2 Fan va falsafaning mutanosibligi.Fan rivojlanishning yuksak darajasiga erishgan bo’lsa-da, lekin amalda falsafa bilan uzviy bog’liq bo’lib qolmoqda. Ular faol o’zaro ta’sirga kirishib, bir-birining rivojlanishiga samarali ta’sir ko’rsatmoqda. Bu hol shu bilan izohlanadiki, falsafa daliliy materialga, sinovdan o’tgan ilmiy ma’lumotlarga tayanib, o’zining mavhum g’oyalarini borliq bilan taqqoslash imkoniyatiga ega, fan esa, dalillarni qayd etish va tavsiflash bilan cheklanmay, yanada asosliroq xulosalar chiqarish imkoniyatini qo’lga kiritadi.
Hozirgi zamon fani jamiyat, texnika, iqtisodiyot, madaniyat, turmush va kundalik hayotni yo’lga soluvchi qudratli kuchga aylandi. Ayni vaqtda odamlar bugun fanning qudratinigina emas, balki u bilan bog’liq bo’lgan xavflarni ham yaxshi anglaydilar. Hozirgi dunyo o’z yutuqlari va o’zining jo’shqinligi uchun fan oldida mas’uliyatli. Ammo ilmiy haqiqat o’z holicha odamlarning ehtiyojlariga befarq. U beparvo va rahm-shafqatsiz, chunki u uchun inson omili ikkinchi darajali.
Shuni tan olish lozimki, hozirgi zamonda jamiyat ko’p jihatdan fanning ulkan yutuqlari tufayli o’zini o’zi yo’q qilish yoqasiga kelib qoldi. Bu ilmiy taraqqiyotni to’xtatish kerak, degani emas. Ammo ilmiy izlanishni insoniy, axloqiy munosabatga bo’ysundirish va balki uning qaysidir yo’nalishlarini cheklash zarurligi to’g’risidagi masala kun tartibiga qo’yilmoqda. Ilmiy izlanishning insonparvarlashuvi, uning yo’llari va oqibatlariga axloqiy munosabat – bu davrimizning muhim muammolaridir.
Ayni shu hol falsafa bilan ham, undan muayyan fanlar ilgari falsafiy tusga ega bo’lgan tadqiqot predmetlari bilan ajralib chiqqanida yuz berishini taxmin qilish o’rinli bo’ladi. Biroq, bunday hol yuz berayotgani yo’q. Tarix fan falsafadan qancha ko’proq ajralsa, unda shuncha ko’proq masala va muammolar paydo bo’lishini, ya’ni falsafa nafaqat kamaymasligi, balki, aksincha, ko’payishini ko’rsatadi.
Bugungi kunda eski falsafiy muammolardan yangi falsafiy jumboqlar sari o’tilmoqda. “Xudo bormi?”, “Haqiqat nima?”, “Ruhning tabiati qanday?” qabilidagi falsafiy masalalarni aniq va uzil-kesil echish mumkin emas, balki ularni echishning umuman iloji yo’qdir, shu bois bu savollar ham javobsiz qolmoqda.
Nima uchun “balki”? kabi savollar shuning uchunki, qadimda donishmandlarni bugungi kun nuqtai nazaridan mutlaqo falsafiy bo’lmagan va tom ma’noda falsafiy sanalgan masalalar qiziqtirgan. Misol uchun: “Yulduzlar kunduzi, quyosh esa – tunda qaerga yo’qoladi?”, “Nima uchun ayrim jismlar suvda cho’kadi, ba’zi jismlar esa suvda suzadi?”, “Chopqir Axilles sudralib borayotgan toshbaqaga qanday etishi mumkin, basharti har safar ularning o’rtasidagi masofani bosib o’tish uchun u mazkur masofaning teng yarmidan o’tishi lozim bo’lsa?” va h.k. va sh.k. Biroq bu va shunga o’xshash masalalar falsafadan tabiatshunoslik sohasiga o’tgach, ko’pincha yangi va yangi falsafiy muammolarni yuzaga keltiradi. Masalan: Er va boshqa sayyoralarni, ayni bir yo’nalishda aylantirgan kuch qaerda? Agar bizning quyoshimiz o’rtacha kattalikdagi yulduz bo’lsa, unga o’xshagan milliardlab yulduzlarning hech bo’lmasa ayrimlari bizning Erimizdagiga o’xshash hayot mavjud bo’lgan yo’ldoshlarga ega bo’lishi mumkinmi? Inson hatto eng yaqin yulduzlarga etishi uchun nafaqat inson hayoti, balki uning sivilizasiyasi tarixidan ham ko’proq vaqt talab etilar ekan, buni qanday qilib isbotlash yoki rad etish mumkin? Nihoyat, biz kuzata oladigan olam kengayib borayotgan bo’lsa, bu harakat zamirida qanday sabablar va kuchlar yotadi? Bu va boshqa ko’pgina shunga o’xshash muammolar odamlarni falsafaga qayta va qayta murojaat etishga majbur qiladi, chunki fan hozircha bunday savollarga aniq javob berishga qodir emas. Aksildunyolar va aksilgravitasiya, qora materiya va qora energiya, boshqa makon va vaqt o’lchovlaridagi dunyolar haqidagi har xil falsafiy g’oyalarning mavjudligi ayni shu hol bilan izohlanadi.
Shunga qaramay, fan va falsafaning roliga baho berishda ayrim qarama-qarshiliklar mavjud. Xususan, ba’zi bir ilmiy va falsafiy davralarda fanning roli va ahamiyatini mutlaqlashtiruvchi yondashuv mavjud bo’lib, u “ijobiy”, “foydali” bilim sifatida fanni “mavhum” va “tajribaga asoslanmagan” falsafaga qarshi qo’yadi. Bunday qarashlar ssientistik deb, nazariy tafakkur yo’nalishi esa – ssientizm(lot. scientia va ingl. science – fan, bilim) deb ataladi. Csientizm fan texnika taraqqiyotining ijobiy jihatlarini mutlaqlashtiradi. Antissientizmfalsafiy bilishni ilmiy bilishdan ajratadi, uni ilmiy bilish bilan muvofiq emas, deb e’lon qiladi, u oqilonalikni kamsitadi va mistika, intuisiya, iroda va shu kabilarni mutlaqlashtiradi
Falsafa va fanning umumiy jihatlari shundaki, ular:
-avvalo aqlga tayanadi va oqilona bilimni yaratishga harakat qiladi;
-o’rganilayotgan ob’ektlar va hodisalarning qonunlari va qonuniyatlarini aniqlashga qarab mo’ljal oladi;
-kategoriyalar apparatini (o’z tilini) yaratadi, o’zlari ilgari surgan qoidalarni asoslaydi, ularga dalil-isbot keltiradi va yaxlit tizimlarni yaratishga harakat qiladi.
3 Falsafa va fan o’rtasidagi farq
Falsafa doim u yoki bu faylasuf nomi bilan bog’lanadi, bunda uning g’oyalari, asarlari bo’lishi va ularga boshqa faylasuflar qo’shilishi yoki qo’shilmasligiga bog’liq bo’lmasligi mumkin. Fan esa, mohiyat e’tibori bilan, jamoa mehnati mahsulidir;
-falsafada (muayyan fanlardan farqli o’laroq) yagona til va yagona
tizim mavjud emas. Bu erda fikrlar rang-barangligi me’yor sanaladi. Fanda esa monizm mulohaza suradi, chunki hech bo’lmasa fanning u yoki bu muayyan sohasidagi asosiy tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi (til)ga nisbatan yondashuvlar birligi albatta mavjud bo’ladi;
-falsafa ilmiy bilimlar va dalillardan keng foydalanadi, biroq uning uzil-kesil xulosalari ishonchli deb hisoblanishi mumkin emas, zero ular asosan faylasuflarning sub’ektiv fikrlari va mulohazalariga asoslanadi. Fan esa mohiyat e’tibori bilan isbotlangan va sinashta bilimlar olishga harakat qiladi, bunda olingan bilimlarni tekshirish yoki rad etish imkoniyatining mavjudligi bu bilimlar haqiqiyligi va ilmiy jihatdan asosliligining muqarrar sharti hisoblanadi;
-falsafiy bilimlarni tajribada sinash mumkin emas (aks holda ular ilmiy bilimlarga aylanadi);
-falsafa aniq prognoz bera olmaydi, ya’ni u ishonchli bilimlarni kelajakka tatbiq etishga qodir emas, zero unda bunday bilimlar yo’q. Ayrim faylasuf falsafiy qarashlarning muayyan tizimi yordamida faqat bashorat qilishi mumkin, lekin u olim kabi prognoz qilish yoki modellashtirishga qodir emas.
Falsafaga milliylik xos, fan esa jamoa mehnati mahsuli sifatida dunyoviy ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |