Xarajatlar smetasi nima uchun tuziladi va uni ahamiyatini tushuntirib bering.
Xarajatlar smetasi tegishli byudjet parametrlari tasdiqlangandan necha kungacha moliya organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim?
Shtatlar jadvalini tuzish tartibini aytib bering.
Byudjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha xarajatlar va daromadlar smetasi tuzilishi xaqida aytib bering?
BOB. NOMOLIYaVIY AKTIVLAR HISOBI
Asosiy vositalarni hisobini tashkil etish
Tashkilotlar o‘zlarining zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatlarini amalga oshirishi, shuningdek ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) jarayonida foydalaniladigan, qiymatidan qat’i nazar 1 yildan ortiq xizmat qilish muddatiga ega bo‘lgan moddiy aktivlarni buxgalteriya hisobida asosiy vositalar tarkibida hisobga oladi va aks ettiradi.
Yuqoridagi asosiy vositalarning tarifidan shu narsa kelib chiqadiki, byudjet tashkilotlarida aktiv asosiy vosita bo‘lishi uchun quyidagi asosiy shartlarga javob berishi kerak:
a) aktiv moddiy ko‘rinishga ega bo‘lishi kerak;
b) byudjet tashkiloti mazkur moddiy aktivni o‘zini extiyoji uchun ishlatishi lozim;
v) byudjet tashkiloti mazkur moddiy aktivni o‘zini extiyojiga 1 yildan (12 oydan) oshiq vaqt mobaynida ishlatishi lozim.
Asosiy vositalarning buxgalteriya hisobi asosiy vositalarning kelib tushishi, ularning tashkilot ichida joydan-joyga o‘tishi (ko‘chishi), tashkilot hisobidan chiqarilishi (jumladan, yaroqsiz holga kelganligi sababli), shuningdek, har bir ob’ektning (predmetning, komplektning) saqlanishi va to‘g‘ri foydalanishi ustidan nazorat qilinishini hujjatlarda to‘g‘ri rasmiylashtirilishini hamda hisob registrlarida o‘z vaqtida aks ettirilishini ta’minlashi kerak.
Asosiy vositalar tarkibida quyidagilar hisobga olinadi: imoratlar, inshootlar, mashina va uskunalar, kompyuter texnikasi va unga qo‘shimcha qurilmalar, transport vositalari, kutubxona fondi, uzatkich moslamalari, ishchi va mahsulot beruvchi hayvonlar va boshqa asosiy vositalar (muzey boyliklari, hayvonot olami eksponatlari, sahna-tomosha vositalari, o‘quv kinofilmlari, magnit disklari va lentalari, kassetalar va hokazo).
Qiymati va xizmat muddatidan qat’i nazar, quyidagilar asosiy vositalar tarkibiga kiradi: qishloq xo‘jaligi mashinalari va uskunalari, katta yoshdagi ishchi va mahsulot beruvchi hayvonlar (shu jumladan, maydasi ham), kutubxona fondlari, muzey boyliklari (muzey eksponatlaridan tashqari), hayvonot olami eksponatlari va namunaviy loyihalashtirishga oid hujjatlar.
Ko‘p yillik ko‘chatlarga doir kapital xarajatlar har yili, butun ishlar majmui tugashidan qat’i nazar, foydalanishga qabul qilingan maydonlarga taalluqli xarajatlar summasida asosiy vositalar tarkibiga kiritiladi.
Xizmat muddati va qiymatidan qat’i nazar, quyidagilar asosiy vositalar tarkibiga kiritilmaydi:
maxsus asboblar va moslamalar (muayyan buyumlarni turkumlab va yoppasiga ishlab chiqarish uchun yoki yakka tartibdagi buyurtmalarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan, maqsadli yo‘naltirilgan asboblar va moslamalar);
maxsus va sanitariya kiyim-kechaklari, maxsus poyabzallar; ko‘rpa-to‘shak anjomlari;
yozuv-chizuv anjomlari (kalkulyatorlar, stol ustiga qo‘yiladigan asboblar va boshqalar);
oshxona anjomlari, shuningdek oshxona uchun dasturxon-sochiqlar;
tiklanishi bo‘yicha xarajatlar qurilish-montaj ishlari tannarxiga kiritiladigan vaqtinchalik (notitul) inshootlar moslamalar va qurilmalar;
bir yildan kam foydalanish muddatiga ega bo‘lgan almashtiriladigan uskunalar;
ov qurollari (trallar, to‘rlar, qarmoqlar, matraplar va boshqalar) va shu kabi moddiy qimmatliklar.
Ushbu yuqorida keltirilgan moddiy qimmatliklar buxgalteriya hisobida tovar-moddiy zahiralar tarkibida hisobga olinadi.
Asosiy vositalarning hisobi, ular saqlanadigan joylar bo‘yicha inventar ob’ektlariga hamda javobgar shaxslarga bo‘lingan holda yuritiladi.
Tugallangan konstruktiv qurilmalar, unga qarashli barcha moslamalari va ashyolari bilan yoki ma’lum mustaqil funksiyani bajarish uchun mo‘ljallangan konstruktiv jihatdan ajratilgan predmetlar, yohud ma’lum ishni birgalikda bajaruvchi konstruktiv jihatdan birlashtirilgan bir butun predmetlar guruhi alohida inventar ob’ekt hisoblanadi.
Har bir alohida turgan bino “Turar-joy imoratlar” va “Noturar joy imoratlar” subschyoti bo‘yicha inventar ob’ekti hisoblanadi. Bino tarkibiga uni ekspluatatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan bino ichidagi barcha kommunikatsiyalar: bino ichidagi isitish tizimi, isitish uchun zarur bo‘lgan qozon qurilmalari bilan birgalikda (agar u bino ichida bo‘lsa), ichki suv, gaz tarmoqlari va kanalizatsiyalar, barcha qurilmalari bilan, ichki kuch va yorituvchi elektr simlari va umumiy sanitariya ahamiyatiga ega bo‘lgan ventilyatsiya qurilmalari, ko‘targich (lift)lar kiradi.
Agar binolar bir-biriga tutashgan va umumiy devorga ega bo‘lsa, ammo ularning har biri o‘zicha mustaqil konstruktiv butunlikka ega bo‘lsa, ular alohida inventar ob’ekt hisoblanadi.
Hovlidagi kichik imoratlar, to‘siqlar va binolarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa hovli inshootlari, bostirma, devor, quduq va boshqa binolar bilan birga bitta inventar ob’ektini tashkil etadi. Agar bu kichik imoratlar va inshootlar ikki va undan ortiq binolarga xizmat qilsa, ular mustaqil inventar ob’ekt hisoblanadi.
Binoga taqab tashqi tomonidan qurilgan mustaqil xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan imoratlar, qozonxonalarning alohida turuvchi imoratlari, shuningdek, hovlidagi kapital imoratlar (omborxonalar, garajlar va x. k.) mustaqil inventar ob’ekti hisoblanadi.
Asosiy vositalarning butligi ustidan nazoratni yo‘lga qo‘yish va ularni hisobini tashkil etish uchun har bir ob’ekt (predmet)ga, kutubxona fondlaridan tashqari, sakkiz belgidan (asosiy vositalar ko‘p bo‘lgan hollarda, ushbu belgilar soni ham ko‘paytirilishi mumkin) iborat inventar raqami beriladi.
Bunda, dastlabki uch belgi subschyotni bildiradi, to‘rtinchi va beshinchi belgi – guruhni, qolgan uch belgi esa, predmetning guruhdagi tartib raqamini bildiradi. Guruhlar ajratilmagan subschyotlar bo‘yicha esa, to‘rtinchi va beshinchi belgi “Nol” bilan belgilanadi.
Masalan, 01000001 – inventar raqamida 010 “Turar-joy imoratlar” subschyotini, 001 – ob’ektning tartib raqamini bildiradi;
01310001 – inventar raqamida 013 “Mashina va jihozlar” subschyotini, 10-guruh – xo‘jalik inventari, 001 – predmetning tartib raqamini bildiradi.
Inventar ob’ekti murakkab bo‘lgan hollarda, ya’ni u yoki bu ajratilgan elementlarni o‘z ichiga olganda, bitta yaxlitlikni tashkil etsa, ana shu elementlar har biriga ham ularni birlashtiruvchi asosiy ob’ektga qo‘yilgan inventar raqami qo‘yiladi.
Inventar raqami ob’ektga biriktirilgan tamg‘aga belgilanadi yoki bo‘yoq bilan ob’ektning o‘ziga va boshqa usullar bilan belgilanadi.
Asosiy vositalar ob’ektiga berilgan inventar raqami asosiy vositaning ushbu tashkilotda bo‘lgan barcha davri uchun saqlanib qoladi.
Barcha asosiy vositalar tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan tayinlangan moddiy javobgar shaxslarning mas’ul javobgarligida bo‘lishi kerak.
Asosiy vositalarni saqlash uchun moddiy javobgar bo‘lgan shaxslar asosiy vositalarning inventar ro‘yxatini (AV-13 son shakl) yuritishi kerak. Moddiy javobgar shaxslar asosiy vositalarning saqlanishini kuzatib boradilar va barcha o‘zgarishlar hisobini yuritadilar.
Moddiy javobgar shaxs almashgan taqdirda uning javobgarligida bo‘lgan asosiy vositalarni inventarizatsiyasi o‘tkaziladi va bu haqda qabul qilish - topshirish dalolatnomasi tuziladi. Bu dalolatnoma tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Asosiy vositalarning analitik hisobi AV-6-son shakldagi va AV- 8-son shakldagi inventar kartochkalarda yuritiladi. Kartochkalar har bir inventar ob’ekt (predmet) bo‘yicha yuritiladi. Bir turdagi predmetlar AV-9-son shakldagi kartochkalarda hisobga olinadi.
AV-6, AV-8 va AV-9-son shakldagi inventar kartochkalari AV-10- son shakldagi asosiy vositalar hisobi bo‘yicha inventar kartochkalar ro‘yxatida xatlashdan o‘tkaziladi. Ushbu ro‘yxat bir nusxada yuritiladi. Undagi yozuvlar asosiy vositalarni guruhlarga bo‘lib, kartochkalar ochilgan yilni ko‘rsatib amalga oshiriladi. Har bir guruh uchun tegishli miqdorda sahifa ajratiladi. Raqamlash har bir guruh bo‘yicha 1 dan boshlanadi. Asosiy vositalar hisobdan chiqarilganda va joydan- joyga ko‘chirilganda xatlash ro‘yxatining “Izoh” grafasida memorial orderning sanasi (kun, oy, yil) hamda raqami ko‘rsatiladi.
Inventar kartochkalar kartotekalarda saqlanadi. Ular tegishli subschyotlar va guruhlar bo‘yicha hamda o‘z ichida moddiy javobgar shaxslarga bo‘lingan holda joylashtiriladi.
AV-6-son shakldagi inventar kartochka turar-joy imoratlar (010 subschyot), noturar joy imoratlar (011 subschyot), inshootlar (012 subschyot), mashina va jihozlar (013 subschyot), transport vositalari (015 subschyot)ni hisobga olish uchun mo‘ljallangan. Inventar kartochkalarni yuritishdan maqsad asosiy vositalarni barcha tavsifini va ulardagi o‘zgarishlarni aks ettirishdan iborat.
Inventar kartochka buxgalteriyada har bir alohida ob’ekt uchun ochiladi va asosiy vositalarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi, mazkur ob’ekt uchun tayyorlovchi zavodning pasportlari, texnik va boshqa hujjatlari asosida to‘ldiriladi.
Asosiy vositalar ob’ektiga ilova qilinadigan hujjatlarga muvofiq inventar kartochkada ob’ektning belgilari, ya’ni, ob’ektning inventar raqami, chizmasi, loyihasi, modeli, xili, markasi, zavod (yoki boshqa) raqami, chiqarilgan (tayyorlangan) sanasi, qabul qilish dalolatnomasining sanasi va raqami, dastlabki (tiklash) qiymati, xarid va qayta baholash hujjatlari bo‘yicha eskirishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Asbob-uskunalar, priborlar, hisoblash teknikasi, muzey qimmatliklari va boshqalar tarkibida qimmatbaho metallar bor bo‘lsa,
tarkibida qimmatbaho metall bor bo‘lgan detallar ro‘yxati, pasportda ko‘rsatilgan dettallarning nomi va metall og‘irligi ko‘rsatiladi.
Inventar kartochkaning orqa tomonida asosiy vositalarning kelib tushishi (ob’ektni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida), joyini o‘zgartirilishi (asosiy vositalar ob’ektining ichki joylashishi joyini o‘zgartirish yukxati asosida), ob’ektlarning hisobdan chiqarilishi (asosiy vositalar ob’ektini (avtotransport vositalaridan tashqari) hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi dalolatnoma yoki avtotransport vositalarini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi dalolatnoma asosida asosiy vositalar ob’ektining chiqib ketishida yoki hisobdan chiqarilishida) to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ob’ektning o‘ziga xos qisqacha tavsifi, uni tashkil qiluvchi predmetlar ro‘yxati va uning asosiy sifat hamda miqdor ko‘rsatkichlari, shuningdek dalolatnomalar va ilova qilinadigan texnik hujjatlar ma’lumotlari asosida eng kerakli taqab qurilgan binolari, moslamalari va jihozlari keltiriladi.
AV-8-son shakl inventar kartochka boshqa asosiy vositalarni (019 subschyot) hisobga olish uchun xizmat qiladi.
Kartochka qabul qilish dalolatnomalari asosida (xarid qilish hujjatlari bo‘yicha) ochiladi va unda boshqa asosiy vositalarning, jumladan hayvonlarning yoshi, rangi (tusi), tamg‘asi, oti va h.k. ko‘rsatilgan holda o‘ziga xos tavsifi keltiriladi.
Ko‘p yillik o‘simliklar turi, o‘tqazilgan birliklar soni va maydoni ko‘rsatilgan holda inventar ob’ektlari bo‘yicha hisobga olinadi.
AV-9-son shakldagi inventar kartochka aynan bir xil ishlab chiqarish ahamiyatiga, texnik tavsifga ega bo‘lgan asosiy vositalar ob’ektlarining bir xil guruhlari: kutubxona fondlari va sahnaga qo‘yish vositalarini hisobga olish uchun mo‘ljallangan. Kartochkadagi yozuvlar miqdor va summa ifodasida yozib boriladi.
Inventar kartochka asosiy vositalar ob’ektlari guruhlarini qabul qilish-topshirish dalolatnomasi, asosiy vositalar ob’ektlarini ichki joylashish joyini o‘zgartirish yukxati asosida ochiladi va har bir moddiy javobgar shaxs bo‘yicha yuritiladi. Ob’ektlarni hisobdan chiqarish hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi dalolatnoma asosida amalga oshiriladi.
Kutubxona fondlari uchun bitta inventar kartochka ochiladi. Unda hisob umumiy qiymati bo‘yicha faqat pul ifodasida yuritiladi.
Sahnaga qo‘yish vositalari hisobi soni va ob’ektlarning qiymati bo‘yicha inventar kartochkalarda yuritiladi.
Asosiy vositalar hisobini tashkil etishda buxgalteriya hisobi oldiga quyidagi vazifalar qo‘yiladi:
Moddiy aktivlarni qonunchilikda belgilangan tartibda asosiy vositalar tarkibida aks ettirish;
Asosiy vositalarning kelib tushishi, ularning tashkilot ichida joydan-joyga o‘tishi (ko‘chishi), tashkilot hisobidan chiqarilishi (jumladan, yaroqsiz holga kelganligi sababli), shuningdek, har bir ob’ektning (predmetning, komplektning) saqlanishi va to‘g‘ri foydalanishi ustidan nazorat qilinish;
Asosiy vositalar xarakatini hujjatlarda to‘g‘ri rasmiylashtirilish hamda hisob registrlarida o‘z vaqtida aks ettirilishini ta’minlash;
Belgilangan tartibda asosiy vositalarga eskirish hisoblash va qayta baholash hamda ularni buxgalteriya xujjatlari, hisob registrlarida qayd etib borish;
Asosiy vositalarni ta’mirlash xarajatlari hisobini yuritish;
Asosiy vositalarni buxgalteriya hisobvaraqlarda holati va xarakatini aks ettirish;
Asosiy vositalar bo‘yicha o‘z vaqtida to‘liq hamda aniq buxgalteriya axborotlarini shakllantirib berish.
Do'stlaringiz bilan baham: |