2. Ellin Misri. Sharqdagi boshqa ellindavlatlari kabi Ptolemeylar podsholigi ham bir necha ming yillik madaniyat va qadimiy an’analar rivojlangan qadimgi Sharq mamlakatlaridan birini bosib olish natijasida paydo bo`ldi. Ptolemeylar davlati ellin davlatlari ichida eng boyi va bepoyoni edi. Ptolemeylar sulolasi 100 yil davomida faol tashqi siyosat olib borib, Misrni haqiqiy imperiyaga aylantirdilar. Uning asosini Misrning an’anaviy tarixiy geografik chegaralari tashkil qildi. Ellin Misrining sharqiy chegaralari Ptolemey hukmdorlarining tashqi siyosati yutuqlari va mag`lubiyatlari bilan o`zgarib turdi. Er. avv. III asr boshlarida Ptolemeylar Misrdan tashqari, Sharqiy O`rtayer dengizi qirg`og`ining barcha orollarini nazorat qildilar. Lekin Salavkiylar va Makedoniya bilan bir necha urushlar natijasida er. avv. II asr boshlarida bu hududlar Misrdan ajralib ketdi.
Misrda hukmronlik qilgan ellin sulolasining asoschisi makedon zodagonining o`g`li, harbiy boshliq, Iskandarning safdoshi Ptolemey Lag edi. O`zi keksayib, o`z tabiiy o`limi bilan vafot qilgan Iskandarning birdan-bir diadoxi edi(er.avv. 283-yil). Antik mualliflar Ptolemey Lagni Soter (Qutqaruvchi) deb nomlaydilar. Chunki u Misr xalqini Iskandar tayinlagan noib Kleomenzulmidan ozod qilgan hisoblanadi.
Bosqinchilar mamlakat boshqaruvida minglab yillar davomida saqlanib qolgan an’anaviy, ma’muriy tizimni saqlab qoldilar. Faqat yuqori lavozimlarda turgan fors va Misr amaldorlarini o`rniga yunon-makedonlar o`tqazildi. Ptolemeylar qadimgi fir`avn-podshoning mutloq hokimiyati, ko`p tarmoqli davlat apparati, ko`p sonli amaldorlar, qat’iy markazlashgan davlat hokimiyati va uning mamlakat xo`jalik hayotiga faol aralashuvini saqlab qoldilar.
Yangi sulola Misr fir`avnlaridan mamlakatni hududiy bo`linishi, nom tiziminimeros qilib oldilar. Faqat nomlar sonlarini o`zgartirib, ularni qayta tashkil qildilar. Dastlab nomlarni podsho tayinlagan nomarxlar boshqardilar. Er. avv. III asr oxiridan nomarxlar qo`lida hududning moliyaviy sohasigina qoldirilib, ularning oliy ma’muriy hokimiyati harbiy soha bilan boshqa mansabdor-strateglarga berildi. Ptolemeylar mamlakatning iqtisodiyoti va mafkurasida muhim o`rin tutgan mahalliy kohinlar va ibodatxonalar mavqeini fir`avnlar davridagidek, o`zgarmagan holda saqlab qoldilar. Lekin ularning faoliyati davlat nazoratiga olindi. Ibodatxonalar oldida podshoning maxsus vakillari-epstatlarkohinlarning diniy va iqtisodiy faoliyati ustidan nazorat qilib turdilar.
Yunon-makedonlar kelishi arafasida Misrning iqtisodiyoti so`nggi tosh davri ibtidoiy texnikasi darajasida bo`lib, faqatgina qisman takomillashtirilgan mis va jez qurollariga asoslangan edi. Yunon-makedonlar kelishi bilan mamlakat xo`jaligida haqiqiy to`ntarish bo`ldi. Qishloq xo`jaligida temir mehnat qurollari paydo bo`ldi. Bobildan ekin ekadigan moslama (seyalka) olib kelindi. Qishloq xo`jaligida yangi texnik moslamalar-vino va zaytun yog`ini olish uchun vintli press(Arximed vinti)dan foydalana boshlanishi dehqonlarning mehnatini yengillashtirdi. Yangi ekinlar paydo bo`ldi va ishlov beriladigan yer maydonlarining hosildorligi keskin o`sdi. Fir`avn Nexo kanali qayta tiklandi. Tashlab qo`yilgan ko`plab yerlar o`zlashtirilib, sun`iy sug`orish inshootlari qayta ishga tushirildi.
Hunarmandchilik shaharlarda to`planib, qishloq xo`jaligida qaraganda, bu sohada qul mehnati keng qo`llandi. Hunarmandchilik mahsulotlari bozor uchun ommaviy ravishda ishlab chiqarildi. Kemasozlik, uy-joy va jamoat binolarining qurilishi, metall va sopol idish-tovoqlar, gazlamalar, mebellar va zargarlik buyumlari tayyorlash keng rivojlandi. Yuqori sifatli hunarmandchilik mahsulotlari eksport qilindi.
Ptolemey I savdo-hunarmandchilik, qishloq xo`jaligini rivojlantirish maqsadida o`zining tanga pullari-oltin stater, kumush tetradraxma va mis obollarni zarb qila boshladi. Oltin va kumush qazish, tanga zarb qilish, turli xil pul ayirboshlash davlat monopoliyasiga aylantirildi hamda chet el tanga pullarini ishlatish ta`qiqlandi. Misr iqtisodiyoti va tashqi savdosida o`ziga xos qog`oz vazifasini bajargan papirusni ishlab chiqarish ham davlat monopoliyasiga aylantirildi.
Ptolemey I va Misrni boshqargan uning vorislari (Ptolemey II(247-yil vafot etgan), Filadelf III, EvergetIII, Filopator IV, (240-221yil) Epifan V) deyarli yuz yil davomida faol tashqi siyosat olib borib, ellin dunyosida yetakchilik qilishga da’vo qildilar. Ular Misrni Old Osiyoda kuchli davlatga aylantirishga bor kuchlarini sarfladilar. Bu podsholar davrida Misr dengizda hukmdor bo`ldi. Finikiya, Kelesiriya, Kirena va Kipr Misr davlatining tashqi viloyatlari edi. Tarixchi Appianning ma`lumotlariga ko`ra misrning harbiy kuchlari 200 000 piyoda, 40 000 otliq, 2000 jang aravasi, 15000 harbiy kema va 300 fildan iborat bo`lgan. Ptolomey II davrida davlat xazinasida 740000 misr talanti bo`lgan. Iskandariya shahri- poytaxt, fan-san`at o`chog`i, xalqaro savdo markaziga aylandi.
Ptolemey V Epifanning er. avv. 180-yil o`limidan so`ng, tashqi siyosatda qiyinchiliklar tug`ila boshladi. Sharqda Rimning faol istilochilik urushlari Misrning tashqi siosatiga katta putur yetkazdi. Natijada tushkunlikning uzoq davri boshlanib, er. avv. 30-yilda Misrning Rim istilosi bilan tugallandi.
Er. avv. III asr o`rtalarida Misr kuchli harbiy flot va qo`shinga ega edi. Ptolemeylarning asosiy raqiblari-Makedoniya, Bobil va Kichik Osiyodagi ba’zi davlatlar bo`lgan. Ptolemey IV Filopator davri (er. avv. 222-205-yillar) Misr tashqi siyosiy yutuqlarining eng oliy nuqtasi bo`ldi. Misrning mavqei Old Osiyoda kuchayib ketdi. Lekin bu vaqtinchalik edi.
Er. avv. I asr boshlarida Rimning mulklari Misr chegaralarigacha yetib bordi. Ptolemeylar sulolasini o`zaro nizolar va xalq harakatlari zaiflashtirdi. Ptolemey IX er. avv. 88-yil Fivada boshlangan qo`zg`olonni 3 yildan so`ng, qo`zg`olon markazi bo`lgan Fiva shahrini buzib tashlash bilan bostirdi. Er. avv. 70-yillardan Rim davlati Misrning ichki ishlariga faol aralasha boshladi. Ptolemey sulolasining bir necha vakillari Rim yordami bilan hokimiyatni boshqardilar. Keyingi 15 yilda O`rta Misr nomlarida norozilik harakati kuchaydi. Rim senatida bir necha bor Misrni bosib olish masalasi muhokama qilindi. Ammo hali kuchli bo`lgan bu davlatga qarshi senat urush boshlashga jur`at qila olmadi. Er. avv. 48-yil Yuliy Sezar 8 oylik urushdan so`ng, Misrni ittifoqchi davlat sifatida Rimga qo`shib olish bilan cheklandi. Sulolaning so`nggi vakili Kleopatra rimliklar yordamida taxtga keldi. Oktavian er. avv. 30-yil Misr davlatini tugatib, Misrni Rim provinsiaysiga aylantirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |