Taqriz 9
Chexov bilan tanishgan ikkinchi asarim - Garov . Birinchi marta oʻqiganimda tasavvurimga sigʻdira olmaganman . Hajmi jihatidan kichik boʻlsa-da oʻqib chiqqandan keyin anchagacha magʻzini chaqib , fikr qilishga undaydi . Hikoyani tugatasiz , oʻqishga , ishga borasiz , yoki uyda ish bilan band boʻlasiz lekin hayolingizdan " Garov " ketmaydi . Juda koʻp savollarga javob izlaysiz . Nega ? Nimaga ? Nima uchun ? Nega yurist hayotini garovga tikdi ? .
Hikoyada qimorga oʻxshagan birja oʻyinlari , qimorlar , garovlar orqali XIX asrdagi rus nafaqat rus balki butun dunyoning ijtimoiy hayoti yoritib beriladi . Qiziqqon bankir va oʻzining nazariyasining haq ekanligini isbotlashga harakat qilgan yuristning umrbod qamoq yaxshimi yoki oʻlim jazosi kabi savollariga asoslangan garovi yurist hayotida juda katta oʻzgarishlarga sabab boʻladi . Bankirning bogʻiga oʻrnatilgan maxsus fligelda yurist 15 yil yashaydi va shu oʻn besh yil mobaynida odamlar bilan muloqat qilish , tashqariga chiqish kabi cheklovlar oʻrnatiladi . Lekin yurist uchun kitob oʻqish , vino , tamaki , musiqa asboblarini saqlash kabi ruxsatlar ham bor edi . Yurist dastlabki 1- yilda zerikish va yolgʻizlikdan qiynaladi . Ishqiy - sarguzasht , jinoyat , komediya , fantastika va shu kabi yengil - yelpi asarlar beriladi . 2- yilga kelib musiqasiz faqatgina klassik adabiyotlarni oʻqiydi . Yuristning uzlatdagi 5- yili esa kitob oʻqilmasdan , vino va tamaki bilan , lekin musiqa bilan oʻtadi .
6 - yildan esa badiiy asarlar qolib , til , falsafa va tarix kabi fanlarni oʻrganadi . 6ta tilni oʻzlashtirib , oʻsha zamondagi tilshunoslardan maqtov oladi . 10 - yildan keyin esa " Injil " ni oʻqishni boshlaydi . Bankirni esa 4yilda 600 tomdan oshiq asarlarni tugatgan insonning 1yilda ham Injilni tugata olmagani hayron qoldiradi . Injildan keyin esa dinlar tarixi va ilohiyot kabi kitoblarga ruju qoʻyadi . 13 - 15 - yillarda esa tabiiy fanlar, kimyo , tibbiyot , roman bilan bir qatorda Shekspir va Bayrondan mutolaa qilinadi . Soʻngi yildagi oʻqish jarayoni esa choʻkayotgan insonning xasga yopishib , tirik qolishga urinishiga o'xshatiladi. Yurist asar soʻngida toʻlanadigan 2milliondan voz kechadi . Chunki unga endi millionlarning ham , dunyo noz - ne'matlarining ham , shod - xurramlik va hayot lazzatining ham qizigʻi qolmagan edi. Uning fikricha bu dunyo abadiy emas va uning oxirida hamma oʻladi , hamma unutiladi .
Yuristning fikrlashi notoʻgʻridek tuyuladi lekin aslida u haqiqatni gapiradi .
Asarni har safar oʻqiganimda har xil xulosa olaman . Har safar oʻqiganimda boshqacha taʼsir qiladi . Har safar yangicha maʼno va har safar dunyoga yangicha dunyoqarash bilan qarashimga sababchi boʻladi . Menimcha Chexov yurist misolida barcha kitobxonlarning hayotini ochib bermoqchi boʻlgan . Shaxsan meni fikrim shunaqa . Yani hozir biz kitob oʻqishdan toʻxtamasak , mutolaani davom ettirsak va oʻzimiz bilishimiz kerak boʻlgan narsadan ham koʻpini bilsak , menimcha yuristning boshidan kechirganlarini boshimizdan kechiramiz . Biz ham musiqani sevamiz , tabiiy fanlarni oʻzlashtiramiz . Va menimcha bu bevafo dunyodan voz kechamiz . Asar qanaqadir injiq bankir va qaysar yurist yoki puldan voz kechgan , umrini koʻkka sovurgan odam haqida emas . Asar bilim olish , hayotning asl maʼnosini topish va hech narsa abadiy emasligi haqida . Asarni hammaga , barcha oʻquvchilarga oʻqishni tavsiya qilgan boʻlardim chunki har safar oʻqiganimizda boshqacha nigoh bagʻishlaydigan asarlar sirasiga kiradi .
QO’SHIMCHA
Garov I
Kuzning qorong'i tuni. Keksa bankir oʻz kabinetida u burchakdan bu burchakka yurarkan, o'n besh yil muqaddam, kuzda uyida ziyofat berganini eslaydi. Oʻsha ziyofatda ko‘p aqlli kishilar yigʻilgan va qiziq suhbatlar qurilgandi. Voqean, gap o‘lim jazosi ustida boʻldi. Oralarida talay olim va jurnalistlar boʻlgan mehmonlarning aksari o‘lim jazosiga salbiy munosabatda boʻldilar. Ular bu usulni eskirgan, nasroniy davlatlar uchun nobop va gʻayriaxloqiy deyishdi. Ulardan ayrimlarining fikricha, hamma joyda o'lim jazosini umrbodlik qamoq bilan almashtirish kerak emish.
- Men sizlarga qo'shila olmayman, – dedi mezbon bankir. - To‘g‘ri, oʻlim jazosini ham, bir umrlik qamoqni ham tatib ko'rmaganman, biroq, mulohaza qilinsa, menimcha, o'lim jazosi qamoqqa koʻra axloqiyroq va insoniyroq. Qatl birdaniga joningni oladi, umrbodlik qamoq - asta-sekinlik bilan joningni uzoq yillar davomida sug'urib oladi. Qay bir jallod odamiyroq? Sizni bir necha daqiqada mahv etadiganimi yoki joningizni uzoq yillar sekin-astalik bilan sug'urib oladiganimi?
- Unisi ham bunisi ham axloqqa birdek zid, - dedi mehmonlardan kimdir, - chunki maqsad-u nishon o'sha-o'sha - joningdan judo etish. Davlat - Xudo emas. U, istaganida qaytara olmaydigan narsani tortib olishga haqli emas.
Mehmonlar orasida yigirma besh yoshlar chamasi yurist yigit bor edi. Undan fikrini so'raganlarida, shunday dedi:
- O‘lim jazosi ham, bir umrga ozodlikdan mahrum etish ham birdek g'ayriaxloqiy, lekin agar menga tanlash imkoniyati berilganida edi, albatta, ikkinchisini tanlagan bo'lardim. Yashash, harqalay, umuman yashamagandan yaxshiroq-da.
Qizg'in bahs boshlandi. U paytlar yoshroq va qiziqqon boʻlgan bankir birdan g'azabga minib mushtini stolga qarsillatib urdi-yu yosh yuristga qarab qichqirdi:
- Bekor aytasiz! Ikki million tikib garov oʻynaymanki, siz kazemat'da besh yil ham oʻtira olmaysiz!
- Agar gapingiz jiddiy boʻlsa, -javob qildi yurist, -garov o'ynaymanki, besh yil emas, o'n besh yil o'tiraman.
- O‘n besh yil? Kelishdik! - hayqirdi bankir. - Janoblar, men ikki million tikaman!
-Roziman! Siz ikki million tikasiz, men esa ozodligimni! - dedi yurist.
Shu tariqa bu yovvoyi, mantiqsiz garov oʻynaldi! U paytlar oʻz millionlarining sanog‘ini bilmagan tantiq va havoyi bankir garovdan xursand boʻlib ketdi. Kechki ovqat ustida u yuristning jigʻiga tegdi:
- Es-hushingizni yig‘ing, yigitcha, hali fursat bor. Men uchun ikki million arzimas narsa, biroq siz umringizning eng goʻzal uch-to'rt yilini boy berishingiz mumkin. Atay "uch-to'rt yil” deyapman, chunki bundan ortiq oʻtira olmaysiz. Yana shuni ham unutmangki, ey toleyi past odam, ixtiyoriy qamoq majburiy qamoqdan ko'ra ancha mashaqqatli boʻladi. Har daqiqada erkinlikka chiqishingiz mumkinligi fikr-u yodingizni band etib, kazematdagi hayotingiz zaharga aylanadi. Sizga achinaman!
Endi bankir u burchakdan bunisiga yurib, bularning barini xotirlar va oʻzini savolga tutardi:
- Shu garov kimga kerak edi? Yurist o'n besh yillik hayotini yo'qotishidan, men esa ikki millionni suvga oqizishimdan nima foyda? Bu bilan odamlarga oʻlim jazosi yomon-u umrbodlik qamoq yaxshi ekanini isbotlab boʻladimi? Yoʻq va yana yoʻq. Boʻlmagan gap, ahmoqona ish. Men - badavlat odamning injiqligini namoyish etdim, yurist esa pulga oʻchligini...
Keyin u yuqorida bayon qilingan kechadan so'ng yuz bergan voqyealarni yodga oldi. Yurist qamoqni bankirning bogʻida qurilgan fligel'lardan birida qattiq nazorat ostida oʻtashiga qaror qilingan edi. Shartlashuvga koʻra, u o'n besh yil davomida fligel ostonasini hatlab chiqish, tirik odamlarni ko'rish, inson ovozini eshitish hamda maktub va gazetalar olishdan mahrum boʻlishi kerak edi. Unga cholg'u asbobini saqlash, kitob o‘qish, yozish, vino ichish va tamaki chekishga ruxsat etildi. Tashqi olam bilan u, shartga binoan, shuning uchun atayin qoʻyilgan kichkina darcha orqali va faqat sas-soʻzsiz aloqa qila olar edi. Barcha zarur ashyolar - kitoblar, notalar, vino va hokazolarni u xat orqali istalgan miqdorda, lekin faqat darcha orqali olishi mumkin edi. Bitimda qamoq muddati qat'iyan yakka holda o‘talishiga doir barcha mayda-chuyda tafsilotlargacha qayd qilingan boʻlib, yuristga roppa-rosa oʻn besh yil, ya'ni 1870-yil 14-noyabr soat 12 dan 1885-yil 14-noyabr soat 12 ga qadar hibsda o'tirish majburiyatini yuklardi. Yurist tarafidan shartlarni buzishga har qanday urinish, bu hatto muddat tugashiga loaqal ikki daqiqa qolganida sodir etilgan taqdirda ham, bankirni unga ikki million toʻlash majburiyatidan ozod qilardi.
Qamoqning birinchi yilida yurist, uning kalta-kulta xotiralariga qaraganda, yolg'izlik va zerikishdan qattiq qiynalgan. Uning fligelidan kecha-yu kunduz betinim royal tovushi eshitilib turdi! U vino va tamakidan voz kechdi.
Vino, yozgan edi u, istaklaringni qoʻzgʻatadi, istaklar esa tutqunning birlamchi dushmanlaridir; qolaversa, yaxshi vino ichsang-u hech kimni koʻra olmasang, bundan yomoni yoʻq. Tamakini esa xona havosini bulg'aydi, deb rad qilibdi. Birinchi yili yuristga asosan yengil-yelpi mazmunli kitoblar yuborildi: ishqiy sarguzashtlar haqidagi romanlar, jinoyat ishlariga doir va fantastik hikoyalar, komediyalar va hokazo.
Ikkinchi yilga borib fligelda musiqa tovushi o‘chdi, yurist esa o'z xatlarida faqat klassik adiblar asarlarini yuborishlarini talab qilardi. Beshinchi yili yana musiqa yangray boshladi va mahbus vino soʻradi. Darchadan mo'ralab uni kuzatganlar, u butun yil bo‘yi faqat yeb-ichgani, to'shakda yotgani, tez-tez esnagani, jahli chiqib oʻzi bilan oʻzi gaplashganini aytishardi. U kitob oʻqimay qo'ydi. Goho tunlari o'tirib yozishga tushar, uzoq yozar va saharga yaqin yozganlarining barini mayda-mayda qilib yirtardi. Bir necha bor uning yig'laganini ham eshitishibdi.
Oltinchi yilning ikkinchi yarmida tutqun zoʻr berib tillarni, falsafa va tarixni oʻrgandi. Bu ilmlarga shunchalik mukkasidan ketdiki, bankir u so'ragan kitoblarni topib yetkazishga bazo'r ulgurardi. To'rt yil mobaynida uning talabi bo'yicha qariyb olti yuz tom kitobni kiritib berdilar. Bu orada bankir oʻz mahbusidan quyidagi mazmunda xat oldi: "Muhtaram zindonbon! Sizga bu satrlarni olti tilda bitmoqdaman. Ularni bilimli kishilarga ko'rsating. Oʻqib koʻrsinlar. Agar ular bitta ham xato topa olishmasa, yolvoraman, bogʻda miltiq otishsin. Men bundan mehnatlarim zoye ketmaganini anglayman. Barcha asrlar va mamlakatlarning daholari turli tillarda soʻzlashadilar, ammo ularning barchasi dilida bir xil o't yonadi. O, ularni tushuna boshlaganim sababidan qalbimda naqadar ilohiy baxtni his qilayotganimni bilsangiz edi!" Tutqunning xohishi bajo keltirildi. Bankir bog'da ikki marta o'q uzishga buyruq berdi.
O'ninchi yildan keyin yurist stol yonida qimir etmay o'tirdi va faqat injilni mutolaa qildi. To'rt yilda olti yuztacha aqli donishlar kitobini o‘qib tushirgan odamning tushunish oppa-oson boʻlgan yupqaroq kitobga qariyb bir yil sarflagani bankirga g'alati tuyuldi. Injildan so'ng dinlar tarixi va ilohiyot faniga navbat yetdi.
Qamoqning so'nggi ikki yilida mahbus favqulodda koʻp, pala-partish o'qidi. U goh tabiiy fanlar bilan mashg'ul boʻlar, goh Bayron yoki Shekspirni so'rab qolardi. Ba'zan u xatlarida bir paytning oʻzida ham kimyo, ham tibbiyot qoʻllanmasi, ham roman, ham allaqanday falsafiy yoki diniy risola yuborishlarini talab qilardi. Uning mutolaasi, go'yo dengizda cho'kkan kemalarning bo'laklari orasida suzib yurgan va oʻz hayotini saqlab qolmoq uchun, hali u hali bu boʻlakka tarmashayotgan kimsani eslatardi!
II
Keksa bankir bularning barini eslarkan, oʻyga toldi:
"Ertaga soat o'n ikkida u erkinlikka chiqadi. Shartga muvofiq, unga ikki million toʻlashim lozim. Lekin, agar toʻlasam, men butunlay xonavayron bo'laman..."
Oʻn besh yil burun uning millionlarining sanog'i yo'q edi, endi boʻlsa oʻzidan so'rashga ham qo'rqadi - pullari ko'pmi yoki qarzlarimi? Qimorga oʻxshagan birja oʻyinlari, tavakkal oldi-sotdilar va qariligida ham uni tark etmagan qiziqqon fe'li alaloqibat ishlarini tanazzulga sudragan va qo'rquv bilmas, oʻzbilarmon, mag'rur korchalonimiz endilikda qimmatbaho qog'ozlar narxlari har ko'tarilib-pasayganida zir titraydigan oʻrtamiyona bankirga aylangan edi.
-La'nati garov! - g'ijindi chol, nochorlikdan boshini changallarkan. - Bu odam nega o'lmay qoldi? U endigina qirqqa kirdi. Mening bor-budimni shilib oladi, uylanadi, hayot zavqini suradi, birjada o'ynaydi, men esa qashshoqlar kabi uni hasad bilan kuzataman va undan har kuni: "Baxtiyor hayotim uchun sizning oldingizda qarzdorman, ruxsat eting, sizga ko'mak beray!" degan so'zlarni eshitib yuraman. Yo'q, bunisi ortiqcha! Xonavayron va sharmanda boʻlishdan qutulib qolishning yagona chorasi - bu odamni oʻldirish!
Soat uchga bong urdi. Bankir atrofga quloq tutdi: uyda hamma uxlagan, tashqaridan sovuqqotgan daraxtlarning sasi eshitiladi faqat. U, tovush chiqarmaslikka tirishib, poʻlat sandigʻidan o'n besh yil ochilmagan eshik kalitini oldi va paltosini egniga ilib, uydan chiqdi.
Bog' zim-ziyo va sovuq edi. Yomg'ir yog'ardi. Achchiq namchil shamol bogʻ aro uvullab kezar va daraxtlarga tinchlik bermasdi. Bankir butun quvvatini ko'zlariga yig'di, biroq na zaminni koʻra oldi, na oq haykallarni, na fligelni va na daraxtlarni. Fligel yoniga yaqinlashgach, u ikki marta ovoz chiqarib qorovulni chaqirdi. Javob bo'lmadi. Aftidan, qorovul bu rasvo havodan yashirinib, oshxonadami yoki qishki gulzordami uxlab qolgan bo'lsa kerak.
“Agar oʻz niyatimni bajo qilishga jur'atim yetsa, -oʻyladi chol, - birinchi navbatda qorovul shubha ostida qoladi”.
U qorong'ida zinapoya va eshikni paypasladi va fligel dahliziga kirdi, so'ng yana paypaslay-paypaslay torgina yoʻlakka oʻtib, gugurt chaqdi. Bu yerda tirik jon yo'q edi. Kimningdir koʻrpa-yostiqsiz karavoti turar, burchakda cho‘yan pechka qorayib ko'rinardi. Tutqunning xonasiga olib kiradigan eshikdagi muhr butun edi.
Gugurt cho'pi oʻchgach, chol hayajondan titray-titray kichkina darchadan mo'raladi.
Mahbusning boʻlmasida sham xira yonib turardi. Uning oʻzi stol yonida oʻtirgan ekan. Uning faqat yagʻrini, boshidagi sochlari va qoʻllari ko'rinardi xolos. Stolda, ikkita yumshoq kursi va gilamda, stol yonida ochiq kitoblar betartib yotardi.
Besh daqiqa oʻtdi hamki mahbus qimir etmasdi. O'n besh yillik qamoq qimirlamay o'tirishga o'rgatgan edi uni. Bankir barmoqlari bilan derazani chertdi, biroq tutqun bu tiqillashga biron-bir harakat bilan javob bermadi. Shunda bankir eshik muhrini ohista buzdi va kalitni qulf tirqishiga soldi. Zanglab yotgan qulf boʻgʻiq tovush chiqardi, eshik gʻijirladi. Bankir hayrat aralash qichqiriq va oyoq tovushini eshitishni kutgan edi, ammo uch daqiqa oʻtsa-da, eshik ortida hamon osoyishtalik edi. U xonaga kirishga jazm etdi.
Stol yonida qimirlamasdan, boshqa odamlarga o'xshamaydigan bir kishi o'tirardi. Bu teri qoplangan skelet boʻlib, uzun qattiq sochlari va paxmoq soqoli bor edi. Uning yuzi sarg‘ish, tuproq tusiga oʻxshash, chakkalari ichiga kirib ketgan, yagʻrini uzun va ensiz, sersoch boshini tutib turgan qoʻli esa shu qadar oriq va ingichka ediki, qaraganing sari vahima bosardi. Sochlari allaqachon kumushday oqargan, chollarnikidek ozg'in yuziga qarab uning bor-yo‘g‘i qirq yoshga kirganiga ishonging kelmasdi. U uxlardi... Egik boshi qarshisida, stol ustida mayda xat bilan nimalardir yozilgan bir varaq qog'oz yotardi.
"Notavon kimsa! - dedi ichida bankir. - Millionlarni tush ko'rib uxlab yotgan bo'lsa ajabmas! Bu chalamurdani to'shakka irg‘itib, yostiq bilan yengilgina bo‘g‘sam bormi, eng haqparvar ekspertiza ham zoʻrlik alomatlarini topa olmaydi. Lekin avval o'qib koʻray-chi, nimalarni yozdiykin u..."
Bankir stoldan qog'ozni olib, quyidagilarni o'qidi:
"Ertaga soat o'n ikkida men ozodlikka chiqaman va odamlar bilan muloqotda bo'lish huquqiga ega bo'laman. Biroq, bu xonani tashlab ketish va quyoshni ko'rishdan av. val bir necha og'iz so'z aytishni lozim topdim. Sof vijdon bilan va meni koʻrib turgan parvardigor guvohligida e'tirof etamanki, men sizlarning kitoblaringizda bu dunyoning baxt-saodati deb atalgan ozodlikdan ham, hayotdan ham, tansihatlikdan ham jirkanaman.
Men o'n besh yil dunyo hayotini sinchiklab oʻrgandim. Toʻgʻri, men zamin va odamlarni ko'rmadim, ammo sizlarning kitoblaringizda xushta'm sharoblarni no'sh etardim. qo'shiqlar kuylardim, oʻrmonda bug'u va yovvoyi qobonlarni ov qilardim, ayollarga koʻngil qo'yardim... Sizlarning daho shoirlaringiz sehri ila yaralgan osmoniy sanamlar tunlari huzurimga kelib, kishini sarxush qiluvchi g'aroyib ertaklarni soʻzlab berishardi. Sizlarning kitoblaringizda men Elbrus va Monblan' cho'qqilariga yuksalib, u yerdan tongda quyosh chiqishini va oqshomlari osmon, ummon va tog' cho'qqilarini olovrang shafagʻi-la toʻldirganini tomosha qildim; u yerda turib boshim uzra, bulutlarni tilgancha chaqmoqlar chaqqanini ko'rdim; yashil oʻrmonlar, dalalar, daryolar, koʻllar, shaharlarga boqdim, nastarinlar nag'masi va podachilar sibizgʻasidan taralgan kuylarni tingladim, Tangri haqida suhbatlashmoq uchun huzurimga uchib kelgan ajoyib iblislarning qanotlarini qo'lim bilan ushlab ko'rdim... Sizlarning asarlaringizda tubsiz jarliklarga quladim, mo'jizalar bunyod etdim, oʻldirdim, shaharlarni yakson qildim, yangi dinlarga da'vat etdim, butun-butun podshohliklarni zabt qildim...
Kitoblaringiz meni donishmand qildi. Tinim bilmas inson tafakkuri asrlar bo‘yi yaratgan hamma narsa siqilibezilib, mening bosh chanog'im ostida mo‘jaz guvala holiga kelgan. Bilamanki, sizlarning hammangizdan aqlliroqman.
Biroq men sizlarning kitoblaringizdan nafratlanaman, dunyoning butun baxt-saodati va donishmandligidan jirkanaman. Qanchalik mag'rur, oqil va go'zal bo'lmang, o'lim sizlarni dala sichqonlari qatorida yer yuzidan supurib tashlayajak, sizlarning avlodlaringiz, tarixingiz, daholaringizning abadiyati esa qora buyug‘da halok bo'lajak yoki yer shariga qo'shilib kulga aylanajak.
Sizlar aqldan ozib, toʻgʻri yoʻldan adashgansiz. Yolg'on ni haqiqat deb qabul qilasiz, badburushni esa goʻzal hisob laysiz. Agar qandaydir holat ta'sirida olma va apelsin daraxtlarida toʻsatdan mevalar oʻrniga qurbaqa va toshbaqalar bitsa yoki atirgullardan terga botgan aygʻir bo‘yi anqisa, bunga hayron qolgan boʻlur edingiz, shu singari, osmonni yerga almashgan sizlarga boqib, men ham hayratdaman. Men sizlarni anglashni xohlamayman.
Sizlar nimalar hisobiga yashasangiz, o'shalardan jirkanishimni amalda isbotlash maqsadida, bir paytlar men misoli jannatni orzu qilgandek orzu qilgan va endilikda nafratimni qoʻzgʻatadigan oʻsha ikki milliondan voz kechaman. Ularga egalik qilish haqqidan oʻzimni mahrum etish uchun men bu yerni shartlashilgan muddatdan besh soat oldin tark etgum va shu tariqa shartnomani buzgum..."
Bularni o'qib chiqqach, bankir qog‘ozni stolga qo‘ydi, gʻalati odamning boshidan o'pdi va yigʻlagancha fligeldan chiqdi. Ilgari hech qachon, hatto birjada katta pul yutqazgan paytlarida ham oʻz-oʻzidan bu qadar jirkanmagan edi u. Uyiga kelib oʻrniga yotdi, biroq hayajon va koʻz yoshlari anchagacha uyqu bermadi...
Ertasiga ertalab qo'rqib ketgan qorovullar yugurgilab kelishdi va fligelda yashab yurgan kimsa darchadan bog' tomon oshib oʻtgani va darvozadan chiqib allaqayga g'oyib boʻlganini xabar qilishdi. Bankir o'sha zahoti xizmatkorlarini yoniga olib fligelga kirdi va oʻz tutqunining qochib ketganiga amin bo'ldi. Ortiqcha gap-so'zlarga oʻrin qoldirmaslik maqsadida u stoldan voz kechish haqidagi qog'ozni oldi va xonasiga qaytib, uni po'lat sandiq ichiga yashirib qo'ydi.
1888-yil.
Do'stlaringiz bilan baham: |