Tovushlarning bunday belgilari vazifaviy belgisi sanaladi va u faqat inson tovushlarigagina xos belgi hisoblanadi.
Demak, yuqorida sanalgan belgilardan birinchisi tabiiy tovushlarga ham, inson tovushlariga ham xos belgi bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi belgilar faqat inson tovushlarigagina xosdir. Shunday qilib, nutq tovushlarining uch tomoni mavjud: a) akustik; b) talaffuz (fiziologiya); d) vazifaviy tomonlari. Har qaysi nutq tovushini tavsif qilishda ana shu uch tomon e’tiborga olinadi.
Masalan, k tovushi til o‘rtasining yuqori tanglayga tegishi va o‘pkadan chiqayotgan havoning bu to‘siqdan portlab chiqishi natijasida hosil bo‘ladi. Bu tovushning nutq a’zolarining qayerida va qanday yo‘1 bilan hosil bo‘lishi talaffuz (fiziologik) tomoni sanaladi.
Uning sof shovqindan iborat ekanligi, jarangsizligi akustik belgisi, k ning g dan va boshqa tovushlardan farqlanishi esa vazifaviy belgisi hisoblanadi. Tilshunoslik fani uchun vazifaviy tomoni muhim sanaladi. Shuning uchun vazifaviy belgi lingvistik (tilshunoslik) belgi deb ham yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |