Fanning maqsadi ta`lim olayotganlarga amaliy iqtisodiy bilimlarni, shuningdek,
mustaqil fikrlash hamda olingan axborotlar va mustaqil o`rganish yordamida korxona
iqtisodiyoti muammolari(masalalari) bo`yicha qaror qabul qilish ko`nikmalarini singdirishdadir.
Yanayam aniqroq aytadigan bo`lsak, gap bo`lajak mutaxassislarni ishlab chiqarishni tashkil
qilish, rejalashtirish va boshqarish vazifalarini malakali tarzda hal qilish, korxonaning xarajat va
daromadlari qanday yuzaga kelishi hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkoniyati
mavjud bo`lgan yo`llarni topish haqida bormoqda.
Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, istalgan bilimlar doimo to`ldirib va
mukammallashtirib borilmas ekan, eskirib qolishi hamda korxonalar hayotida vujudga keluvchi
turli xil vazifalarni hal qilishga yaramay qolishi mumkin. Gap shundaki, fan-texnika va
iqtisodiyotning rivojlanishi qo`shimcha bilimlar chegarasini kengaytiradi hamda korxona
xodimlarining hozirgi kun talablariga javob beruvchi bilim, ko`nikma va malakaga ega
bo`lishlarini talab qiladi. Shu sababli olingan axborotlar, o`rganilgan formula, atama va
kategoriyalar bilan cheklanib qolish yaramaydi. Ularni doimiy ravishda to`ldirib, fan va xo`jalik
amaliyotining so`nggi yutuqlari asosida rivojlantirib borish lozim. Olingan bilimlar faqat shu
asosdagina amaliyotda qo`llanib, jamiyatning bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylanishi
mumkin.
«Korxona iqtisodiyoti» fan sifatida boshqa iqtisodiy fanlar bilan, jumladan, «Iqtisodiy
nazariya», «Mikro va makroiqtisodiyot», «Sanoat iqtisodiyoti», «Lizing», «Korxonalarda ishlab
chiqarishni tashkil qilish», «Xomashyo yetkazib berish va mahsulotni sotishni o`rganish» fanlari
bilan chambarchas bog’liq bo`lib, unda korxonalarning tashkiliy tuzilmasidan tashqari joriy va
istiqboldagi ishlab chiqarishni rejalashtirish, mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi o`rganiladi
hamda mehnatni tashkil qilish va haq to`lashning asoslari ishlab chiqiladi.
Korxona iqtisodiyoti korxonalar faoliyati va butun xalq xo`jaligi rivojlanishining miqdor
ko`rsatkichlarini sifat ko`rsatkichlaridan ajralmagan holda o`rganuvchi «Iqtisodiy statistika»
bilan, shuningdek, joriy va istiqboldagi ishlab chiqarishni hamda ishlab chiqarish
texnologiyalarini rivojlantirish uchun zarur bo`lgan, Korxonalar xo`jalik faoliyatining tahlili
bilan ham bog’liq. Gap shundaki, korxonalar hayotida ro`y berayotgan iqtisodiy jarayonlarni
texnika va texnologiyalarni bilmasdan o`rganishning iloji yo`q. Fan-texnika taraqqiyoti
sharoitlarida texnika va texnologiyada jadal sur`at bilan yuz berayotgan o`zgarishlar nafaqat
ishlab chiqarish xususiyatlarida, balki ayirboshlash, taqsimlash va iste`mol qilish hamda ishlab
chiqarishning iqtisodiy natijalarida ham aks etadi va shu sababli mazkur fanni o`rganishda
hisobga olinmasligi mumkin emas.
Mazkur fanning “Korxonalar xo`jalik faoliyatining tahlili” fani bilan o`zaro aloqasini
alohida ko`rsatib o`tish kerak. Bunda ishlab chiqarishning moliyaviy va boshqa jihatlariga baho
berish, zaxiralarni aniqlashdan tashqari, bashoratlash yordamida korxona rivojlanishining
istiqbollari aniqlanadi. Xorijiy mamlakatlar amaliyotining guvohlik berishicha, korxona, firma
va kompaniyalarning ko`pchiligi ishlab chiqarish menedjerlari va iqtisodchilarning yuqori kasb
malakasi va o`z sohasidagi chuqur bilimlari evaziga muvaffaqiyatlarga erishib, yuqori
daromadga va ishlab chiqarish imidjiga ega bo`lmoqda. Shu sababli korxona iqtisodiyotini
yaxshi bilishning o`zi kamlik qilib, bo`lajak mutaxassisning iqtisodiy fikrlash doirasini
kengaytirish va uning xalq xo`jaligida o`z o`rnini topishini shakllantiruvchi boshqa iqtisodiy,
texnikaviy hamda texnologik fanlar majmuasini ham bilish talab qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |