Atmosfera havosini muhofaza qilish. 1996 yil 27 dekabrda O’zbekiston Respublikasida «Atmosfera havosini muhofaza qilish to’g`risida» qonun qabul qilindi. Undan maqsad atmosfera havosini tabiat kompleksining muhim komponenti sifatida muhofaza qilishdir. qonunning vazifasi atmosfera havosi tarkibini saqlash, turli xil kimyoviy, biologik, fizik va boshqa ta’sirlarning oldini olish, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning shu sohadagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishdir. Atrof muhitning ekologik holati va hududlar ekologik muvozanatining buzilishi ko’p jihatdan atmosfera havosining tarkibiga hamda uning turli ishlab chiqarish chiqindilari ta’siridagi salbiy o’zgarishlarga bog`liqdir. Bu o’zgarishlar sayyoraviy, regional va mahalliy miqyosda ro’y beradi. O’zbekiston hududining o’ziga xos tabiiy xususiyatlari uni ekologik xo’jalik rayonlariga ajratishga va har bir rayon yer usti atmosfera havosining ifloslanish potenstialini aniqlashga imkon beradi. Atmosfera havosining ifloslanishini bunday ilmiy bashorat qilishda asosiy shamollarning takrorlanishi, qancha vaqt surunkali esishi, turbulentlik koeffistienti va boshqa xil ko’rsatkichlardan foydalanildi. Respublika hududida yer yuzasida atmosfera havosining ifloslanish potenstiali (AHIP) 2,4 dan 3,3 gacha o’zgarishi qayd qilingan (10 -jadval)
10- jadval
Tabiiy geografik rayonlar bo’yicha
|
AHIP
|
Ustyurt
|
2,4–2,7
|
Quyi Amudaryo
|
2,6–3,0
|
Qizilqum
|
2,7
|
Quyi Zarafshon
|
2,7–3,0
|
Chirchiq – Ohangaron
|
3,0–3,3
|
Mirzacho’l
|
2,7–3,3
|
Farg`ona vodiysi
|
3,0–3,3
|
Samarqand rayonida
|
2,7–3,3
|
Qashqadaryo havzasida
|
2,7–3,3
|
Surxondaryo havzasida
|
2,7–3,3
|
Chirchiq–Ohangaron va Farg`ona rayonlarida atmosfera havosi ifloslanish darajasining kattaligiga sabab bu yerdagi hududiy ishlab chiqarish majmualari nisbatan rivojlanganligi, avtotransport harakatining ko’pligi, konchilik sanoatining salbiy ta’siri va qishloq xo’jaligida zararli kimyoviy moddalardan ko’proq foydalanishdadir.
Atrof muhitning me’yoridan ortiqcha ifloslanishi, ayniqsa, yirik shaharlar uchun xos. O’zbekistonda yer usti atmosfera havosining ifloslanishi 1983 yilda eng yuqori darajaga etib, so’nggi yillarda ahvol birmancha yaxshilandi. Sanoat shaharlarida havoni eng ko’p ifloslantiruvchi asosiy moddalar oltingugurt II-oksidi, azot oksididir. Atmosfera havosini buzuvchi boshqa omillardan biri – avtomobil transporti. Avtotransportni yangi, ekologik bezarar yoqilg`i turlariga o’tkazish, tejamli dvigatellarga o’tish, ko’chalar chekkalariga daraxtlar ekish atrof muhit holatini yaxshilashning muhim masalasi bo’lib qolmoqda. Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, qishloq joylarda atmosfera havosini ifloslovchi asosiy omil qishloq xo’jaligida foydalaniladigan turli xil uchuvchan kimyoviy moddalar bo’lsa, yirik shaharlarda shahar transportidir. Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishida shahar transportining hissasi 80%dan ortiq. Sanoat chiqindilari nafaqat atmosfera havosini, balki suv, tuproq, inson, o’simlik va hayvonot dunyosiga ham ma’lum darajada zarar etkazmoqda. Keyingi yillarda atmosfera havosining tozaligi ustidan nazoratning kuchaytirilishi, korxonalarda texnologiya jarayonlarining takomillashtirilishi, havo tozalagich moslamalardan ko’proq foydalanish, mutaxassislar ekologik ongi va mas’uliyatining oshishi, «Ekosan» xalqaro ekologik va salomatlik jamg`armasining faol sa’y-harakati natijasida ijobiy siljishlar ro’y bermoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |