II bob bo`yicha xulosa
Endi asar va uning muallifi haqida bir og`iz mulohaza. Ma'lumki, roman 1930-1934 yillarda yozilgan. Bu yillar bizning mamlakatimizda turli dunyoqarashlar, g`oyalar, intilishlar o`rtasidagi kurash avjiga chiqqan; yangi hayotni qanday shakllantirish to`g`risidagi jadidizm g`oyalari hali maydondan butunlay chiqmagan bir davr edi.
Jumladan, yozuvchilarham turli xil dunyoqarash vakillari edilar. Fitrat, Qodiriy, Cho`lpon, So`fizoda, Avloniy kabi yozuvchilar to bu yillarga qadar qaysidir momentlarda sho`ro tuzumida o`z progressiv orzularining ro`yobini ko`rib uni maqulladilar; qaysidir momentlarda sho`roviylikning asl mohiyatini anglab, uni to`la qabul qila olmadilar. Adabiyot maydoniga asosan Oktyabr to`ntarishidan keyin kirib kelgan G`.G`ulom A.Qahhor, Oybek, Mirtemirlar avlodi esa, tashqaridan qaraganda, sho`ro tuzumini hech bir og`ishlarsiz qabul qildilar. Ammo bu, bizningcha, tashqaridan qaragandagina shunday.
O`sha yillarda butun jamiyatni, uning oddiy a'zosidan tortib yuksak fikrli ziyolilarigacha qamrab olgan ikkilanish, shubha, ishonchsizlik keyingi ijodkorlar ko`nglidan kechmagan deb o`ylash unchalik to`g`ri bo`lmaydi.
Hatto hayotning eng oddiy masalalarida ham oldingda ikki yo`l turgan bo`lsa, ulardan hay birini tanlashga qiynalasan. Butun jamiyatni qamrab olgan kurash Abdulla Qahhorning ichki dunyosida ham kechgan bo`lishi tabiiy. Fikrli bir inson, yosh yigit sifatida (romanni yoza boshlaganda 23 yoshda bo`lgan) uning ichki olami bunday kurashdan mutlaqo uzoq bo`lishi mumkin emas edi. Shunga ko`ra, garchand Abdulla Qahhor "Sarob" romanining yaratilishi va g`oyaviy yo`nalishini "30-yillarning boshida hayot meni bir guruh millatchilarga ro`para qildi, ular mening muvozanatimni buzishdi" deya aniq ko`rsatgan bo`lsa ham, romanning tug`ilishi boshqa ruhiy jarayonlar bilan ham bog`liq.
Bizningcha, yozuvchi "Sarob"ni yozish bilan o`zi tanlagan yo`lning to`g`ri ekanligiga; teskarisida xatar, dahshat, fojia va falokat borligiga dastavval o`zini ishontirishi kerak edi. "Sarob" ana shu istakning voqelanishidir. Saidiyning aynan roman muallifi bilan tengdosh ekanligi ham tasodif emas, deb o`ylaymiz. Tom ma'nodagi psixologik asar bo`lgan "Sarob"ning psixoanalitik talqinlari shulardangina iborat emas. Bu asar hali necha-necha qiziqarli tadqiqotlarning ob'ekti bo`lishiga shubha yo`q.
Do'stlaringiz bilan baham: |