KIRISH. ISHNING UMUMIY TAVSIFI.
Mavzuning dolzarbligi va ilmiy ahamiyati. Millatni millat, davlatni davlat maqomiga ko`taradigan asos va omillarning asosiysi ilm-fan, madaniyat, ma’naviyat va din ekanligi hech kimga sir emas. Xuddi shuning uchun ham, har jabhada kuchli davlat va serg`ayrat millat hayotini adabiyotdan ayri holda tasavvur qilib bo`lmaganidek, adabiyot taqdiri va ravnaqini ham xalq, davlat manfaatidan yiroq bir hodisa deyish mumkin emas. O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarlarida o`rinli ta’kidlanganidek: “Adabiyot, so`z san’ati azaldan, xalq qalbining ifodachisi, haqiqat va adolat jarchisi bo`lib keladi”.[1.136]1 O`zbek adabiyoti o`zining boy sarchashmalariga ega bo`lib, uning juda ko`p qismini mumtoz g`azaliyot namunalari tashkil etadi.
Sharq mumtoz adabiyotining nozikligi, rang-barangligi, o`ta ta’sirchanligi hamda bo`yoqdorligi mumtoz g`azaliyotda san’atkorona qo`llanadigan turli badiiy san’atlarning o`ziga xos lirik jozibasi bilan bog`liqdir. G`azallarda nozik kechinmalar, qalb tug`yonlari, betakror nafosatni badiiy san’atlar vositasida ifoda etish ijodkor mahoratining qay darajada yuksak ekanligini belgilab berguvchi omillardan biri hisoblanadi.
Adabiyotshunosligimiz tarixini kuzatar ekanmiz, X asrdan boshlab turkiy she’riyatda xilma-xil badiiy san’atlarning tobora ko`proq qo`llanib borilganini, shoirlarimiz arab va forsiy adabiyotlarning bu sohadagi tajribalarini o`zlashtirib borib, ularning rivojiga munosib hissa qo`shganlarining guvohi bo`lamiz. Shunday badiiy tasviriy vositalarning biri husni ta’lil edi. Husni ta’lil ijodkorning yuksak didi, teran aql-u zakosi, chuqur mushohadasi sarhadini ko`rsatibgina qolmay, g`azalning badiiyanfosini ham belgilab beradi. Ushbu san’atning serjilo va betakror na’munalarini yaratish uchun ijodkordan, avvalo, yuksak salohiyat, xayoliy rang-baranglik, turli mo`jizalarni kashf etishga bo`lgan ishtiyoqmandlik talab etiladi. Husni ta’lil orqali kitobxonni hayrat dengiziga cho`mdiradigan g`ayritabiiy lavhalar chizish, hech kimning ko`zi ilg`amagan eng nozik, hayratomuz sifatlarni topa olish uchun chinakam so`z san’atkori bo`lish zarur.
Atoyi – lirik shoir. U oʻz sheʼrlarida nozik xayol, sinchkov nigoh, baland did egasi ekanligini namoyish etadi. Goʻzal, esda qoladigan oʻxshatishlar, kutilmagan mubolagʻali tasvirlar yaratadi. Bir gʻazalida goʻzal yor xokisor oshiqning yuziga oyoq bosar ekan, oyogʻi ogʻriydi, “yuzing buncha boʻyradek dagʻal boʻlmasa” deb nozlanadi. “Boʻyra” – qamishdan sholchaga oʻxshatib toʻqiladigan bir ashyo. U gilam tagidan toʻshaladi, tom ustiga yopiladi. Yorning oyogʻi shu qadar nozik va goʻzalki, uning oldida oshiqning yuzi boʻyraga oʻxshaydi. Ikkinchi bir sheʼrida esa, yorini sogʻingan oshiqning koʻzidan yosh emas, daryo oqayotgani, u kipriklaridan sol yasab, shu daryoda suzayotgani manzarasi chiziladi. Shoir yorini ulugʻlovchi, fidoyilikni koʻrsatuvchi betakror satrlar bitadi. Masalan, “Begim” radifli sheʼrida u kipriklarini supurgi (“jorub”), yuzini xokandoz qilishga tayyor, yor xizmatiga olinsa boʻlgani. Hatto yor u yoqda tursin, uning farroshligiga – “qul”likka qabul qilsa ham oʻzini baxtli hisoblaydi. Atoyi yorni mana shunday yuksaklikka koʻtaradi.
Husni ta’lil san’atida tasvirlanayotgan biron hayotiy holat yoki hodisa, tarixiy voqea yoki afsonaviy rivoyatga g`ayritabiiy sabab ko`rsatilar ekan, o`xshash biron hayotiy holat yoki hodisani unga sabab qilib keltiriladi-yu, ushbu ikki hodisa o`rtasidagi mantiqiy bog`lanish yo`qligiga qasddan ahamiyat berilmay, “xatoga yo`l qo`yiladi”. Aniqrog`i, o`ziga xos bir hazil yuz beradi.
Ulug` shoirlar (Atoiy va Gadoiy) yaratgan husni ta’lil ifodalarini turli jihatlardan guruhlashtirib, ulardagi an’anaviylik va kashfiyotchilik muammolarini, g`ayritabiiy talqin tabiati va ko`rinishlarini, husni ta’lilning timsollar olamini, Atoiy va Gadoiy ijodi misolida ushbu san’atning g`ayritabiiy talqin usullarini yoritish va ijodkorlarning ushbu ta’sirchan so`z san’atidan foydalanishdagi badiiy mahoratini ko`rsatib berish ishimizning dolzarbligini tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |