SON
Ona tili (5-sinf)
Qancha?, necha?, nechanchi? so‘roqlariga javob bo‘lib, narsalarning son-sanog‘i va tartibini bildirgan so‘zlarga son deyiladi. Sonlar ikkiga bo‘linadi: 1) miqdor sonlar, 2) tartib sonlar. Qancha?, necha? so‘roqlarga javob bo‘lgan sonlar miqdor sonlar, nechanchi? so‘rog‘iga javob bo‘lgan sonlar tartib sonlar hisoblanadi.
Son gapda otga bog‘lansa, aniqlovchi, fe’lga bog‘lansa hol, gapning oxirida kelsa kesim vazifasini bajaradi. Masalan: Sinfimizda yigirma besh o‘quvchi bor. U olmadan beshta oldi. O‘nning yarmi besh.
Ikki, olti, yetti, sonlariga jamlikni bildiruvchi -ov, -ala qo‘shimchalari qo‘shilganda, o‘zak oxiridagi i unlisi tushib qoladi: Ikkala, oltov, yettov. Tartib sonlar raqam bilan yozilganda -nchi, -inchi qo‘shimchalari o‘rniga chiziqcha qo‘yiladi: 2002-yil, 22-dekabr, 5-sinf, 3-qavat. Tartib sonlar rim raqamlari bilan yozilganda bu qo‘shimchalar o‘rniga chiziqcha qo‘yilmaydi: IX sinf, XXI asr. Bir so‘ziga -ta qo‘shimchasi qo‘shilsa, bitta deb aytiladi va yoziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |