Hududiy mehnat taqsimotining shakllanishiga qator omillar ta'sir qiladi. Ularga
tabiiy sharoit va tabiiy boyliklar, aholi va mehnat resurslari, iqtisodiy geografik
o'rin, bozor iqtisodiyoti (talab va taklif munosabati) kabilar kiradi. Jumladan, tabiiy
sharoit va tabiiy resurslarning turli tumanligi mamlakat yoki mintaqada xo'jalik
yuritishning turli yo'nalishlarini vujudga kelishiga asos bo'lib xizmat qiladi. Tog',
voha va vodiy, cho'l, o'rmonzor, issiq iqlim yoki qurg'oqchilikda shularga mos holda
iqtisodiyot ixtisoslashuvi ham turlicha bo'ladi. Faraz qilaylik, agar O'zbekiston
hududi (tabiati) faqat Qizilqum cho'llari yoki Ustyurt platosi yoki faqat Farg'ona
12
vodiysidek bo'lganda, ehtimol, xo'jalik tizimi ham ancha bir tomonlama bo'lar edi.
Shu nuqtai-nazardan aytish mumkinki, mamlakat, mintaqa hududining yer usti
tuzilishi, iqlim, qazilma boyliklari qanchalik turli-tuman bo'lsa bu yerda hududiy
mehnat taqsimoti, iqtisodiyotni kompleks rivojlantirish uchun shunchalik katta
imkoniyatlar mavjud bo'ladi. Hududning tabiiy geografik jihatdan har xilligi bu uning
«baxtidir», zero tabiatda, Yer yuzida yomon joy yo'q, balki nodon geograf bor.
Sababi, har bir joy, landshaft albatta ma'lum bir sohaga qulay, boshqasiga noqulay
bo'lishi mumkin; asosiy maqsad — ana shu joyning nimaga qulayligini aniqlash va
undan to'g'ri foydalanishdir. Shunday qilinsa, ko'pgina ekologik muammolarning oldi
ham olinar edi.
Yer yuzida tog' ham yaxshi, tekislik ham, suv ham, quruqlik, cho'l va voha
ham, shahar va qishloq ham va h.k. Lekin ularning har biri ma'lum, muayyan
maqsadda yaxshi. Ayni vaqtda bunday «geojuft»larning borligi dunyoning butligi,
jamiyat taraqqiyoti, hududiy mehnat taqsimotining amalga oshirilishini ta'minlaydi.
Tabiiy omillardan tashqari hududiy mehnat taqsimotiga ijtimoiy-iqtisodiy
omillar, xususan hozirgi vaqtda bozor iqtisodiyoti omili katta ta'sir ko'rsatadi.
Qolaversa, tabiiy va mehnat resurslari xo'jalikning rivojlanish va joylanishiga
qulaylik yaratish mumkin, ammo shu mahsulotni yetishtirish yoki yetishtirmaslik
talab va ehtiyojga, bozorga bog'liq. Binobarin, hozirgi davrda nimaga ixtisoslashuvni
eng avvalo bozor belgilaydi.
Hududiy mehnat taqsimoti, ixtisoslashuv, tashqi iqtisodiy aloqalar transportsiz
amalga oshmaydi. Transport iqtisodiy geografik jarayonlarni harakatga keltiruvchi
asosiy kuch, iqtisodiyotning qon tomiridir.
Do'stlaringiz bilan baham: