1.3. O`ZBEKISTONNING UMUMIY TABIIY GEOGRAFIK TAVSIFI
Hozirgi zamon tabiiy geografiyasining vazifalaridan biri bu geografik
majmualar geosistemalar va ularning tarkibini o’rganish orqali jamiyat
taraqqiyotiga muhim hissa qo`shishdan iboratdir.
Mustaqil O`zbekiston geograflarining ilmiy tadqiqot ishlari xususan xalq
xo`jaligi taraqqiyoti jarayonida vujudga keladigan muammolarni hal qilish, hamda
atrof muhit va yirik hududiy ishlab chiqarish majmualarini sifat jihatdan
o`zgartirishning ilmiy asoslarini yaratishga qaratilgandir. Bu vazifalarni amalga
oshirish O`zbekiston hududining tabiiy sharoitini chuqur bilishni taqozo qiladi.
Shuning uchun geograf mutaxassislar tayyorlashda beriladigan geografik bilimlar
tizimining eng muhim o`quv fanlaridan biri bu O`zbekiston tabiiy geografiyasidir.
Biz bu kursni mukammal o`rganamiz. Bu o`quv fani Vatanimiz O`zbekiston tabiat
komponentlari, ularning holati bir - biriga bog`liqligi, tabiiy boyliklari, ulardan
omilkorlik bilan foydalanib, muhofaza ostiga olish haqida bilim berish bilan birga
respublikamiz tabiatidagi tafovutlarni tushunib olishga xizmat qiladi. Bu kurs
universitetlarda o`qitiladigan barcha regional fanlar orasida tabiiy Vatanshunoslik
kursi sifatida ustivor o`rin tutadi.
O`zbekiston Respublikasi shimoliy yarim sharda, Yevrosiyo materigining va
O`rta Osiyo o`lkasining markazida, Amudaryo va Sirdaryo oralig`ida, mo`'tadil va
subtropik mintaqalarida, okeanlardan ancha uzoqda, berk havzada joylashgan.
Shuning uchun O`zbekiston u bilan bir xil kengliklarda joylashgan O`rta dengiz
bo`yidagi subtropik sharoitga ega bo`lgan mamlakatlardan katta farq qiladigan
o`ziga xos tabiiy sharoit kompleksi vujudga kelgan. Respublikamiz shimolida va
g`arbida tabiiy to`siq bo`lmagani uchun Shimoliy Muz okeanining quruq va sovuq
havo massalari kirib kela oladi. Atlantika okeani va O`rta dengizi ham o`lkamiz
tabiatiga ancha kuchli ta'sir ko`rsatadilar. Yuqorida keltirilgan vaziyat o`lkamiz
Qishini ancha sovuq, yozi jazirama issiq bo`lishiga sababchidir. Hududning ana
shunday o`ziga xos geografik o`rniga ko`ra respublika hududini cho`l, chala cho`l
hamda quruq dashtlar tabiat zonasi katta maydonni egallaydi.
O`zbekiston Respublikasi hududi 447,4 ming kv. km. bo`lib, maydonining
kattaligi bo`yicha jahondagi 130 dan ortiq mamlakatlardan oldinda turadi.
O`zbekiston chegaralari asosan quruqlikdan, tekislik va tog`lardan, biroz
suvliklar (Amudaryo Orol dengizi) orqali o`tadi. Uning uzunligi 5300 km dan
ortiqroq bo`lib, shundan deyarli yarmi Qozog`istonga to`g`ri keladi. O`zbekiston
chegarasining asosan tekislikdan o`tganligi va u yerda baland tog`, qor va
muzliklarning deyarli yo`qligi, transport va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun
keng imkon beradi.
O`zbekiston xalqaro aloqalarni yo`lga qo`yish nuqtai nazaridan va o`z
taraqqiyot istiqbollari jihatidan qulay geografik strategik mavqeiga ega. Qadim
zamonlarda Sharq bilan G`arbni bog`lab turgan Buyuk Ipak yo`li O`zbekiston
hududi orqali o`tgan. O`zbekiston bugungi kunda qo`shni davlatlar o`rtasida
bog`lovchi xalqa vazifasini o`tamoqda.
O`zbekiston hududining eng muhim o`ziga xos landshaft geografik
xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1. Yevroosiyo materigining markazida joylashganligi.
2. Yer yuzasi tuzilishining o`ziga xosligi, ya'ni tekislik va tog`lar bir-
biroviga o`rnini almashishi, tog`lar tekislikni janubiy sharq va sharq tomonidan
o`rab turganligi.
3. Okeanga oqim yo`q oblastga kirganligi.
4. Asosiy tabiiy kompleks tiplarini maydonining bir butunligi va bir-biri
bilan bog`liqligi.
5. Hududida o`ziga xos enlama tabiiy geografik mintaqa va tabiat
zonalarining va ularga mos keladigan balandlik mintaqalarining mavjudligi.
6. O`zbekiston hududining katta qismini seysmoaktivligi:
O`zbekiston tabiiy sharoiti xilma-xil bo`lib, o`lkada yozda harorat 45
gradusdan ortib ketuvchi, eng kam yog`in tushuvchi cho`llar bilan bir qatorda,
sernam va salqin tog`lari, qishda ham yanvarning o`rtacha harorati 0 gradusdan
pastga tushmaydigan quruq subtropikli vodiylari mavjud.
O`zbekiston hududining tekislik qismida cho`lga xos landshaft shakllangan
bo`lsa, aksincha tog`li qismida landshaftlarning balandlik mintaqalari mavjud.
O`zbekiston juda boy tabiiy resurslarga ega. Qulay iqlim sharoiti, ulkan
mineral xom ashyo zahiralari, qishloq xo`jaligi rivojlanayotganligi haqli suratda
O`zbekistonni mintaqa va dunyoning eng boy mamlakatlari qatoriga olib chiqadi.
Yer yuzasining tuzilishi jihatdan O`zbekiston hududi ikki qismdan iborat,
katta qismi 78,7% tekislikdan, qolgan 21,3% qismi tog`dan va tog` oraliqlaridagi
botiqlardan iborat yoki O`zbekistonni 352104 km kv. tekislikdan iborat, hamda
95296 km kv. tog`lardan iborat. Tekisliklardan eng past yeri O`zbekistonni okean
yuzasidan –12 metr pastda joylashgan Mingbuloq botig`i bo`lsa, eng baland yeri
Hisor tizmasidagi 4643 metrli Hazrati Sulton tog`ining Mustaqillik cho`qqisi.
O`zbekistonning eng past yerlari Qizilqumning shimoliy g`arbiy qismidagi va
Amudaryoning quyi qismidagi pasttekisliklardir. Ularning o`rtacha mutloq
balandligi 100 metrni tashkil etadi. Qizilqum va Ustyurtning o`rtacha balandligi
200 -300 metr atrofida, tog`larning o`rtacha balandligi esa 2000 - 2500 metrni
tashkil etadi.
Jumxuriyatimiz yer yuzasi g`arb va shimoli-g`arbdan, sharq va janubi-
sharqga tomon asta-sekin ko`tarilib boradi.
1.
Do'stlaringiz bilan baham: |