1.2. Fuqarolik huquqining asosiy tamoyillari.
Fuqarolik huquqining asosiy
tamoyillari (prinsiplari) - bu barcha fuqarolik qonunlari mazmuniga singdirilgan
asosiy, boshlang`ich qoidalardir. H.R.Rahmonqulov fuqarolik huquqi tamoyillari
haqida o`z fikrini bildirar ekan, huquqning alohida sohasi sifatida xususiy huquq
tarkibida bo`lgan fuqarolik huquqi tamoyillari uning predmetini tashkil qiluvchi ko`p
qirrali mulkiy, mulk bilan bog`liq va mulk bilan bog`liq bo`lmagan shaxsiy va
tashkiliy-huquqiy munosabatlarning xususiyatlari bilan ifodalanishini ta'kidlaydi.
Fuqarolik huquqining asosiy tamoyillari jumlasiga quyidagilar kiradi:
9
1) Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etuvchi taraflarning teng
huquqliligi. Bu tamoyil O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18- moddasida
va FKning 1-moddasida o`z ifodasini topgan. Fuqarolik qonunlarida ushbu
konstitutsiyaviy tamoyildan kelib chiqib, barcha fuqarolar uchun teng hajmda huquq
layoqati, ularning huquq va muomala layoqatlari cheklanishiga yo`l qo`yilmasligi
belgilab qo`yilgan. Taraflarning teng huquqliligi nafaqat fuqarolarga, balki boshqa
subyektlarga ham taalluqlidir va u yuridik shaxslarning u yoki bu tarini tartibga
soluvchi qonunlarda ham o`z aksini topgan;
2) barcha mulk shakllarining tengligi va huquqiy tomondan bab-baravar
muhofaza qilinishi. Mazkur tamoyil O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
53-moddasi va O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 166-moddasida
bevosita mustahkamlab qo`yilgan;
3) mulkiy munosabatlarning mafkuraviy munosabatlardan ajratilganligi.
O`tmishda iqtisodiy, shu jumladan, mulkiy munosabatlarni tartibga solishda har
xil mafkuraviy qoliplar va aqidalardan kelib chiqilgan edi. “Iqtisodiy maqbullikdan
siyosiy konyunkturaviy manfaatlarning ustun kelishi sobiq Ittifoq xalq xo`jaligi
parokandalik yoqasiga, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarning jiddiy buzilishiga,
ishlab chiqarishning texnika jihatdan qoloqligiga olib keldi”. Xuddi shu sababli ham
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 12-moddasida hech qanday mafkura
davlat mafkurasi sifatida o`rnatilishi mumkin emas, deb ko`rsatildi;
4) qonunda nimaiki ta'qiqlanmagan bo`lsa, ruxsat beriladi. Bu tamoyil fuqarolik-
huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining erkinligi, tashabbuskorligini kafolatlaydi.
Qonunda nimaiki ta'qiqlanmagan bo`lsa, ruxsat berish tamoyili fuqarolik huquqi
subyektlarining nafaqat qonunda ko`rsatilgan harakatlarni amalga oshirish, balki
qonunda belgilangan bo`lsa ham, lekin qonun bilan ta'qiqlanmagan har qanday
harakatni amalga oshirishlari imkonini beradi. Lekin shu o`rinda bunday
harakatlarning ahloq me'yorlariga ham zid kelmasligi lozimligini aytib o`tish joiz.
Fuqarolik kodeksining 8-moddasiga muvofiq, fuqarolik huquqining subyektlari
nafaqat qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlarni, lekin unga zid
bo`lmagan shartnomalar hamda boshqa bitimlarni ham tuzishlari mumkin.
Fuqarolik huquqida bunday tamoyil (qonunda nimaiki ta'qiqlanmagan bo`lsa,
ruxsat beriladi) ning mavjudligi fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilariga
erkinlik va tashabbus berish bilan birga, iqtisodiyotning rivojlanishiga xizmat
qiladigan yangi huquqiy munosabatlarni, qolaversa, huquqiy institutlarning vujudga
kelishini ta'minlaydi;
5) fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilarning ijtimoiy adolat va
qonuniylik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Bu holat O`zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining 14-moddasida mustahkamlangan;
10
6) fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilari mulkining daxlsizligi. Bu
qoida FKning 1-moddasida o`z ifodasini topgan. Shu bilan birga, FKning 166-
moddasiga muvofiq, mulk daxlsizdir va qonun bilan qo`riqlanadi. Mulkning
daxlsizligi mulkdorga qarshi turgan barcha subyektlarning mulk huquqini buzishidan
o`zlarini saqlashlaridan iborat. Bu yerda “mulkdorga qarshi turgan” iborasini
muayyan mulkning sohibi bo`lmagan har qanday boshqa shaxs sifatida tushunish
lozim. Bunday subyektlar (shaxslar) o`zganing mulkiga nisbatan qonun hujjatlarida
belgilangan “o`zlarini saqlash”ni amalga oshirsalar, mulkning daxlsizligi tamoyiliga
amal qilgan bo`ladilar.
Fuqarolik huquqining boshqa tamoyillari kabi mulkning daxlsizligi tamoyili
ham mutlaqlik xarakteriga ega emasligini nazarda tutib, FKning 166-moddasi 2-
qismi, mulkdorning mol-mulkini olib qo`yishga, shuningdek, uning huquqlarini
cheklashga faqatgina qonunda nazarda tutilgan hollardagina yo`l qo`yilishi
mumkinligini belgilaydi;
7) Qonuniy asoslarga ega bo`lmasdan turib, hech kim fuqarolik-huquqiy
munosabatlarda ishtirokchilarining xususiy ishlariga o`zboshimchalik bilan
aralishishga haqli emas.
Fuqarolik huquqi uchun muhim ahamiyatga ega bo`lgan asosiy tamoyillardan
biri hisoblangan xususiy ishlarga o`zboshimchalik bilan aralashishga yo`l
qo`yilmasligi tamoyili fuqarolik huquqi subyektlari o`z huquq va majburiyatlarini
amalga oshirishlaridagi harakatlar bevositaligi va uzluksizligini ta'minlaydi.
Ma'lumki, fuqarolik huquqida fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining xususiy
manfaatlari asosiy o`rinni egallaydi. Shuning uchun qonun chiqaruvchi ana shu
manfaatlar ustunligini kafolatlash maqsadida FKning 1-moddasidayoq, mazkur
tamoyilni mustahkamlaydi. Bundan tashqari ushbu tamoyil boshqa qonun hujjatlarida
ham alohida qoida tarzida belgilab qo`yilgan. Masalan, O`zbekiston Respublikasining
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risida”gi 2000 yil 25 maydagi
qonunining 34-moddasiga muvofiq, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari
tadbirkorlik faoliyati subyektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga
oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas. Bunday aralashuv FKning 1-
moddasi talablariga zid bo`lib, noqonuniy harakat hisoblanadi. Albatta, qonun
hujjatlarida ko`zda tutilgan aralashuv (xususiy ishlarga) bundan mustasnodir;
8) fuqarolik huquqlarining to`sqinliksiz amalga oshirilishi (FKning 1- moddasi).
Fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilari o`z fuqarolik huquqlarini amalga
oshirishda har qanday to`sqinliklarni bartaraf etilishini talab qilishga haqli. Qonun
hujjatlaridagi ba'zi cheklashlarning mavjud bo`lishi bu tamoyilning ahamiyatiga putur
yetkazmaydi. Chunki huquq subyektiga berilgan, huquq subyektlarining o`z huquqini
amalga oshira olish imkoniyatiga ega bo`lishlari, bu huquqlar mavjudligining asosiy
mezonidir. Aynan shu xususda to`xtalar ekan, H.R.Rahmonqulov fuqarolik-huquqiy
11
munosabatlar ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi nazarda
tutilishini ta'kidlab o`tadi5; 9) fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilarining
buzilgan huquqlarining tiklanishi (FKning 1-moddasi). Fuqarolik huquqi birinchi
navbatda huquqiy munosabat ishtirokchisining buzilgan huquqlarining avvalgi
holatiga qaytarilishiga qaratiladi (mulkni natura holida qaytarish, buzilgan shaxsiy
huquqni tan olish va h.k.). Buzilgan huquqlarning tiklanishi, amalda mumkin
bo`lmagan hollardagina taraflar talabini qanoatlantirishning boshqa usullari
qo`llaniladi;
10) fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilari huquqlarining sud orqali
himoya qilinishini ta'minlash (FKning 1-moddasi). Fuqarolik-huquqiy munosabat
ishtirokchilari o`z huquqlarini himoya qilish uchun o`z talabini maxsus organ - sud
orqali bildirishga haqli va bu huquq qonun bilan kafolatlanadi;
11) shartnoma tuzish erkinligi (FK 1-354-moddalar). Fuqaro-lar (jismoniy
shaxslar) va yuridik shaxslar o`z fuqarolik huquqlari hamda burchlariga o`z erklariga
muvofiq ega bo`ladilar, o`z manfaatlarini ko`zlab amalga oshiradilar. FKning 354-
moddasida esa, ushbu tamoyilning mazmuni ochib berilgan.
Shartnomalar erkinligi tamoyilini quyidagi uchta holatni ajratib ko`rsatish orqali
tushunish mumkin:
1) subyektning shartnoma bo`yicha o`z kontragenti, ya'ni shart-noma bo`yicha
sherigini tanlash erkinligi;
2) shartnoma predmetini, ya'ni aynan qanday holat yuzasidan shartnoma tuzishni
tanlash erkinligi;
3) shartnoma shartlarini tanlash erkinligi.
Ushbu uchala holatni amalga oshirishda subyektga hech qanday noqonuniy ta'sir
o`tkazmaslik lozim bo`ladi. Ba'zi hollarda yuqoridagi holatlar subyektga qonuniy
ta'sir o`tkazish orqali uning xohish-irodasini boshqa tomonga o`zgartirish orqali
amalga oshiriladi. Shartnomalar erkinligi tamoyiliga nisbatan bunday cheklov
faqatgina qonun hujjatlarida ko`zda tutilgan hollarda tadbiq etiladi (FKning 377-
moddasi).
Ular shartnoma asosida o`z huquqlari va majburiyatlarini belgilashda hamda
qonunga zid bo`lmagan har qanday shartnoma shartlarini belgilashda erkindirlar; 12)
bozor munosabatlari sharoitidagi muhim ahamiyatga ega bo`lgan fuqarolik huquqi
tamoyillaridan yana biri - O`zbekiston Respublikasining butun hududida tovarlar,
xizmatlar va moliyaviy mablag`larning erkin harakatda bo`lishidir (FK 1-moddasi).
Bu tamoyil bozor iqtisodiyoti uchun muhim bo`lgan moddiy ne'matlarning erkin
harakatlanishi hisobiga tovar-pul munosabatlari tezlashishini amalga oshirishga
xizmat qiladi. Ma'lumki, iqtisodiy rivojlanish va ma'muriy-hududiy tuzilmalarning
geografik joylashishi muayyan turdagi tovarlar taqsimotining nomutanosibligiga
12
sabab bo`ladi. Mazkur tamoyil ana shu nomutanosiblikni bartaraf etishda yetakchi
o`rinni egallaydi.
Shuning uchun ham faqatgina xavfsizlikni ta'minlash, insonlarning hayoti va
sog`lig`ini himoya qilish, tabiatni va madaniy boyliklarni muhofaza qilish uchun
zarur bo`lganda, tovarlar va xizmatlar harakatda bo`lishini cheklash qonun
hujjatlariga muvofiq joriy etilishi mumkin.
Fuqarolik huquqida xo`jalik hisobi tamoyili fuqarolik-huquqiy munosabatlarida,
masalan, yetkazilgan mahsulotlar yoki bajarilgan ishlar uchun kelishilgan narxlar
bo`yicha haq to`lashda, shartnomalarni bajarmaganlik yoki kechiktirib bajarganlik
yoxud sifatsiz bajarganlik uchun sanksiyalar belgilashda ifodalanadi.
Bulardan tashqari ayrim huquqiy institutlar, jumladan, majburiyat huquqi, mulk
huquqi, mualliflik huquqi, vorislik huquqi instituti ham o`z tamoyillariga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |