AL va KHK darsligidan(A. Rafiyev):
Tafakkur va til bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ijtimoiy hodisalardir. Inson nutqi, til vositalari bo‘lmasa, fikrlash ham bo‘lishi gumon. Tafakkur va til aynan bir xil hodisa emas. Tafakkur zohiriy olamning inson miyasida umumlashgan, til bilan ifodalanadigan in’ikosi. Til esa fikrni ifodalash usuli, uni qayd etib boshqa kishilarga, avlodlarga yetkazish vositasi. Boshqacha aytganda, til – tafakkurning borliq shakli.
Til milliy madaniyatning shakli sifatida tafakkurning mevalari va ma’naviy boyliklarini zamon va makonda abadiylashtiradi. Ular doimo bir-birini taqozo qiladi, bir-birining yashashi va rivojlanishiga yordam beradi.
Tafakkur faqat insonlarga xosdir. U kishining mehnat va nutq faoliyati bilan bog‘liq holda mavjud. Inson tafakkuri nutq bilan yuzaga chiqadi va uning natijalari tilda qayd etiladi. Demak, tafakkur jarayonining natijasi hamisha biror-bir fikrdan iborat bo‘lib, bu fikr tushuncha, hukm, xulosa tarzida til vositasida namoyon bo‘ladi. Til fikrni reallashtiradi, kishilarning fikr almashishlariga imkon tug‘diradi. Inson faoliyatida til borliqni bilish va fikr almashish vositasi vazifasini bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |