Qutlug‘ to‘y taraddudi
Qutlug‘ to‘y taraddudi
Samarqand shahrining 2750 yilligi tantanalari tobora yaqinlashmoqda. Shu munosabat bilan joylarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Samarqand viloyatining Tayloq tumanida bo‘lib o‘tdi. Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda tarixchi olimlar, mutaxassislar, o‘quvchi va talabalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Samarqand nafaqat mamlakatimiz, balki, ro‘yi zamindagi eng qadimiy va betakror shaharlar sirasiga kiradi. Azaldan bu shahar o‘zining geografik joylashuvi, boy tarixi, noyob me’moriy obidalari bilan jahon sayyohlarini o‘ziga maftun etib kelgan. Ko‘hna Sharqning ilm-fan, savdo-sotiq va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan bu zaminda dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk allomalar, fozilu fuzalolar kamol topgan.
Mustaqillik yillarida yurtimiz o‘tmishi, milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga munosabat tubdan o‘zgardi. Prezidentimiz rahnamoligida tariximizni xolisona o‘rganish, ulug‘ ajdodlarimiz yaratib qoldirgan boy ma’naviy merosni keng targ‘ib etish borasida ulkan ishlar bajarilmoqda. Qadimiy shaharlarimizning yubileylari keng miqyosda nishonlanmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ana shular xususida batafsil so‘z yuritib, ishtirokchilarning savollariga javob qaytardilar.
– Har birimiz Samarqanddek ulug‘vor shahrimiz bilan g‘ururlanishga haqlimiz, – dedi Tayloq tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mo‘tabar Yo‘ldosheva. – Tumanimiz ahli ham bu qutlug‘ shodiyonalarni intiqlik bilan kutmoqda.
Vatan, mustaqillik, ezgulikni tarannum etuvchi she’rlar, kuy-qo‘shiqlar tadbirga fayz bag‘ishladi.
2007 yili Samarqand shahrining 2750 yilligi nishonlanadi
Istiqlol yillarida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan milliy davlatchiligimiz va ma’naviyatimizning qadimiy beshiklari bo‘lmish shaharlarimizning asl yoshini aniqlash, yubileylarini keng miqyosda nishonlashga alohida e’tibor qaratilayotir. Buxoro va Xivaning 2500, Shahrisabzning 2700 yillik to‘yi o‘tkazildi. Ayni paytda Qarshining 2700, Marg‘ilonning 2000 yilligiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining Samarqand shahrining 2750 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid qarori bu xayrli ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.
- Yurtboshimizning bu qarorini o‘qib, barcha yurtdoshlarimiz singari biz, tarixchilar ham g‘oyat xursand bo‘ldik, - deydi Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori Temur Shirinov.- Mazkur hujjatda qadimiy va boy tarixi, betakror madaniyati, buyuk siymolari bilan dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan, noyob tarixiy-me’moriy obidalar va muqaddas qadamjolarni o‘z bag‘rida asrab-avaylab kelayotgan Samarqand shahrining 2750 yillik qutlug‘ sanasini keng miqyosda nishonlash va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
Samarqandning qadimiy maskanlarida olib borilgan arxeologik qidiruvlar shaharning yoshi xususida aniq ma’lumotlar berdi va buni jahondagi nufuzli tashkilotlar e’tirof etdi.
Samarqand nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyodagi eng qadimiy, go‘zal va betakror shaharlardan. U Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davrida gullab-yashnagan. Yirik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, ko‘plab inshootlar, masjid va madrasalar, karvonsaroylar, ko‘prik va bog‘lar bunyod etilgan. Bu davrda yaratilgan bebaho tarixiy obidalar hanuzga qadar yetti iqlimdan tashrif buyuradigan sayyohlarni lol qoldirib kelayotir.
Mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimovning bevosita rahnamoligida amalga oshirlgan xayrli ishlar samarasi o‘laroq shahar yanada chiroy ochdi. Ko‘plab zamonaviy inshootlar, ta’lim-tarbiya muassasalari, ijtimoiy, madaniy-maishiy obyektlar ishga tushirildi.
1996 yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi tantanalari arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga binoan Samarqand shahri Amir Temur ordeni bilan taqdirlandi. Yurtboshimizning 18 oktabrni Samarqand kuni sifatida nishonlash borasidagi taklifi shahar ahli tomonidan zo‘r mamnuniyat bilan kutib olindi. Bu sana har yili keng jamoatchilik tomonidan ko‘tarinkilik bilan nishonlanadi.
Samarqandda xalqaro miqyosdagi ko‘plab siyosiy, ijtimoiy tadbirlar, sport musobaqalari, “Sharq taronalari” singari yirik musiqa festivallarining o‘tkazilishi shahar dovrug‘ini dunyoga yanada keng taratishga xizmat qilmoqda.
Samarqand shahrini rivojlantirishning 2025 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi ishlab chiqilgan. Bugungi kunda ana shu reja asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari tufayli shahar butunlay yangicha qiyofa kasb etmoqda. Jumladan, Shohi Zinda me’moriy yodgorligining qisqa fursatda to‘liq restavratsiya qilingani, Registon maydoni ta’mirlangani bu ko‘hna obidalarning umriga umr, shahar husniga husn qo‘shdi.
Bunday ulkan bunyodkorlik ishlari Prezidentimizning qarori asosida yanada izchil va keng ko‘lamda davom etishi shubhasizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |