BUYUK SO’Z SAN’ATKORI
O’zbekiston xalq shoiri,O’zbekiston Qahramoni
Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga
Abdulla Oripov — zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni teran, haqqoniy, oʻziga xos betakror kuylagan taniqli ijodkor. U hozirgi oʻzbek sheʼriyatiga yangicha badiiy tafakkur yoʻsinlarini olib kirdi. Shoir tub mohiyati bilan Yassaviy, Navoiy, Bobur, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom singari ijodkorlar badiiy anʼanalarining davomchisi hisoblanadi. Hozirgi o’zbek nazmining yetuk vakillari hisoblangan Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, Muhammad Yusuf va yana ko’plab shoirlar ijodining kamolga yetishida Abdulla Oripov she’riyati, qaysidir ma’noda, asos bo’lib xizmat qilgan. Shoir hali SSSR o’z qudratining yuqori cho’qqisida bo’lgan paytda – 1964-yilda “O’zbekiston – Vatanim manim” deya mardona hayqirmoqqa o’zida jasorat topa olgan mard ijodkor edi. Shoir bu qasidasi bilan millionlab o’zbeklar yuragiga O’zbekiston atalmish Vatanni qayta olib kirdi. Mustaqillikka erishgan Oʻzbekiston Respublikasining madhiyasi Abdulla Oripov soʻzi bilan aytildi.
Abdulla Oripov 1941-yilning 21-martida, yaʼni Yilboshi bayrami kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Nekoʻz qishlogʻida tugʻildi. Qishloq Qoʻngʻirtov etagiga oʻrnashgan boʻlib, oqar suv taqchil boʻlsa-da, seryomgʻir kelgan yillarda koʻkat-u maysalarga koʻmilib qoladigan kengish joy edi. Bu haqida shoirning oʻzi shunday yozadi:
“Ayniqsa, bahor paytlarida bu yerlarga yogʻin koʻp tushar, Qoʻngʻirtov etaklari ming xil oʻt-oʻlan, chuchmoma-yu qizgʻaldoqlar bilan, quyontoʻpigʻ-u ismaloq bilan, karrag-u hazorisfand bilan, qoʻzigullar bilan qoplanar, tevarak-atrof jannatiy bir manzara kasb etardi. Sel suvlari toʻplanib qolgan kichik-kichik koʻllarni “qoq” deyishardi. Uning toza suvini odamlar tashib ichishar, bola-baqra chuchmomay-u ismaloq, zamburugʻ terib, Qoʻngʻirtov etaklarida kunlarini kech qilar edi”.
Ana shunday goʻzal maskanda tugʻilib oʻsgan Abdulla Oripovning otasi Orifboy Ubaydulla oʻgʻli ishbilarmon dehqonlardan boʻlib, jamoa xoʻjaligi raisi edi. Onasi Turdixol momo koʻpchilik oʻzbek ayollari singari sarishta, mehnatkash, mehribon, gʻoyat taʼsirchan va ezgulikka tashna ayol boʻlgan. Oilada toʻrt oʻgʻil, toʻrt qiz boʻlib, Abdulla oʻgʻillarning kenjasi edi.
Birinchi marta respublika matbuotida „Qushcha“ deb atalgan sheʼri chiqqan paytda Abdulla Oripov talaba edi. Shoirning birinchi sheʼrlar toʻplami “Mitti yulduz” esa 1965-yilda chop etilgan. Undan keyin “Koʻzlarim yoʻlingda” (1967), “Onajon” (1969), “Ruhim” (1971), “Oʻzbekiston”, “Qasida” (1972), “Xotirot” (1974), “Yurtim shamoli” (1974), “Jannatga yoʻl” (1978), “Hayrat” (1979), “Hakim va ajal” (1980), “Najot qalʼasi” (1981), “Yillar armoni” (1983), “Haj daftari” (1992), “Saylanma” (1996), “Sohibqiron” (sheriy drama) (1996), toʻrt tomlik “Tanlangan asarlar” (2000-2001) singari qator kitoblari bosilib chiqdi. Bu asarlar oʻzbek milliy sheʼriyatining mumtoz namunalari boʻlib, yuksak badiiyligi, mantiqan kuchliligi, joʻshqinligi, yoqimliligi va lirik tuygʻularga boyligi bilan ajralib turadi.
Abdulla Oripov xalqimizni dunyo adabiyotining sara namunalari bilan tanishtirish borasida ham talay ishlarni amalga oshirgan. U Dantening (rus.)"Ilohiy komediya" asarini, L.Ukrainka, T.Shevchenko, N.Nekrasov, Q.Quliev, R.Hamzatov singari shoirlarning sheʼrlarini mahorat bilan oʻzbekchaga oʻgirgan.
Millat maʼnaviyati va estetik tafakkurini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun shoir Abdulla Oripov ijodkorlar orasida birinchi boʻlib, 1998-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonga sazovor boʻldi.
Shoir 2016-yil 5-noyabrda – 75 yoshida og’ir xastalik yufayli hayotdan ko’z yumgan.
Sirojiddin Xolboyev tayyorladi
Do'stlaringiz bilan baham: |