D.I.Mendeleyevgacha kimyoviy elementlarni tizimlashtirish sohasida olib borilgan ilmiy izlanishlar
1830 yilga kelib, 55 ta kimyoviy element mavjudligi aniqlandi va ularning atom massalariga ko‘ra tizimlashtiruvchi jadvallar tuzila boshlandi. Kimyoviy elementlar soni qancha bo’lishi mumkinligi va ularni tartibga solish muammosi paydo boʻldi. Bu muammoning bir necha yechimlari mavjud ekanligi va bu sohada hali anchagina ilmiy izlanishlar olib boorish zarurligi mashhur ital’yan kimyogari S. Kannitsaroning 1860-yilda jahon kimyogar-olimlarining Karlsrueda boʻlib oʻtgan anjumanidagi ma’ruzasida har tomonlama yoritib berildi. Yevropa universitetlarida malaka oshirishda boʻlgan D.I. Mendeleyev ham anjuman qatnashchisi sifatida uchbu ma’ruzani tinglab, unda olgʻa surilgan gʻoyalar ustida bosh qotira boshladi.
XIX asrning 60-yillarida elementlarning 50 dan ortiq jadvali (A.Lavuasye, J.Kuk, J.Dyuma, U. Odling, S. Kannitssaro, A. Shankurtua, L.Meyer, J.Nyulends) oʻsha davr kimyogarlariga ma’lum boʻlsa ham ularning orasida tugallangan koʻrinishga ega boʻlgan variant yoʻq edi.
Elementlarning massalarini va boshqa xossalarini oʻzaro solishtirib chiqqan nemis kimyogar-texnologi Iogann Volfgang Dyobereyner (1780-1849 yy.) 1817 yilda ayrim elementlar umumiy kimyoviy xossalariga ega boʻlishiga e’tibor qaratdi va ularni atom massalari otrib borishi tartibida joylashtirish mumkinligini, uchlikda oʻrtada joylashgan elementning atom massasi ikki chetdagi elementlar atom massalari yigʻindisining oʻrtacha arifmetik qiymatiga toʻgʻri kelishini aniqladi. Masalan, bromni oʻrganib, bu element oʻz xossaslari jihatdan xlor va iodga oʻxshashligini, xlor-brom-iod qatorida ularning atom massalari ham ortib borishiga mos ravishda reaksion qobiliyati ham oʻzgarishini koʻrsatdi. Bunday elementlar oilasini triadalar deb atagan. I. Dyobereyner oʻz izlanishlari davomida xossalari bilan bir-biriga oʻxshaydigan yana ikki guruh elenemtlar uchligini (triadalarni) aniqladi. 1829 yilda I.Dyobereyner oʻzining “Elementar moddalarning oʻxshashligiga qarab guruhlash” asarida elementlarning fizik-kimyoviy xossalari ularning atom massasiga bevosita bogʻliq deb hisobladi. Elementlar xossalarining oʻxshashligiga asoslanib u elementlar uchun quyidagi triadalarni tuzdi. Bu qavrda ma’lum boʻlgan 55 ta elementlarni aniq triadalarga ajratib boʻlmagani uchun kimyogarlar I. Dyobereyner triadalarga ajratib bo’lmagani uchun kimyogarlar I. Dyobereyner triadalariga qiziqishmadi. XIX asrning boshlarida kimyogarlar hali atom massalari asosida aniq oʻlchov ishlari olib borilmaganlari uchun kimyoviy hisoblashlarda atom massalaridan foydalanmas va koʻpchilik kimyogarlar uchun “atom ogʻirlik” va “molekulyar ogʻirlik” tushunchalari mazmunan bir xil edi.
1-rasm. I.V. Dyobereyner triadalar jadvali
I.Dyobereynerdan keyin 1857 yilda nemis kimyogari E. Lensen 20 ta triadalar tuzdi va birinchi marta noma’lum elementlar atom massasini aniqlashga urundi. Karlsrue anjumani qatnashchisi U. Olding (1829-1921 yy.) ham 1864-yilda elementlarning kimyoviy xossalariga koʻra guruhlarga ajratilgan jadvalga qoʻyib chiqdi, ammo bu ish olimlar diqqatini tortmadi.
1866 yil 1-martida ingliz olimi Jon Aleksander Nyulends (1837-1898 yy.) London kimyogarlar jamiyatida oʻz ma’ruzasi bilan chiqib, oʻsha paytda ma’lum boʻlgan 62 ta elementni S. Kannitssaro atom massalari qiymatlari jadvalidan foydalanib, ularni ikkita tamoyil asosida tizimlashtirdi: vodorodni raqamlash birdan (№1) boshlandi va №56 tugallandi, atom massasi bir xil bo‘lgan elementlar jadvalda bir katakka qo‘yildi (Co,Ni); (Ro, Ru); (Pt; Ir); ( Ge, La).
J. Nyulends elementlarni vertikal qatorga qo‘yib chiqqanda, har sakkizinchi element o‘zidan avvalgi birinchi element xossalarini takrorlashini kuzatdi. Natijada natriydan keyin kaliy, oltingugurtdan keyin selen, kalsiy esa o‘ziga o‘xshagan magniy elementidan keyin o‘rin egalladi. J. Nyulends bu qonuniyatni oktavalar qonuni deb e’lon qildi. Bu jadvaldagi o‘xshash elementlarni solishtirganda, I. Dyobereynerning triadalari mavjudligi kuzatildi, ammo o‘xshash elementlar qatoridan tashqari jadvalda bir-biriga xossalari o‘xshash elementlar qatoridan tashqari jadvalda bir-biriga xossalari o‘xshamaydigan elementlarning mavjudligi ham aniqlandi. Bu yo‘nalishda tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlar J. Nyulendsning ishlarini e’tirof etishmadi va u o‘zining ilmiy ishlarini hatto nashr qilmadi.
2-rasm. Djon Nyulends 1865 y oktavalar qoidasi
1864 yilda fransuz geologi Aleksandr Emil Begyuye de Shankurtua (1820-1886 yy.) ham elementlarning atom og‘irliklarini ortib boorish tartibida qo‘yib chiqib, ular uchun “vintssimon spiral” jadavlini tuzdi. Bu jadvalda ham o‘xshash elementlar vertical qatorda takrorlanadi. O‘z ilmiy maqolasi ilovasida vintsimon spiral jadvalning ko‘rinishini keltirmaganligi sababli A. Shankurtuaning bu ishi ham olimlar diqqatini o‘ziga jalb qilmadi va keyinchalik unutildi.
Bu ishlardan ko‘ra nemis kimyogari Yulius Lotar Meyerning (1830-1895 yy.) 1864-yilda e’lon qilgan elementlarning atom og‘irligi va atomlari hajmiga ko‘ra oshib borishga asoslangan jadvali elementlarni tizimlashtirish borasida ko‘proq ma‘lumotlar berdi va ko‘plab olimlarning diqqat-e’tiborni o‘ziga qaratdi. Bu jadvaldan shunday xulosa chiqardiki, har qaysi moddaning ma’lum hajmdagi massasiga atomlar soni doimo bir xil bo‘ladi. Demak, har xil atomlarning ko‘rib chiqilayotgan hajmi orasidagi nisbatlar alohida element hajmi bilan mutanosib bo‘lib chiqdi. Ammo bu nisbat hamisha ham to‘g‘ri bo‘lib chiqavermaydi, chunki turli elementlarning bir xil massasi ularning fazodagi egallagan hajmlariga hamisha ham mos kelavermaydi, qo‘shimcha omil sifatida izotoplarning massa ulushlari ham hisobga olish kerak. Element atom massasi va hajmi o‘rtasidagi bog‘liqlikning grafik ifodalanishi yuqoridagi jadvallardan farqli ravishda, to‘lqin shaklga ega.
3-rasm. Y.L.Meyerning jadvali
To‘lqin cho‘qqisi ishqoriy metal bilan belgilanadi. Uning jadvalidagi 6 ta vertical qatorda 44 ta element joylashtirilgan bo‘lib, grafikdagi har qaysi cho‘qqi va minimal nuqta elementlar kimyoviy xossalarining davriyligini ifodalaydi.
Y.L. Meyer tuzgan grafikning ikkinchi va uchinchi davrlari davrlarda yettita elementdan iborat bo’lib, J. Nyulends oktavalarini takrorladi, ammo keyingi davrlardagi elementlarning soni ko‘p bo‘lib chiqdi. Buni izohlab, rus olimi L.A. Chugaev “Davriy qonun mohiyati – elementlar xossalarining davriy takrorlanishi, ularning atom massalari ortib borishi tartibida qo‘yish Y.L. Meyerga butunlay begona edi”-deydi. Bu ishlar o‘sha paytdagi elementlarning xossalari haqida 1826-yilda Y.Y. Berselius e’lon qilgan natijalarga asoslandi. Atom massalarini solishtirish va kimyoviy xossalarining davriy takrorlanishi asosida elementlarni tizimlashtirish va ma’lum sinflarga ajratish va davriy qonunni ochishga asos bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida, shuni qayd etish lozimki, 1860-yilga kelib moddalar molekulyar massasini fizik kimyoviy usul bilan aniqlash (masalan, ular bug‘larining zichligiga nisbatan) kimyo fanida to‘liq shakllandi va molekulyar nazariyaning qabul qilinishida muhim omil bo’ldi.
BuxDu kimyo kafedrasi o`qituvchisi Sulaymonova Zilola Abduraxmonovna
+99891-446-70-06
Do'stlaringiz bilan baham: |