3. Nomoddiy aktivlar kirimini hisobga olish va ularni baholash xamda ularni balansdan chiqarilishi hisobi.
Nomoddiy aktivlar kirimi hisobi buxgalteriya hisobida belgilangan tartibda buxgalteriya birlamchi, yig‘ma va hisob registrlarida aks ettiriladi. Jumladan:
nomoddiy aktivlar tashkilot tomonidan yaratilaganda nomoddiy aktivni barpo etish to‘g‘risida shartnoma, ob’ektni barpo etishga ketgan xarajatlarni tasdiqlovchi xujjatlar, ob’ektni kirim qilib olish to‘g‘risidagi dalolatnoma;
Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha ob’ektni sotib olishda xuquqlar berilganligi to‘g‘risida shartnoma, amalga oshirilgan to‘lovlarni tasdiqlovchi xujjatlar, qabul qilib olish dalolatnomasi;
Beg‘araz kelib tushishi bo‘yicha xuquqlar berilganligi to‘g‘risida shartnoma, qabul qilish dalolatnomasi, baxolash dalolatnomasi.
Ortiqcha (hisobga olinmagan) nomoddiy aktivlar ob’ektlarini aniqlash bo‘yicha inventarizatsiya dalolatnomasi.
Nomoddiy aktivlar kirimi bilan bog‘liq xarajatlar xar bir inventar ob’ekt bo‘yicha jamlanma qaydnoma tuzilib buxgalteriya ma’lumotnomasi asosida AV-6 shakldagi inventar kartochka ochiladi, buxgalteriya yozuvlari berilib 6-memorial order yoki 274-son shakldagi memorial order , memorial orderga asosan 308-son shakldagi bosh jurnal kitobi va hisobot shakllariga tushiriladi.
Nomoddiy aktivlar foydalanishga yaroqsiz holga kelguniga qadar hisobda aks ettiriladi. Foydalanishga yaroqsiz holga kelgan nomoddiy aktivlar belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
Nomoddiy aktivlar quyidagilar natijasida tashkilot balansidan hisobdan chiqariladi:
-tugatish;
-sotish;
-beg‘araz berish;
-kamomad yoki yo‘qotishning aniqlanishi;
-qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollar.
Nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarilishi bilan bog‘liq operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun quyidagi xujjatlar rasmiylashtiriladi:
tugatish bo‘yicha amal qilish muddati tugaganligi tufayli hisobdan chiqarilganda – hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi dalolatnoma;
- sotish bo‘yicha – shartnoma, xaq olinganligini tasdiqlovchi to‘lov xujjatlari, chiqib ketish to‘g‘risida dalolatnoma;
- beg‘araz berilish bo‘yicha - chiqib ketish to‘g‘risida dalolatnoma;
- kamomad yoki yo‘qotishning aniqlanishi bo‘yicha – inventarizatsiya dalolatnomasi.
Haq evaziga xarid qilingan nomoddiy aktiv boshlang‘ich (haqiqiy) qiymati bo‘yicha baholanadi va hisobga olinadi. Boshlang‘ich qiymatning o‘zgarishiga faqat nomoddiy aktivlar qayta baholangan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Nomoddiy aktivlarning tahliliy hisobi nomoddiy aktivlarning har bir turi bo‘yicha ochiladigan tegishli shaxsiy hisobvaraqlarda yuritiladi.
Chet el valyutasida xarid qilingan nomoddiy aktivlar balansda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish sanasidagi Markaziy banki kursi bo‘yicha milliy valyutada aks ettiriladi va chet el valyutasi kursining o‘zgarishi munosabati bilan qayta baholanmaydi.
Bank ichida yaratilgan nomoddiy aktiv balansda haqiqiy tannarxi bo‘yicha aks ettiriladi.
Tekinga olingan nomoddiy aktivlar dastlab balansda real (haqqoniy) qiymati bo‘yicha aks ettiriladi. Tekinga olingan asosiy vositalarning qiymati baholovchi tashkilot tomonidan yoki aktivlarni qabul qilish-topshirish hujjatlaridagi ma’lumotlar asosida belgilanadi.
Nomoddiy aktivlar qiymatini to‘liq yoki qisman oldindan to‘lash quyidagi buxgalteriya yozuvlari bilan rasmiylashtiriladi:
Dt 19909 «Tovar-moddiy qimmatliklari uchun to‘langan mablag‘lar»
Kt bankning vakillik hisobvarag‘i yoki mijozning hisobvarag‘i
Aktiv kelib tushgan paytda:
Dt 16601 «Nomoddiy aktivlar»
Kt 19909 «Tovar-moddiy qimmatliklari uchun to‘langan mablag‘lar»
Agar bank nomoddiy aktivlar kelib tushgandan keyin to‘lovni amalga oshirsa, quyidagi buxgalteriya o‘tkazmalari bajariladi:
1) Nomoddiy aktivlar kelib tushganda ularni balansda aks ettirish:
Dt 16601 «Nomoddiy aktivlar»
Kt 29802 «Ko‘rsatilgan xizmatlar va tovar-moddiy qimmatliklari uchun to‘lanadigan mablag‘lar hisob-kitobi»
2) Aktivlar qiymati to‘langanda:
Dt 29802 «Ko‘rsatilgan xizmatlar va tovar-moddiy qimmatliklari uchun to‘lanadigan mablag‘lar hisob-kitobi»
Kt Bankning vakillik hisobvarag‘i yoki mijozning hisobvarag‘i
Nomoddiy aktivlar bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar, aktivga dastlab hisob-kitob qilingan me’yorlardan yuqori bo‘lgan kelgusidagi iqtisodiy foydani yaratish imkonini bergan taqdirdagina nomoddiy aktivlarning boshlang‘ich (haqiqiy) qiymatiga qo‘shiladi. Boshqa barcha keyingi xarajatlar ular amalga oshirilgan davrdagi xarajatlarga olib boriladi.
Nomoddiy aktivga u sotib olingan yoki yaratilgandan so‘ng qilingan keyingi xarajatlar, agar ushbu xarajatlar aktivning dastlabki baholangan me’yoriy ko‘rsatkichlarini saqlab turish uchun talab qilinsa, joriy xarajat sifatida tan olinadi.
Nomoddiy aktivlar tekinga olinganda tekinga olingan nomoddiy aktivlarning real qiymatiga quyidagi buxgalteriya o‘tkazmasi rasmiylashtiriladi:
Dt 16601 «Nomoddiy aktivlar»
Kt 30905 «Tekinga olingan mulklar»
Bank ichida yaratiladigan nomoddiy aktivlarning sifati nomoddiy aktivni tan olish mezonlariga javob berishi lozim.
Ishlab chiqish natijasida yuzaga kelgan nomoddiy aktiv bank quyidagilarning barchasini namoyish qilishi mumkin bo‘lgandagina tan olinadi:
a) nomoddiy aktivni texnik jihatdan tugatilishi shunday amalga oshirilishi kerakki, u foydalanish yoki sotish imkoni bo‘lishi kerak;
b) nomoddiy aktivni tugatish bo‘yicha o‘z maqsadi, uni ishlatish yoki sotish imkoniyatini;
v) nomoddiy aktivni kelgusi iqtisodiy foydalarni yaratish qobiliyatini. Bank keyinchalik nomoddiy aktiv natijalari yoki nomoddiy aktivning o‘zi uchun bozorning mavjudligini namoyish qilishi lozim. Agar uni bank ichida foydalanish mo‘ljallansa, nomoddiy aktivning foydaliligi baholanishi lozim;
g) ishlab chiqishni tugatish hamda aktivni ishlatish yoki sotish uchun etarli bo‘lgan texnik, moliyaviy va boshqa resurslarga ega bo‘lish;
d) nomoddiy aktivni ishlab chiqish jarayonida unga tegishli bo‘lgan xarajatlarni ishonchli baholash imkoniyati.
Bank ichida yaratilgan nomoddiy aktivning tannarxi aktivdan maqsadga muvofiq foydalanish uchun uni yaratish va tayyorlashga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borilishi mumkin bo‘lgan barcha xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Tannarxga quyidagi xarajatlar kiritiladi:
1) nomoddiy aktivni yaratishda xarid qilingan yoki foydalanilgan material va xizmatlar xarajatlari;
2) aktivni yaratishda bevosita band bo‘lgan xodimlarning ish haqi va ularga qilingan boshqa xarajatlar;
3) aktivni yaratish uchun foydalanilgan yuridik huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun boj to‘lovi va patent va litsenziyalar amortizatsiyasi kabi yaratilayotgan aktivga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib boriladigan har qanday xarajatlar;
4) aktivni yaratish uchun zarur bo‘lgan va aktivga olib borilishi mumkin bo‘lgan ustama xarajatlar.
Quyidagi xarajatlar bank ichida yaratilgan nomoddiy aktiv tannarxining tarkibiy qismini tashkil qilmaydi:
1) savdo, ma’muriy va boshqa umumiy ustama xarajatlar, aktivni foydalanishga tayyorlashga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borilishi mumkin bo‘lgan xarajatlardan tashqari;
2) aktivdan foydalanish uchun xodimlarni tayyorlash xarajatlari.
Nomoddiy aktiv hisobda boshlang‘ich qiymati bo‘yicha aks ettirilgandan so‘ng qayta baholash sanasidagi bozor qiymati bo‘yicha qayta baholanadi va qayta baholangan (tiklash) qiymati bo‘yicha hisobga olinadi, basharti bozor qiymatini aniq aniqlash mumkin bo‘lsa.
Nomoddiy aktivning bozor qiymatini nomoddiy aktivning ushbu turi bo‘yicha faol ikkilamchi bozor narxlari asosida belgilash mumkin. Balans hisobotini tuzish sanasida balans qiymati bozor qiymatidan katta farq qilmasligi uchun qayta baholashni etarli darajadagi muntazamlikda amalga oshirish lozim.
Qayta baholangan nomoddiy aktiv uchun mazkur paytda ikkilamchi bozor mavjud bo‘lmagan taqdirda aktivning balans qiymati sifatida uning oxirgi qayta baholash sanasidagi qayta baholangan qiymati olinishi lozim, basharti bu balans qiymat ushbu aktivning tiklash qiymatidan oshmasa.
Qayta baholashni o‘tkazishda to‘liq tiklash qiymati nomoddiy aktivlar qiymatini baholanayotgan aynan o‘xshash bo‘lgan yangi ob’ektlarning qayta baholash sanasida shakllangan, hujjatlar asosida tasdiqlangan bozor narxlari bo‘yicha bevosita qayta hisoblash yo‘li bilan aniqlanadi.
Bevosita qayta baholash usuli qo‘llanilganda nomoddiy aktivlarning to‘liq tiklanish qiymatini hujjatlar asosida tasdiqlash uchun bankning xohishiga ko‘ra quyidagilardan foydalanilishi mumkin:
1) ishlab chiquvchi firmalar va ularning rasmiy dilerlaridan yozma shaklda olingan xuddi shunday aktivga doir narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
2) qayta baholashni o‘tkazish sanasiga va nomoddiy aktivlarni xarid qilish sanasiga Markiziy bank kurslarining nisbati sifatida belgilanadigan hisob-kitob koeffitsientini qo‘llagan holda xarid qilish sanasiga EAVda aktivlarning qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganida);
3) qayta baholashni o‘tkazish davrida ommaviy axborot vositalari va maxsus adabiyotlarda e’lon qilingan narxlar darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
4) aktiv qiymati to‘g‘risida baholovchi tashkilotning hisoboti.
Qayta baholashdan so‘ng aktivlarning haqqoniy qiymati ularning balans qiymati va yig‘ilgan eskirishi bilan taqqoslanadi va farq summasiga tegishli buxgalteriya yozuvlari amalga oshiriladi.
1) Agar aktivning qayta baholangan qiymati uning balans qiymatidan oshsa, bu oshish 30908 — «Boshlang‘ich qiymatiga nisbatan qayta baholangandagi qo‘shimcha qiymat» hisobvarag‘ida quyidagi buxgalteriya yozuvi bilan aks ettiriladi:
a) Dt 16601 «Nomoddiy aktivlar»;
Kt 30908 «Boshlang‘ich qiymatiga nisbatan qayta baholangandagi qo‘shimcha qiymat»;
b) qayta baholashdan oldin va undan keyingi yig‘ilgan eskirish summalari o‘rtasidagi farqqa:
Dt 30908 «Boshlang‘ich qiymatiga nisbatan qayta baholangandagi qo‘shimcha qiymat»;
Kt 16605 «Nomoddiy aktivlarning yig‘ilgan amortizatsiyasi (kontr-aktiv)».
2) qayta baholash natijasida nomoddiy aktivlar qiymatining ko‘payish summasi ilgari xarajat sifatida tan olingan ushbu aktiv qiymatining kamayish summasini qoplashi darajasidagina daromad sifatida tan olinishi lozim.
3) Agar aktivning qayta baholangan qiymati balans qiymatidan kam bo‘lsa, aktiv summasi kamayadi va bu kamayish quyidagi buxgalteriya yozuvi bilan rasmiylashtiriladi:
a) qayta baholashdan oldin va undan keyingi yig‘ilgan eskirish summalari o‘rtasidagi farqqa:
Dt 16605 «Nomoddiy aktivlarning yig‘ilgan amortizatsiyasi (kontr-aktiv)»;
Kt 30908 «Boshlang‘ich qiymatiga nisbatan qayta baholangandagi qo‘shimcha qiymat»;
b) qayta baholash natijasida aniqlangan aktiv qiymatining kamayish summasiga:
Dt 30908 «Boshlang‘ich qiymatiga nisbatan qayta baholangandagi qo‘shimcha qiymat» (oldingi ko‘payish chegarasida);
Kt 16601 «Nomoddiy aktivlar».
4) Agar 30908 — hisobvaraq qoldig‘i (aynan ushbu toifadagi nomoddiy aktivlarga tegishli bo‘lgan) etarli bo‘lmasa, qayta baholangan aktiv qiymatining qo‘shimcha kamayishi quyidagi tarzda aks ettiriladi:
Dt 55995 — «Boshqa foizsiz xarajatlar»;
Kt 16601 «Nomoddiy aktivlar».
Yuqorida keltirilgan o‘tkazmalardan so‘ng nomoddiy aktivlar hisobvarag‘idagi yangi qoldiq aktivning qolgan hisoblangan xizmat muddati mobaynida mazkur Yo‘riqnomaning VI bo‘limiga muvofiq amortizatsiya qilinadi.
30908 — «Boshlang‘ich qiymatiga nisbatan qayta baholangandagi qo‘shimcha qiymat» hisobvarag‘iga kiritilgan qayta baholashning musbat natijasi har oyda 31203 — «Taqsimlanmagan foyda (aktiv-passiv)» hisobvarag‘iga bevosita hisobdan chiqariladi. Bunda quyidagi buxgalteriya o‘tkazmasi amalga oshiriladi:
Dt 30908 — «Boshlang‘ich qiymatiga nisbatan qayta baholangandagi qo‘shimcha qiymat»;
Kt 31203 — «Taqsimlanmagan foyda (aktiv-passiv)»;
Ushbu holda qayta baholash musbat natijasining har oyda hisobdan chiqariladigan summasi tegishli aktiv tiklash qiymatining eskirish summasi va boshlang‘ich qiymatining eskirish summasi o‘rtasidagi farqqa teng. 30908 — hisobvaraqdagi qayta baholash natijasi tegishli aktiv hisobdan chiqarilganda to‘lig‘icha kiritilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |