Ahmad Yassaviy (1041-1167)
Islom dini paydo bo‘lgandan so‘ng uning doirasida, Qur’on va Hadis ahkomiga mos ravishda paydo bo‘lgan tasavvufiy ta’limotlar X—XI asrlarga kelib Movarounnahrda ham keng tarqala boshladi.
Tasavvuf — Yaqin va O‘rta Sharq xalqlarining ma’naviy hayoti tarixidagi eng murakkab, o‘zaro ziddiyatlarga to‘lib-toshgan va muhim hodisalardan biri bo‘lib, uning uchun tarkidunyochilik, bu dunyo boyliklaridan va nozu ne’matlaridan voz kechish, Alloh vasliga yetmak uchun pok, halol, o‘z mehnati ila yashash, ixtiyoriy ravishdagi faqirlik xarakterli xususiyatlardan hisoblangan.
Markaziy Osiyoda tasavvufiy ta’limotlarning paydo bo‘lishi Yusuf Hamadoniy (1048—1140) nomi bilan bog‘liqdir. Yusuf Hamadoniy Marv va Buxoroda xonaqo va madrasa qurdirib, ko‘plab turkigo‘y, forsigo‘y shogirdlar tayyorladi. Buxorodagi shogirdlari orasida Hasan Andoqiy, Abdullo Baraqiy, Ahmad Yassaviy va Abduxoliq G‘ijduvoniy alohida ajralib turardi. Keyinroq bu to‘rt iste’dodli shogird Hamadoniy maktabini muvaffaqiyat bilan davom ettirdilar.
«Yassaviya», «Naqshbandiya» tariqatlari Hamadoniy ta’limoti asosida shakllandi.
Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi. Turkiston, Qozog‘iston
XII asrda Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan ilk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy 1041 yilda Sayramda, Shayx Ibrohim oilasida dunyoga kelgan. Uning vafot etgan vaqti ko‘pgina qo‘lyozma manbalarda hijriy 562 (1166/67) yil deb yozilgan. Ahmad yoshligida onasidan, so‘ng otasidan ajraladi. Uni bobosi Arslonbob tarbiyalab voyaga yetkazadi. Ahmad dastlabki ta’limotini Yassida mashhur olim Shahobiddin Isfijobiydan oladi. So‘ngra boboi Arslonbob qo‘rsatmasi bilan Buxoroga borib Yusuf Hamadoniydan ta’lim oladi. Ahmad Yassaviyning o‘zi «Ustoz Yusuf Hamadoniyning huzuriga 23 yoshida borganini va ul Hazratning tarbiyasiga noil bo‘lg‘onligini» aytadi. U yerda tasavvufdan ta’lim olib, so‘ng o‘z yurti Turkistonga qaytadi, o‘z ta’limotini targ‘ib etib, shogird, muridlar tayyorlay boshlaydi.
Rivoyatlarga ko‘ra, Yassaviy 63 ga (Payg‘ambar yoshiga) yetgach, yer ostida hujra yasatib, «chilla»ga kirgan, qolgan umrini toat-ibodat qilib, qimmatli hikmatlar yozib, riyozatlar chekib, yer ostida o‘tkazgan. Bir rivoyatga ko‘ra, u 125 yil, boshqa rivoyatga qaraganda, 133 yil umr ko‘rgan.
Yassaviy madaniyatimiz tarixida ilk turkiyzabon mutasavvuf shoir sifatida ma’lumdir. Uning tasavvufni targ‘ib etuvchi turkiyda yozilgan she’rlari tilining xalqqa yaqinligi, ohangdorligi bilan tezda mashhur bo‘lib ketdi.
Alisher Navoiy iborasi bilan aytganda, «Turkiston mulkining ulug‘ Shayx-ul-mashoyixi» Hazrati Xoja Ahmad Yassaviy juda ko‘p mutasavvuf donishmandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ma’lumki, «Yassaviya» tariqatidan keyin Markaziy Osiyoda ikki yirik tariqat paydo bo‘ladi: «Naqshbandiya» (Xo‘jagon), «Bektoshiya».
Tasavvufdagi barcha yirik tariqatlarda bo‘lganidek, «Yassaviya» tariqatining ham o‘ziga xos muayyan qoidalari (odobi) bo‘lib, bu ta’limotdagi soliklar quyidagi qoidalarga amal qilishlari majbur bo‘lgan: 1) Murid hech kimsani o‘z piridan afzal ko‘rmasligi, unga doimo taslimiyat izhor qilmog‘i lozim; 2) Murid shunchalik zukko va idrokli bo‘lishi kerakki, to o‘z shayxining rumuz va ishoralarini mukammal anglay olsin; 3) Shayxning barcha akvoli (so‘zlari) va af’oli (ishlari)ga murid sodiq bo‘lib, unga mutlaqo mute va mo‘taqid bo‘lmog‘i lozim; 4) Murid o‘z murshidi (piri)ning barcha topshiriqlarini chustu choloklik (chaqqonlik) ila sidqididdan bajarib, uni hamisha rozi qilib yurmog‘i zarur. Chunki rizoi Alloh uning (ya’ni Shayxning) zimnidadir: 5) Murid o‘z so‘ziga sodiq, va’dasiga rosix bo‘lib, murshidi ko‘nglida hech qanday shaku shubha tug‘dirmasligi zarur; 6) Murid o‘z va’dasida vafodor, so‘zida ustuvor turmog‘i lozim; 7) Murid o‘z ixtiyoridagi barcha mol-mulkini, butun boru yo‘g‘ini o‘z shayxiga nisor etmoq uchun doimo tayyor turmog‘i lozim; 8) Murid o‘z murshidining barcha sir-asrorlaridan ogoh bo‘lib, uning ifshosini hech vaqt xayoliga keltirmasligi kerak; 9) Murid o‘z shayxining barcha takliflarini nazarda tutib, uning mushkilotini oson qilmog‘i, pandu nasihatlarini bajo keltirmog‘i shart; 10) Murid Xudo visoli uchun o‘z Shayxi yo‘lida butun molu jonini nisor etmoqqa tayyor turishi, uning do‘stiga do‘st, dushmaniga dushman bo‘lib yashamog‘i shart.
«Yassaviya» tariqatining barcha aqidalari Ahmad Yassaviyning asosiy asari bo‘lmish «Hikmat»da mufassal bayon etilgan. XII asrdagi turkiyzabon she’riyatning ajoyib namunasi bo‘lgan, keyingi davrlardagi turkiy adabiyotga katta ta’sir ko‘rsattan «Hikmat» asarida «Yassaviya» ta’limotidagi poklik, halollik, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, o‘z qo‘l kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yo‘lida Insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilg‘or umumin-soniy qadriyatlar ifoda etilgan.
Bag‘dodda 922 yilning 22 mart kuni riyokor shayxlar va mutaassib ulamolar tomonidan xudosizliqda ayblanib dorga osilgan, so‘ngra qo‘l-oyoqlari kesilib, tanasi kuydirilib, daryoga tashlangan mashhur mutasavvuf olim Mansur Xalloj (858—922) ni Yassaviy bir talay she’rlarida chuqur hurmat bilan tilga oladi, mazkur ilg‘or, dovyurak va jasur mutasavvuf donishmandga katta rag‘bat ko‘rsatadi:
«Bilmadilar mullolar «Anal-haq» ning ma’nosin,
Qol ahliga hol ilmin Haq qo‘rmadi munosib,
Rivoyatlar bitildi, holin ani bilmadi,
Mansurdek avliyoni qo‘ydilar dorga osib.
Shariatdur, deb olimlar buyurdilar,
Kofir Mansur o‘lmadi, deb kuydurdilar.
Axgar qilib kulin qo‘kka sovurdilar,
Tog‘u tuzlar «Anal-haq», deb turar ermish».
Yassaviy ham o‘zining piri buzrukvori Shayx Yusuf Hamadoniyga o‘xshab mol-dunyo to‘plashga mutlaqo qiziqmaganini, kambag‘alparvar va g‘aribparvar bo‘lib yashaganligini uning ba’zi bir hikmatlaridan ham bilsa bo‘ladi. Mol-dunyoga, boylikka va davlat orttirishga mukkasidan ketgan, xasis va ochofat kishilarni Yassaviy beayov tankid qiladi:
Beshak biling bu dunyo barcha xalqdan o‘taro,
Ishonmag‘il molingga, bir kun qo‘ldan ketaro,
Oto, ono, qarindosh qayon ketdi, fikr qil,
To‘rt oyoqlik cho‘bin ot bir kun sango yetaro.
Darhaqiqat, Xoja Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyodagi ilk tasavvufiy tariqat — «Yassaviya»ning asoschisi, nafaqat Xuroson va Mavorounnahr, balki turkiyzabon xalqlarning ma’naviy tarixida keng ma’lum bo‘lgan, mutasavvuf donishmand, insonparvar shoir hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |