor» minorasida.

- Sizning kimligingizni bilaman! - kutilmaganda fikr bildirdi Ron, - Akalarim siz haqingizda aytib berishgan. Siz Deyarli Boshsiz Niksiz, shundaymi?!

- Meni, - sovuq ohangda javob qaytardi arvoh, - O'z ismim bilan chaqirishingizni, ya'ni Ser Nikolas de Mimsi...

- Deyarli Boshsiz? Qanday qilib deyarli boshsiz bo'lish mumkin? - gapga aralashdi Simus Finnigan.

- Qanday bo'lish mumkin? - dedi suhbat o'zi taxmin qilgan yo'sinda bormaganidan esankirab qolgan Ser Nikolas, - Mana bunday bo'lishi mumkin!

Jahli chiqqan arvoh chap qulog'ini mahkam ushlab, qattiq tortdi. Uning boshi bo'ynidan shartta ajralib, xuddi oshiq-moshiqda tutib turilganday chap elkasiga og'ib qoldi. Aftidan kimdir Ser Nikolasning boshini tanasidan judo qilishga uringan-u, ishni oxirigacha etkazmagan ko'rinadi. Deyarli Boshsiz Nikning ushbu qilig'ini ko'rgan bolalar esi-hushini yo'qotib qo'ydi.

Ko'rsatgan ta'siridan o'zi mamnun bo'lgan Deyarli Boshsiz Nik boshini abjirlik bilan joyiga o'rnatib, yo'talib oldida:

- Xo'sh, yangi griffindorchilar! Umid qilaman-ki, loaqal sizlar kubokni qo'lga kirita olarsizlar? «Griffindor» g'alaba qozonmaganiga ancha yil bo'ldi. Slizerinchilar ketma-ket olti yildan buyon maktab kubogini qo'lda saqlab kelishmoqda! Qonxo'r Baron mutlaqo badhazm bo'lib ketdi. Uning qarorgohi «Slizerin»da.

Garri ortga o'girilib qaradi. «Slizerin» stolida ko'z chanog'i bo'm-bo'sh, yuzi mudhish, egnidagi kiyimi kumush tusli qonga belangan dahshatli arvoh o'tiribdi. Arvoh Malfoyning o'ng tomonida o'tirganligi, Drako esa o'z navbatida, bunday qo'shnichilikdan xursand bo'lmaganligi Garriga kulgili ko'rindi.

- Nima sababdan, uning egni qonga belangan? - qiziqsinib so'radi Simus.

- Sababini so'raganim yo'q, - odob-la javob qaytardi Deyarli Boshsiz Nik.

Qorin to'yganidan so'ng, tarelkalardagi ovqat qoldiqlari yo'q bo'lib, idishlar boz yarqirab qoldi. Fursat o'tgach, desert, xususan: bir dunyo, tasavvur etsa bo'ladigan barcha turdagi muzqaymoqlar, olmali piroglar, quyuq shinnili tortlar, shokoladli eklerlar, ko'pchitib pishirilgan murabboli kulchalar, tryufellar, qulupnay, jele, guruch puding kabilar paydo bo'ldi (Ekler – pirojniyning bir turi. Tryufel – qo'ziqorin shaklidagi shokolad qandining bir turi. Jele – meva suvi, shakar va jelatindan tayyorlanadigan shirin dirildoq ovqat).

Garri quyuq shinnili tort eb o'tirar ekan, suhbat qarindosh-urug'lar mavzusiga burilib ketdi.

- Men chala zot sehrgarlarga mansubman, - ma'lum qildi Simus, - Dadam magl. Oyim turmushga chiqqunga qadar afsungar ekanligini dadamga aytmagan. Bu dadam uchun chinakam kutilmagan sovg'a bo'lgan.

Hamma kulib yubordi.

- Sen-chi, Nevill? - qiziqdi Ron.

- Meni afsungar buvim tarbiyalagan, - gap boshladi Nevill, - Umuman aytganda, oilamizning barcha a'zolari meni magl ekanligimga yuz foiz kafolat berishgan. Buvamning Algi ismli akasi menda sehrgarlik alomati bor-yo'qligini tekshirish uchun kutilmagan sinovlardan o'tkazib bordi. Biroq sakkiz yoshga to'lgunimga qadar uning qo'lidan hech narsa kelmadi. U hatto Blekpul suv havzasidagi burundan itarib ham yubordi meni. Cho'kib, o'lib ketishimga bir baxya qoldi. Kunlardan bir kuni Algi buvam uyimizga mehmonga kelib, oyog'imdan tutib olgancha, ikkinchi qavatdan boshimni osiltirib ushlab turdi. Xuddi o'chakishgandek, ayni shu fursatda buvimning Enid ismli singlisi xonaga kirib, Algi buvamga, uning qilig'ini bilmagan holda, albatta, merenga taklif qilib qolsa bo'ladimi. Shirinlikni o'lguday yaxshi ko'radigan ochko'z buvam meni bexosdan qo'yib yuborib, qo'lini merengaga uzatdi. Ammo men erga tushmadim. Butun bog' uzra sakrab o'tib, katta yo'lga qo'ndim. Qarindoshlarim shunday mamnun bo'lishdiki, ta'riflashga so'z ojiz. Buvam yurakdan yig'lab oldi. Baxtiyorligidan o'zini qo'yarga joy topa olmay qoldi. Xonalariga kirib kelganimda yuzlaridagi xursandchilikni ko'rish kerak edi. Ortga qaytishga sehrgarlik irodam etmaydi, deb o'ylashgan ekan. Algi buvam shu qadar xursand bo'ldiki, hatto menga qurbaqa olib berdi (Merenga – fransuzlar tayyorlaydigan shirinlikning bir turi).

Garrining boshqa yonida Persi bilan Germiona maktabdagi ta'lim jarayoni haqida suhbat qurib o'tirishibdi.

- Umid qilaman-ki, mashg'ulotlar tez orada boshlanadi. Meni ko'proq bir narsani boshqa narsaga aylantirish amallari qiziqtiradi. Bu oson bo'lmasa kerak, albatta...

- Sizlar dastlab sodda amallardan boshlaysizlar. Misol uchun gugurt donasini ignaga aylantirasizlar...

Ancha isinib olgan Garri uyqusirab Mo''tabar Stol tomon qaradi. Xagrid ichkilik ichib, professor Makgonagall Dambldor bilan suhbat qurib o'tirishibdi. Beo'xshov salla o'rab olgan professor Belka allaqanday sochi yog'li, qiyg'irburun, yuzi kasalmand o'qituvchi bilan nimanidir muhokama qilyapti.

Birdan Garri uchun kutilmagan holat yuz berdi. Qiyg'irburun o'qituvchi professor Belkaning sallasi uzra tikka Garrining ko'zlariga qarab qo'yishi hamono, bolaning peshonasidagi chandiq o'rni qizib, kuchli og'riq his etdi.

- Voy! - kaftini peshonasiga bosdi Garri.

- Nima qildi? - xavotirlandi Persi.

- H-hech nima.

Og'riq qanday paydo bo'lgan bo'lsa, shunday tez tarqadi. O'qituvchining nigohi tufayli paydo bo'lgan noxush taassurotdan esa xalos bo'lish qiyin kechdi. Garri unga yoqmaganligi yaqqol bilinmoqda.

- Professor Belka bilan gaplashib o'tirgan anavi o'qituvchi kim? - so'radi Garri Persidan.

- Qara-ya, Belkani taniysanmi? Aytdim, nega u bunchalik asabiylashib qoldi deb. Sen so'ragan o'qituvchi Severus Snegg, sehrli damlamalar tayyorlash fanidan dars o'tadi. Biroq professor Belkaning o'rnini egallamoqchi ekanligi hammaga ma'lum. Negaki u yovuz kuchlar haqida hamma gapdan boxabar.

Garri ma'lum vaqt Sneggni kuzatib o'tirdi. Biroq Snegg, Garri tomonga qayta qaramadi.

Nihoyat desert ham, qanday paydo bo'lgan bo'lsa, shunday yo'q bo'lgach, Dambldor o'rnidan turdi. Katta Zalga sukunat cho'kdi.

- Xo'sh, qorningizni to'ydirib, chanqovingizni bosgan ekansiz, sizlarga yana bir og'iz so'z aytib qo'yishim kerak. Semestr boshlanishidan oldin ayrim qoidalarni yodingizga solib qo'ymoqchiman.

- Birinchi sinf o'quvchilari shuni bilishi lozimki, qasr atrofidagi o'rmon jamiki o'quvchilar uchun tashrif buyurish man etilgan hudud sanaladi. - Ayrim yuqori sinf o'quvchilari, ushbu qoidani yana bir bor yodga olishsa foydadan xoli bo'lmaydi, - qo'shib qo'ydi u, miltillagan nigohini egizak Ueslilar tomon qaratib, - Bundan tashqari, nazoratchimiz mister Filch, mashg'ulotlar orasidagi tanaffuslar davomida sehr-jodu bilan shug'ullanish man etilganligini yana bir bor eslatib o'tishimni mendan iltimos qildi. Kvidish jamoalariga o'yinchilarni saralash tadbirlari semestrning ikkinchi haftasida tashkillashtiriladi. O'z kollejining sharafini himoya qilmoqchi bo'lganlar xonim Rolanda Tryukka murojaat etishlari lozim. Va nihoyat, ogohlantirib qo'yishim darkorki, kim dahshatli va mudhish ajal topishni istamasa, ushbu o'quv yili davomida uchinchi qavatning o'ng tomonidagi yo'lakka kirmasin.

Garri kulib yubordi. Biroq u, butun Katta Zalda o'tirganlar orasida yagona kulgan kishi bo'ldi.

- Bu jiddiy gap emas edi shekilli? - o'z qilig'idan xijolat chekkancha past ovoz bilan so'radi u Persidan.

- Aksincha, jiddiyga o'xshaydi, - javob qaytardi qovog'ini solgan Persi, nigohini Dambldordan uzmay, - Qiziq, odatda, Dambldor, biror-bir joyga nima uchun borish mumkin emasligi, misol uchun, o'rmonda xavfli maxluqlar borligini tushuntirar edi... Mana bu taqiq sababini loaqal biz sinfboshilarga aytib qo'ysa bo'lar edi-ku...

- Ana endi, uyquga ketishdan oldin, maktabimiz madhiyasini kuylaymiz! - qichqirdi Dambldor.

Garri o'qituvchilarning yuzlaridagi tabassum qandaydir karaxt ekanligiga e'tibor qaratdi.

Dambldor sehrli tayoqchasini, xuddi uchiga qo'ngan pashshani haydab yuborganday engil siltab qo'ydi. Shu onda tayoqcha uchidan uzun tilla rang tasma otilib chiqib, stollar uzra baland ko'tarildi va ilonga o'xshab to'lg'angancha, qo'shiq satrlariga aylandi.

- Hamma o'zi yoqtirgan kuyga solib aytaversin, - dedi Dambldor, - Boshladik!

Maktab kuylay boshladi:


Xogvars, Xogvars, Xoggi-Voggi-Xogvars sen,

O'rgat bizga, o'qitgin, aql, ilm bergin sen,

Qari, bola aralash, bordir kal, bordir paxmoq,

Maqsadimiz mushtarak – o'qimoq, tahsil ko'rmoq.

Aqlimiz oshmas-toshmas, lek dakki ham emasmiz,

To'g'ri yo'l ko'rsat bizga, darslardan hech qolmasmiz.

Urinib ko'r biz uchun, biz ham qarab turmaymiz,

Miyaga zo'r berishni bir on bo'lsin qo'ymasmiz.


Hamma o'z qo'shig'ini har xil vaqtda nihoyasiga etkazdi. Oxirida faqat madhiyani motam marshiga solib aytayotgan egizak Ueslilargina qoldi. Dambldor so'nggi ovoz o'chgunga qadar dirijyorlik qilib turdi. Motam marshi nihoyasiga etgach, hammadan qattiq qarsak chaldi.

- Oh, musiqa! - past ovozda xitob qildi u, - Siz bilan bizning mahoratlarimizdan ham qudratli afsun! Xo'sh, endi uyquga! Qadam bos!

Griffindorchilarning birinchi sinf o'quvchilari jonlanib vaysayotgan xaloyiq orasidan o'tib, sinfboshi Persining orqasidan ergashgancha, marmar zinapoyadan ko'tarilib, Katta Zalni tark etdi. Garrining oyoqlari bu safar qorni to'yib, toliqqanidan yana qo'rg'oshin quyganday og'irlashib ketdi. Bola shunday toliqqan-ki, yo'lak devorlariga osilgan portretlardagi odamlar tasviri o'zaro shivirlashib, yonlaridan o'tayotgan bolalarga barmoq o'qtaganga ham, Persi sinfni ikki marotaba devorlardagi o'zidan o'zi ochilayotgan yog'och-taxta qoplama va gilamlar ortiga o'rnatilgan eshiklar orqali olib o'tganiga ham hayron bo'lmadi. Bolalar zinapoyadan esnab, oyoq sudrab ko'tarilayotgan, Garri esa hali uzoq yurish kerakmikan degan xayolga borgan fursatda harakat birdan taqa-taq to'xtab qoldi.

Bir to'p hassalar havoda muallaq osilib turibdi. Persi olg'a qadam bosishi hamono, tayoqchalar hamla qila boshladi.

- Bu poltergeyst Dryuzg, - shivirlab tushuntirdi Persi bolalarga va ovozini ko'tardi, - Dryuzg, qani namoyon bo'l-chi!

Bunga javoban havosi chiqib ketayotgan shardan eshitiladigan ovozga o'xshash baland, behurmat ovoz eshitildi.

- Xo'sh Dryuzg, Qonxo'r Baronga borib arz qilishim kerakmi?

Qarsak tovushiga o'xshash tovush eshitilib, havoda muallaq osilgancha, chordana qurib o'tirgan, tayoqchalarni qorniga siqib olgan, qora ko'zlari ila badjahl qarab turgan, og'zi katta, tanasi mitti odam ko'rindi.

- Oooooo! - dedi u, badxoh qahqahlab, - Birinchi sinf o'quvchilarimi? Rosa qiziq bo'lar ekanda endi!

U kutilmaganda qattiq hushtak chaldi. Qo'rqib ketgan bolalar to'dasi pastga tisarildi.

- Yo'ldan qoch, Dryuzg. Yo'qsa barcha qiliqlaringni Baronga aytib beraman, - o'shqirdi Persi.

Dryuzg tilini uzun chiqarib masxara qildi-da, qo'lidagi hassalarning hammasini Nevillning boshiga to'kib, ko'zdan g'oyib bo'ldi. Poltergeyst yo'lakdagi risarlarning yarog'-aslahalarini taqir-tuqur qilib parvoz etgancha, nari ketgani eshitildi.

- Dryuzgdan nari yurgan ma'qul, - ogohlantirdi Persi, harakatni davom ettirib, - Unga faqat Qonxo'r Baronning so'zi o'tadi. Baron esa hatto biz sinfboshilarning ham so'ziga kirmaydi. Mana, nihoyat etib keldik.

Yo'lakning oxirida pushti shoyi ko'ylak kiygan o'ta semiz ayolning portreti osilib turibdi.

- Parol? - so'radi ayol tasviri.

- Ajdarning ajali, - javob qaytardi Persi.

Portret o'zidan o'zi yuqoriga ko'tarilgach, devorda yumaloq tuynuk ko'rindi. Bolalar birin-ketin ichkariga qadam bosdi. Nevillga ko'maklashib yuborishga to'g'ri keldi. Ular «Griffindor»ning juda shinam, yumshoqqina kreslolar bilan jihozlangan doira shaklidagi umumiy mehmonxonasiga kirib kelishdi.

Persi qizaloqlarni bir eshikka, o'g'il bolalarni boshqa eshikka yo'lladi. Aylanma zinadan yuqoriga, chamasi minoraga ko'tarilgan bolalar nihoyat to'q-qizil rangli baxmaldan tayyorlangan guldor chodirlar ostiga o'rnatilgan beshta karavotga etib borishdi. O'rinlar tayyor. Ko'p gapirishga madori qolmagan bolalar ust kiyimlarini pijamalarga bazo'r alishtirib, o'zlarini ko'rpaga tashlashdi.

- Ovqat zo'r ekan-a? - po'ng'illadi Ron parda ortidan, - Nari qoch, Qasmoq! Buni qarang, choyshab chaynayapti-ya!

Garri Rondan quyuq shinnili tortdan tatib ko'rdi-mi-yo'qmi so'ramoqchi bo'ldi-yu, biroq o'rniga yotishi bilan uxlab qoldi.

Aftidan Garri me'yoridan ortiq ovqatlanib qo'ydi shekilli, g'alati tush ko'rdi. Uning boshiga professor Belkaning sallasi o'ralgan emish. Salla tilga kirib, zudlik bilan «Slizerin» fakultetiga o'tishi lozimligini uqtirdi. Uning so'zlariga ko'ra, «Slizerin» Garrining taqdiriga yozilgan porloq kelajak emish. Garri esa «Slizerin»ga o'tishni istamasligini aytib, salla bilan tortishdi. Rad javobdan norozi salla tobora og'irlashib bordi. Garri uni echib tashlashga urindi. Salla esa qarshilik ko'rsatib, borgan sari toraygancha, bolaning boshini qattiq siqdi. Bu orada Malfoy paydo bo'lib, salla bilan kurashayotgan Garrining ustidan rosa kuldi. Vaqt o'tib Malfoy qiyg'irburun o'qituvchi Sneggka aylandi. Sneggning kulgisi baland va juda xunuk eshitildi. Birdan ko'zni qamashtirib yuborguday yashil chaqmoq chaqnadi. Terga botib, qaltiragan Garri uyg'onib ketdi.

U boshqa yonboshiga ag'anab, uxlab qoldi. Ertasiga ertalab esa ko'rgan tushini eslay olmadi.

Bob-8." SEHRLI DAMLAMALAR TAYYoRLASh FANI PROFESSORI"

Ziyofatning ertasiga ertalab, yotoqxonadan chiqqan fursatdan e'tiboran Garrini kuni bo'yi o'quvchilarning pichir-pichiri ta'qib qilib bordi.

- Ana, qara, kelyapti!

- Qani?


- Anavi baland bo'yli malla soch bolaning yonida.

- Ko'zoynak taqib olgan bolami?

- Peshonasidagi chandig'ini ko'rdinglar-mi?

Sinf xonalariga kirishdan oldin eshik qarshisiga saf tortgan bolalar Garrini ko'rish ishtiyog'ida oyoq uchiga ko'tarilib yoki yonidan yana bir bor o'tish uchun navbat oxiriga yugurgancha, o'tib olishdi. Kerakli sinfga yo'l topish uchun xayolini jamlab yurishga urinayotgan Garrini atrofdagi odamlarning haddan ortiq e'tibori juda noqulay holatga solib qo'ydi.

Gap shundaki, «Xogvars»da jami bir yuz qirq ikkita zinapoya bo'lib, ularning ayrimlari keng, nishab, ayrimlari tor, g'ijirlaydigan, ba'zilari har juma kuni kerak bo'lmagan tomonga olib chiqib ketsa, ba'zilarining o'rtasidagi pog'onalari o'zidan o'zi yo'qolib qoladigan bo'lib, bunday joylardan sakrab o'tishni unutmaslik kerak ekan. Bundan tashqari, shunday eshiklar ham bor ekanki, faqat boadab iltimos qilinsagina yoki kerakli joyi qitiqlab qo'yilsagina ochiladi. Eshiklarning yana bir turi aslida eshik emas, balki o'zini eshikka o'xshatib olgan sehrli devorlardir. Atrofdagi hamma narsa o'zidan o'zi muntazam ko'chib turganligi bois qaerda nima joylashganligini eslab qolish juda qiyin. Portretlarda tasvirlangan odamlar-chi, bir-birinikiga mehmonga borishadi! Risarlarning yarog'-aslahalari esa mustaqil ravishda harakatlanishiga Garri shubha qilmay qo'ydi.

Arvohlar ham o'quvchilarning bamaylixotir yashashiga xalal beradi. Kishi biron-bir eshikni endigina ochib kirmoqchi bo'lib tursa-yu, undan allaqanday arvoh chiqib kelsa! Odamning o'takasi yorilib ketmagan taqdirda ham, g'ayriixtiyoriy ravishda seskanmay qolmaydi. Deyarli Boshsiz Nik griffindorchi bolalar bilan xushmuomala bo'lib, yo'l topishga yordam bersa, poltergeyst Dryuzg aksincha, ayniqsa darsga kechikayotgan bolaga ikkita sehrli eshik bilan biron-bir xufiya zinapoyadan ham battar xalal beradi. Kishi ogoh bo'lmasa, boshiga chiqindi tashlash savatini kiydirib qo'yishi, oyog'i ostidagi gilamni tortib yuborishi, bo'r uloqtirishi yoki kutilmaganda ro'baru chiqib, «Mana bu tumshuqni qaranglar!» degancha, burnini qattiq chimchilab tortib qolishi mumkin.

Biroq Dryuzgdan ham o'tib tushadigan yana bir xavf borki, u ham bo'lsa, nazoratchi Argus Filch. Garri bilan Ron baroridan kelmagan tasodifga ko'ra uchinchi qavatning borish man etilgan yo'lagiga olib kiradigan eshikka kirishga urinishgan birinchi kunning o'zida Filchning qo'liga tushib qolishdi. U, bolalarning adashib qolganiga ishonmay, man etilgan yo'lakni atayin kirib ko'rishmoqchi bo'lishganligiga amin bo'lgancha, erto'laga qamab qo'yishga ahd qildi. Xayriyatki, yo'lakdan professor Belka o'tib qolib, bolalarni qutqarib qoldi.

Filchning missis Norris laqabli mushugi bor. Jonivorning yungi chang rangini eslatadi. O'zi o'lguday ozg'in. Ko'zi esa bir juft fonusga o'xshaydi. Mol egasiga o'xshamasa harom o'ladi, degan naql ayni muddao. Negaki, mushukning egasi Filchning ham katta-katta ko'zlari bo'rtib chiqqan. Missis Norris maktab binosining yo'laklarida mustaqil ravishda patrullik xizmatini o'tab, hammani kuzatib yuradi. Biron-bir bola qoidani oz bo'lsa ham buzsa, ya'ni man etilgan chiziqni bir millimetrga bo'lsin oshib o'tsa bas, u shu zahoti sirli ravishda ko'zdan g'oyib bo'lib, egasini chaqirish uchun gum bo'ladi. Xayol o'tib-o'tmay voqea joyiga harsillab pishillagan Filch etib keladi. Filch maktabning sirli yo'llarini har qanday boshqa kishidan ham yaxshiroq bilib (egizak Ueslilardan tashqari, albatta), oyoq ostida kutilmaganda paydo bo'lib qolish borasida arvohdan qolishmaydi. Maktab o'quvchilarining hammasi Filchni juda yomon ko'radi, missis Norrisning dumidan ushlab tortish esa aksariyat bolalarning armonidir.

Qani endi eng mushkul ish sinf xonasini topib olish bo'lsa! Ming afsuski, unday emas! Mashg'ulotlar nihoyatda murakkab. Qisqasi, afsungarlik, sehr-jodu – tushunarsiz so'zlarni valdiragancha, sehrli tayoqchani shunchaki siltab qo'yishdan iborat emasligini Garri tez orada tushunib etdi.

Har chorshanba kuni yarim tunda, bolalar teleskop orqali qop-qora osmonni o'zlashtirishlari, yulduz nomlari va sayyoralar harakatining traektoriyalarini yod olishlari kerak. Haftada uch marotaba esa maktabning orqa hovlisidagi issiqxonaga, pakana bo'yli, chayirgina afsungar ayol professor Sarsabil xonim rahbarligida gerbologiya fanidan saboq olgani yo'l olishlari lozim. Professor Sarsabil xonim begona qo'ziqorin va o't-o'lanlar bilan qanday muomala qilish kerakligi, ulardan nima maqsadda va qanday foydalanish mumkinligini o'rgatadi.

Bolalar uchun eng zerikarli dars, arvoh o'qituvchi o'qitadigan sehrgarlik tarixidir. Yuqori sinf o'quvchilarining so'zlariga qaraganda, nihoyatda keksayib qolgan tarix fani o'qituvchisi professor Binnz kunlardan bir kun o'qituvchilar xonasidagi kamin qarshisida mudrab qolib, ertasiga darsga tanasiz, arvoh ko'rinishida kirib kelgan ekan. Binnz allanarsalarni tinmay to'ng'illaydi. Bolalar esa g'ayriixtiyoriy ravishda tarixiy sana va ismlarni yozib borib, Johil Emerik bilan Ichkilikboz Umerikni adashtirib qo'yishadi.

Afsun o'qish o'qituvchisi professor Flitvikning bo'yi shu qadar pastki, kafedra ortida, o'quvchilarga ko'rinishi uchun kitoblar dastasi ustiga chiqib olishiga to'g'ri keladi. Birinchi dars boshida yo'qlama o'tkazar ekan, Garrining familiyasini o'qigach, zavqqa to'lib qichqirgancha, stol ostiga qulab tushdi.

Professor Minerva Makgonagall, maktabning boshqa o'qituvchilari kabi, shaxsiyatining o'ziga xos xususiyati bilan yaqqol ajrab turadi. Ushbu ayolni ilk bor ko'rganida, unga gap qaytarmagan ma'qul degan o'yga borgan Garri mutlaqo haq ekan. Qattiqqo'l va oqila professor Makgonagall ilk mashg'ulotda, bolalarga o'tirish uchun izn berilishi bilan o'zaro munosabatlar qay yo'sinda borishini yaqqol tushuntirdi-qo'ydi.

- «Xogvars» dargohida siz o'zlashtiradigan sehrgarlikning eng murakkab va nihoyatda xavfli turi – aylanish va aylantirish sanaladi, - dedi u, - Chap qulog'ingiz bilan ham, o'ng qulog'ingiz bilan ham eshitib qo'ying, kim-ki mening darsimda maynabozchilik qilar ekan, sinfni abadiy tark etadi. Bu mening birinchi va so'nggi ogohlantirishimdir.

Shu so'zlarni aytar ekan u, sinfda turgan stollardan birini cho'chqaga so'ng, yana stolga aylantirib qo'ydi. Buni ko'rgan bolalar qoyil qolib, o'xshash karomat ko'rsatishga ijozat berilishini sabrsizlik bilan kutishdi. Biroq ular, biron-bir mebel turini hayvonga aylantirish darajasiga etishlariga hali etti qovun pishig'i borligini xayol o'tmay idrok etishdi. O'z daftariga bir talay murakkab formulalar yozgan har bir o'quvchiga nihoyat bittadan, ignaga aylantirish talab etilgan gugurt donasi tarqatildi. Dars xotimasida faqat Germiona Grenjergina gugurt donasining ko'rinishini oz bo'lsa ham, o'zgartirishga muvaffaq bo'ldi. Professor Makgonagall, ushbu gugurt donasi kumush rang kasb etganligi, bir uchi esa biroz uchli bo'lib qolganligini jamiki sinfga namoyish etib, kamdan-kam tabassum qilishiga qaramay, Germionaga kulgi hadya etdi.

Yovuzlik kuchidan himoya fani bo'yicha birinchi darsni bolalar intizor bo'lib kutdi. Biroq professor Belkaning afsunlari juda jo'n, afsunga taqlid qilingan shunchaki so'zlardek tuyuldi. U dars o'tadigan sinf xonasiga sarimsoq hidi urib ketgan. Aytishlari-cha, doimo hadiksirab yurgan professor Belka sarimsoqni, Ruminiya safarida bo'lgan kezlarda hamla qilgan va uni qidirib shu xonaga ham kelib qolishi mumkin bo'lgan qonxo'r maxluqni hurkitish uchun qo'llar emish. Professorning o'quvchilarga tushuntirib berishiga qaraganda, boshidagi sallani beshafqat manqurtlardan xalos etgani uchun afrikalik minnatdor shahzodalardan biri tortiq qilgan emish. Biroq bolalar, ushbu cho'pchakka ko'p ham ishonishmadi. Negaki, birinchidan, har narsani bilishga haddan ortiq qiziquvchan Simus Finnigan manqurtlar bilan kechgan olishuv haqida batafsilroq so'zlab berishni so'raganida, professor Belkaning rangi qizarib, gapni ob-havo haqidagi mavzuga burib yubordi. Ikkinchidan esa salladan juda kuchli va g'alati hid gupillab turadi. Egizak Ueslilarning fikricha, sallaning ichi ham professor qaerda yurmasin o'sha maxluqdan himoyalangan bo'lishi uchun sarimsoqqa to'ldirilgan emish.

Fanlarni o'zlashtirish borasida o'z sinfdoshlaridan ko'p ortda qolmayotganligini bilgan Garri o'zini bir oz engil his etdi. Aksariyat bolalar magllar oilasidan chiqqan bo'lib, payti etgunga qadar, xuddi Garriga o'xshab, sehrgar yoki afsungar ekanligini bilmagan. Birinchi sinfdagi o'qish davomida o'zlashtirish kerak bo'lgan materiallar shu qadar ko'pki, sehrgarlar oilasidan chiqqan Ronga o'xshash bolalarning ham uquvi etmay qoldi.

Juma Garri bilan Ron uchun o'zgacha kun bo'ldi. Nihoyat ikkovlon nonushta qilinadigan Katta Zalni yo'ldan biror marotaba ham adashmay topib kela oldi.

- Bugun qanaqangi darslar bo'ladi? - so'radi suli yormasidan tayyorlangan bo'tqaga shakar sepayotgan Garri Rondan.

- Birinchi ikki soat davomida sehrli damlamalar tayyorlash fanidan slizerinchi bolalar bilan birgalikda o'tkaziladigan dars bo'ladi. Professor Snegg «Slizerin» fakultetining mudiri ekanligini bilasan. Eshitganim rost bo'lsa, u, barcha masalalarda slizerinchilarni afzal ko'rar emish. Bu gapning rost-yolg'onligini bugun ko'ramiz.

- Unday bo'lsa, professor Makgonagall ham, biz griffindorchilarni afzal ko'rsa yaxshi bo'lar edi, - dedi Garri.

Professor Minerva Makgonagall «Griffindor» fakultetining mudiri bo'lsa-da, o'z o'quvchilariga «g'amxo'rlik» qilgancha, har safar bir dunyo uy vazifasini «qizg'anmay» topshiradi.

Ayni shu fursatda pochta keldi. Pochtaning kelishi bu tariqa o'tishiga Garri ancha ko'nikib qoldi. Ammo ushbu hodisani birinchi bor ko'rganida, ya'ni Katta Zalda o'tayotgan nonushta vaqtida daf'atan yuzlab boyqushlar uchib kirgani, stollar uzra parvoz qilib, o'z sohiblarini qidirishgani, topib olishgach esa tizzalariga xat va sovg'alar tashlab, uchib ketishganini kuzatganida Garrining og'zi ochilib, hang-mang bo'lib qolgan edi.

Bugungi kunga qadar Xedvig Garriga hech narsa olib kelmadi. U ba'zan, boshqa qushlarga qo'shilib boyqushxonaga ketishdan oldin Garrining qulog'ini cho'qib tortish, stolidagi ushoqlardan eb, tamaddi qilib olish uchun uchib keladi. Bu gal esa u shinni solingan ko'racha bilan qanddon o'rtasiga qo'nib, Garrining tarelkasiga xat tashladi. Garri shu hahoti betartib yozilgan xunuk dastxat-la bitilgan xatni ochib o'qidi.


Qadrdonim Garri,

Juma kunining ikkinchi yarmida o'quvchilarga bo'sh vaqt havola etiladi. Soat taxminan uchlarda men bilan choy ichishni istamaysan-mi? Maktabda o'tgan birinchi hafta haqidagi tasavvurlaringni eshitmoqchiman. Javobni Xedvig orqali yo'lla.

Xagrid
Garri Ronning pat-qalamini olib, xatning orqasiga:

«Albatta xohlayman, uchrashguncha», - deb yozdi-da, Xedvigga uzatdi.

Xagrid bilan kutiladigan choyxo'rlik ayni muddao. Aks holda sehrli damlamalar tayyorlash fani unga nihoyatda og'ir sinovdek tuyulgan bo'lar edi. Har qalay oldinda, bitta bo'lsa ham, yoqimli tadbir o'tishi kutiladi-ku.

Ayni shu darsga qadar Garri bunchalik noxush, ahmoqona holatga tushmagan edi.

O'quv yili boshlanishi sharofatiga uyushtirilgan ziyofatda professor Snegg yoqtirmay qarab qo'yganini Garri sezdi, lekin professor o'z fani bo'yicha o'tgan birinchi dars so'nggida Garri yanglishganini tushunib etdi. Negaki u, professorga nafaqat yoqmagani, balki Snegg undan ochiqdan-ochiq nafratlanayotgani yaqqol ma'lum bo'ldi.

Sehrli damlamalar tayyorlash darsi qasr ostidagi xonalardan birida o'tkaziladi. U er yuqoriga nisbatan ancha sovuq bo'lib, tokchalari spirtlangan jonivorlar solingan bankalarga to'lib-toshmagan bo'lganda ham, kishi eti junjikadi.

Snegg ham professor Flitvik singari darsni yo'qlamadan boshlab, navbat Garrining familiyasiga kelganda Flitvik singari to'xtab qoldi.

- Ha-ya, Garri Potter. Maktabimizning... yangi dongdori...

Drako Malfoy va uning do'stlari Krabbe bilan Goyl og'zilarini kaftlari bilan yopib, hiringlab qo'yishdi. Professorning Xagrid ko'zi kabi qop-qora ko'zlarida, maktab qorovulining ko'zlaridan farqli o'laroq, ezgulikdan asar ham ko'rinmaydi. Aksincha, uning nigohi qop-qorong'i tunnelni esga solib, muzday bo'shliqni aks etadi.

- Sizlar bu xonaga sehrli damlamalar tayyorlashga oid aniq fan va bunday damlamalar tayyorlashning nafis san'atini o'zlashtirgani keldingiz, - boshladi professor.

U deyarli shivirlab gapirmoqda. O'quvchilar esa diqqat bilan quloq tutib, uning har bir so'zini uqib olishga urinmoqda. Snegg ham, professor Makgonagall singari, o'quvchilar e'tiborini o'ziga jalb etish mahoratiga ega bo'lib, bu borada sal bo'lsa ham zo'riqishi sezilmaydi.

- Bu fanning, sehrli tayoqchani ahmoqona siltab yurish bilan hech qanday umumiyligi yo'qligi bois, uni afsungarlik deb atalishiga ishonish ko'pchiligingiz uchun qiyin kechishi muqarrar. Shovqinsiz, miltillab qaynayotgan qozoncha va uning ustida yaltirayotgan bug'ning sehrli manzarasi, insonning qon tomirlariga singib kirib, aqlini sehrlab qo'yadigan, his-tuyg'ularini esa batamom asoratga soladigan suyuqliklarning qaltis kuchiga munosib baho bera bilishingizni sizlardan kutmayman ham. Men sizlarga shon-shuhratni shisha idishchalarga quyib chiqish, choynakka mardlik va jasoratni damlash, o'likka jon bag'ishlaydigan suv tayyorlashni o'rgatishim mumkin. Agar siz, aksariyat bitiruvchilar singari, menga duch kelayotgan, navbatdagi bedavo ahmoq va nodon bo'lmasangiz, albatta.

Ushbu qisqa nutqidan so'ng, professor, bir oz sukut saqladi. Garri bilan Ron bir-biriga taajjub-la qarab qo'ydi. Germiona Grenjer esa har qanday soniyada o'zining nodon emasligini isbotlamoqchi bo'lganday, kursi chetiga o'tirib olib, tipirchilamoqda.

- Potter! - kutilmaganda ovoz berdi professor, - Tilla gulning tuyilgan ildizi shuvoq damlamasiga solinsa nima bo'ladi?

Nimaning tuyilgan ildizini nimaning damlamasiga? Garri Ron tomon yuzlandi. Ronning hang-mang bo'lib qolgan turqi Garrining basharasidan qolishmadi. Germionaning qo'li esa havoga otildi.

- Bilmadim, ser, - javob qaytardi Garri.

- Ha-a... Bu masalada mashhurlikning o'zi kamlik qiladi, - og'zini zaharxanda burishtirdi Snegg, Germionaning ko'tarilgan qo'liga e'tibor ham qaratmay, - Yana bir bor urinib ko'ring Potter. Bezoar toshini olib keling desam, uni qaerda qidirgan bo'lar edingiz?

Germiona o'tirgan kursisidan turib ketmaslikka urinib, qo'lini imkon qadar baland ko'tardi. Garri esa bezoar toshi haqida hech qanday tasavvurga ega emas. U ovoz chiqarmay qahqahlamoqdan elkalari siltanib o'tirgan Malfoy, Krabbe va Goyl tomonga qaramaslikka urindi.

- Bilmadim, ser.

- Fahmlashim-cha, Potter, maktabga kelgunga qadar kitob varaqlamaganga o'xshaysiz, shundaymi?

Garri nigohini professorning sovuq ko'zlaridan olib qochmaslikka zo'r berdi. Albatta u darsliklar bilan tanishib chiqqan. Biroq Fillida Sporaning «Mingta sehrli alaf va qo'ziqorinlar» kitobini yoddan bilishga majbur emas-ku?!

- Potter, ko'k gunafsha bilan ko'k ayiqtovon o'rtasida nima farq bor? - so'radi Snegg Germionaning ko'tarilgan qo'liga hamon e'tibor qaratmay.

Qo'li bilan shiftga etmoqchi bo'lgan Germiona nihoyat o'rnidan turib ketdi.

- Bilmadim, ser, - javob qaytardi Garri, vazminlik bilan, - Nazarimda savollaringizga Germiona javob bera oladi, undan so'rab ko'rmaysiz-mi?

Sinfda hingir-hingir kulgi eshitildi. Garrining nigohi ko'zini qisib qo'ygan Simusga tushdi.

- Joyingizga o'tiring, - o'shqirib berdi domangir Snegg, Germionaga qarab, - Ma'lumotingiz uchun, Potter, tilla gulning tuyilgan ildizi bilan shuvoq damlamasi aralashtirilsa shunday uyqudori hosil bo'ladiki, unga «Tirik qoldiradigan ajal qultumi», degan nom berilgan. Aksariyat zahar turlarining odam o'ldirish ta'siridan saqlab qoladigan bezoar toshi esa tog' takasining oshqozonidan chiqarib olinadi. Ko'k gunafsha bilan ko'k ayiqtovonga kelsak, bu ayni bir o'simlik bo'lib, parpi deb nomlanadi. Xo'sh, nima gap? Nega hech kim yozib olmayapti?

Shu zahoti sinf xonasini pergamentning shitir-shitiri va pat-qalamlarning g'ichirlashi qamrab oldi.

- Sizning sharofatingiz bilan, Potter, «Griffindor» kollejidan bir ball ayriladi.

Dars davom etgan sari «Griffindor»ning holati yomonlashishga battar yomonlashdi-ki, mutlaqo tiklanmadi. Snegg sinf o'quvchilarini juftlarga bo'lib chiqib, insonning teri qoplamasidagi kuygan joyni davolash uchun qo'llaniladigan, uncha murakkab bo'lmagan dori tayyorlashga kirishishni buyurdi. U, o'zining uzun qora kiyimi bilan sinf bo'ylab goh u tomon, goh bu tomon shiddat bilan yurar, bolalar quritilgan gazanda o't bilan ilonning tuyilgan tishini tarozida tortayotganini kuzatar, bir qarashda yoqtirib qolgan Malfoydan tashqari, hammaning xatti-harakatini tanqid qilar edi.

Snegg shoxli shilliqqurtni obdon qaynatgan Malfoyni hammaga ibrat qilib ko'rsatayotgan fursatda, qaerdandir yashil tusli achchiq tutun pag'a-pag'a chiqib, butun erto'laga pishillagan tovush eshitildi. Simus bilan birgalikda dori tayyorlayotgan Nevill, tushunib bo'lmaydigan tarzda sherigining qozonini qizdirib, eritib yuboribdi. Oqibatda, ushbu suyuqlik, qozonga yaqin turgan bolalarning poyafzallarini teshgancha, tosh polga tinimsiz oqdi. Bolalarning hammasi sanoqli soniyalar ichida kursilarga sakrab chiqidi. Egniga eritma purkalib, qo'l-oyog'i mudhish tarzda qizara boshlagan Nevill og'riqdan ingramoqda.

- Jin urgan ovsarlar! - qichqirib yubordi Snegg, sehrli tayoqchasini siltagancha, suyuqlikni gum qilar ekan, - Qozonni olovdan olmay turib jayra ignasini soldingiz-mi?

Burniga qadar kuygan Nevill hiqillab yig'lay boshladi.

- Shifoxonaga elting, - buyurdi Snegg Simusga.

Shundan so'ng, Snegg o'z qahrini Nevillning yonida ishlagan Garri bilan Ronga to'kib soldi:

- Siz Potter, nega uni to'xtatib qolmadingiz? Uni xunuk ko'rsatib, o'zingiz yaxshi ko'rinmoqchi bo'ldingiz-mi? «Griffindor» sizdan minnatdor bo'lishiga shubha qilaman, negaki fakultet yana bir ball yo'qotdi.

Naqadar adolatsizlik! Garri o'z haq-huquqini himoya qilishga urinib, endi og'iz juftlagan edi ham-ki, qozon ortida turgan Ron uni bir tepib, to'xtatib qoldi.

- Baslashma, - pichirladi Ron, - Aytishlari-cha, mudhish Sneggning tabiati shu emish.

Bir soat o'tgach, Garri nihoyatda ezilgan holatda, bo'lib o'tgan ishlar haqida o'ylanib sinfdoshlar bilan birgalikda er osti yo'lagidan yuqoriga ko'tarildi. Birinchi haftaning o'zida «Griffindor» Garrining aybi bilan ikki ball yo'qotdi. Qaysi gunohi uchun Snegg uni bu qadar yomon ko'rar ekan, a?

- Xafa bo'lma, - yupatishga urindi uni Ron, - Snegg Fred bilan Jorjni ham muntazam jazolab, ball ayirib boradi. Xagridning huzuriga sen bilan borsam maylimi?

Bolalar soat o'n to'rtdan ellik besh daqiqa o'tganida qasrdan chiqib, hovli orqali Xagridning Man etilgan o'rmon chetidagi kulbasi tomon yo'l oldi. Kirish eshigi ustida arbalet bilan bir juft kalish ilib qo'yilgan ekan (Arbalet – kamonga o'xshash qadimgi qurol).

Garri eshik taqillatdi. Ichkaridan dastlab timdalash va yangroq ingrash tovushi, fursat o'tib, Xagridning «Qayt, So'yloqtish, jim bo'l» degan ovozi eshitilib, qiya ochilgan eshikda yung bosgan yirik yuzi ko'rindi.

- Shoshmay turing, hozir, - dedi u, - Orqaga, So'yloqtish.

Xagrid kattakon nemis dogini bo'yinbog'idan bazo'r tutib turgancha, bolalarni ichkariga kiritdi.

Shiftiga son go'shti bilan qirg'ovullar osib qo'yilgan kulba atigi ikkita xonadan iborat. Burchakda quroq ko'rpa tashlangan katta karavot o'rnatilgan bo'lib, o'choqda yonayotgan ochiq olov ustida kattakon mis choynak qaynab turibdi.

- O'zingizni o'z uyingizda deb biling, - ichkariga taklif qildi Xagrid So'yloqtishni bo'shatar ekan.

It shu zahoti Ronning oldiga kelib, qulog'ini yalay ketdi. So'yloqtish ham, Xagrid ham jahldor emasligini Ron juda yaxshi tushunib etdi.

- Tanishing, bu Ron, - dedi Garri katta choynakka choy damlab, likopga toshday qotgan bulochkalarni solayotgan Xagridga.

- Navbatdagi Uesli, shundaymi? - so'radi Xagrid, sepkil bosgan Ronga qarab, - Akalaringni o'rmondan quvib chiqarishga umrimning yarmi zoe ketdi.

Yaqinroq qaraganda uzumli bulochkalar biror-bir shaklga ega bo'lmay, ehtiyot bo'lmasa kishi tishini sindirib olishi hech gap emas. Biroq Garri bilan Ron bunday mehmondorchilikdan xursand ekanligini soxta bo'lsa ham namoyon etib, o'zlarining birinchi tasavvurlari bilan o'rtoqlasha ketdi. So'yloqtish Garrining tizzasiga boshini qo'yib, so'lak oqizgancha mantiyani rasvo qildi.

Xagridning Filchni «qari tentak» deganini eshitib, Ron bilan Garri xursand bo'ldi.

- Anavi missis Norris laqabli mushugini mana bu So'yloqtish bilan tanishtirib qo'ysa zo'r ish bo'lar edi. Qasrga kirishim bilan, orqamdan qolmay ergashib yuradi, la'nati. Undan qutulish qiyin, jonivor Filchning amrini bajaradi-da.

Garri Xagridga Sneggning darsida bo'lgan voqeani aytib berdi. Xagrid xuddi Ron kabi tashvish tortmaslik kerakligi, Snegg biron-bir o'quvchini yoqtirmasligini aytdi.

- Lekin u mendan ochiqdan-ochiq nafratlanadi!

- Bo'lmagan gap, - ishonmadi Xagrid, - Nega endi nafratlanar ekan?

Ammo, ushbu gapni aytayotgan Xagrid ko'zini yashirayotgani Garrining e'tiboridan chetda qolmadi.

- Sening akang Charli, nimalar bilan mashg'ul bo'lib yuribdi? - so'rab qoldi Xagrid Rondan, - Zo'r bola, hayvonlarni yaxshi ko'radi.

Xagrid mavzuni atayin o'zgartirib yubordi, xayoldan o'tkazdi Garri.

Ron Xagridga Charlining ishi ajdarlar bilan bog'liq ekanligini aytib berayotgan paytda Garri stol ustida yotgan gazeta bo'lagini qo'liga oldi. Bu «Bashorat-u, karomat gazetasi»ning parchasi ekan:


«GRINGOTTS» BANKIDAGI QULFNI BUZIShGA URINISh HOLATI
Taxminlarga ko'ra, noma'lum yovuz sehrgar yoki afsungarlar tomonidan joriy yilning 31 iyul kuni «Gringotts» bankidagi bo'lma qulfini buzishga urinish holati yuzasidan olib borilayotgan tergov tadbirlari davom etmoqda.

Bank xodimlari bo'lmish goblinlarning ta'kidlashlaricha, bankdan hech narsa o'g'irlanmagan. Qulfbuzar o'g'rilar ayni shu kuni, ulardan oldin, belgilangan tartibda bo'shatilgan bo'lma eshigini ochib kirishga urinishgan.

«Biroq ushbu bo'lmada nima saqlanganligini keng ommaga etkazish niyatimiz yo'q. Shu bois, noxush ishga aralashib qolishni istamaganlarga, bu mavzudan nari yurishni tavsiya etamiz!» - bayonot qildi jamoatchilik bilan aloqalar goblini.
Ron poezdda «Gringotts»da sodir etilgan o'g'irlik holatini tilga olgan edi-yu, qachon yuz berganligini aytmagan edi, esga oldi Garri.

- Xagrid, - xitob qilib yubordi Garri, - «Gringotts»dagi voqea tug'ilgan kunimda sodir etilgan ekan! Ehtimol, ayni biz tashrif buyurgan paytda ro'y bergandir!

Shubhaga o'rin yo'q, Xagrid yana ko'zini olib qochdi. U shayton so'zi bilan so'kinib, bulochka taklif qildi. Garri gazeta maqolasini qaytadan o'qib chiqdi: «Qulfbuzar o'g'rilar ayni shu kuni, ulardan oldin, belgilangan tartibda bo'shatilgan bo'lma eshigini ochib kirishga urinishgan». Xagrid etti yuz o'n uchinchi bo'lmani bo'shatgan edi. Agar o'sha bo'lmadagi ezilib ketgan kichkinagina xaltani olib chiqqanligi inobatga olinsa, Xagrid «bo'lmani bo'shatdi» desa bo'ladi. O'g'rilar o'g'irlamoqchi bo'lgan narsa haqiqatan shu xaltamikan?

Bolalar, o'zlari bilan olib ketish taklifini rad etishga jur'at eta olmay, cho'ntaklarini tosh bulochkalar bilan to'ldirgancha, qasrga, kechki ovqatga qaytishdi. O'tgan biron-bir dars, Garrini Xagridning kulbasidagi choyxo'rlik kabi o'yga toldirmagan. Demak Xagrid xaltani mavridida olib chiqqan ekanda? Xo'sh, o'sha xalta hozir qaerda? Xagrid Snegg haqidagi gapni boshqa mavzuga burib yubordi. Demak u biron-bir gapdan boxabar-u, menga aytishni istamadi.

Bob-9." TUN YaRMIDAGI DUEL"

Agar Garriga: vaqti kelib, Dadlidan ham battar nafratlanadigan bolani uchratasan, - deb aytishganda, Drako Malfoy bilan tanishgunga qadar ishonmagan bo'lar edi. «Griffindor»ning birinchi sinf o'quvchilari slizerinchilar bilan faqat sehrli damlamalar tayyorlash fani darsida uchrashib, Malfoyning basharasini kamdan-kam ko'rishadi. Biroq bunday holat «Griffindor» kollejining umumiy mehmonxonasiga e'lon osib qo'yilgunga qadar davom etdi xolos. E'lonni o'qigan bolalarning hammasi birday ingrab yuborishdi. Unda yozilishicha, uchish mashqlari payshanba kuni boshlanib, «Griffindor» bilan «Slizerin» birgalikda o'zlashtirar ekan.

- Juda yaxshi ish bo'libdi-da, - dedi Garri ma'yus kinoya bilan, - Ayni shunisi kamlik qilib turgan edi. Malfoyning ko'z o'ngida supurgiga o'tirib olgan tentakka o'xshar ekanman-da endi.

Garri uchish mashg'ulotlarini zoriqib kutar, uchishni o'rganib olishni juda istar edi.

- Nega endi tentakka o'xshar ekansan, - yupatishga urindi Ron, - Malfoy kvidishni zo'r o'ynashi borasida maqtanib yurgani-yurgan, albatta. Biroq ont ichib aytaman-ki, bu gaplarning bari safsatadan boshqa narsa emas.

Malfoy haqiqatan ham o'z parvozlari haqida ko'p gapiradi. U birinchi sinf o'quvchilari kvidish jamoasiga qabul qilinmasligi borasida achinib, doimo magllar boshqarayotgan vertolyotni urib tushirishiga sal qolganligi yoki shunga o'xshash biron-bir lof bilan yakun topadigan uzundan-uzoq cho'pchaklarini tinmay so'zlab yuradi.

Ammo bu masalada Malfoy yolg'iz emas, Simus Finniganning gaplariga quloq tutiladigan bo'lsa, u o'zining bolalik davrini supurgi ustida, qishlog'i uzra uchib o'tkazib yuborgan emish. Hatto Ron ham, uni eshitadigan har qanday kishiga akasi Charlining supurgisida uchib yurgan kunlardan birida deltaplan bilan to'qnashib ketishiga bir baxya qolganini aytib berishga tayyor.

Umuman, sehrgarlar oilalaridan chiqqan bolalarning barchasi kvidish o'yini haqida ko'p gapirib, magllar o'ynaydigan o'yinlarning aksariyatini tushunish qiyinligi bois, eshitishni ham xohlashmaydi. Ron magllarning futbol o'yini orqasidan hattoki, bir xonada yashaydigan Tomas Din bilan yoqalashib ketishiga oz qoldi. Ron atigi bir dona to'p bilan o'ynaladigan, loaqal havoda uchish ham mumkin bo'lmagan bunday o'yinni tasavvuriga hech sig'dira olmadi. Kunlardan bir kun Garri Ronni Dinning karavoti ustiga osib qo'yilgan Vestxem futbol jamoasi tasvirlangan plakatni barmog'i bilan chertgancha, o'yinchilarni harakat qilishga majbur qilishga urinib turgan holatida ko'rib qoldi.

Buvisi supurgiga yaqin yo'latmagan Nevill esa hali biror marotaba bo'lsin, uchmagan ekan. Garri ichida, Nevillning buvisi juda to'g'ri qilibdi degan xulosaga bordi. Negaki Nevill, supurgi u yog'da tursin, hatto Xudo bergan ikki oyog'ida erda yurib ham, doimo qoqilib-surtinib, qulab yuradi.

Osmon-u falakda parvoz etish kerakligini o'ylagan Germiona Grenjer ham hayajon borasida Nevilldan qolishmaydi. Uchish ko'nikmasini, sohaga oid darsliklarning barchasini yod olsang ham, amaliyotsiz shakllantirib bo'lmasligini qizaloq juda yaxshi biladi. Germiona maktab kutubxonasining «Asrlar osha o'tib kelgan mangu kvidish» kitobidan o'qib olgan tavsiyalari bilan payshanba kungi nonushta vaqtida o'rtoqlashgancha, hammani zeriktirib, o'lar holatga keltirib qo'ydi. Nevill esa uning har bir so'ziga diqqat bilan quloq tutib, ushbu tavsiyalar supurgidan qulab tushmaslikka yordam berishiga umid bog'ladi. Pochta kelib, Germionaning uzundan-uzoq ma'ruzasi bo'linishiga sabab topilgani bois, sinfdoshlar o'zlarini ancha engil tortishdi.

Garriga Xagridning o'sha kungi xatidan tashqari, boshqa hech qanday pochta kelmadi. Tabiiyki, Malfoy ushbu holatni tez payqadi. Uning qarchig'aylar oilasiga mansub ukkisi har kuni konfet tashish bilan, Drako esa nonushta vaqtida qutilarni ochko'zlarcha ochib, konfet eyish bilan ovora.

Bugun ombor boyqushi Longbottomga buvisi yuborgan sovg'a keltirdi. Xursand bo'lgan Nevill tugunni ochib, kattagina, aftidan oq tutun to'latilgan shisha shar chiqardi.

- Ie, axir bu, Esga ol-ku! - quvonch-la e'lon qildi u, - Doimo nimanidir esdan chiqarib yurishimni buvim juda yaxshi biladi. Esga ol esa yodingdan chiqib qolgan buyum yoki biron-bir ishni darhol esingga soladi. Mana qaranglar, Esga olni mahkam ushlaysiz. Agar biron narsani... esdan chiqargan bo'lsangiz... uning rangi qizaradi... Voy! - shisha shar shu zahoti qizarib ketganidan Nevillning yuzi birdan g'amgin qiyofa kasb etdi.

Nevill nimani yodidan chiqarganini zo'r berib eslayotgan fursatda «Griffindor» stoli yonidan o'tib borayotgan Malfoy Nevillning qo'lidagi Esga olni shartta tortib oldi.

Anchadan buyon Malfoyning ta'zirini berib qo'yishga bahona topa olmay yurgan Garri bilan Ron irg'ib turishdi.

- Nima gap? - yangradi tanish ovoz.

Ming afsuski, mushtlashish holati muqarrar bo'lib qolgan vaziyatni oldindan sezadigan g'ayritabiiy qobiliyatga ega professor Makgonagall, ko'z ochib yumguncha, voqea joyida paydo bo'libdi.

- Anavi Malfoy Esga olimni olib qo'ydi, professor.

Teskari qarab so'kinib olgan Malfoy zarda qilgancha, Esga olni stolga uloqtirdi.

- Ko'rmoqchi edim xolos, - dedi u, nazari ilmay va Krabbe bilan Goylga imo qilib, ikkalasining xamrohligida nari ketdi.

Tushdan so'ng, soat uchdan o'n uch daqiqa o'tganda Garri, Ron va boshqa griffindorchilar zinadan pastga, hovlida o'tkaziladigan birinchi uchish mashqlariga oshiqib, shosha-pisha tushishdi. Kun ochiq, esayotgan engil shabada maktab hovlisining uzoq chekkasidagi tekis maysazorga olib tushadigan nishablikda o'sgan o't-o'lanni to'lqin hosil qilgancha, tebratmoqda. Maysazor ortida esa Man etilgan o'rmon daraxtlari vahima solib chayqalmoqda.

Slizerinchilar allaqachon yigirmatacha supurgi bir tekis terib chiqilgan maysazorda yig'ilib olishgan ekan. Supurgilarni ko'rgan Garri aka-uka Fred va Jorj Ueslilarning shikoyatini esladi. Egizaklarning fikricha, maktab supurgilari yaxshi uchmas, agar haddan ortiq yuqoriga ko'tarilib ketsang silkinar, ba'zan parvoz yo'nalishidan chap tomonga beixtiyor og'ib ketar emish.

Mashg'ulot maydoniga o'rta bo'yli, sochi oqargan, qirg'iyko'z o'qituvchi Rolanda Tryuk xonim etib keldi.

- Xo'sh, nimani kutyapmiz? - qichqirdi u, - Qani hamma o'z supurgisining yoniga kelib tursin-chi! Tez!

Garri pastga, o'ziga yaqin yotgan, eskirib, g'adir-budur bo'lib ketgan supurgiga qaradi.

- O'ng qo'lingizni supurgi ustida uzating, - buyurdi Tryuk xonim, bir qator saf tortgan o'quvchilar qarshisiga chiqib, - Yaxshi. Endi supurgiga qarab: «Tur!» komandasini bering.

- TUR! - baqira ketishdi bolalar.

Garrining supurgisi shu zahoti tik turib, sopi qo'liga etdi. Biroq bunday holat hammada ham ro'y bermadi. Germiona Grenjerning supurgisi dumalab, nari ketib qoldi, ovozi qat'iy eshitilmayotgan Nevillning supurgisi esa qilt etmadi. Ehtimol supurgi ham otga o'xshab, egarlamoqchi bo'lgan kishining qo'rqayotganini his etsa kerak, xayoldan o'tkazdi Garri. Negaki Nevill oyog'ini erdan uzishni xayoliga ham keltirmayotgani ayon ko'rinib turibdi.

Tryuk xonim qulab tushmaslik uchun supurgi ustiga qanday joylashish kerakligini ko'rsatib, bolalar orasida, supurgi sopini ushlab olgan qo'lchalarini to'g'rilab yurdi. O'qituvchi Malfoyga bir umr noto'g'ri holatda uchgani haqidagi xulosasini aytganda, Ron bilan Garri ichiqoralarcha huzur qilishdi.

- Hozir, hushtagimni eshitgach, erdan zarb bilan tepinib, yuqoriga ko'tarilasiz, - tushuntirishlarini davom ettirdi Rolanda Tryuk xonim, - Supurgini tekis tuting. Bir necha futga ko'tarilgach, darhol erga qo'ning. Buning uchun gavdangizni mana bunday qilib bir oz oldinga egishingiz kerak bo'ladi. Hamma tayyormi? Demak, hushtagim yangragach, bir, ikki... (Eslatma: 1 fut 0,3048 metrga (ya'ni 30 santimetrga) teng).

Hamma havoga ko'tarilsa-yu, yolg'iz o'zi erda qolib ketishini o'ylab, sarosimaga tushib qolgan Nevill, Tryuk xonim hushtagini labiga yaqinlashtirishga ulgurmay, erdan zarb bilan tepindi.

- Hoy bolakay, qayt orqanga, qayt dedim senga! - qichqirdi Tryuk xonim.

Biroq Nevill, shisha bo'g'zidan otilib ketgan tiqin kabi tik yuqoriga, taxminan o'n ikki-yigirma futga ko'tarilib ketdi. Qo'rqib, o'lar holatga kelib qolgan Nevill murdadek oppoq yuzi bilan pastga qarab, dod solgancha, o'zini yonboshga tashlab, shap etib erga tushdi.

Uning supurgisi yuqorilashni davom etib, ancha balandga ko'tarilgach, Man etilgan o'rmon tomon uchib ketib, ko'zdan g'oyib bo'ldi. Nevill esa erda, ayanchli holatda yotibdi.

Yuzi Nevillning yuzidan qolishmagan darajada oqarib ketgan Rolanda Tryuk xonim yugurib borib, bolaning ustiga engashdi.

- Bilagi sinibdi, - eshitib qoldi Garri o'qituvchining so'zini, - Qani bolakay, o'rningdan tur-chi. Qo'rqma, vahima qiladigan ish bo'lgani yo'q. - Bolani ambulatoriyaga eltib qo'ygunimga qadar hamma o'z joyida, qilt etmay tursin, - dedi u, qolganlarga yuzlanib, - Supurgilar ham yotgan joyida yotgancha qolishi shart. Aks holda «Kvidish» so'zini talaffuz etishga ulgurmay, «Xogvars»dan haydalishingiz muqarrar. Qani, bolakay, tur ketdik.

Ular sal uzoqlashishi hamono Malfoy manfur bashara yasab, qahqahlab yubordi.

- Anavi bir qop kartoshkaning yuzini ko'rdinglar-mi?

- Ovozingni o'chir, Malfoy! - o'shqirdi Parvatti Patil.

- Oooo, Longbottomni himoya qilyapsan-mi? - jirkanch qiyofa ila hayron bo'ldi, slizerinlik sovuq yuzli qizaloq Pansi Parkinson, - Senga, Parvatti, semiz yig'loqilar yoqishini bilmas ekanman.

- Anavi nima? - qichqirdi oldinga intilgan Malfoy, erdan allaqanday narsani ko'tarib, - Ie, qaranglar, axir bu Longbottomning buvisi yuborgan ahmoqona sovg'a-ku.

Malfoyning qo'lida quyosh nurlarida yarqirayotgan Esga ol ko'rindi.

- Uni menga ber, - vazmin talab qildi Garri.

Maydondagilar Garri bilan Malfoy tomonga yuzlanib, ularning bahsi nima bilan yakun topishini qiziqib kuzatishdi.

- Fikrimcha, - dedi Malfoy ablahona kulib, - Bu narsani Longbottomning ko'zi tushadigan joyga, misol uchun... daraxt ustiga joylab qo'yish kerak, a?

- Menga ber dedim senga! - o'shqirdi Garri.

Biroq Malfoy supurgiga o'tirdi-da, havoga ko'tarildi. Malfoy yolg'on gapirmagan ekan, u haqiqatan ham ucha olar, uchganda ham yaxshi uchar ekan.

- Mana Potter, - qichqirdi emanning eng yuqori shoxlaridan biri yaqinida muallaq to'xtagan Malfoy Garriga qarab, - Shu erga qo'yaman, kelib olishing mumkin.

Garri supurgisini qo'liga oldi.

- Yo'q! - umidsiz ohang-la qichqirdi Germiona Grenjer, - Tryuk xonim qilt etmaslikni buyurgan. Seni orqangdan ta'zirimizni eymiz.

Ammo qoni qaynab ketgan Garri uning qichqirig'iga e'tibor qaratmadi. U shartta supurgiga o'tirdi-da, erdan zarb bilan tepinib, havoga ko'tarildi.

Yuqorida esayotgan shamol Garrining sochi va kiyimining etagini ortga tashlab, hilpirata boshladi. Shu zahoti huzur va zavq tuyg'usi bolaning vujudini butunlay qamrab oldi. Nihoyat u, o'qimasdan ham tasarruf etish mumkin bo'lgan sehrgarlikni topdi. Parvoz juda ham oson va maroqli kechar ekan. U yuqoriroq ko'tarilish uchun supurgini o'ziga tortdi. Qulog'iga juda pastda qolgan qizchalarning chiyillashlari va Ronning zavq bilan chuvvos solishi eshitildi.

Garri supurgini keskin burib, murdadek qotib qolgan Malfoy bilan yuzma-yuz keldi.

- Menga ber dedim, - talabini takrorladi Garri, - Yo'qsa, hozir seni supurgingdan itarib tashlayman!

- Nahotki?! - dedi Malfoy qo'rqib ketganini yashira olmasa ham, obro'sini yo'qotmaslikka urinib.

Qandaydir mo''jiza Garriga qanday ish tutish kerakligini bildirdi. U supurgisini mahkam ushlab, tanasini oldinga engashtirdi. Supurgisi xuddi nayza kabi Malfoy tomon shiddat bilan ucha boshladi. Drako bazo'r chap bera oldi. Katta tezlik bilan pastga qarab uchayotgan Garri abjirlik bilan supurgisini yana to'g'rilab oldi. Erda turganlar qarsak chalishdi.

- Xo'sh, Malfoy! Bu erda senga yordamga keladigan Krabbe ham, Goyl ham yo'q. Endi nima qilasan, bechora? - mazax qilib qichqirdi Garri.

Aftidan, Malfoy ham shu haqda o'ylanib qolgan ko'rinadi.

- Ma, eplasang tutib ol!

Malfoy qo'lidagi shisha sharni yuqoriga otib, o'zi pastga sho'ng'idi.

Garri, dastlab yuqoriga sekin-asta ko'tarilgan, so'ng tezlik olib, pastga tusha boshlagan shisha sharga yuzlandi-da, tanasini engashtirib, supurgisining sopini erga qaratdi. Keyingi soniyada shisha sharga etib olishga harakat qilgancha, tik pastga tushib, katta tezlik ola boshladi. Kuzatuvchilarning qichqirig'i bilan uyg'unlashib ketgan shamol chiyillab eshitilmoqda. Garri qo'lini uzatib, erga etishiga bir metr qolgan sharni tutib oldi va shu vaqtning o'zida supurgisining harakatini to'g'rilab olishga ulgurdi. Yana bir aylanib, qo'lidagi Esga ol bilan maysazorga asta qo'ndi.

- GARRI POTTER!

Ushbu ovozni eshitgan bolaning yuragi, hozirgina o'zi pastga tushgan tezlikdan ham katta tezlikda tovonga qadar tushib ketganday bo'ldi. Garrining yoniga professor Makgonagall yugurib keldi. Bola qaltiragancha, o'rnidan turdi.

- «Xogvars»da shuncha yildan buyon ishlab kelar ekanman, hali bunaqa... bunaqasi bo'lmagan.

Hayajonlangan professor tildan qolgan chamasi. Uning shishalari kvadrat ko'zoynagi quyosh nurlarida: «Bu nima qilganing, bo'yningni sindirib olishing mumkin edi-ku!» deganday haybat solib yarqiramoqda.

- Ayb unda emas, professor...

- Jim bo'ling, miss Patil...

- Axir Malfoy...

- Bo'ldi bas, mister Uesli. Potter, hoziroq ortimdan yuring.

Garri o'quv maydonini tark etar ekan, Malfoy, Krabbe va Goylning muzaffariyat ifodalab turgan yuzlariga qarab qo'ydi. U qasr tomon qat'iy qadam tashlab ketayotgan professor Makgonagallning ketidan boshini ham qilgancha ergashib ketdi. Hammasi tamom. Ana endi uni maktabdan haydab yuborishlari muqarrar. U allanarsa demoqchi, o'z xatti-harakatlarini oqlamoqchi bo'ldi-yu, biroq tili itoat qilmay qo'ydi. Professor Makgonagall esa Garri tomon biror marotaba bo'lsin, qiyo boqmadi. Bolaga professor bilan teng borish uchun sal kam yugurib yurishga to'g'ri keldi. U maktabda hatto to'liq ikki hafta ham o'qishga ulgurmadi. O'n daqiqadan so'ng esa bisotlarini yig'ishtirishga kirishadi. Uni ostonada ko'rgan Dursllar nima der ekan?

Mana, qasrning asosiy eshigiga olib chiqadigan zinalar. Endi ichki hashamatli marmar zinapoya bo'ylab ko'tarilishmoqda. Professor Makgonagall esa hanuzgacha miq etgani yo'q. U qasr yo'laklari bo'ylab, qarshisidagi eshiklarni kuch bilan ochgancha, qat'iy odimlab bormoqda. Garri kollej mudirining ortidan mahkum qilingan mahbusday ergashib bormoqda. Ehtimol Dambldorning huzuriga olib borayotgan bo'lsa kerak. Daf'atan Garrining esiga Xagrid tushib qoldi. Axir uni ham bir vaqtlar o'qishdan chetlatishgan, biroq maktab qorovuli sifatida qoldirishgan. Balki Garrini Xagridga yordamchi sifatida qoldirishar? Ron va boshqa sinfdoshlari haqiqiy sehrgar bo'lib etishishlari, u esa bir chetda, o'rtoqlarini kuzatgancha, Xagridning ortidan qop elkalab yurishini tasavvur qilib ko'rdi.

Professor Makgonagall alaqanday sinf xonasi oldida to'xtab, eshikni ochdi-da, boshini ichkariga suqib:

- Meni ma'zur sanang, professor Flitvik, Drevni bir daqiqaga berib turasizmi?

Drev degani nima bo'ldi ekan, vahimaga tushdi Garri, kaltaklash uchun qo'llaniladigan biror-bir tayoqmi?

Biroq Drev professor Flitvikning xonasidan taajjublanib chiqqan, beshinchi sinfda o'qiydigan baquvvat bola ekan.

- Ortimdan yuring, ikkalangiz, - buyurdi professor Makgonagall.

Uchalasi yo'lak bo'ylab, sinf xonasidan nari ketishdi. Drev esa yo'l davomida Garrini qiziquvchanlik bilan boshdan oyoq qarab bordi.

- Kiring, - dedi professor Makgonagall, sinf taxtasiga uyatsiz iboralar yozish bilan band poltergeyst Dryuzgdan boshqa hech kim bo'lmagan yana bir sinf eshigini ochib, - Yo'qol bu erdan, Dryuzg!

Dryuzg qo'lidagi bo'rni tunuka idishga otib yubordi-da, allaqanday la'natlar o'qib, xonadan uchib chiqdi. Professor Makgonagall poltergeyst ortidan eshikni yopib, bolalarga yuzlandi.

- Tanishing Potter, bu Oliver Drev. Drev, sizlarga Sayyod topdim.

Drevning yuzidagi taajjub hayrat qiyofasiga almashdi.

- Jiddiy aytyapsiz-mi, professor?

- Mutlaqo, - qat'iy ohang-la tasdiqladi professor Makgonagall, - Bu bola tug'ma iste'dodning o'zginasi. Hayotimda bunaqa uchuvchini hali ko'rmaganman. Bugun Siz birinchi bor supurgiga o'tirishingiz, shundaymi, Potter?

Garri ovoz chiqarmay bosh irg'idi. Gap nima to'g'risida borayotganligini tushunmagan bo'lsa ham, har qalay maktabdan haydashmayotganini idrok eta boshladi va shu bois bo'lsa kerak, oyog'iga asta-sekin kuch qaytayotganini his etdi.

- Bu yigitcha, qo'lida ushlab turgan anavi narsani, ellik futdan ortiq balandlikdan o'zini tashlab, er yaqinida tutib oldi, - dedi professor Makgonagall, - Ko'rib turibsan, biron eri hatto shilingani ham yo'q. Hatto Charli Uesli ham bunday qila olmagan bo'lar edi.

Professorning so'zlarini eshitgan Drev xuddi bir soat ichida armon ila bir umr orzu qilib yurgan narsasiga erishgan kishiday quvonib ketdi.

- Kvidish o'yini qanday o'ynalishini hayotingda biror marotaba bo'lsin, ko'rganmisan? - to'lqinlanib so'radi Drev.

- Drev «Griffindor» jamoasining sardori, - qisqacha tushuntirib o'tdi professor Makgonagall.

- Uning qomati ham Sayyod bo'lishi uchun juda bop ekan, - dedi Drev, Garrini aylanib tomosha qilgancha, baho berar ekan, - Vazni engil, chaqqon. Unga durustroq supurgi olib berish kerak. O'ylayman-ki, «Nimbus-2000» yoki «Sof g'alaba» rusumli supurgining ettinchi modeli ayni muddao bo'ladi.

- Dastlab, kvidish jamoasiga birinchi sinf o'quvchilarini qabul qilish qoidasi to'g'risida professor Dambldor bilan gaplashib olishim kerak. Biroq Muqaddas falak haqi, ont ichib aytaman-ki, bizga o'tgan yilgi jamoaga o'xshamaydigan jamoa kerak. So'nggi o'yinda slizerinchilar bizni er bilan bitta qilib, toptab tashlashdi. Qariyb bir oy Severus Sneggning ko'ziga tik qara olmay yurdim... Bor kuchingizni sarf etib, katta ishtiyoq-la mashq qilayotganingiz haqidagi xabar eshitib borishga umid qilaman, mister Potter, - dedi professor Garriga ko'zoynak ustidan jiddiy qarab, - Aks holda, sizga qo'llaniladigan ta'zir borasidagi fikrimni o'zgartirishim mumkin.

Ushbu so'zlarni aytib bo'lgach, professor kutilmaganda kulib qo'ydi.

- Otangiz Siz bilan faxrlangan bo'lar edi, - dedi u, - Chunki o'zi ham nihoyatda mohir o'yinchi bo'lgan.

Tushlik vaqtida Garri Ronga professor Makgonagall o'quv maydonidan olib ketganidan so'ng bo'lib o'tgan voqeani aytib berdi.

- Hazillashma, - xitob qilib yubordi, og'ziga steyk bo'lagini solishga solib olib, chaynash kerakligini unutib qo'ygan Ron, - Sayyod?! Birinchi sinf o'quvchisi hali hech qachon... Sen eng yosh o'yinchi bo'lasan. So'nggi...

- So'nggi yuz yil ichida, - Ronning hayrat to'la so'zini yakuniga etkazdi Garri, o'zi ham og'zini o'pka-jigardan tayyorlangan pirog bilan to'ldirgancha, - Buni menga Drev aytdi.

Bugungi hayajondan so'ng, Garrining qorni juda boshqacha ochiqib ketgan. Ron shunday hayratlangan, shunday qoyil qolgan ediki, aytishga so'z topa olmay, og'zini ochgancha, Garriga baqrayib qoldi.

- Kelasi haftadan mashq qilishni boshlar ekanman, - ma'lum qildi Garri, - Faqat bu haqda hech kimga og'iz ocha ko'rma. Drev buni sir tutish kerak deb tayinladi.

Katta Zalga Fred bilan Jorj Ueslilar kirib kelib, atrofga qarashdi va Garrini topib, yoniga oshiqishdi.

- Yasha, Garri, - pichirladi Jorj, - Drev bizga bor gapni aytib berdi. Biz sening jamoadoshlaring, Urib qaytaruvchilarmiz.

- Hali ko'rasizlar, - dedi Fred, - Bu yil kubokni albatta qo'lga kiritamiz. Charli maktabni tamomlab ketganidan buyon, «Griffindor» jamoasi hali biror marotaba zafar qozonmagan. Ammo bu yil juda yaxshi jamoa shakllanmoqda. Yaxshigina hunar ko'rsatganga o'xshaysan, a, Garri? Drev sen haqingda gapirar ekan, duduqlanib qoldi.

- Mayli, biz borishimiz kerak, Li Jordan maktabdan chiqishning yana bir xufiya yo'lini topibdi, borib ko'raylik-chi.

- Bu o'sha, Tilyog'lama Grigoriy haykalining ortidagi, biz hali birinchi sinfda o'qib yurgan kezlarimizda o'zimiz topgan yo'l ekanligiga ishonchim komil. Ko'rishguncha!

Fred bilan Jorj nari ketishi bilan boshqa, endi anchagina noxush basharalar: Malfoy va uning hamtovoqlari Krabbe bilan Goyl yaqin kelishdi.

- Vidolashuv dasturxonimi, Potter? Magliston poezdi soat nechada jo'nar ekan?

- Mana bu nazokatli qizlar yonida o'zingni anchagina mard tutasan, a, Malfoy? - chaqib oldi Garri, sovuq ohangda.

O'qituvchilar bilan to'lib-toshgan Mo''tabar Stol yaqinida bo'lishgani uchun ham «nazokatli qizlar» Krabbe bilan Goyl hech nima qila olishmay, musht qisib qo'yishdan boshqa chora topa olishmadi.

- Sen bilan yakkama-yakka har qanday vaqtda olishishga tayyorman, - bayonot qildi Malfoy, - Agar qo'rqmasang, bugun tunda uchrashishimiz mumkin. Sehrgarlar dueliga tushamiz. Bilvosita jang. Faqat sehrli tayoqchalar vositasida kurashamiz. E, ha, nima bo'ldi? Chamasi, sehrgarlar dueli haqida eshitmaganga o'xshaysan, a?

- Eshitgan, albatta, - gapga aralashdi Ron, - Men ikkinchi raqamli sehrgar bo'laman. Sen tomondan kim chiqadi?

- Krabbe, - qaror qildi Malfoy, o'z oshnalariga boshdan-oyoq razm solib chiqqach, - Tun yarmida. Ma'qulmi? O'lja qilib olingan qurol-aslahalar xonasida uchrashamiz. U er doimo qulflangan bo'ladi.

Malfoy nari ketgach, Ron bilan Garri bir-biriga qarab qo'yishdi.

- Sehrgarlar dueli degani nima? - so'radi Garri, - Ikkinchi raqamli sehrgar bo'lish nimani anglatadi?

- Agar birinchi raqamli sehrgar halok bo'lsa, ikkinchi sehrgar uning o'rnini egallashi lozim, - ehtirossiz javob qaytardi Ron, sovib qolayotgan pirokka qo'l uzatib, - Faqat haqiqiy afsungarlar olishadigan dueldagina biron-bir sehrgar halok bo'lishi mumkin, tushunding-mi? - qo'shib qo'ydi u, Garrining yuzi kasb etgan qiyofani ko'rgach, - Malfoy ikkalalaring esa bir-birlaringga, nari borsa arzimagan uchqun dastalarinigina sachratishlaring mumkin. Ikkalalaringdan birortalaring bir-birlaringga chinakam shikast etkaza oladigan afsungarlik qudratiga ega emassizlar. Ishonchim komilki, u, qo'rqib ketib, dueldan bosh tortishingni kutgan.

- Agar men sehrli tayoqchamni silkitsam-u, undan loaqal o'sha uchqun dastasi ham chiqmasa, nima bo'ladi?

- Tayoqchangni bir chetga qo'yasan-da, Malfoyning tumshug'iga musht solasan.

- Kechirasiz.

Bolalar nigohini ko'tarib, Germiona Grenjerni ko'rishdi.

- Obbo! Shu bugun bemalol ovqatlanamizmi-yo'qmi? - achchiqlandi Ron.

- Men sizlarning Malfoy bilan o'tgan suhbatlaringni bexosdan eshitib qoldim... - dedi Germiona, Ronning gapiga e'tibor ham qaratmay, Garriga murojaat qilib.

- Ha, albatta. Bexosdan! - to'ng'illadi Ron.

- ... fikrimcha, tungi soatlarda yurmasliging kerak, Garri. Agar seni tutib olishsa, tutib olishlari esa muqarrar, «Griffindor» necha ball yo'qotishini yaxshilab o'ylab ko'r. Xudbinlik qilma.

- Biroq bu, senga taalluqli ish emas, - dedi Garri.

- Ko'rishguncha, - qo'shib qo'ydi Ron.

Nima qilganda ham bu ish, shunday ajoyib kunning munosib xotimasi bo'lmaydi, xayoldan o'tkazdi uyqusi kelmagan Garri yotgan o'rnida. Din bilan Simus uxlab qolgan, Nevill maktab ambulatoriyasida qolgan, Ron esa butun oqshom: «Agar Malfoy senga qarg'ish yog'dirsa, chap ber. Negaki, ularni qanday muhosara qilish kerakligi yodimda yo'q» kabi tavsiyalar berib chiqdi. Filch yoki missis Norrisning qo'liga tushib qolish ehtimolligi katta. Garri taqdirni sinab, tavakkal qilmoqchi ekanligini, maktabda joriy etilgan qoidalarni bir kunning o'zida ikkinchi marotaba buzishga ahd qilganini juda yaxshi idrok etmoqda. Biroq masalaning boshqa tomoni ham juda jiddiy. Uning ko'z o'ngida Malfoyning muttaham turqi gavdalandi. Yakkama-yakka qolib, Drakoning adabini berish zarurligi, bunday imkoniyatni qo'ldan chiqarmaslik kerakligini o'yladi.

- O'n bir yarim bo'ldi, - nihoyat pichirladi Ron, - Vaqt bo'ldi.

Ular xalatlarini kiyib, sehrli tayoqchalarini qo'lga olishdi. Minorada joylashgan yotoqxonadan aylanma zina bo'ylab pastga, yashirincha tushib, «Griffindor»ning umumiy mehmonxonasiga tushishdi. Kamindagi g'o'lalar hamon yonib, tartibsiz qo'yib chiqilgan kreslolar kamin cho'g'ining xira nurida xuddi uxlab yotgan qora maxluqlar kabi ko'rinmoqda. Ikkovlon chiqish yo'lini bekitib turgan portretga yaqinlashgan edi ham-ki, kutilmaganda yaqin orada turgan kreslolar tomondan kimningdir qat'iy ohangda:

- Bari-bir bilganingdan qolmading-mi, Garri? Ko'zlarimga ishonmayman! - degan ovozi eshitildi.

Chiroq yonib, xonada, tungi ko'ylak ustidan pushti xalat kiyib olgan Germiona Grenjer ko'rindi.

- Germiona! - achchiqlandi Ron, - Bor uxla!

- Qilayotgan ishing haqida akangga aytib berishimga sal qoldi, Ron, - keskin javob qaytardi Germiona, - Sinfboshi Persi bunga yo'l qo'ymagan bo'lar edi.

Hayotda shu qadar xira odamlar ham bo'lishi Garrini taajjublantirdi.

- Ketdik, - dedi u Ronga, Semiz Xola portretini yuqoriga ko'targancha, tashqariga intilib.

Biroq Germiona osonlikcha taslim bo'lishni xayoliga ham keltirmay, Ronning ketidan, achchiqlangan urg'ochi g'ozday vishillab chiqdi.

- Sen kollej haqida qayg'urmayapsan. Faqat o'z manfaatingni ko'zlaysan. Men esa slizerinchilar kubokni boz qo'lga kiritishlarini, aylantirish afsunlari uchun professor Makgonagalldan olgan ballarim sening dastingdan yo'qotilishini istamayman.

- Izingga qayt.

- Yaxshi, ketaman. Men sizlarni ogohlantirish, yomon yo'ldan qaytarishga urindim. Maktabdan haydab yuborishgach, poezdda ketayotganlaringda so'zlarimni eslaysizlar. Sizlar...

Germionaning fikricha, ular qanaqa bolalar ekanligini oxirigacha bilishning iloji bo'lmadi. Germiona bu boradagi o'z fikrini Semiz Xolaga parolni aytib, portretini ko'targancha, iziga qaytayotgan fursatda bildirmoqchi bo'ldi-yu, biroq portret bo'm-bo'sh. Vaqtdan unumli foydalanishga ahd qilgan Semiz Xola kimning huzuriga mehmonga ketib qolibdi. Oqibatda Germiona uchun «Griffindor» minorasi yopilib qoldi.

- Endi nima qilaman? - vahimaga tushib qoldi qizaloq.

- Ko'ngling istagan ishni, - javob qaytardi Ron, - Biz esa borishimiz kerak, kechikyapmiz.

Ular yo'lak oxiriga etib bormagan edilar ham-ki, Germiona etib oldi.

- Men sizlar bilan boraman, - bayonot qildi u.

- Hech ham-da.

- Meni Filch tutib olishini kutib o'tirmayman-ku, har qalay. Agar u uchovimizni tutib olsa, men rost gapni, ya'ni sizlarni to'xtatib qolmoqchi bo'lganimni aytaman. Sizlar esa mening haqligimni tasdiqlab qo'yasiz.

- Sullohlik borasida qashshoq emassan... - ovoz ko'tardi Ron.

- Jim bo'ling, ikkovingiz! - dedi Garri, - Men qandaydir tovush eshitdim.

Chindan ham qaerdandir pishillagan tovush eshitildi.

- Missis Norris-mi? - bazo'r damini chiqardi Ron, qorong'ilikka qarab.

Ammo bu missis Norris emas balki polda, kulala tushgancha uxlab yotgan Nevill ekan. U, yaqin kelgan bolalar sharpasidan seskanib, uyg'onib ketdi.

- Xudoga shukur, nihoyat meni topdilaring! Bu erda qancha vaqt o'tirganimni o'zim bilmayman. Yangi parolni esimdan chiqarib, mehmonxonaga kira olmadim.

- Sekinroq gapir, Nevill. Yangi parol «Cho'chqa tumshug'i». Biroq hozir bu parol yordam bermaydi. Semiz Xola qaergadir ketib qolibdi.

- Qo'ling qalay? - so'radi Garri.

- Joyida, - javob berdi Nevill qo'lining ishlashini ko'rsatib, - Pomfri xonim uni bir soniyada tuzatdi-qo'ydi.

- Juda soz. Quloq sol Nevill, biz hozir bir joyga borishimiz kerak, sal o'tib ko'rishamiz...

- Yo'q, yolg'iz tashlab ketmanglar meni, iltimos, - yolvordi Nevill, - Qonxo'r Baron ikki bor yonimdan o'tdi.

- Agar sizlar tufayli qo'lga tushib qolsak, professor Belka aytgan Uy ajinasi qarg'ishini o'zlashtirib, sizlarda sinab ko'rmas ekanman, tinchlanmayman, - va'da berdi Ron, dastlab soatiga, so'ng, Germiona bilan Nevillga badjahl qarab.

Uy ajinasi qarg'ishiga oid nazariy bilimlarini namoyon etmoqchi bo'lgan Germiona endigina og'iz juftlamoqchi bo'lgan edi ham-ki, Garri qo'rqinchli ohangda pichirlab, ortidan jim yurishni buyurgach, shashtidan qaytdi.

Sharpalari bahaybat derazalardan tushayotgan to'lin Oy nurlarida ko'rinayotgan bolalar, qasr yo'laklarida jim yurishdi. Garri, har bir muyulishda Filch yoki missis Norris bilan yuzma-yuz kelishga ma'nan tayyor bo'lib bordi, biroq hozircha bolalarning omadi yurishmoqda. Zina bo'ylab uchinchi qavatga tez ko'tarilib olishgach, oyoq uchida yurib, o'lja qilib olingan qurol-aslahalar xonasiga o'g'rincha kirib olishdi.

Malfoy bilan Krabbe hali kelishmagan. Billurdan tayyorlangan javonlar Oy nurida tovlanib turibdi. Sovrin, qalqon, qurol-yarog' va haykallar ham qorong'ilikda tilla va kumushdek jilvalanib ko'rinadi. Bolalar xonaning har tomonlaridagi eshiklardan ko'z uzmay, devorga qapishib olishdi. Malfoy qorong'ilikdan sakrab chiqib, daf'atan duel boshlab qolishi mumkinligini xayoliga keltirgan Garri sehrli tayoqchasini qo'liga oldi. Daqiqalar juda sekin o'tmoqda.

- Kechikyapti. Balki qo'rqqandir, - pichirladi Ron.

Ularni kutilmaganda qo'shni xonada eshitilgan shovqin sarosimaga solib qo'ydi. Garri sehrli tayoqchasini endigina ko'targan edi ham-ki, kimningdir ovozi eshitildi. Biroq bu ovoz Malfoyning ovozi emas.

- Hidlab ko'ring, azizam, ehtimol biron-bir burchakka biqinib olishgandir.

Bu ovoz, o'z mushugi missis Norris bilan gaplashib kelayotgan Filchning ovozi. Vujudini dahshat qamrab olgan Garri xuddi quturganday qo'lini siltab, hamma uning ortidan yurishini imo qildi. Bolalar ovoz chiqarmay eshik tomon borib, Filchdan nari qochishdi. Nevillning egnidagi korjoma etagi yo'lak muyulishining ortiga o'tishi hamono, o'lja olingan qurol-aslaha xonasiga Filch kirib kelgani eshitildi.

- Ular shu erda. Yashirinib olishgan chamasi.

- Bu tomonga! - pichirladi Garri.

Qo'rqib ketgan bolalar qurol-aslaha va turli yarog'lar o'rnatilgan uzundan-uzoq galereya bo'ylab nari ketishdi. Qadamlar tovushiga ko'ra, Filch yaqin kelgan chamasi. Umidsizlikka tushgan Nevill kutilmaganda chinqirib yuborib, yugura ketgancha sirpanib ketdi. Oqibatda Ronni turtib yuborib, ikkovlon qandaydir risarning yaltirab turgan aslahalari ichiga kirib ketdi. Gumburlagan taraq-turuq va qasr-qusurdan butun maktab uyg'onib ketgan bo'lsa, ajab emas.

- QOChDIK! - baqirdi Garri.

To'rtovlon galereyadan chiqib yugurishar ekan, Filch bilan missis Norris ularni taqib qilayotgan-qilmayotganligini bilish uchun orqaga qiyo ham boqmadi. Qandaydir eshikni ochib, yo'lak bo'ylab elib ketishdi. Garri oldinda, hozir qaerda ekanliklari, qay tomon yugurishayotganini oz bo'lsa-da tasavvur ham qilmay bormoqda. Bolalar gobelen pardadan o'tib, allaqanday maxfiy yo'lakka kelib qolishdi. Ushbu yo'lakdan ham yugurib o'tib, aftidan o'lja olingan qurol-aslahalar xonasidan ko'p milyalar narida joylashgan afsunlar xonasiga etib kelishdi. Garri sovuq devorga suyanib oldi (Gobelen – devorga osib qo'yilgan suratli gilam.Eslatma: 1 milya 1,609 kilometrga teng).

- Qutuldik, shekilli, - dedi u, hansiragancha, peshonasidagi terni artib.

Nafas olar ekan ichidan allaqanday hushtak va qulq-qulq etgan tovush eshitilayotgan Nevill ikki bukilib oldi.

- Men... sizlarga... aytgan, - uzuq-yuluq boshladi Germiona, kaftini ko'kragiga ko'ndalang qo'yib, - Aytgan... sizlarga... edim...

- Ortga, «Griffindor» minorasiga, imkon qadar tezroq qaytish lozim, - fikr bildirdi Ron.

- Malfoy seni aldadi, - dedi Germiona Garriga, - Buni tushunding deb umid qilaman? U o'sha xonaga kelishni xayoliga ham keltirmagan. Ammo Filch o'lja qilib olingan xonaga kimdir kelishini bilgan. Aftidan bu xabarni unga Malfoyning o'zi etkazgan.

Garri ichida Germionaning haq ekanligini tan oldi-yu, unga ochiqdan-ochiq iqror bo'lishga shoshilmadi.

- Ketdik.

Biroq ketish oson ko'chmadi. Bolalar o'n qadam ham ilgarilamay, yaqin oradagi eshik dastasi titrab, sinf xonasidan oyoq ostiga nimadir o'qday uchib chiqdi.

Dryuzg. U bolalarni ko'rib, baqira boshladi.

- Dryuzg, jim, iltimos. Aks holda maktabdan haydab yuborishadi bizni.

Dryuzg jirkanch qiyofa kasb etgancha, hiringlay boshladi.

- Xo'sh, birinchi sinf o'quvchilari, tungi sayilmi. Kim joyida o'tirmas, qo'lga tushib qolishdan qo'rqmas.

- Bizni sotib qo'ymasang, qo'lga tushmaymiz. Iltimos Dryuzg, jim bo'l.

- Lekin men, ayni sizlarning manfaatingizni ko'zlab, Filchga xabar berishim kerak. Vaholanki, shunga majburman, tushundingiz-mi? - dedi ko'zlari ichiqoralarcha yarqirayotgan Dryuzg, misli yo'q olijanoblik ohangida.

- Yo'ldan qoch, - dedi jahli chiqqan Ron, qo'l ko'tarib.

Bu Ronning katta xatosi bo'ldi.

- O'QUVChILAR YoTOQXONADAN TAShQARIDA! - chinqira boshladi Dryuzg, - O'quvchilar yotoqxonadan tashqarida, man etilgan yo'lakda yurishibdi!

Dryuzg ostidan sho'ng'ib o'tgan bolalar yo'lakning narigi boshiga qarab yugurib, allaqanday eshikka ro'baru bo'lishdi. Eshik baxtga qarshi yopiq.

- Bo'ldi, tamom! - ingrab yubordi Ron, - Qo'lga tushdik.

Dryuzgning qichqirig'i tomon yugurgan Filchning qadami yaqinlashayotgani eshitilmoqda.

- Voy, nega imillaysan, tezroq bo'lsang-chi, - tezlatdi Germiona Garrini.

U Garrining qo'lidagi sehrli tayoqchani tortib oldi-da, qulfga urib:

- Alloomora! - deb pichirladi.

Qulfning shiq etgan tovushi eshitilib, eshik ochildi. Bolalar bir-birini turtgancha, ichkariga kirib, eshikni ichkaridan yopishdi-da, quloqlari bilan unga yopishib olishdi.

- Qaysi tomonga qochishdi, Dryuzg? - so'roqqa tutdi Filch, - Tez gapir!

- «Iltimos» deng.

- Ahmoqlik qilma, Dryuzg, gapir, qaysi tomonga ketishdi?

- «Iltimos» demas ekansiz, men ham hech nima demayman, - ming'irlashini qo'ymadi Dryuzg, cho'ziq ovozi bilan.

- Xo'p, mayli, iltimos.

- HECh NIMA! Xa-xa-xa! Aytdim-ku, «Hech nima» demayman, «Iltimos» demas ekansiz, deb. Xa-xa-xa! Xa-xa-xa!

Bolalar Dryuzgning chiyillagancha nari uchib ketgani, g'azabi qaynagan Filchning qarg'ishlarini eshitib turishdi.

- Filch bu eshikni qulflab yopilgan deb biladi. Demak, hali qo'lga tushmaslik imkoni bor, har qalay men shunday deb o'ylayman, - dedi Garri.

Garri, qulog'ini eshikka bosgancha, fikr bildirar ekan, Nevill uning xalatini tortgani-tortgan.

- Tinch qo'ysang-chi, Nevill. Yana nima demoqchisan?

Garri boshini burgach, Nevill nima demoqchi bo'lganligini aniq tasavvur qildi. Bir soniya davomida Garriga, bo'layotgan ushbu hodisalar qandaydir bema'ni tushga o'xshab ketdi. Mana bu ko'rib turgani esa bugungi kun davomida bo'lib o'tgan voqealar inobatga olinadigan bo'lsa, haddan ortiq o'tib tushdi.

Gap shundaki, bolalar, Garri o'ylagandek, qandaydir sinf xonasida emas, balki o'quv yili davomida uchinchi qavatning o'ng tomonidagi man etilgan yo'lakka kirib qolishgan ekan. Ushbu yo'lak nima uchun man etilganligi, unda nima uchun mudhish ajal topish mumkinligi ana endi nihoyatda aniq va ayon tushunarli bo'ldi-qoldi.

Garrining ko'ziga bir maxluq it tikka qarab turibdi. It shu qadar kattaki, tanasi bilan poldan shiftgacha bo'lgan bo'shliqni to'ldirib olgan. Buning ustiga, uning kallasi bir emas, ikki emas uchta bo'lib, uch juft quturgan ko'zi baqrayib turibdi. Chaqirilmagan mehmonlarni ko'rgan itning uch juft burun katagi yiriklashib ketgan, uchta katta ochilgan og'zidan qalin arqonday keladigan so'lak oqib turibdi.

It o'zining oltita ko'zini baqraytirgancha, deyarli qilt etmay tek turibdi. Shunday bo'lsa-da, kutilmaganda paydo bo'lib, maxluqni g'aflatda qoldirishgani uchun ham, hamon tirik ekanliklari Garri uchun mutlaqo tushunarli. Ammo maxluq asta-sekin xushini yig'ib olayotganiga shubha yo'q. Favqulodda yirik tanasining qa'ridan chiqayotgan momaqaldiroqning guldurashiga o'xshash tovush bundan yaqqol dalolat berib turibdi.

Garri xushini yig'ib, eshik dastasini ushladi. Filchni yoki ajalni tanlash kerak bo'lsa, Filchni tanlagani bo'lsin.

Bolalar, Garri ochib yuborgan eshikdan, unga yuzlanmasdan ham tashqariga chiqib, shartta yopib qo'yishdi-da, yo'lak bo'ylab o'qday uchib ketishdi. Filch, buzg'unchilarni boshqa joyda qidirishga ahd qilgan shekilli, ko'rinmadi. Umuman aytganda, bolalar Filchni allaqachon unutib yuborishgan, ularning hayolini faqat, anavi mudhish maxluqdan imkon qadar yiroqlashish o'yi band qilgan. Ular, ettinchi qavatdagi Semiz Xola portreti qarshisiga kelib qolgunga qadar to'xtamay yugurishdi.

- Qaerlarda sanqib yuribsiz? - so'radi Semiz Xola xalatlarining tugmalari ochilib ketgan, ter bosib, qattiq hayajonlangan bolalarning diydorlariga qarab.

- Ahamiyati yo'q, ahamiyati yo'q, cho'chqa tumshug'i, cho'chqa tumshug'i, - hansiradi Garri.

Portret qo'zg'algach, bolalar umumiy mehmonxonaga kirib, dag'-dag' qaltiragancha, o'zlarini kresloga tashlashdi. Ular tilga kirgunga qadar ancha vaqt o'tdi. Nevillning qiyofasi esa qayta gapira olmaydigan odamga o'xshab qolgan.

- Maktab ichiga shunday maxluqni olib kirishganini qarang, farosatlari ishlaydi-mi ularni? - nihoyat ovoz berdi Ron, - Anavi bo'rdoqiga qo'yilgan itning emdan qaytadigan vaqti etganga o'xshaydi.

Germionaning me'yoriy tarzda nafas olish qobiliyati bilan bir vaqtda janjalkashlik tabiati ham tiklana boshlandi.

- Hech qaysi birlaring hech narsa sezmadilaring, a? - jahl qildi u, - It nimani ustida turganini ko'rmadilaringmi?

- Pol ustidami? - taxmin qildi Garri, - Men uning oyoqlari ostiga qaraganim yo'q. Boshlarining harakatini kuzatishga ulgursang ham katta gap.

- Yo'q, polda emas. U erto'la qopqog'i ustida turibdi. Shunisi ayonki, u nimanidir qo'riqlayapti, - dedi ko'zi chaqnab ketgan Germiona o'rnidan turib, - O'ylashimcha, sizlar o'zingiz o'zingizdan mamnun bo'lsangiz kerak. Biroq biz halok bo'lishimiz yoki bundan ham yomoni maktabdan haydalishimiz mumkin edi. Endi, agar qarshi bo'lmasangiz, men kirib uxlayman.

- Yo'q, biz qarshi emasmiz, - dedi achchiqlangan Ron, og'zi ochilib qolgancha Germionaning ortidan qarab, - Xuddi biz uni majbur etaklaganday gapirishini qarang.

Lekin, xayoldan o'tkazdi Garri o'rniga yotar ekan, Germionaning gapida jon bor. Anavi it nimani qo'riqlab yotibdi? Birdan uning esiga Xagridning so'zlari tushdi: «Bordi-yu biror narsani yashirmoqchi bo'lsang, Er kurrasida eng ishonchli joy «Gringotts» sanaladi... Ehtimol «Xogvars»ni ham ishonchli deb aytish mumkindir».

Xagrid «Gringotts» bankining etti yuz o'n uchinchi bo'lmasidan olib chiqqan, o'sha ezilib ketgan kichkinagina xalta topilganga o'xshaydi.

Bob-10." XELLOUIN"

Ertasiga ertalab, Ron bilan Garrini haligacha maktabda, tashqi qiyofalari toliqqan ko'rinsa-da, dimog'lari chog' yurishganini ko'rgan Malfoy ko'zlariga ishonmadi. Haqiqatan ham bolalarga, uch boshli maxluq bilan tunda o'tgan uchrashuv endi qo'rqinchli emas, aksincha, quvonchli bir xotiraday tuyuldi. Ikkovlon o'rtoq yana biron-bir o'xshash sarguzashtdan voz kechmasligi ularning kayfiyatlaridan yaqqol sezilib turibdi. Garri Ronga «Gringotts» bankining etti yuz o'n uchinchi bo'lmasidan Xagrid olib chiqqan va chamasi «Xogvars»ga keltirilgan sirli xalta haqida batafsil so'zlab bergani bois, bolalar, bu qadar sir saqlanishi talab etiladigan o'sha xalta ichida nima bo'lishi mumkinligini uzoq o'ylab qolishdi.

- U qandaydir qimmatbaho yoki juda xavfli narsa ekanligi aniq, - komil ishonch bildirdi Ron.

- Yoxud ham qimmatbaho, ham xavfli narsa, - qo'shimcha qildi Garri.

Biroq o'lchami ikki dyumdan oshmasligi o'sha sirli narsa haqidagi yagona ma'lumot bo'lganligi bois, uning nima ekanligini bilish juda qiyin.

Germiona ham, Nevill ham, qopqog'i ustiga bahaybat it bog'lab qo'yilgan erto'lada nima saqlanayotgan bo'lishi mumkinligi haqida qiziqish bildirishmadi. O'sha mudhish uch boshli hayvon yaqiniga endi hech qachon bormaslik Nevillning yagona istagi bo'lib qoldi. Bo'lib o'tgan voqeadan so'ng Germiona bolalar bilan gaplashmay qo'ydi. Mahmadona va sergap Germionadan qutulishgan bolalar ham bunday holatdan ko'p qayg'urmadi. Lekin Malfoydan qasd olish yo'lini topish ikkovlon o'rtoq uchun tabiiy ehtiyojga aylanib qoldi. Oradan bir hafta o'tib-o'tmay kelgan ertalabki pochta bilan birga Malfoydan qasd olish yo'li ham topildi.

Nonushta o'tayotgan Katta Zal boyqushlar galasi bilan odatdagiday to'lib ketgan fursatda, dasturxon atrofida ovqatlanib o'tirganlar oltita bahaybat boyqush ovozi boricha uvillab, bazo'r ko'tarib kelishayotgan uzun qutiga e'tibor qaratdi. Ushbu ingichka quti ichida nima bo'lishi mumkinligiga qiziqqan Garri ham el qatori, boyqushlar harakatini tomosha qilib o'tirdi. Ular tikka pastlab, qutini oyog'i ostiga tashlab ketishganda esa esankirab qoldi. Oltita boyqush nari ketishga ulgurmay, yana bir boyqush quti ustiga xat tashlab ketdi.

Dastlab xatni o'qish, shundan so'ng, qutini ochishga qaror qilgan Garri to'g'ri yo'l tutgan ekan. Negaki, konvert ichidagi xatda:
QUTINI DASTURXON USTIDA OChMA!

Unda «Nimbus-2000» bor. Senda uchar supurgi borligini qolgan bolalar bilishini xohlamayman. Sababi o'zingga ayon, tengqurlaring ham supurgili bo'lishni istab qolishadi. Oliver Drev seni bugun soat ettida, kvidish maydonida, birinchi mashq o'tkazish uchun kutadi.

Professor Makgonagall, - deb bitilgan yozuvni o'qidi.
Garri, xatni Ronga uzatar ekan, xitob qilib qichqirishdan o'zini bazo'r to'xtatib qoldi.

- «Nimbus-2000»! - hasad-la ingrab yubordi Ron, - Men uni hatto ushlab ham ko'rmaganman!

Birinchi dars boshlangunga qadar qutini ochib ko'rishga ahd qilgan do'stlar Katta Zalni tark etishga oshiqishdi. Biroq vestibyul o'rtasida yo'lni to'sib olgan Krabbe bilan Goylga ro'baru kelishdi. Malfoy Garrining qo'lidagi qutini changallab olib, paypaslab ko'rdi.

- Supurgi-ku, - dedi u, basharasida hasad bilan g'azab uyg'unlashib, - Potter, birinchi sinf o'quvchisiga man etilgan supurgi senga juda qimmatga tushadi, - qo'shib qo'ydi qutini Garrining qo'liga tutqazib.

- E'tibor qaratding-mi, Malfoy, - pisillatib gapirdi o'zini tutib tura olmagan Ron, - Paypaslab ko'rganing almisoqdan qolgan narsa emas naq «Nimbus-2000». Uyingda nima bor degan eding? «Kometa-260»mi? - so'ng Garriga yuzlanib, - Unaqa supurgining ko'rinishi chakki emas, albatta. Biroq sening supurging o'sha supurgidan ming chandon a'lo.

- Sen nimani ham bilar eding, Uesli, - kesatdi Malfoy, - Ota-onangning qurbi o'sha «Kometa»ning bitta novdasini bo'lsin, olib berishga etmaydi. Oilaviy supurgilaringni o'rmonda terilgan o'tindan yasagan bo'lsalaring kerak.

Ron javob qaytarish uchun endigina og'iz juftlagan edi ham-ki, Malfoyning ortida professor Flitvik ko'rindi.

- Urishmayapsizlar, degan umiddaman, bolalar? - ingichka ovozi bilan qiziqib so'radi u.

- Potterga supurgi yuborishibdi, ser, - shu zahoti chaqimchilik qildi Malfoy.

- Bilaman, xabarim bor, - ochiq yuz-la javob qaytardi professor, - Professor Makgonagall favqulodda holat haqida tushuntirish berib o'tdi. Xo'sh, Potter, qaysi rusumli supurgi ekan?

- «Nimbus-2000», ser, - javob qaytardi, professorning so'zlaridan Malfoyning basharasi kasb etayotgan umidsizlik qiyofasini ko'rib, o'zini kulgidan bazo'r to'xtatib qolgan Garri, - Agar Malfoy bo'lmaganda, bunday supurgiga ega bo'lmas edim.

Garri bilan Ron qahqahlagancha yuqoriga, o'z yotoqxonalariga ravona bo'lishdi. Malfoy esa gap zamiridagi piching ma'nosini tushunib etmagan bo'lsa-da, darg'azab qoldi.

- Haqiqatan ham shunday bo'ldi-ku, - dedi kulgidan bazo'r to'xtagan Garri, marmar zinapoya oxiriga etgach, - Agar u Nevillning Esga olini olib qochmaganida, meni jamoaga hech ham qabul...

- Demak, fikringcha, qoidani buzganing uchun endi doim rag'batlantirilib borilar ekansan-da, - eshitildi orqadan, yuqoriga ko'tarilib, quti tomon norozi nigoh tashlagan Germionaning badjahl ovozi.

- Ie, Germiona, sen biz bilan gaplashmay qo'ygan eding shekilli? – eslatdi Garri.

- To'g'ri qilasan, boshlamaganing ma'qul, - nasihat qildi Ron Germionaga, - Tinchroq yuramiz.

Germiona boshini baland ko'targancha, bolalarning yonidan o'tib ketdi.

Shu kungi mashg'ulotlarda bola o'z xayolini darsga jamlay olmadi. U jonsarak bo'lib, xayolan dam karavoti ostida yangi supurgi yotgan yotoqxonaga yugurar, dam o'sha supurgisi bilan birinchi mashg'ulot o'tkaziladigan kvidish maydoni tomon chopqiladi. Garri kechki ovqatni apil-tapil edi-da, hozirgina nima eganini eslay olmay, Ron bilan birga, nihoyat yotoqxonaga «Nimbus-2000»ning qutisini ochishga oshiqdi.

- Zo'r-ku, - xitob qildi Ron, Garrining adyoliga yumalab tushgan supurgini ko'rib.

Hatto, supurgi rusumlarining farqiga bormaydigan Garri ham qizil yog'ochdan tayyorlangan, ingichka sopi yaltiroq, dum qismidagi govronlari bitta-bitta saralab olingan «Nimbus-2000»ni ko'rgach, supurgisining tengi yo'qligini tushunib etdi.

Soat ettiga yaqin Garri, qasrni tark etib, kvidish maydoni tomon yo'l oldi. Ushbu o'yingohga u biror marotaba bo'lsin, hali qadam ranjida qilmagan. Namoyishgohlardagi tomoshabinlar o'tiradigan kursilar shu qadar baland o'rnatilganki, u erda o'tirib havoda kechayotgan o'yinni bemalol kuzatsa bo'ladi. O'yin maydonining ikki tomoniga uchtadan, uchi halqali tilla tusli xodalar tik o'rnatilgan. Ushbu xodalar, Garriga, magl bolalar sovun pufaklarini shishirib uchiradigan plastmassa tayoqchalarni eslatdi. Faqat farqi shundaki, o'yingohdagi mana bu «tayoqchalar»ning har biri kam deganda ellik metrdan keladi.

Garri uchishni shu qadar istadi-ki, Drevni kutib o'tirmay shartta supurgisini egarladi-da, erdan itarildi.

Parvoz! Naqadar yoqimli, zavqli hissiyot! U xoda halqalari orasidan bir necha bor uchib o'tib, o'yingoh uzra katta tezlikda izg'iy boshladi. Supurgisi uning sal harakatiga itoat etib, istalgan tomonga zudlik bilan burilmoqda.

- Ey, Potter, tush pastga!

Garri, katta savatni qo'ltiqlab kelgan Oliver Drevning yoniga qo'ndi.

- Juda soz, - maqtadi Drev, ko'zlari yashnab, - Professor Makgonagall nimani nazarda tutganligini endi tushunib etdim. Sen haqiqatan ham tug'ma uchuvchi ekansan. O'yin qoidasini tushuntirib qo'ysam bo'ldi, shundan so'ng, hafta davomida uch marotaba jamoa tarkibida mashq qilishga kirishamiz.

Drev to'rtta, kattaligi har xil to'p solingan savatni ochdi.

- Xo'sh, gap bunday, - boshladi u, - Kvidish qoidasi juda sodda, faqat o'ynash oson emas. O'yinda ikkita raqib jamoa ishtirok etadi. Jamoalarning har biri etti nafar o'yinchilardan iborat. Ularning uch nafari Ovchilar deb ataladi.

- Uch nafar Ovchi, - takrorladi Garri.

Drev esa savatdan rangi yarqiroq, kattaligi shaybaday keladigan qizil to'pni chiqardi.

- Mana bu to'p Kvaffl deb ataladi, - tushuntirishga kirishdi Drev, - Ovchilar uni bir-biriga uloqtirib, raqib tomondagi uchta halqadan har qanday biriga gol urishga harakat qilishadi. Har bir urilgan gol uchun o'n ochkodan beriladi. Hozircha tushunarlimi?

- O'n ochko olish uchun Kvaffl Ovchilar tomonidan halqaga uloqtiriladi, takrorladi Garri, - Bu o'yin supurgilarda uchib o'ynaladigan olti halqali basketbol ekanda?

- Basketbol deganing qanaqa o'yin?

- Ahamiyati yo'q, - shoshib javob qaytardi Garri, Drevning sehrgarlar oilasidan kelib chiqqanligini tushunib etib.

- Davom etamiz. Har bir jamoada bir nafardan Qo'riqchi deb ataladigan o'yinchi bo'ladi. «Griffindor» jamoasining Qo'riqchisi men bo'laman. Zimmamdagi majburiyat – halqalarimiz atrofida uchib yurib, raqib jamoaning gol urishiga to'sqinlik qilishdir.

- Uch nafar Ovchi, bir nafar Qo'riqchi, - takrorlab bordi Garri, hamma narsani birdaniga eslab qolishga ahd qilib, - Ularning barchasi Kvaffl bilan o'ynaydi. Eslab qoldim. Mana bu to'plar nima uchun kerak? - so'radi u, savatda qolgan uchta to'pni ko'rsatib.

- Hozir ko'rsataman, - dedi Drev, - Mana buni ushla.

Drev Garriga beysbol klyushkasiga o'xshash tayoq uzatdi.

- Hozir senga Tajovuzkorlarning hunarini ko'rsataman. Mana bu ikkita to'p, - tushuntirdi Drev, ko'mirday qop-qora, qizil Kvaffldan bir oz kichikroq to'plarni ko'rsatib, - Tajovuzkorlar deb ataladi.

Garrining nazarida, maxsus kamarlar bilan bog'lab qo'yilgan ushbu to'plar savat ichidan uchib chiqishga oshiqayotganday ko'rindi.

- Nari tur, - ogohlantirdi Drev.

O'zi esa tanasini chetga engashtirib, Tajovuzkorlardan birini kamar tutqunidan xalos etdi. Qora to'p shu zahoti yuqoriga ko'tarilib, to'ppa-to'g'ri Garri tomon pastlay boshladi. Garri, burniga zarb emasligi uchun, qo'lidagi klyushka bilan to'pni urib yubordi. To'p ilon izi yo'nalishda yana tepaga ko'tarildi va bolalar boshi uzra uchib o'tib, Drev tomon o'qday qaytdi. Drev esa o'zini to'pga uloqtirib, qorni bilan erga mahkam bosib oldi.

- Endi tushunding-mi? - bazo'r so'radi Drev, katta kuch ishlatgancha, to'pni savat ichidagi joyiga bog'lab, - Tajovuzkorlar o'yin davomida tevarak-atrofda uchib yurib, supurgilardagi o'yinchilarni urib qulatishga harakat qiladi. Shuning uchun har bir jamoada ikki nafardan Urib qaytaruvchilar bo'ladi. Jamoamizning Urib qaytaruvchilari aka-uka Ueslilar bo'ladi. Ularning vazifasi qolgan o'yinchilarimizni Tajovuzkorlardan himoya qilib, raqib tomon qaytarishdir. Xo'sh, hammasi tushunarlimi?

- Uch nafar Ovchi Kvaffl vositasida gol urishga urinishadi, Qo'riqchilar o'z halqalarini himoya qilishadi, Urib qaytaruvchilar esa Tajovuzkorlarni o'z jamoalaridan narida tutadi, - hisobot berdi Garri.

- Juda soz, - maqtab qo'ydi Drev.

- M-m-m... Bir savol bor, - so'rab qoldi Garri, savoli ahmoqona eshitilishiga umid qilib, - Tajovuzkorlar qachondir kimnidir urib o'ldirganmi?

- «Xogvars»da hozircha bunday hodisa bo'lmagan. Ayrim o'yinchilarning jag'i sinishga sinib ketgan-u, undan battar holatlar hozircha yuz bergani yo'q. Xo'sh, davom etamizmi? Jamoaning ettinchi o'yinchisi Sayyod bo'ladi. Ya'ni sen. Kvaffl ham, Tajovuzkorlar ham seni qiziqtirmasligi darkor...

- Ha, agar ular boshimni urib yorishmasa, albatta.

- Xavotir olma. Egizak Ueslilar Tajovuzkor to'plardan qolishmaydi. Aytmoqchiman-ki, ularning o'zlari jonli Tajovuzkorlardir.

Drev qo'lini savatga suqib, so'nggi, mittigina to'rtinchi koptokchani chiqardi. Kvaffl bilan Tajovuzkorlarga nisbatan ancha kichik, tilla tusli, ikki yonida kumush qanotchalari hilpirayotgan ushbu yaltiroq to'pning kattaligi yong'oqday keladi.

- Bu to'pning nomi Tilla chaqqon, - tushuntirdi Drev, - Eng asosiy to'p. Uni tutib olish darkor-u, amri mahol. Chunki u haddan tashqari tez uchib, payqash nihoyatda qiyin kechadi. Sayyodning vazifasi mana shu to'pni topib, tutib olishdir. Senga Ovchilar, Urib qaytaruvchilar, Tajovuzkorlar va Kvaffl orasida izg'ib yurib, Tilla chaqqonni raqib jamoaning Sayyodidan oldin tutib olishga to'g'ri keladi. Negaki, Sayyod Tilla chaqqonni tutib olishi bilan, uning jamoasiga qo'shimcha bir yuz ellik ochko beriladi va bu jamoa, odatda, g'olib chiqadi. Shuning uchun ham doimo jamoa muvaffaqiyatsizligida Sayyodlar ayblanadi. Kvidish o'yini Tilla chaqqon tutib olinganidan so'nggina, yakuniga etadi. Shu sababli o'yin uzoq cho'zilib ketishi mumkin. Bu boradagi rekord, adashmasam, bugungi kunga kelib, uch oyni tashkil etadi. O'yinchilarni, uxlab olishlari uchun, almashtirib borishga to'g'ri kelgan. Mana, bor gap shu. Savollar bormi?

Garri boshini siltadi. Nima qilish kerakligini tushunib etdi, faqat qanday qilish kerakligini tushunib olish qoldi xolos.

- Biz hozir Tilla chaqqon bilan mashq qilmaymiz, - Drev qo'lidagi koptokchani savatga soldi, - Qorong'i tushib qoldi, uni yo'qotib qo'yishimiz mumkin. Mana bular bilan mashq qilishga urinib ko'ramiz.

Drev cho'ntagidan golf koptoklarini chiqardi. Bir necha daqiqadan so'ng, ikkovlon ular havoga ko'tarilib, mashq qila boshladi. Drev koptoklarni bitta-bitta bor kuchi bilan imkon qadar uzoqqa uloqtirdi, Garri esa Drevni zavqlantirgancha, birorta bo'lsin, koptok o'tkazib yubormay, barini bexato tutib oldi.

Yarim soatdan so'ng qosh qorayib, atrof ko'rinmay qolgach, birinchi mashq nihoyasiga etdi.

- Bu yilgi Kvidish kubogida ismlarimiz o'yib yoziladi, - quvonch-la ishonch bildirdi Drev, qasr tomon yo'l olib, - Agar sen Charli Ueslidan ham zo'r o'ynasang, hech hayron bo'lmayman. U esa ajdar ovlagani tupkani tagiga ketib qolmaganida, Angliya terma jamoasi tarkibida o'ynashi mumkin edi.

Ehtimol, nihoyatda band bo'lganidan bo'lsa kerak, Garri, «Xogvars»ga o'qishga kirgan vaqtdan buyon ikki oy o'tib ketganini sezmay qoldi. Har qalay u har hafta uch marotaba mashq qiladi. Bundan tashqari, uyga berilgan bir dunyo vazifalarni bajaradi. «Xogvars» qasri bolaga Littl Uinging shaharchasida joylashgan Odamovilar ko'chasidagi 4- uydan ko'ra ancha qadrli bo'lib qoldi. Mahorat asoslarini tasarruf etar ekan, mashg'ulotlar ham qiziq o'tadigan bo'ldi.

Vaqt tez o'tib, Xellouin ham etib keldi (Xellouin – hozirgi Buyuk Britaniya va shimoliy Fransiya hududida yashab o'tgan qadimiy kelt qabilasining bayrami. Muqaddas avliyolar kuni arafasi sanaladi).

Ertalab uyg'ongan bolalar toblanayotgan oshqovoq hidi qasr yo'laklariga taralib ketganligini his etishdi. Shu bugungi afsun o'qish darsida, professor Flitvik e'lon qilgan fikr bolalarga yanada xush keldi. U sinf o'quvchilari ayrim jismlarni havoda uchirgancha, bir joydan boshqa joyga ko'chib o'tishga majbur qilish mahoratini tasarruf etishga tayyor bo'lishganini aytib o'tdi. Bolalar bu kunni anchadan buyon, xususan, professor o'z qo'lini sezilar-sezilmas siltab qo'ygancha, Nevillning qurbaqasini sinf xonasining shifti ostida raketa kabi gir aylantirgan kundan buyon orziqib kutishadi. Amaliy mashg'ulot o'tkazish uchun professor Flitvik sinf o'quvchilarini juftlarga bo'ldi. Garri Simus Finnigan bilan sherik bo'ldi. U Nevillning nigohiga e'tibor qaratmaslikka urindi. Ronga esa Germiona bilan sherik bo'lish nasib etdi. Bunday holatdan Ron ko'proq norozi bo'ldi-mi yoki Grenjermi, aytish qiyin. Negaki, Germiona bolalar bilan Garriga supurgi sovg'a qilingan kundan e'tiboran mutlaqo gaplashmay qo'ygan edi.

- Bilakni, muqaddam mashq qilganimizday, nazokat-la bukishni yodingizdan chiqarmang! - chiyilladi kitob dastalari ustiga chiqib olgan professor Flitvik, - Keskin quloch otib, engilgina tushiring, eslab qoldingiz-mi? Quloch otib, engil tushiring. Bundan tashqari, sehrli so'zlarni to'g'ri talaffuz etish nihoyatda muhim. «N» o'rniga «V» deb yuborgani uchun boshiga sigir kelib tushgan sehrgar Baruffьoni esga oling.

Ayon bo'lishicha, vazifa ijrosi nihoyatda qiyin ekan. Garri bilan Simus keskin quloch otishib, qo'llarini asta siltashdi, biroq osmon-u falakka uchib ketishi kerak bo'lgan pat stol ustida qilt etmay yotgancha qoldi. Nihoyat Simus besabrlik qilib, sehrli tayoqchasi bilan turtib yuborgan pat o't olib ketdi. Garriga esa yong'in o'chirish uchun shlyapasini ishga solishga to'g'ri keldi.

Qo'shni stolda o'tirgan Ron ham muvaffaqiyat qozona olmadi.

- Vingardium Levioza! - qichqirdi u, uzun qo'lini shamol tegirmonining parraklariday aylantirib.

- Sen noto'g'ri talaffuz etyapsan, - koyib berdi Germiona, - «Vin - gar - dium Levi - o - za», deyish kerak, «gar» bo'g'ini uzoq va guldurab eshitilishi lozim.

- Shunchalik aqlli ekansan, o'zing aytaver, - jahli qildi Ron.

- Vingardium Levioza! - dedi ko'ylagining uzun engini shimarib olgan Germiona, sehrli tayoqchasi bilan abjir harakat qilib.

Pat stoldan to'rt futga ko'tarilib, havoda, bolalar boshi uzra hilpirab ucha boshladi.

- Juda soz! - chiyillab yubordi mitti qo'llari bilan qarsak chalgan professor Flitvik xursand bo'lib, - Bolalar, e'tibor qarating, miss Grenjer vazifani uddaladi.

Dars nihoyasida Ronning kayfiyati batamom rasvo bo'ldi.

- Hamma uni ko'rarga ko'zi yo'q ekanligidan hech hayron bo'lmayman, - dedi Ron, odam to'la yo'lak bo'ylab Garrining yonida borar ekan, - Qiz emas dahshat, chin so'zim.

Shu payt kimdir Garrini turtib o'tdi. Bolalar o'girilib, ko'ziga yosh olgan Germionani ko'rishdi.

- So'zlaringni eshitib qolganga o'xshaydi, - dedi Garri.

- Eshitgan bo'lsa nima qilibdi? - javob qaytardi Ron, Garri kabi sarosimaga tushib qolgan bo'lsa ham, gerdayib, - Do'st orttirmaganligini o'zi ham sezayotgan bo'lsa kerak, har qalay.

Germiona keyingi darsda ham, kunning ikkinchi yarmida ham ko'rinmadi. Xellouinni nishonlash uchun Katta Zal tomon yo'l olishgan Ron bilan Garri Parvatti Patilning dugonasi Lavandaga Germiona hojatxonaga kirib olib yig'layotganligi va o'z xoliga qo'yishlarini so'rayotganligi haqida to'lqinlanib aytgan so'zlarini eshitib qolishdi. Buni eshitgan Ron battar xijolat chekdi, biroq bir daqiqadan so'ng, ikkovlon, Katta Zalning bayramona bezatilganligini ko'rgach, Germionani unutdi.

Shift-u, devorlarda marjondek tizilgan, stollar ustida kichik bulutlar hosil qilgancha, havoda muallaq turgan minglab ko'rshapalaklar qanot qoqib, oshqovoqlar ichiga kiritilgan shamlar olovini pirpiratmoqda. Natijada Katta Zal sirli qalqima nurga to'lib ko'rinmoqda.

Kutilmaganda, o'quv yili boshlanganligi munosabati bilan o'tkazilgan tantanali ziyofatda ro'y bergani kabi, stol ustidagi tilla idishlar afsonaviy taomlarga boz to'lib-toshdi.

Garri og'zini qo'rda pishirilgan kartoshka bilan endi to'ldirib olgan edi ham-ki, Katta Zalga boshidagi sallasi chakkasiga tushib, qo'rqqanidan basharasi qiyshayib ketgan professor Belka yugurib kirdi.

Katta Zalga yig'ilganlar Belkaning professor Dambldor o'tirgan kreslo yoniga yugurib borib, kuchsiz holatda stolga suyanib qolganligi va bazo'r:

- Qasr erto'lasiga troll kirib olibdi, Siz boxabar bo'lishingiz kerak deb elib keldim, - degancha, xushini yo'qotib, stol ostiga sirpanib tushganini kuzatib turishdi.

Vahima ko'tarildi. Katta Zalda jimlik qaror topishi uchun professor Dambldor sehrli tayoqchasi bilan bir necha bor qizil mushak otishga majbur bo'ldi.

- Sinfboshilar! - gurillab hayqirdi u, - Kollejingiz o'quvchilarini yotoqxonalarga tarqating! Tez bo'ling!

Persi uchun o'z vakolatini to'la-to'kis ishga solishga imkoniyat tug'ildi.

- Ortimdan! Birinchi sinf o'quvchilari jipslashing! Menga quloq tutsangiz hech qanday troll qo'rqinchli bo'lmaydi! Orqamga bekinib, ortda qolmay yuring! Qani, birinchi sinf o'quvchilarini oldinga o'tkazib yuboringlar-chi! O'tkazib yuboring, men sinfboshiman!

- Troll maktabga qanday kirib qolishi mumkin? - so'radi Garri zinapoyadan ko'tarilayotib.

- Men qaerdan bilaman! Umuman aytganda, trollar o'lguday ahmoq bo'ladi. Har holda ular shunday e'tirof etiladi. Ehtimol, bayram sharofati bilan Dryuzg kiritgandir uni?

Ularning yonidan turli yo'nalishlar bo'ylab o'quvchilarning katta-kichik to'dalari o'tib bormoqda. Adashib, sarosimaga tushib qolgan xufflpuffchilar guruhi orasidan o'tishar ekan, Garri birdan Ronning qo'lidan tutib oldi.

- Menga qara, Germiona esimga tushib qoldi.

- Germionaga nima qilibdi?

- U troll haqidagi gapdan bexabar-ku.

Ron labini tishlab oldi.

- E, nima bo'lsa bo'ldi! - qaror qildi u, - Biroq Persi yo'qolib qolganimizni payqab qolmagani ma'qul.

O'rdak suvga sho'ng'igani kabi, ikkovlon, qarshi yo'nalish tomon oshiqib borayotgan xufflpuffchilar to'dasiga qo'shilib ketdi va yo'lakning bo'sh tomoniga o'tib olib, «qizlar xonasi» tomon yugurdi. Muyulishga burilishlari bilan orqadan kimdir kelayotganini eshitib qolishdi.

- Persi! - qo'rqib shivirladi Ron, Garrini toshdan yasalgan grifon ortiga tortib (Grifon – burgut yoki arslon boshli (gavdali) bahaybat qanotli maxluq).

Biroq haykal ortidan ehtiyotkorona bosh chiqargan bolalar Persini emas professor Sneggni ko'rib qolishdi. Professor yo'lak bo'ylab borib, ko'zdan g'oyib bo'ldi.

- Bu erda nima qilib yuribdi? - deyarli ovoz chiqarmay shivirladi Garri, - Nima uchun qolgan o'qituvchilar bilan birga erto'laga yo'l olmadi?

- Osonroq savol bersang-chi, men qaerdan bilay.

Bolalar imkon qadar ehtiyotlik bilan professorning so'nib borayotgan qadam tovushi tomon yo'l olishdi.

- Uchinchi qavatga ko'tarilyapti, - dedi Garri.

- G'alati hid chiqdi. Sezyapsan-mi?

Garri chuqurroq nafas olib qo'lansa, anchadan buyon yuvilmagan paypoq yoki tozalanmagan umumiy hojatxonadan chiqadigan hidga o'xshab ketayotgan hid sezdi.

Daf'atan past na'ra va tovonlar sharaqlagancha, bir-biriga urilib bosilayotgan qadam tovushi eshitildi. Gapirish qobiliyatini yo'qotgan Ron ko'rsatkich barmog'ini yo'lakning narigi boshiga, misli ko'rilmagan dahshatli maxluq kelayotgan tomonga o'qtadi. Bolalar devorga qapishib, yorug'likka chiqib kelayotgan maxluqqa qarab qolishdi. Kishining vujudini dahshatga soladigan manzara!

Mudhish teri qoplamasi kul rang-marmar tusli, bo'yi o'n ikki fut keladigan trollning tanasi, ustiga kokos yong'og'iday keladigan kichkinagina kal kalla o'rnatilgan yirik qavariq xarsangni eslatdi. Har birining yo'g'onligi daraxt tanasiday keladigan kalta oyoqlari va uzun tirnoqli panjalari yaqqol ko'rinayotgan, nihoyatda uzun qo'liga yirik so'yilni ushlab, erda sudrab kelayotgan maxluqdan ufurilayotgan qo'lansa hidga bardosh berib bo'lmaydi.

Troll qandaydir xona eshigi yonida to'xtab, ichkariga qaradi. U uzun quloqlarini qimirlatib, hajmi kichik miyasini o'ylab ish tutishga majbur qilayotgani sezildi. Bir ozdan so'ng, ostona xatlab ichkariga kirdi.

- Kalit qulfda ekan, - shivirlardi Garri, - Uni o'sha xonaga qamab qo'yishimiz mumkin.

- Yaxshi fikr, - maqtab qo'ydi asabiylashgan Ron.

Ularning og'zilari dahshatdan qurib qolgan bo'lib, troll, ayni shu fursatda xonadan chiqib qolmasligini Xudodan yolvorib so'rashgancha, devor bo'ylab ochiq eshikka yaqin borishdi. Garri bir sakradi-da eshikni yopib qulflab qo'ydi.

- Bo'ldi!

Bolalar g'alaba qozonilganiga to'liq ishonch bilan yo'lak bo'ylab nari yugura ketishdi. Biroq muyulishga etib bormasdan, hozirgina qulflab qo'yilgan xonadan shunday qattiq chinqiriq eshitildi-ki, ikkalasining yuragi to'xtab qolishiga bir baxya qoldi.

- O, yo'q! - seskanib ketdi Ron, rangi Qonxo'r Baron rangiday oqarib.

- Hojatxona edi-ku! - idrok etdi Garri.

- Germiona! - baralla qichqirib yubordi ikkovlon.

Boshqa vaziyatda bu ishni hayotda qilishmas edi, biroq iloji yo'q. Bolalar shartta orqaga burilib, eshik tomon yugurishdi. Dahshat-u, vahimaga qarshi kurashgancha, eshik qulfini ochib ichkariga kirishdi.

Xushini yo'qotishiga oz qolgan Germiona devorga yopishib olgancha, trolldan nari qochishga behuda urinmoqda. Maxluq esa devorga mahkamlangan qo'l yuvish chig'anoqlarini qo'lidagi so'yil bilan bir chetdan urib majaqlagancha, qizaloq tomon ilgarilamoqda.

- Uni chalg'itish kerak! - qichqirdi suv to'sish tiqinini qo'liga olib, devorga ura boshlagan Garri.

Germionaga bir necha metr qolganda to'xtab qolgan troll qo'pol burildi-da, shovqin qaerdan eshitilayotganini idrok etish uchun bo'lsa kerak, beso'naqay jovdirab atrofga alangladi. Nihoyat maxluqning badjahl nigohi Garriga taqaldi. Troll bir oz o'ylanib qoldi-da, so'yilini ko'tarib bola tomon harakat boshladi.

- Hoy, badbashara! - qichqirdi Ron, xonaning boshqa burchagidan.

Ron qo'lidagi metall quvurni trollga qarata uloqtirdi. Quvur elkasiga tekkan bo'lsa ham, zarbani sezmagan trollning e'tiborini Ronning qichqirig'i chalg'itdi. U yana bir dam o'ylangach, jirkanch basharasini Ron tomon o'girdi. Fursatdan foydalangan Garri uning orqasiga o'tib olishga muvaffaq bo'ldi.

- Bo'l, tezroq qoch! - qichqirdi Garri Germionaga.

Garri Germionani eshik tomon sudrashga harchand urinmasin, joyidan qo'zg'alishga madori qolmagan qizaloq, dahshatdan og'zi ochilgancha, devordan uzilmay turdi.

Har tomonda eshitilayotgan qichqiriqlar va buning natijasida xonada hosil bo'lgan aks sado trollni batamom aqldan ozdirib yubordi. U yanada baland o'kirib, o'ziga yaqin turgan, qochib qolish imkoni bo'lmagan Ron tomon tashlandi.

Yuzaga kelgan bunday holatda Garri mardona, biroq juda g'o'r ish tutdi. U yugurgancha, trollning orqa tomoniga sakrab chiqib oldida, bo'ynidan mahkam tutib olib, ko'p o'ylanmasdan qo'lidagi sehrli tayoqchani trollning burniga jon-jahd bilan tiqib yubordi. Xarsang-maxluq bo'yniga kimdir osilib olganini payqamadi-yu, burniga qandaydir uzun narsa tiqib tashlashganini juda yaxshi sezdi.

Og'riqqa bardosh bera olmagan troll gir-gir aylanib, qo'lidagi so'yilni har tomon urib silkitar, bo'ynidagi Garri esa hayot uchun kurashar edi. Tevarak-atrofidagi narsalarni urib majaqlayotgan troll har qanday fursatda Garrini o'z ustidan uchirib yuborishi va qo'lidagi so'yil bilan bir urib o'ldirib qo'yishi mumkin.

Qo'rqib, adoyi tamom bo'lgan Germiona nihoyat polga yuz tuban ag'anab tushdi. Ron esa sehrli tayoqchasini qo'liga olib, nima qilmoqchi bo'lganini o'zi tushunmay, miyasiga kelgan birinchi afsunni qichqirib yubordi:

- Vingardium Levioza!

Shu payt so'yil maxluqning qo'lidan otilib chiqib, tikka yuqoriga ko'tarilgancha, asta-sekin aylandi va o'z sohibining boshiga chunonam qarsillab tushdiki, troll turgan joyida tebranib, basharasi bilan erga gursillab tushdi. Zarbdan pol ham, xona derazalari ham zirillab ketdi.

Garri titrab, hansiragancha bazo'r oyoqqa turdi. Haligacha sehrli tayoqchasini baland ko'tarib olgan Ron esa ko'zlarini katta ochib, qilmishining hosilasiga qarab turibdi.

- O'ldi-mi? - oraga cho'mgan sukunatni buzdi birinchi bo'lib tilga kirgan Germiona.

- Menimcha, yo'q, - javob qaytardi Garri, - Karaxt bo'lib qoldi desak, aniqroq bo'ladi.

U egilib, troll burnidan serkesak kul rang elimga o'xshash moddaga belanib ketgan sehrli tayoqchasini sug'urib oldi.

- Eq, troll mishirig'i, - dedi u, tayoqchani maxluqning ishtoniga yaxshilab artib tozalab.

Kutilmaganda yo'lakda qadam tovushi eshitildi. Trollni ayyuhannos solib, zarbalar ketidan zarbalar berishga majbur qilgan bolalar qasrda qanday to'polon ko'tarib yuborishganlarini o'zlari bilishmaydi. Fursat o'tgach, eshik qarsillab ochilib, hojatxonaga professor Makgonagall, uning izidan Snegg bilan Belka kirib keldi. Troll tomon bir bor qarab qo'ygan Belka unitazga o'tirib olib, yuragini changallab qoldi.

Snegg trollning yoniga yaqin kelib, ustiga engashib qaradi. Professor Makgonagall esa Garri bilan Ronga sukut saqlab tikilib turdi. Garri professorning hali bu qadar badjahl qiyofasini ko'rmagan. Bunday nigohdan so'ng, Garrining, ko'rsatilgan qahramonlik uchun «Griffindor»ga naq 50 ball keltirish umidi puchga chiqdi.

- Aql-farosatlaring bormi? - so'radi nihoyat professor Makgonagall bosiq g'azab bilan.

Garri haligacha qo'lini baland ko'tarib turgan Ron tomon qarab qo'ydi.

- Xayriyatki, o'ldirib qo'ymabdi. Nima uchun el qatori mehmonxonaga bormadingiz?

Snegg Garriga eb yuboguday o'qraydi. Qani endi Ron qo'lini tushirsa, xayoldan o'tkazdi Garri erga qarab.

- Iltimos, professor Makgonagall, - eshitildi nim qorong'i burchakdan, Bolalarni so'kmang, ular meni qidirib kelishgan.

- Miss Grenjer?!

- Men trollni qidirib kelgan edim... - nihoyat o'rnidan turdi Germiona, - Men... men o'ylabman-ki... men o'zim bir yog'lik qilaman uni... tushunyapsiz-mi... Trollar haqida ko'p o'qigan edim...

Bu gapni eshitgan Ron qo'lidagi tayoqchasini tushirib yubordi. Germiona Grenjer bo'lsa-yu, o'qituvchiga ochiqdan-ochiq yolg'on gapirsa-ya!

- Agar ular meni qidirib topishmaganida halok bo'lishim muqarrar edi, - davom etdi Germiona, - Ikkalasi ham yordam chaqirgani ulgurishmas edi. Garri tayoqchasini trollning burniga tiqib tashladi. Ron esa so'yil bilan trollni karaxt qildi. Bolalar kirib kelishganida troll meni tinchitishga shay bo'lib turgan edi.

Garri bilan Ron Germiona aytib berayotgan hikoya ular uchun yangilik emasligini ifoda qilishga urinib turishdi.

- Xo'sh... unday bo'lsa... - dedi professor Makgonagall uchala bolaga diqqat bilan qarab, - Miss Grenjer, tog' trolli bilan yakka olishishga qanday jur'at etdingiz, tentak qiz?

Germiona boshini ham qilib oldi. Maktabda joriy etilgan qoidalarni hech qachon buzmaydigan Germiona, bolalarni qutqarish uchun hamma aybni o'z bo'yniga olib, qoidani buzganligiga iqror bo'lib turibdi-ya. Bu gaplarni eshitgan Garrining tili aylanmay qoldi. Bu «Snegg mehribon bo'lib qolib, hammaga shirinlik ulashib chiqibdi» degan gap bilan teppa-teng-ku, axir.

- Miss Grenjer, qilmishingiz uchun «Griffindor»dan besh ball ayiriladi, - hukm chiqardi professor Makgonagall, - Sizdan hafsalam pir bo'ldi. Mabodo jabr ko'rmagan bo'lsangiz, «Griffindor» minorasiga boring. O'quvchilar o'z binolarida bayram ziyofatini tamomlamoqdalar.

Germiona xonadan chiqib ketdi.

Professor Makgonagall Garri bilan Ron tomon yuzlandi.

- Xo'sh. Endi sizlarga kelsak. Men hanuzgacha sizlarga shunchaki, misli ko'rilmagan omad kulib boqqan degan fikrdaman. Biroq har qanday birinchi sinf o'quvchisi balog'atga etgan tog' trolliga qarshi chiqishga jur'at eta olmasligi aniq. Shu bois ham, har biringiz o'z kollejingizga besh balldan keltirdingiz. Men bu haqda professor Dambldorga bildiruv beraman. Borishingiz mumkin.

Bolalar hojatxonani tez tark etib, ikki qavat yuqoriga chiqqunga qadar biron og'iz so'z gapirishmadi. Trollning qo'lansa hididan uzoqlashish biram yaxshi ediki, qolgan gaplarni esa qo'yaverasiz.

- Umuman aytganda, biz o'n balldan ko'proq ballga yarasha xizmat ko'rsatdik, - vaysadi Ron.

- Besh balldan. Germiona jazolandi-ku.

- Yaxshi qiz ekan, qutqarib qoldi bizni, - iqror bo'ldi Ron, - Lekin, haqiqatan ham, biz uning hayotini saqlab qoldik.

- Agar trollni Germionaga qo'shib qamab qo'ymaganimizda, balki qutqarishga to'g'ri kelmas edi, - eslatib qo'ydi Garri.

Ikkovlon Semiz Xola portretining qarshisiga kelib, minoraga kirish parolini baralla talaffuz etdi:

- Cho'chqa tumshug'i.

Shovqin-suron hukm surayotgan mehmonxona odamga to'lib-toshgan. Hamma yuqoriga chiqarilgan mazali taomlar bilan ovora. Germiona esa eshik yonida, bolalarning qaytishini kutib, yolg'iz turibdi. Ular orasida noqulay sukut saqlangach, bir-biriga qiyo boqmagan holda «rahmat» deb qo'yishdi-da, toza likoplar turgan tomon oshiqishdi.

Nima qilgan taqdirda ham ayni shu fursatdan e'tiboran Germiona Grenjer bolalar uchun chin do'stga aylanib qoldi. Hayotda shunday daqiqalar bo'ladiki, ularni haqiqiy do'stlarsiz boshdan kechirish nihoyatda mushkul kechadi. O'n ikki fut keladigan tog' trolli ustidan qozonilgan g'alaba – ayni shunday fursatlar sirasiga kiradi.

Bob-11."KVIDISh "

Noyabrь oyi kelib, havo sovidi. Maktab tevaragini qurshab turgan kul rang tog'larning bag'ri qorga burkanib, cho'qqilarini muz qopladi. Tog' ostidagi sokin ko'l yuzasi po'lat tusga kiradigan, ertalabki qirov esa erni oqartirib qo'yadigan bo'ldi. Kvidish maydonida supurgilarni yaxdan tushirib yurgan, egniga krot po'stin, qo'liga boshmaldoqli mo'yna qo'lqop, oyog'iga uzun qo'njli, o'lchami haddan ortiq katta, qunduz mo'ynasidan tayyorlangan etik kiygan Xagridni yuqori qavatdagi qasr derazalaridan ko'rish mumkin.

Kvidish mavsumi boshlandi. Nihoyat Garri, uzoq mashqlardan so'ng, kelasi shanba kuni jamoa tarkibida «Griffindor» – «Slizerin» o'yinida ishtirok etadi. Bu o'yinda qozoniladigan g'alaba griffindorchilar jamoasining holatini sezilarli yaxshilab, maktab kubogi uchun olib borilayotgan kurashda ikkinchi o'ringa olib chiqadi.

Garrining o'yinini hali hech kim ko'rgani yo'q. Drev jamoaning yangi o'yinchisini maxfiy qurolday sir saqlashga ahd qilganiga qaramay Garri griffindorchilar jamoasiga Sayyod sifatida qabul qilinganligi keng ommaga allaqanday tarzda ma'lum bo'lib qoldi. Endi u, ushbu ommaning qaysi toifasi, xususan, hammasi yaxshi bo'ladi deb ishontirayotgan toifasi yomonmi yoki o'yin davomida to'shak ko'targancha, pastda yugurib yurib, supurgisidan tushib ketgan Garrini tutib qolishga va'da berayotgan toifasi yomonmi bilmay, boshi qotdi.

Germiona bilan tutingan do'stlik Garri uchun ayni muddao bo'ldi. Drev tomonidan tayinlangan qo'shimcha mashqlar inobatga olinsa, uyga berilgan vazifalarni Germionasiz qanday bajarishini Garri tasavvuriga sig'dira olmaydi. Bundan tashqari, o'qib chiqish uchun Germiona bergan «Asrlar osha o'tib kelgan mangu kvidish» kitobi Garrining sohaga oid bilimi ortishida katta ahamiyat kasb etdi.

Kitobni o'qib chiqqan Garri o'yin qoidasi buzilishining jami etti yuzta ko'rinishi bo'lishi, 1473 yili bo'lib o'tgan Kvidish bo'yicha jahon chempionatida, ushbu buzilishlarning barchasiga yo'l qo'yilganligi, Sayyodlar odatda eng kichkina va eng chaqqon o'yinchilar bo'lib, o'yin davomida ro'y berishi mumkin bo'lgan jamiki baxtsiz hodisalarning joiz ko'rinishlariga, odatda, ayni shu o'yinchilar duch kelishi, odamlar orasida o'lim holatlari kamdan kam sodir bo'lsa-da, o'yin hakamlari yo'qolib qolib, faqat bir necha oy o'tgach, masalan Sahroyi Kabirning qoq o'rtasida topilishini bilib oldi.

Garri bilan Ron Germionani tog' trollining changalidan qutqarib qolishgan kundan e'tiboran qizaloqning maktab qoidalari buzilishiga nisbatan shakllangan qat'iy mulohazalari bir oz yumshab, oldingiga nisbatan ancha yoqimli shaxsga aylandi. Garri ilk bor ishtirok etadigan o'yindan bir kun oldin uchovlon tanaffus vaqtida hovliga chiqib, uyquni qochirish uchun bir oz sovuqda turishdi. Germiona, man etilganiga qaramay, afsun yordamida, quyuq shinni solinadigan banka ichida olib yursa bo'ladigan moviy gulxan yoqdi. Gulxanga orqa o'girgancha isinib turishgan fursatda, ularga yaqin yo'lakdan, negadir oqsoqlanib qolgan professor Snegg o'tib qoldi. Gulxanni o'qituvchi nigohidan yashirish uchun ular bir-biriga jips turib olishdi. Qilayotgan ishlari man etilganiga shubha qilishmagani bois, aybdor qiyofada turgan o'quvchilarni ko'rgan professor cho'loqlangancha, yaqin keldi. Gulxanni sezmagan bo'lsa-da, o'quvchilarni aybsitish uchun bahona qidirgan Snegg Garrining qo'ltig'idagi «Asrlar osha o'tib kelgan mangu kvidish» kitobiga imo qilib so'rab qoldi:

- Anavi nima, Potter?

Garri kitobni ko'rsatdi.

- Kutubxona kitoblarini maktab binosidan tashqariga olib chiqish man etilgan. Uni menga bering. «Griffindor»dan besh ball ayiriladi.

- Ushbu qoidani hozirning o'zida o'zi to'qib chiqardi, - vaysadi Garri, cho'loq Snegg nari ketgach, - Qiziq, oyog'iga nima qildi ekan?

- Tuyog'iga nima qilganini bilmayman-u, ushbu jarohat uning jonini qattiq og'ritganligiga juda umid qilaman! - g'azab-la xitob qildi Ron.

O'sha kuni kechqurun «Griffindor» mehmonxonasi shovqin-suronga to'ldi. Garri, Ron va Germiona deraza oldida birga o'tirishdi. Germiona uyga berilgan vazifani ko'chirib olishga hech izn bermaydi. Qarang-ki, unday qiladigan bo'lishsa, bolalar hech narsani bilmay yuraverishar emish! Biroq Garri bilan Ron aqlliroq yo'l topishdi. Ular vazifani go'yo bajargan bo'lib, to'g'ri ishlashganini Germionaga tekshirtiradigan va shu zaylda to'g'ri javobni bilib oladigan bo'lishdi.

Garri bezovta. U «Asrlar osha o'tib kelgan mangu kvidish»ni qaytarib olish, o'qib, ertangi o'yin haqidagi o'ylardan chalg'ishni istadi. Nega endi u Sneggdan qo'rqishi kerak? U shartda o'rnidan turdi-da, Sneggning huzuriga borib, kitobni qaytarib olish kerakligini ma'lum qildi.

- Men emas, sen borganing ma'qul, - deyarli baralla javob qaytarishdi Ron bilan Germiona.

- Agar boshqa o'qituvchilar oldida so'ralsa, Snegg rad etishga jur'at qila olmaydi, - dedi Garri.

U o'qituvchilar xonasiga borib, eshik taqillatdi. Hech kim javob bermadi. Yana taqillatdi. Jimlik.

Balki Snegg kitobni ichkarida qoldirib ketgandir? Qarab ko'rish kerak, xayoldan o'tkazdi Garri, eshikni itarib. U ichkariga bosh suqib qaradi-yu, mudhish sahna guvohi bo'lib qoldi.

O'qituvchilar xonasida Snegg bilan Filch bor ekan. Snegg, oyog'idagi qonab turgan jarohatni ochgancha, korjomasining etagini tizzaga qadar baland ko'tarib olgan, Filch esa unga toza bint uzatyapti.

- Jin urgan hayvon, - dedi Snegg, - Marhamat qilib ayting-chi, bir vaqtning o'zida uchta kalla harakatini qanday qilib kuzatsa bo'ladi?

Garri asta eshikni yopib qo'ymoqchi bo'ldi.

- POTTER!

G'azabdan burishib ketgan Snegg korjomasining etagini tez tushirdi.

- Kitobni qaytarib olsam bo'ladimi-yo'qmi, shuni bilmoqchi edim xolos, - dedi qichqiriqni eshitgan Garri, g'ayriixtiyoriy yutinib qo'yib.

- YO'QOL!

Garri yana biron balldan ayrilib qolmasdan oldin o'qday uchib ketdi.

- Xo'sh, qaytarib oldingmi? - so'radi Germiona bilan o'tirgan Ron, hansirab qaytgan Garridan.

Garri do'stlarining yoniga o'tirib, hozirgina ko'rgan holatni shivirlab aytib berdi.

- Bilasizlar-mi, bularning bari nimani anglatadi? - deyarli ovoz chiqarmay pichirladi u, qisqa hikoyasiga yakun yasab, - Xellouin kuni Snegg uch boshli it yonidan o'tishga uringan! Biz uni grifon ortida yashirinib ko'rgan fursatda, u, ayni o'sha xonaga yo'l olganligi aniq. Uning maqsadi maxluq qo'riqlayotgan narsani o'g'irlash ekanligi ham ayon! Supurgim bilan ont ichib aytaman-ki, o'sha kuni, hammani chalg'itish, o'quvchilarni o'z xonalari, o'qituvchilarni erto'laga yo'llash maqsadida tog' trollini qasrga kiritib yuborgan ham Snegg bo'ladi!

- U bunday qabihlikka bormaydi, - e'tiroz bildirdi ko'zlari katta-katta ochilib ketgan Germiona, - Sneggni dunyodagi eng dilrabo zot demoqchi ham emasman biroq u, Dambldorga tegishli narsani o'g'irlashga jur'at etmaydi.

- Menga qara, Germiona. Sen chindan ham o'qituvchilarimizning barini avliyo yoki shunga o'xshash begunoh-u, benuqson zotlar deb bilasanmi? - achchiqlandi Ron, - Men Garrining fikriga qo'shilaman. Snegg ishonchsiz ekanligiga aminman. Biroq unga nima kerakligini bilmayman. Anavi kuchukcha nimani qo'riqlab o'tiribdi ekan?

Karavotida yotgan Garrining boshi hal etilmagan masalalardan g'uvulladi. Nevill allaqachon ettinchi tushini ko'rib, xurrak otib yotibdi. Garri ham hech narsani o'ylamay, uxlab qolishga urindi. Hayotida ilk bor ishtirok etadigan kvidish o'yinidan oldin uyquga to'yib olishi kerakligini aqlan idrok etayotgan bo'lsa-da, oyog'i yaralanganligi Garriga ma'lum bo'lib qolgani uchun Sneggning basharasi kasb etgan qiyofani unutish qiyin kechdi.

Ko'p o'tmay yorqin sovuq tong otdi. Qovurilgan kolbasachalarning ishtahani qitiqlaydigan hidi va qiziqarli tomoshani ko'z oldiga keltirgancha, lazzatlanib gap sotib o'tirganlarning g'ovuri Katta Zalni butunlay qamrab olgan.

- Sen albatta tamaddi qilib olishing kerak.

- Ishtaham yo'q.

- Loaqal buterbrod eb olsang-chi, - xiraligini qo'ymadi Germiona.

- Hech narsa o'tmaydi.

Bir soatdan so'ng, o'yingohga chiqishini o'ylab hayajonlangan Garri o'zini juda yomon his etdi.

- Garri, ovqat eb olmas ekansan, kurashga kuching etmay qoladi, - dedi Simus Finnigan, - Sayyodlarni raqib jamoa o'yinchilari doimo urib-turtib o'ynashadi.

- G'amxo'rlik ko'rsatayotganing uchun rahmat, Simus, - minnatdorlik bildirdi Garri kolbasachaga ketchup surtib uzatgan o'rtog'iga (Ketchup (ing. ketchup) – tarkibiga tomat, sirka, tuz, shakar, qalampir va boshqa ziravorlar kiradigan qayla).

Soat o'n birga yaqin jamiki maktab kvidish maydonining tomoshabinlar o'tiradigan namoyishgohlarini egalladi. Aksariyat bolalar durbin bilan qurollanib olishgan. Namoyishgohlardagi tomoshabinlar o'tiradigan kursilar zarur bo'lgan fursatda o'zidan o'zi yuqoriga ko'tarilib yoki pastlab boradi, lekin shunga qaramay, o'yin jarayonini durbinsiz to'liq kuzatish qiyin kechadi.

Ron bilan Germiona yuqori qatordagi o'rinlarga, Nevill, Simus va Vestxem futbol jamoasining ashaddiy muxlisi Din yonida joylashib oldi. Sinfdoshlar Garriga bildirmagan tarzda, Qasmoq g'ajib, teshib tashlagan choyshabdan «Potterni Prezidentlikka!» so'zlari bitilgan katta plakat tayyorlashdi. Rassomlik iste'dodiga ega Din, ushbu yozuv ostiga «Griffindor» fakultetining timsoli bo'lmish sher tasvirini tushirdi, Germiona esa afsun qo'llab, plakatni, rang o'zgartirgancha, pirpirab turadigan qilib qo'ydi.

Do'stlari plakatni namoyishgohga mahkamlayotgan vaqtda, Garri, egnidagi kiyimini kvidish kiyimiga, ya'ni to'q qizil korjomaga jamoa bilan birga almashtirdi. Slizerinchilar yashil kiyimda o'ynashadi.

- Xo'sh, janoblar, - so'z oldi Drev, jamoa o'yinchilarining e'tiborini o'ziga jalb etish uchun tomoq qirib olgach.

- Va xonimlar, - Drevning gapini bo'ldi jamoa Ovchisi Angelina Jonson.

- Va xonimlar, - tasdiqladi Drev, - Mana nihoyat kutilgan fursat etdi.

- Buyuk fursat, - gap qistirdi Fred Uesli.

- Intizorlik bilan kutilgan fursat, - qo'shib qo'ydi Jorj.

- Oliverning nutqini yoddan bilamiz, - tushuntirdi Fred Garriga, - Har qalay jamoada o'tgan yildan buyon o'ynaymiz.

- Bir pas ovozlaringni o'chirib turinglar, iltimos, - qichqirdi Drev, - Jamoaning bu yilgi tarkibi o'tgan ko'plab yillarga nisbatan olib qaralganda, juda zo'r saralangan tarkib sanaladi. Demak, g'alaba qozonishimiz shart. Men bunga komil ishonch bildiraman.

U jamoaga shunday qarab qo'ydi-ki, nigohida: «Aks holda!...» degan ma'noni uqib olish qiyin emas.

- Ana shunday. Vaqt bo'ldi. Hammamizga omad va zafar yor bo'lsin. Ketdik!

Fred bilan Jorjning ortidan borayotgan Garri tizzalari bo'shashib ketmasligini Xudodan yolvorib so'ragancha, baland eshitilgan qutlov qichqiriqlari ostida o'yin maydoniga chiqdi.

O'yinga Rolanda Tryuk xonim hakamlik qiladi. U qo'lida supurgi bilan o'yingohning qoq markazida, raqib jamoalarning yig'ilishini kutib turibdi.

- Umid qilamanki, halol o'ynaysiz, - dedi Rolanda Tryuk xonim hamma yig'ilgach.

Garri hakamning ushbu so'zlari asosan «Slizerin» jamoasining sardori, oltinchi sinf o'quvchisi Markus Flintga taalluqli ekanligini payqab qoldi. Tashqi qiyofasiga qaraganda, Markusning qoniga trollning qoni aralashgan shekilli, xayoldan o'tkazdi Garri. Ko'zining qiri bilan namoyishgohdagi tomoshabinlar ustida miltillab ko'ringan «Potterni Prezidentlikka!» so'zlarini ko'rib qolgan Garri o'zini dadilroq his eta boshladi.

- Marhamat, supurgilar egarlansin!

Garri o'zining «Nimbus-2000» rusumli supurgisini egarladi.

Rolanda Tryuk xonim kumush hushtagini og'ziga solib, bor kuchi ila quloqni teshib yuborguday darajada baland chaldi.

O'n beshta supurgi erdan havoga bir vaqtda, o'qday ko'tarildi. O'yingohda ayyuhannos-u, qichqiriqlarga to'ldi. Kvidish boshlandi!

Egizak Ueslilarning do'sti, sharhlovchi Li Jordanning baland ovozi eshitildi. O'yin sharhi professor Makgonagallning qat'iy nazorati ostida olib borilmoqda.

- Hurmatli tomoshabinlar ko'rib turganingizday Kvaffl shu zahoti «Griffindor» o'yinchisi Angelina Jonson qo'liga o'tdi. Sohibjamol Angelina mohir Ovchi bo'lishidan tashqari, go'zallikda tengi yo'q jon olar jonona...

- JORDAN!

- Uzr, professor.

- Manyovrni chaqqon bajargan Angelina to'pni Alisiya Spinnetga uzatdi. Alisiya Oliver Drev tomonidan yaqindagina ixtiro qilingan mahoratli o'yinchi sanaladi. Biroq negadir Alisiya o'tgan yilgi o'yin mavsumini zaxira o'yinchilar kursisida o'tirib o'tkazdi. To'p Jonsonga qaytarildi va... Yo'q, slizerinchilar Kvafflni qaytarib olishga muvaffaq bo'lishdi. Kvafflni qo'lga kiritgan «Slizerin» sardori Markus Flint bamisoli tog' burgutiday raqib halqalari tomon uchib bormoqda. Qarab turing, hozir u gol uradi. Yo'q, chuchvarani xom sanabdi! Uni «Griffindor» jamoasining Qo'riqchisi Drev to'xtatib qoldi. Kvafflni griffindorchilar egallab olishdi. «Griffindor» jamoasining Ovchisi Ketti Bellning o'yinini ko'rib turibsiz. Mana u Flint ostiga chiroyli sho'ng'idi va maydon uzra yana ko'tarildi... VOY!... Tajovuzkor boshining orqasiga kelib soldi-ku. Joni og'riyotgan bo'lsa kerak, a?! Kvaffl slizerinchilarga o'tdi. Ko'rib turganingizday Adrian Pusey halqalar tomon oshiqmoqda. Biroq uning yo'lini qaysi biri ekanligini aniq ayta olmayman-u, Fred yoki Jorj Uesli tomonidan qaytarilgan ikkinchi Tajovuzkor to'sdi. Kim bo'lishidan qat'i nazar «Griffindor» jamoasining Urib qaytaruvchisi o'z mahoratini namoyon eta oldi. Kvaffl yana Jonsonda. Qizning qarshisida hech kim yo'q. U o'qday uchmoqda. Shiddat bilan uchib kelgan Tajovuzkorga chap berdi. Mana u halqalarga yaqin kelib qoldi. Bo'sh kelma, Angelina! Qo'riqchi Bletchelli sho'ng'ib kirmoqda. Yo'q, uning harakati xato ketdi va GRIFFINDORChILAR HALQANI IShG'OL ETIShDI!!!

Namoyishgohlarda «Griffindor» jamoasi muxlislarining baland qichqiriqlari va «Slizerin» jamoasi muxlislarining oh-vohlari yangradi.

- Qani, nari siljinglar-chi.

- Xagrid!

Davangir sig'ishi uchun Ron bilan Germiona bir-biriga yaqinroq turib olishiga to'g'ri keldi.

- Kulbam yonida tomosha qilib o'tirdim, - dedi Xagrid bo'yniga osilgan ulkan durbinini urib ko'rsatib, - Lekin xalq bilan tomosha qilgan qiziqroq-da, to'g'rimi? Tilla chaqqon ko'rinmadi-mi?

- Yo'q, - javob qaytardi Ron, - Garri hozircha bekor.

- Hech qisi yo'q, shoshib qaerga ham borar edi. Chiqib olgan joyini qarang uni, - dedi Xagrid, osmon-u falakda nuqtaday ko'rinayotgan Garriga qarab.

Garri Drev bilan birgalikda tuzilgan rejaga muvofiq namoyishgoh uzra uchib, Tilla chaqqonni qidirib yuribdi.

- Tilla chaqqon ko'ringunga qadar narida bo'lganing ma'qul, - doimo tayinlar edi Drev, - Senga bemavrid hamla qilishlariga yo'l qo'yib bo'lmaydi.

Angelinaning gol urganini ko'rgan Garri, g'ayrati oshib ketganidan ikki marotaba «O'lik sirtmoq» amalini bajarib, Tilla chaqqon izlashni davom etdi (Nesterov sirtmog'i – oliy uchuvchilik san'ati bilan fazoda hosil qilinadigan murakkab shakl, sirtmoqsimon doira. «O'lik sirtmoq» deb ham ataladi. Ilk bor 1913 yil 27 avgust kuni rus uchuvchisi P. N. Nesterov tomonidan ijro etilgan. Shaklning yaratilishida uchish apparati vertikal tekislik bo'ylab uchib o'tib, berk egri chiziq hosil qiladi va sirtmoq boshidan oxiriga qadar ko'ndalang chiziqdan og'may, yo'nalishini o'zgartirmay sirtmoqdan chiqib ketadi).

Nimadir yaltiradi-yu, afsuski, bu egizaklardan birining qo'l soati ekanligini ko'rib, xavsalasi pir bo'ldi. Zambarak o'qi kabi uchib kelgan Tajovuzkorlardan biri, ortidan esa shiddat bilan quvib kelgan Fred Uesliga arang chap berishga ulgurib qoldi.

- Ishlar joyidami? - baqirib so'radi Fred, Tajovuzkorni Markus Flint tomon urib qaytarar ekan.

- «Slizerin» Kvafflni qo'lga kiritdi, - sharhlashni davom ettirdi Li Jordan, - Pastga sho'ng'igan Ovchi Pusey ikkala Tajovuzkordan ham, ikkala Ueslilardan ham, Ovchi Belldan ham o'zini olib qochishga ulgurib, halqa tomon parvozni davom ettirmoqda. Bu nima Tilla chaqqonmi?

Chap qulog'ining yonidan uchib o'tgan Tilla chaqqon tomon angrayib qaragan Adrian Pusey qo'lidagi Kvafflni oldirib qo'ygach, o'yingohdagi tomoshabinlarning norozi baqirig'i eshitildi.

Tilla chaqqonning yaltiraganini ko'rgan Garri hayajondan kuchli to'lqinlanib ketgancha, koptokcha ortidan sho'ng'idi. Slizerinchilarning Sayyodi Terens Xiggs ham Tilla chaqqonni ko'rib qolgan. Ular koptokcha ortidan yonma-yon uchib borishmoqda. Jamiki ovchilar go'yo o'z majburiyatini unutib qo'yganday sayyodlar poygasiga qarab qolishdi.

Garri Xiggsdan chaqqon chiqdi. U mittigina, qanotlarini pirpiratib yuqoriga ko'tarilgancha, uchib borayotgan yumaloq koptokchani ayon ko'rib bormoqda...

QARS-S!

Markus Flint atayin Garrining yo'liga chiqib, urildi. Garrining supurgisi go'yo vertolyot vinti kabi havoda aylanib ketdi. U erga qulab tushmaslikka uringancha, supurgisining sopini mahkam ushlab qolishga ulgurdi. Tomoshabinlar, ayniqsa, «Griffindor» jamoasi muxlislarining nafratga to'lib-toshgan qichqiriqlari eshitildi.

- O'yin qoidasi buzildi!

Tryuk xonim Flint bilan darg'azab gaplashib qo'ygach, «Griffindor» jamoasiga erkin to'p tayinladi. Tabiiyki, Tilla chaqqon yana ko'zdan g'oyib bo'ldi.

- Maydondan chiqarilsin! Hoy, hakam qizil kartochka ko'rsating unga! - deya qichqirdi magllarning futbol o'yini ishqibozi Din Tomas.

- Nimalar deyapsan, Din? - so'radi undan Ron.

- Qizil kartochka! - g'azab-la baqirishini qo'ymadi Din, - Futbolda, bunday qilmishi uchun o'yinchiga qizil kartochka ko'rsatilib, maydondan chiqarib yuboriladi.

- Axir bu futbol emas-ku, Din, - yodiga soldi Ron.

- O'yin qoidasiga o'zgartirish kiritish kerak, - Dinga tarafdor bo'ldi Xagrid, - Garrining pachoq bo'lib ketishiga sal qoldi-ku, axir.

- Shunday qilib, shak-shubhasiz qabihlik-la amalga oshirilgan bezorilikdan so'ng... - xolisligini saqlab qola olmadi sharhlovchi Li Jordan.

- Jordan! - ingrab yubordi professor Makgonagall.

- Aytmoqchi edim-ki, o'yin qoidasi slizerinchilar tomonidan ochiqdan-ochiq, muttahamlarcha buzilgach...

- Jordan, seni ogohlantirib qo'ydim...

- Xo'p, mayli. Flint «Griffindor»ning Sayyodini o'ldirib qo'yishiga sal qoldi. Kim yo'liqmaydi deysiz, bunday arzimagan holatga. Modomiki, shunday ekan, «Griffindor» jarima to'pini uloqtiradi. Bunday zarbani Spinet qabul qilib oladi. U hech bir muammosiz to'pni qaytardi. Biz esa o'yin tomosha qilishni davom etamiz. To'p haligacha «Griffindor» jamoasida.

Tajovuzkorning navbatdagi hamlasiga chap bergach, supurgisi go'yo havo o'pqoniga tushib qolganday keskin pastlab ketgan Garri, g'alati holatga tushib qoldi. Soniya davomida bola supurgidan qulab tushishiga shubha qilmadi. U ikkala qo'li va tizzalari bilan supurgisining sopiga mahkam yopishib oldi. Bunday dahshatli holatni hali u, biror marotaba bo'lsin, boshidan kechirmagan (Havo o'pqoni – osmondagi havosi siyrak yoki havosiz joy).

Garrini go'yo atayin uloqtirib yubormoqchi bo'lgan supurgi boz pastladi. Biroq «Nimbus-2000» allaqanday asov ot emas-ku, chavandozni ustidan uloqtirib tashlagani?! Garri supurgini «Griffindor» halqalari tomon burmoqchi va Drevdan taym-aut e'lon qilishni so'ramoqchi bo'ldi. Ammo supurgi mutlaqo boshqarilmas bo'lib qoldi. U burila olmay, supurgini umuman biron-bir tomonga yo'naltira olmay qoldi. Vaqti-vaqti bilan kuchli likillayotgan supurgi havoda ilon izi yo'nalishda shiddat bilan uchmoqda, Garri esa yiqilib ketmaslik uchun o'zini bazo'r tutib bormoqda (Taym-aut – sport o'yinida jamoa talabiga ko'ra olingan tanaffus).

- «Slizerin» to'pni qo'lga kiritdi, - o'yin sharhlashni davom ettirdi Li, - Kvaffl Flintning qo'lida. To'pni Spinnetga, u esa o'z navbatida, Bellga uzatdi, Bellning yuziga Tajavuzkor kelib urildi. Umid qilamanki, uning burni sindi, hazillashdim professor. Zarba, gol! O, yo'q!

Slizerinchilar shod-xurram. Ayni vaqtda, Garrining supurgisi g'alati harakatlanayotganini hech kim payqamagan go'yo. Supurgi esa Garrini o'yin maydonidan nariga, muntazam sakrab siltangancha, osmon-u falakka ko'tarib ketmoqda.

- Garriga nima qildi? - po'ng'illab qoldi Xagrid, - Agar men uni bilmaganimda, aytardim-ki... supurgi unga itoat qilmayapti... Axir u...

Birdaniga namoyishgohdagi tomoshabinlar yuqoriga, Garriga e'tibor qaratdi.

Uning supurgisi havoda vertolyot vinti kabi aylana boshladi. Shunday tez aylanmoqda-ki, Garri o'zini bazo'r tutib o'tiribdi. Tomoshabinlarning baralla qichqirgan ayyuhannosi eshitildi. Supurgi keskin chetga otilib, Garrini ustidan yiqitdi. Endi bola supurgi sopini bitta qo'li bilan ushlagancha, osilib qoldi.

- Ehtimol, Flint Garrining yo'lini to'sib urilganida supurgiga biron narsa bo'lgandir? - shivirladi Simus.

- Unaqasi bo'lmaydi, - qisqa qildi ovozi titrab chiqqan Xagrid, - Supurgiga faqat yovuz afsun ta'sir qilishi mumkin xolos. Yosh bola bu ishni eplay olmaydi. Buning ustiga bu «Nimbus-2000».

Xagridning so'zlarini eshitgan Germiona maktab qorovulining qo'lidan durbinni tortib olib, Garri tomon emas, aksincha, namoyishgoh tomon yo'llab, nimanidir qidira boshladi.

- Nima qilyapsan? - so'radi, yuzi kul tusini kasb etib qolgan Ron.

- O'zim ham shunday deb o'ylagan edim, - dedi nafasi qaytib Germiona, - Snegg tomon qara.

Ron durbinni changallab oldi. Snegg qarshi tomondagi namoyishgohning markazida o'tirib, Garridan ko'zini uzmay, tinimsiz nimalardir shivirlamoqda.

- U afsun o'qiyapti, supurgini qarg'ayapti, - dedi Germiona.

- Nima qilsak ekan?

- Buni menga qo'yib ber.

Ron og'iz juftlashga ulgurmay, Germionani yo'qotib qo'yib, durbinni Garriga qaratdi. Supurgi shu qadar kuchli siltanmoqda-ki, bola uzoq bardosh bera olishiga ishonish qiyin. Egizak Ueslilar unga yaqin borib, o'z supurgilariga olib o'tishga urinishayotganini ko'rgan tomoshabinlar dahshatga tushib, qalqib turishdi. Biroq bu ish naf bermadi. Ulardan biri yaqin kelishi bilan supurgi keskin yuqoriga ko'tarilmoqda. Egizaklar bir oz pastlab, Garrining qo'li bo'shab ketsa, bolani havoda tutib olishga umid qilib gir aylana boshlashdi. Paytdan foydalangan Markus Flint Kvafflni qo'lga kiritib, birin-ketin beshta gol urdi. Biroq bunga hech kim e'tibor ham qaratmadi.

- Germiona, tezroq! - pichirladi Ron.

Tomoshabinlarni qo'li bilan turtib o'ziga yo'l ochib yurgan Germiona, nihoyat namoyishgohlarning Snegg o'tirgan qarshi tomoniga etib bordi. Snegg orqasidagi bo'sh qatorga etgach, yugurib, professor Belkani burni bilan oldingi qatordagi kursilarga urilib ketgan darajada turtib yuborgan bo'lsa-da, uzr so'rash uchun to'xtamadi. Sneggning yoniga etib borgach, cho'kkalab o'tirib, sehrli tayoqchasini chiqardi-da, bir narsalar deb shivirladi. Tayoqcha uchidan yorqin moviy olov dastasi chiqib, Sneggning egnidagi mantiya etagiga tegdi.

Taxminan o'ttiz soniya o'tgach, o'qituvchi yonayotganini sezib qoldi. Uning baland «Uh!» deganini eshitgan Germiona o'z vazifasini uddalagan deb bilib, professorning egnidagi olovni kichkina bankaga yig'ib oldida, qochib qoldi. Endi Snegg nima bo'lganini hech qachon bila olmaydi.

Germionaning ushbu harakati osmon-u falakdagi Garri uchun supurgini yana egarlab olishga etarli bo'ldi.

- Nevill, bo'ldi, endi qarasa bo'laveradi, - dedi Ron, so'nggi besh daqiqa davomida Xagridning orqasiga bekinib olib, ho'ngrayotgan Nevillga.

Garri shiddat-la uchib, keskin pastladi. Kutilmaganda Garrining kafti bilan og'zini ushlab olgani, ko'ngli aynib, hozir qayt qilib yuborguday holatga kelib qolgani kuzatildi. U qo'l-oyoqlari bilan erga qo'nib, qattiq yo'talgach, og'zidan kaftiga qandaydir tilla rang jism tushdi.

- Tilla chaqqonni tutib oldim! - tantanavor qichqirdi u, to'pchani boshi uzra aylantirar ekan.

Chalkashlik bilan o'tgan o'yin shu tarzda nihoyasiga etdi.

- U koptokchani tutib olmadi-ku, yutib yubordi-ku, - vaysar edi Flint, o'yin tamomlangan fursatdan yigirma daqiqa o'tgan bo'lsa ham.

Biroq Flintning nolasidan hech qanday naf chiqmadi. Axir Garri qoidani buzgani yo'q-ku.

- «Griffindor» 170:60 hisobi bilan g'alaba qozondi, o'yin natijasini baqirib e'lon qilishini qo'ymadi Li Jordan.

Ron va Germiona bilan birgalikda Xagridning kulbasiga kirib, achchiq damlangan issiq choy ichib o'tirgan Garri esa bu gaplarni eshitmayapti.

- Bo'lib o'tgan hodisa Sneggning qilmishi, - tushuntirdi Ron, - U sendan ko'zini uzmay, nimalarnidir pichirlab supurgingga qarshi afsun o'qib o'tirganini Germiona ikkalamiz ko'rib qoldik.

- Bo'lmagan gap, - e'tiroz bildirdi Xagrid, namoyishgohda, ko'zi o'ngida bo'lib o'tgan hodisalardan biron-bir xulosa chiqarmay, - Bu bilan Snegg nima naf ko'rishi mumkin?

Garri, Ron va Germiona bir-biriga qarab, Xagridga nimalarni aytish mumkinligi haqida o'ylab qolishdi.

- Men ayrim narsalardan boxabar bo'lib qoldim, - dedi Garri, bor gapni aytib berishga ahd qilib,- Xellouin kuni Snegg uch boshli itning yonidan o'tib olmoqchi bo'lgan-u biroq it, uning oyog'ini qopib olgan. Fikrimizcha, Snegg, it qo'riqlayotgan narsani o'g'irlamoqchi.

- Momiqvoy bilan qanday tanishib qoldingiz? - so'radi choynak qo'lidan tushib ketgan Xagrid.

- Momiqvoy?

- Ha, Momiqvoy. Mening itim. Gresiyada, pab restoranida tanishib qolgan bir o'rtog'imdan sotib olganman uni. O'tgan yili esa Dambldorga Momiqvoyim kerak bo'lib qoldi, qo'riqlash... (Pab – do'stlar, tanish-bilish va yoru-birodarlar yig'iladigan joy. Shinam vaziyatda, bir krujkadan pivo ichib, suhbatlashib o'tirish – pab g'oyasi sanaladi. Agar pab o'z pivosini tayyorlasa, bunday muassasa o'zining haqiqiy mazmun-mohiyatiga ega bo'ladi)

- Nimani? - so'radi Garri sabrsizlik bilan.

- Sen mendan hech narsa so'rama, - achchig'i kelib boshini siltadi Xagrid, - Bu o'ta maxfiy ma'lumot, tushunding-mi?

- Axir Snegg uni o'g'irlamoqchi-ku.

- Bo'lmagan gap. Snegg o'qituvchi. U bunday ishlarni qilmaydi.

- Nega bo'lmasam u hozirgina Garrini o'ldirishga urindi? - baqirib berdi, hozirgina bo'lib o'tgan hodisadan so'ng, Snegg haqidagi fikri batamom o'zgartirib ketgan Germiona, - Qarg'ish bilan baxtsiz hodisaning farqiga juda yaxshi boraman, qadrdonim Xagrid. Afsunlar haqida juda ko'p o'qiganman! Qarg'ish tekkizish uchun afsun o'qilayotgan ob'ektdan ko'z uzmaslik darkor. Snegg esa osmondagi Garriga ko'zini lo'q qilgancha qarab turganini o'z ko'zim bilan ko'rdim!

- E aytyapman-ku sizlarga, bularning bari bema'ni gap deb. Garrining supurgisiga nima bo'lganligini men bilmayman-u, o'qituvchi Snegg o'quvchi o'ldirmasligini aniq bilaman! Uchoving burningni suqish kerak bo'lmagan joyga suqyapsan! Bu juda xavfli! Anavi itni ham, u qo'riqlayotgan narsani ham unutinglar. Bu sizlarga emas, Dambldor bilan Nikolas Flamelga taalluqli...

- Tushunarli! - dedi Garri, - Demak, bu ishga allaqanday Nikolas Flamel aralashgan?!

Bob-12." KO'NGILDAGI ORZULAR KO'ZGUSI"

Rojdestvo kirib kelishiga sanoqli kunlar qoldi. Dekabrь oyining o'rtalarida «Xogvars» qalin qorga burkangan holatda uyg'onib, ko'l muzlay boshladi. Qor soqqalarini sehrlab, professor Belkaning sallasini qorbo'ron qilgan egizak Ueslilarga nisbatan qat'iy chora ko'rildi. Izg'iringa bazo'r bardosh bergancha, pochtani tayinlangan manzilga etkaza olgan boyqushlarni parvarish qilib jonlantirish va kelgan joyiga jo'natish – Xagridning so'nggi kunlardagi asosiy yumishiga aylanib qoldi (Rojdestvo – Iso payg'ambarning tug'ilganiga bag'ishlangan xristianlar bayrami).

O'quvchilar qishki ta'tilni sabrsizlik bilan kutmoqda. «Griffindor» mehmonxonasi va Katta Zal kaminlaridagi olov deyarli o'chmaydi, ammo qasr yo'laklarining issiq tegmaydigan devorlarini bulduriq qoplab ketgan. Muzday esgan shamol sinf xonalarining derazalariga taq-taq uriladi. Eng yomoni professor Snegg tasarrufidagi er osti xonalarida o'tkaziladigan, havoning sovuqligidan o'quvchilar og'zidan chiqqan nafas bulutchalarga aylanib qoladigan mashg'ulotlar. Sovqotgan bolalar sehrli damlama qaynatayotgan qozonchalariga yaqinroq o'tirib olishadi.

- Ta'tilni «Xogvars»da o'tkazadigan ayrim o'quvchilarga rahmim keladi, - dedi Drako Malfoy, tikka Garriga qarab, - Nima ham qila olishar edi bunday bechoralar, agar uydagilar ularni ko'rgani ko'zi, otgani o'qi bo'lmasa.

Krabbe bilan Goyl hiringlab qo'yishdi.

Qanotli baliqning urib yanchilgan umurtqasini tarozida tortib o'tirgan Garri kvidish o'yinidan so'ng, mutlaqo badhazm bo'lib qolgan Malfoyning so'zlariga ham, anavi ikkalasining hiringlashiga ham e'tibor qaratmaslikni afzal topdi.

- Kelgusi o'yinga Sayyod sifatida Potterni emas yog'och baqani olish kerak, - piching tashladi «Slizerin»ning mag'lubiyatiga hech bardosh bera olmayotgan Drako, - Negaki, unday baqaning og'zi kattaroq bo'ladi.

Quturib ketgan supurgi ustida omon qolgan Garriga hamma haligacha qoyil qolib yurgani bois, hazil-mutoyibalari kulgili eshitilmayotganini Malfoyning o'zi ham oxiri tushunib etdi. Shuning uchun ham Garrining oilasi Drako uchun piching gaplarning takroriy mavzusiga aylandi.

Haqiqatan ham Garrining qishki ta'tilni Odamovilar xiyobonida o'tkazish niyati yo'q. O'tgan hafta, professor Makgonagall, ta'tilni «Xogvars»da o'tkazadigan o'quvchilar ro'yxatini tuzayotganida u o'z nomini birinchilardan bo'lib yozdirib qo'ydi. Bunday qarorni Garri, Dursllar uyiga qaytishni istamaganidan emas, aksincha, hayotidagi eng ajoyib Rojdestvo o'tkazishni istaganidan qabul qildi. Buning ustiga Ron ham, uning akalari ham, «Xogvars»da qolishyapti. Negaki, mister va missis Ueslilar Charlidan xabar olgani Ruminiya safariga chiqishni rejalashtirishgan.

Sehrli damlamalar tayyorlash darsi tugab, er osti yo'laklaridan chiqayotgan bolalar olg'a ilgarilashning iloji yo'qligini ko'rishdi. Yo'lakning chiqish qismini asta sekin harakatlanayotgan ulkan archa to'sib qo'ygan. Archa ostidan chiqib turgan poyafzalning ko'z ko'rmagan o'lchami va baland eshitilib turgan harsillashdan uni Xagrid ko'tarib ketayotganini anglash mumkin.

- Salom Xagrid, yordamlashib yuboray-mi?

- Rahmat, Ron. Ishlar joyida, o'zim amallayman.

- Chetroq tur, Xagrid, o'tkazib yubor bizni, - eshitildi Malfoyning kalondimog' sovuq ovozi, - Ha Uesli, haq ishlab olmoqchimisan? Fikrimcha, maktabni tamomlagach, qorovullik qilmoqchisan shekilli. O'zingga yarashadigan kasb tanlab, to'g'ri qilibsan. Xagridning kulbasi oilang yashaydigan uycha oldida haqiqiy qasrday ko'rinadi, shunday emasmi?

Ron Malfoyga tashlangan edi ham-ki, zinapoyada Snegg paydo bo'ldi.

- UESLI!


Ron Malfoyning yoqasini qo'yib yubordi.

- Malfoyning o'zi aybdor, professor Snegg, - dedi Xagrid, archa shoxlari orasidan to'zg'igan boshini chiqarib, - Oilasini haqorat qildi, axir.

- Kelib chiqish sababining ahamiyati yo'q, Xagrid, - javob qaytardi Snegg, riyokorona ohangda, - «Xogvars»da yoqalashish man etilgan. «Griffindor»dan besh ball ayiriladi. Ko'proq ayrilmaganidan minnatdor bo'sangiz bo'lardi, Uesli. Qani, tezroq o'tlaring, - do'q urdi u yo'lakdagi o'quvchilarga.

- Shoshmay tursin, ta'zirini berib qo'yaman hali, - dedi Ron, Malfoyning ketidan darg'azab qarab, - Uzoq kuttirib qo'ymayman.

- Ikkalasidan, Malfoydan ham, Sneggdan ham nafratlanaman, - dedi Garri, darg'azab ohangda.

- Qo'ysalaring-chi, hoy yigitchalar! - yupatgan bo'ldi Xagrid, - Hayotga sal xushchaqchaqroq qarash darkor! Mana, ha demay Rojdestvo bayramini nishonlaymiz. Qani yuringlar, Katta Zalga boramiz, uni shunday bezatib tashlashganki, qo'yaverasiz!

Bolalar archa ko'targan Xagrid bilan birgalikda Katta Zalga kirib borishdi. U erda professor Makgonagall va professor Flitvik bezash ishlari bilan band.

- Kelding-mi, Xagrid! So'nggi archa, archajon. Uni ho' narigi burchakka qo'y. Ha, ana o'sha erga.

Katta Zal nihoyatda chiroyli yasatilgan. Devorlariga omela va nayzabargdan tayyorlangan gulchambarlar osib tashlangan. Bir qator terilgan o'n ikkita archa orasidagi masofa teng tanlangan. Ularning ayrimlari kumush tusli qor uchqunlari bilan bezatilgan bo'lsa, ayrimlari yuzlab shamlar bilan yasatilgan (Omela – daraxtlarga yopishib yashaydigan doim yashil buta).

- Ta'til boshlanishiga necha kun qoldi? - so'radi Xagrid.

- Atigi bir kun, - dedi Germiona, - Ha, aytganday, bolalar! Tushlikka hali yarim soat bor, kutubxona kirib chiqishga ulguramiz.

- Aynan haq gapirding, - dedi Ron, professor Flitvikning qilayotgan ishidan ko'zini bazo'r uzib.

Professor sehrli tayoqcha uchidan tilla rang havo sharlarini birin-ketin chiqarib, hozirgina keltirilgan archa shoxlarini bezashga kirishib ketdi.

- Kutubxonaga? - hayron bo'lib so'radi bolalar ketidan chiqqan Xagrid, - Ta'til arafasida-ya! O'qishga haddan ortiq berilib ketibsizlar-mi?

- Yo'q, ilmiy izlanishlarimizning maktabda o'qitilayotgan fanlarga hech qanday daxli yo'q, - quvnoq kayfiyat-la tushuntirish berdi Garri, - Sening og'zingdan chiqib ketgan Nikolas Flamel kim ekanligini bilmoqchimiz.

- Nima? - Xagrid chindan ham serrayib qoldi, - Menga qaranglar, hoy churvaqalar, sizlarga aytdim-ku, ko'ppak qo'riqlayotgan narsa bilan ishlaring bo'lmasin deb.

- Biz bari-bir Nikolas Flamel kim bo'lganligini bilmoqchimiz, - o'jar ohangda tushuntirdi Germiona.

- Xagrid, balki vaqtni behuda o'tkazmasligimiz uchun o'zing aytib qo'ya qolarsan uning kimligini? - soddadillik bilan taklif kiritdi Garri, - Biz minglab kitoblarni varaqlab chiqdik. Uning nomi hech qaerda qayd etilmagan. Loaqal shama qilib qo'y. Flamel ismini o'qiganim aniq esimda-yu, qachon va qaerda o'qiganimni eslay olmayapman.

- Hech narsa aytmayman, - siyqa ohang-la javob qaytardi Xagrid.

- Demak o'zimiz qidirib topamiz, - bayonot qildi Ron.

Bolalar achchig'i chiqqan Xagridni yolg'iz qoldirib, kutubxona tomon yo'l olishdi.

Ular chindan ham, Xagridning og'zidan gap chiqib ketgan kundan buyon bir olam kitobni titkilab chiqishdi. Snegg payiga tushgan narsa nima ekanligini aniqlashning boshqa yo'li yo'q. Hamma balo shundaki, nomi biron-bir kitobda qayd etilishi uchun Flamel qanday buyuk ish ko'rsatgani haqida ma'lumot ham yo'q, shu bois izlanishlarni nimadan boshlashni bolalar bilishmaydi. Uning nomi «Yigirmanchi asrning buyuk sehrgarlari»da ham, «Kim kim bo'lgan: davrimizning mashhur sehrgarlari»da ham, «Zamonaviy afsungarlikning eng muhim kashfiyotlari»da ham, «Sehrgarlar olamidagi so'nggi g'oyalar haqida etyud»da ham tilga olinmagan. Maktab kutubxonasining kattaligi, unda mavjud o'n minglab kitoblar, minglab tokchalar, yuzlab javonlar haqida gapirmasa bo'laveradi.

Kutubxonaga kirishgach, Germiona bugungi qidiruv ishlarining o'zi uchun tuzib olgan rejasi, ya'ni tegishli mavzularga oid kitoblar ro'yxatini chiqardi. Ron ro'baru kelgan kitob tokchasi yoniga kelib, qo'liga kirgan birinchi kitobni tusmollab oldi. Garri esa kutubxonaning maxfiy bo'limi tomon yo'l oldi. Negadir uning xayoliga Flamelni ayni o'sha bo'limda qidirish kerak degan fikr keldi. Taassufki, maxfiy bo'limda saqlanadigan kitoblarni olib, mutolaa qilish uchun kutubxona xodimiga tegishli o'qituvchi tomonidan rasmiylashtirilgan yozma ruxsatnomani taqdim etish kerak. Garri esa bunday ruxsatnomani olishga ko'zi etmaydi. Maxfiy bo'limda yovuz kuchlar tomonidan qo'llaniladigan eng kuchli afsunlar tavsiflangan kitoblar saqlanadi. Ularni mutolaa qilishga ruxsatnoma faqat yuqori sinfda tahsil ko'rib, yovuzlik kuchidan himoya ilmini o'zlashtirayotgan o'quvchilargagina beriladi.

Garri maxfiy bo'limga kirib borishi bilan patlardan bog'langan supurgicha vositasida kitoblar sirtidagi changni qoqib tushirayotgan kutubxona xodimi Ships xonimga ro'baru bo'ldi.

- Nima qidiryapsan bolakay?

- Hech narsa, - yolg'on gapirdi Garri.

- Unday bo'lsa, bu erdan tuyog'ingni shig'illatib qolganing ma'qul. Tez bo'l, - dedi Ships xonim qo'lidagi mehnat qurolini Garriga o'qtab.

Haqiqatga yaqinroq biror-bir yolg'on to'qib gapirmaganligiga afsus qilgan Garri maxfiy bo'limni tark etib, kutubxonaning uzun yo'laklari bo'ylab sandiroqlagancha, ortga qaytishga majbur bo'ldi. Ships xonimni izlanishlar mavzusidan bexabar qoldirishni uchovlon afzal ko'rmoqda. Shubha yo'q-ki kutubxona xodimasi kerakli ma'lumotlarni qaerdan qidirish darkorligini aytib beradi. Biroq uchala do'st tomonidan olib borilayotgan tadqiqot mavzusi haqidagi mish-mish gaplardan Snegg ham xabar topib qolishi mumkin. Shu bois bolalar tavakkal qilishni istamadilar.

Ron yoki Germiona biror-bir ma'lumot topganiga umid bog'lagan Garri, umumiy kutubxona yo'laklarida o'rtoqlarini qidirib yurdi. Bolalar ikki haftadan buyon urinishayotgan bo'lsa ham, qidiruv amallarini onda-sonda bajarishga ulgurmoqdalar, tabiiyki natija ham sezilarli samara bermayapti. Qani edi kutubxonada istagancha vaqt o'tkazish imkoni bo'lsa-yu, Ships xonim xalal bermasa!

Besh daqiqadan so'ng, bosh silkitgancha, hech narsa topilmaganini ishora qilgan Ron bilan Germiona ko'rindi. Uchovlon tushlik qilgani Katta Zal tomon yo'l oldi.

- Men yo'qligimda qidiruv ishlarini to'xtatmaysiz-ku, a? - so'radi Germiona, - Agar biror-bir qiziqroq ma'lumot topsangiz boyqush yo'llashni unutmang.

- Germiona, balki ota-onang Nikolas Flamel to'g'risida biror narsa bilishar, so'rab ko'rmaysan-mi? - fikr bildirdi Ron, - Buning qo'rqinchli joyi yo'q-ku, shundaymi?

- Qo'rqinchli joyi yo'q. Ular ikkalasi ham tish doktorlari, - javob qaytardi Germiona, «Ikkalasi ham magl bo'lsa, Flamel to'g'risida qaerdan biladi» deyishdan o'zini tiyib.
***

Qishki ta'til. Garri bilan Ron uchun baxtiyor kunlar boshlandi. Yotoqxonada faqat ikkalasi qolgan. «Griffindor»ning umumiy mehmonxonasida ham joy etarlidan ortiq bo'lib, kaminga yaqinroq kreslolar uchun kurashishga hojat yo'q. Bolalar, ushbu kreslolarda soatlab o'tirib, Flamel haqida o'ylashdi, nonmi u, kulchami, gulxanda isitib esa bo'ladigan egulik borki, uzun sanchqiga sanchib qizdirishgancha, maza qilib eb o'tirishdi. Malfoyga qarshi hiyla-nayranglarni hayotga tatbiq etishni xayollariga keltirishmasa-da, uni maktabdan haydab yuborishlari uchun dasisalar rejalashtirib, maza qilishdi.

Bundan tashqari, Ron Garriga sehrli shaxmat o'ynashni o'rgata boshladi. O'yin qoidalari magllarning shaxmat o'yini qoidalaridan hech farq qilmaydi. Yagona tafovut shundan iboratki, shaxmat donalarining hammasi jonli bo'lib, ular bilan o'ynayotgan odam o'zini jang maydonidagi sarkardaday his etadi. Ronning shaxmat donalari, boshqa bisotlari kabi eskirib, titig'i chiqib ketgan. Umuman Ronning ixtiyoridagi jamiki narsalarni oila a'zolaridan qaysidir biri muqaddam ishlatgan. Misol uchun, mana bu shaxmatni bir vaqtlar Ronning bobosi o'ynab yurgan. Shunday bo'lsa-da, eski donalar ko'pni ko'rgan azamat jangchilarday ko'rinadi. Ron o'z navkarlarining tabiatini juda yaxshi o'rganib olganligi va tegishli choralar ko'rib yurganligi bois ham, tasarrufidagi qo'shinlar shaxsiy tarkibi orasida umumqo'shin nizomlarga zid munosabatlar deyarli ro'y bermaydi.

O'z shaxmati bo'lmaganligi bois Garri Simus Finniganning to'plami bilan o'ynadi. Shaxmat donalari Garrining oz bo'lsa-da, sarkardalik qobiliyatiga ega ekanligiga shubha bilan qarashdi. Bola hali yaxshi o'ynay olmas, badjahl donalar esa unga qichqirib, turli xil maslahatlar berishar, shuning uchun bo'lsa kerak, qanday yurishni bilmagan Garri, esankirab qolar edi.

- Nima qilyapsan, hoy valakisalang, - chinqirar edi baqiroq piyodalardan biri qo'lidagi qurolni Garriga o'qtab, - Meni u yoqqa jo'natma. Raqibning otini ko'rmayapsan-mi? Xayolingni yig'ib olsang-chi, ovsar! Yaxshisi ho' anavi piyodani jo'nat! Mana bu bekorchini esa hech boy bera olmayapsan.

Garri, ertangi o'yin-kulgi va kechki ovqat vaqtida uyushtiriladigan tantanali ziyofat haqida o'ylagancha, yotib dam olgani yotoqxonaga yo'l oldi. Bayram munosabati bilan sovg'a olish uning xayoliga ham kelgani yo'q. Biroq ertalab uyg'onib, karavotining oyoq tomonidagi bir to'p sovg'a-salomga ko'zi tushdi.

- Rojdestvo muborak, - uyqusirab po'ng'illadi Ron, Garrining karavotdan turib, xalatini kiyayotganini payqagach.

- Senga ham muborak, - javob qaytardi Garri, - Mana buni qara! Menga ham sovg'a yuborishibdi!

- Nima, biror qop bryukva kutganmiding? - qo'pol fikr bildirdi Ron, o'rtog'ining sovg'alariga nisbatan umumiy hajmi kattaroq sovg'alari tomon yuzlanib (Bryukva – sholg'omsimon sabzavot).

Garri sovg'alar uyumi ustidagi qutini qo'liga oldi. Sovg'a qalin jigar rang qog'ozga o'ralgan bo'lib, ustiga qing'ir-qiyshiq dastxat bilan: «Xagriddan Garriga» so'zlari bitilgan. Tuguncha ichidan dag'alroq yasalgan yog'och fleyta chiqdi. Xagrid o'z qo'li bilan yasaganga o'xshaydi uni. Garri fleytani chalib ko'rdi ham-ki, undan boyqushning ovoziga o'xshash tovush chiqdi (Fleyta – naysimon musiqa asbobi).

Ikkinchi sovg'a xaltachasi ichidan: «Xatingni oldik, Rojdestvoga atab javoban sovg'a ham yubordik. Vernon amaking va Petunya xolang», - deb bitilgan xat va unga ilova qilingan ellik pens tanga chiqdi.

- Nima ham derdim, ajoyib sovg'a, - dedi Garri.

- G'alati-ku - qichqirib yubordi bunday «sovg'a»ni ko'rgan Ron, - Shakli juda g'ayrioddiy ekan! Chindan ham pulmi bu?!

- Ol, mendan senga bayram sovg'asi, - taklif qildi Garri, Ronning hayratidan kulib, - Xo'sh, bu Xagriddan ekan, bunisi amakim va xolamdan, bunisi kimdan bo'ldi?

- Nazarimda anglaganga o'xshayman kimdan ekanligini, - dedi Ron, biron-bir shaklga ega bo'lmagan xaltani ko'rsatgancha, qizarib, - Bu sovg'a mening oyimdan. Sen hech kimdan sovg'a kutmayotganing haqida yozib yuborgan edim unga.

- O, yo'q! - ingrab yubordi Ron, xaltani paypaslab ko'rgach, - Oyim senga ham Ueslilar sviteri «Uesliter» to'qibdi.

Garri sabrsizlik bilan xaltani ochib, ichidan qo'lda to'qilgan zumrad-yashil rangli qalin sviter va uyda tayyorlangan iris qandlarining qutisini chiqardi.

- Oyim har yili bizga bittadan sviter to'qib beradi, - tushuntirdi Ron, sovg'alaridan birini ochar ekan, - Menga doim to'q qizil ranglisi nasib qiladi.

- Zo'r-ku, - samimiy zavqlandi Garri, irislardan bittasini tatib ko'rib, - Rosa mazali ekan.

Navbatdagi sovg'a ham shirinlik – Germiona yuborgan shokobaqalar ekan.

Ochilmagan so'nggi sovg'a qoldi. Sovg'ani qo'liga olgan Garri, uning nihoyatda engilligiga e'tibor qaratdi.

- Bu nima bo'lishi mumkin?

Ochilgan qadoqdan qandaydir kumush-kul rang buyum xuddi oqib chiqqanday sirpanib erga tushdi-da, qatlari bilinar-bilinmas yaltirab qoldi. Garrining sovg'asini ko'rgan Ronning nafasi tiqilib qoldi.

- Bunday buyum haqida eshitganman, - dedi u, xirillab qolgan ovoz bilan, Germiona yuborgan barcha ta'mlarni o'ziga mujassam etgan Berti Bott yong'oqlarini qo'lidan tushirib yuborib, - Agar u chindan ham men o'ylagan narsa bo'lsa, sen juda kamyob va nihoyatda qimmatbaho narsaga ega bo'lding.

- Nima o'zi bu?

Garri erda yotgan kumush rang, xuddi suvdan to'qilganga o'xshab ketadigan yaltiroq matoni qo'liga oldi.

- Bu ko'rinmas plash, - izzat-hurmatni ifodalagan ohangda shivirladi Ron, - Ishonchim komilki, bu xuddi o'sha. Kiyib ko'r.

Garri plashni egniga tashlagan edi ham-ki, Ron beixtiyor qichqirib yubordi.

- Bu o'sha! Pastga qara!

Garri oyog'iga qaradi. Oyoq yo'q. U ko'zgu tomon zing'illadi. Ko'zguda faqat yuzini ko'rdi. Tanasi umuman ko'rinmaydi. Plashning qolgan qismi bilan boshini yopib, mutlaqo ko'rinmas bo'lib qoldi.

- Xat!, - qichqirdi Ron, - Xat tushib qolibdi!

Garri plashni echib, xatni changalladi. Ilmoqsimon, kambar dastxat bilan bitilgan maktub:


«Buni menga rahmatli otang o'limidan oldin, xuddi nimanidir sezganday, saqlashim uchun qoldirib ketgan edi. Omonatni egasiga topshirish vaqti etdi. Uni aql-farosat bilan ishlat.

Senga quvnoq va baxtli Rojdestvo tilayman».


Xat muallifi imzo chekmaganligi, ismini yozmaganligi bois kimdan kelganligi noma'lum. Garri o'ylanib xatga qarab qoldi, Ron esa plashni hayrat ila tomosha qilib o'tirdi.

- Bunday plash uchun men bor narsamni bergan bo'lar edim. Bor narsamni. Senga nima qildi Garri?

- Hech nima qilgani yo'q.

Garri o'zini boshqacha his etdi. Kim jo'natishi mumkin plashni? Chindan ham otasi kiyib yurganmi-di uni?!

Biroq u, o'yiga etishi, bu borada biron-bir fikr bildirishga ulgurmay, eshik ochilib, yotoqxonaga Fred bilan Jorj yopirilib kirishdi. Ichki kechinmalarini hech kim bilan o'rtoqlashishni istamagan Garri plashini tez yashirib qo'ydi.

- Rojdestvo muborak!

- Ie, mana buni qaranglar, Garriga ham «Uesliter» yuborilibdi!

Fred bilan Jorj bir xil moviy sviter kiyib olishgan, faqat ulardan birida kattagina, sariq tusli savlatli «F», ikkinchisida esa «J» harfi ko'rinmoqda.

- Ta'kidlab o'tishim joizki, - bayonot qildi Fred, Garrining sviterini diqqat bilan o'rganib chiqib, - Oyim Garri uchun haddan ortiq harakat qilib yuboribdi. Birovning bolasi, deb shunga aytsalar kerakda.

- Xo'sh, sen nima uchun sviteringni kiyib olmading, Ron? Qani tez kiyib olchi. U juda muloyim, issiq tutadi, - buyruq berdi Jorj.

- To'q qizil rangni ko'rgani ko'zim yo'q, - ming'illadi Ron, sviterini istar-istamas kiyib.

- Sening sviteringda harf yo'q ekan. Ismingni unutib qo'ymasliginga oyimning ishonchi komilga o'xshaydi, - dedi Jorj, ukasining atrofida aylanib chiqib, - Biz tentaklar esa qanday qilib ismlarimizni, qaysi birimiz Jred, qaysi birimiz Forj ekanligimizni adashtirib qo'ymasligimizni oyim hech tushunmaydi.

- Nima shovqin? - ostonada yuzi norozi qiyofa kasb etgan Persi Uesli ko'rindi.

Qo'lida «Uesliter» tutib turganiga qaraganda, u ham sovg'alarini ko'rib chiqqanga o'xshaydi chamasi. Fred Persining qo'lidagi sviterni shartta tortib oldida, yozib ko'rdi.

- «P»! Ha, bu «Sinfboshi» degani bo'lsa kerak! Qani tez kiyib olchi, Persi, biz kiyib oldik. Qara hatto Garri ham «Uesliter»li bo'lib qoldi.

- Istamayman... - bo'g'iq pishilladi Persi, Fred bilan Jorj kuch ishlatib uning egniga sviterini kiydirib qo'yishar ekan.

Tadbir nihoyasida Persining ko'zoynagi chakkasiga kelib qoldi.

- Sen bugun sinfboshilar bilan o'tirmaysan-ku, sviteringdan uyalgani, - dedi Jorj, - Rojdestvo oilaviy bayram, uni birgalikda nishonlaymiz.

Egizaklar Persini oyoq-qo'llaridan mahkam ushlab, boshini pastga osiltirib ko'tarishgancha, yotoqxonani tark etishdi.

Garrining hayotida hali bu qadar dabdabali Rojdestvo tushligi bo'lmagan. Dasturxonga yuzlab qovurilgan kurka, kartoshkaning qovurilgan va qaynatilgan turlari, kaltagina, ingichka sosiskalardan tayyorlangan ko'plab taomlar, moy bilan ishlov berilgan ko'k no'xatga to'la idishlar, quyuq, xushbo'y hidli qayla va klyukva qaylasi solingan qayladonlar qatori, bir-biridan har ikki-uch fut narida terib chiqilgan ko'plab sirli krekerlar tortilgan (Klyukva – qizil, nordon meva. Kreker – pechenьening bir turi).

Bunday boy, go'zal dasturxonni magllar Rojdestvoga tuzadigan dasturxon bilan qiyoslab bo'lmaydi, albatta. Bu borada Dursllarning chiranishlari Garrining esiga tushdi. Ular Rojdestvo taomlarini badburush plastmassa o'yinchoqlar va qog'ozdan suyuq yasalgan soyabonlar bilan yasatadilar.

Garri bilan Fred bitta krekerni ikkalasi bo'lishishga kelishib, sindirishdi. Odatda, qasr-qusur sinishi kerak bo'lgan kreker misoli kema to'piday gumburlab ketdi. Moviy tutun domida qolgan bolalar kreker ichidan chiqqan bir nechta tirik oq sichqonlarni ko'rib, kontr-admiral furajkasiga ega bo'lishdi. Mo''tabar Stol ortida sehrgarlarning cho'qqidor bosh kiyimi o'rniga gullar bilan bezatilgan poxol shlyapa kiyib olgan Albus Dambldor professor Flitvik aytib berayotgan latifalardan ichagi uzilib ketgudek xandon otib o'tiribdi (Kontr-admiral - harbiy-dengiz flotining oliy toifali ofiserlari tarkibiga mansub harbiy unvon bo'lib, armiyaning general-mayor unvoniga to'g'ri keladi. Ilk bor 1706 yilda ta'sis etilgan. Kontr-admiral unvonidan tashqari, vise-admiral, admiral va flot admirali unvonlari mavjud).

Qovurilgan kurkadan so'ng, ustiga yonib turgan punsh sepilgan bayram pudinggi tortildi. Ulardan birining ichidagi kumush sklatni tishlab olgan Persi tishini sindirib olishiga sal qoldi (Punsh – shakar, suv va meva shirasi qo'shib qaynatilgan spirtli ichimlik).

Garri Xagridning xatti-harakatlarini qiziqib kuzatib o'tirdi. U takror va takror vino so'rib, borgan sari qizarib bormoqda. Nihoyat Xagridning kayfi oshib professor Makgonagallning yuzidan o'pishga kirishib ketdi. Shlyapasi chakkasiga surilib qolgan professorning qarshilik ko'rsatmay, aksincha hiringlab o'tirishi esa Garrini hayron qoldirdi.

Ziyofat nihoyasiga etganida Garrining qo'li krekerlar ichidan chiqqan har xil qiziq narsalarga to'lib-toshdi. Ular orasida yarqirab turadigan yorilmas havo sharchalari to'plami, mustaqil ravishda so'gal o'stirish to'plami va endi o'z sehrli shaxmati bor. Oq sichqonlar ko'zdan g'oyib bo'lishdi. Ushbu sichqonlar missis Norrisning bayram tushligiga aylanib qolishmasa bo'ldi, xavotirlandi Garri.

Garri kunning ikkinchi yarmini, barcha Ueslilar bilan birgalikda, hovlida jon-jahd bilan, es-hushini yo'qotib qo'yguday darajada qor bo'ron o'ynab o'tkazdi. Sovqotgan, kiyimi jiqqa ho'l bo'lgan, toliqib hansirab qolgan bolalar «Griffindor»ning umumiy mehmonxonasiga qaytib, o'zlarini kamin yaqinidagi kreslolarga tashlashdi. Bu erda Garri bilan Ron yangi shaxmatni sinovdan o'tkazishdi. Tabiiyki, Garri sharmandalarcha boy berdi. Agar Persi Garriga g'ayrat bilan yordam bermaganida, ehtimol u bu qadar uyatli muvaffaqiyatsizlikka uchramas edi.

Kurka hamda yog', sut, tuxum kabilar solingan nondan tayyorlangan sendvich, tryufellar va bayram pirogidan tashkil topgan kechki bayram ziyofatida hamma shu qadar to'yib qoldi-ki, sodda qilib aytganda bo'kib qoldi (Sendvich – go'sht, kolbasa, pishloq, sabzavot kabilardan tayyorlangan buterbrod turi).

Uyquga yotgunga qadar deyarli hech kim biror-bir bama'ni ish bilan mashg'ul bo'la olmadi. Akasining «Sinfboshi» ko'krak nishonini olib qochishgan egizaklar Fred bilan Jorj ketidan butun «Griffindor» minorasi bo'ylab quvib yurgan Persining natijasiz xatti-harakatlari erinchoqlik bilan kuzatib o'tirildi.

Ushbu Rojdestvo Garri uchun hayotidagi eng zo'r bayram bo'ldi. Lekin kuni bilan nimadir uni ich-ichidan kemirib bordi. Kechqurun o'rniga borib yotgunga qadar bu haqda bamaylixotir o'ylashga vaqti bo'lmadi. Shunday qilib, ko'rinmas plash va uni kim sovg'a qilgani Garri uchun navbatdagi jumboq bo'ldi.

Kurka bilan pirogni eb bo'kkan, o'ylanib yotishga majbur qiladigan g'am-tashvishi bo'lmagan Ron, pardani tortishi bilan tarashaday qotib qoldi. Garri esa yotgan joyida karavoti ostidagi ko'rinmas plashni chiqardi.

Bu otasining... o'z otasining... buyumi. Bir qo'ldan ikkinchisiga engil oqib o'tayotgan mato, shoyidan muloyim, havodan engil. «Uni aql-farosat bilan ishlat».

Hoziroq kiyib ko'rish kerak. U karavotdan tushib, plashga o'ranib oldi. Oyoqlari yo'q, ularning o'rnida xonadagi buyumlar soyasi va Oy nuri ko'rinadi. Juda g'alati tuyg'u. «Uni aql-farosat bilan ishlat».

Daf'atan, Garri, qandaydir g'ayrioddiy tetiklikni his etdi. Axir bunday plash bilan «Xogvars»da mavjud jamiki eshiklar uning qarshisida lang ochiladi-ku. Yotoqxonaning sokin qorong'iligida turar ekan, vujudini sabrsiz tug'yonning kuchli to'lqinlari qamrab oldi. Plashni kiyib xohlagan joyga borishi mumkin va ayni vaqtda, hech qanday Filch undan shubha qila olmaydi.

Uxlab yotgan Ron alahsirab qo'ydi. Uni uyg'otish kerakmi? Nimadir Garrini ushbu fikrdan qaytardi. Plash otasiniki va u, ayni shu plash vositasida otasi bilan yaqin bog'langanligini his etib, yolg'iz qolishni istadi.

Garri astagina yotoqxonadan chiqib, zina bo'ylab pastga tushdi. Mehmonxona orqali o'tib, portret orqasidagi tuynuk qarshisiga etib keldi.

- Kim u? - qag'illab so'radi uyqusiragan Semiz Xola.

Garri portretning savolini javobsiz qoldirib, yo'lak bo'ylab tez odimladi.

Qayoqqa borsa ekan? U quturib ketganday urayotgan yuragini bir oz tinchlantirish uchun yo'lak o'rtasida to'xtab, qayoqqa borishni o'ylab qoldi. Kutubxonaning maxfiy bo'limi! Kutilmaganda xayoliga kelgan ushbu o'ydan o'zi xursand bo'lib ketdi. Ana endi u Nikolas Flamel to'g'risida ma'lumot topish uchun qancha vaqt kerak bo'lsa, shuncha vaqt o'qib o'tirishi mumkin. Qaror qilgach, ochilib ketmasligi uchun plashini ikkala qo'li bilan tutgancha, maxfiy bo'lim tomon yo'l oldi.

Kutubxonada zimiston bo'lib, kishini vahima bosadigan zulmat qaror topgan. Garri qayoqqa ketayotganini ko'rish va tokchalarga urilib ketmasligi uchun qo'lidagi fonusni yoqdi. Fonus, go'yo havoda uchib borayotganday ko'rindi ko'ziga. Bola fonusni o'zi, o'z qo'lida tutib borayotganligini aniq idrok etayotgan bo'lsa-da, havoda uchayotganini ko'rib, eti jimirlashib ketdi.

Maxfiy bo'lim kutubxonaning oxirida, o'ng tomonda joylashgan. Man etilgan kitoblarni boshqa kitoblardan ajratib turgan arqondan ehtiyotkorona oshib o'tgach, fonusni balandroq ko'tarib, kitob nomlarini o'qishga kirishib ketdi.

Kitob nomlari biror-bir ma'lumot bermadi. Muqovadan ko'chgan, xira tortgan tilla harflar Garri muqaddam eshitmagan tillarda bitilgan so'zlarni tashkil etgan. Ayrim kitob nomlari esa umuman ko'rinmay qolgan. Kitoblardan birining muqovasida qonga o'xshash dog' ko'rindi. Kutilmaganda qulog'iga pichir-pichir ovozlar eshitilgan Garrining tepa sochi tikka bo'lib ketdi. Balki unga shunday tuyulgandir, biroq kitoblar, ushbu bo'limga kirishi mumkin bo'lmagan odam qadam ranjida qilganini vahima ila muhokama qilayotganday bo'ldi.

Modomiki kutubxonaga kirib keldi-mi, ishni nimadandir boshlashi kerak, xayoldan o'tkazdi Garri, fonusni asta erga qo'yib. U, muqovasi qiziqroq kitob topish maqsadida quyi tokchalarga ko'z yugurtirdi. Nomi kumush harflar bilan yozilgan foliant bolaning e'tiborini o'ziga jalb etdi. Garri, ushbu og'ir kitobni bir iloj qilib joyidan chiqarib oldida, tizzasiga joylab, ochdi (Foliant – juda katta va qalin kitob).

Kutilmaganda kitob, sukunatni buzib, kishi tomirlaridagi qonni muzlatib qo'yadigan darajada chiyillab yubordi. Garri uni tez yopib qo'yishiga qaramay, tovush uzluksiz, quloq pardasini yorib yuborguday baland, yagona notada yangrashni davom etdi. Garri ehtiyotsizlik bilan orqaga chekinib, fonusni ag'darib yubordi. Fonus o'chib, atrofni yana zulmat qopladi. Vahimaga tushib qolgan Garri yo'lakda eshitilayotgan qadam tovushidan kimdir shiddat bilan yaqinlashayotganini payqadi. Garri chiyillayotgan adabiy asarni joyiga tiqib, chiqish eshigi tomon yugurdi. Kutubxonadan chiqaverishda esa Filchga ro'baru keldi. Nazoratchining rangsiz yovvoyi ko'zlari Garri orqali qaergadir qarab turibdi. Garri qo'lini ko'tarib olgan Filchning qo'ltig'i ostidan asta o'tib, shovqin solmay yo'lak bo'ylab nari qochdi. Bezovta qilingan foliantning chiyillashi uning quloqlarida uzoq vaqt shang'illagancha qoldi.

Kutilmaganda Garri boshini risarlar sovutiga urib oldi. Imkon qadar kutubxonadan nari ketishga harakat qilgan bola qayoqqa yugurib ketayotganiga e'tibor ham qaratmadi. Endi esa ehtimol atrof juda qorong'i bo'lgani bois, qaerga kelib qolganini bilmay, esankirab qoldi. Risarlar sovuti Katta Zal yaqinida turganidan xabari bor biroq hozir u, Katta Zaldan besh qavat yuqorida bo'lishi kerak-ku.

- Tungi soatlarda yurganlar haqida bevosita o'zingizga bildiruv berishni iltimos qilgan edingiz, professor. Shu bois ma'lum qilamanki, kimdir kutubxonaning maxfiy bo'limiga kiribdi.

Garrining tomirlaridagi qon go'yo tanasini tark etib, qayoqqadir ketib qolayotganday bo'ldi. U hozir qaerda turganini bilmaydi. Filch esa ayni paytda Garri turgan joyga tez etib kelishning yashirin yo'lini juda yaxshi biladi chamasi. Negaki, maktab nazoratchisining tilyog'lama, sulloh ovozi tobora yaqqol eshitilmoqda. Buning ustiga, bolaning baxtiga qarshi, Filchning ovoziga javoban Sneggning ovozi eshitildi.

- Maxfiy bo'limga deysizmi? Unday bo'lsa, uzoq keta olishmaydi. Biz albatta tutib olamiz ularni.

Bu gapni eshitgan Garri oyog'i bilan polga yopishib qolganday bo'ldi. Ayni fursatda Snegg bilan Filch yaqin oradagi muyulish ortidan chiqib qolishdi. Ular tungi sayyohni ko'rmaydilar, albatta. Biroq yaqinroq kelishadigan bo'lishsa, tor yo'lakda uni turtib o'tishlari muqarrar. Garri ko'rinmas bo'lib olgani bilan, uning tanasi qattiq jism sifatida yo'q bo'lib qolgani yo'q-ku, har qalay.

Garri orqaga chekinib, qutulib qolishning yagona yo'li – chap tomondagi qiya ochiq eshikni ko'rib qoldi. U nafas olishni to'xtatgancha, eshikka tegmay o'tishga harakat qilib, xonaga kirib oldi. Eshik yonidan o'tgan Snegg bilan Filch bolani sezishmadi. Bedarmon Garri esa devorga suyanib, nafas rostlagancha, uzoqlashib borayotgan qadam tovushlariga diqqat bilan quloq tutib turdi. Bu gal qo'lga tushib qolishiga bir baxya qoldi. Bir necha soniya o'tgach, qaysi xonaga kirib qolganligini bilish uchun atrofga ko'z yugurtirdi.

Bir qarashda, uzoq vaqtdan buyon mashg'ulotlar o'tilmagan sinf xonasiga o'xshab ketadi. Qorong'i xonada sinf taxtasi va bir-birining ustiga taxlab chiqilgan partalar, sal narida ontarilgan chiqindi tashlash savati ko'rindi. Ro'paradagi devor yonida esa sinf xonasiga mos kelmaydigan, go'yo yot ko'zlardan bekitib qo'yish maqsadida olib kirilgan katta buyum ko'rindi.

Bu nihoyatda chiroyli, bo'yi shiftga etadigan, tilla hoshiyasi naqshinkor, tirnoqli oyoqqa o'rnatilgan, yuzasining yuqori qismiga «Iov tyain evor koson kilen» bezak yozuvi bitilgan ko'zgu ekan.

Snegg bilan Filch uzoqlashgan sari, qo'rquv hissi ham Garrining vujudini asta tark eta boshladi. U ehtiyotlik bilan ko'zguga yaqin kelib, aksiga qaradi. Tabiiyki, ko'zguda aksi ko'rinmadi. Shunda Garri shartta plashni echib, ko'zguning qarshisida tik turdi.

Ko'zguga qaragan bola baqirib yubormaslik uchun ikkala kaftini og'ziga mahkam bosib oldi. U keskin orqaga burildi. Garrining yuragi maxfiy bo'limdagi kitob chinqirib yuborganda urgandan ham tez ura boshladi. Negaki, ko'zguda nafaqat uning aksi, balki ortida turgan bir to'da odam aksi ham ko'rindi.

Lekin xonada o'zidan boshqa hech kim yo'q. Tez va entikib nafas olgan Garri asta-sekin yana ko'zgu tomon yuzlandi.

Garri qo'rqqanidan ko'zgudagi aksining yuzida qon qolmaganligiga e'tibor qaratdi. Aksining ortida esa kam deganda o'n kishi turibdi. U elkasi uzra yana ortga qaradi. Xonada hech kim yo'q. Ular ham ko'rinmas kishilarmi? Nimalar bo'lyapti o'zi? Ehtimol bola ko'rinmas odamlar to'planib olgan xonaga kirib qolgan-u, ko'rinar-ko'rinmas bo'lishdan qat'i nazar ko'zgu ularni ko'rsatyapti-mi?

Garri yana ko'zguga qaradi. Bevosita ortida turgan ayol tabassum qilgancha, qo'l siltadi. Garri qo'lini orqaga uzatdi. Agar ayol chindan ham ortda turganida bola sezgan bo'lar edi. Negaki ular, bir-biriga juda yaqin turibdi. Biroq Garrining qo'li bo'shliqdan boshqa hech narsa sezmadi. Demak ayol ham, boshqa kishilar ham faqat ko'zgu ichida.

Ayol juda go'zal, sochlari to'q-malla rang, ko'zlari esa... Uning ko'zlari bolaning ko'zlariga o'xshar ekan. Garri ko'zguga yaqinroq bordi. Ayol ham xuddi Garri kabi firuzako'z bo'lib, ko'z qiyig'i ham Garrining ko'zlarinikiga o'xshaydi. Biroq ayol kulish bilan barobar endi yig'layapti ham. Baland bo'yli, ozg'in, qora sochli bir kishi ayolning yoniga kelib, elkasidan quchib oldi. U ko'zoynak taqib olgan bo'lib, sochlari to'zg'ib ketgan edi. Boshining orqa tomonidagi sochlari esa... xuddi Garrining sochlariga o'xshab, deyarli tik o'sgan.

Garri ko'zguga shu qadar yaqin keldiki, burni bilan aksiga taqalib qoldi.

- Oyi? - shivirladi u, - Dada?

Ular bolaga qarab, kulib qo'yishdi. Garri ko'zguda ko'rinayotgan boshqa odamlarning yuzlariga ham asta sekin razm solib, qarab chiqdi. Ko'zguda u, xuddi o'zining ko'zlariga o'xshash bir necha juft firuza ko'zlarni, o'zining burniga o'xshash bir nechta burunlarni, bir qariyaning tizzalari esa xuddi o'zining tizzalariga o'xshab bo'rtib chiqqanini ko'rdi. Garri hayotida ilk bor o'z oilasi bilan yuz ko'rishdi.

Potterlar kulib, Garriga qo'l siltashmoqda. Bola esa ularning yuzlariga tikilib, kaftini bosgancha, ko'zgu orqali o'tish, qarindosh-urug'larining har birini ushlab ko'rishga urindi. Garri go'yo kimdir uning qalbidagi katta quvonch bilan og'ir qayg'uni uyg'unlashtirib, yaxlit qilib qo'yganday, qandaydir g'ayrioddiy hissiyotlarni boshdan kechirdi.

Shu holatda qancha vaqt turganini bilmaydi. Qarindoshlarining aksi yo'qolmadi. Toki uzoqda eshitilgan shovqin uni hushiga qaytargunga qadar turaverdi. U ortiq bu erda qola olmaydi, yotoqxonasiga etib borishi lozim.

- Men yana kelaman, - pichirladi u, onasining aksidan ko'zini bazo'r uzgancha, xonani tark etib.

- Meni uyg'otsang bo'lardi, - xafa bo'lib po'ng'illadi Ron, bo'lib o'tgan gaplarni eshitib.

- Bugun boramiz. Men o'sha xonani topib, ko'zguni ko'rsatmoqchiman.

- Sening ota-onangni ko'raman ekanda, - dedi ishtiyoq bilan Ron.

- Men esa sening oilangni, jamiki Ueslilarni ko'rmoqchiman. Katta akalaring va qolgan barcha qarindoshlaringni ko'rsata olasan.

- Ularni sen shundoq ham ko'rishing mumkin, - qo'lini siltadi Ron, - Yozgi ta'tilda mehmonga kelsang, ko'rasan. Balki bu ko'zgu faqat marhumlarni ko'rsatar. Esiz, Flamel haqida biron narsa aniqlamaganing chatoq bo'libdi. Loaqal bir bo'lak bekon eb olsang-chi, nega hech narsa emayapsan?

Garrining tomog'idan ovqat o'tmadi. Tunda o'z ota-onasini uchratdi. Bugun yana uchrashadi. Flamelni esa umuman unutib yubordi. Bu mavzu endi Garriga ahamiyatsiz bo'lib qoldi. Anavi uch kallali ahmoq it nimani qo'riqlab yotgani bilan nima ishi bor endi uning? Xo'p, Snegg o'sha ko'ppak qo'riqlayotgan narsani o'g'irlab olganida ham Garriga nima farqi bor?

- Senga nima qildi, Garri? - so'radi Ron, - Qandaydir g'alatiroq bo'lib qolding.

Ko'zgu o'rnatilgan o'sha xonani yana topa olish-olmasligi hozir Garrini qayg'uga solayotgan asosiy muammo edi. Ron ikkalasi plashga o'ranib olishgani uchun, kechagidan ko'ra sekinroq yurishga to'g'ri keldi. Ikkovlon kecha tunda Garri kutubxonani tark etib chiqqanidan so'ng bosib o'tgan yo'lni xayolan tiklashga urinib, qorong'i yo'laklarda bir soatdan ortiq sandiroqlab yurishdi.

- Men sovqotdim, - arz qildi Ron, - Balki ortga qaytarmiz.

- Yo'q! - qat'iyat-la shivirladi Garri, - Sezib turibman, biz o'sha xona yaqinida yuribmiz.

Ro'parada naynov afsungarning arvohidan boshqa hech kim ko'rinmadi. Ron endigina ming'irlashga tushmoqchi edi ham-ki, Garri risarь sovutini ko'rib qoldi.

- Mana shu erda. Ha, shu erda. Mana!

Ular eshikni ochib ichkariga kirishdi. Garri plashni erga tashlab, ko'zgu tomon otildi. Mana ular, Garrining ota-onasi. Bolani ko'rib xursandlikdan kulishyapti.

- Ko'rding-mi?

- Hech kimni ko'mayapman.

- Yaxshiroq qarasang-chi! Qara... Mana ular hammasi...

- Men faqat o'zimni ko'ryapman.

- Tuzukroq qara. Kel, mening o'rnimga turib ol.

Garri chetga qochdi. Biroq Ron uning o'rniga kelib turishi bilan Garrining oilasi g'oyib bo'ldi. Endi ko'zguda paxmoq matodan tikilgan pijama kiygan Ronning aksi ko'rindi. Lekin u, xuddi sehrlab qo'yilganday aksiga mahliyo bo'lib qoldi.

- Meni aksimga qara, Garri!

- Sen ham oilangni ko'rib qolding-mi?

- Yo'q, men tanho o'zim turibman. Faqat endi hozirgiday emasman. Yoshim ulg'ayib, maktabning eng ibratli o'quvchisiman!

- Nima?


- Mening... akam Billga berilgan kabi nishonim bor... Qo'limda kollej kubogi... Ikkinchi qo'limda kvidish kubogi... Qara, men kvidish jamoasining sardori ekanman.

Ron nigohini o'z aksidan bazo'r uzib, zavq to'la ko'zlari ila Garriga yuzlandi.

- Nima deb o'ylaysan, ko'zgu kelajakni ko'rsatadimi?

- Bo'lishi mumkin emas. Oila a'zolarim bitta qolmay o'lib ketishgan-ku. Qoch, men ularni ko'ray.

- Sen kecha tuni bilan ko'rding. Men ham qarab olay.

- Sen atigi kubok ushlab turibsan xolos. Nimasi qiziq buni? Men ota-onamni ko'rmoqchiman.

- Turtma meni!

Yo'lakdan eshitilgan tovush bolalarning munozarasiga yakun yasadi. Ular qanchalik baland baqirishib yuborishganini o'zlari sezmay qolishgan.

- Tezroq!

Ron bilan Garri plashga o'ranib olishga ulgurishgan edi ham-ki, xonani timirskilayotgan missis Norrisning yaltiragan ko'zi ko'rindi. Bolalar nafas olmay turib, ayni bir narsani, u ham bo'lsa, plash mushuk nigohiga ta'sir qilish-qilmasligini o'ylab qolishdi. Abadiyatday tuyulgan bir necha soniyadan so'ng, missis Norris o'girilib, xonani tark etdi.

- Bu erda qolish xavfli. Bo'lsa-bo'lmasa u Filchni chaqirgani ketdi. Ishonchim komilki, u bizning qichqirig'imizni eshitib qolgan. Tezroq ketaylik bu erdan.

Ron kuch ishlatib, Garrini xonadan bazo'r tortib chiqardi.

Ertasiga ertalab ko'cha sovuq bo'lib, qor erimadi.

- Shaxmat o'ynaymiz-mi? - taklif kiritdi Ron.

- Yo'q, istamayman.

- Xagridning kulbasiga mehmonga borarmiz?

- Borgim kelmayapti... O'zing borib kela qol.

- Bilaman, nima haqida o'ylayotganingni, Garri. Bugun borma u yoqqa.

- Nima uchun?

- Bilmadim, ko'nglim noxushlikni sezib turibdi. Axir sen necha marotaba tavakkal qilib, har safar qo'lga tushib qolishdan bazo'r qutulib qolding. Snegg, Filch, missis Norris. Ularning hammasi atrofda izg'ib yurishibdi. Xo'sh, ko'rinmas bo'lsang nima qilibdi? Agar ular turtilib ketishsa-chi senga? Yoki o'zing biron-bir narsani turtib, yiqitib yuborsang nima bo'ladi?

- Gaping Germionaning so'zlariga o'xshab ketdi.

- Men jiddiy aytyapman, Garri. Borma.

Biroq Garrining yagona istagi yana o'sha ko'zguning qarshisiga borib turish. Bunga esa hech qanday Ron to'siqlik qila olmaydi.

Uchinchi gal yo'lni nisbatan tez topdi. U shu qadar tez yurib bordiki, oqilona ehtiyotkorlikni unutib qo'ydi. Xayriyatki, hech kimga yo'liqmadi.

Mana ota-onasi, yana unga kulib boqishmoqda. Bobolaridan biri esa zavq bilan bosh irg'iyapti. Hech narsa bugungi tunni ota-onasi bilan o'tkazishga xalal bera olmaydi. Hech narsa.

Faqat...


- Xo'sh, Garri, yana kelding-mi?

Garrining ichi muzga aylanib qolganday bo'ldi. U ovoz chiqqan tomon o'girilib qaradi. Devor yonidagi partada boshqa emas, Albus Dambldorning shaxsan o'zi o'tiribdi. Garri ko'zgu tomon oshiqib kelganidan maktab direktori yonidan o'tib ketganini sezmay qolgan chamasi.

- Men... Sizni sezmay qolibman, ser.

- Ko'rinmaslar uzoqni ko'ra olmaydigan bo'lib qolishlaridan taajjubdaman, - dedi Dambldor.

Uning irshayganini ko'rib Garri bir oz engil tortdi.

- Shunday qilib, - davom etdi Dambldor partadan osongina Garrining yoniga sirpanib kelib, joylashgancha, - Sen, bugunga qadar o'tgan yuzlab kishilar kabi Ko'ngildagi orzular ko'zgusining mo''jizasini o'zing uchun kashf etding.

- Bilmas ekanman, ko'zgu shunday deb nomlanishini, ser.

- Umid qilamanki, uning kirdikorini tushunib etding.

- U... axir... oilamni ko'rsatyapti...

- Do'sting Ronga esa eng ibratli o'quvchi ekanligini ko'rsatdi.

- Qaerdan bilasiz...

- Ko'rinmas bo'lish uchun menga plash kerak emas, - muloyim javob qaytardi Dambldor, - Xo'sh, endi tushunding-mi, Ko'ngildagi orzular ko'zgusi bizga nimani ko'rsatayotganini?

Garri bosh siltadi.

- Unday bo'lsa, tushuntirib berishga ijozat berasan. Faqat dunyodagi eng baxtli odamgina Ko'ngildagi orzular ko'zgusidan oddiy ko'zguday foydalanishi mumkin. Ya'ni bunday kishi aslida qanday bo'lsa, ko'zgudagi aksini ham shundayligicha ko'ra oladi. Tushunyapsan-mi gapimning ma'nosini?

- Ko'zgu biz istagan narsalarni... nimani xohlasak, shuni ko'rsatadi, - asta sekin javob qaytardi Garri bir oz o'ylanib.

- Ha ham, yo'q ham, - shoshilmay davom etdi Dambldor, - U qalbimiz qa'ridan, yuragimiz tubidan chiqayotgan eng umidsiz tilaklarimizni ko'rsatadi. Sen, o'z oilasini hech qachon ko'rmagan inson, birdaniga hammasini barobar ko'rishga muvaffaq bo'lding. O'z akalarining soyasida ulg'ayishga majbur bo'lgan Ronald Uesli esa o'zini tanho, buning ustiga saralarning sarasidek ko'rdi o'zini. Biroq bu ko'zgu bizga voqiflik ham ato etmaydi, haqiqatni ham ko'rsatmaydi. Aksariyat odamlar, ushbu ko'zguda ko'rayotgan aksga mahliyo bo'lib turishgancha, o'z kelajagiga putur etkazdilar yoki ko'rayotgan narsalari haqiqatmi, joizmi bilmay aqldan ozib qoldilar. Ertaga, ko'zgu boshqa joyga olib o'tiladi. Sendan iltimos, Garri, uni endi qidirma. Agar kelajakda unga yana ro'baru bo'lsang, seni nima kutishini endi bilasan. Xayol osmonida uchib yurib, haqiqiy hayotni unutib qo'yish yaramaydi, buni hech qachon yodingdan chiqarma. Xo'sh, endi mana bu ajoyib plashingni kiygin-da, joyingga borib yot.

Garri o'rnidan turdi.

- Ser... Professor Dambldor, Sizdan bir narsani so'rasam bo'ladimi?

- Albatta, zero sen bu ishni qilib bo'lding, - kulib qo'ydi Dambldor, - Biroq yana bir savol berishing mumkin.

- Sizga nima ko'rinadi, ushbu ko'zguda?

- Menga-mi? Qo'limda ip-gazlamadan to'qilgan qalin paypoq ushlab turganim ko'rinadi.

Garri baqrayib qoldi.

- Paypoqning ko'pi bo'lmaydi, - tushuntirdi Dambldor, - Mana umrimning yana bir Rojdestvosi o'tib ketdi, menga esa hech kim paypoq sovg'a qilmadi. Negadir hamma menga faqat kitob sovg'a qilish kerak deb o'ylaydi.

Garri o'z o'rniga etib kelganidan so'nggina, Dambldor savolga ochiq-oydin javob bermagan bo'lishi mumkinligini o'ylab qoldi. Biroq masalaga boshqacha yondashiladigan bo'lsa, o'yladi u, yostig'iga astoydil joylashib olgan Qasmoqni nari turtib, savol haddan tashqari shaxsiy bo'lgani uchun unga ochiq-oydin javob berish ham shart bo'lmagan.

Bob-13."NIKOLAS FLAMEL"

Professor Dambldor Ko'ngildagi orzular ko'zgusini qayta qidirmaslikka o'quvchini ko'ndira oldi. Maktab direktori bilan tunda o'tgan suhbatdan so'ng, Garri, ko'rinmas plashni batartib taxlagancha, sandig'iga joylashga joylab qo'ydi-yu, ko'zguda ko'rganlarini hech unuta olmadi. Kechalari bosinqirab, tushida ko'zni qamashtiradigan yashil chaqmoq ota-onasini halok qilganini ko'radigan, kimningdir kuchli, etni junjitadigan tarzda yangrayotgan iblisona kulgisini eshitadigan bo'lib qoldi.

Garri alog'-chalog' tushlar ko'rayotganligini do'stiga aytib berdi.

- Demak, Dambldor haq ekan, - xulosa chiqardi Ron, - O'sha ko'zgu kishini chindan ham aqldan ozdirib qo'yishi rostga o'xshaydi.

Semestr boshlanishidan bir kun oldin etib kelgan Germiona esa bolalarning ta'til kunlari bo'lib o'tgan hodisalar haqidagi hikoyalarini eshitib, do'stlarining xatti-harakatlarini qattiq tanqid qildi.

- Filch seni tutib olganida nima bo'lar edi! - jahl qilgan bo'ldi qizaloq, Garrining uch kecha qasr yo'laklarida daydib yurganini eshitib.

Ayni vaqtda u, qulay imkoniyatdan foydalanib, Nikolas Flamel kim bo'lganligini aniqlab olmaganligi uchun Garridan xafa ham bo'ldi.

Garchi Garri, Nikolas Flamel haqida qaerdadir o'qiganligiga komil ishonch bildirsa-da, bolalarda, ushbu ismni kitob sahifalarida topishga shubha tug'ila boshlandi. Shunga qaramay, uchala do'st, semestr boshlash bilan bir vaqtda, mashg'ulotlar orasidagi 10 daqiqali tanaffuslar davomida kutubxonaga qatnashini qo'ymadi. Biroq Garri, kvidish mashqlari boshlanganligi bois, bunday tadqiqotlarda nisbatan kamroq ishtirok etdi.

Drev so'nggi vaqtda o'z jamoasidan bor kuchni sarf etishni qat'iy talab qilib qoldi. Hatto qorbo'ron o'rniga boshlangan tinimsiz yomg'irlar ham uning jangovar ruhini sindira olmadi. Egizak Ueslilar Drevga savdoyi dumbul degan laqab qo'yishgancha, nolishib, hasrat qilishsa, Garri jamoa sardoriga tarafdor bo'ldi. Axir «Griffindor» jamoasi maktab kubogi uchun olib borilayotgan kurashda «Xufflpuff» jamoasini engsa, so'nggi etti yil ichida birinchi marotaba «Slizerin» jamoasidan oldinga chiqib oladi-ku!

G'alaba qozonishdek tabiiy istakdan tashqari, Garrining zo'r berib mashq qilishiga yana bir sabab bor, u ham bo'lsa: mashq qilib holdan toygan kuni alog'-chalog' tushlar ko'rmasligi.

Jamoa jiqqa ho'l bo'lib, qulog'igacha loyga belangan kunlardan birida Drev noxush xabar etkazdi. Egizak Ueslilar Drevning ustiga atayin, go'yo supurgilaridan tushib ketishganday, ikkita bomba singari birin-ketin qulashdi.

- Bezorilik qilishni bas qiling! - dod-voy soldi joni og'rib, jahli chiqqan jamoa sardori, - Ayni shunday xulqingiz uchun ham yutqazib qo'yishimiz mumkin! Bilib qo'ying, kelasi o'yinga Snegg hakamlik qiladi! Unga «Griffindor»dan ball ayirishga zig'irday sabab bo'lsa bo'ldi. Har narsadan ayb qidirib yurishini yaxshi bilasiz.

Drev uzra yana muallaq osilib olgan Jorj Uesli bunday xabarni eshitib, chindan ham supurgisidan qulab tushdi.

- Snegg hakamlik qiladi?! - bazo'r e'tiroz bildirdi u, og'zi loyga to'lib, - Severus o'zining zerikarli hayoti davomida biron marotaba bo'lsin kvidish o'yiniga hakamlik qilganmi? «Slizerin»dan ustun kelayotganimizni ko'rsa, uning xolisona hakamlik qilishiga shubha qilaman.

Jamoaning qolgan a'zolari ham Jorjning yoniga qo'nib, sardorga e'tiroz bildira boshlashdi.

- Nega menga baqirasiz? Men tayinlabman-mi uni? Qo'limdan nima keladi? - javob qaytardi Drev, hammaga barobar - Snegg biron-bir ayb topa olmasligi uchun bequsur o'ynashimiz kerak, vassalom.

Bularning hammasi yaxshi, albatta, o'yladi Garri. Biroq Snegg nafaqat hakamlik qilmasligi, umuman o'yinga kelmasligini, ayniqsa Garri havoga ko'tarilganida o'yingohda bo'lmasligini juda istar edi...

Mashq yakunida jamoa a'zolari Drevning noxush xabarini unutib, har xil mavzularda valdirab tarqaldi. Garri to'ppa-to'g'ri kollejning umumiy mehmonxonasiga yo'l oldi. Bu erda Ron bilan Germiona tinchgina shaxmat o'ynab o'tirishibdi.

Shaxmat o'yini Germionaning o'zlashtirishi qiyin kechayotgan yagona voqiflik bo'lib, tez-tez yutqazib turishi qizaloq uchun juda ham foydali hayotiy saboq bo'ladi, deb topishadi Ron bilan Garri.

- Gapirmay, jim o'tir, - dedi Ron, yoniga o'tirgan Garriga, - Men hayolimni navbatdagi yurishga jamla... Tinchlikmi? Senga nima qildi? - so'radi u do'stining rang-ro'yiga e'tibor qaratgach.

Garri, boshqa hech kim eshitib qolmasligi uchun past ovozda gapirishga harakat qilib, Sneggning kutilmaganda kvidish o'yinida hakamlik qilishga ahd qilganligi haqida do'stlarini xabardor qildi.

- O'yinda ishtirok etma, - darhol ko'rsatma berdi Germiona.

- Kasal bo'lib qoldim degin, - dedi Ron.

- O'zingni oyog'i singan ko'yga solib ol, - davom etdi Germiona.

- Yo'q, sen chindan ham oyog'ingni sindir, - taklif kiritdi Ron.

- Unday qila olmayman, - dedi Garri bunday do'stona takliflarni rad etib, - Jamoamizda zaxira Sayyod yo'q. Men o'ynamaydigan bo'lsam, «Griffindor» umuman maydonga chiqmaydi.

Ayni shu paytda mehmonxonaga Semiz Xolaning portreti to'sib turgan tuynukdan boshi bilan pastga qulab tushgan Nevill kirib keldi. Birinchi qarashdayoq uning oyog'i Kishan qarg'ishi bilan kishanband qilinganligi ayon bo'ldi. Bechora Longbottom «Griffindor» minorasining ko'p pog'onali zinasidan qanday ko'tarilganligi jumboq bo'lib qoldi. Quyonga o'xshab sakrab chiqqan bo'lsa kerak.

Tabiiyki, Nevillning ahvolini ko'rgan o'quvchilar baralla qahqahlab kulib yuborishdi. Faqat Germionagina yordamga kelib, Kishan qarg'ishidan xalos etuvchi qarshi afsun o'qigach, Nevillning oyoqlari, xuddi bir-biriga tortib turgan oraliq prujina uzilib ketganday, ajralib ketdi. Nihoyat u, a'zoi-badani titragancha, oyoqqa tura oldi.

- Xo'sh, gapir, nima bo'ldi? - so'radi Germiona, bazo'r o'rnidan turib olgan Longbottomga Ron bilan Garrining yoniga o'tirishiga ko'maklashib.

- Malfoyning navbatdagi qilig'i, - boshladi Nevill titroq ovoz bilan, - U bilan kutubxona yonida ro'baru bo'lib qoldim. Meni ko'rib: «Kelganing yaxshi bo'ldi, Longbottom, menga tajriba qilinadigan quyon kerak edi», - dedi-da, afsun o'qidi.

- Professor Makgonagallning huzuriga borib, bo'lgan gaplardan xabardor qil! - kuchanib xitob qildi Germiona.

- Ortiqcha ko'ngilsizliklar bo'lishini istamayman, - ming'irladi Nevill boshini sarak-sarak chayqab.

- Qarshi chora ko'rishing kerak, Nevill! - gapga aralashdi Ron, - Malfoy odamlar boshida yurishga odatlanib qolgan, albatta. Biroq uning bunday yurishi moneliksiz, yanada oson kechishi uchun bosh egish kerak emas-ku, axir.

- Menda griffindorchilarga xos mardlik etishmayotganligini yana bir bor eslatib o'tishga hojat yo'q. Buni hozirgina Malfoy isbot qilgani etarli deb o'ylayman, - yurakdan chiqarib, bazo'r ayta oldi Nevill.

Uning qiyofasidan yig'lab yuborishiga oz qolganligi bilinib turibdi. Garri korjomasining cho'ntaklarini titib, Germiona Rojdestvoga yuborgan so'nggi shokobaqani chiqardi-da, Nevillga uzatdi.

- Sen Malfoyga o'xshaganlarning o'n ikkitasiga bas kela olasan, - dedi u, o'rtog'iga taskin berishga urinib, - Saralovchi shlyapa seni «Griffindor»ga tayinlaganini unutma. Bu bejiz emas-ku, axir. Malfoyni-chi? Allaqanday sassiq «Slizerin»ga yo'lladi.

Garrining so'zlaridan engil tortgan Nevill kulimsiragan bo'lib, labini qiyshaytirib qo'ydi.

- Rahmat, Garri... Men borib yotay. Sehrgarning suratini o'zingga olib qo'yarsan. Sen ularni yig'yapsan-ku, shunday emasmi?

Nevill yotoqxonaga yo'l oldi, Garri esa bu gal qaysi mashhur sehrgar surati sohibi bo'lganligini bilish maqsadida shokobaqa ichidan chiqqan suratni yozib ko'rdi.

- Yana Dambldorning surati. Bu surat menga...

Birdan Garri xitob qilib, suratning orqa tomonini o'girib o'qidi. So'ngra asta sekin nigohini Ron bilan Germionaga ko'tarib:

- Topdim! - shivirladi u, - Flamelni topdim! Aytgandimku sizlarga uning ismini qaerdadir o'qiganman deb! Poezdda! «Xogvars»ga kelayotganimda o'qiganman! Mana eshitinglar:


«Dambldor 1945 yili yovuz sehrgar Grindelvald ustidan g'alaba qozongani, ajdar qonidan foydalanishning o'n ikkita usulini ixtiro qilgani, shuningdek, Nikolas Flamel bilan birgalikda alkimyo sohasida olib borgan ishlari ila alohida shuhrat qozongan»
Buni eshitgan Germiona o'rnidan sakrab turib, alg'ov-dalg'ov hayajonlanib ketdi. Uyga berilgan ilk vazifa uchun baholar qo'yilgan daftarlar birinchi sinf o'quvchilariga qaytarib tarqatilgan kundan buyon u hali bu qadar hayajonlanmagan.

- Shu erda, qimir etmay o'tiring! - qichqirdi u va yotoqxonasi tomon yugurib ketdi.

Garri bilan Ronga faqat bir-biriga qiziqsinib qarab qo'ygani vaqt etdi xolos. Germiona qo'lida ulkan va ko'rinishidan juda qadimiy kitob ko'targancha, qaytib kelishga ulgurdi.

- Xonamda yotgan kitobda qidirish kerakligini xayolimga ham keltirmabman. Buni, uyqudan oldin o'qiladigan engil mavzular sifatida, kutubxonadan olganimga ancha bo'lgan edi.

- Engil mavzular? - shubha qildi Ron.

Qizaloq Ronga tinch o'tirishi, kerakli sahifani qidirib topishga xalal bermasligi uchun jim degan imo qilib, allanima vaysagancha, kitob sahifalarini o'ta katta tezlik bilan varaqlashga kirishib ketdi.

Nihoyat u kerakli sahifani topdi shekilli:

- O'zim ham shunday deb o'ylagandim-a! Shunday deb o'ylagandim!

- Endi gapirsam bo'ladimi yo haliyam jim o'tiraveraymi? - so'radi Ron, zaharli ohang bilan.

Germiona Ronning pichingiga e'tibor ham qaratmadi.

- Nikolas Flamel, - tantanavor o'qib eshittirdi u, - Bugungi kunda Falsafiy tosh yaratgan yagona muallif sanaladi!

Biroq bu gap Germiona kutgan samara bermadi.

- Nima? - baralla so'rashdi Garri bilan Ron.

- Nahotki xabaringiz bo'lmasa? Quloq soling. Yo'q, yaxshisi o'zingiz o'qing, mana, mana bu satrlarni o'qing.

Germiona kitobni yaqinroq surib, barmoqchasi bilan kerakli xatboshini ko'rsatgach, bolalar quyidagilarni o'qishdi:
Alkimyo sohasida olib borilgan o'rta asr tadqiqotlarining mavzusi, asosan, ajoyib sehrli kuchga ega, Falsafiy tosh deb nom olgan afsonaviy modda yaratishga bag'ishlangan. E'tirof etilishicha, bunday tosh har qanday metallni sof oltinga aylantirish qobiliyatiga ega emish. Shuningdek, ushbu modda vositasida Obi-Hayot, ya'ni uni ichgan odamga boqiy umr ato etadigan ichimlik yaratish mumkin degan taxminlar bor.

O'tgan asrlar davomida Falsafiy tosh yaratilganligiga doir xabarlar bisyor marotaba e'lon qilingan. Amalda esa bunday toshning hozircha tanho sohibi mashhur alkimyogar, opera ashulasining zarshunosi mister Nikolas Flamel sanaladi.

O'tgan yili olti yuz oltmish beshinchi bahorini qarshi olgan mister Flamel ayni vaqtda Devonda, o'zining olti yuz ellik sakkiz yoshli rafiqasi Perenella bilan xilvatda umrguzaronlik qilmoqda.
- Endi tushundinglar-mi? - nihoyat xitob qildi Germiona, bolalar mutolaani nihoyasiga etkazishlariga qadar bazo'r sabr qilib, - O'sha uch boshli it Flamelning Falsafiy toshini qo'riqlab yotibdi! Bunday chora ko'rilishini shubha yo'q-ki, Flamel Dambldordan iltimos qilgan! Axir ular do'st-ku! Tosh ketiga kimdir tushib qolganligini Nikolas sezgan va shuning uchun ham uni «Gringotts»dan olib chiqishga ahd qilgan.

- Oltin yasab, kishining ajalini nari quvadigan tosh. Sneggning orzu-havaslarini tushunsa bo'ladi. Bunday toshga kim ham ega bo'lishni istamaydi deysiz? - xulosa chiqardi Garri.

- Flamelning ismini «Zamonaviy afsungarlikning eng muhim kashfiyotlari»da topa olmaganimiz ham bejiz emas ekanda, - dedi Ron, - O'zi qadimiy bo'lgan mana bu kitobda yozilishicha «… o'tgan yili olti yuz oltmish beshinchi bahorini qarshi olgan»idan keyin, Nikolas amakining zamonaviyligi qoladimi.

Tuni bilan muhokama qilishgani kamlik qilganday, ertasiga ertalab, yovuzlik kuchidan himoya darsida, afsun bilan boshqa tusga kirgan odam tishlab olgan holatda davolanish usullarini sinf taxtasidan ko'chirib o'tirgan Garri bilan Ron haligacha kechagi masalani: agar Falsafiy tosh sohibi bo'lishganda qanday ish tutishgan bo'lishlarini muhokama qilib o'tirishdi. Ron xususiy kvidish komandasini xarid qilib olardim degunga qadar Garri Sneggni ham, navbatdagi o'yinni ham esiga olmagan edi.

- Men o'ynashga ahd qildim, - qat'iy e'lon qildi Garri do'stlari Ron bilan Germionaga,

- Agar men maydonga chiqmasam, slizerinchilar meni nomard deb e'lon qilib, Sneggdan qo'rqqanimni masxara qilishadi. Agar g'olib chiqsak basharalaridagi murdor tirjayishlari yo'qoladi!

- Ish qilib seni yo'qotib qo'ymasak go'rga edi, - dedi Germiona.
***

O'yin boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Garri, do'stlariga nimalar degan bo'lishidan qat'i nazar, borgan sari asabiylasha bordi. Jamoaning qolgan a'zolari ham tashvishda. «Slizerin» jamoasi ustidan g'alaba qozonish haqidagi o'y hammani hayratga soladi, albatta. Nima qilganda ham etti yildan buyon bu ish hech qaysi jamoaning qo'lidan kelmagan. Biroq bu gal, ayniqsa mana bunday noxolis hakam bilan, «Griffindor» jamoasi g'oliblikni qo'lga kirita olarmikan?

Bundan tashqari, Garrining nazarida, bunga to'la-to'kis amin bo'lmasa ham, Snegg uni har qadamda ta'qib qilib yurganga o'xshaydi. Bolani g'aflatda qoldirishga umid qilsa kerak-da u? Sneggning Garriga nisbatan qahri shu qadar kuchli ediki, Severusning sehrli damlamalar tayyorlash fani bola uchun har haftada bir o'tkaziladigan qiynoqlarga o'xshab ketadi. Ehtimol professor Snegg Garrining Falsafiy toshdan voqif bo'lib qolganligini fahmlab qolgandir? Lekin, qanday qilib... Ba'zan, Snegg kishining xayollarini o'qiy olsa kerak degan fikr keladi Garrining miyasiga.

Mana nihoyat kutilgan kun etdi. Garri ustvoshxona eshigi yonida omad tilab qolgan do'stlarining yuzlarida «Ishqilib shu bilan yana eson-omon uchrashamizmi?» degan savol uqib oldi. Bunday o'y-yu xayol bilan kiyimini almashtirib, o'zining mashhur «Nimbus-2000»ni qo'lga olgan bolaning qulog'iga Drev vaysagan biror-bir so'z kirmadi.

Ron bilan Germiona namoyishgohda, Nevillning yonidan joy topishdi. Nevill esa nima uchun sinfdoshlarining qovoqlaridan qor yog'ayotgani va nima sababdan ular o'yin tomoshasiga o'zlari bilan sehrli tayoqchalarini ham olib kelishganini tushunmay boshi qotdi. Ron bilan Germiona anchadan buyon Kishan qarg'ishini zimdan mashq qilib yurishganidan Garri bexabar. Ushbu g'oya Nevillning oyoqlarini kishanlab qo'ygan Malfoyning qilig'idan olingan bo'lib, Garriga zig'irday zarar etkazishga urinadigan Severusga qarshi qaratilgan.

- Yodingdan chiqmasin, Lokomotor Mortis, - shivirladi Germiona, engiga tayoqchasini yashirayotgan Ronning qulog'iga.

- E, esimda, - jerkib berdi Ron, - Ming'ir-ming'ir qilavermasan-chi.

- Men senga tazyiq o'tkazmoqchi emasman-u, Potter, - dedi Drev Garrini ustvoshxonaning bir chetiga tortib, - Biroq Tilla chaqqonni tezroq tutib olish kerakligi hali shu vaqtga qadar muhim bo'lmagan. Snegg «Xufflpuff»ga haddan ortiq yon bosib yuborishidan oldin, o'yinni nihoyasiga etkazish darkor.

- Jamoat jam. Jamiki maktab shu erda, - qichqirib yubordi Fred Uesli eshikdan bosh chiqarib, - Hatto, ma'zur sanang-u, qariya Dambldor ham bir iloj qilib o'rmalab kela olibdi!

Bu gapdan Garrining yuragi ko'krak qafasida salto-mortale harakatini ijro etib yubordi (Salto-mortale – sirkda, deyarli uning gumbaziga yaqin balandlikda amalga oshiriladigan havoda umbaloq oshish amali).

- Dambldor? - so'radi Garri.

U Fred hazil qilmaganligiga ishonch hosil qilish uchun eshikka otildi. Dambldorning kumush soqolini ko'rmay qolish mumkin emas. U haqiqatan ham tomoshabinlar orasida o'tiribdi.

Garri o'zini nihoyatda engil his etib, xandon otib yuborishiga sal qoldi. Ana endi u o'zini xavfsiz deb bilsa bo'ladi. Dambldor shu erda ekan, Snegg Garriga tajovuz qilishga jur'at eta olmaydi.

Ehtimol shu sababli bo'lsa kerak, jamoalar saf tortgan fursatda Sneggning sovuq turqi nihoyatda jahldor qiyofa kasb etdi. Buni Ron ham payqadi.

- Sneggni bu qadar qo'rqinchli qiyofada ko'rmagan edim, - shivirladi u Germionaga, - Qara, jamoalar havoga ko'tarilishdi. Voy!

Orqa tomondan kimdir Ronning boshiga tushirdi. Ron o'girilib ortida turgan Malfoyning basharasini ko'rdi.

- E, sen-mi, Uesli, kechir sezmay qolibman. Qiziq, bu gal Potter qancha vaqt supurgisiga osilib tura olar ekan? - so'radi Malfoy irshaygancha ulfatlari Krabbe bilan Goylga qarab, - Garov bog'lashamizmi? Sen-chi, Uesli, garov o'ynaysan-mi?

Ron javob qaytarmadi.

Ayni fursatda Jorj Uesli urib qaytargan Tajovuzkor hakamning elkasiga kelib soldi. Buning uchun Snegg «Xufflpuff»ga jarima to'pini uloqtirish huquqini havola etdi.

Ko'zlarini qisib olgan Germiona, barmoqlarini g'ayrioddiy holatda kesishtirib, o'yinchilar uzra Tilla chaqqonni qidirgancha, qirg'iy kabi gir aylanib uchayotgan Garrini kuzatib turdi.

Bir oz vaqt o'tgach, Snegg, biror-bir sababsiz «Xufflpuff» jamoasiga jarima to'pini uloqtirish huquqini takror havola etdi.

- «Griffindor» o'yinchilari qaysi tamoyillarga asosan saralab olinadi bilasizlar-mi? - baland ovozda so'rab qoldi Malfoy, - Nazarimda, ushbu jamoaga qismati achinarli kishilar olinadi. Mana masalan, Potterni olaylik, u deyarli hech kimi yo'q, g'irt etim bola. Endi Ueslilarga e'tibor qarating. Ular faqir, sariq chaqqasi ham yo'q oila. Longbottom, ha demay seni ham jamoaga qabul qilishadi. Negaki sen ahmoq, zig'irday miyasi yo'q tentaksan.

- Malfoy, men senga o'xshaganlarning o'n ikkitasiga bas kelaman, - dedi Nevill, rangi qizarib ketganiga qaramay duduqlangancha Drakoga tikka yuzlanib.

Malfoy ulfatlari Krabbe va Goyl bilan rosa kulib, kuchanganidan siyib qo'yishiga sal qoldi.

- Bopla ularni Nevill, bopla, - dalda berdi Ron, o'yindan ko'zini uzmay.

- Quloq sol, Longbottom, - dedi Drako kulgi orasida, - Agar kishi miyasi oltindan bo'lganda edi, sen Ueslilardan ham battar qashshoq bo'lar eding... Yana sal ayab gapiryapman...

Garri uchun tashvish chekib turgan Ronning asablari shundoq ham tarang.

- Malfoy, yana bir og'iz gapiradigan bo'lsang...

- Ron! - kutilmaganda qichqirib yubordi Germiona, - Garri!

- Qani? Nima qildi unga?

Garri birdan tikka pastga sho'ng'ib, tomoshabinlarning oh-vohi-yu, xitoblarini qo'zg'atib yubordi. Germiona o'rnidan turib, kesishtirib olgan barmoqlarini tishlab oldida, erga qarab o'qday pastlab kelayotgan Garriga maftun bo'lib qarab qoldi.

- Uesli, xursand bo'lsang-chi, Potter senga tanga topib berdi, - dedi Drako tahqirona ohangda.

Ron turgan joyida bir sakradi. Malfoy nima bo'layotganini idrok etmay, erda yotgani-yu, ustida Ron o'tirib olib, jonini og'ritgancha qo'lini orqaga qayirayotganini sezdi. Nevill bir oz ikkilanib turgach, o'z kursisining suyanchig'idan sakrab o'tib, Ronga madad bergani etib bordi.

- Bo'sh kelma, Garri! - qichqirdi Germiona.

Qizaloq orqa tomonida nimalar bo'layotganidan xabari yo'q. Erda yotgan Malfoy bilan Ronni ham, Nevill, Krabbe va Goyldan iborat to'pni, ushbu to'p ichidan chiqayotgan ingrashlar-u, dod-voylarni ham eshitmadi. Uning jamiki diqqat-e'tibori tikka Snegg tomon o'qday ko'tarilib borayotgan Garriga qaratilgan.

Ayni fursatda osmondagi Snegg supurgisini endigina aylantirib, yonidan uchib o'tgan binafsha rang sharpani arang sezib qoldi. Keyingi fursatda esa Garri Tilla chaqqonni ushlab olgan qo'lini g'oliblarga xos tarzda yuqoriga ko'tardi.

Namoyishgohlardagi jamiki tomoshabinlar gulduros olqishlar bilan o'rinlaridan baralla qalqib turib, ayyuhannos solib yuborishdi. Rekord! Garri kvidish o'yinida jahon rekordini qo'ydi! Tilla chaqqon bu qadar tez tutib olinganligini hech kim eslay olmaydi.

- Ron! Qaerdasan Ron! O'yin tugadi! Garri zafar qozondi! Biz yutdik! Muzaffariyat! «Griffindor» g'alaba qozondi! - chiyilladi Germiona.

U xursandligidan kursiga sakrar, undan yana irg'ib tushar, raqs harakatlarini bajarar va oldingi qatorda turgan dugonasi Parvatti Patilni quchib olardi.

Erga bir fut qolganida Garri supurgisidan sakrab tushdi. U o'zi bosh ishtirokchi bo'lgan hodisaga haligacha ishonmaydi. U g'alaba qozondi. Besh daqiqadan sal uzoq davom etgan o'yin tugadi. «Griffindor» jamoasining a'zolari birin-ketin maydonga qo'ndi. Sal narida rangi oqarib, labini tishlab olgan Snegg ham erga qo'ngani ko'rindi. Garri elkasida kimningdir qo'lini sezib, boshini ko'tardi va kulib turgan Dambldorning nigohini ko'rdi.

- Juda yaxshi, - dedi Dambldor, hech kimga eshittirmasdan, - Ko'ngildagi orzular ko'zgusini qidirmay, foydali ish bilan mashg'ul bo'lganing menga yoqdi... Barakalla o'g'lim...

Snegg g'azab bilan erga tupurib, nari ketdi.


***

Ma'lum vaqt o'tgach, Garri «Nimbus-2000» ni saroyga olib borish uchun ustvoshxonadan yolg'iz o'zi chiqdi. Bola anchadan buyon o'zini hozirgidek baxtiyor his etmagan. Bugun u shunday bir ish qildiki, chindan ham faxrlansa arziydi. Garri Potter endi nafaqat o'z nomi, balki bugungi rekordi bilan ham mashhur bo'lib ketdi. Oqshom shamoli hali hech qachon bu qadar yoqimli va lazzatbaxsh esmagan. Garri nam maysa ustida shoshilmay yurar ekan, bir soat oldin bo'lib o'tgan hodisalarni xayolan tiklab, zavqlandi. Maydondan elkalarida ko'tarib chiqish uchun namoyishgohlardan yugurib kelgan griffindorchilarni, undan sal narida sakrab-sakrab borgan Ron bilan Germionani, burnidan qon kelayotganiga qaramay Ronning «Ura! Ura!»sini esladi.

Garri saroy yoniga kelib, yog'och eshikka suyanib olgancha, «Xogvars» qasrini, uning kun botayotganda qizarib ko'rinayotgan oynalarini bir oz tomosha qilib turdi. «Griffindor» yutdi. Garri g'alaba qozondi, nimaga qodir ekanligini anavi Severusga ko'rsatib qo'ydi...

Aytganday, Severus Snegg...

Egniga plash tashlab, boshini qaytarma qalpoq bilan bekitib olgan allaqanday bir kishi zinapoyadan tez-tez odimlagancha, qasrni tark etdi. Man etilgan o'rmon tomon yo'l olgancha, qasr hovlisini imkon qadar tezroq kesib o'tishga oshiqayotgan kishi xatti-harakatlaridan birov payqab qolishini istamayotganligi yaqqol sezilib turibdi.

Muzaffariyat tuyg'usi Garrining vujudini bir zumda tark etdi. Hamma kechki ovqat dasturxoni atrofida to'planib o'tirgan paytda Man etilgan o'rmon tomon borayotgan ushbu o'g'rincha qadam sohibi Sneggni tanib qoldi.

Garri, uzoq o'ylanib o'tirmasdan shartta supurgisini egarladi-da, havoga ko'tarildi. Shovqin solmay parvoz etib, Man etilgan o'rmonga kirib ketgan Sneggning ortidan kuzatib bordi.

Daraxtlar tepasidagi qalin shox-barglar Snegg ketayotgan yo'nalishni to'sib qo'ygan. Garri borgan sari pastlab, odam ovozi eshitilgunga qadar atrofda gir aylanib uchdi. Ovoz eshitilgan joy yaqinida o'sgan oq qayin uchiga asta qo'nib, supurgisini qo'liga oldi-da, erda nima bo'layotganini ko'rish maqsadida daraxt shoxlaridan shoshilmay pastroq tushdi.

Bola o'rmon ichidagi qorong'i yalanglikda Snegg bilan professor Belka turganini ko'rib qoldi. Garri Belkani yuzini ko'rmasa-da, odatdagidan ham battar duduqlanayotganidan tanidi. Ikkala professorning biron og'iz so'zini o'tkazib yubormaslik uchun bola bor vujudini quloqqa aylantirishga zo'r berdi.

- N-n-nima uch-ch-chun uchr-r-r-rashuvni ayn-n-nan shu er-r-rga t-t-tayinlaganingizni t-t-tushunmayman, p-p-professor.

- Bor gapni sir saqlash chorasini ko'rdim, - javob qaytardi Snegg, sovuq ohangda, - O'quvchilar Falsafiy tosh haqida hech narsani bilmasliklari shart.

Garri oldinga egildi. Belka allanima deganday bo'ldi-yu, Snegg uning gapini bo'ldi.

- Xagridning hayvoni oldidan o'tish yo'lini aniqladingiz-mi?

- Sev-v-verus, m-m-men...

- Quloq soling, Belka. Agar men dushmaningizga aylanib qoladigan bo'lsam, bu sizga xush kelishiga shubha qilaman, - dedi Snegg, suhbatdoshi tomon qadam qo'yib.

- B-b-bilmadim, siz n-n-nimani...

- Nimani nazarda tutayotganimni juda yaxshi bilasiz.

Yonida o'tirgan boyqush kutilmaganda baland gursillab yuborganidan qo'rqib ketgan Garri daraxtdan qulab tushishiga bir baxya qoldi. U muvozanatini bazo'r saqlab qolib, Sneggning chala-yarim gapini eshitib qoldi

- ... sizning fokus-pokusingiz. Kutyapman.

- B-b- biroq b-b-bil...

- Juda yaxshi, - shartta bo'ldi Snegg, - Yaqin orada yana suhbatlashish imkoni bo'ladi. Unga qadar puxta o'ylab oling-da, kim tomonda ekanligingizni uzil-kesil hal qiling.

Snegg qaytarma qalpog'ini boshiga tashlab oldi-da, shiddat bilan nari ketdi. Qorong'i tushib qolgan bo'lsa ham, Garri, professor Belkaning turgan joyida toshday qotib qolganligini yaqqol ko'rdi.


***

- Qayoqqa yo'qolib qolding, Garri? - quloqni teshib yuborguday chinqirdi Germiona.

- Biz yutdik! Yutdik! Sen zafar qozonding! - baqirdi Ron, Garrining beliga mushtlab, - Men esa Malfoyni mo'mataloq qilib tashladim. Nevill bir o'zi Krabbe bilan Goylga bas kela oldi! U hali ham kasalxonada. Biroq Pomfri xonimning aytishicha, u jiddiy jarohatlanmagan. Nevill esa slizerinchilarga onasini uchqo'rg'onda ko'rsatib qo'yaman degan gapini hech qo'ymayapti. Hamma seni mehmonxonada kutyapti. Muzaffariyatimiz sharafiga ziyofat uyushtirdik! Fred bilan Jorj oshxonadan pirojniy va yana allaqanday eguliklar o'g'irlab chiqishdi.

- Hozir ziyofatning mavridi emas, - dedi Garri, deyarli ovoz chiqarmay, - Yuringlar, biror-bir bo'sh xona topaylik. Men sizlarga shunaqa narsalar aytib beraman-ki...

Yaqin orada topilgan xonada Dryuzg yo'qligiga ishonch hosil qilgach, Garri eshikni mahkam yopib, do'stlariga hozirgina ko'rgan va eshitganlarini batafsil aytib berdi.

- Biz haq bo'lib chiqdik. It qo'riqlayotgan narsa chindan ham Falsafiy tosh ekan. Snegg Belkani o'z tomoniga og'dirmoqchi. Snegg undan Momiqvoyning hamlasini chetlab o'tish usulini va yana allaqanday fokus-pokus to'g'risida so'radi. Tosh nafaqat ko'ppak tomonidan, balki allaqanday qarg'ish yoki ko'p qarg'ishlar kuchi bilan ham qo'riqlanmoqda. Ehtimol ushbu qarg'ishlar orasida Belkaning yovuz kuchlardan saqlaydigan qarg'ishi ham bo'lib, Snegg uni engib o'tishga ko'zi etmayotgan bo'lsa kerak...

- Aytmoqchisan-ki, Belka o'z qarg'ishining sirini aytishga majbur bo'lgach, toshning xavfsizligi barham topadi, shundaymi? - xijolat chekib so'radi Germiona.

- Demak, kelasi seshanba kuniga qolmay tosh yo'qoladi! - qat'iy ohangda bayonot qildi Ron.

Bob-14."DANDON BELLI NORVEG AJDARI"

Belka bolalar taxmin qilganday osonlikcha engiladiganlardan emas ekan. Hafta ketidan hafta o'tib, professorning rangi oqarib, ozib borsa ham, yaqin orada taslim bo'ladigan kishiga o'xshamaydi.

Ron, Garri va Germiona uchinchi qavat yo'lagidan har safar o'tishar ekan, ichkaridan Momiqvoyning ingrashi eshitilayotgan-eshitilmayotganligini bilish uchun eshikka quloq tutib o'tishadi. Sneggning maktabda jirkanch kayfiyatda yurganligi – tosh haligacha xavfsiz joyda ekanligining yaqqol alomatidir. Belka bilan ro'baru kelganda Garri imkon qadar uni dalda beradigan tabassum-la qarshi oladigan, Ron esa duduq professor ustidan kulganlarni uyatga qo'yadigan bo'ldi.

Germiona esa Falsafiy toshdan tashqari, boshqa tashvishlar bilan band. U har xil o'quv rejalarini ishlab chiqib, turli-tuman jadvallar tuzib, daftarlariga rangli siyohlar bilan allaqanday belgilar kiritib bormoqda. Garri bilan Ron qizaloqning tahsil ko'rishga bunday ijodiy yondashib borishiga hech qanday e'tirozlari yo'q, biroq Germiona o'zining tabiiy mijg'ovligi bilan bolalarni ham shu ishlarni qilishga majbur qilmoqda.

- Germiona, axir imtihonga qadar yana yuz yil bor-ku.

- Yuz yil emas, atigi o'n hafta qoldi. Bunday muddat esa bir soniyaday o'tib ketadi. Agar hozir Nikolas Flamel shu erda bo'lganda, gapimning ma'nosini juda yaxshi tushungan bo'lar edi.

- Biroq bizning yoshimiz hozircha olti yuzga etib borgani yo'q, endigina o'n bir yoshga to'ldik, - eslatib o'tdi Ron, - Nima qilganda ham bularning barini o'qib nima qilasan, axir shundoq ham hamma narsani bilasan-ku.

- O'qib nima qilasan deganing nimasi? Aqlingni eb qo'yding-mi? Tushunmayapsan-mi? Axir imtihonlarni muvaffaqiyatli topshira olmasak, bizni ikkinchi sinfga o'tkazishmaydi-ku! Bu juda mas'uliyatli imtihon. Allaqachon tayyorlanib borish kerak edi, nimalar haqida o'ylab yurdim, kallam qaerda edi meni...

Taassufki, Germionaning nuqtai nazarini o'qituvchilar qo'llab-quvvatlashmoqda. Ular bolalarni har xil vazifalarga shu qadar ko'mib tashlashdiki, Pasxa ta'tili Rojdestvo ta'tiliga nisbatan sezilmay tez o'tib ketdi (Pasxa – xristianlarda: Iso payg'ambarning tirilish xotirasiga bag'ishlangan diniy bayram).

Germiona muntazam tazyiq o'tkazar ekan, o'qish muammolaridan chalg'ishning iloji yo'q. Qizaloq dam ajdar qonidan foydalanishning yigirmata usulini takrorlaydi, dam sehrli tayoqchani siltash usullarini mashq qilib, me'yoriga etkazadi. Garri bilan Ron esa bo'sh vaqtning aksariyat qismini Germionaning yonida, kutubxonada esnab, ming'irlab o'tkazishga majbur bo'lib, qo'shimcha ravishda berilgan vazifalarni tushunib etishga urinishadi.

- Bularning barini sog'lom odam yodda saqlab qolmaydi, - dedi kunlardan bir kun Ron, ma'yus ohangda.

U pat-qalamini stolga uloqtirib, kutubxona derazasidan tashqariga qaradi. Ko'chada chindan ham bahoriy kun yarqiramoqda. Bo'tako'z rangini kasb etgan osmon esa juda musaffo bo'lib, yoz yaqinligidan dalolat bermoqda.

Fillida Sporaning «Mingta sehrli alaf va qo'ziqorinlar»ida yovvoyi arpabodiyonni qidirayotgan Garri boshini kitobdan ko'tarmay o'tiribdi.

- Ie, Xagrid! Sen nima qilyapsan kutubxonada?

Xagrid tovonlarini bir-biriga urib yurgancha, kitob javonlarining ortidan, orqasiga bir narsa yashirib, ko'rinish berdi. Tan olish kerakki, Xagrid, egnidagi krot po'stini bilan kutubxonada juda g'alati ko'rindi.

- Shunchaki o'zim. Bir narsa ko'rmoqchi bo'ldim, - dedi Xagrid soxta loqayd ohangda.

U bolalarning e'tiborini chalg'itmoqchi bo'ldi-yu, aksi bo'lib chiqdi.

- Sizlar-chi, nima qilib o'tiribsizlar bu erda? Flamel to'g'risida ma'lumot qidirmayapsizlar-mi, ishqilib?

- Uning kimligini bilib olganimizga yuz yildan oshdi, - salobat-la ma'lum qildi Ron, - Kuchukchang nima qo'riqlab o'tirganini ham yaxshi bilamiz. U falsafiy to...

- Tishsh! Jim bo'l! - pichirladi Xagrid atrofga qaragancha, hech kim eshitmayotganiga ishonch hosil qilib, - Nega baqiryapsan, miyangni eb qo'yding-mi?

- Ha, aytganday, Xagrid. Biz sendan o'sha toshni Momiqvoydan tashqari yana nima qo'riqlayayotganini so'rab bilmoqchi edik, - gapga aralashdi Garri.

- E, JIM DEDIM! - vishilladi Xagrid, - Quloq sollaring, churvaqalar. Sal o'tib kulbamga boringlar. Albatta, bor gapni aytib beraman deb va'da bermayman-u... Faqat har qadamda, har kimga bu haqda valdirab yurmanglar. Bunday narsalarni o'quvchilar bilishi mumkin emas. Xagrid, bor gapni churvaqalarga sayrab beribdi, deb o'ylashmasin tag'in.

- Ha, unday bo'lsa, ko'rishguncha, - dedi Garri.

Xagrid, oyoqlarini qo'pol sudragancha, nari ketdi.

- Orqasiga nimani yashirib olgan edi? - o'ylanib so'radi Germiona.

- Tosh haqida biror-bir kitob deb o'ylaysan-mi?

- Borib qaray-chi, qaysi bo'limda timirskilanib yurganini, - dedi Ron, bo'lar-bo'lmas uy vazifalaridan chalg'ishga bahona topilganidan xursand bo'lib.

U bir daqiqadan so'ng qaytib, qo'lidagi bir dasta kitobni stol ustiga to'kdi.

- Hammasi ajdarlar haqida! - shivirladi u, ko'zlarini katta ochib, - Xagrid ajdarlar to'g'risida kitob o'qiyapti! Mana bu kitoblarni qarang: «Buyuk Britaniya va Irlandiya ajdarlari», «Tuxumdan chiqarib, shayton bo'lgunga qadar parvarish», «Ajdarboqar uchun ma'lumotnoma mazmunidagi qo'llanma».

- Xagrid, ilk bor uchrashganimizda, ajdarli bo'lishni juda orzu qilayotganligini menga aytgan edi, - esladi Garri.

- Biroq bu g'ayriqonuniy-ku, - dedi Ron, - Ajdar boqish 1709 yilgi Sehrgarlik konvensiyasi bilan man etilganligi hammaga ma'lum. O'zingiz o'ylab ko'ring, hovlisida ajdari bo'lgan sehrgar magllardan qanday qilib yashirina oladi? Bundan tashqari, achchiq amaliyotning ko'rsatishicha, juda xavfli hayvonlar turkumiga kiradigan ajdarni qo'lga o'rgatib bo'lmaydi. Akam Charlining teri qoplamasida rumin yovvoyi ajdarlari kuydirgan jarohatlardan qolgan chandiqlarni ko'rmagansiz!

- Ammo Angliyada yovvoyi ajdarlar bo'lmaydi-ku? - umid-la so'radi Garri.

- Kim aytdi senga bo'lmaydi deb? Angliyada qora tusli oddiy uelva va gebridian ajdarlari yashaydi. Men sizga aytsam, do'stlar, ushbu ajdarlar sehrgarlik vazirligiga etarlidan ortiq tashvish keltiradi! Afsungarlar ajdar ko'rib qolgan magllarni sehrlab, hozirgina ko'rganini shu zahoti unutib yuborishga majbur qilib yurishadi. Ana shunaqa!

- Unday bo'lsa Xagrid nima niyatda ajdar boqmoqchi?

Bir soat o'tgach, ushbu savolga ham javob topish maqsadida maktab qorovulining kulbasiga yaqin borgan bolalar, kulbaning barcha derazalari batamom pardalab tashlanganligini ko'rishdi.

- Kim u? - baqirdi Xagrid bolalarni ichkariga kirishdan oldin.

Savolga javob berib, ichkariga kirgan uchovlon ortidagi eshik Xagrid tomonidan mahkam yopib qo'yildi. Kulba hammomdek qizib ketgan. Tashqarida havo iliq bo'lishiga qaramay, o'choqdagi olov guvillab yonmoqda. Xagrid choy damlab, echki go'shtidan buterbrod tayyorlab berishi mumkinligini aytdi. Biroq bolalar rad etishdi.

- Xo'sh, gapiringlar, nimani so'rab bilmoqchi edilaring mendan?

Gapni aylantirib o'tirishga hojat yo'q edi.

- Momiqvoydan tashqari Falsafiy toshni yana nima qo'riqlayotganini ayta olasanmi?

- Ayta olmayman, albatta, - shartta kesdi qovog'ini uyib olgan Xagrid, - Birinchidan, o'zim bilmayman. Ikkinchidan, sizlar shu qadar aqlli churvaqalar-ki, bilganimda ham aytmas edim. Tosh shu erdami, demak shunday bo'lishi kerak. Uni «Gringotts»dan o'g'irlab ketishlariga sal qoldi. Bunga, albatta, aqllaring etdi. Qarang-ki, bu churvaqalar Momiqvoy haqida ham, qolgan gaplardan ham xabardor.

- Qo'ysang-chi, Xagrid! Bizga aytish niyating yo'q bo'lishi mumkin-u, biroq hech narsani bilmayman dema. Sen hamma gapdan xabardor bo'lib yurasan. Qasrda biror-bir hodisa sen bilmagan holda ro'y berishi mumkin emas. To'g'rimi? - so'radi Germiona, yoqimtoy ovoz bilan.

Xagridning ulkan soqoli titrab qo'yganidan, irshaygani ma'lum bo'ldi. Bolalar esa Germionaning qizlarga xos makr-hiyla qo'llayotganini sezib qolishdi.

- Bizga faqat Falsafiy toshni qo'riqlash tadbirlari kim tomonidan ta'minlanganligi va Dambldor, sendan boshqa bu borada yana kimdan yordam so'rashi mumkinligi qiziq xolos, - davom etdi Germiona.

Germionaning so'nggi so'zlarini eshitgan Xagrid ko'kragini viqor-la kerib qo'ydi. Garri bilan Ron esa Germionaga hayrat bilan qarab qo'yishdi.

- Buni aytsam bo'ladi... shekilli. Qani eslab ko'ray-chi. Dambldor mendan Momiqvoyni so'rab oldi... keyin ayrim o'qituvchilar, jumladan: professor Sarsabil xonim, professor Flitvik, professor Makgonagall, professor Belka, afsun qo'llashdi. Xo'sh, professor Dambldorning o'zi ham allaqanday ish bajardi. Yana kimni aytib o'tmadim? Ha-ya, esimdan chiqay debdi-ku, professor Snegg.

- Snegg?

- Ha, Snegg. Nega hayron bo'lasizlar? Quloq solinglar, churvaqalar, o'pkangizni bosib olasiz-mi, yo'qmi? Snegg toshni saqlab qolishga shaxsan o'zi yaqindan yordam bergan bo'lsa, nega endi uni o'g'irlashi kerak?!

Modomiki, Snegg tosh qo'riqlash tadbirlarini ta'minlanishda shaxsan o'zi ishtirok etgan ekan, xayoldan o'tkazdi Garri, demak qolgan o'qituvchilar qanday afsun qo'llashganini bilib olish unga qiyin kechmaydi. Ehtimol, o'sha afsunlarni aniqlab ham olgandir. Endi unga Momiqvoyning yonidan o'tish va professor Belka tomonidan qo'llanilgan afsun sirini bilib olish qolgandir xolos, balki. Germiona bilan Ron uning fikrini tasdiqlashiga shubha qilmadi.

- Xagrid, Momiqvoy yonidan jarohatlanmay o'tish usulini tanho o'zing bilasanmi? - asta so'radi Garri, - Sen bu sirni hech kimga, hatto o'qituvchilarga ham aytmaysan-ku, to'g'rimi?

- Biror jon zotga churq etmaganman, aytmayman ham! Buni faqat Dambldor ikkalamiz bilamiz xolos.

- Nima qilganda ham, yo'qdan ko'ra bori-ku, har qalay, - dedi Garri, do'stlariga qarab, - Xagrid, tandirdagi nonga o'xshab pishib qoldim, derazalarni ochib qo'ysam bo'ladimi?

- Yo'q, mumkin emas, Garri, uzr.

Xagrid beixtiyor boshini o'choq tomon burib qo'ydi. Garri ham nigohini o'sha tomon qaradi.

- Voy, Xagrid! Anavi nima?

Garri shundoq ham tushunib bo'ldi uning nimaligini. O'choq o'rtasiga osib qo'yilgan choynak ostidagi cho'g'da juda yirik qop-qora tuxum yotibdi.

- Ha, bumi! - cho'zdi Xagrid, soqolini tashvishli titkilab, - Bu... bu...

- Qaerdan olding buni, Xagrid, - so'radi Ron, o'choq qarshisiga cho'kkalab, - Juda qimmat turadi-ku, bu!

- Yutib oldim, - dedi Xagrid, - Yaqindagina. Qishloqqa chiqib, bir-ikki ryumka o'tkazib yuborgach, bir kishi bilan qarta o'ynadik. Nazarimda u, ushbu yukidan qutulganiga xursand bo'ldi.

- Xo'p, yorib chiqdi deylik, keyin nima qilmoqchisan? - dahshat-la so'radi Germiona.

- Nima qilar edim... Men... kerakli kitoblarni varaqlab chiqdim, - dedi Xagrid yostig'i ostidan katta kitob chiqarib, - Kutubxonadan oldim, mana «Tomorqa xo'jaligida ajdar boqish foydasi». To'g'ri, undagi ma'lumotlar bir oz eskirib qolgan bo'lsa-da, deyarli hamma narsa yozilgan. Ona ajdar tuxumga nafas chiqargani bois, uni olovda saqlash lozimligi, yorib chiqqanidan so'ng, har yarim soatda bir chelak jo'ja qoni aralashtirilgan konьyak berib borish kerakligi bayon etilgan. Ha, aytganday, tuxumga qarab, ajdar zotini qanday aniqlash mumkinligi ham batafsil tavsiflab berilgan. Menda, demak, dandon belli norveg ajdari bo'ladi. Mana shunaqa!

Ko'rinishidan, hozir dunyoda Xagriddan baxtiyor odam yo'q edi go'yo. Biroq Germiona uning xursandchiligiga sherik bo'lmadi.

- Xagrid, kulbang yog'ochdan tiklangani esingda bormi?

Biroq allaqanday qo'shiqni xirgoyi qilgancha, o'choqdagi cho'g'ni titkilayotgan Xagrid, qizaloqning gapiga e'tibor qaratmadi.

Shunday qilib, bolalar boshidagi tashvishlarga yana bir tashvish qo'shilganga o'xshaydi: ishqilib biror-bir zot Xagridning kulbasida man etilgan ajdar borligidan xabar topmasin.

- Qiziq, betashvish hayot qanaqa bo'lar ekan-a? - xo'rsinib so'radi Ron.

Bolalar kunni kunga, kechani kechaga ulagancha uyga berilgan bir olam vazifalarni qahramonona bajarib borishdi. Germiona endi Garri bilan Ron uchun ham o'quv rejalarini tuzib, bolalarni quturib ketish darajasiga etkazib qo'ymoqda.

Kunlardan bir kun Xedvig Garriga Xagriddan xat keltirdi.


Suyunchi ber! Yorib chiqyapti!
Ron professor Sarsabil xonimning gerbologiya darsini o'tkazib yuborib, kulbaga borish taklifini kiritdi. Biroq Germiona bu haqda eshitishni ham istamadi.

- Germiona, nima deb o'ylaysan, ajdarning tuxumdan yorib chiqish jarayonini ko'rish bizga yana qachon nasib qilishi mumkin?

- Biz darsga borishimiz kerak, aks holda noxush ahvolga tushib qolishimiz aniq. Lekin bu noxushlik Xagridni kutayotgan noxushlik oldida hech gap emas, agar birov uning nima bilan mashg'ulligini bilib qolsa...

- Jim! - pichirlab qichqirdi Garri.

Malfoy atigi bir necha metr narida qotib qolgancha, bolalarning gapiga quloq solib turgan ekan. Nimani eshitdi-yu, nimani tushundi, u, ichi qora ablah? Biroq uning turqi kasb etgan qiyofa Garriga yoqmadi.

Ron bilan Germiona gerbologiya xonasiga etgunga qadar gap talashib borishdi va nihoyat Germiona, katta tanaffus mobaynida Xagridning kulbasiga tez borib qaytishga rozilik berdi.

Dars vaqti nihoyasiga etganini anglatadigan qo'ng'iroq zarbasi eshitilishi hamono, bolalar, tuproq hajmini o'lchash kurakchalarini tashlab, Man etilgan o'rmon chetiga, Xagridning kulbasi tomon o'qday elib ketishdi. Mezbon mehmonlarini quvonchdan qizarib ketgan chehra ila qarshi oldi.

- Deyarli yorib chiqdi! - dedi u, bolalarni ichkariga kiritib.

Stol ustida yotgan tuxumning po'chog'i darz ketgan. Ichida nimadir qimirlab, xuddi birov chertayotganday qiziq tovush eshitilyapti. To'rtovlon kursilarni stolga yaqin surib, nafas olmay kuzatib o'tirdi.

Tomoshabinlarning hammasi diqqat bilan kuzatib o'tirishganiga qaramay, tuxum qattiq qarsillab, po'chog'i chilparchin bo'lib ketganda qo'rqib ketdi. Stol ustida chiroyli deb bazo'r aytish mumkin bo'lgan jajji ajdarcha qoldi. Garrining nazarida go'yo simdan yasalgan qanotlari sersuyak, ixcham tanasiga nisbatan sezilarli katta, uzun tumshuqchasidagi burun kataklari juda keng, boshida ikkita shox o'rni, yuzida chaqchaygan to'q sariq ko'zlari ko'rinayotgan ushbu ajdarcha taxlab qo'yilib, ezilib ketgan qora soyabonga o'xshadi.

Ajdarcha aksa urib yuborgan edi ham-ki, burnidan uchqun uchib chiqdi.

- Ajoyibligini qarang-a, buni! - qurquradi Xagrid.

U qo'lini uzatib, ajdarchaning boshini silab qo'ymoqchi bo'ldi. Maxluqcha esa tishlarini ko'rsatgancha, qo'rslik qilib, Xagridning barmog'ini tishlab, uzib olishiga sal qoldi.

- Qarang-a, churvaqacha! Onasini tanidi!

- Xagrid. Bu dandon belli norveg ajdari deganlari qanchalik tez o'sadi? - so'rab qoldi Germiona.

Xagrid javob bermoqchi bo'lib, og'iz juftlagan edi ham-ki, birdan uning yuzi oqarib, deraza tomon tashlandi.

- Tinchlikmi, nima bo'ldi?

- Kimdir mo'ralab turgan ekan. Allaqanday churvaqa, ana qasrga qarab qochdi.

Garri shu zahoti eshikni ochib, hovliga qaradi. Masofa qanchalik olis bo'lmasin, bu qiyofani Garri yaxshi taniydi.

- Malfoy.

Keyingi o'tgan hafta davomida Drakoning yuzidagi murdor tirjayishdan allaqanday noxushlik alomati his etilmoqda. Shu bois ham Garri, Ron va Germiona o'zlariga joy topa olmay qolishdi. Ular bo'sh vaqtning aksariyat qismini Xagridning qorong'i kulbasida, uni sog'lom fikr yuritishga da'vat qilib o'tkazishdi.

- Uni qo'yib yuborish darkor, - ta'kidladi Garri, - Ozodlikka chiqarib yubor.

- Ilojim yo'q, - o'jarlik qildi Xagrid, - U hali uvoqqina bola, o'lib qoladi.

Bolalar uvoqqina bolaga qarab qo'yishdi. Atigi bir hafta ichida uch barobar o'sib ketgan chaqaloq burnidan pag'a-pag'a tutun chiqyapti. Xagrid unga shu qadar berilib ketganki, xizmat majburiyatlarini bajarmay qo'ydi. Kulba bo'shagan brendi shishalari bilan tovuq patlariga to'lib ketgan.

- Norbert deb atayman uni, - dedi ajdardan nam ko'zlarini uza olmayotgan Xagrid, mehri tovlanib, - Meni taniydigan bo'lib qoldi. Qarang. Norbert! Qani onang? Kel yonimga.

- Tomi ketib qolibdi, - xulosa chiqarib pichirladi Ron, Garrining qulog'iga.

- Xagrid, - ovoz ko'tardi Garri, - Ikki hafta o'tgach, Norberting kulbangga sig'may qoladi. Malfoy esa har qanday fursatda Dambldorga chaqimchilik qilib qo'yishi mumkin.

- Men... men... xabarim bor... bilaman uni bu erda saqlashim mumkin emasligini, lekin men usiz yashay olmayman.

- Charli, - dedi Garri, daf'atan Ronga yuzlanib.

- Sening ham toming ketib qoldi-mi, do'stim? Men Ronman. Ron. Eslaysan-mi meni?

- Akang. Ruminiyada, ajdar zotlarini o'rganib yurgan Charli akang esimga tushib ketdi. Norbertni unga jo'natib yuborsak bo'ladi. Charli uni katta qilib, ozodlikka qo'yib yuboradi.

- Ajoyib fikr! - xursand bo'lib ketdi Ron, - Xagrid, senga-chi, Garrining fikri yoqdi-mi?

Bahs-munozara o'tgach, nihoyat Xagrid fikrini bilish uchun Charliga boyqush yo'llanishiga rozilik berdi.

Navbatdagi hafta juda cho'zilib ketdi. Chorshanba kuni kechqurun Germiona bilan Garri mehmonxonada yolg'iz qolishdi. Qolganlar uyquga tarqaldi. Devordagi soat bongi tun yarmiga etganligini eshittirdi. Ayni shu fursatda Semiz Xola portreti ochilib, tuynukda, ustidan ko'rinmas plashni echgan Ron ko'rindi. U Norbertni boqish ishlarida Xagridga yordam berib qaytdi. Norbert endi o'lik kalamushlarni iste'mol qilmoqda. Iste'mol qilganda ham, bir o'tirishda bir savatini paqqos tushiradigan bo'lib qolgan.

- Tishlab oldi nonko'r! - arz qildi Ron, qonga shimilgan dastro'mol bilan bog'langan qo'lini ko'rsatib, - Endi bilmadim qancha vaqtgacha qo'limga pat-qalam ushlay olmas ekanman! Hayotimda bunday ajdardan yomon hayvonga ro'baru bo'lmagan edim. Xagrid uning atrofida parvona bo'lib yurgani-chi. Bir quyoncham deb qoladi, bir qarasang mushukcham deb erkalaydi, baliqcham deyishiga balo bormi? Kulbadan chiqib ketayotganimda esa anavi tasqaraga alla aytib qoldi!

Shu payt deraza asta taqilladi.

- Xedvig! - xitob qildi Garri, boyqushni ichkariga kiritishga oshiqib, - Charlidan xabar olib keldi!

Uchovlon noma ustida bosh egishdi.


Salom qadrdonim Ron!

Sog'liging yaxshimi? Xat uchun rahmat. Dandon belli norveg ajdarini bajonidil qabul qilib olaman. Biroq uni bu erga etkazib keltirish oson kechmaydi. Fikrimcha, ajdarni mening holimdan xabar olgani kelish niyatida yurgan do'stlarimdan berib yuborgan ma'qul. Ammo ular, man etilgan hayvonni davlat hududiga kiritish mobaynida muammoga yo'liqishlari mumkin.

Ajdarchani shanba kuni yarim tunda eng baland minoraga chiqara olasizmi? Do'stlarim sizlarni o'sha erda kutib, hech kim ko'rmasligi uchun tunda olib ketishadi.

Javobini imkon qadar tezroq yo'llang. Ehtirom ila, Charli.


Bolalar bir-biriga qarab qolishdi.

- Ixtiyorimizda ko'rinmas plash bor, - dedi nihoyat Garri, - Nazarimda bu ish u qadar mushkul kechmaydi. Plash etarlicha katta. Ostiga Norbert bilan birga ikki nafarimiz bemalol sig'amiz.

Do'stlar tez rozi bo'la qolishdi. Bu, o'z navbatida, o'tgan so'nggi hafta juda noqulay kechganidan dalolat beradi. Ular o'sha maxluq Norbert bilan turqi sovuq Malfoy solayotgan xavfdan imkon qadar tezroq xalos bo'lishsa bo'lgani.

Rejani amalga oshirish yo'lida kutilmagan muammo yuzaga keldi. Ertalab Ronning jarohatlangan qo'li shishib, ikki barobar kattalashib ketdi. Ron Pomfri xonimga murojaat qilishga shubhalandi. Agar u Ronning qo'lini ajdar tishlab olganini payqab qolsa-chi? Biroq kun yarmiga kelib, murojaat qilishdan boshqa chora qolmadi. Ajdar tishi jarohatlagan joy yashil rang kasb eta boshladi. Chamasi, Norbertning tishchalari zaharliga o'xshaydi.

Kun nihoyasida Garri bilan Germiona qasrning kasalxona joylashgan qanotiga elib borib, Ronni juda ayanchli ahvolda ko'rishdi.

- Garchi qo'lim og'riqdan uzilib ketayotgan bo'lsa ham, bunday holatga tushishimga qo'limning og'rig'igina sabab bo'layotgani yo'q, - pichirladi u, - Malfoy mendan kitob olish bahonasi bilan Pomfri xonimni aldab kirdi-da, meni rosa tahqirladi. Aslida nima tishlab olganini hammaga aytib berishini tahdid qildi. It tishlab olganiga Pomfri xonim ishonmagan chamasi. Kvidish o'yinida Drako bilan mushtlashmasligim kerak ekan. Mana endi qasd olyapti.

Garri bilan Germiona qo'llaridan kelgancha Ronga taskin berishga urinishdi.

- Shanba kuni yarim tunda barcha ishlarimiz yana o'z joyiga tushib ketadi, - ishontirdi Germiona.

Biroq bu gap Ronga taskin bermadi. Aksincha u o'rnidan irg'ib turib, yotgan o'rniga o'tirgancha, sovuq terga botib ketdi.

- Shanba kuni yarim tunda! - ingrab yubordi u, - Yo'q! Hozirgina esimga tushib qoldi. Charlidan kelgan xat ayni Malfoy olib ketgan kitob ichida edi! Endi u Norbertni qachon, qaerdan va qaerga jo'natib yuborishimizdan ham xabardor bo'ladi.

Garri ham, Germiona ham biron og'iz so'z aytishga ulgurmay, xonaga Pomfri xonim kirib kelib, Ronni hozir tinch qo'yish kerakligini uqtirdi.

- Rejaga o'zgartirish kiritib bo'lmaydi, juda kech bo'ldi, - dedi Garri Germionaga, - Charliga yana bitta boyqush jo'natgani vaqt yo'q. Umuman aytganda, bu eng so'nggi va yagona imkoniyat bo'lishi mumkin. Tavakkal qilishga to'g'ri keladi. Aks holda Norbert, uni eplab bo'lmaydigan darajada katta bo'lib ketadi. Malfoy har qalay ko'rinmas plashdan bexabar-ku.

Ular so'nggi yangiliklar haqida hisobot berish uchun Xagrid huzuriga kelishganda, dumi bog'langan So'yloqtish kulba yonida o'tirgan ekan. Xagridning o'zi esa bolalar bilan deraza orqali gaplashdi.

- Uzr bolalar, sizlarni ichkariga kirita olmayman, - harsilladi u, - Norbertning balog'atga o'tish davri boshlandi. Lekin men uni uddalab olaman.

Charlidan xat kelganini eshitgach, Xagrid yig'lab yuborishiga sal qoldi. Ehtimol u xo'rsinganidan emas, ayni fursatda Norbert oyog'ini tishlab olib, joni og'riganidan yig'lamsirash ahvoliga tushgandir.

- Voy! Hech qisi yo'q, bor-yo'q boshmog'imning tovonini tishlab oldi, o'ynashyapti! Yosh bola-da hali, o'zingiz tushunasiz-ku.

Yosh bola dumi bilan devorni chunonam urdi-ki, kulba derazalari titrab ketdi. Garri bilan Germiona qasrga yagona fikr, u ham bo'lsa, shanbagacha bir iloj qilib etib olish uchun sabr qilish fikri bilan qaytishdi.

Agar qiladigan ishlari borasida qattiq tashvish chekishmaganda, ikkovlon Norbert bilan xayrlashayotgan Xagridga rahm qilgan bo'lardi. Tun qorong'i, osmonni bulut qoplagan. Vestibyulda o'zi bilan o'zi tennis o'ynagan Dryuzgning nari ketishini kutgan bolalar bir oz kechikib kelishdi.

Xagrid Norbertni safarga hozirlab, katta savatga joylab qo'yibdi.

- Men uning savatiga kalamushlar bilan brendi joylab qo'ydim, o'ylayman-ki, yo'lga etadi, - dedi Xagrid ho'ngrab yuborishdan o'zini bazo'r tutib, - U yoqtirgan o'yinchoq ayiqchasi ham o'sha erda.

Savat ichida shatur-shutur tovush eshitildi. Chamasi ayiqcha boshidan mahrum bo'ldi.

- Xayr, Norbert! - hiqilladi Xagrid, Garri Germionaning yordami bilan savat ustiga ko'rinmas plash tashlayotganida, - Onang seni hech qachon unutmaydi!

Savatni qasrgacha qanday qilib etkazib borishganini o'zlari bilmaydi. To'xtovsiz o'tayotgan daqiqalar tun yarmini jadal yaqinlashtirmoqda. Bolalar Norbertni sabot bilan marmar zinadan vestibyulga, u erdan bir nechta qorong'i yo'laklarda, yana yuqoriga ko'tarib borishdi. Hatto Garri yaqindagina kashf etgan yaqin yo'l ham vazifani engillatmadi.

- Deyarli etib keldik! - bazo'r ma'lum qildi Garri, qasrning eng yuqori minorasiga o'tish joyiga etib kelgach.

Oldinda nimadir ko'ringan fursatda bolalarning qo'lidagi savat chiqib ketishiga sal qoldi. Ko'rinmas ekanliklarini unutib qo'ygan bolalar o'zlarini qorong'ilikka olib, bir-birini ushlab ketayotgan ikki kishining sharpasiga razm solishdi.

- Qoidabuzarlik! «Slizerin»dan yigirma ball ayiriladi! Tun yarmida bu erlarda sanqib yurishga qanday jur'at etding... - eshitildi Malfoyning qulog'idan mahkam burab olgan, egniga katak-katak matodan tikilgan xalat kiyib, sochlarini soch to'ri ichiga turmaklab olgan professor Makgonagallning qichqirig'i.

- So'zlarimga quloq solmayapsiz, professor. Hozir bu erga Garri Potter ajdar olib kelishi kerak!

- Qanaqangi quloq eshitmagan bema'ni gap! Yolg'on gapirishga qanday jur'at etyapsan! Yur men bilan! Sen haqingda professor Severusga xabar berishim kerak, Malfoy!

Bunday hodisadan so'ng, minora cho'qqisiga olib chiqadigan tik zina dunyodagi eng oson yo'lga o'xshab ketdi. Biroq tashqariga, tunning sovuq havosiga chiqqunga qadar bolalar ko'rinmas plashni echishga jur'at eta olmadilar. Echganlaridan so'ng esa yana erkin nafas olish imkonidan o'zlarini baxtiyor his etdilar. Germiona jiga raqsiga tusha boshladi.

- Malfoy jazolandi! Men hozir qo'shiq aytib yuboraman! (Jiga (ing. jig, ital. giga, fran. gigue) – britaniyaliklar, aniqroq aytganda irlandiyaliklar tushgan qadimiy raqs, keyinchalik fransiyaliklar orasida keng tarqaldi. Bugungi kunda irlandiyaliklar va shotlandiyaliklar orasida ommalashib ketgan)

- Yo'q-yo'q, Germiona, qo'shiq aytishning mavridi emas hozir, - shoshib qoldi Garri.

Malfoy borasida quvongan bolalar mehmon kutishmoqda. Savat ichiga qamalgan Norbert esa quturmoqda. Taxminan o'n daqiqa o'tgach, zimiston qa'ridan to'rtta supurgi chiqib keldi.

Charlining do'stlari quvnoq yigitlar ekan. Ular Norbertni to'rtovlon ko'tarib ketishlari uchun apil-tapil yasalgan havo abzalini ko'rsatishdi. Ajdar safarga hozirlangach, Garri bilan Germiona mehmonlar bilan qo'l berib xayrlashdi.

- Rahmat sizlarga! Katta rahmat! - degancha qoldi ikkovlon.

Nihoyat Norbert uchib ketdi... uchib ketdi... uchib ketdi.

Norbertdan qutulgan Garri bilan Germiona qo'lda ham, boshda ham engillik his etib, aylanma zinadan asta tushib kelishdi. Endi hech qanday ajdar yo'q, yolg'onchi bo'lib qolgan Malfoy jazolandi. Bunday baxtni nima buzishi mumkin. Endigina yo'lakka chiqishgan edi ham-ki, qorong'ilikdan Filch chiqib keldi.

- Xo'sh, xo'sh, - asta gapirdi u, - Nihoyat qo'lga tushdik.

Bolalar xursandlikdan ko'rinmas plashni yuqorida unutib qoldirishgan ekan.


Bob-15."MAN ETILGAN O'RMON"

Bundan battar bo'lishi mumkin emas.

Filch qoidabuzar bolalarni professor Makgonagallning birinchi qavatda joylashgan xizmat xonasiga boshlab bordi. Bu erda ular biron og'iz so'z aytmay, qismatlariga bitilgan jazoni kutib o'tirishdi. Germiona sezilar-sezilmas qaltirab qoldi. Garrining miyasiga qandaydir uzrlar, vaj-bahonalar, o'zini oqlash uchun ro'kach qiladigan sabablar kelar edi-yu, biri ikkinchisidan tuturiqsiz chiqdi. Bu gal u ko'ngilsizlikdan qutulish yo'lini ko'rmadi. Bolalar juda ezilgan. Bunday ehtiyotsizlikka ular qanday yo'l qo'yishdi? Nima uchun ko'rinmas plashni minorada unutib qoldirishdi? Professor Makgonagall oldida o'zlarini oqlaydigan, tungi soatlarda maktab hududi va ayniqsa, astronomiya darsi o'tkazilayotgan vaqtdan tashqari paytda chiqish man etilgan minorada sandiroqlab yurish sababiga oydinlik kiritadigan biron-bir vaj-korson yo'q. Bularning bariga Norbert bilan ko'rinmas plash qo'shiladigan bo'lsa, bor bisotlarini yig'ishtirib, uyga ravona bo'lsa bo'laveradi.

Bundan battar bo'lishi mumkin emas degan xayolga borgan Garri bir oz adashibdi. Negaki, sal o'tib, xonaga o'zi bilan Nevillni ham qo'lga tushirgancha, professor Makgonagall kirib keldi.

- Garri! Men seni qidirib topib, ogohlantirmoqchi bo'lgan edim, - dedi Nevill sinfdoshlariga ko'zi tushishi bilan, - Malfoy seni tutib olishga urinayotganini eshitib qoldim. Uning gapiga qaraganda senda ajda...

Garri Nevillni mulohaza yuritmay gapirib qo'yishiga yo'l qo'ymaslik uchun umidsizlarcha boshini siltab qo'ydi. Biroq uning harakatini sezib qolgan professor Makgonagall bolalar qarshisiga kelib, ularga shunday qarab qo'ydi-ki, aftidan hozir u Norbertdan ham ko'ra ko'proq olov purkab yuboradigan odamga o'xshab ketdi.

- Sizlardan birortangiz bunday nojo'ya ishga qodir deyishsa, hech qachon bovar qilmagan bo'lar edim. Mister Filchning so'zlariga qaraganda, sizlar hozir, tungi soat birda, astronomiya minorasida yurgan ekansiz. Xatti-harakatlaringiz sababini tushuntirib bering, - vajohat-la talab qildi professor.

Germiona hayotida birinchi bor o'qituvchining savoliga javob bera olmaydigan o'quvchi holatiga tushib qolgan. U o'z shippaklariga termilgancha, haykalday qotib qoldi.

- Fikrimcha, bo'lgan hodisani o'zim sharhlab berishim mumkin, - dedi professor Makgonagall, - Buning uchun daho bo'lish shart emas. Sizlar tungi vaqtda yotog'idan chiqarib, ko'ngilsiz hodisaga ro'baru qilish maqsadida Drako Malfoyni ajdar bilan bog'liq ahmoqona gapga laqqa tushishga majbur qilgansizlar. Bunga erishgansizlar ham, negaki u qo'lga tushdi. Biroq ish shu darajaga borib etdiki, hatto bu gapni eshitgan do'stingiz Longbottom ham tuzoqqa tushib qoldi. Shundaymi?

Garri ruhan tushkunlikka tushgan Nevillning ko'ziga qarab, hozir aytilgan uydirma haqiqatdan ancha yiroq ekanligiga ishora qilishga urindi. Bechora Nevill hech ishi yurishmaydigan, xatti-harakatlari ham doimo qo'pol, nojo'ya bola. Do'stlarini raqib changalidan qutqarib qolish uchun tungi soatda nimalarni boshidan kechirganini Garri juda yaxshi tasavvur qiladi.

- Jahlimni chiqardingiz, - davom etdi professor Makgonagall, - Tunda, bir emas, ikki emas to'rt nafar o'quvchi uxlamay sandiroqlab yursa-ya! Misli ko'rilmagan holat! Siz haqingizda, miss Grenjer, men ijobiy fikrda edim. Sizga kelsak, mister Potter, «Griffindor»ga nisbatan hurmatingiz baland deb o'ylagan ekanman. Uchovingiz qattiq jazolanasiz. Ha-ha, mister Longbottom, shu jumladan siz ham. Bundan tashqari, men «Griffindor»dan ellik ball ayiraman.

- Ellik ball? - nafasi bo'g'ilib so'radi Garri.

Kvidish o'yinida qozonilgan g'alaba sharofati bilan «Griffindor» o'zining etakchilik mavqeidan ayrilib qoladigan bo'ldi.

- Har biringiz uchun ellik balldan, - keskin javob qaytardi badjahl professor uzun burnining kataklarini ishirib.

- Professor... iltimos...

- Siz bunday qila olmaysiz...

- Nima qila olaman-u, nima qila olmasligimni o'rgatyapsiz-mi Potter. Joyingizga borib yoting, hammangiz. Griffindorchilar aybi bilan hech qachon bunchalik uyatda qolib, qizarmagan edim.

Birdaniga bir yuz ellik ochko yo'qotgan «Griffindor» eng oxirgi o'ringa tushib qoldi. Kollejning maktab kubogini qo'lga kiritish umidi bir kechada puchga chiqdi. Garri xuddi hayoti xotimaga etganday his etdi o'zini. Endi nima qilish kerak? Gunohini qanday qilib yuvsa bo'ladi?

Garri tuni bilan mijja qoqmay chiqdi. Nevillning yostiqqa yuzini bosib uzoq ho'ngraganini eshitib yotdi-yu, qanday yupatishni bilmadi. Nevill ham Garri singari ertaga nima bo'lishini o'ylab, dahshatdan yig'layotgan bo'lsa kerak. Ularning qilmishidan xabardor bo'lgan griffindorchilar nima deyishadi?

Kollej erishgan ballarning umumiy miqdorini ko'rsatib turadigan katta qum soat yonidan ertasiga ertalab o'tgan griffindorchilar, dastlab, qandaydir xatolik degan fikrga borishdi. Axir bir kechaning o'zida bir yuz ellik ball yo'qotib bo'ladimi? Aqlga sig'maydi-ku! Sal o'tib yangilik tarqaldi. Ma'lum bo'lishicha, bu hech qanday xato emas, balki kvidish o'yinining ikki karra qahramoni Garri Potter va yana ikki nafar birinchi sinf o'quvchilarining qilmishi ekan.

Shu tariqa Garri bir onda hamma sidqidildan yoqtiradigan yoqimtoy boladan hamma nafratlanadigan yomon bolaga aylandi qoldi. Hattoki, ravenklochilar bilan xufflpuffchilar ham undan achchiqlanib yurishdi. Negaki, kubokning «Slizerin»dan tortib olinishini jamiki maktab istaydi. Qayoqqa bormasin o'quvchilar Garriga barmoq o'qtab, ochiqdan-ochiq haqorat qila boshlashdi. Slizerinchilar esa aksincha, uni gulduros qarsaklar bilan qarshi olishadigan va «Rahmat, Potter, yaxshiligingizni unutmaymiz!» deb ayyuhannos solishadigan bo'ldi.

Faqat Rongina uning tarafini oldi.

- Sabr qil Garri, ikki hafta o'tsin hammasi unut bo'lib ketadi. Fred bilan Jorj dastidan kollej ko'p ball yo'qotgan, biroq shunday bo'lishiga qaramay, ularni hamma yaxshi ko'radi.

- Ammo akalaring dastidan fakultet birdaniga bir yuz ellik ball yo'qotgani yo'q-ku, shunday emasmi? - ma'yus javob berdi Garri.

- M-m-m... Ha, shundaylikka shunday, - rozi bo'ldi Ron.

Yuzaga kelgan ishlar holatini tavba qilish yo'li bilan tuzatishga kirishishdan ma'ni bo'lmasa-da, Garri o'ziga o'zi, endi hech qachon birovning ishiga burun tiqmaslikka so'z berdi. Havaskor izquvar faoliyatiga chek qo'ydi. U shunday uyatda qoldiki, hatto Drevning yoniga borib, jamoani tark etish niyatini ma'lum qildi.

- Tark etasan? - gumburlab javob qaytardi u, - Xo'sh, bu ishingni nimasi yaxshi bo'ladi? O'yin o'ynab oz bo'lsa ham ball ishlab olishimiz mumkin. Kvidishni ham yig'ishtirib qo'yadigan bo'lsang, botqoqdan qanday chiqamiz?

Biroq kvidish ham taskin bermadi. Jamoa a'zolari Garri bilan gaplashmay qo'yishgan. Agar u haqda gapirish kerak bo'lsa, ismini aytmay «Sayyod» deyishmoqda.

Germiona bilan Nevillni ham jabr chetlab o'tmadi. Garri singari mashhur bo'lishmagani uchun ham, ular ko'p qiynalishmadi, albatta. Biroq ikkovi bilan ham hech kim gaplashmay qo'ygan. Germiona mashg'ulotlarda o'zining faolligini ko'rsatmay, boshini ham qilib olgancha o'tiradigan, amaliy ishlarni esa yolg'iz o'zi bajaradigan bo'lib qoldi.

Imtihonlar mavsumi yaqinlashayotgani Garrini quvontirdi. Ushbu sinovlarga tayyorgarlik jarayoni boshlaridan tashvish kechirayotgan bolalarga o'z muammolarini oz bo'lsa ham unutishga omil bo'ldi. Ron, Garri va Germiona faqat o'zaro muloqot qilishib, allamahalgacha shug'ullanishdi. Uchovlon murakkab damlamalarning tarkibini eslab qolishga harakat qilib, afsunlar-u, qarg'ishlar, eng muhim sehrgarlik kashfiyotlari va goblinlar qo'zg'olonlarining sanalarini yod olishdi.

Imtihonlarga bir hafta qolganida, Garrining o'ziga o'zi bergan so'zi, hech qachon birovning ishiga burun tiqmaslik va'dasi kutilmaganda sinovdan o'tdi. Yakka o'zi kutubxonadan qaytayotgan mahalda yo'lakning narigi boshidagi xonalardan birida kimning ming'irlayotgani qulog'iga chalindi. Xonaga yaqinroq borib, negadir duduqlanmay gapirayotgan professor Belkaning ovozini tanib qoldi.

- Yo'q-yo'q, keragi yo'q, iltimos...

Professorga kimdir do'q-po'pisa qildi. Garri asta-sekin xonaga yaqinroq bordi.

- Yaxshi, yaxshi... - eshitildi professor Belkaning yig'lamsirab gapirgan so'zlari.

Shundan so'ng, yuzining rangi oppoq, ho'ngrab yuborishga sal qolgan holatdagi Belka boshidagi sallasini to'g'rilagancha, shiddat bilan xonadan chiqib, shoshilgancha nari ketdi. U shunday ayanchli ahvolda ediki, hatto Garrini ko'rmay o'tdi. Bola, professor Belkaning qadamlari eshitilmay qolgach, xonaga bosh suqib qaradi. U erda hech kim yo'q, ammo xonaning narigi tomonidagi eshik qiya ochiq qolgan. Xona o'rtasiga etib borgan Garrining endi hech qachon birovning ishiga burun tiqmaslik ahdi esiga tushdi.

Garri, ikkinchi eshikdan Snegg chiqib ketgani, ahvoliga qaraganda Belka taslim bo'lgani yoki yana bir borgina tazyiq o'tkazilsa bas, ruhan sinishga tayyor bo'lib qolganiga anavi Falsafiy toshlarning o'n ikkitasini o'rtaga qo'yib garov bog'lashi mumkin. Bunga shubha yo'q.

Bola kutubxonaga qaytib bordi. U erda Germiona Ronning astronomiyaga oid bilimlarini sinovdan o'tkazib o'tiribdi. Garri hozirgina ko'rgan-eshitganlarini do'stlariga aytib berdi.

- Demak Snegg qabih maqsadiga erishibdi-da! - xulosa chiqardi Ron, - Agar Belka yovuzlik kuchlariga qarshi qaratilgan afsunga barham berishni Severusga aytib bergan bo'lsa...

- Biroq hali Momiqvoy bor-ku, - eslatib o'tdi Germiona.

- Ehtimol Snegg, Momiqvoyni aldab o'tish yo'lini Xagridsiz ham bilib olgandir, - dedi Ron, kitoblar bilan to'lib-toshgan tokchalarga imo qilib, - Uch boshli ulkan it yonidan bezarar o'tish yo'llari batafsil bayon etilgan biror-bir risola bo'lsa kerak bu erda. Nima qildik endi, Germiona?

Ronning sho'x ko'zlarida, yangi sarguzashtlarga tashnalikni yaqqol namoyon qilgan uchqun ko'rindi. Garri endigina og'iz juftlagan edi ham-ki, qo'yilgan savolga Germiona qat'iy javob qaytardi.

- Dambldorning huzuriga borishimiz darkor. Bu ishni allaqachon qilishimiz kerak edi. Agar o'zimiz mustaqil chora ko'radigan bo'lsak, endi maktabdan quvib yuborishlari muqarrar.

- Biroq qo'limizda hech qanday isbot-dalil yo'q, - dedi Garri, - So'zlarimizni tasdiqlashga esa quyon yurak Belkaning jur'ati etmaydi. Snegg o'lib qolsa ham, Xellouin kuni trollni qasrga kiritib yuborgani, hamma o'qituvchilar erto'laga, u esa uchinchi qavatga ravona bo'lganini tan olmaydi. Xo'sh, shundan so'ng, kimga ko'proq bovar qilishadi? Severusga-mi, bizgami? Uni ko'rgani ko'zimiz, otgani o'qimiz yo'qligi esa hech kimga sir emas. Shu bois, Dambldorning miyasiga keladigan eng birinchi o'y: «Sneggning ishdan haydalishi uchun bolalar rosa chiranishyapti» degan fikr bo'ladi. Filch bizga tarafdor bo'lmaydi. Maktabda o'quvchi soni qanchalik kam bo'lsa, u shunchalik o'zini baxtiyor his etadi. Snegg bilan Filch o'rtasidan qil o'tmasligi o'zingizga ma'lum. Budan tashqari, o'qituvchilar doirasida biz Falsafiy toshdan ham, Momiqvoydan ham bexabar ekanligimiz taxmin qilinadi. Shunday ekan, har bir so'zimizni uzoq tushuntirib, batafsil izohlab berishga to'g'ri kelishini unutmang.

Bu so'zlar Germionani to'la-to'kis qanoatlantirdi, biroq Ronning ko'ngli to'lmadi.

- Agar vaziyatni bir oz istihborot qilib ko'rsak-chi...

- Yo'q, - ifodasiz javob qaytardi Garri, - Bunday razvedka amallarini etarlidan ortiq bajarib yubordik.

U Yupiter sayyorasining xaritasini o'ziga tortib, go'yo uni diqqat bilan o'rganishga kirishib ketdi.

Ertasiga, nonushta vaqtida, Garri, Germiona va Nevill bir xil mazmunda xat olishdi:


Sizga nisbatan qo'llaniladigan jazo bugun kechki soat o'n birda ijro etiladi. Mister Filch sizlarni shu vaqtda vestibyulda qarshi oladi.

Professor Makgonagall.


Bir yuz ellik ball yo'qotilganidan hali o'ziga kelmay yurgan Garri, alohida mehnat jazosi ham qo'llanilishini unutib qo'ygan ekan. Germiona allaqanday bema'ni jazo tufayli imtihonga tayyorgarlik ko'rish uchun qimmatli vaqtni yo'qotishi haqida hozir shikoyat qila boshlaydi deb o'yladi Garri. Biroq o'zini mardlarcha tutgan qizaloq bir og'iz ham so'z aytmadi. Germiona ham, Garri kabi ushbu jazoni mutlaqo adolatli deb topdi.

Kechki soat o'n bir. Bolalar «Griffindor» mehmonxonasida Ron bilan xayrlashib, Nevillning qo'lidan ushlab olgancha, vestibyulga tushishdi. Filchning yonida turgan Malfoyni ko'rgan Garri Drakoga nisbatan ham jazo qo'llanilganligini esga oldi.

- Ortimdan yurlaring, - irilladi Filch, qo'lidagi fonusni yoqib, ko'cha tomon yo'l olgancha, - Ana endi maktabda joriy etilgan qoidalarni buzishdan oldin yaxshilab o'ylab ko'radigan bo'lishasan. Shundaymi? - u xusumat ila ko'zini g'ilaytladi, - Ha-ha... og'ir mehnat va qattiq og'riq eng yaxshi tarbiyachidir, agar fikrimni bilmoqchi bo'lsangiz. Muqaddam amal qilingan jazo tizimi bekor qilingani yaxshi bo'lmadi-da. Ming afsus. Aybdor deb topilgan o'quvchining qo'liga kishan solinib, bir-ikki kunga shiftga osib qo'yilar edi. Basharti o'sha tizim yana joriy etilib qolsa asqatadi, deb zanjirlarni saqlab qo'yganman. Ularni asrab-avaylab, ziyon etmasligi uchun vaqti-vaqti bilan moylab ham turibman. Ha, xo'p ajib zamonlar bo'lgan edi-ya. Qani, ortimdan yurlaring. Qochib qolishni xayollaringga ham keltirishma. Aks holda besh battar jazolanasan.

Ular qorong'i hovliga chiqishdi. Nevill hiqillab, Garri esa qo'llaniladigan jazo turi haqida o'ylab bordi. Ancha qattiq jazoga o'xshaydi, aks holda Filch o'zini bu qadar baxtiyor his etmagan bo'lar edi, xayoldan o'tkazdi Garri.

Oy to'lin bo'lgani bilan bulutlar to'sib qo'ygan. Shu bois bolalar zulmat ichra borishmoqda. Garri Xagridning derazalari yorishib turgan kulbasini ko'rdi.

- Kelayotgan sen-mi, Filch? - uzoqdan eshitildi uning ovozi, - Bo'l tez, vaqt bo'ldi.

Xagridning ovozini eshitgan Garrining ko'ngliga yorug'lik kirganday bo'ldi. Filch, o'z tabiati va kechirayotgan hayot tarzi tufayli ko'zi qorong'ilikda yaxshi ko'rishi bois, bolaning kayfiyati ko'tarilib ketganini payqab qoldi.

- Anavi qo'riqchi bilan maza qilib sayr qilaman deb o'ylasang, adashasan bola. Gapimning ma'nosini o'rmonga kirib chiqqaningdan so'ng tushunasan. Agar umuman u erdan sog'-salomat chiqsang, albatta.

Bu gapni eshitgan Nevill ingrab yubordi.

- O'rmonga? - turgan joyida serrayib qoldi Malfoy, - O'rmonga kirish mumkin emas. U erda har xil maxluq tusiga kiradiganlar bor.

Bu safar Malfoyning ovozida odatiy dimog'dorlik ohangi ham, loqaydlik ham sezilmadi. Drakoning gapini eshitgan Nevill Garrining korjomasini mahkam ushlab, bo'g'ilayotgan odamday ovoz chiqardi.

- Bunisi endi seni muammong, - javob qaytardi Filch, o'zining yovuz quvonchini oxirigacha to'kib-sochib, - O'sha maxluq haqida qilg'ilikni qilishga kirishishdan oldin o'ylash kerak edi.

Qorong'ilik qa'ridan Xagrid, uning ketidan esa So'yloqtish chiqib keldi. Xagridning qo'lida arbalet, elkasida o'qqa to'la sadoq ko'rindi.

- Nihoyat, - dedi u, - Yarim soatdan buyon kutaman-a. Garri, Germiona, ishlar joyidami?

- Ularning ko'ngliga qarashni bas qil, Xagrid, - sovuq muomala qildi Filch, - Ular bu erga, pirovardida, do'stona suhbat uchun emas, jazo o'tash uchun yuborilgan.

- Shuning uchun ham kech olib kelyapsan-mi ularni, a? Pand-nasihat o'qibsan-da? - dedi Xagrid qovog'ini uyib, - Ishingni bajarding-mi, tuyog'ingni shiqillat. Bu yog'i bilan ishing bo'lmasin. O'zim amallayman.

- Tong sahar qaytaman, - dedi Filch, - Ulardan qolgan parchalarni olib ketgani, - qo'shib qo'ydi u, razilona ohangda.

Filch o'girilib, qasr tomon yo'l oldi. Uning qo'lida siltanib borayotgan fonus uzoq vaqt ko'rinib turdi.

- Men o'rmonga kirmayman, - bayonot qildi Malfoy, Xagridga yuzlanib.

Drakoning ovozida vahima ohangi eshitildi.

- Agar «Xogvars»dagi o'qishingni davom ettirmoqchi bo'lsang, kirishingga to'g'ri keladi, - darg'azab javob qaytardi Xagrid, - U yog'ini bulg'atib qo'yishni eplaganingdan keyin, bu yog'iga javob berishni ham eplay bilgin-da.

- O'rmonga borish malaylar ishi! O'quvchilar zimmasiga bunday majburiyat yuklanmagan! Bizga biror-bir matnni ko'chirishga majbur qilishsa kerak deb o'ylagan edim! Agar dadam bilib qolsa bormi bizni nimalarga majbur qilishayotganini...

- «Xogvars»da joriy etilgan tartib shunaqa, bilsang agar, - baqirib berdi Xagrid, - Qarang-a, matn ko'chirish emish! Ma'nisi nima unaqangi jazoning?! Foydali ish qilish yoki «Xogvars»dan tuyoqni shiqillatishga to'g'ri keladi, tanla. Dadajoning seni maktabdan haydab yuborishlarini ma'qul deb topsa, marhamat, bor, lash-lushingni yig'ishtirib, tayyor bo'lib tur. Gapimni tushunding-mi? Jo'na!

Malfoy o'rnidan qilt etmadi. U Xagridning yuziga nafrat bilan tikilib turdi-da, bir ozdan so'ng erga qaradi.

- Shundoq bo'lsin, - dedi Xagrid, - Endi quloq soling, gap munday. Bugun qiladigan ishimiz nihoyatda xavfli. Shaxsan men hayotingizni xavf ostida qoldirishni mutlaqo istamayman. Qani bir daqiqaga bu yoqqa keling-chi.

Xagrid bolalarni o'rmon chetiga boshlab kelib, qo'lidagi fonusni baland ko'tardi. Fonusning xira nuri daraxtlarning qop-qora, yirik tanalari orasidan o'tib, ko'rinmay ketgan ilon-izi yo'lakni bazo'r yoritdi. O'rmon ichkarisiga qaragan bolalarning sochlari engil esgan shamoldan to'zg'ib ketdi.

- Diqqat bilan qarang, - gapini davom etdi Xagrid, - Erdagi ho' anavi kumush rang dog'ni ko'rdingiz-mi? Bu yakkashoh narval qoni. Uni kimdir yaralagan... Shu haftaning o'zida bu ikkinchi yaralangan narval. O'tgan chorshanba kuni bittasining jasadini topib olgan edim. Oldimizda turgan vazifa, ushbu yarador jonivorni qidirib topish. Topsak, ehtimol muqarrar o'limdan qutqarib qolishga ulgurarmiz.

- Agar narvalning qotili birinchi bo'lib bizni topib olsa-chi, unda nima bo'ladi? - so'radi Malfoy, qo'rquvini idora qila olmay.

- Agar menga yoki So'yloqtishga yaqin yursangiz, bu o'rmonda sizga ziyon etkazadigan hech narsa yo'q, - tinchlantirdi uni Xagrid, - Eng asosiysi, yo'lakda chiqib ketmay yuring. Xo'sh. Biz ikkita guruhga bo'linishimiz va jonivor izidan har tomon borishimiz kerak. Qonli iz hamma joyda bor. Narval kechadan buyon shu yaqin atrofda aylanib yuribdi.

- Men So'yloqtish bilan boraman, - tez bayonot qildi Malfoy, itning o'tkir tishlariga qarab.

- Yaxshi, - rozi bo'la qoldi Xagrid, - Faqat ogohlantirib qo'yishim kerak. So'loqtishning gavdasi molday kelgani bilan o'zi mushukdan ham battar qo'rqoq. Demak, Garri bilan Germiona men bilan borishadi, Drako bilan Nevill esa So'yloqtishga sherik bo'lishadi. Endi eng muhim gap. Narval kimga uchrasa, o'sha kishi yashil uchqun sachratadi, kelishdik-mi? Qani, sehrli tayoqchalaringni chiqarib mashq qilinglar-chi. Mana shunday. Barakalla. Agar kimga yordam kerak bo'lib qolsa, qizil uchqun sachratadi. Biz uni darhol izlab topamiz. Qisqasi ehtiyot bo'ling. Qani, olg'a!

O'rmonda zulmat va sukunat qaror topgan. Hech qancha yurmay, ular yo'l ayrilishiga etib kelishdi. Garri, Germiona va Xagrid chap tomon, Malfoy, Nevill va So'yloqtish esa o'ng tomonga, oyoq ostiga qarab jim ketishdi. Dam u yoq, dam bu yoqda daraxt shoxlari aro singib o'tgan Oy nuri xazon ustidagi narval qonini kumush-moviy tusda yaltiratib ko'rsatmoqda.

Garri Xagridning xavotir olayotganini sezdi.

- Ehtimol yakkashoh narvallarni afsun bilan boshqa tusga kirgan maxluq o'ldirayotgandir?

- Unday maxluq narvallarni bu qadar tez o'ldira olmaydi. Yakkashoh tutish oson ish emas. Narval tabiatida nihoyatda qudratli sehr kuchi bo'ladi. Men hayotimda hali yaralangan yakkashoh narvalni ko'rmaganman.

Ular yo'sin qoplagan katta to'nka yonidan o'tishayotganida suv ovozi eshitildi. Chamasi shu yaqin orada jilg'a oqib o'tadi, xayoldan o'tkazdi Garri. Ilon izi ketgan yo'lakning har er, har erida narval qoni ko'rinadi.

- Ishlar qalay, Germiona? - pichirlab hol so'radi Xagrid, - Jonivor shu darajada og'ir yaralangan ekan, o'rmon ichiga uzoq bora olmagan. Bu degani, biz uni yaqin orada... DARAXT ORTIGA BEKINING!

Xagrid daf'atan ikkala bolani katta qo'li bilan shartta changallab ko'tardi-da, tezlik bilan yo'lakdan olib chiqib, nihoyatda ulkan eman ortiga yashirib qo'ydi. Shundan so'ng, sadoqdan o'q olib, arbaletni o'qladi-da, qurolni ko'targancha, har qanday fursatda otishga hozirlandi. Uchovlon nafas yutib, atrofga quloq tutdi. Kimdir yoki nimadir yaqin orada quruq xazon tepalab o'tmoqda. Tovush tavsifidan xuddi kimningdir egnidagi uzun kiyim etagi xazonni engil supurib borayotganday eshitildi. Xagrid ko'zlarini qisib olib, yo'lak ketgan qorong'ilikka zo'r berib qaradi. Bir necha soniya o'tgach, ovoz tindi.

- O'zim ham shunday deb o'ylagan edim, - g'udulladi Xagrid, - Bu o'rmonda aslida bo'lmasligi kerak allanima bor.

- Afsun bilan boshqa tusga kirgan maxluq o'tdi-mi? - so'radi Garri.

- Yo'q, bu maxluq ham emas, yakkashoh narval ham emas, - javob berdi Xagrid, g'amgin ovoz bilan, - Xo'sh, ortimdan yuring. Faqat bu safar yanada hushyorroq bo'ling.

Ular sekin, atrofda sal bo'lsa ham eshitilgan tovushga diqqat bilan quloq solib borishdi. Birdan oldinda, torgina yalanglikda nimanidir sharpasi ko'rindi. Jonli sharpa ekanligi aniq.

- Kim u? - qichqirdi Xagrid, - Ko'rinish ber. Men qurollanganman!

Yalanglikka chiqqan odammi u yoki otmi, tushunib bo'lmadi. Beliga qadar uzun malla soch-soqol qo'ygan odam tanasi, belidan nari esa malla dumi erga tegishiga sal qolgan to'riq otning yaltirab turgan tanasi ko'rindi. Unga baqrayib, hayron qolgan Garri bilan Germionaning og'zi lang ochilib qoldi.

- Ha, senmisan, Ronan, ishlar qalay? - engil tortib so'radi Xagrid, qo'l berib salomlashgancha.

- Xayrli tun, Xagrid, - alik qaytardi Ronan, ma'yus ohangda, - Meni otmoqchimiding?

- Avvalambor ogohlik, Ronan, - dedi kulib Xagrid, arbaletni urib-silab, - Makoningiz bo'lmish ushbu o'rmonda allaqanday jirkanch narsa paydo bo'lib qolibdi. Ha, aytganday, tanishinglar, Garri Potter va Germiona Grenjer. Maktabimiz o'quvchilari. Bolalar, bu Ronan. Kentavr (Kentavr – yunon afsonalarida: yarmi odam, yarmi ot maxluq).

- Fahmladik, - javob qaytardi Germiona, ohistagina.

- Xayrli tun, - salom berdi Ronan, - O'quvchi deng. Xo'sh, nimani o'rgandingiz, maktabda?

- Em-m-m...

- Har sohadan bir shingil, - kamtarinlik-la javob qaytardi Germiona.

- Bir shingil? Har qalay, yo'qdan ko'ra bori yaxshi, - xo'rsindi Ronan, osmonga qaragancha boshini orqaga tashlab, - Mirrix bugun o'zgacha yarqirayapti.

- Rost aytasan, - javob qaytardi Xagrid osmonga qarab qo'yib, - Seni uchratganimiz yaxshi bo'ldi, Ronan. Shu atrofda yaralangan narval yuribdi, ko'rmading-mi uni?

Ronan javob qaytarishga shoshilmadi. U ko'zini bir bor bo'lsin, pirpiratmay uzoq vaqt osmonga qarab turdi-da, yana xo'rsinib qo'ydi.

- Eng birinchi qurbonlar doimo begunohlar bo'lgan, - dedi u, - Ilgaridan shunday bo'lib kelgan va bu qonuniyat shundayligicha, o'zgarmas qoladi.

- Ha, shunday, - e'tiroz bildirmadi Xagrid, - Sen biron-bir narsani ko'rmading-mi? G'ayrioddiy holatni payqamading-mi?

- Mirrix bugun o'zgacha yarqirayapti, - takrorladi Ronan, Xagridning betoqat nigohiga ahamiyat bermay, - G'ayrioddiy tarzda yarqirayapti.

- To'g'ri aytyapsan. Biroq men, erga yaqinroq g'ayrioddiy narsa haqida so'rayapman, - tushuntirish berdi Xagrid, - Demak sen hech narsa sezmading.

Ronan bu safar ham javob qaytarishga shoshilmadi.

- O'rmonda sirli narsalar juda ko'p, - dedi u, nihoyat.

Daraxtlar ortida eshitilgan tovush Xagridni yana qurol ko'tarishga majbur qildi. Qorong'ilik qa'ridan yana bitta, Ronanga nisbatan yanada yovvoyi qiyofaga ega, qora tanli qora soch kentavr ko'rindi.

- Salom, Beyn, - dedi Xagrid, - Ishlaring joyidami?

- Xayrli tun, Xagrid, sog'liging yashi bo'lsa kerak degan umiddaman.

- Soppa-sog'man. Quloq sol, Beyn. Hozirgina Ronandan so'rab turgan edim. So'nggi kunlarda biror-bir g'ayrioddiy narsani ko'rmading-mi? Kimdir yakkashoh narvalni yarador qilibdi, eshitmading-mi?

- Mirrix bugun o'zgacha yarqirayapti, - dedi Beyn osmonga qaragancha, Ronanning yoniga yaqinroq kelib.

- Xabarim bor, - dedi Xagrid, bir oz achchiq ohangda, - Xo'p, mayli. Agar birortangiz biror narsa ko'rib qolsangiz, menga xabar bering, yaxshimi? Biz esa yo'limizni davom etamiz.

Garri bilan Germiona Xagridning ortidan ergashib, ikkala kentavr daraxtlar orasida ko'rinmay qolgunga qadar elka orqali ortga qarab-qarab borishdi.

- Hech qachon, - dedi Xagrid endi ochiqchasiga g'azablanib, - Hech qachon bu ahmoq kentavrlardan to'g'ri javob olib bo'lmaydi. Tentak munajjimlar. Oydan yaqinroq ishlar ularni mutlaqo qiziqtirmaydi.

- Ular ko'pchilik-mi? - so'radi Germiona.

- Ha, oz emas... Umuman aytganda, bunday maxluqlar o'zlarini odamlardan chetga tortib yurishadi. Biroq men bilan bir oz laqillab olish uchun huzurimga kelib turishadi. Kentavr, men sizga aytsam... juda dono... hamma narsadan boxabar maxluq bo'ladi... faqat bilganlarini aytmaydi.

- Muqaddam eshitilgan tovush-chi, u ham kentavrmidi, nima deb o'ylaysan, Xagrid? - so'radi Garri.

- Tuyoq tovushiga o'xshatding-mi, o'sha tovushni? Yo'q. U tovush narval qotilining tovushi ekanligi aniq. Men bunday tovushni muqaddam eshitmaganman.

Ular zich o'sgan qora daraxtlar orasidan bazo'r o'tib borishdi. Garri yurgan yo'lida elka uzra orqaga qarab bordi. Nazarida ularni kimdir kuzatgancha, ta'qib qilib kelmoqda. Yonida arbalet bilan qurollangan Xagrid borligini o'ylagan bolaning ko'ngli bir oz taskin topdi. Ular navbatdagi muyulishdan o'tishlari bilan kutilmaganda Germiona Xagridning qo'lidan ushlab, o'rmonning narigi tomoniga imo qildi.

- Xagrid! Anavi tomonga qara! Qizil uchqun! Bolalar biron-bir falokatga yo'liqqanga o'xshaydi!

- Siz ikkalangiz shu erda kuting! - yugurgancha baqirdi Xagrid, - Yo'lakdan chiqib ketmang, men tez qaytaman!

Xagridning yosh qarag'aylarni sindirib, payhon qilib ketayotgani eshitilib turdi. Qo'rqib ketgan bolalar esa bir-biriga mo'ltillab tikilgancha qolishdi. Nihoyat to'polon tinib, qorong'ilik qa'rida sukunat cho'kdi. Faqat daraxt barglarining bosh uzra shildirashi eshitilmoqda.

- Ular yarador bo'lishmagandir, nima deb o'ylaysan? - so'radi Germiona.

- Agar Malfoy yaralangan bo'lsa, tupurdim unga. Ishqilib Nevillga biror kor-hol bo'lmasin... Axir bu ishga uni biz tortganmiz.

Daqiqalar juda uzoq cho'zildi. Ikkovlon quloqqa zo'r berib, shamolning sal bo'lsa ham ko'tarilishi, biror-bir novdaning tirsillashiga e'tibor berib turdi. Nima gap o'zi? Qani qolganlar?

Nihoyat, baland eshitilgan qars-qurs Xagrid yaqinlashayotganidan, uning ketidan esa to'rt muchali but-butun Malfoy, Nevill va So'yloqtish sudralib kelishayotganidan dalolat berdi. Xagridning jahli chiqqan. Bukur odam o'lganda tuzaladi, degan naql yana bir bor o'z tasdig'ini topibdi. Ma'lum bo'lishicha, Malfoy, o'zining jirkanch tabiatiga xos tarzda hazillashib, Nevillni qo'rqitish maqsadida, uning orqasiga kutilmaganda hamla qilibdi. Tabiiyki, Nevill, qo'rqib ketganidan siyib qo'yishiga sal qolib, qizil uchqun sachratib yuboribdi.

- O'rmonni boshlaringga ko'tarib, to'polonini chiqarib yubordingiz. Bunaqada ov baroridan kelarmidi? Xo'sh. Endi almashamiz. Nevill bilan Germiona men bilan qoladi. Garri, sen So'yloqtish bilan mana bu ahmoqqa boshchilik qilasan. Meni ma'zur sana, - qo'shimcha qildi Xagrid, Garrining qulog'iga shivirlab, - U seni qo'rqitishga jur'at eta olmaydi. Vazifani esa bajarmoq darkor.

Shu tariqa, Garri, o'zi, Malfoy va So'yloqtishdan iborat kichik guruhga bosh bo'lgancha, zulmat qa'riga kirib ketdi. Ular deyarli yarim soat o'rmon ichiga, yo'lak torayib, o'tib bo'lmas bo'lib qolgunga qadar kirib borishdi. Garrining nazarida bu erlardagi qon dog'lari, xuddi chelakdan sepilganday, nisbatan ko'p ko'rindi. Chamasi, jonivor joni og'riganidan o'zini har joyga urgancha, ancha tipirchilagan ko'rinadi. Qadimiy emanning bir-biriga qalin chirmashib ketgan shoxlari orasidan sal naridagi kichik bir sayhonlikni ko'rib qolgan Garri, Malfoyni to'xtatish uchun qo'lini yoniga uzatdi.

- To'xta, anavi tomonga qara.

Erda qandaydir oppoq narsa yaltirab ko'rindi. Bolalar asta yaqin borishdi.

Bu haqiqatan ham yakkashoh narval jasadi ekan. Garri hali hech qachon bunday go'zal va ayni paytda juda g'amgin manzarani ko'rmagan. Jonivor erga qanday yiqilgan bo'lsa, shunday qotib qolgan. Uning uzun, xushbichim oyoqlari yon tomonga g'alati uzatilgan. Chiroyli boshi esa qora xazon ustida yarqirab turibdi.

Garri yana bir qadam tashlashi bilan nam erda sirpanganda chiqadigan tovush turgan joyida qotib qolishga majbur qildi. Yalanglik chetidagi butalar qimirladi... Bir ozdan so'ng, zulmat ichidan ustiga qaytarma qalpoq tashlab olgan sharpa payt poylab chiqqan hayvon kabi namoyon bo'ldi. Uni ko'rgan Garri, Malfoy va So'yloqtish turgan joylarida toshday qotib qolishdi. Egniga plash tashlab olgan maxluq yakkashoh narval jasadiga yaqin kelib, jonivorning biqinidagi yara ustiga engashdi-da, qon yalay boshladi.

- AAAAAAAAA!

Malfoy jon-jahdi bilan qichqirgancha, qochib qoldi. So'yloqtish ham undan qolishmadi. Qaytarma qalpoq tashlab olgan maxluq esa boshini ko'tarib, Garrining ko'zlariga tik qaradi. Narval qoni uning jag'idan tomib turgani yaqqol ko'rindi. Shundan so'ng, shartta o'rnidan turdi-da, shiddat bilan bola tomon qadam bosdi. Bolakay qo'rqib ketganidan o'rnidan qilt eta olmadi.

Birdan Garrining boshiga nihoyatda qattiq og'riq kirdi. U hali hech qachon bunday og'riq sezmagan. Peshonasidagi chandiq go'yo o't olganday qizib ketdi. Og'riq va haroratdan ko'zi deyarli ko'rmay qolgan Garri chetga tisarildi. Bir payt orqa tomondan tuyoq tovushi eshitilib, nimadir elib keldi-da, bolaning ustidan sakrab o'tib, maxluqqa hamla qildi.

Peshonasidagi og'riq shu qadar kuchayib ketgan ediki, Garri tizzasi bilan erga cho'kkalab qoldi. Xuruj taxminan bir yoki ikki daqiqa davom etgach, barham topdi. Garri boshini ko'tara olganida, maxluq ko'rinmadi. Uning ro'parasida kentavr turibdi. Biroq bu kentavr Ronan ham, Beyn ham emas. Nisbatan yosh, sariq sochli, tanasi oq kentavr.

- Hech qaeringga shikast etmadi-mi? - so'radi u, oyoqqa turishga uringan Garriga ko'maklashib.

- Yo'q, shikast etmadi, rahmat. U nima edi?

Ko'zlari xira yoqutday moviy kentavr Garrini diqqat bilan ko'zdan kechirib chiqib, nigohi bolaning peshonasidagi qizarib ketgan chandiqda to'xtalib qoldi.

- Sen Pottermisan? - so'radi kentavr, - Yaxshisi Xagridning yoniga borganing ma'qul. Sutkaning tungi soatlarida bu o'rmon xavfsiz emas. Ayniqsa sen uchun. Ot minganmisan? Ustimga minib ol. Shunday qilsak, ish tezroq bitadi. Mening ismim Firense.

Firense oldingi oyog'iga tiz cho'kdi-da, ustiga chiqayotgan bolaga ko'maklashib yubordi. Sayhonlikning narigi tomonidan tuyoq tovushi eshitilib, butalar uzra sakrab o'tgan, terlagan biqinlari yaltirayotgan Ronan bilan Beyn ko'rindi.

- Firense! - qichqirib yubordi Beyn, - Ko'zlarimga ishonmayman! Ustingda odam o'tiribdi-mi?! Shu qadar tubanlashib ketding-mi? Xachirdan farqing qolmabdi-ku!

- Sen bu bolaning kimligini bilasanmi? - so'radi Firense, - Bu Garri Potter. U o'rmonni qanchalik tez tark etsa, shunchalik yaxshi bo'ladi.

- Unga nimalarni aytib berding? - o'shqirib so'radi Beyn, - Yodingda bo'lsin, Firense, biz Tangri irodasiga aralashmaslikka ont ichganmiz. Sayyoralar harakatidan yaqin orada nimalar sodir bo'lishini uqmading-mi?

- Ishonchim komilki, Firense faqat yaxshilik tilaydi, - dedi asabiy er tepsinib turgan Ronan, ma'yus ohangda.

- Yaxshilik tilaydi?! - orqa tuyoqlari blan shatta otdi g'azabi qaynagan Beyn, - Bu ishlarning bizga nima daxli bor? Kentavrlarga faqat bashorat qilingan ishlar daxl qiladi! Egarlangan eshak kabi yashash bizga buyurilmagan!

Firense kutilmaganda old oyoqlarini baland ko'tarib yubordi. Garri, qulab tushmasligi uchun uning elkasini mahkam ushlab qolishga bazo'r ulgurdi.

- Beyn, sen anavi yakkashoh narval qismatini ko'rmayapsan-mi? - g'azab-la qichqirdi u, - Nima maqsadda o'ldirilganini tushunmading-mi? Yoxud bu gapni sayyoralar sendan sir tutdi-mi? O'rmonimizga yashirinib olgan dushmanga qarshi men, kerak bo'lsa, odamlar bilan elkama-elka turib kurashaman.

Firense shartta burildi-da, sheriklarini tark etib, nari sakrab ketdi. Garri bor kuchi bilan uning elkasini ushlab oldi. Ular Ronan bilan Beynni ortda qoldirib, chakalakzorlar orasidan o'qday elib ketishdi.

Garri kentavrlar suhbatining ma'no-mazmunini mutlaqo tushunmadi.

- Nima sababdan Beyn bunchalik achchiqlandi, - so'radi u, - Siz nimadan qutqaryapsiz meni?

Firense yugurishdan to'xtab, asta odimlay ketdi-da, bolaga past osilgan shoxlarga ro'baru kelmaslik uchun bosh egib borishni tayinladi. Lekin, Garrining savoliga javob bermadi. Yo'l yurib borishar ekan, ikkalasining orasidagi sukunat uzoq cho'zildi. Firense gaplashishni istamayotgan bo'lsa kerak, xayoldan o'tkazdi Garri. Qalin chakalakzorlar orasiga kirgach, Firense taqqa to'xtadi.

- Garri Potter, yakkashoh narval qoni nima maqsadda qo'llanilishini bilasanmi?

- Yo'q, - javob qaytardi Garri, g'alati savoldan hayron bo'lib, - Sehrli damlamalar tayyorlash darsida biz faqat uning shohi va dum tuklaridan foydalanish haqida o'qiganmiz xolos.

- Negaki, yakkashoh narvalni o'ldirish nihoyatda og'ir jinoyat sanaladi, - dedi Firense, - Bunday yovuzlikka faqat bu dunyoda yo'qotadigan hech narsasi bo'lmagan, ammo hamma narsaga ega bo'lishni istagan kishigina qo'l urishi mumkin. Yakkashoh narval qoni halokat yoqasiga kelib qolgan holatda ham, omon qolishga imkon beradi...Lekin bunday mavqe nihoyatda qimmat turadi. Kishi o'zini shu tariqa asrab qolishi uchun narval kabi pokdomon, ojiz hayvonni shafqatsiz o'ldirib, qonini ichishi darkor. Lekin, narval qoni kishi labiga tegishi hamono, u kechiradigan hayotni hayot deb bo'lmaydi. Negaki endi u, umrining qolgan qismini qarg'ish va la'natlar tekkan maxluq kabi o'tkazadi.

Bola Firensening so'zlarini, oydin tunda kumush tus kasb etgan boshining orqasiga qaragancha, diqqat bilan tinglab o'tirdi.

- Kim ham bunday hayotga rozi bo'lib, mudhish jinoyatga qo'l urishi mumkin. Bir umr qarg'ish va la'natlar ostida yashab yurgandan ko'ra munosib o'lim afzal emasmi? - fikr bildirdi u.

- Mutlaqo haq gap gapirding, Garri, - dedi Firense, - Faqat kuch-qudrat va cheksiz hukm surish imkonini ato etib, boqiy umr hadya etadigan yana bir ichimlik iste'mol qilishning imkoni bo'lmasa, bu gap haq sanaladi. Bolakay, maktabing devorlari ayni damda nimani yashirib turganidan xabaring bormi?

- Falsafiy toshni! Gapingizni tushundim, Obi-Hayot haqida aytdingiz! Ammo kim bo'lishi mumkin o'sha kishi, hech idrok eta olmayapman.

- Nahotki sen uzoq yillardan buyon o'z qudrati va hukmini qaytarib olishni, buning uchun vaqti-soati kelishini sabrsiz kutib yurgan hech kimni bilmaysan?

Shu tob bolaning yuragini allaqanday ko'rinmas temir panja siqib olganday bo'ldi. Daraxt barglarining shitirlashi Xagridning, Garrini qidirib kelgan kuni, dengiz qoyasi ustidagi kulbada birinchi bor uchrashgan paytda aytgan so'zlarini yodga soldi: «Ba'zilar uni o'lganga chiqarishgan. Bo'lmag'ur gap! Kishi o'lishi uchun kam deganda odam bo'lishi kerak. U esa odam-podam emas edi. Ayrimlar uni shu atrofda kezib, qandaydir payt poylab yuribdi deyishadi».

- Aytmoqchisiz-ki, - dedi Garri, o'z fikrini dahshat-la gapirishga o'zini bazo'r majbur qilib, - Aytmoqchisiz-ki, bu Volde...

- Garri! Garri! Omonmisan, Garri?

Ularning yoniga Germiona yugurib keldi. Ketidan esa halloslagancha Xagrid yaqinlashdi.

- Ishlar joyida, - beixtiyor javob qaytardi Garri, gapirgan gapining ma'nosini o'zi tushunmay, - Xagrid, yakkashoh narval o'libdi. Jasadi ho' anavi erda, sayhonlikda yotibdi.

Xagrid yakkashoh narval jasadi yotgan sayhonlik tomon yo'l oldi.

- Shu erda men seni tark etaman, - dedi Firense, - Sen endi xavfsiz joydasan.

Garri uning belidan sirpanib tushdi.

- Omad senga Garri Potter, - tilak bildirdi Firense, - Sayyoralar harakatidagi ma'no-mazmun hatto kentavrlar tomonidan ham yanglish talqin qilingan holatlar bo'lib turgan. Umid qilamanki, hozir ayni shunday holat takrorlanmoqda.

U o'girilib, titrab turgan Garrini ortda qoldirgancha, vazmin yo'rtib ketdi.

Do'stlarining qaytishini kutib o'tirgan Ron kollejning umumiy mehmonxonasida uxlab qolgan ekan. Garri uni turtganida kvidish qoidasi buzilganligi to'g'risida allanarsa deb baqirib yubordi.

Uyg'ongach, Germiona bilan birgalikda Garrining o'rmonda bo'lib o'tgan hodisalar to'g'risidagi hikoyasini diqqat bilan tinglab o'tirdi.

Ko'rgan-bilganini kamin qarshisida u yoq, bu yoq yurib so'zlab berayotgan Garri haligacha titrab, bir joyda o'tira olmadi.

- Snegg toshni Voldemortning manfaatini ko'zlab o'g'irlamoqchi... Voldemort esa o'rmonda, o'z vaqti-soatini kutib yuribdi. Biz esa Severusning boyib ketish payiga tushganligi haqida yanglish xulosa chiqargan ekanmiz...

- Uning nomini talaffuz etishni bas qil! - dedi Ron, Voldemort eshitib qolishidan qo'rqib ketgancha, pichirlab.

- Firense meni qutqarib qoldi lekin u, bunday qilmasligi kerak ekan... - dedi Garri do'stining gapiga ahamiyat bermay, - Bundan xabar topgan Beynning darg'azab bo'lib ketganini ko'rsangiz edi... Gapiga qaraganda, sayyoralar harakatidan uqib olinadigan bashoratlarning vojib bo'lishiga aralashish mumkin emas emish... Beynning tanqidiy fikricha, men Voldemortning qo'lidan o'lim topishim, Firense esa bunga xalal bermasligi kerak ekan. O'ylayman-ki, buni ham ularga sitoralar ko'rsatib bergan.

- Uning nomini talaffuz etishni bas qilasanmi-yo'qmi! - vishilladi Ron.

- Endi men Sneggning Falsafiy toshni o'g'irlab chiqishini kutib o'tirishim qoldi, - iztirob chekib davom etdi Garri, - Shundan so'ng, Voldemort o'rmondan chiqib, meni asfalasofilinga ravona eta oladi... Xo'sh, bundan loaqal Beynning ko'ngli taskin topadi-ku, har qalay.

Germiona Garrining so'zlaridan dahshatga tushib ketayotgan bo'lsa-da, uni tinchlantirishga urinib ko'rdi.

- Garri, atrofdagi odamlar Dambldorga ishonadi. O'zing-Bilasan-Kim faqat Dambldordan hayiqadi. Dambldor yonimizda ekan O'zing-Bilasan-Kim senga tegishga jur'at eta olmaydi. Kentavrlarning bashorati har doim ham to'g'ri ekanligiga kim kafolat bera oladi? Bu axir fol ochish yoki astrologiyadan boshqa narsa emas-ku. Professor Makgonagallning aytishicha, bular afsungarlik fanlarining juda noaniq sohalari ekan (Astrologiya – ilmi nujum. Inson taqdiri va tarixiy hodisalar osmon jismlarining vaziyatiga bog'liq deb bilgan va yulduzlarga qarab fol ochish bilan shug'ullangan ta'limot).

Osmon yorisha boshladi. Bolalar esa hanuzgacha suhbat qurib o'tirishibdi. Shashtlari batamom barham topib, ovozlari xirillab qolgach, uxlagani ravona bo'lishdi. Biroq tungi sovg'alar oxiriga etmagan ekan.

Garri adyolini ochib, batartib taxlab qo'yilgan ko'rinmas plashi va unga qistirib qo'yilgan yozuvni topdi:


Har ehtimolga qarshi. Omon bo'l, Garri!

Bob-16."YERTO'LADAGI OMBOR"

Vaqt o'tib, imtihonlar mavsumini eslagan Garri, bugun bo'lmasa ertaga xonaning eshigini shartta ochib kirgan Voldemort, uni nobud qilishini o'ylab yashash barobarida, nazariy bilim va amaliy ko'nikmalar sinovidan qay tarzda muvaffaqiyatli o'tib olganligini hech anglay olmadi. Biroq kunlar ketidan kunlar o'tar, Momiqvoy esa ishonchli yopilgan eshik ortidagi o'z joyida, hamon hech kimni kiritmay, sog'-salomat o'tirar edi.

Nafasni qaytaradigan issiq kunlar boshlandi. Ayniqsa, birinchi sinf o'quvchilari yozma imtihon topshirayotgan sinf xonasining havosi kishini dimiqtirib yuboradi. Imtihon munosabati bilan o'quvchilarga birovning javobini ko'chirib olishga qarshi afsun qo'llanilgan pat-qalamlar tarqatildi.

Bolalar yozma va og'zaki imtihon topshirishdan tashqari, amaliy ko'nikmalar sinovidan ham o'tishdi. Professor Flitvik o'quvchilarni sinf xonasiga bitta-bittadan chaqirib, imtihon oldi. Bu erda har bir o'quvchi ananasni stolning narigi boshidan bu boshiga qadar raqs tushib kelishiga majbur qildi. Professor Makgonagall o'quvchilarning sichqonni tamakidonga aylantirishini kuzatib o'tirdi. Ayni vaqtda, ushbu tamakidonning chiroyli va bejirim chiqqanligi uchun qo'shimcha ball qo'shib bordi. Agar tamakidonning, aytaylik mo'ylovi ko'rinib qolgan bo'lsa, aksincha, imtihon topshirayotgan o'quvchi ballarning ma'lum miqdoridan mahrum bo'ldi. Dam sinfning u boshidan bu boshiga tinmay yurib, dam imtihon topshirayotgan o'quvchining orqasida pishqirib turib olgan Snegg esa imtihon davomida hammaning asabiga tegdi. Sun'iy ravishda qaror toptirilgan bunday asabiy vaziyatda unuttirish damlamasining tarkibini yodga olib bo'ladimi.

Garri, o'sha kunlari Voldemortdan qo'rqib yurganiga qaramay, bor kuchi va diqqat-e'tiborini imtihonlarga safarbar etishga urindi. Imtihon tashvishlaridan tashqari, jazo tariqasida Man etilgan o'rmonga uyushtirilgan safardan qaytgandan buyon peshonasidagi, tinimsiz bezovta qilayotgan og'riqqa bardosh berishiga to'g'ri keldi. Nevillning fikricha, Garri yaxshi uxlamayotgani sababli og'ir darajadagi «imtihon nevrozi» kasali bilan qiynalmoqda emish (Nevroz – markaziy asab tizimining buzilishi natijasida yuzaga keladigan va ichki organlar faoliyatini susaytiradigan kasallik).

Aslida buning asosiy sababi kechalari yana bosinqirayotgani, tushida ko'zni qamashtiradigan o'sha yashil chaqmoq ota-onasini halok qilayotganini ko'rgani, kimningdir kuchli, etni junjitadigan tarzda yangrayotgan iblisona kulgisini eshitayotganiga qo'shimcha, endi qaytarma qalpoqli plash kiyib olgan, og'zidan qon tomayotgan maxluqni ko'ra boshlaganidir.

Ehtimol alog'-chalog' tushlar ko'rishmayotgani, peshonalarida lovullab og'riydigan chandiqlari bo'lmagani sabablidir, har qalay Falsafiy tosh endi Ron bilan Germionani Garriga nisbatan kamroq tashvishga soladigan bo'lib qoldi. Voldemort haqidagi o'y ularni dahshatga solishi shubhasiz, albatta. Biroq o'sha maxluq do'stlarining tushiga kirmaydi-da. Bundan tashqari, ular shu qadar qunt-g'ayrat bilan shug'ullanmoqda-ki, Snegg yoki shunga o'xshash biror-bir ablahning rejalari haqida ma'nisiz o'y surishga vaqt topa olmay qolishdi.

Nihoyat eng so'nggi, sehrgarlik tarixi bo'yicha topshiriladigan imtihon sanasi etib keldi. Turli davrlarda yashab o'tib, miyasini eb qo'ygan, o'zi aralashtiradigan qozonga o'xshash ma'ni-bema'ni narsalarni ixtiro qilib, o'tib ketgan har xil sehrgar-u, afsungarlar to'g'risidagi savollarga javob beriladigan arzimas bir soat o'tgach, ozodlik! Butun bir hafta davomida hech qanday mashg'ulotlar o'tkazilmaydigan qoyil-maqom erkinlik! Shundan so'ng, imtihon natijalari e'lon qilinadi. Sehrgarlik tarixi o'qituvchisi professor Binnzning arvohi nihoyat, o'quvchilar anchadan buyon orziqib kutgan: «Pat-qalamlarni qo'yib, pergamentni o'rang» so'zlarini talaffuz etganida, Garri, boshqa bolalarga qo'shilib, ayyuhannos solib yubordi.

- Imtihonlar men o'ylagandan ham sodda ekan, - dedi Germiona, uchovlon o'rtoq qasr ro'parasidagi quyosh nurlariga botgan maysazordagi shod-xurram o'quvchilar to'dasiga qo'shilib ketgach, - Aytganday men «Afsun bilan boshqa tusga kirgan yosh maxluqning 1637 yil or-nomus kodeksi»ni ham, «Serg'ayrat Elfrik qo'zg'oloni»ni ham o'qishim shart emas ekan.

Germiona o'tgan har bir imtihondan so'ng, bolalarni so'roq qilib, ularning bergan javoblarini tekshirib ko'rishni juda xush ko'radi. Biroq bu gal, Ron imtihonda qo'yilgan savollar-u, ularga tayyorlagan javoblarini aytib berishdan bosh tortdi. Uchovlon ko'l sohiliga borib, o'zini daraxt soyasiga tashladi. U erda egizak Ueslilar Li Jordan bilan birgalikda iliqqina sayozlikda chayqalib yotgan bahaybat kalmarning jig'iga tegib, paypaslagichlarini tortqilashgancha, jonivor bilan o'ynashayotgan ekan.

- Bo'ldi, endi hech qanday mashg'ulotlar bo'lmaydi, - dedi maysaga cho'zilib yotayotgan baxtiyor Ron, - Hoy, Garri, badqovoq bo'lmasang-chi. Javoblarning barini noto'g'ri yozganimizni e'lon qilishlariga hali bir hafta bor! Hozircha esa hech narsani o'ylamasdan yotishing mumkin.

- Nimaning alomati ekan bu, a?! - yurakdan ezilib so'radi Garri, peshonasini uqalab, - Chandig'im o'lguday og'riyapti. Ilgari ham og'rib turar edi-yu, bunchalik tez xuruj qilmas edi.

- Pomfri xonim qabuliga borib kelsang-chi, - maslahat bergan bo'ldi Germiona.

- Men kasal emasman, - tushuntirishga urindi Garri, - Nazarimda bu allaqanday alomatga o'xshaydi... Qandaydir dahshatli hodisa bo'lib o'tadi chamasi.

Biroq kun juda qizib ketganligi bois, o'xshash gaplar bilan Ronni tashvishga solib bo'lmaydi chog'i.

- Garri, tinchlan. Germiona haq: Dambldor shu erda ekan, toshga hech narsa qilmaydi. Bundan tashqari, Snegg Momiqvoy yonidan beshikast o'tish usulini bilib olgan deyishga hech qanday asosimiz yo'q. U bir marta oyog'idan mahrum bo'lishiga sal qoldi. Bas, shunday ekan, yana o'sha xonaga burun tiqishiga shubha qilaman. Xagridning Dambldorga xiyonat qilishi esa Nevillning Kvidish bo'yicha Angliya terma jamoasi tarkibida o'ynashidek gap.

Garri o'rtog'ining gapini ma'qullab bosh irg'idi. Lekin negadir uni, qandaydir muhim ish bajarilmay, unut bo'lib ketgani haqidagi fikr tinch qo'ymayotgani bilan o'rtoqlashdi.

- Bu imtihon asorati, - tinchlantirdi uni Germiona, - O'tgan kecha uyg'onib ketib, aylanish va aylantirish kursining yarmini takrorlab chiqqanimdan so'nggina, bu fandan imtihon topshirib bo'lganimiz yodimga tushdi.

Ammo Garri, uni qiynayotgan o'yning imtihonga daxli yo'qligiga shubha qilmaydi. Moviy osmonda tumshug'iga xat qisib olgan boyqush kimgadir xabar olib kelayotganini kuzatib yotdi. Unga esa faqat Xagrid xat yozadi. Xagrid hech qachon Dambldorga xiyonat qilmaydi, o'ylanib yotdi u. Xagrid Momiqvoyning yonidan beshikast o'tish yo'lini hech qachon, hech kimga aytib bermaydi... hech qachon... ammo...

Daf'atan Garri irg'ib oyoqqa turdi.

- Qayoqqa otlanding? - uyqusirab so'radi Ron.

- Xayolimga bir o'y keldi, - g'udulladi rangi oqarib ketgan Garri, - Xagrid bilan hoziroq uchrashishim kerak

- Nega? - so'radi hansirab qolgan Germiona, uning ortidan etib yurishga harakat qilgancha.

- Aytsam, senga ham sal g'alati tuyulsa kerak? - dedi Garri, maysa qoplagan qiyalik ustiga chiqar ekan, - Xagrid ajdarli bo'lishni orzu qilsa-yu, birdaniga unga, cho'ntagida ajdar tuxumini bemalol olib yurgan notanish kishi uchrab qolsa. Qani, yonida ajdar tuxumi bilan betashvish yurgan odamni ko'rsating-chi menga?! Agar ajdar bilan bog'liq o'xshash xatti-harakatlar sehrgarlar dunyosida g'ayriqonuniy ekanligini inobatga olsak, oson kecharmikan bunday kishining topilishi? O'sha odam aynan Xagridga ro'baru bo'lgani do'stimiz uchun sof omadning o'zginasi emasmi? Nima uchun buni oldin tushunib etmagan ekanman?!

- Bu bilan nima demoqchisan? - so'radi Ron.

Har qanday sprinterdan qolishmaydigan Garri, o'rtog'ining savolini javobsiz qoldirdi (Sprinter – yaqin masofaga yuguruvchi yoki suzuvchi sportchi).

Ishtoni bilan englarini shimarib olgan Xagrid kulbasi yonidagi kresloda o'tirib, katta tog'oraga no'xat oqlab o'tiribdi.

- Salom, - dedi u bolalarga tabassum qilib, - Imtihonlardan eson-omon qutulib oldilaringmi? Shirin choy ketadimi?

- Yo'q demayman, - dedi Ron.

Biroq Garri Xagridni to'xtatib qoldi.

- Yo'q, Xagrid. Biz shoshib turibmiz. Bir narsani so'rab bilmoqchi edim sendan. Norbertni qartaga yutib olgan kechani eslay olasan-mi? O'sha notanish kishining qiyofasini tavsiflab bera olasanmi?

- Eslay olarmikanman? U hatto egnidagi qaytarma qalpoqli plashini ham echmagan edi-ku.

Uning ro'parasiga yuzlari jiddiy tus olgan uch nafar churvaqa tik turib oldi.

- Tinchlikmi? Nega bunchalik xavotirlanasiz? Mayxo'rlik qiladigan unday kishilar «Axta cho'chqa kallasi» qovoqxonasiga juda ko'p keladi. Axir bu qishloq mayxonasi-ku. Xo'p, noqonuniy ajdar sotuvchisi ekan nima qilibdi endi? O'sha odamning basharasini, boshiga qaytarma qalpoq tashlab olgani uchun ham ko'rganim yo'q. Endi osmon uzilib, erga tushib ketadimi?

Tinkasi qurigan Garri no'xat solingan tog'ora yoniga o'tirib qoldi.

- Xagrid, suhbat mavzusini eslab ko'r-chi, nimalar haqida gaplashib o'tirgansizlar? «Xogvars» haqida biror gap bo'lganmi?

- Ehtimol bo'lib o'tgandir ham...

Xagrid o'sha kishi bilan o'tgan suhbatni eslash uchun qosh chimirdi.

- Ha, u nima ish qilishimni so'radi. «Xogvars» qorovuli ekanligimni aytdim... Umrim davomida qanaqangi hayvon boqqanim bilan qiziqdi... Men unga boqqan hayvonlarimning barini sanab berdim... Ajdar boqish orzuim haqida ham aytdishni unutmadim... keyin... Yaxshi eslay olmayman, axir u menga may quyib, mehmon qilib o'tirgan edi-da. Xo'sh, yana nima... Ha, esimga tushdi... Yonida ajdar tuxumi borligi, uni kartaga tikishi mumkinligi, faqat ajdarni nobud qilishlarini xohlamasligi va men uni uddalay olish-olmasligimga ishonch hosil qilmoqchi bo'lganligini aytdi. Shunda men Momiqvoyday itni eplagan ajdarni ham uddalay olishimni aytdim...

- U Momiqvoyga qiziqish bildirdi-mi? - imkon qadar tinchlanib so'radi Garri.

- Ha-da... Uch boshli hayvon hatto «Xogvars»day joyda ham ko'p uchramasligi hammaga ma'lum-ku? Men unga Momiqvoy beozor qaldirg'ochning o'zginasi ekanligi, unga kuy chalib yoki qo'shiq aytib bersang bas, tarashadek qotib uxlab qolishini aytib berdim...

Xagrid birdaniga dahshatga tushib ketdi.

- Men buni sizlarga aytishim kerak emas edi! - yorilib ketdi u, - Gapimni hoziroq unutinglar! Ey, churvaqalar, qayoqqa? To'xtanglar!

Garri, Ron va Germiona quyoshli hovliga nisbatan ancha sovuq vestibyulga etib borib, mixlab qo'yilganday turib qolgunga qadar biron og'iz so'z aytishmadi.

- Dambldorning huzuriga borishimiz darkor, - qaror qildi Garri, - Xagrid notanish odamga Momiqvoy yonidan beshikast o'tish yo'lini aytib bergan. O'sha kishi Snegg ham, Voldemort ham bo'lishi mumkin. Xagridni ichirgan ekan, demak, kerakli ma'lumotga ega bo'lish uchun zo'r berishga hojat bo'lmagan unga. Yagona bir narsaga, u ham bo'lsa, Dambldor so'zlarimizga ishonishiga umid qilaman. Kentavr Firense gapimizni tasdiqlashi mumkin. Agar unga Beyn ijozat bersa, albatta. Dambldorning xonasi qaerda?

Ular, o'quv yili tamom bo'lishiga qaramay, Dambldor xonasi qaerda ekanini hanuzgacha bilmasliklarini ilk bor idrok etishdi. Maktab direktorining xonasiga ishora qiluvchi ko'rsatkich topmoqchi bo'lib, atrofga qarashdi. Dambldor qaerda yashashini hech kim, hech qachon aytmagan. O'quvchilarning birortasi maktab direktorining huzuriga olib kirilgan holat haqida ham gap tarqamagan.

- Biz, - deb gap boshlagan Garrining gapini dahlizda aks sado bilan eshitilgan ovoz bo'ldi.

- Nima qilyapsiz bu erda?

Zinada qo'liga bir dasta kitob ushlab olgan professor Makgonagall ko'rindi.

- Professor Dambldorga uchramoqchimiz, - dedi Germiona.

Ron bilan Garriga Germionaning ovozi etarlicha mardonavor eshitilganday bo'ldi.

- Professor Dambldorga? - so'radi professor Makgonagall.

Professor bergan savol ohangi Dambldor bilan uchrashish go'yo uyat ishdek eshitildi.

- Nima ishingiz bor edi unda? - yana so'radi professor Makgonagall.

- Bu sir... - dedi Garri nima deb javob berish kerakligini bilmay, yutinib qo'yib.

Ammo, professor Makgonagallning burun katagi ishib ketganini ko'rib, shu zahoti javobidan afsus qildi.

- Professor Dambldor o'n daqiqa oldin jo'nab ketdi, - dedi professor Makgonagall sovuq ohangda, - Unga Sehrgarlik vazirligidan shoshilinch yo'llangan boyqush keldi. Tabiiyki, u darhol Londonga uchib ketdi.

- Ketdi? - umidsiz xitob qilib yubordi Garri, - Shunday paytda-ya?

- Professor Dambldor buyuk sehrgar, Potter. Uning muhim va shoshilinch ishlari juda ko'p.

- Biroq bu, nihoyatda muhim xabar!

- Siz etkazmoqchi bo'lgan xabar, Sehrgarlik vazirligining ishlaridan ham muhimmi, Potter?

- Tushunasizmi... - gap boshladi Garri va har qanday ogohlikni yig'ishtirib qo'ydi-da, - Professor, gap Falsafiy tosh haqida boradi...

Qo'lidan tushib ketgan kitoblarni terib olishni xayoliga ham keltirmaganligidan, professor Makgonagall o'quvchilardan har narsa kutgan bo'lsa ham, bunday gapni kutmagani ayon bo'ldi.

- Sizlar qaerdan bilasizlar? - mubham so'radi u.

- Professor, o'ylayman-ki... yo'q, aniq bilaman-ki, Sne... allakim tosh payiga tushgan. Men professor Dambldor bilan gaplashishim kerak.

Professorning nigohida hayrat ila shubha uyg'unlashib ketdi.

- Professor Dambldor ertaga qaytadi, - dedi u nihoyat, - Tosh haqida qanday xabardor bo'lib qolganingiz menga qorong'i-yu, uni hech bir zot o'g'irlay olmasligini aniq bilaman. Sizlarni ishontirib aytishim mumkinki, tosh juda puxta tashkillashtirilgan muhofaza ostida saqlanadi. Bunga shubha qilmasangiz ham bo'laveradi.

- Biroq professor...

- Potter, men nima deganimni juda yaxshi bilaman, - bolaning gapini shartta bo'ldi professor va egilib, kitob terishga kirishib ketdi, - Yaxshisi hovliga chiqib, quyoshda toblaning.

Bolalar professorning aytganini qilishmadi.

- Bu ish bugun sodir bo'lishi aniq, - dedi Garri, ovozini professor Makgonagall eshitmayotganligiga ishonch hosil qilgach, - Snegg omborga bugun tunda kiradi. U barcha zaruriy ma'lumotlarni qo'lga kiritib bo'ldi. Dambldor unga xalal bera olmaydi. Boyqush yo'llagan ham o'sha, bunga ishonchim komil! Sehrgarlik vazirligidagilar Dambldorni ko'rib hayron bo'lishsa kerak.

- Xo'p, qo'limizdan nima keladi...

Germiona baland ovoz chiqarib hayratlanib ketganini eshitgan bolalar keskin o'girilib, orqa tomonda turgan Sneggni ko'rishdi.

- Salom bolalar, - dedi u tekis ovozda.

Bolalar alik qaytarmay o'qituvchiga tik qarab turishdi.

- Kunning ajoyibligini qarang! Sizlar esa sovuq qasrga kirib olibsiz, - davom etdi u g'alati tirjayib.

- Sababi... - javob boshladi Garri, nimani vaj qilish mumkinligini tasavvur ham qila olmay.

- Ehtiyotlik bilan ish tutishingizni tavsiya etaman, - ogohlantirdi Snegg, - Sirli qiyofa ila u yoq, bu yoqqa yurganingizni ko'rgan har qanday kishi xayolida yana biron-bir ish boshlaganingiz to'g'risida fikr tug'ilishi mumkin. «Griffindor»ning esa ball yo'qotishiga ortiq yo'l qo'yib bo'lmaydi. Shunday emasmi?

Garrining jahli chiqdi. Bolalar o'qituvchiga orqa o'girib, tashqariga ravona bo'lishdi.

- Esingizda bo'lsin, Potter, - qichqirib qoldi Severus, o'quvchilar orqasidan - Tungi sayrlaringiz haqida yana bir bor eshitib qoladigan bo'lsam, sizni maktabdan haydash masalasi bilan shaxsan o'zim shug'ullanaman. Omon bo'ling, - dedi-da, o'qituvchilar xonasi tomon yo'l oldi.

Qasrning soyabonli pillapoyasiga chiqqach, Garri do'stlariga yuzlandi.

- Alqissa, biz quyidagicha ish tutishimiz kerak, - ishonch-la pichirlay ketdi u, - Birortamiz o'qituvchilar xonasi yaqinida turib, Sneggning u erdan chiqishi va kelgusi xatti-harakatlarini muntazam kuzatib borishimiz lozim. Bu ishni Germiona qilgani ma'qul deb o'ylayman.

- Nega endi men?

- Buning sababi ayon-ku, - tushuntira ketdi Ron, - Sen har qanday vaqtda o'zingni professor Flitvikni kutayotgan ko'yga solib olishing mumkin, - dedi-da, chiyildoq ovoz bilan Germionaning ovoziga taqlid qilib, gapini davom etdi: - Oh, professor Flitvik, men shunday hayajondaman-ki, shunday hayajondaman-ki nazarimda imtihon savollarining hammasiga ham to'g'ri javob bermadim, ayniqsa 146-...

- Bas qil, - dedi Germiona, jahli chiqib.

Bir oz o'ylab ko'rgach, Garrining taklifiga rozi bo'ldi.

- Biz esa uchinchi qavatdagi man etilgan yo'lakda navbatchilik qilib turamiz, - dedi Garri Ronga, - Ketdik.

Biroq rejaning ushbu qismini hayotga tatbiq etishning imkoni bo'lmadi. Ikkovlon Momiqvoyni qasrning boshqa xonalaridan ajratib turgan eshik yoniga yaqinlashgan edi ham-ki, allaqaerdan professor Makgonagall paydo bo'lib qoldi.

- Bu erda qo'llanilgan bir olam afsunga nisbatan sizni chetlab o'tish o'g'riga qiyin kechadi deb o'ylaysiz-mi, - darg'azab qichqirdi u, - Bema'ni ish bilan shug'ullanishni bas qiling! Agar birortangiz yana shu erga kelganingiz to'g'risida eshitib qolguday bo'lsam «Griffindor»dan yana ellik ball ayirib yuboraman! Ha-ha, Uesli, o'z kollejimdan ayiraman ballarni!

Garri bilan Ron fakultetning umumiy mehmonxonasi tomon asta odimlab ketishdi.

- Jilla bo'lmasa, Germiona Sneggning qaerdaligidan boxabar bo'lib turadi-ku, - dedi Garri, mehmonxonaga etib kelgach.

U gapini tugatishi hamono Semiz Xolaning portreti ko'tarilib, tuynuk ostonasida Germiona ko'rindi.

- Uzr, Garri, - hiqilladi u, - Esankirab qolganimdan, qo'limdan hech narsa kelmadi! Meni ko'rgan Severus o'qituvchilar xonasi yonida nima qilib yurganimni so'radi. Professor Flitvikni kutib turganimni eshitgach, uni chaqirib berdi. Men hozir professorning huzuridan qaytyapman. Snegg qaysi tomonga ravona bo'lganidan esa xabarim yo'q.

- Nima ham derdim, ishlar pachavaga borib taqaldi, shundaymi? - dedi parishon holatda Garri.

O'rtoqlari sukut saqlab, unga qarab qolishdi. Garrining rangi oqarib, ko'zlari talvasalagancha yaltiradi.

- Toshni o'g'irlashga urinib ko'raman.

- Butunlay aqldan ozib qolibsan! - baqirib yubordi Ron.

- Snegg bilan Makgonagallning gapidan so'ng ham, shu ishga qo'l urmoq bo'lyapsan-mi? - chiyillab yubordi Germiona, - Aslo unday qila ko'rma! Seni maktabdan ayamay haydab yuborishadi.

- NIMA BO'LSA, BO'LSIN! - baqirib yubordi Garri, - Nahotki tushunmayotgan bo'lsalaring?! Snegg toshni qo'lga kiritadigan bo'lsa, Voldemort qaytib keladi! Hukmini qo'liga deyarli batamom qo'lga kiritib olganida nimalar bo'lgani haqidagi gaplarni unutdingiz-mi? Qoidabuzar o'quvchi haydab yuborilishi mumkin bo'lgan «Xogvars»dan esa asar ham qolmaydi! Maktabimizni ayab o'tirmay, kunpayakun qilib tashlaydi u yoki yovuz kuchlar maktabiga aylantiradi. Shunday ekan, bugungi kundagi «ball yo'qotish» degan tushunchalarning zig'irday ma'nisi qoladimi?! Yoki sizlar, agar «Griffindor» bu yil maktab kubogini qo'lga kiritsa Voldemort siz-u, biz va oilalarimizni ayab o'tiradi deb o'ylaysiz-mi? Agar toshni qo'limga kiritganga qadar meni tutib olishsa, nima ham qilar edim, anavi mudhish Dursllarnikiga qaytib, Voldemort kelishini o'sha erda kutib o'tiraman. Demak, ko'zlangan vaqtga nisbatan sal kechroq o'laman, farqi shu xolos... Negaki, men YoVUZ KUChLAR TOMONIGA HECh QAChON O'TMAYMAN! Gapim qat'iy, bugun tunda erto'ladagi omborga tushaman. Meni hech kim va hech narsa, eshitdingiz-mi, hech kim va hech narsa to'xtatib qolmaydi! Voldemort mening ota-onamni halok qilgan, buni unutmaslikni so'rayman!

Uning ko'zi yanada yaraqlab ketdi.

- Gaping haq, Garri, - rozi bo'ldi Germiona ingichka ovoz bilan.

- Ko'rinmas plashimni tashlab olaman, - ahd qildi Garri, - Uni qaytarib berishgani ayni muddao bo'ldi.

- Uchalamiz sig'amizmi plashingga, ishqilib? - shubhalandi Ron.

- Uchalamiz?

- Qo'ysang-chi, Garri, nahotki biz seni yolg'iz yuborsak?

- Yo'q, albatta, - zudlik bilan ovoz berdi Germiona, - Bizning yordamimizsiz qanday qilib toshga etib olmoqchisan? Xo'p, mayli. Yaxshisi xonamga borib, uyqudan oldin o'qiladigan engil mavzular darsligini varaqlab chiqay-chi, ajab emas tungi tadbirimiz uchun biror-bir kerakli ma'lumot topsam...

- Ammo do'stlarim... qo'lga tushib qolsak, sizlarni ham ayab o'tirmay, haydab yuborishadi.

- Meni haydashmasa kerak, - dedi Germiona, ma'yus ohangda, - Flitvik menga, uning fanidan topshirilgan imtihonda bir yuz o'n ikki foizga erishganimni sir saqlash sharti bilan ma'lum qildi. Menday qobiliyatli o'quvchini yo'qotishga jur'at etisha olmaydi.

- Sir saqlashni qotirar ekansan. Kamtarinlikdan esa tiqilib qolmaysan, chog'i - dedi Ron, odatdagidek kinoya bilan.

Kechki ovqatdan so'ng, uchovlon kollejning umumiy mehmonxonasida igna ustida o'tirganday o'tirdi. Xayriyatki, ularga hech kim tegmadi. Umuman aytganda, griffindorchilarning Garri bilan gaplashadigan gapi ham yo'q. Bugun esa Garri, o'sha tundan so'ng, Norbert va Malfoy tufayli yuzaga kelgan bunday holatni birinchi bor noxush deb topmadi.

Germiona daftarlarini varaqlab, bir ozdan so'ng, kuch-qudratini barham toptirish kerak bo'ladigan biror-bir afsun topishga urinib o'tirdi.

Ron bilan Garri deyarli churq etmadi. Ikkovlon bo'lg'usi xavfli sarguzashtni xayolan chuqur mulohaza qilib o'tirdi. Asta-sekin hamma o'z xonasiga tarqaldi.

- Ko'rinmas plashingni olib chiqadigan vaqt bo'ldi, - dedi Ron, kerishib, esnab olgancha, xonasiga kirib ketayotgan Li Jordanni nigohi ila kuzatib.

Garri qorong'i yotoqxona tomon yugurgancha, aylanma zina bo'ylab ko'tarildi. Plashni qo'liga olgach, Xagrid Rojdestvo bayrami munosabati bilan sovg'a qilgan yog'och fleytaga ko'zi tushib qoldi. Ayni muddao. Garri dag'al yasalgan musiqa asbobini olib, kissasiga soldi. Hozir uch boshli Momiqvoyni uxlatish uchun alla aytishga kayfiyat yo'q.

U shoshilgancha mehmonxonaga qaytib tushdi.

- Kelinglar, uni ustimizga tashlab uchalamiz sig'ish-sig'masligimizni bilaylik. Tag'in yo'lakda yurgan uch juft oyoqni ko'rgan bechora Filchning yuragi yorilib, mushugi etim qolmasin...

Kutilmaganda xonaning narigi burchagidan ovoz eshitildi.

- Sizlar nima qilyapsiz bu erda?

Katta kresloning ortidan erksevar qurbaqasi Trevorni qo'liga ushlab olgan Nevill ko'rindi.

- Hech narsa, Nevill. Aytarli hech narsa qilayotganimiz yo'q, - javob qaytardi Garri, plashini shosha-pisha orqasiga yashirib.

Nevill sinfdoshlariga diqqat bilan razm solib, aybdor qiyofalarini o'rganib chiqdi.

- Yana-mi! - nihoyat xulosa qildi u, nimanidir fahmiga etganday bo'lib.

- Yo'q-yo'q-yo'q, - ishontirishga urindi uni Germiona, - O'zing nega uxlamayapsan, Nevill?

Garri eshik oldidagi polda turadigan baland soatga qarab qo'ydi. Har daqiqa g'animat. Hozir esa ularni zoe o'tkazib bo'lmaydi. Ehtimol ayni damda Snegg Momiqvoyni uxlatishga kirishgandir.

- Tashqariga chiqish mumkin emas, - dedi Nevill, qat'iy ohangda, - Sizlarni yana tutib olishadi va yana sizlarning dastingizdan «Griffindor» jabr ko'radi.

- Sen bilmaysan, Nevill, - ta'sirli ovoz bilan gapirdi Garri, - Bu favqulodda muhim masala.

Biroq Nevill, qoida buzilishiga yo'l qo'ymaslik uchun so'nggi chora ko'rishga shay bo'lib turibdi.

- Men sizlarni chiqarmayman, - bayonot qildi u va qo'pol tanasiga xos bo'lmagan g'ayrioddiy abjirlik bilan Semiz Xola portretining orqa tomoniga o'tib, o'rtoqlarining yo'liga to'g'onoq bo'lib oldi, - Men, men sizlar bilan mushtlashaman!

- Nevill, - darg'azab bo'ldi Ron, - Yo'ldan qoch, ahmoqlik qilma...

- Meni ahmoq dema! - baqirib berdi Nevill, - Fikrimcha, qoidalarni etarlidan ortiq buzdilaring, bas! Buning ustiga, o'zingiz o'rgatgansiz kurashishim kerakligini!

- To'g'ri, faqat bizga qarshi kurashgin deb o'rgatmaganmiz-ku! - dedi tishini tishiga qo'ygan Ron, tushuntirishga urinib, - Nevill, nima qilayotganingni o'zing idrok etmayapsan chog'i.

U o'rtog'i tomon qadam bosdi. Nevillning qo'lidan chiqib ketgan Trevor vaqtni yo'qotmay yana qorong'ilikka kirib ketdi.

- Xo'sh, qani yaqinroq kel bo'lmasa, ur meni, qani urchi - Nevill mahkam siqib olgan mushtchalarini ko'tarib oldi, - Kel, men tayyorman!

Garri Germionaga yuzlandi.

- O'zing biror chora ko'rmasang bo'lmaydi, shekilli, - ilojsiz iltimos qildi u.

Germiona bir qadam oldinga chiqdi.

- Nevill, do'stim, - dedi u, - Ushbu ishni qilishga majbur ekanligimga dilsiyohlik-la iqror bo'laman. Meni kechir.

Qizaloq sehrli tayoqcha ushlagan qo'lini baland ko'tardi-da:

- Petrifikus Totalus! - degancha, o'rtog'iga o'qtadi.

Birdan Nevillning qo'llari tanasining yon boshlariga, qaychi singari yopilgan oyoqlari esa bir-biriga yopishib qoldi. Vujudi suyak bo'lib qotgan bola turgan joyida bir oz tebranib turdi-da, erga yuzi bilan taxtaday tushdi.

Tez yaqinlashgan Germiona uni beliga ag'dardi. Nevillning jag'lari mahkam siqilgan bo'lib, faqat javdiragan ko'zlarigina o'z chanoqlarida gir aylandi.

- Nima qilib qo'yding uni? - pichirlab so'radi Garri.

- To'liq Tana-bint, - ma'yus javob qaytardi Germiona, - Eh Nevill, vijdon azobi meni qanchalik qiynayotganini bilsang edi.

- Biz o'z ishimizni qilishimiz kerak Nevill. Biroq qanaqangi ish-u, uning sabablarini senga tushuntirib o'tirishga vaqt yo'q, uzr - dedi Ron va o'rtog'ining tanasi ustidan xatlab o'tib, ko'rinmas plash ostiga yashirindi.

Erda xoda singari yotgancha qolgan Nevill ish boshidagi yaxshi alomat bo'lmadi. Asabiy holatda yurgan bolalar ko'ziga yo'lda duch kelgan haykal Filch, har bir esgan engil shabada esa yuqoridan uchib tashlanayotgan poltergeyst Dryuzg bo'lib ko'rindi.

Ilk zinapoyaning birinchi pog'onasiga etib kelishlari bilan yuqoridagi zina maydonchasida sayr qilib, o'z patrullik xizmatini vijdonan o'tab yurgan missis Norrisga ro'baru bo'lishdi.

- Bir bor bo'lsa ham yaxshilab tepay uni! Xumordan chiqay! - pichirladi Ron Garrining qulog'iga.

Rozilik bermagan Garri bosh siltadi. Mushuk yonidan asta o'tishayotganda missis Norris fonusday keladigan ko'zlarini bolalar tomonga bir oz baqraytirib turdi-da, hech narsa qilmay, nari ketdi.

Uchovlon uchinchi qavatdagi zinapoyaga etib kelgunga qadar boshqa hech kimga ro'baru bo'lmadi. Bu erda esa zinapoya o'rtasidagi pog'onalar uzra chayqalib turgan Dryuzg sholchani, uning ustida yurgan odam sirpanib tushadigan qilib tortib qo'yish bilan mashg'ul ekan.

- Kim yuribdi bu erda? - so'radi serjahl mayda ko'zlarini qisib olib, atrofga olazarak qarab chiqqan poltergeyst, bolalar yaqin kelishlari hamono, - Hoy, seni ko'rmayotgan bo'lsam-da, shu erda ekanligingni sezib turibman. Qon so'rar arvohmisan yoki o'quvchimisan?

U yanada baland ko'tarilib, bolalar turgan joyga diqqat bilan qaragancha, boshlari uzra gir aylana boshladi.

- Filchni chaqirmasam bo'lmaydi shekilli, - xulosa qildi poltergeyst, - Tek qo'yib bersang, har xil ko'rinmaslar ko'payib ketadiganga o'xshaydi...

Shu tob Garrining xayoliga kutilmagan fikr kelib qoldi.

- Dryuzg, - dedi u yasama xirildoq ovoz bilan, - Qonxo'r Baron ko'rinmas bo'lishi uchun sabab bor.

Qo'rqib ketgan Dryuzg polga qulab tushishiga sal qoldi.

- Ma'zur sanang, mister Baron Qonxo'r janoblari, - dedi erga bir metrcha qolgandagina o'zini idora qilib olgan Dryuzg, tilyog'lamalik qilib, - Tanimabman, tanimay qolibman, payqamay qolibman, sezmay qolibman, qariya Dryuzgni ahmoqona hazili uchun kechiring, ser.

- Shu yaqin atrofda ishim bor, - davom etdi Garri, - Bugungi tunni bu erlardan narida o'tkazganing ma'qul. Aks holda...

- Tushunarli, ser, albatta, ser, - va'da berdi Dryuzg, yuqoriga boz ko'tarilib, - Ishingiz baroridan keladi degan umiddaman. Ortiq bezovta qilishga jur'at etmayman, ser...

Dryuzg g'izillagancha gum bo'ldi.

- Qoyil qilding, Garri! - pichirladi Ron.

Yana bir necha soniyadan so'ng, uchovlon uchinchi qavatdagi yo'lakka kirish eshigiga etib kelishdi. Eshikning qulfi ochiq.

- Xo'sh, kutganday bo'ldi, - asta gapirdi Garri, - Snegg Momiqvoy yonidan o'tib bo'libdi.

Qulfi ochiq eshikni ko'rgan bolalar ularni qanday jiddiy xavf kutayotganini ilk bor idrok etishdi. Garri, plash ostida turgancha, do'stlariga yuzlandi.

- Qaytishni istasangiz, qaroringizni aybga buyurmayman, - dedi u, - Plashni ham ola ketishingiz mumkin. U endi menga kerak bo'lmaydi.

- Bema'ni gapni qo'y, garr, - dedi Ron.

- Biz sen bilan, - tasdiqladi Germiona.

Garri turtgan eshik g'irchillab ochildi. Ularning qulog'iga yo'g'on, bo'g'iq angillash eshitildi. It bolalarni ko'rmayotgan bo'lsa-da, uchala bahaybat burni eshik tomon burilib, zo'r bergancha hidlay boshladi.

- Oyog'i oldida nima turibdi? - pichirladi Germiona.

- Arfaga o'xshaydi, - javob qaytardi Ron, - Snegg qoldirib ketgan bo'lsa kerak (Arfa – chertib chalinadigan katta musiqa asbobi).

- Chamasi, kuy to'xtasa it uyg'onadi, - dedi Garri, - Xo'sh, boshladik bo'lmasa...

U Xagridning fleytasini og'ziga solib puflashga kirishdi. Eshitilgan tovushni kuy deb aytish qiyin kechsa-da, ilk notani eshitgan itning ko'zlari kirtayib, yumila boshladi. Garri fleytani deyarli nafas olmay, zo'r berib pufladi. Itning irillashi asta-sekin to'xtab, bahaybat oyoqlarini harakatlantirgancha, tizzalarini bukdi va nihoyat yonboshlab, tarashadek qotib qoldi.

- Maftunkor kuyingni to'xtatma, - ogohlantirdi Ron.

Ular plashni asta echib, erto'la qopqog'iga yaqinlasha boshlashdi. Uxlab qolgan uchta kallaga yaqin borishar ekan, itning xushbo'y deb bo'lmaydigan qaynoq nafasini his etishdi.

- Qopqoqni ochish imkoni bor, nazarimda, - dedi Ron, it kallalaridan biri uzra qarab, - Tarbiya ko'rgan jentlmen, odatda, ayol kishini oldin o'tkazadi. Germiona, birinchi bo'lib o'tishni xohlaysan-mi?

- Yo'q, istamayman!

- Unday bo'lsa, men o'taman.

Ron tishlarini mahkam siqib olib, itning oyog'i ustidan hatlab o'tdi-da, egilgancha, tuynuk qopqog'iga mahkamlangan halqani ushlab tortdi. Tuynuk ochildi.

- Biron nima ko'rding-mi? - xavfsirab so'radi Germiona.

- Hech narsa ko'rinmaydi, ichkari qop-qorong'i, narvon ham yo'q, sakrashga to'g'ri keladi.

Tirishib fleyta puflayotgan Garri Ronning e'tiborini o'ziga jalb etish uchun qo'lini siltab, o'zi sakrashini imo qilgan bo'ldi.

- Birinchi bo'lib o'zing sakramoqchimisan? Ishonching komilmi? - so'radi Ron Garridan, - Qanchalik chuqur ekanligi noma'lum. Xo'p, yaxshi, unday bo'lsa, fleytani Germionaga ber. Kuchukchaning uyqusi buzilmasin, tag'in.

Garri fleytani Germionaga uzatdi. Atigi bir-ikki soniya davom etgan tanaffus davomida it qayrilib, angillab olishga ulgurdi. Germiona kuy chala boshlashi hamono yana uxlab qoldi.

Garri it ustidan hatlab o'tib, tuynukka qaradi. Chuqurlik tubining biror-bir alomati ko'rinmaydi.

Tuynuk chetlarini ushlab olgan Garri, barmoqlari uchida osilib qolgunga qadar ehtiyotlik bilan pastga tushdi-da, Ronga qarab:

- Agar menga biror kor-hol bo'lsa, ortimdan tushmanglar. To'g'ri boyqushxonaga borib, Dambldorga xabar yo'llanglar.

- Ko'ngling to'q bo'lsin, - va'da berdi Ron.

- Unday bo'lsa, umid qilamanki, bir daqiqadan so'ng uchrashamiz.

Garri qo'lini bo'shatdi. U pastga, sovuq va nam zulmat qa'riga to'xtovsiz tusha boshladi. Nihoyat...

ShALP. U g'alati, bo'g'iq, yumshoq g'archillagan tovush chiqarib quladi. Qandaydir muloyim narsa ustida yotibdi. Garri o'tirib oldi-da, atrofini paypasladi. Ko'zi qorong'ilikka hali ko'nikmagan.

- Ishlar joyida! - qichqirdi u, yuqorida, pochta markasiday kichkina ko'rinayotgan tuynuk og'ziga qarab, - Qandaydir yumshoq o'simlik bor ekan, sakrang.

Ron shu zahoti sakradi-da, Garrining yonida cho'zilib yotib oldi.

- Qanaqangi hazil bu? - so'radi u.

- Bilmadim, qandaydir o'simlik. Sakrab tushish uchun atayin to'shalgan taglik bo'lsa kerak.

Yuqorida eshitilayotgan musiqa tovushi tindi. Xayol o'tmay itning akillagani eshitildi. Pastga sakrashga ulgurgan Germiona Garridan sal nariga tushdi.

- Biz maktab ostiga, bir necha milya chuqurlikka tushib oldik shekilli.

- Xayriyatki, mana bu o'simlik bor ekan, - dedi Ron.

- Xayriyat deysanmi?! - chiyillab yubordi Germiona, - Ahvollaringga qaranglar!

Qizaloq sapchib o'rnidan turdi-da, zax devor tomon talpindi. U pastga tushishi bilan o'simlikning o'rmalovchi poyalari to'pig'iga chirmashib olgani bois zo'r berib harakatlanishiga to'g'ri keldi. Garri bilan Ron esa oyoqlari mahkam o'ralganini sezmay qolishgan. O'simlik changalidan qutulib qolishga ulgurgan Germiona o'z tanalaridan liana poyalarini uzib, o'simlik bilan kurashayotgan bolalarga dahshat bilan qarab qoldi. Bolalar qanchalik jadal to'lg'ansa o'simlik poyalari ularni shu qadar tez va mahkam qamrab olmoqda (Liana – asosan tropik va subtropik o'rmonlarda o'sadigan chirmoviq o'simliklarning umumiy nomi).

- Qimirlamang! - buyurdi Germiona, - Bu qanday o'simlik ekanligini bilaman. Bu Iblis to'ri!

- Naqadar baxtiyormiz, o'simlik nomini bilib oldik, ana endi bemalol asfalasofilinga ravona bo'lishimiz mumkin, - dedi Ron, g'azabi qaynab.

Bo'ynini ajal keltiradigan poyadan chetga olgan Ron xirillagan ovoz chiqardi.

- Jim! Xalal berma, uni qanday o'ldirishni eslashga urinyapman! - baqirdi Germiona.

- Tezroq esla, nafas olishim qiyinlashib qoldi! - dedi ko'kragidagi poyalarni uzayotgan Garri, bo'g'iq ovoz chiqarib.

- Iblis to'ri, Iblis to'ri... nima degan edi-ya, professor Sarsabil xonim? Unga qorong'i va zax joy yoqadi...

- Demak, gulxan yoqishing kerak ekan! - xirilladi Garri.

- Ha, albatta. Lekin o'tin yo'q-ku bu erda?!

- MIYaNGNI EB QO'YDING-MI, GERMIONA? SEHRGARMISAN O'ZI YoKI MASXARABOZ MAGLMISAN?

- Ha-ya, - quvonib ketdi Germiona.

Qizaloq sehrli tayoqchasini siltab, allanarsa deb pichirladi-da, bir vaqtlar, kvidish o'yini paytida Sneggning egnidagi mantiyaning etagini o't oldirgan kabi yorqin moviy olovning qudratli dastasini o'simlikka yo'naltirdi. Ikki soniya o'tgach, bolalar liana poyalarining kuchi bo'shashib, olov tafti va yorug'likdan chekinishganini his etishdi. Iblis to'ri ularni asta-sekin xalos etdi.

- Xayriyatki gerbologiya fanini puxta o'zlashtirib olgan ekansan, - dedi Garri, devor oldidagi Germionaning yoniga turgancha, peshonasidagi terni artib.

- Xayriyatki Garri murakkab vaziyatda o'zini idora qila oladi, - dedi Ron, - Topgan gapini qarang-a, «o'tin yo'q» emish.

- Bu tomon yuramiz, - dedi Garri yagona yo'l bo'lmish tosh tunnel tomon ko'rsatib.

O'z qadam tovushlaridan tashqari, bolalar, o'ta zax devordan erga oqib tushayotgan suv tomchilarining tovushini eshitib borishdi. Tunnel er qariga qarab ketgani bois Garri beixtiyor «Gringotts»ni esga oldi. Sehrli bankni ajdarlar qo'riqlashi yodiga tushgach, yuragi orqaga tortib ketdi. Agar hozir katta ajdar duch kelib qolsa-chi. Garchi, Norbertning o'zi ham kichiklik qilmaydi hozir.

- Eshitding-mi? - pichirladi Ron.

Garri qulog'iga zo'r berdi. Yuqoridan shitir-shitir va qurqur tovush eshitildi.

- Nima deb o'ylaysan, arvohmi?

- Bilmadim... Ko'proq qanot tovushiga o'xshab ketyapti.

Bolalar tunneldan chiqib, shifti gumbazsimon, yorqin yoritilgan zalga kirib qolishdi. Zal olmos singari yaltirayotgan mitti qushlarga to'lgan. Ular u yoq, bu yoqqa tartibsiz, parillab uchib yurishibdi. Ro'parada esa emandan yasalgan qalin eshik ko'rindi.

- Zaldan yurib o'tsak, tashlanib qolisharmikan? - so'radi Ron.

- Ehtimol, - javob qaytardi Garri, - Ko'rinishidan xavfliga o'xshashmaydi-yu, agar hammasi birdaniga tashlanib qolishsa... nima ham qila olar edik, boshqa yo'l yo'q... men yugurdim bo'lmasa.

Garri chuqur nafas oldi-da, yuzini qo'li bilan bekitib, eshik tomon yugurdi. Hozir uning badaniga o'tkir tumshuqchalar-u, po'latday tirnoqchalar sanchilishini kutdi. Biroq hech narsa ro'y bermay, narigi tomonga eson-omon etib olib, dastani tortgach, eshik qulflanganligiga ishonch hosil qildi.

Hamrohlari kelib, eshikni itarib ham, tortib ham ko'rishdi. Eshik ochilmadi. Hatto Germionaning «Alloomoru»si ham kor bermadi.

- Xo'sh, endi nima qildik? - qiziqib so'radi Ron.

- Mana bu qushchalar... bejiz uchib yurishmagandir. Bu erda bir gap bo'lishi kerak... - o'ylanib qoldi Germiona.

Bolalar bosh uzra yaltirab uchib yurgan qushchalarni tomosha qilib turishdi... Yaltirab?

- Bular qush emas, - daf'atan xitob qildi Garri, - Kalitlar-ku! Qanotli kalitlar! Razm solib qarang! Binobarin...

Do'stlari e'tibor qaratgunga qadar, u atrofga ko'z yugurtirib chiqdi.

- To'ppa-to'g'ri! Qarang, supurgilar! Demak, mana bu eshikka tushadigan kalitni tutib olishimiz kerak ekan-da!

- Axir bu erda yuzlab kalitlar uchib yuribdi-ku! Ulardan qaysi birini tutish kerak? - hayratlandi Germiona.

- Bu qulfga katta, eski bichimda tayyorlangan va eshik dastasiga o'xshash kumush kalit tushadi, chamasi, - fikr bildirdi Ron, qulfni diqqat bilan o'rganib chiqib.

Uchovlon bittadan supurgi egarlab, o'zlarini kalitlar galasining qoq o'rtasiga urishdi. Kalitlar shu qadar tez izg'ishar ediki, bolalar qanchalik urinishmasin, birorta ham kalit tutib olishmadi.

Har qalay Garri, so'nggi yuz yillikning eng yosh Sayyodi etib bejiz tayinlanmagan. Boshqalar ko'rmagan narsani ko'rib, kuzatish qobiliyati bor unda. Rang-barang qanotlar girdobida bir oz qo'l siltab uchib yurgach, yaqindagina tutib olinib, dag'allik bilan qulfga suqilganligidan qanoti yon boshiga ezilib qolgan yirik kumush kalitni ko'rib qoldi.

- Topdim, ana u! - baqirdi Garri, - Ana, yo'q u tomonga emas, bu tomonga qaranglar, och moviy qanoti yon boshiga egilgan. Ko'rdingiz-mi?

Ron o'zini, Garri ko'rsatgan tomonga tashladi va shiftga urilib, supurgidan qulab tushishiga sal qoldi.

- Qurshang uni! - qichqirdi Garri, qanoti ezilgan kalitdan ko'zini uzmay, - Ron, sen yuqoridan kel, Germiona, sen pastda qolib, yo'lini to's. Men esa uni tutib olishga urinib ko'raman. Xo'sh, boshladik, BOShLADIK!

Ron pastga sho'ng'idi, Germiona raketa singari yuqoriga ko'tarildi. Kalit ikkalasiga ham chap berib, qochdi. Biroq Garrining ta'qibi ostida qolgach, devor tomon uchdi. Garri oldinga engashdi-da, o'ljani devorga qarsillatgancha urib, yopishtirib qo'ydi. Zalda Germiona bilan Ronning baralla xitobi yangradi.

Uchovlon zudlik bilan erga qo'ngach, Garri, qo'lidan siltanib chiqishga urinayotgan kalit bilan eshik tomon yugurdi. Eshik qulfi ochilishi bilan shu bugunning o'zida ikkinchi marotaba tutib olingan kalit qulf teshigidan otilib chiqib, ezilib ketgan ahvolda nari uchib ketdi.

- Xo'sh, tayyormisiz? - so'radi Garri, kaftini eshik dastasiga qo'yib.

Do'stlar bosh irg'igach, Garri eshikni ochdi.

Navbatdagi zal juda qorong'i, bolalarga deyarli hech narsa ko'rinmadi. Lekin ichkariga qadam qo'yishlari bilan xona yorishib ketib, ularning ko'z o'ngida g'aroyib manzara ochildi.

Bolalar nihoyatda katta shaxmat taxtasining chetiga chiqib olishgancha, qora toshdan o'yib yasalgan, baland qora donalar ortida turishganini ko'rishdi. Taxtaning narigi tomoniga oq donalar terilgan. Bo'yi minoralarday ko'tarilib turgan oq donalarning yuzlari tasvirlanmagan. Uchovlon o'rtoq bir oz qo'rqib ketishganday bo'ldi.

- Endi nima qilishimiz kerak? - pichirladi Garri.

- Ayon-ku, - dedi Ron, - Taxtaning narigi tomoniga o'tish uchun shaxmat o'ynash kerak.

Oq donalar ortida navbatdagi eshik ko'rinib turibdi.

- Hozir shaxmat o'ynashimiz kerakmi?! - hayron bo'lib so'radi Germiona.

- Fahmimcha, har birimiz, ushbu o'yinda, shaxmat donasi sifatida ishtirok etishimiz lozim, - g'udulladi Ron.

U qora otga yaqin borib, uzatgan qo'lini otga tekkizdi. Ot shu zahoti jonlanib, tepsina boshladi. Ot ustidagi dubulg'a kiygan risarь egilib, Ronga qaradi.

- Narigi tomonga o'tib olish uchun biz... m-m-m... sizlarga qo'shilishimiz kerakmi?

Qora risarь bosh irg'igach, Ron do'stlariga yuzlandi.

- Ana, aytdim-ku. Hozir. O'ylab olay... - dedi u, - Qora piyodalar o'rnini egallashimiz kerak chog'i...

Garri bilan Germiona Ronga xalaqit bermay, jim turishdi. Nihoyat Ron o'yiga etganday bo'ldi.

- Bolalar, faqat xafa bo'lmanglar-u, ikkalangiz shaxmatni nihoyatda yomon o'ynaysiz...

- Yo'q, biz xafa emasmiz, - Ronning gapini bo'ldi Garri, - Eng asosiysi, nima qilishimiz kerakligini aytsang bo'ldi.

- Garri, sen fil o'rnini egallaysan, Germiona esa o'ng tomondagi rux o'rnida o'ynaydi.

- O'zing-chi?

- Men ot bo'laman, - qaror qildi Ron.

Shaxmat donalari Ronning so'zlarini diqqat bilan eshitganga o'xshaydi. Negaki, Ron gapini tugatgach, qora ot, rux va fil oq donalarga orqa o'girishdi-da, o'z o'rinlarini bolalarga bo'shatib berishgancha, shaxmat taxtasini tark etishdi.

- Odatdagidek, oqlar boshlashadi, - dedi Ron, raqibning bir tekis safiga razm solib, qarab chiqqach, - Darhaqiqat... qarang...

Oq piyodalardan biri ikki katak oldinga chiqdi.

Ron qora donalarga rahbarlik qilishga kirishib ketdi. Ular bolaga so'zsiz bo'ysunib, tayinlangan katakka ko'chib o'ta boshlashdi. Xavotirlangan Garrining tizzalari qaltiray boshladi. Yutqazib qo'yishsa nima bo'ladi?

- Garri, diagonal bo'ylab, to'rt katak o'ngga yur.

Qoralarning ikkinchi oti boy berilganida, bolalar serrayib qolishdi. Gap shundaki, oq farzin chavandozni erga qulatib, sudragancha, shaxmat taxtasidan tashqariga uloqtirib yubordi. Bechora risarь yuzi bilan erga tushib, qilt etmay qoldi.

- Shunday qilishga majbur bo'ldim, - oqlay ketdi o'zini, qilmishidan iztirob chekayotgan Ron, - Endi, Germiona, ho' anavi oq filni urishing mumkin, olg'a.

Har safar, qora donalar boy berilganida, oq donalar o'z shafqatsizligini ochiqdan-ochiq namoyon qilishdi. Ko'p o'tmay, devor yonida qora donalarning jonsiz uyumi hosil bo'ldi. Garri bilan Germiona xavfli vaziyatga tushib qolgan holatlarni Ron ikki marotaba o'tkazib yuborishiga sal qoldi. O'zi esa taxta bo'ylab yashin tezligida yugurib-elib, oqlar nechta qora dona urishgan bo'lsa, yolg'iz o'zi shuncha oq dona urib bordi.

- Deyarli etib keldik, - kutilmaganda g'udulladi Ron, - Shoshmay turing, o'ylab olay...

Oq farzin o'zining bo'sh yuzini Ronga qaratdi.

- Ha... - dedi Ron, - Yagona yo'l shu... Men o'zimni qurbon qilishim kerak.

- YO'Q! - baralla qichqirib yuborishdi Garri bilan Germiona.

- Shaxmat-ku bu, axir! - keskin bo'ldi ularni Ron, - Bu o'yinda doimo nimanidir qurbon qilish kerak! Agar men navbatdagi yurishimni bajarsam, oq farzin meni urib, o'rnimga turib olishga majbur bo'ladi. Buning evaziga sen, Garri, borib shohni mot qilasan!

- Ammo...

- Severusni to'xtatish niyating bormi yoki ahdingdan qaytding-mi?

- Ron...

- Quloq sol, agar tezroq qimirlamas ekansan, hozir Snegg toshga ega bo'lib oladi!

Boshqa muqobil yo'l topilmadi.

- Tayyormisiz? - qichqirdi Ron, oqarib ketgan qat'iy yuzi bilan, - Men ketdim. Mot qilishingiz bilan imillamay, dadil harakatlaning!

U o'z yurishini bajarishi bilan oq farzin bolaga tashlanib, tosh qo'li bilan boshiga soldi. Dahshatga tushgan Germiona qichqirib yuborib, o'zini bazo'r to'xtatib qoldi. Oq farzin erga qulagan bolani shaxmat taxtasidan sudrab chiqib, chetga uloqtirdi. Hushini yo'qotgan Ron qilt etmay yotdi.

Tizzasi to'xtovsiz qaltirayotgan Garri diagonal bo'yicha chap tomonga uch katak olg'a bosdi.

Nihoyat oq shoh boshidagi tojini echib, Garrining oyog'i ostiga tashladi. Qoralar yutdi. Omon qolgan oq donalar ta'zim bajo aylagancha, eshik tomon yo'l berishdi. Ronga so'nggi bor umidsiz qarab qo'ygan bolalar eshikdan kirib, navbatdagi yo'lakka chiqishdi.

- Agar Ron...

- U tirik, - dedi Garri, o'zini o'zi ishontirishga urinib, - Nima deb o'ylaysan oldinda bizni yana qanday sinov kutyapti?

- Biz professor Sarsabil xonimning Iblis to'rini engib o'tdik. Kalitlar professor Flitvikning qilig'i bo'lsa kerak. Professor Makgonagall esa shaxmat donalariga jon ato etgan. Oldinda professor Belka bilan Snegg tuzoqlari qoldi...

Ular navbatdagi eshikka yaqinlashdi.

- Xo'sh? - pichirladi Garri.

- Och.

Garri eshikni turtdi.



Xonaga jirkanch hid urib ketgan. Korjomalari bilan burunlarini bekitib olishgan bolalarning ko'zlarini achchiq badbo'y hid yoshlantirib yubordi. Ular ko'z yoshlari aro, erda chalqancha tushib yotgan trollning jasadini ko'rishdi. Bu troll, Xellouin kuni «qizlar xonasi»da kurashgan trollga nisbatan ancha yirik ekan. Boshida qonli jarohat ko'rinib turgan troll qotib qolibdi.

- Xayriyat, u bilan kurashishga to'g'ri kelmadi, - pichirladi Garri, trollning yirik oyog'i ustidan hatlab o'tib, - Yur tezroq, nafasim qaytib ketyapti.

Ular navbatdagi eshikni ochishdi. Yuragi betlamay qolgan bolalar ichkariga qarashga o'zlarini majbur qilishdi. Biroq biron-bir xavfli vaziyat yuz bermadi. Xona o'rtasidagi kichik stol ustiga turli shaklda yasalgan etti dona shisha idish bir qator terilgan.

- Severus qo'ygan tuzoq, - fahmladi Garri, - Xo'sh, nima qilish kerak?

Ular ostona hatlab ichkariga kirishlari bilan orqa tomonda g'ayrioddiy qirmizi olov guvillab ketdi. Shu fursatning o'zida ro'paradagi eshik ostonasidan qora olov ko'rindi. Bolalar ikki olov iskanjasida, tuzoqqa tushib qolishdi.

- Qara!


Germiona shisha idishlar yonida yotgan pergament o'ramini changallab oldi-da, unda bitilgan yozuvni Garri bilan birga o'qishga kirishdi.
Qarshingizda xavf bo'lar, xavfsizlik ortingizda,

Zakovatni ishlating – hayotingiz aqlingizda.

Ikkisi yordam berar, ularni topmoq darkor,

Ettimizdan birimiz – olg'a yuring berar kor,

Birimizni ichsangiz ortga olib qaytarmiz,

Hammamizdan ikkimiz qichitqi o't sharbatmiz,

Safimizda uchovlon qotillar, iching – o'ling,

Qamoqda qolgan kundan shu yo'lni ma'qul biling,

Yordam beraylik mayli, to'rtta yo'l ko'rsataylik:

Mana biri,

Zahar harchand urinsin, yashirinsin, bekinsin,

Sharbatdan chapda turar, yodingizdan chiqmasin;

Ikkinchisi,

Turli tomon turganlar turlicha farq qilarlar,

Olg'a yursangiz-da bas, dushmanga aylanarlar;

Uchinchisi,

O'lchami turli bo'lib, ko'zni uncha aldamas,

Bahaybat ham, mitti ham sizga ajal keltirmas;

To'rtinchisi,

Chapdan ikki, o'ngdan ikki qiyofasi o'xshamas,

Mazasini tatib ko'ring bir-biridan farq qilmas.
Germiona kulib, oh urdi. Uning bunday murakkab daqiqalardagi tabassumi Garrini taajjublantirdi.

- Juda soz, - xitob qildi Germiona, - Bu afsun emas, mantiqiy topishmoq. Aksariyat buyuk afsungarlarda zig'irday bo'lsa ham, mantiqiy fikr yuritish qobiliyati bo'lmagan. Ular chindan ham bu erda bir umr qolib ketgan bo'lishar edi. Snegg buni yaxshi biladi.

- Demak biz ham qolib ketamiz yoki unday emasmi?

- Yo'q, albatta, - dedi Germiona, - Bizga kerak bo'lgan jamiki axborot shu satrlarning o'ziga yashirilgan. Ettita shisha idish, ulardan: uchtasida zahar bor, ikkita idishga sharbat quyilgan, bittasi qora olovdan o'tkazsa, yana biri qirmizi olovni engib o'tishga imkon beradi.

- Qaysi idishda nima borligini qanday bilamiz?

- Bir daqiqa o'ylab olay.

Germiona she'rni bir necha bor takror o'qib chiqdi-da, shisha idishlar qatori yonidan allanima pichirlab, barmoqchasini idishlarga o'qtagancha bir oz u yoq, bu yoqqa yurib chiqdi. Nihoyat u, qars urdi.

- Tushundim, - bayonot qildi u, - Eng kichkina idishcha bizni qora olovdan o'tkazib, toshga olib boradi.

Garri mittigina idishga qarab qo'ydi.

- Uning ichidagi damlama bir kishiga etsa ham katta gap, - dedi u, - Qara, bazo'r bir ho'plam chiqadi.

Ular bir-biriga qarab qo'yishdi.

- Qaysi biri qirmizi olovdan o'tishga yordam beradi?

Germiona o'ng tomondan birinchi turgan yumaloq shisha idishni ko'rsatdi.

- Ich uni, - buyurdi Garri, - Gaplarimga diqqat bilan quloq sol. Orqaga qaytgin-da, Ronni hushiga keltir. Ikkalalaring kalitlar uchib yurgan xonadagi supurgilarni egarlang. Supurgilarda liana uzra uchib o'tib, chuqurlikdan yuqoriga chiqing-da, Momiqvoy yonidan tez o'tib oling. Shundan so'ng, to'g'ri boyqushxonaga borib, Xedvigni Dambldor ketidan uchiring. Professor bizga kerak. Men ehtimol Severusni bir muncha vaqt ushlab qolarman-u, lekin men unga bas keladigan raqib emasman.

- Biroq Garri, agar u erda O'zing-Bilasan-Kim bo'lsa-chi?

- Nima ham qilar edim, qachonlardir men undan qutulganman-ku, shunday emasmi? - dedi Garri peshonasidagi chandig'ini ko'rsatib, - Ehtimol, bu safar ham omadim chopib qolar.

Germionaning lablari titrab ketdi. U kutilmaganda Garriga tashlanib, qo'llari bilan bo'ynini quchib oldi.

- Germiona!

- Garri, bilasanmi, sen buyuk sehrgarsan!

- Senga etib olishimga hali ancha bor, - dedi u, Germiona qo'llarini tushirgach.

- Menga! - xitob qildi Germiona, - Men kitob o'qiganman xolos! Ehtimol zehnim nisbatan o'tkirdir! Lekin bundan-da muhimroq – sadoqat va jasorat kabi tushunchalar bor. Oh, Garri! O'zingni ehtiyot qil!

- Oldin sen ich, - dedi Garri, - Qaysi idishda nima borligiga ishonching mutlaqo komilmi?

- Mutlaqo, - dedi Germiona.

U yumaloq idishni qo'liga oldida, yaxshigina ho'plab olgach, bir seskanib oldi.

- Zahar emasmi? - xavotirlandi Garri.

- Yo'q, muzlatar ekan.

- Bor, dori ta'siri barham topishidan oldin olovdan o'tib ol.

- Omad senga, Garri. O'zingni ehtiyot qil.

- BOR!

Germiona o'girilib tikka qirmizi olovga kirib ketdi.



Garri chuqur nafas oldida, eng kichkina idishni qo'liga olib, qora olov tomon yuzlandi.

- Hozir etib olaman, - dedi u va bir ko'tarib, idishni bo'shatdi.

Haqiqatan ham butun vujudi muzga aylanib qolganini his etdi. Garri idishni joyiga qo'yib, olg'a odimladi. Bola qo'llari bilan o'zini quchib oldi. Olov butun tanasini qamrab olgan bo'lsa ham, harorati sezilmadi. Qandaydir fursat davomida bolaning ko'zlari olovdan boshqa hech narsani ko'rmay qoldi. Yana bir necha qadam yurgach, olovning ortiga, so'nggi zalga kirib bordi.

U erda yana bir kishi turibdi. Biroq u, Snegg ham, Voldemort ham emas.

Bob-17."IKKI YuZLI ODAM"

Taajjub, xonada Belka turibdi.

- Siz! - hayron bo'ldi Garri.

Odatda, titrab turadigan yuzi endi titramay qo'ygan Belga bolaga qarab kulib qo'ydi.

- Men, - xotirjam javob qaytardi u, - Ikkalamizning shu erdagi uchrashuvimiz haqida o'ylab yurar edim doimo, Potter.

- Biroq o'ylashimcha, bu erda... Snegg...

- Severus-mi? - qahqahlab yubordi Belka.

Qahhaha ham Belkaning, odatda, asabiy, titroq kulgisiday emas, aksincha, juda qat'iy, sovuq yangradi.

- Nima ham deyman, - davom etdi Belka, - Sneggning rangi-ro'yi-yu, kepatasiga qaraganda chindan ham yovuz kishiga o'xshab ketadi, shunday emasmi? Go'yo yirik ko'rshapalak kabi doimo atrofimda parvona. Uning oldida m-m-menday, b-b-bechora d-d-duduq p-p-professor B-b-belkadan k-k-kim ham sh-sh-shubhalanar edi?

Garri o'z quloqlariga o'zi ishonmaydi. Bo'lishi mumkin emas. Bunday bo'lishi mumkin emas.

- Axir Snegg meni o'ldirish payida yurgan edi-ku!

- Yo'q, yo'q, yo'q. Seni o'ldirishga Snegg emas men uringanman. O'sha kvidish o'yinida do'sting miss Grenjer Sneggni yoqib yuborishga shu qadar oshiqib bordiki, hatto meni ham bexos turtib yuborib, nigohimni sendan uzib qo'ydi. Aks holda, yana ikki soniyadan so'ng, supurgidan qulatib, katta ko'chada bosib olingan qurbaqaga o'xshatib qo'ygan bo'lar edim seni. Snegg... Agar u men o'qiyotgan afsunga qarshi afsun o'qib o'tirmaganda, seni tinchitishga ko'p vaqt ketmas edi. O'sha kuni o'tirgan joyida seni joningni saqlash bilan band bo'lgan.

- Snegg meni hayotimni saqlab o'tirdi-mi?

- Albatta! - sovuq ohangda tasdiqladi Belka, - Nima deb o'ylaysan, nega endi Snegg dabdurustdan keyingi o'yinga hakamlik qilishga istak bildirib qoldi? Chunki u, ikkinchi bor urinishimga yo'l qo'ymaslik kerak deb o'ylagan o'zicha. Kulgili... Bunchalik tashvish chekmasa ham bo'lar edi. Dambldor bor joyda mening qudratim juda zaif... Qolgan o'qituvchilar orasida esa Snegg haqida noto'g'ri fikr shakllandi. Snegg griffindorchilar g'olib chiqishiga to'sqinlik qilmoqchi deb o'ylashdi... Bu esa o'z navbatida, uning obro'siga putur etkazdi... Eng asosiysi, shuncha vaqt-u, kuch behuda sarf etilgani bo'ldi. Axir bari-bir hozir o'ldiraman-ku seni.

Belka barmoqlarini shaqillatdi. Daf'atan havoda arqonlar paydo bo'lib, Garriga o'ralishdi-da, bolani turgan joyida harakatsizlantirib, mahkam bog'lab qo'ydi.

- Sen haddan ortiq qiziquvchian bolasan. Bunday kishilar xavfli sanalib, ularni tirik qoldirib bo'lmaydi. Xellouin kuni maktab bo'ylab sandiroqlab yurganini qarang-a! Fahmimcha, tosh qanday saqlanayotganini o'rganib chiqish uchun borganimni ko'rib qolgansan, a?

- O'sha kuni trollni qasrga kiritgan sizmidingiz?

- Albatta. Troll oviga qobiliyatim o'zgacha. Bu erga kirish yo'lagini qo'riqlagan bechora trollning ahvolini ko'rib, ishonch hosil qilgansan, deb o'ylayman? Baxtga qarshi, o'sha kuni hamma troll ketidan quvib yurganda, tentak Snegg, to'g'ri uchinchi qavatga yo'l oldi. U ancha vaqtdan buyon mendan shubhalanib yurgan. Mendan sal ertaroq harakat qildi... Oqibati nima bo'ldi? Troll seni bir yoqli qilmagani kamlik qilganday, anavi uch kallali ahmoq it ham Sneggning oyog'ini tuzuk-quruq tishlab, uzib olmadi! Hozir esa Potter, jim bo'l! Men mana bu ko'zguni yaxshilab o'rganib chiqishim darkor.

Garri professor Belkaning ortida nima turganini endi fahmladi. Ko'ngildagi orzular ko'zgusi shu erga yashirib qo'yilgan ekan.

- Toshni mana shu ko'zgu yordamida topish mumkin, - g'udulladi Belka, ko'zgu romini bir chetdan taqillatib chiqar ekan, o'zi bilan o'zi gaplashib, - Dambldordan yana nimani ham kutish mumkin... U hozir Londonda bo'lsa... Qaytib kelganida, men bu erlardan juda uzoqda bo'laman...

Belkaga xalal berish uchun uni gapga solib, xayolini ko'zgudan chalg'itish kerak, niyat qildi Garri.

- Men siz bilan Snegg ikkalangizni o'rmonda ko'rganman! - dedi u.

- To'g'ri, - istar-istamas javob qaytardi Belka, ko'zgu ortiga o'tib, - U menga ayb qo'yib, qanchalik haddan oshib ketganligimni bilishga urindi. Doimo mendan shubhalangani-shubhalangan. Meni qo'rqitish harakatini hech qo'ymadi-qo'ymadi. Go'yo hukmi zo'r uning. Bilmaydi-ki, lord Voldemort men tomonda!

Belka oldinga chiqib, ko'zguga tikilib qoldi.

- Men toshni ko'rib turibman... - dedi u, yana o'zi bilan o'zi gaplashib, - Uni Sohibga topshirayotganimni ham ko'ryapman... Biroq qani o'sha tosh?

Garri bor kuchini ishga solib, arqon changalidan xalos bo'lishga urindi-yu, kuchi etmadi. Nima qilganda ham, Belkani ko'zgudan chalg'itish kerak, xayoldan o'tkazdi u.

- Nazarimda, Snegg, mendan juda nafratlanadi.

- Haq gap. U chindan ham sendan nafratlanadi, - tasdiqladi Belka, - Nafratlanganda ham shunday nafratlanadiki, qo'yaverasan. Axir u «Xogvars»da otang bilan birga o'qigan. Bilarmiding? Ular bir-birini ko'rgani ko'zi, otgani o'qi yo'q edi. Shunga qaramay, seni o'ldirish, uning rejasiga kirmagan. Bu borada ko'ngling to'q bo'lsin.

- Bir necha kun oldin qaysidir sinf xonasida yig'laganingizni eshitgan bo'ldim. Nazarimda Snegg sizga do'q-po'pisa qilganday bo'ldi...

Birinchi bor qo'rquv hissi Belkaning yuzini burishtirib yubordi.

- Ba'zan, - dedi u, - Sohibning amrini bajarish menga juda qiyin kechadi. U buyuk sehrgar, men esa uning juda zaif quliman...

- Aytmoqchisiz-ki, sohibingiz o'sha xonada siz bilan birga bo'lgan?! - hayratlanib so'radi Garri.

- Men qaerda bo'lmay, u doimo men bilan, - xotirjam javob qaytardi Belka, - U bilan jahon bo'ylab sarguzasht qilib yurgan kezlarimda uchrashib, tanishganman. O'shanda men ezgulik va yovuzlik haqida kulgili tasavvurga ega g'o'r yigitcha bo'lgan edim. Lord Voldemort, ushbu tasavvurlar qanchalik bema'ni ekanligini yaxshilab tushuntirib qo'ydi. Bu dunyoda na ezgulik va na yovuzlik bo'ladi. Yagona haqiqat – mutlaq hokimiyatdir. Shundaylar borki hokimiyatga erishish uchun juda zaiflik qiladi... O'sha davrlardan e'tiboran men unga sadoqat-la, astoydil xizmat qilib kelmoqdaman. Garchi ko'p bor umidini puchga chiqarib, pand bergan bo'lsam-da. Buning uchun esa Sohib haqli ravishda meni jazolaydi, - birdan Belka seskanib ketdi, - Sohib xatolarni kechiradiganlardan emas. Falsafiy toshni «Gringotts»dan olib chiqishga muvaffaq bo'lmaganimda Sohib mendan juda qattiq ranjidi. Tabiiyki, meni jazolab... xatti-harakatlarimga ko'proq e'tibor qaratishga ahd qildi...

O'zi bilan o'zi gaplashayotgan Belkaning ovozi so'nib borib, nihoyat uni batamom o'chib qoldi. Garri Diagon xiyobonida o'tkazgan tug'ilgan kunini esladi. Shunchalik ovsar bo'ladimi bola degan, axir o'sha kuni «Teshik tosh»da professor Belka bilan ilk bor tanishib, qo'l berib salomlashgan edi-ku!

Belkaning so'kinishi eshitildi.

- Hech tushunmayman... Tosh ko'zguning ichidami, nima balo? Sindirib yuboraymikan uni?

Garri miyasini yashin tezligiday ishlata boshladi.

Hozir men toshni Belkadan oldin topishni istayman, xayoldan o'tkazdi u. Demak, agar men ko'zguga qaraydigan bo'lsam, toshni qidirib topganimni, ya'ni tosh qaerga yashiringanligini ko'raman! Biroq ko'zguga qay tarzda qarasam Belka sezib qolmas ekan?

U ko'zguning qarshisiga turish uchun chap tomon siljish va ayni paytda o'z niyatini Belkaga oshkor ettirib qo'ymaslikka urinib ko'rdi. Biroq arqonlar uning oyoqlarini nihoyatda mahkam siqib qo'ygan. Garri qoqilib ketib, erga qulab tushdi. Professor unga e'tibor ham qaratmadi. U hozir o'zi bilan o'zi gaplashmoqda.

- Bu la'nati ko'zguning siri nimada ekan, a? Qanday kor ko'rsatadi u? Yordam bering, Sohib!

Ushbu murojaatga javoban go'yo Belkaning o'zidan javob chiqqanini eshitgan Garri qattiq qo'rqib ketdi.

- Boladan foydalan... Boladan...

- Xo'p bo'ladi.

Belka keskin Garriga yuzlandi.

- Potter, bu yoqqa kel.

U qars urdi. Bolani mahkam siqib turgan arqonlar bo'shab, erda qoldi. Garri asta oyoqqa turdi.

- Bu yoqqa kel, - takror buyurdi Belka, - Ko'zguga qaragin-da, nimani ko'rganingni menga ayt.

Garri Belkaga yaqin keldi.

Yolg'on gapirish kerak, xayoldan o'tkazdi Garri, umidsiz ahvolga tushib, ko'zguga qarash kerak-da, biror-bir yolg'on to'qish kerak.

Belka Garriga yaqinroq kelib oldi. Garri salladan taralayotgan g'alati hidni his etdi. Ko'zini yumdi-da, ko'zguning qarshisiga kelib, ochdi.

Dastlab bola o'zining yuzi oqarib, qo'rqib ketgan aksini ko'rdi. Bir soniya o'tgach, aksi unga qarab kulib qo'ydi-da, qo'lini kissasiga solib, qonday qip-qizil toshni chiqarib ko'rsatdi. Shundan so'ng, aks ko'zini qisib qo'yib, toshni yana kissasiga soldi. Ayni shu paytda Garri o'zining haqiqiy kissasida allaqanday og'ir jism paydo bo'lganini sezib qoldi. Tushunib bo'lmas holatda u toshni qo'lga kiritdi.

- Xo'sh? - so'radi Belka sabrsizlik bilan, - Nimani ko'ryapsan?

- Dambldor bilan qo'l berib so'rashayotganimni ko'ryapman, - to'qidi Garri, - Men... men maktab kubogini qo'lga kiritibman.

Belka yana so'kindi.

- Yo'qol bu erdan, - o'shqirdi u.

Garri soni bilan toshni his etgancha, ko'zgudan nari ketdi. Qochishga urinib ko'ray-mi?

U besh qadam nari ketishga ulgurmay, Belkaning labi qimirlamayotgan bo'lsa-da, yana o'sha g'alati ovoz eshitildi.

- U yolg'on gapirdi... Bola yolg'on gapirdi...

- Potter, qayt! - qichqirdi Belka, - Rostini gapir, nimani ko'rgan eding?

- U bilan... yuzma-yuz gapirishga imkon yarat... - eshitildi yana o'sha ovoz.

- Sohib, siz hali juda zaifsiz!

- U bilan gaplashib qo'yishga... qurbim etadi...

Garri, xuddi yana Iblis to'riga tushib qolganday turgan joyida serrayib, tanasining birorta mushagini qimirlata olmay, qotib qoldi. Belka qo'lini ko'tarib, boshidagi sallasini echa boshladi. Nima bu? Salla erga tushgach, Belkaning kallasi kichkina bo'lib qoldi. Bir vaqt kalla, o'z o'qi atrofida burila boshladi.

Qichqirib yubormoqchi bo'lgan bolaning, dami chiqmay qoldi. Belkaning boshi orqasida bo'r kabi oppoq, ko'zlari qip-qizil, burun kataklari ilonnikiga o'xshash ikkinchi yuz ko'rindi. Garri hayoti davomida bunday jirkanch basharani hali ko'rmagan.

- Garri Potter... - vishilladi yuz.

Garri orqaga tisarilmoqchi bo'ldi-yu, oyoqlari itoat qilmadi.

- Ko'rding-mi, qay ahvolga tushib qolganligimni? - so'radi yuz, - Go'yo bir ko'lanka, arvohman... Faqat birovning tanasidagina yashay oladigan ahvoldaman... Xayriyatki, meni o'z tanasi va miyasiga kiritadiganlar doimo topiladi... So'nggi kunlarda yakkashoh narvalning qoni jonimga oro bo'ldi. O'rmonda sadoqatli Belka men uchun o'sha qonni ichganini ko'rding... Ana endi, Obi-Hayotga erishgach, o'z tanamni o'zim yarata olaman... Shunday ekan... Kissangga yashirgan toshni ber...

Demak u biladi. Garri oyog'ini yana his etgach, orqaga tisarildi.

- Ahmoqlik qilma, - darg'azab burishdi yuz, - Yaxshisi o'z hayotingni asrab, mening tarafdorlarim tomonga o't... Aks holda, boshingga ota-onang ko'rgan kunni solaman... Ular o'z o'limidan oldin uzoq shafqat so'rab, yalinib-yolvorishdi...

- YoLG'ON! - birdan qichqirib yubordi Garri.

Voldemort ko'rib turishi uchun Belka Garri tomon odimlab kelmoqda.

- Uni qarang-a... - vishilladi yuz, - Dovyuraklarni doimo hurmat qilib kelganman... Ha, yigitcha, tan olish kerakki, ota-onang mard kishilar bo'lishgan. Dastlab qahramonona kurashgan otangni halok qildim... Onang o'lishi shart emas edi... U seni himoya qildi... Agar uning o'limi zoe ketmasligini istasang toshni ber.

- HECh QAChON!

Garri lovullab yonib turgan eshik tomon sakradi. Shu topda Voldemort chiyillab yubordi.

- Ushla uni!

Keyingi fursatda Belka Garrining bilagidan tutib oldi. Bolaning peshonasidagi chandiq shu qadar og'riy boshladiki, go'yo boshi hozir ikki bo'linib ketadiganday. Garri ovozi boricha qichqirib, kurashdi. Taajjub, bola Belkaning changalidan oson qutuldi. Bosh og'rig'i bir oz engillashdi. U atrofga qarab, Belkani qidira ketdi. Belka og'riq azobidan bukchayib qolgan, barmoqlari Garrining ko'z o'ngida po'rsildoq bo'la boshladi.

- Ushla uni! UShLA UNI! - takror qichqirdi Voldemort.

Belka yana tashlandi. U Garrini erga yiqitgancha, ustiga chiqib, bo'ynidan bo'g'ib oldi. Boshi takror og'riganidan bola deyarli hech narsani ko'rmadi. Lekin Belka ham og'riq azobidan jon talashayotganini sezdi.

- Sohib, men uni tutib qololmayman, qo'llarim... qo'llarim...

Belka tizzalari bilan Garrini bosib olgancha, tomog'ini qo'yib yuborib, kaftlariga tikilib qoldi. Qo'lining teri qoplamasi kuyib, go'shti ko'rinib qolgan.

- Unday bo'lsa, tezroq o'ldir, vassalom, ahmoq!

Belka, ajal keltiradigan qarg'ish o'qish uchun qo'lini ko'targan paytda Garri g'ayriixtiyoriy ravishda buralib, raqib tizzalari ostidan chiqib oldida, uning yuzini mahkam ushlab oldi...

- AAAAAA!

Yuzi kuygan Belka dod-faryod qilgancha nari yumalab ketdi. Shundagina Garri o'z ustunligini idrok etdi. Belka Garrining tanasiga tegishi bilan chidab bo'lmas og'riq his etmoqda. Omon qolishning yagona yo'li – raqibni mahkam ushlab, qarg'ish o'qishga kuchi etmaydigan darajada azob berishdir.

Garri irg'ib turdi-da, Belkaning qo'llarini kuchi boricha mahkam ushlab oldi. Belka uvvos solib, Garrining qo'lidan xalos bo'lishga urindi. Bolaning peshonasidagi chandiq esa battar og'rib, ko'ziga hech narsa ko'rinmay qoldi. Shunday bo'lsa-da, Voldemortning: «O'LDIR UNI! O'LDIR UNI!» degan qichqiriqlari, yana kimningdir «Garri! Garri!» degan yig'isini eshitdi.

Garri Belkaning qo'llari bo'shab chiqqanini his etib, endi halok bo'lishi muqarrarligini sezdi. Nazarida u qandaydir tubsiz, qorong'i jarlikka tushib ketayotgan bo'ldi. U tobora pastlar... pastlar...

Boshi uzra allaqanday yaltiroq narsa uchib o'tganday bo'ldi. Axir bu Tilla chaqqon-ku! U koptokchani tutib olmoqchi bo'ldi-yu, biroq... qo'li nihoyatda og'irlik qildi.

Ko'zini pirpiratdi. Yaltiragan narsa hech qanaqangi Tilla chaqqon emas, yarim oy shakliga ega shisha ko'zoynak. Qiziq.

U yana ko'zini pirpiratdi. Xuddi bo'shliqdan chiqib kelganday, Albus Dambldorning kulib turgan yuzi unga qarab turibdi.

- Salom, Garri, - dedi Dambldor.

Garri unga bir oz tikilib turdi-da, birdan es-hushini yig'ib oldi.

- Ser! Tosh! Uning payiga tushgan aslida Belka ekan! Falsafiy tosh Belkada! Tezroq, ser...

- Tinchlan, qadrdonim. Sening ma'lumotlaring bir oz eskirib qodi, - muloyim ovoz-la bolani tinchlantirdi Dambldor, - Tosh Belkada emas.

- Kimda, ser? Men...

- Garri, tinchlan, iltimos. Aks xolda Pomfri xonim hozir meni quvib soladi bu erdan.

Garri yutinib qo'ydi-da, atrofga qarab, shifoxonada yotganini idrok etdi. U oppoq choyshablar to'shalgan karavotda yotibdi. Karavot yonida esa har xil shirinliklar tog'day uyub tashlangan.

- Do'stlar va seni qadrlovchi kishilardan sovg'a-salomlar, - tushuntirish berdi baxtdan yorishib turgan Dambldor, - Er ostida sen bilan professor Belka ikkalangizning o'rtalaringda bo'lib o'tgan hodisa qat'iy sir saqlanishi kerak. Shu bois ham, tabiiyki, bu sirdan butun maktab xabardor bo'lib, hamma o'z tasannosini ifoda etgani oshiqmoqda. Bilishimcha, do'stlaring mister Fred va mister Jorj senga unitaz qopqog'ini sovg'a qilishmoqchi va shubha yo'q-ki, shu tariqa seni ko'nglingni ko'tarib, ovuntirmoqchi bo'lishgan. Biroq Pomfri xonim bunday sovg'ani gigiena talablariga javob bermaydi deb topib, musodara qildi.

- Bu erda qachondan buyon yotibman?

- Atigi uch kun. Mister Ronald Uesli va miss Grenjer hushingga kelganingni eshitsa juda quvonib ketishadi. Ular sendan juda xavotir olishdi.

- Biroq ser, tosh...

- Tushunishim-cha, seni bu xayoldan chalg'itish oson kechmaydi. Xo'sh, tosh bo'lsa, tosh-da. Professor Belka uni sendan tortib olishga erisha olmadi. Negaki, men vaqtida kelib qolib, bunga yo'l qo'ymadim. Biroq ta'kidlab o'tish joizki, ishni o'zing uddalab qo'ygan ekansan.

- Siz kelib qoldingiz? Germiona yo'llagan boyqush shu qadar tez etib bordi-mi?

- Biz havoda uchrashdik. Londonga etib borishim bilan qaerdan kelgan bo'lsam, zudlik bilan o'sha erga qaytishim kerakligini darhol tushundim. Voqea joyiga o'z vaqtida etib kelib, professor Belkani sening ustingdan ajratib oldim.

- O'sha siz edingizmi.

- Kech qoldim deb qo'rqqan edim.

- Tosh uchun kurashishga kuchim deyarli qolmagan edi.

- Men tosh haqida emas, o'g'lim, sen haqingda gapirmoqdaman. Seni yo'qotib qo'ydim deb qo'rqdim. Falsafiy tosh masalasiga kelsak, u yo'q qilindi.

- Yo'q qilindi? - so'radi Garri, hech narsani tushunmay, - Do'stingiz, Nikolas Flamelga nima qiladi endi?

- Nikolasni bilasanmi? Demak sen hamma gapdan boxabar ekansan-da, a? - quvonch-la xitob qildi Dambldor, - Xo'sh, Nikolas ikkalamiz maslahatlashib, masalani ijobiy hal etdik.

- Endi u va uning rafiqasi bu hayotni tark etishadi-ku, shunday emasmi?

- O'z ishlarini tartibga keltirib olishlari uchun ularning ixtiyoridagi Obi-Hayot zaxirasi etarli. Keyin esa to'g'ri aytding, bu dunyoni tark etib ketishadi.

Garrining yuzida ifodalangan kuchli tahayyur Dambldorni kulishga majbur qildi.

- Ishonchim komilki, senday yosh yigitchaga bu so'zlar favqulodda ma'noda eshitiladi-yu, biroq o'lim, Nikolas bilan Perenella uchun uzundan uzoq cho'zilib ketgan kundan keyin kelgan tungi uyqudek gap. Pirovardida, o'lim, to'g'ri shakllangan ong uchun, yangi bir ajib sarguzasht. Shunday emas-mi? Agar bilsang, o'sha Falsafiy tosh u qadar qimmatli narsa emas. O'zing istagancha boylik va istagancha uzoq hayot! Buni har qanday kishi xohlaydi. Hamma balo shundaki, odamlar doimo o'zlarini halokat yoqasiga olib kelib qo'yadigan narsalar haqida orzu qilishadi.

Garri eshitayotgan gaplar mazmunini tushunib-tushunmay, ularga javob topa olmay yotdi. Dambldor esa shiftga qaragancha, kulib o'tiribdi.

- Ser? - nihoyat ovoz berdi Garri, - Bir narsa haqida o'ylanib qoldim... Aytaylik, endi tosh yo'q, Vold... ya'ni O'zingiz-Bilasiz-Kim...

- Uni Voldemort deb ayt, Garri. Hamma narsani o'z nomi bilan aytishga o'rgan. Muayyan narsaning nomidan qo'rqish, mavzuga nisbatan shakllangan qo'rquv hissini yanada kuchaytirib yuboradi.

- Xuddi shunday, ser. Endi Voldemort hayotga qaytishning boshqa yo'llarini qidiradi, shundaymi? U axir o'lmagan-ku, to'g'rimi?

- Yo'q, Garri, u o'lmadi. U haligacha tirik. O'ziga biron-bir yangi tana qidirib yurgan bo'lsa kerak... Gap shundaki, aniqroq aytiladigan bo'lsa, Voldemort chinakamiga tirik emas, shu bois ham uni rostakamiga o'ldirib bo'lmaydi. U, o'zing shohid bo'lding, Belkani o'limga mahkum etib, o'zi qochib qoldi. Voldemort na do'stlari va na dushmanlariga shafqat qiladi. O'sha xudbin faqat o'z maqsad va manfaatlarini ko'zlaydi xolos. Sen uning qaytishini noma'lum vaqtga kechga surib yuborgan bo'lsang-da, u, kelgusi noumid jangda ishtirok etishga istak bildirgan biror-bir kishini topadi va bu holat takrorlanaveradi. Ehtimol shu tariqa, u hech qachon o'z qudratiga qayta erisha olmas.

Garri bosh irg'idi, biroq bu harakati uning boshini aylantirib yubordi.

- Ser, ayrim narsalarni sizdan so'rab bilmoqchi edim, agar mumkin bo'lsa, albatta... Avvalambor, bir haqiqatni idrok etmoqchiman...

- Haqiqatni, - xo'rsindi Dambldor, - Haqiqat juda go'zal va ayni vaqtda nihoyatda dahshatli qudratga ega tushunchadir. Shunday ekan, u bilan nihoyatda ehtiyotkorona muomala qilmoq darkor. Ammo, sening savollaringga javob beraman, agar menda savolingni javobsiz qoldirishga jiddiy asos bo'lmasa, albatta. Demak, meni ma'zur sanashingga to'g'ri keladi. Tabiiyki, u holda ham, bu holda ham yolg'on gapirmayman, so'ra.

- Yaxshi... Voldemortning so'zlariga qaraganda u onamni o'ldirishni istamagan, biroq meni o'ldirgani to'sqinlik qilgani uchun ham halok qilishga majbur bo'lgan ekan. Nega endi o'shanda, Voldemort, menday chaqaloqni o'ldirishni istab qolgan?

- Ming afsus! - yanada chuqurroq xo'rsindi Dambldor, - Birinchi savolingni javobsiz qoldirishga majburman. Bugun emas. Hozir emas, Garri. Vaqti kelib buning sababini albatta bilib olasan... hozir esa ushbu o'y-fikrlarni miyangdan chiqarib tashla, o'g'lim. Bir oz ulg'aygach... Bilaman, bu gapni eshitish senga oson kechmaydi... Ushbu savol javobini eshitishga tayyor bo'lganingda, bor gapni bilib olasan.

Garri baslashish befoyda ekanligini tushundi.

- Nima uchun Belka menga qo'l tekkiza olmadi?

- Onang seni himoya qilib, halok bo'ldi. Bu dunyoda Voldemort va unga o'xshaganlar tushunib etmaydigan shunday bir tushuncha borki, o'g'lim, u ham bo'lsa, muhabbat. Onangning senga bo'lgan muhabbati va ushbu muhabbat kuchi o'z izini qoldirishi mumkinligini u hech idrok eta olmaydi. Bu iz peshonangdagi chandiq ham emas, biror-bir ko'zga ko'rinadigan boshqa alomat ham emas... Biroq biror-bir kishining senga bo'lgan muhabbati o'ta kuchli bo'lsa, u, vafotidan so'ng ham, o'z muhabbati ila seni himoya qilib boradi. Sening jamiki vujudingga onangning muhabbati singib ketgan. Shu bois ham o'z jon-u, tanini Voldemort bilan baham ko'rib, yuragi nafrat, hasrat va g'azabga to'lib-toshgan Belka senga qo'l tekkiza olmadi. Muhabbat kabi go'zal narsaga qo'l ko'tarish, uning uchun, tom ma'noda, o'lim bilan barobar bo'lib qoldi.

Dambldor kutilmaganda deraza tokchasiga qo'ngan qushchaga qiziqib qaradi. Paytdan foydalangan Garri choyshab chetiga ko'z yoshini artib oldi.

- Ko'rinmas plashni-chi, kim yubordi menga, xabaringiz yo'qmi? - so'radi o'zini idora qilib olgan bola.

- Ha, plashnimi... Shunday bir holat bo'ldiki, otang uni menga tashlab ketdi. Senga asqatadi deb o'yladim, - Dambldor ko'zini qisib qo'ydi, - Foydali buyum... O'z vaqtida otang o'sha plash yordamida oshxonadan kulcha o'g'irlab yurgan edi.

- Yana bir savol.

- Bos.

- Belkaning so'zlariga qaraganda, Snegg...



- Professor Snegg, Garri.

- Ha... Belkaning so'zlariga qaraganda, u, dadamdan nafratlangani uchun mendan ham nafratlanar ekan. Shu gap rostmi?

- Aytish joizki, ular chindan ham bir-biridan nafratlanishgan. Taxminan sen bilan Malfoy kabi. Bundan tashqari, otang shunday bir ish qilib qo'ygan ediki, Snegg uni kechirishga qurbi etmagan.

- Qanday ish ekan u?

- Otang Sneggning hayotini saqlab qolgan.

- Nima?


- Ha-ha... - tasdiqladi Dambldor o'ylanib qolib, - Inson tabiati naqadar mantiqsiz yaralgan! Qiziq, a? Professor Snegg otang oldida qarzdor ekanligiga bardosh bera olmaydi... Butun o'quv yili davomida u seni o'z tabiatiga xos tarzda himoya qilib yurganiga ishonchim komil. Shunday qilsa, o'z qarzidan xalos bo'lishiga ishonadi va otang haqidagi xotiralardan hazar qilib, nafratlangancha yashab o'tadi...

Garri, ushbu so'zlar ma'nosini idrok etishga urinib ko'rdi-yu, miyasida qon urilib, ortiq o'ylamaslikka majbur bo'ldi.

- Ser, yana bitta savol...

- Bittagina xolos-mi?

- Ko'zgu ichidagi tosh qanday qilib qo'limga tushib qoldi?

- Ha, mana bu yaxshi savol bo'ldi. Bu mening eng ajoyib g'oyalarimdan biri bo'lgan. Gap shu erda qolsin-u, men kamtarinlik qilmoqdaman. Hamma balo shundaki, Falsafiy toshni topmoqchi bo'lgan, tushunyapsan-mi, undan g'araz niyatda foydalanmoqchi bo'lgan emas, faqat topmoqchi bo'lgan kishigina, uni qo'lga kirita olishi mumkin edi. Aks holda kishi Ko'ngildagi orzular ko'zgusida oltin yasayotgan yoki Obi-Hayot ichayotgan o'z aksinigina ko'rishi mumkin. Ba'zan men o'zimdan o'zim qoyil qolib, o'zimni o'zim lol qoldiraman... Bas endi, bugunga etar. Yaxshisi mana bu shirinliklarga qara. Barcha ta'mlarni o'ziga mujassam etgan Berti Bott yong'oqlari ham bor ekan! Bolaligimda omadim yurishmay, qusuq ta'mli yong'oq tekkan. Shundan so'ng, ushbu shirinlikka bo'lgan qiziqishim so'ngan edi. Umid qilamanki, mana bu gulsapsar rangli yong'oqni esam, biror-bir mudhish ish bo'lmaydi-a?

U kulib qo'ydi-da, ayyor qiyofa bilan tilla-jigar rang yong'oqni og'ziga solib, tiqilib qolganday bo'ldi.

- Ming afsus! Quloq kiri!

Feldsher Pomfri xonim ko'rinishdan yoqimtoy bo'lgani bilan, juda talabchan ayol.

- Atigi besh daqiqa, - o'tinar edi Garri.

- Yo'q dedim-mi, yo'q.

- Professor Dambldorni kiritdingiz-ku...

- Ha kiritdim. Axir u direktor. Farqi katta. Sen dam olishing kerak.

- Men nima qilyapman? Dam olyapman-ku, yotibman va hokazo. Iltimos, Pomfri xonim.

- Xo'p, mayli, - taslim bo'ldi xonim, - Faqat besh daqiqa.

Pomfri xonim Ron bilan Germionani kiritdi.

- Garri!

Germiona o'zini Garriga otishga shay edi-yu, harakatini idora qilib oldi. Xayriyatki Garrining boshi hamon og'riyotgan ekan.

- O, Garri, biz qo'rqqan edik-ki, sen... Dambldor juda xavotir oldi.

- Butun maktabda duv-duv gap, - dedi Ron, - Aslida nima bo'ldi o'zi?

Ba'zan, haqiqatda bo'lib o'tgan voqealar, ushbu hodisalar haqida tarqalgan mish-mish gaplardan ham ko'ra sirli va maroqli eshitiladi. Garrining hikoyasi ayni shunday favqulodda holatlardan biri bo'ldi. Garri do'stlariga bo'lib o'tgan ishlarning hammasini birma-bir: Belka haqida ham, Ko'ngildagi orzular ko'zgusi haqida ham, Falsafiy tosh haqida ham, Voldemort haqida ham so'zlab berdi. Ron bilan Germiona esa o'zlarini juda yaxshi tinglovchilarday tutishdi. Ular hikoyaning kerakli joylarida oh urishdi. Belka boshidagi sallani echgan joyda esa Germiona baland ovozda xitob qilib yubordi.

- Demak, Falsafiy tosh endi yo'q, Flamel esa o'ladi! - xulosa chiqardi Ron.

- Men ham Dambldorga shu savolni berdim. U menga, nima degan edi? Ha, esladim: «o'lim, to'g'ri shakllangan ong uchun, yangi bir ajib sarguzasht» dedi.

- Qariyaning tomi joyida emasligini sizlarga doim ta'kidlab kelganman, mana isboti, - dedi Ron, dono qiyofa yasab.

Ron o'zi fikr yuritgan qahramonlarning barisi ana shunday telba ekanligi o'ziga xush kelishi ayon bilinib turibdi.

- Sizlarga nima qildi, - so'radi Garri.

- Men qirmizi olovdan sog'-salomat o'tib, ortga qaytib chiqdim. So'ng, Ronni hushiga keltirdim. Buning uchun ancha vaqt kerak bo'ldi. Shundan so'ng, Dambldorga xabar etkazish uchun boyqushxona tomon yugurdik. Ammo ulgurmadik. O'zi vestibyulda turgan va bor gapdan xabardor ekan. Bizni ko'rgach: «Garri uning ketidan kirib ketdi-mi?», - deb so'ragancha, uchinchi qavat tomon yugurdi.

- Nima deb o'ylaysan, sen ayni shunday ish tutishingni Dambldor bilganmi-yo'qmi? - so'radi Ron, - Bilib turib senga ko'rinmas plashni yuborganmi?

- Bo'lishi mumkin emas, - baqirib yubordi Germiona, - Bilib turib tek qo'yib bergan bo'lsa, dahshat. Axir sen halok bo'lishing mumkin edi-ku.

- Yo'q, dahshat emas, - o'ylanib gapirdi Garri, - Dambldor chindan ham g'alati odam. Nazarimda u menga imkon berdi. Fikrimcha, qariya bu erda bo'layotgan barcha gaplardan boxabar bo'lib boradi, tushunyapsiz-mi? Bilishimcha, u siz bilan bizning rejalarimizni fahmlab yurgan. Bizni to'xtatib qolish o'rniga hayotiy tajribamizni boyitishga ahd qilgan va zaruriy fursatda yordamga kelgan. Ko'ngildagi orzular qanday kor berishini bilib olishim ham tasodif emas deb o'ylayman. Bunga Dambldorning o'zi imkon yaratib bergan. Fahmimcha, Voldemort bilan yuzma-yuz kelishimga haqli ekanligimni u to'g'ri deb topgan, agar men...

- Aytdim-ku, tomi joyida emas uni deb, - viqor-la ta'kidladi Ron, - Quloq sol, ertaga, o'quv yili tugallanganligi munosabati bilan o'tkaziladigan ziyofatga sen albatta chiqishing kerak. Maktab kubogini eng ko'p ball to'plagan slizerinchilar olishadi albatta. So'nggi o'yinda ishtirok etmaganing uchun «Ravenklo» kvidish jamoamizni pachoq qilib tashladi. Hech qisi yo'q, ammo mazali taomlarni eb to'yish huquqimiz daxlsiz qolgan.

Ayni shu fursatda Pomfri xonim otilib kirdi.

- O'n besh daqiqadan buyon o'tiribsiz. Bo'ldi, jo'nang bu erdan, KETING!
***

Garri to'yib uxlab olgach, ertalab o'zini yaxshi his etdi.

- Men bayram tantanalariga bormoqchiman, - dedi u, Pomfri xonim stol ustidagi shirinliklarning ko'p sonli qutilarini to'g'rilash bilan mashg'ul bo'layotganida, - Borsam bo'ladimi?

- Professor Dambldorning fikricha, senga, bayram tantanalarida ishtirok etishga ruxsat berish kerak emish, - javob qaytardi lablarini mahkam qisib olgan Pomfri xonim, go'yo Dambldor bunday tadbirda ishtirok etishi bola uchun qanchalik xavfli ekanligini o'ziga tasavvur eta olmayapti degan fikrni aytishdan o'zini bazo'r tiyib olganday, - Bundan tashqari, seni ko'rgani mehmon kelgan.

- Zo'r-ku, - xursand bo'ldi Garri, - Kim ekan?

Ushbu so'zlar aytilayotganida xonaga, yonbosh tomoni bilan eshikdan bazo'r sig'ib o'tgan Xagrid kirib keldi. Odatdagiday, xona ichida u, joiz bo'lmagan darajada yirik ko'rindi. Davangir Garrining yoniga o'tirib, bola tomon bir qarab qo'ydi-da, kutilmaganda ho'ngrab yubordi.

- Jin ursin, hammasiga men aybdorman! - piqilladi u, - Momiqvoyni aldab o'tishni o'zim aytib beribman! O'zim! Bilmagan narsasi shu qolgan ekan. Uni ham o'z og'zim bilan gullab qo'yibman! Sen o'lib qolishing mumkin edi-ku! Ajdar tuxumining evaziga-ya! Naqadar ahmoq ekanman! Endi hayotda og'zimga olmaganim bo'lsin, o'sha la'nati ichkilikni! Meni Maglistonga quvib solish kerak!

- Xagrid! - xitob qilib yubordi Garri, maktab qorovulining g'am-anduhdan titrab yig'layotgani va yirik ko'z yoshlari soqollarini yuvib tushayotganini ko'rib, - Xagrid, u bari-bir bilib olar edi. Axir bu Voldemort-ku! Sen aytmasang ham bilib olgan bo'lar edi.

- Sen o'lib qolishing mumkin edi-ku! - ho'ngrashini qo'ymadi Xagrid, - Uning ismini talaffuz...

- VOLDEMORT! - qichqirib yubordi Garri, Xagridni dahshatga solgancha, ho'ngrashdan to'xtatib, - Men u bilan yaxshi tanishib olganman va shu bois ham nomini talaffuz etishga jur'at eta olaman. Iltimos, tinchlan, Xagrid. Biz Falsafiy toshni dushmanga berib qo'ymadik. U yo'q qilindi va endi Voldemort uni o'g'irlay olmaydi. Mening shokobaqalarim juda ko'p. Ulardan birini ol-da, tinchlan.

Xagrid o'zining katta burnini yirik kafti bilan artib oldi.

- Ha, aytganday. Senga sovg'a olib kelgan edim.

- Taka go'shtidan tayyorlangan sendvich bo'lmasa kerak, deb umid qilaman, - xavotirlandi Garri.

Xagrid, nihoyat kulimsirab qo'ydi.

- Dambldor meni ishdan haydab yuborish o'rniga... Mayli, buning ahamiyati yo'q. Mana bu ishni oxirigacha etkazishim uchun dam olish kuni bergan edi. Mana, bu senga.

Xagrid kissasidan charm muqovali chiroyli kitobcha chiqarib, bolaga uzatdi. Garri uni qiziqib ochdi. Ichida sehrli fotosuratlar bor ekan. Har bir sahifada Garrining ota-onasi kulib havoyi o'pich yo'llamoqda.

- Ota-onangning sinfdoshlariga boyqushlar yo'lladim. Kimda qanday fotosurat bo'lsa, yuborishini so'radim... Senda birorta ham yo'q-ku... Yoqdi-mi?

Garri javob bera olmadi. Bolaning ahvolini tushungan Xagrid xafa bo'lmadi.

Garri pastga, bayram ziyofatiga oxirgi bo'lib tushdi. Pasientning ahvolini «so'nggi bor» tekshirib, ishlar joyida ekanligiga ishonch hosil qilingancha, ivirsigan Pomfri xonim uni ushlab qoldi (Pasient – shifokor ixtiyoridagi bemor).

Etti yildan buyon maktab kubogini qo'lda saqlab qolayotgan «Slizerin» fakultetining timsollari bo'lmish yashil va kumush ranglar bilan bezatilgan Katta Zal Garri kirib kelganda odamga to'lib bo'lgan ekan. Mo''tabar Stol ortidagi devorga «Slizerin» ilonining tasviri tushirilgan katta bayroq tortilgan.

Garri kirib kelishi bilan Katta Zalga sukunat cho'kdi. Fursat o'tgach, hamma yana o'zi bilan o'zi ovora bo'lib, jonli suhbat davom etdi. Bola «Griffindor» stoliga yaqin kelib, do'stlari Ron bilan Germionaning o'rtasiga joylashib oldi. Ayni paytda uni yana bir bor, sog'-salomat ko'rish uchun hamma qalqib, oyoqqa turib olgani, arvohlarning hammasi birma-bir ustidan uchib o'tganiga e'tibor qaratmadi.

Xayriyatki ikki daqiqadan so'ng kirib kelgan Dambldor Garrini bunday noqulay holatdan xalos etdi. G'ovur-g'uvur bosildi.

- Mana, oradan yana bir yil o'tdi! - quvonch-la so'z boshladi Dambldor, - Sizlarga esa mazali taomlarga tish sanchishdan oldin, menday aqli noqis qariyaning vati-kuti gaplariga quloq tutib, sabr qilishga to'g'ri keladi. Qanaqangi yil bo'ldi, o'tgan yil?! Umid qilamanki, boshlaringiz o'quv yili davomida tasarruf etilgan bilimlardan yanada og'irlashib ketdi... Ushbu bilimlarni miyangizdan bitta qo'ymay, oxirgacha qoqib chiqarib yuborishingiz uchun esa oldinda butun bir yoz turibdi.

Dambldor bir oz kulimsiragancha, o'ylanib turdi-da, gapini davom etdi.

- Hozir, fahmimcha, hamma, maktab kubogi topshirilishini kutmoqda. To'plangan ballar quyidagicha taqsimlandi: to'rtinchi o'rinda «Griffindor», uch yuz o'n ikki ball; uchinchi o'rinda «Xufflpuff», uch yuz ellik ikki ball; «Ravenklo» bu yil to'rt yuz yigirma olti ball to'plashga muvaffaq bo'ldi va nihoyat birinchi o'rinda, «Slizerin», to'rt yuz etmish ikki ball.

«Slizerin» stoli atrofida qarsaklar va baqir-chaqirlar yangradi. Garrining nigohi qo'lidagi kumush bokalni stolga urayotgan Drako Malfoyga tushdi. Qanday jirkanch qiliq.

- Juda soz, juda yaxshi «Slizerin», - maqtab qo'ydi Dambldor, - Biroq bo'lib o'tgan so'nggi voqealarni inobatga olishimiz zarur.

Katta Zaldagi tovushlar o'chdi. Slizerinchilarning yuzidagi kulgi shu zahoti so'ndi.

- Diqqat! - dedi Dambldor, - Menda, ballarning muayyan miqdori qolib ketgan bo'lib, ularni, ko'rsatgan xizmatlari uchun, o'z egalariga topshirishim kerak. Kimdan boshlasam ekan... Xo'sh... Avvalambor, mister Ronald Uesliga...

Ronning yuziga qon yugurib, pishib o'tib ketgan rediskaday qizarib ketdi.

- ... maktab dargohida ko'p yillardan buyon birinchi bor yuksak mahorat ila g'alaba qozonilgan shaxmat o'yini uchun «Griffindor»ga ellik ball qo'shaman.

«Griffindor» stoli atrofida Katta Zalning sehrlangan shifti tomon qaratilgan shunday qichqiriqlar eshitildiki, hatto sitoralar titrab ketdi. Persi yonida o'tirgan sinfboshilarga faxr-la maqtanib qichqirdi.

- Bu mening ukam, eshityapsiz-mi, bu mening kenja ukam! Yo'q, siz fahmladingiz-mi! Axir ukam, kimsan – Makgonagallning shaxmat taxtasi ustida g'alaba qozondi.

Nihoyat hayajonlar bir oz bosildi.

- Ikkinchidan, sovuq mantig'i qizib yonayotgan olovdan ustun kelgan miss Germiona Grenjerga... «Griffindor»ga yana ellik ball qo'shaman.

Germiona kafti bilan yuzini bekitib oldi. Garrining nazarida u yig'lab yuborganday bo'ldi. Baqir-chaqir qilayotgan griffindorchilar aql-hushini yo'qotib qo'yishlariga oz qoldi. Axir ular kutilmaganda yuz ballga ko'tarilib ketishdi-ku.

- Uchinchidan... mister Garri Potterga, - davom etdi Dambldor, Katta Zalga sukunat cho'ktirgach, - Uning vazminligi va misli ko'rilmagan jasorati uchun «Griffindor»ga oltmish ball qo'shaman.

Garrining sharafiga yangragan gulduros olqishlar quloqni kar qilib yuborganday bo'ldi. Zo'r berib chinqirishlar orasida hisoblash qobiliyatini yo'qotmaganlar «Griffindor» xuddi «Slizerin» kabi to'rt yuz etmish ikki ball to'plaganini tushunib etishdi. Ular endi kubokni teng baham ko'radilar. Agar Dambldor Garriga atigi bir ball ko'proq qo'shganda edi...

Dambldor qo'lini ko'tardi. Katta Zalda asta-sekin jimlik qaror topdi.

- Mardlik va jasoratning ko'rinishi ko'p, janoblar, - dedi Dambldor kulib, - Shubha yo'q-ki, dushmanga qarshi kurashga ko'tarilish uchun kishi nihoyatda botir bo'lishi darkor. Biroq o'z do'stlariga qarshi chiqish uchun ham kishiga anchagina kuch va shijoat kerak bo'ladi. Shunday ekan, men mister Nevill Longbottomni o'n ball bilan taqdirlayman.

«Griffindor» stolidan eshitilgan olqishlar shu qadar kuchli eshitildiki, agar kimdir ayni shu fursatda tashqarida bo'lganida Katta Zal portlab ketdi degan xayolga borishi muqarrar edi. Garri, Ron va Germiona qichqirib, zavqlangancha hamma bilan teng sapchib turishdi. O'z kollejiga yil davomida hali birorta bo'lsin ball keltirmagan, serrayib, rangi oqargan bechora Nevill esa uni quchoqlashga tashlangan bolalar ostida qolib ketdi. Haligacha ayyuhannos solayotgan Garri Ronning qovurg'asiga turtib, Malfoy tomon imo qildi. Esankirab qolgan Drakoning qiyofasi to'liq Tana-bint afsuni qo'llanilgan holatdan ham besh battar edi.

«Xufflpuff» ham, «Ravenklo» ham «Slizerin»ning qulaganidan sevinib, «Griffindor» bilan teppa-teng tantana qildi.

- Bu esa o'z navbatida, - misli ko'rilmagan shovqin surondan ham baland ovoz bilan qichqirdi Dambldor, - Katta Zal manzarasini bir oz o'zgartirishimiz kerakligini anglatadi.

Ushbu so'zlarni qichqirgan Dambldor qars urdi. Bir soniya ichida Katta Zaldagi yashil rang qirmizi tusga, kumush tus esa tilla rangga almashdi. «Slizerin»ning timsoli bo'lmish ulkan ilon gum bo'lib, uning o'rnini «Griffindor»ning timsoli – qudratli sher egalladi.

Snegg zo'rma-zo'raki, g'ayritabiiy jilmayish yasagancha, professor Makgonagallning qo'lini siqib qo'ygach, nigohini Garriga qaratdi. Severusning munosabati zig'irday bo'lsa ham, o'zgarmaganini bola darhol sezdi.

Maktab hayoti shiddat bilan o'z iziga tushganday bo'ldi go'yo. Kelasi yil ishlari «Xogvars»da bo'lishi mumkin bo'lgan darajada joyida bo'lishiga umid bog'lasa bo'ladi.

Garri uchun bu bayram hayotidagi eng zo'r bayram bo'ldi. Zero bu bayram kvidish o'yinida qozongan g'alabasidan ham, Rojdestvo bayramidan ham, do'stlari bilan birgalikda tog' trolli ustidan qozongan g'alabasidan ham, zo'r bayram bo'ldi. Bugungi oqshomni u hech qachon unutmaydi.

Imtihon natijalarini e'lon qilishlari lozimligini Garri unutib qo'ygan ekan. Shunday bo'lsa-da, natijalar e'lon qilindi. Ron ikkalasining hayratda qoldirgani shundaki, ularning baholari yomon bo'lmadi. Tabiiyki, Germiona birinchi sinf o'quvchilari orasida eng a'lochi o'quvchi deb e'tirof etildi. Hatto Nevill ham keyingi sinfga o'tibdi. Sehrli damlamalar tayyorlashdan olgan yomon bahosining o'rnini gerbologiyadan olgan yaxshi bahosi qoplab yubordi. Hamma o'ta befahm va darg'azab Goyl maktabdan haydalishiga umid bog'lagan edi. Ammo bunday holat sodir bo'lmadi. Achinarli hol, albatta, biroq Ronning aytishicha, baxt hech qachon to'liq bo'lmas emish.

Mana nihoyat, javonlar bo'shab, sandiqlar to'ldi. Nevillning baqasi hojatxonada topildi. Jamiki o'quvchilarga ta'til davomida sehr-jodu bilan shug'ullanish man etilgani bayon etilgan maxsus eslatmalar tarqatildi.

- Bunday eslatmalarni tarqatish yodlaridan ko'tarilib qolishiga har safar umid bog'layman, - chuqur xo'rsinib qo'ydi Fred Uesli, qo'lidagi eslatmani ma'yus qiyofa bilan kissasiga solib.

Bolalarni qayiqchalarga o'tqizib, ko'lning narigi sohiliga olib o'tish uchun Xagrid hozir bo'ldi. «Xogvars-Ekspress»ga o'tirgan bolalar allanimalar haqida vaysab, kulishdi, barcha ta'mlarni o'ziga mujassam etgan Berti Bott yong'oqlarini kavshab borishdi. Derazadan ko'ringan manzara esa tobora yashil, zavqli va batartib manzaraga almashib bordi. Magllarning shaharlaridan o'tishayotganda sehrgarlar kiyimini echib, magllarning kiyimini kiyib olishdi va nihoyat Kings-Krossdagi to'qqiz butun to'rtdan uchinchi platformaga etib kelishdi.

O'quvchilar platformani tark etib tarqalgunga qadar ko'p vaqt o'tdi. To'siq oldida turgan tajribali chiptachi magllarning e'tiborini jalb etmaslik uchun bolalarni ikkitadan, ko'pi bilan uchtadan o'tkazdi. Bir poezd bola devordan chiqib kelishsa nima bo'lishini tasavvur qilib ko'ring!

- Sizlar yozda uyimizga mehmonga kelishingiz kerak, ikkalangiz, - dedi Ron, - Men boyqush yo'llayman.

- Rahmat, - minnatdorlik bildirdi Garri, - Kutaman.

Uchovlon o'rtoq asta-sekin magllar dunyosiga olib o'tadigan darvozaga yaqinlashib borishdi. «Xogvars» o'quvchilari esa ular yonidan shosha-pisha xayrlashib o'tishdi.

- Uchrashguncha, Garri!

- Omon bo'l, Potter!

- Mashhursan, - kulib qo'ydi Ron.

- Ha, faqat men boradigan joyda emas. Bunga shubha qilmasang ham bo'ladi, - dedi Garri, ma'yus ohangda.

Garri, Ron va Germiona darvozadan birga chiqishdi.

Kutilmaganda qizaloqning ovozi eshitildi.

- Oyi, ana u, ko'rdingiz-mi, ana!

- Singilcham, Jinna, - dedi Ron.

Biroq Jinna onasiga Ronni emas, Garrini ko'rsatayotgan ekan.

- Garri Potter! - qichqirar edi u, - Qarang, oyi! Men...

- Sekinroq, Jinna, qichqirma. Odamga barmoq o'qtash ham odobdan emas.

Missis Uesli bolalarni kulib qarshi oldi.

- Qiyin o'tdi-mi yil? - so'radi u.

- Juda, - javob qaytardi Garri, - Iris qandlar va sviter uchun rahmat, missis Uesli.

- Qo'ysang-chi, yoqimtoyginam, arzimaydi.

- Hoy sen, tayyormisan?

Bu, hech kimning ovozi bilan adashtirib yuborilmaydigan Vernon amakining ovozi. U odatdagiday lavlagiyuz, odatdagiday mo'ylovli va odatdagiday Garrining yurish-turishidan darg'azab. Qarang-ki, boadab, aqli raso odamlar to'la platformada Garri boyqush qamalgan katta qafas ko'tarib yuribdi. Amakining ortida, Garrining qaytib kelganidan xursand emasligi yaqqol ko'rinib turgan Petunya xola bilan Dadli turibdi.

- Sizlar, fahmimcha, Garrining qarindoshlari bo'lsangiz kerak! - dedi missis Uesli.

- Agar shunday deyish kerak bo'lsa, - javob qaytardi Vernon amaki, - Tez bo'l, hoy bola. Seni deb kuni bilan sandiroqlab yurmaymiz-ku, bu erda, - dedi-da, o'girilib nari ketdi.

Garri o'rtoqlari bilan xayrlashib olish uchun bir oz ushlanib qoldi.

- Yozda uchrashguncha.

- Yozni... eson-omon o'tkazib ol, Garri, - dedi Germiona, Vernon amakining qo'polligidan serrayib.

- Harakat qilaman, - dedi Garri.

Uning yuzidagi tantanavor kulgini ko'rgan do'stlari hayron bo'lishdi.

- Ular uyda sehr-jodu bilan shug'ullanish man etilganidan bexabar-ku. Dadli ikkalamiz yozni maza qilib o'tkazamiz...




Download 1,12 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish