Respublika hududida tabiatning rivojlanish bosqichlari va relefining vujudga kelishi. O’zbekiston er yuzasining hozirgi ko’rinishi uzoq davom etgan geologik davrlar mobaynida dengiz va quruqlik sharoitida, turli burmalanish bosqichlari davomida har xil sur’atda ro’y bergan tektonik harakatlar ta’sirida shakllangan.
Arxey va proterozoy eralarida O’zbekiston hududi dengiz ostida bo’lgan va cho’kindi tog` jinslari to’plangan.
O’zbekiston hududining asosiy qismini paleozoy erasidan tortib to neogenga qadar Tetis dengizi qoplab yotgan. Yuqori bo’r davrida dengiz bir oz chekingan, hozirgi Qizilqum o’rnida orol va orolchalar ko’rinib turgan. Geosinklinal zonada hosil bo’lgan qalin dengiz yotqiziqlari ayrim joylarda vaqti-vaqti bilan davom etib turgan tog` paydo bo’lish jarayonlarida burmalangan va baland quruqliklar vujudga kelgan. Silur davrida avjiga chiqqan kaledon tog` hosil bo’lish bosqichida O’zbekiston hududida bu burmalanishning ta’siri sezilmagan va geosinklinal sharoit davom etgan. Paleozoy oxiriga kelib, gerstin tog`lari hosil bo’lgandan so’ng quruqliklar maydoni kengaygan, dengiz esa yana janubi-g`arbga chekingan. Toshko’mir davrida boshlangan gerstin burmalanishi davrida Markaziy Qizilqum, G`arbiy va Janubiy Tyanshan tog` tizmalari ko’tarilgan. Perm davriga kelib gerstin burmalanishi tugagach tog`lar emirila boshlagan va paleozoy erasining oxiri va mezazoy erasining boshlarigacha bu tog`lar yassi tog`larga aylanib qolgan. Mezazoy erasidagi kimmiriy burmalanishi O’zbekiston hududida kuzatilmagan.
Bo’r va paleogen davrlarida O’zbekiston hududiga dengiz yana bostirib keladi, botiqlarni va tekisliklarni dengiz bosadi hamda Qoratog` va Oloy tizmasigacha etib bordi. Oloy bo’g`izi Farg`ona dengizini Tojikiston dengizi havzasi bilan bog`laydi. Oloy, Turkiston, Farg`ona, Chotqol va Nurota tizmalari orol va yarim orollar shaklida dengizdan ko’tarilib turgan. Bu dengiz trangressiyasi davrida dengiz qirg`oqlarida abrazion tekisliklar hosil bo’lgan, mayda shag`al, shag`al-qum va loyqalardan iborat cho’kindi jinslar dengiz tubiga yotqizilgan. Ularning qalinligi Markaziy Farg`onada 2500 metrgacha boradi. Paleogenning oxiriga kelib O’zbekiston hududidan dengiz chekinadi, bukilmalarda qizil rangli kontinental yotqiziqlar to’plana boshlaydi.
Neogen davrida kuchli alp burmalanishi ro’y beradi.O’zbekiston hududidagi gerstin burmalanishida ko’tarilib, keyingi geologik davrlarda emirilib pasayib qolgan tog`lar qaytadan ko’tarilib, yosharadi va hozirgi relef shakllari tarkib topa boshlaydi.
To’rtlamchi davr boshlarida ham tog` hosil bo’lishi davom etgan. G`arbiy Tyanshan tizmalarida ko’tarilishlar yuz bergan va relef shakllarining tarkib topishida eroziya hamda muzliklar ta’siri kuchaya boshlagan. To’rtlamchi davrda iqlimning o’zgarib borishi natijasida tog`larda to’plangan qor va muzliklardan juda ko’p oqar suvlar paydo bo’lgan. Tog`larni kuchli darajada emirgan bu suvlar juda ko’p uvalangan mahsulotlarni tog` oldi qiyaliklariga va tekisliklarga olib kelgan. Daryolar tekisliklarda adashib, turli o’zanlardan oqqan va natijada qalin qum hamda gil allyuviylarini to’plagan. Keyinchalik shamol qumlarni o’ynatib, qayta yoyib, cho’llardagi hozirgi relef shakllarini vujudga keltirgan. O’zbekistonda tog` oldi qiya tekislik va adirlarda, shuningdek yirik daryo vodiylarida ko’p tarqalgan tez uvalanuvchi, g`ovak, mayda donalardan iborat karbonatli, bo’z tusli, cho’kindi tog` jinsi- lyossning kelib chiqishi munozarali. Ba’zi olimlar lyossni dengiz, ko’l, daryo, suv-muzlik yotqiziqlari natijasida vujudga kelgan deb, boshqalar esa eol jarayonlar tufayli hosil bo’lgan deb hisoblashadi. Ko’p olimlar eol jarayonlar va tuproq hosil bo’lish jarayonida vujudga kelgan degan gipotezani ma’qullaydilar. O’zbekistonlik olimlar O’rta Osiyo lyossi allyuvial yo’l bilan hosil bo’lgan degan xulosaga kelganlar.
Yana shuni takidlash lozimki, to’rtlamchi davrda O’zbekiston hududida tog` tizmalari bilan birga tog` oralig`idagi botiqlar ham sekinlik bilan ko’tarila boshlagan. Natijada neogan davrida yotqizilgan cho’kindi qatlamlarni oqar suvlar yuva boshlagan, shu bilan birga daryo vodiylarida daryo terrasalari vujudga kela boshlagan. Tog` tizmalari, tog` oralig`idagi botiqlarning ko’tarilishi ularning chekka, ya’ni tog` tizmalariga yaqin qismlarda kuchliroq bo’lgan. Shu sababli botiqlarning bu qismlarida tog` oldi qirlari (adir) vujudga kelgan.
O’zbekiston hududida pleystostenda shakllangan relef asosan to’rt bosqichda: Nanay (O1 eng qadimgisi) Toshkent (O2), Mirzacho’l (O3) va Sirdaryo (O4) bosqichlarida shakllangan.
Xulosa qilib aytish mumkinki, O’zbekiston hududidagi tog`larning, tekisliklarning hozirgi relyefi neogen va to’rtlamchi davrlarda vujudga kelgan. Tog`lar asosan denudastiya, tekisliklar esa akkumulyastiya jarayonlari natijasida hozirgi ko’rinishga kelgan hududlardir. Binobarin, O’zbekiston tabiati hozirgi holatining shakllanishi asosan to’rtlamchi davr mobaynida ro’y bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |