Metall pullar
Kishilik jamiyatining vujudga kelishi, rivojlanishi va takomillashuvi barobarida tovar – pul munosabatlari ham shunga monand holda rivojlanib va takomillashib kelmoqda. Shuningdek, pul tizimi ham mavjud ijtimoiy – iqtisodiy jarayonlar davomida ikki turdan iborat bo‘ldi.
Xususan:
– metall pullar tizimi, bunda tovar pul (qimmatbaho metall) muomala vositasini bajaradi, metall pullar to‘lov vositasini bajarganda ularda pulning barcha funktsiyalari namoyon bo‘ladi;
– qog‘oz – kredit pullar tizimi, oltin va kumush tanga pullar evolyutsion tarzda qog‘oz – kredit pullari tomonidan muomaladan siqib chiqarildi.
Metall pullar tizimi sharoitida metall qanday shaklda bo‘lishidan qa’tiy nazar, to‘lov vositasi sifatida qabul qilindi. Metall pullar tizimi ikkiga bo‘linib, birinchisi, bimetallizm, ikkinchisi, monometallizm sifatida guruhlanadi.
Bimetallizm– bu pul tizimida davlat qonuniy jihatdan to‘lov vositasi ikkita metallni (odatda oltin va kumush) chegaralanmagan miqdorda erkin zarb qilishga ruxsat beradi.
O‘z navbatida bimetllizm tizimi uchta shaklda amal qildi:
– birinchidan, parallel valyuta tizimi, ushbu metall pullar o‘rtasidagi munosabat ularning bozor bahosidan kelib chiqqan holda stixiyali ravishda o‘rnatildi;
– ikkinchidan, ikkiyoqlamali valyuta tizimi, metall pullar o‘rtasidagi munosabat davlat tomonidan belgilandi va shuning asosida oltin va kumush tangalar zarb qilindi;
– uchinchidan, «oqsoq» valyuta tizimi – ushbu tizimda oltin va kumush tangalar qonuniy to‘lov vositasi sifatida xizmat qildi, lekin kumush tangalar yopiq holda, oltin tangalar esa erkin zarb etildi. «Oqsoq» valyuta tizimi deyilishiga sabab kumush tangalar ushbu davrda to‘laqonli valyuta sifatida umum ekvivalent rolini amalga oshirmaydi.
Muomalada ikkita metall pulning vazifasini bajargan paytda ular o‘rtasida bahoni aniqlashda muammolar va ziddiyatli holatlar vujudga keldi. Shu bilan birga, pul tizimining bimetllizm shakli beqaror va bir – biriga o‘zaro qarama – qarshi edi. Shuningdek, rivojlangan tovar – pul munosabatlari sharoiti talablariga yetarli darajada javob bermas edi.
Pul tizimining bimetallizm shakli hukm surgan davri asosan XVI – XVII asrlarga to‘g‘ri keladi. Yevropa mamlakatlarida 1866 yillarda bimetallizm pul tizimini saqlab qolish maqsadida kumushning qiymatini oltinga nisbati rasmiy belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, o‘sha paytda kumush va oltin o‘rtasida munosabat 15,5:1 nisbatda o‘rnatildi. XIX asrning o‘rtalarida ushbu tenglik o‘rtasida farq kengayib 22:1 tartibda belgilandi. Buning natijasida oltin va kumush tangalar muomaladan chiqib, boylik jamg‘armasini bajara boshladi. Jamiyatda tovar – pul munosabatlarining rivojlanishi va ijtimoiy – iqtisodiy yagona umumekvivalent vazifasini bitta metall pul bajarish zarurligini ko‘rsatdi. Buning natijasida monometallizm pul tizimi shakllandi.
Monometallizm pul tizimi sharoitida – bitta qimmatbaho metall (oltin va kumush, asosan oltin) umum ekvivalent vazifasini bajardi. Shu bilan birga, pul timizining monometallizm davrida muomalaga oltin tangalarga maydalanadigan boshqa pul belgilari (xazina biletlari, banknotlar va mayda monetalar) ham kirib kela boshladi. Xalqaro valyuta – kredit munosabatlarini amalga oshirishda XIX asrda to‘liq va XX asrning boshlarigacha muomalada oltin asosiy rol o‘ynadi. Oltin standartining rivojlangan davri 1880 – 1914 yillarga to‘g‘ri keladi. Monometallizm o‘z navbatida oltin tanga, oltin quyma va oltin deviz standartini o‘z ichiga olar edi. Oltin tanga standarti tovarlarning bahosi oltinda ifodalanadi, mamlakat bozorlarida oltin to‘lov vositasini bajaradi va erkin ravishda zarb etiladi.
Oltin pulning barcha funktsiyalarini bajaradi. Oltin tanga standarti sharoitida pul tizimi talab va taklif asosida tartibga solinib, muomaladan ortiqcha bo‘lgan oltin tanglar “avtomatik ravishda” jamg‘armaga yo‘naltirildi, muomalada qo‘shimcha to‘lov vositasiga ehtiyoj tug‘ilganda ular jamg‘armadan muomalaga qaytariladi. Oltin tanga standarti sharoitida mamlakatda pul tizimini tashkil etish silliq va samarali tarzda amalga oshirildi, biroq kishilarning tovar moddiy qiymatlarga bo‘lgan talabining hajmi iqtisodiyotdagi mavjud oltin zaxiralari hajmidan sezilarli darajada ortib bordi, shuningdek, oltin tanga standarti sharoitida Markaziy banklarda ma’lum darajadagi oltin zaxiralarini shakllantirish zaruriyatini keltirib chiqardi.
Oltin tanga standartining asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat edi:
– oltin tangalarni qat’iy o‘rnatilgan qiymatlarda erkin ravishda zarb etish;
– o‘zining qiymatini oltinda ifoda etadigan pullarni maydalash;
– oltinning mamlakatlar o‘rtasida erkin ayirboshlanuvi;
– oltin pulning barcha funktsiyalarini bajarishi. Birinchi jahon urushi juda katta miqdordagi moliyaviy xarajatlarni vujudga kelishiga sabab bo‘ldi, buning natijasida hukumat byudjet taqchilligini qoplash maqsadida muomalaga qog‘oz pullarni emissiya qildi. Bu o‘z navbatida birinchi jahon urushida ishtirok etgan barcha mamlakatlarda (AQShdan tashqari) oltinni qog‘oz pullarga almashtirish va xorijga olib chiqib ketish qonunan ta’qiqilab qo‘yildi. Birinchi jahon urushidan keyin, birorta mamlakat oltin tanga standartiga qaytish imkoniyatini qila olmadi. 1920 yillarda qator mamlakatlarda oltin quyma standarti joriy etildi.
Oltin quyma standarti sharoitida banknotalar davlat tomonidan o‘rnatilgan summada oltin quymalarga ayirboshlanadi, oltin quyma standarti sharoitida muomalada oltin tangalarning to‘lov vositasi sifatida harakati va erkin zarb qilinishi amal qilmaydi. Oltin quyma standartlari asosan oltin zaxiralariga boy bo‘lgan AQSh, Angliya, Frantsiya va Yaponiyada hukm surdi. Unga ko‘ra muomalaga oltin tangalarning erkin zarb qilinishi barham topib, pullarni oltinga almashtirish quyilmalarning qiymati asosida chegaralanib qo‘yildi.
Masalan, Buyuk Britaniyada bir oltin quyilmasi 12,4 kg.ga to‘g‘ri kelar edi. Ushbu quyilmani olish uchun 1700 funt sterling zarur edi. Frantsiyada bir quyilma 12,7 kg bo‘lib, ushbu quyilma 215 ming franka baholanar edi. Katta miqdorda oltin zaxiralariga ega bo‘lmagan mamlakatlarda (Avstraliya, Germaniya, Daniya, Norvegiya va boshqalar) oltin deviz standarti amal qilar edi. Oltin deviz standarti joriy etilgan mamlakatlarda milliy valyutalar devizlarga, ya’ni oltinga erkin almashadigan chet el valyutalariga ayirboshlanishi joriy etildi. Buning natijasida bir mamlakatning ikkinchi mamlakatga valyutaviy bog‘liqligi vujudga keldi. 1929 – 1933 yillarda yuz bergan butunjahon iqtisodiy inqirozi natijasida oltin monometallizmining barcha shakllari amal qilish faoliyatini to‘xtatdi, AQSh dollarining oltinga nisbatan pariteti saqqlanib qoldi. 1930 yillardan boshlab xalqaro va mahalliy hisob – kitoblarda qog‘oz – kredit pul tizimi faoliyat yurita boshladi. Ushbu tizimning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat edi: – oltinning umumekvivalent sifatida muomaladagi harakati to‘xtatildi, bankotlarning oltinga ayirboshlanishi va maydalanishi barham topdi, oltin ichki va tashqi oborotdan chiqib zaxira sifatida saqlanadigan bo‘ldi; – banklarning kredit operatsiyalari asosida muomalaga naqd va naqdsiz pul belgilari chiqarildi; – pul oborotining asosiy ulushini naqd pulsiz hisob – kitoblar egallay boshladi; – davlat tomonidan pul muomalasini tartibga solish kuchaytirildi, iqtisodiyotda pul muomalasini tartibga solishning instrumentlari ishlab chiqildi.
Qog‘oz – kredit pullar tizimi. Qog‘oz – kredit pullar tizimining evolyutsion rivojlanishi, iqtisodiyotning globallashuvi va xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi sharoitida pul oborotini vaqtdan va moliyaviy jihatdan yanada tejamliroq bo‘lishini, shuningdek, uni samaraliroq ishlashini ta’minlamoqda. Agar dastlabki qog‘oz pullar taxminan X asrning oxiri XI asrning boshlarida muomalaga chiqarila boshlangan bo‘lsa, 1930 yillarning oxiriga kelib ular qatorida kredit pullari to‘lov hisob – kitob va pul aylanmalarini amalga oshirishda ishtirok eta boshladi.
Bu o‘z navbatida iqtisodiyotda pul – kredit siyosatini amalga oshirish va pul muomalasini tashkil etishga ijobiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Iqtisodiyotning rivojlangan hozirgi davrida pulning asosiy turlari banklarning kredit biletlari (banknotlar), tangalar, pul cheklari, elektron–plastik kartochkalar, hisob raqamlarda yozuvda aks ettirilgan pullar hisoblanadi.
Muomalaga pullarni emissiya qilish Markaziy bankka yuklatilgan. Markaziy bank «banklarning banki» sifatida kredit resurslarini shakllantirish va ushbu resurslarni naqd va naqd pulsiz ko‘rinishida muomalaga chiqarishi mumkin. Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan naqd pullar uning majburiyati bo‘lib, tijorat banklari ushbu pullarni muomalada aylanishini ta’minlaydi. Tijorat banklari qog‘oz – kredit pullarni Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag‘idagi mablag‘lari doirasida ishlatishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |