Tabiatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonunni buzganligi uchun huquqiy javobgarlik. Tabiatni muhofaza qilish huquqiy javobgarligi – bu huquqiy javobgarlikning tarkibiy qismi bo`lib, huquqiy javobgarlik uchun mansub barcha shakllar, usullar va shartlar ham unga xosdir. Shuning bilan birga uning o`ziga xos jihatlari ham mavjud.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga doir qonunni buzganlik uchun huquqiy javobgarlik quyidagi holatlarda amal qiladi:
- tabiat qo`riqxona fondi hududlari va ob`yektlaridan o`z o`rnida foydalanmaslikda, muhofaza etiladigan hududlarni barpo etish va ularning ishini yo`lga qo`yish loyihalari talablari buzilganda;
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ularning muhofaza etiladigan chegaralari doirasida man etilgan xo`jalik faoliyati bilan shug`ullanganda;
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ob`yektlari va muhofaza etiladigan chegaralarida oldindan ekologik ekspertiza o`tkazmay turib yoki bunday ekspertiza xulosalarini buzganda xo`jalik faoliyati yo`lga qo`yilganda;
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda faoliyatlarning ekologik oqibatlari va boshqa zararli ta`sirlarning oldini olish va ularni bartaraf etish choralari ko`rilganda;
- tabiatni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirayotgan idoralarning ko`rsatmalari bajarilmaganda;
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barpo etish to`g`risidagi iltimosnomalarni qarab chiqish muddatlari va tartibi buzilganda;
- muhofaza etiladigan hududlardan foydalanish tartiblari buzilganda; tabiiy boyliklardan o`zboshimchalik bilan foydalanishda, davlat ekologiya ekspertizasi talablarini bajarilmaganda, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanishda ashyoviy, fizik, biologik va boshqa ta`sirlar yo`l qo`yiladigan me`yordan oshib ketganda, bunday hududlarni istifoda etish uchun berilgan ruxsatnomalarning talablari buzilganda;
- muhofaza etiladigan tabiiy ob`yektlarning tabiiy majmualari hamda ularning tarkibiga kiritishni mo`ljallab asrab qo`yilgan joylar buzilganda ularga shikast yetkazilganda yoki ular yo`q qilinganda;
- muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning chegarasi o`zboshimchalik bilan o`zgartirilganda, bunday hududlarni o`z bilganicha boshqa ehtiyojlar uchun ajratib berganlikda aybdor bo`lgan shaxslar ma`muriy, jinoiy, moddiy va javobgarlikka tortiladilar.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga doir qonunni buzgaligi uchun quyidagi ma`muriy javobgarlik turlari qo`llaniladi:
1. jarima solish;
2. ma`muriy tartibni buzishga sababchi bo`lgan qurollarni olib ko`yish;
3. Qonunga xilof ravishda ma`muriy tartib buzish sababchisi bo`lgan qurollarni musodara qilish;
4. ma`muriy qamoqqa olish.
O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 8-bobida javobgarlik turlari aniq ko`rsatilib berilgan. 82-moddada shunday deyiladi: Davlat qo`riqxonasi tartibini buzish fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan ush baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha jarima solishga sabab bo`ladi.
74-moddada suvdan foydalanish qoidalarini buzish – fuqarolarga eng kam ish haqining 3/1 qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – bir baravaridan uch baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi deb yozib qo`yilgan. Yer osti boyliklaridan foydalanish talablarini buzish fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi. Tabiatni muhofaza qilishda intizomiy javobgarlik ham qo`llaniladi. Bunda aybdor xulqida noo`rin hatti-harakat mavjudligi inobatga olinadi.
Tabiatni muhofaza qilish to`g`risidagi qonunni buzganlik uchun intizomiy, ma`muriy, jinoiy, moddiy javobgarliklar quyidagi holatlarda sodir bo`ladi:
- davlatning tabiat manbalariga nisbatan egalik huquqi buzilganda;
- tabiiy boyliklardan o`zboshimchalik bilan foydalanilganda;
- davlat ekologiya ekspertizasi talablari bajarilmaganda;
- atrof muhitni ifloslagani uchun belgilangan haqni to`lashdan bosh tortganda;
- alohida muhofaza qilinadigan hududlar va ob`yektlarning huquqiy tartiboti buzilganda;
- atrof muhitga zararli ta`sirni hisobga olish qoidalari buzilganda:
- atrof muhit holati va uning resurslaridan foydalanish to`g`risida o`z vaqtida va to`g`ri axborot berishdan bosh tortganda.
Do'stlaringiz bilan baham: |